Odatda katta iste’dod egalari hayotda ham yorqin shaxslar bo‘ladi. Men Oybek va G‘afur G‘ulom, Mirtemir va Shayxzoda kabi ulkan so‘z san’atkorlari suhbatida bo‘lib shunday e’tiqodga kelganman. Bu ustozlar kirib kelgan uylarda chiroq yoqilganday bo‘lar, o‘zgacha bir fayz qo‘shilar edi. Aminmanki, Hamid Olimjon, Usmon Nosirlar ham shunday farishtali odamlar bo‘lishgan.
Men ko‘pincha Usmon Nosirni ko‘rgan, hamsuhbat bo‘lgan kishilar bilan muloqatda bo‘lganimda shoirning shaxsiyatiga oid ma’lumotlar bilan qiziqaman. Usmon Nosirni ko‘rganlar uning mard va o‘ktam yigit bo‘lganini, shu bilan birga nozik ruhiyat egasi ekaniin ta’kidlaydilar. Qalbi keng, ko‘ngli ochiq, to‘g‘ri so‘z va jangari shoir yigitni ko‘p jihatdan rus shoiri Sergey Yeseninga o‘xshash ko‘raman. Usmon Nosir xuddi ulkan rus shoiri kabi olovli, isyonkor qalb egasi, she’riyat ufqida nogihon balqigan yorug‘ yulduz edi. U ham xuddi Yesenin kabi ijodda qiyin izlanish yo‘llarini o‘tdi, yosh qalbining minglab savollariga javob qidirdi. U ham yorug‘ dunyoni juda erta va bevaqt tark etdi. Yesenin kabi mushkul va chalkash davr girdobida halok bo‘ldi.
Usmon Nosir qisqa hayotida to‘rt she’riy kitob, bir doston, bir she’riy drama yozib qoldirdi. Pushkinning «Bog‘chasaroy fontani», Lermontovning «Demon» asarlarini o‘zbek tiliga yuksak mahorat bilan tarjima qildi. Bu kitoblar ichida ayniqsa shoirning «Yurak» va «Mehrim» deb atalgan ikki she’riy to‘plami Usmon Nosir ijodining qo‘sh cho‘qqisi hisoblanadi.
Yurak, sensan mening sozim, Tilimni nayga jo‘r etding. Ko‘zimga oyni berkitding, Yurak, sensan ishqibozim. Senga tor keldi bu ko‘krak, Sevinching toshdi qirg‘oqdan, Tilim charchar, ajib, gohi Seni tarjima kilmoqdan.Usmon Nosirning «Yurak», «Nil va Rim» kabi she’rlari, «Naxshon» dostoni o‘zbek she’riyati xazinasidan joy olgan. Shoir qilgan tarjimalar bu olijanob va mushkul san’atning yorqin namunalari sifatida ko‘p avlod tarjimonlar uchun mahorat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Usmon Nosir yosh shoirligida hayotni tark etdi. She’riyat ixlosmandlari tasavvurida u mangu yosh bo‘lib qoladi. Uning yosh shoirga xos ehtirosli, sodda, samimiy satrlari xalq qalbida uzoq yillar yashaydi.
1982