OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘afur G‘ulom. Kulgichilik to‘g‘risida (1928)

(«Mushtum»ning Farg‘onaga sayohati munosabati bilan)

Oshkoradirki, adabiyotning bir bo‘lagi bo‘lish sifati bilan kulgichilik ham o‘ziga alohida mavqega egadir. Oktyabrdan so‘ng nafis adabiyot maydonida bir talay yutuq va ilgarilashlarimiz bor. Maydonga chiqqan adabiy asarlar va ularning muharrirlarining ijod-iste’dodlari ustida oz bo‘lsa ham tanqid va taqriz, muhokamalarimiz bor; Yosh shoirlar, adiblarning tarbiyalari masalasida ham markaziy «Qizil qalam», Toshkent yosh proletar yozuvchilar to‘garagi kabi ijodiyot takomiliga bois bo‘ladigan o‘choqlarga egamiz.

Lekin kulgi adabiyoti to‘g‘risida hanuz maydonda na mulohaza, na tanqid, na muhokama, hatto kulgi yo‘li bilan kitob yo majmua shaklida yozilgan birorta asarga ega emasmiz. Bizdagi kulgichilik yarim unutilgan holda o‘smoqda. Kulgi adabiyoti to‘g‘roli hech kim, hech qachon birorta yangilik bilan maydonda ko‘rilmadi. Bizdagi kulgichilik gangragansimon, savq tabiiy shakldagina ko‘tarilmoqda.

Xalqda kulgichilikka tamoyil, uning hangoma sevishlari adabiyotning shu qismiga ham kerakli diqqat sarf qilinishiii talab etadi.

«Mushtum» jurnali, o‘z boshiga kuyunib, yuqoridagilar to‘g‘risida ishlamoqda. Yaqinda ul ishlarning serhosil bo‘lishiga sabab bo‘ladigan asosiy omillarni qidirib Farg‘onaga sayohat qilmoqchi.

Albatta, uning kuzatgan bir talay maqsadlari bor. Biz ham shularga qo‘shimcha tariqasida, tubandagi masalalarni ham unutmasligini so‘rar edik:

1. Eski meroslardan foydalanish

Shu choqqacha kulgichilikda ustodsiemiz. Har kim har yo‘l bilan, birov mazax, birov piching, birov safsata, birov askiya yo‘li bilan, o‘zi istagancha kuldirishga unnab keladi. Bizda kulgichilik yo‘llari ko‘p turlarga bo‘linadi. Ko‘p zilibam badialar, shirin latifalar yaratish qobiliyatiga ega bo‘lgan, eski ustodlar bor. Ular burchak-burchaklarda bir turkum kishilarning zavqigagina xizmat qiladilar. Shunday usta tashbeh bilan eshituvchilarini mot qiladigan, ularning husn tavajjuhlarini kasb etadigan kishilar bor. Biz ulardan foydalanish nari tursun, shaxslarini tanimaymiz ham. Ularning shifohi kulgichilikda bo‘lgan porom yo‘llarini ko‘pchilik o‘rtasiga tarqatish uchun ishlashimiz, yoshlarni ulardagi san’atga shogird qilishimiz kerak.

Bizda kuldirguvchilikka girih nazar bilan, xuddi hazilkashlikka qaraganday past nazar bilan qarash bor.

Ochiq aytish kerak, biz kulgi yaratuvchiligida xalqdan tubanmiz. Biz o‘rganaylik, nega choyxonada odamlar o‘rtasida «Mushtum» o‘qilsa, so‘zlardan kulguvchilar siyrak bo‘ladi-da, Yusufjon akaning qomati eshikdan ko‘rinar-ko‘rinmas hammaning labida iljayish boshlanadi? Nega Yusufjon akaning bir so‘zi bilan hamma qiyqos ichak uzildi bo‘ladi? Mana biz, kulgichilikda yoshlarimizga durust tarbiya bermak uchun, Yusufjon akaning so‘zidagi asosiy paytlarni o‘rganaylik. Bizning qishloqlarda, ayniqsa serchaqchaq Farg‘onaning alohida yerlarida bitta Yusufjon aka emas, undan kuchlirak bo‘lgan, ikki og‘iz so‘zi bilan Yusufjon akani lol qiladigan qariyalar, kulgichilar bor. Biz ularning kalta umrlik meroslarini o‘zimizga ko‘chiraylik.

2. O‘quvchilarni anglash

«Mushtum» o‘zining olti yillik davrida bir bor anketa va bir bor Toshkentda o‘tkazilgan «Mushtum» kechasi orqali o‘z o‘quvchilarining kulgichilikka bo‘lgan rag‘batlarining miqdorini, «Mushtum»da bo‘lgan yetishmovchiliklarni, qaysi yo‘l, qaysi uklonda kulgichilikni taraqqiy qildirishni anglamoqchi bo‘ldi. Faqat bular kuzatilgan maqsad uchun kerakli me’yorda natija bermasligi tabiiy edi. Negakim, anketalar orqali tugal fikr olib bo‘lmaydi. «Mushtum» kechasi faqat Toshkentda bo‘lganidan boshqa okrug, boshqa rayonlar bundan foydalanmaydi.

«Mushtum» o‘z ravnaqi uchun keng ko‘pchilik o‘rtasidan ma’qul fikrlar to‘plashi, mahallalarda bo‘lgan o‘quvchilarining talablarini payqashi lozim. Shu asosda Farg‘onaga qilinadigan yurish olqishlanarli.

3. Yosh kuchlarni to‘plash

Bizda ko‘p yosh kuchlar, iste’dod egalari biqinib yotadilar. Ularni bir yerga uyushtirish masalasi hali qo‘zg‘alguncha yo‘q. Farg‘ona choyxonalaridagi, majlislaridagi keksalarga so‘z bermay chandib o‘ltiradigan yoshlarni ham unutmaylik. Ko‘pgina devoriy gazeta va okrug gazetalari atrofida uymalanishib qolgan kuldirguvchi yoshlar bor. Ularning «Mushtum»ga qatnashmasliklariga, o‘z ijod quvvatlarini ommalashtirishga iymanishlariga sad bo‘lgan sabablarni o‘rganaylik. Biz ularni ko‘raylik, tarbiyalari masalasida bosh qotiraylik. Tokaygacha bir turkum yozuvchilarga suyanib qola beramiz!

4. Biz kimdan kulaylik?

Boya aytganimday, shu choqqacha har kim qulay kelgan yo‘l bilan, uchragan kishining ustidan kulib keldi. Bizda eng ko‘p boylar, eshonlar, mullalar ustidan kulindi. Qachon qaralsa, bitta eshonning yo bitta domlaning xususiy qilig‘i, sallasi, kallasi — bizga mavzu: axir bu o‘quvchilarni zeriktiradi. Hadeb, 3-4 ta tip ustidan kula bersak, bizdagi boshqa kuladigan yoqlarimiz esdan chiqadi.

Biz alohida shaxslar ustidan ham kulmaylik. Alohida shaxslarni o‘z atroflaridagilardan boshqalar tanimaydigan bo‘lgandan, keng o‘quvchilar uchun buning foydasi yo‘q. O‘quvchilarimizning lablarini tirjaytirish o‘rniga, ensalarini qotirib, peshonalarini tirishtirmaylik. Bizning turmushimizda juda ko‘p kuladigan yoqlar bor. Bu kulgilarimizni ommalashtirib, ommaning o‘rtoq masalalari ustida kulaylik. Kerak bo‘lar ekan, boyagiday ayrim kishilarni misolga olaylik.

O‘z-o‘zini tanqid shiori ostida, bizning har ko‘rgan kamchiliklarimizdan istagancha achchiq tanqidlar bilan kulishimizga imkoniyat bor. Keng jamoatning o‘rtoq masalalari ustida kulgandagina go‘ngalagimizning g‘o‘lagi pakkaga tekkan hisoblanadi.

«Mushtum» redaktsiyasining Farg‘onaga yurishi ham kulgichilikni ishchi-dehqon ko‘pchiligining manfaatdor masalalariga ko‘chirishda uyg‘un maslahat.

5. Okrug gazetalaridagi kulgi bo‘limlari haqida

Okrug gazetalaridagi kulgi bo‘limlari, «Yangi Farg‘ona» gazetasini yarim mustasno qilganda, juda zaif, ularni tuzatish kerak yoki kulgichilikni masxaraga qo‘ymaylik.

6. Yozish yo‘llari to‘g‘risida

Ochiq gap shulki, bizda kulgi asar yozuvchilik yo‘li, boshlang‘ich yo‘ldan — «Mushtum» chiqa boshlagan paytlardagi ibtidoiy yo‘ldan uncha nariga borgani yo‘q. Kulgi asar yozganda so‘z kuldirsinmi, mazmun kuldirsinmi? Bizning yozgan narsalarimiz shu choqqacha so‘z bilan kuldirish shablonligida qolib keladi. Ilgarigi Kalvak maxzum o‘rniga Mavlaviy Po‘stun, Toshpo‘lat tajang o‘rniga ismi o‘zgargan yana boshqalari. Bularning hech qaysisida mazmun kuldiruvchiligiga tamoyil yo‘q. Barisi ham so‘z bilan kuldirishga zo‘rma-zo‘raki unnaydi. Kalvak maxzum: «Alqissa padar marhum farzand noqobillarining bu kirdi-koridon», degan bo‘lsa, Mavlaviy Po‘stun: «Aslo abiyoxim muypirga navishta qilgan erdim», deydir. Umuman aytganda, bularning hammasida ham mazmun puch. So‘zlarning g‘alizligi, ma’lum fe’l, odatlarning oldinma-ketin, «kitobiy», «chapani» qilib aytilishi bilan kuldirmakchi bo‘ladilar. O‘quvchilar albatta bu tarz uslubdan zerikkandirlar. Endi biz kulgini mazmunga ko‘chiraylik.

Rus kulgi adabiyotidan o‘rnak olaylik. Masalan, Mixail Zoshchenko, Arkadiy Averchenko va boshqalari, hech vaqt so‘z bilan kuldirmaydilar. Ularning yozgan asarlarini o‘qib, tamom qilganingizda ham bironta kulgili so‘zni topolmaysiz. Faqat mag‘zini chaqib, mazmunini chaynab ko‘rganingizda o‘zingizdan-o‘zingiz allavaqtlargacha nash’alanib kulib yurasiz. Oxir bizda ham kulgichilik yo‘li — shakli, faqat so‘z bilan kuldirishning o‘zginasi emas-ku!

Kulgi she’rlar to‘g‘risida ham bizda bir talay muvozanatsizlik bor. Kulgi shoirlarimiz she’rlarini aruz vaznida yozib, eski o‘zlashib qolgan qolip bilan yangi mazmun bermakchi bo‘ladilar. Olingan shakl, ayniqsa aruz qolipining torligi ifodaga gustohlik keltiradi. Vazn, qofiyaga rioya bo‘lsin, deb, hech lozim bo‘lmagan istilohlarni kirgizish, yozilgan narsada ijod egaligini yo‘qotib qofiyaga ifodani qurbon qilish bo‘ladi.

«Mushtum» so‘nggi choqlarda yosh yozuvchilarga tarbiya berish tilagida, rus kulgi yozuvchilaridan tarjimalar olib ma’qul qilayotibdi. Haligacha bizda kulgi hikoyachilik o‘z betini ko‘rsata olgani yo‘q. Tarjimalarning ham ko‘prak hikoyalar bo‘lishi matlub, lekin bu bilan chegaralanib qolmasin. Bizning yosh kulgi yozuvchilarimiz g‘arb adabiyotidagi kulgi tarz uslublarning barisi bilan ham tanishishlari lozim. Dostonmi, she’rmi, teatr asarlarimi, nima bo‘lsa bo‘lsin.

Hozircha bizning tilaklar shu. O‘rtoqlar bu masalaga qatnashsinlar. Kulgi badialarga kulibgina qo‘ya qolishlik ishlarning ilgarilashiga xalal keltirdi.

“Qizil O‘zbekiston”, 1928 yil, 2 dekabr

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.