Kishilar umid bilan oila quradilar. Kelajakdan tog‘-tog‘ orzulari bo‘ladi. Yigitlar, qizlar o‘z munosib juftlarini qidiradilar. Tereshkova bilan Andriakning munosib juftligi hammaga maqbuldir.
Adabiyot tarixida ham bunday sadoqatli juftlar ko‘p. Shoiramiz Saida bilan adibimiz Said Ahmadlarning hayotiy ittifoqi ham shunday ma’qul juftlikning namunasidir.
Kichkinagina samimiy bu oila bahamjihat adabiy ijodkorlik xususiyati bilan ko‘pchilikning tavajjuhini o‘ziga tortgan zahmatkash bir yacheykadir.
Yaqinginada, 15-20 yillar ilgari adabiyotimiz o‘zining yetuk shoirlarini qo‘msab kutardi. Ular xalqimiz orasidan xalqimizning ulug‘ ijodkor tafakkurini ifoda qilg‘uvchilar sifatida bugun mavjuddirlar.
Hozirgi so‘zim Saida to‘g‘risida, chunki bu shoiraginaning shu voyaga yetib keluvida kaminaning ham ozgina murabbiyligi bo‘lgan. Saidaning birinchi kitobini o‘qib, «Qizingiz yozdi» deb nom qo‘yib berganman. Xalqimizning Saidaga qilgan yaxshi niyati bekor ketmadi. U xotin-qizlarga xos nazokat, iforday tatimli lirikasi bilan dillarimizni erkalab, hordiqlarimizni yozib, mehnatga rag‘batimizni toblantiradigan, idrokimizni go‘zalliklar tomon yetaklaydigan, fahmli shoiramiz bo‘lib yetishdi.
Endi Said Ahmad to‘g‘risida. Kuni kecha bir dasta «Mushtum» qo‘ltiqlab, mening uyimdan Abdulla Qahhornikiga, unikidan menikiga qatnab, biror jo‘yali maslahat qidirib yurgan Said Ahmad bugun baquvvat satirik, yumorist yozuvchimiz bo‘lib yetishdi.
Birovni kuldira olish uchun o‘zing kula bilishing, kulgining qay so‘zda, qay fe’ldaligini izlab topishing, kulgining qadriga yetishing, kulgining oddiy hayotdagi baland darajasini fahmlashing, beozor kulgilar bilan kishilarning hayotini g‘am-g‘ussadan ozod qilishing va kulgining bir talay boshqa xususiyatlarini seza olishing shart. Satirik-yumorist yozuvchi ayniqsa xalq hayotining eng kichik ikir-chikirlarini bilishi, biyron tilga, muntazam va nozik didga ega bo‘lishi lozim.
Ellik yoshga kirgan kishi oz deganda o‘zidan ilgarigi yana ellik yilning jamuljami, bir asrda o‘tgan hodisalarni, o‘z xalqi tarixini mukammal bilishi kerak. Garchand Said Ahmad Nikolay zamonasidagi qozi, poraxo‘r, ellikboshi, boy-quloqlarni ko‘rgan emas. Lekin g‘oyat sinchkov tabiati bilan hammasini bilib olgan. U biron mirshab-gorodovoy ustidan kulmoqchi bo‘lsa, tip-tirigi,shop-shalopi bilan ko‘z oldingizga keltirib qo‘yadi. Men Said Ahmadni zamonamizning peshqadam hikoyanavislari safida ko‘raman.
Said Ahmadning mayda satirik-yumoristik hikoyalari g‘oyat hayotiydir, jozibadordir, esda qoladigan, esga tushganda kulib yuradigan o‘zimizning hikoyalardir. U yaqinda qalamini jiddiy narsalar ustida ham sinab ko‘ra boshladi. «Ufq» degan roman yozdi. Bu roman ikkinchi jahon urushi yillaridan olingan musibat kunlarining qissasidir. Bu romanda u qanchalik muvaffaqiyat va ka-melotlarga erishgan — tanqidchilarimizning mo‘‘tabar so‘zlariga muntazirmiz. Har holda, bu kitob o‘zbek adabiyoti xazinasida bor.
Men totuv, baxtiyor, ijodkor, shiringina bu adabiy oilaga ko‘pdan-ko‘p ravnaq va kamolot tilayman.
“Sovet O‘zbekistoni”, 1965 yil, 15 avgust