Bir kuni tanish bir rejissyorga ergashib qotma va qoracha bir yigit keldi. Rejissyor bilan suhbatimiz davomida bu yigit churq etmadi, qadimgi mullavachchalar singari qo‘lini qovushtirib o‘tirdi va rejissyor ketmoqchi bo‘lib o‘rnidan qo‘zg‘alganda menga tortinibroq bir dasta qog‘oz uzatib:
— Fursatingiz bo‘lganda ko‘rib berarsiz, — dedi.
Ellik sahifadan ortiqroq qo‘lyozmani ko‘z uzmay o‘qidim, yana o‘qib chiqdim. Avtorni qidirib topdim, uzoq gaplashib o‘tirdik. Yigit xiylagina mulla ekan. Hikoya bir oz tahrir bilan «Sharq yulduzi» jurnalida, keyin ruschaga tarjima qilinib, «Drujba narodov»da bosilib chiqdi.
Ko‘pgina yosh yozuvchilarimnz shu hikoyaning avtori Uchqun Nazarov singari talantining yolqini, katta madaniyati bilan oilamizga kirib, dillarii quvonch va iftixor tuyg‘usiga to‘ldirayotibdi.
Beixtiyor kechagi kun esga tushadi.
20—30-yillarda juda ko‘p kishi adabiyotga qadam ko‘ygan edi, ulardan chinakam iste’dod egalari adabiyotda mustahkam o‘rin ishg‘ol qildi. Bular adabiyotimizning dong‘ini chiqardi, bizda yo‘q janrlarni egalladi, tilimizni boyitdi. Pushkin, Tolstoy, Shekspir, Lope de Vega singari jahon gigantlarining asarlarini tarjima qilishga qodir va qobil qildi. Hozirgi oqsoqollarimiz bunyod etgan yangi adabiyotimiz ittifoq xalqlarining boyligi bo‘lib qoldi.
Biroq o‘sha vaqtlarda qo‘liga qalam olgan ko‘pgina odamlarning umumiy saviyasi past edi. Bular rus tilini bilmaganlari sababli rus va jahon klassiklaridan bahra olish imkoniyatidan mahrum edi. Lekin o‘qish-o‘rganish mashaqqatlariga tob bergan, qunt bilan madaniyatini oshirgan kishilar murodiga yetdi.
Kechagi kunni eslashdan maqsadim — yoshlarning o‘sishi, kamoloti, xalq madaniyatini taraqqiy qildirishi uchun nimalar va qanday imkoniyatlar muhayyo ekanini pisanda qilishdir.
Kishi shunga suyunadiki, adabiy yoshlarimiz zamonamizning talabini sezadi, adabiyotga uning yuksak ijtimoiy-estetik vazifasini idrok qilib, oliy maqsad uchun kurashda qo‘lidagi qurol ekanini anglab kiratyotipti.
Yoshlarning sarasi yoshligiga rioya talab qilmaydi, holbuki, ilgarilari yoshlikda yoshligiga, qariganida qarib qolganiga rioya talab qilib o‘tgan kishilar oz emas edi.
Yoshlarimizning ko‘pchiligi dastlabki asarlaridayoq zamonaviy fikr-tafakkur, olijanob haqgo‘ylik, mavqeining mas’uliyatini chuqur his qilganini, so‘z kompozitsiyasining zargari bo‘lishga intilayotganini ko‘rsatmoqda, hammadan muhimi, g‘oyaviy va badiiy mahoratga jilo berib, hayotning mag‘ziga kirishga, zamonaning muhim masalalariga qo‘l urushga tirishayotipti.
Erkin Vohidovning «Nido» poemasini olaylik. Poemaning lirik qahramoni — urush jafosini tortgan, fashizmga qarshi buyuk jangda halok bo‘lgan odam. Uning qalb sadosi million-million kishilarning nidosi — urushga nafrati, haqqoniy urushda halok bo‘lganlarning xotirasidir.
Abdulla Oripov «Temir odam» degan she’rida murakkab texnika siridan voqif bo‘lgan, lekin insonning quvonchi, g‘am-g‘ussasiga kelganda qulog‘i kar, tili lol bo‘lgan, yig‘lagan go‘dakning boshini silolmaydigan, onaga taskin-tasalli berolmaydigan odamlarga ta’na toshini otadi.
Husniddin Sharipov she’rlarida insonni, uning aqlini, mehnatini, ezgulik va adolatni kuylaydi, ulug‘laydi.
O‘lmas Umarbekov «Sevgim, sevgilim...» povestida odam bolasiga ishonch, odamlar qalbining sofligi to‘g‘risida zavq-shavq bilan gapiradi.
Talantli yoshlarimizning muvaffaqiyatlariga suyanganimiz holda, har nechuk bularning oldiga kattaroq talablar qo‘yishimiz kerak, deb o‘ylayman.
Yoshlarimizning o‘sishida katta xavf bo‘lmagan taqdirda ham xavotirlik tug‘dirayotgan narsa nima? Yuqorida zikr qilingan yoshlarni ko‘proq tilga olsam ham, men aytmoqchi bo‘lgan narsa ko‘p jihatdan hamma yosh yozuvchilarga taalluqlidir.
Ba’zi yosh yozuvchilarimiz birinchi muvaffaqiyatdan keyin imillab qolishayotipti.
Yozuvchi birinchi qadamini ilhom bilan qo‘yadi, ikkinchi qadamini qo‘ygani esa hali ilhom kelgani yo‘q, ilhomsiz qadam qo‘yilganda tizza qaltiraydi.
Ko‘ngilga tugib, boyitib yurilgan hayotiy tajriba sarf qilinib, yozilgan kitobga yaxshi taqriz chiqadi, avtor Yozuvchilar soyuziga qabul qilinadi. Shu xildagi yozuvchilar matbuotda ko‘rinib turishga urinib ba’zan ko‘p yozishadi, birinchi muvaffaqiyatning kayfi bilan mas’uliyatini unutib qo‘yishadi. Holbuki, «ko‘rinib turish» maqsadida yozilgan kitob avtorni ko‘rsatmaydi, balki ko‘rmaydi. Xayriyatki, bunday yozuvchilar bizda kamdan-kam uchraydi. Ikkinchi kitob hamma yoshlar uchun jiddiy sinovdir.
Hozir omadi gapni aytganda, Erkin Vohidov bilan Husniddin Sharipov o‘zlaridagi bor kuch-quvvatni to‘la ishga solishayotgani yo‘q. Yuqorida she’ri maqtov bilan tilga olingan Abdulla Oripovda o‘z talantiga mas’uliyatsiz qarash hollari sezilayotibdi. O‘lmas Umarbekovning birinchi yirik asari qo‘shiqday qalbidan otilib chiqqan edi, o‘zi yaxshi bilmagan geologlar hayotidan olib yozgan asari esa zo‘rma-zo‘raki, tasodifiy chiqib qoldi. Shukur Xolmirzaev birinchi asarida hayotning bir parchasini g‘oyat chiroyli bir tabassum bilan chizib bergan edi, keyingi bir asarida voqea qidirib qolgani sezilib turibdi. Uchqun Nazarov keyingi hikoyalarida birinchi hikoyasi darajasiga yaqin ham borolmayotibdi.
Zo‘rma-zo‘raki yozish, suvdan holva yasash, hayotiy voqealarni topolmay soxtagarchilikka berilish singari nuqsonlar xususan hikoyanavislarda ko‘proq ko‘rinyapti.
Ahvol shu xilda ketaversa, qulf urib o‘sayotgan bu yoshlar katta daraxtning to‘nkasida bitgan novdaga o‘xshab qolishi xavfi tug‘ilmasa go‘rga edi. Bu xavfni tanqidchilarimiz allaqachonlar sezib bong uryapti. Shu yoshlarning tengqurlari bo‘lgan tanqidchilardan Umarali Normatov bilan Norboy Xudoyberganovlar ham shu xavfni sezib, buning sababini qidiradi va yoshlarimizning bir zaylda qadam-baqadam olg‘a siljishlariga monelik qilayotgan illat, ularning jo‘shqin hayotdan chekkaroqda ekanliklari degan xulosaga keladi. Bu xulosaga qo‘shilmay iloj yo‘q. Haqiqatan, nazariy bilim yozuvchining eng yaxshi fazilatidir, lekin nazariy bilimni kundalik hayot bag‘rida, xalq hayotining qa’rida bevosita aql-idrok va mehnat bilan orttirish kerak. Haqgo‘y yozuvchi shunda o‘sadi, barkamol bo‘ladi.
Talant uchun eng xavfli shira «ofarin»chilikdir.
Xayriyatki, matbuotimiz, adabiy jamoatchilik buni yaxshi tushunadi. Lekin ba’zan shunday hollar ham bo‘ladi: bitta-ikkita yaxshi she’ri bilan diqqatni jalb qilgan yosh shoira Oydin Hojievaga uch oy mobaynida bir necha gazeta va jurnal «Oq yo‘l» tiladi. Bu «ofarin»lardan Oydinning o‘zi xijolat.
Albatta, shira nimjon o‘simlikni yengadi, bizning yosh talantlarimiz nimjon emas, lekin «ofarin» ayrim yoshlarga vinoday ta’sir qilishi, ko‘pini mast-karaxt kilib qo‘yishi mumkin. Xususan, o‘rtamiyona asarlarga o‘qilgan «ofarin» baxil ko‘rning tilagiga o‘xshab ketadi: hasti Xizr sahroda bir ko‘rni ko‘rib rahmi kelibdi-yu: «Ey bandai xudo, tila tilagingni», depti. Ko‘r xudodan ko‘ziga nur tilash o‘rniga: «Ey hasti Xizr, xudodan tilab bergin, olamdagi hamma odamlarning ham ko‘zi ko‘r bo‘lsinu, mening alamim bosilsin», degan ekan.
Qariyalarga cheksiz hurmat Sharqda g‘oyat kuchli taomildir. Bu hamma havas qilsa arziydigan alomat taomil. Lekin bu taomil suyak-suyakiga singib ketgan bir doktor oshnam bir kuni shu taomildan shikoyat qilib qoldi. Uning hovlisi uzun tor ko‘chaning oxirida bo‘lib, doktor har kuni ishga ketishida tor ko‘chada imillab ketayotgan biron mo‘ysafidning orqasidan tushib qolar va katta ko‘chagacha shuning qadamiga qarab yurar ekan.
Menimcha, bunda shikoyatga o‘rin yo‘q, ayb taomilda emas, taomilni e’tiqodga aylantirib olgan doktorning o‘zida: mo‘ysafidga salom berib, hol-ahvol so‘rab o‘tib ketaversa hech bokisi yo‘q!
Bizning yoshlarimiz taomilni e’tiqodga aylantirmasliklari kerak. Hurmat o‘z o‘rnida, musobaqa o‘z o‘rnida. Bu borada yoshlarimizdan o‘pkalashim kerak. Ko‘p yoshlarimiz ilmli, dono bo‘lgani, mas’uliyatli hunarning miridan-sirigacha yaxshi bilgani holda adabiy munozaralarda, muhokamalarda kam ishtirok qilishadi, fikr-mulohazalarini yonlariga tugib yurishadi, qatnashganda ham qimtinib, tortinib, beodobchilik bo‘lmasin deganday oqsoqollarning og‘ziga qarashadi. Holbuki, oqsoqollar sizlarning fikr-mulohazalaringizni, nimadan xafa, nimadan xursand ekanliklaringizni, qanday qiyinchiliklar tortayotganliklaringizni, bizning kitoblarimiz, suygan kasbimiz haqidagi o‘ylaringizni bilgisi, juda-juda bilgisi keladi. Oqsoqollar nihollarimizning hol-ahvolidan xabardor bo‘lishni, sizlarga ta’lim berishnigina emas, sizlardan ta’lim olishni istaydi. Kelinglar, kasb-korimiz to‘g‘risida gurunglashaylik, teng turib musobaqalashaylik, talant xalq boyligi, xalq mulki ekanini nazarda tutib, bir-birimizga yordam qilaylik.
1965 yil