Birinchi daf’a «O’tgan kunlar» to‘g‘risida, to‘g‘rirog‘i, Otabek — Kumush qissasi haqida olti-etti yashar chog‘imda dadamlardan eshitganman.
O’ttizinchi yillarning o‘rtasi. Dadam, o‘n to‘qqizinchi yildan partiya a’zosi, katta ishlarda ishlab kelgan odam, nima uchundir, ishdan chetlashtirilib, qishloqqa qaytib kelgan paytlari.
Har oqshom katta mehmonxonamiz odamga to‘lib ketadi. Qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘lar, qiz-kelinchaklar yig‘iladi. Aksariyati yoshlar. Dadam taxmondagi kitoblar orasidan jigarrang jildli qalin bir kitobni olib sekin varaqlaydi. Men uning tizzasiga suyanib kitobning bezaklari, ajoyib suratlarini tomosha qilaman. Bu kitob — «Ming bir kecha»ning 1905 yili bosilgan rus nashri (keyinchalik men bu kitobni qancha izlamay topolmadim!) edi.
Dadam kitobni o‘qimaydi, bir necha betini o‘ychan varaqlaydi-da, keyin sekin hikoya qila boshlaydi.
Bu hikoyalar aksariyat tun yarmigacha, ba’zan xo‘roz qichqirguncha davom etadi, men ham oyimlarning «yot» deyishlariga quloq solmay, mijja qoqmay eshitaman. Esimda bor: menga ayniqsa mashhur sayyoh Sindbodning sarguzashtlari xush yoqib tushardi.
Shu qish oqshomlarining birida dadam qora muqovasining ustiga yo‘l-yo‘l oq chiziq chizilgan qalingina bir kitob topib keldi.
Kitobning birinchi betida — boshida duxoba do‘ppi, egnida qora gimnasterka ustidan kiyilgan ola to‘n, to‘ladan kelgan, uchburchak mo‘ylovli bir odamning surati bor edi.
— Bu — «O’tgan kunlar» degan o‘zbekcha roman, — dedi dadam. — Uni mana shu odam yozgan. Ism-shariflari Abdulla Qodiriy Julqunboy...
— Julqunboy? Qozoqmi?
— Yo‘q, — dedi dadam kulib. — O’zbek. Julqunboy bu kishining taxallusi. Yozuvchilar ba’zan o‘z ismlarini o‘zgartirib, boshqa ism tanlashadi.
Kitob qo‘ldan qo‘lga o‘tib, yana dadamga qaytdi. Dadam shoshmasdan o‘qishga kirishdi. Men ham «maza qilib eshitish» uchun dadamning tizzasiga suyanib, yaxshiroq joylashib oldim.
Uchinchi yo to‘rtinchi oqshom yarim kechada uyg‘onib ketsam, kitob o‘qilib bo‘lgan, qiz-juvonlar ko‘z yoshlarini artishib, piq-piq yig‘lashar, erkaklar og‘ir sukut saqlashar, dadam esa yozuvchi haqida sekin hikoya qilardi.
Dadamning hikoyasidan esimda qolganlari shular:
— Abdulla Qodiriy — ulkan yozuvchi. O’ziyam ajoyib odam... Hukumat unga hamma imkoniyatlarni tug‘dirib bergan. Toshkentda uning katta bog‘i bor. U har kuni erta sahar uyg‘onib yozishga o‘tiradi. Charchagan paytlari chiqib, bog‘da ishlaydi.
Yillar o‘tdi. O’sib-ulg‘ayib kitobga tashnaligim, ishqim, mehr-muhabbatim o‘sib borgan sari «Abdulla Qodiriy...», «O’tgan kunlar...», «Mehrobdan chayon...» degan gaplar qulog‘imga tez-tez chalinadigan bo‘ldi.
1943 yilning oxirgi oylari, to‘qqizinchi sinfda o‘qib yurgan chog‘larim.
Bir kun sinfimizga yangi o‘qituvchi — frontdan yarador bo‘lib qaytgan yoshgina yigit kirib keldi. U «harbiy ish»dan dars bera boshladi, lekin adabiyotga juda qiziqsa kerak, har kuni bir kitob ko‘tarib kelar, bolalarga vazifa topshirib qo‘yib, o‘zi kitob o‘qib o‘tirardi. Lekin bu qanaqa kitob ekanini hech kim bilmas, chunki, askariyat kitoblarning jildi qog‘ozga o‘ralgan bo‘lardi.
Kunlardan birida o‘qituvchining ukasi, sinfdosh do‘stim meni chetga tortib:
— Kecha akam «O’tgan kunlar»ni topib keldi, — deb qoldi. Darsdan keyin «O’tgan kunlar»ni bir kechaga so‘rab olish umidida sinfdosh og‘aynim bilan birga ularnikiga bordim.
Biz borganimizda, domla oldida qattiq non, ikki ko‘zi allaqanday kitobda, choy ichib o‘tirardi.
Men duduqlana-duduqlana iltimosimni tushuntira boshlagan edim, o‘qituvchimiz qovog‘ini solib:
— «O’tgan kunlar»ni o‘qish mumkin emas. Bilmaysanmi? — dedi ko‘zimga tikilib.
Men hayajondan entikib:
— Mana, siz o‘qiyapsiz-ku? — dedim. O’qituvchining yuzida bilinar-bilinmas tabassum paydo bo‘ldi.
— Birinchidan, men o‘qituvchiman, yosh bola emasman, — dedi u. — Ikkinchidan, men uni tanqidiy ko‘z bilan o‘qiyman.
— Men ham tanqidiy ko‘z bilan o‘qiyman. Domlajon, bir kechaga berib turing. Ertalab olib kelib beraman. Hech kimga aytmayman.
Domla sal yumshadi, lekin hamon bir qarorga kelolmay peshonasini ishqadi.
— Bir kechada-ku o‘qib tugatolmaysan-a?
— O’qib chiqaman, — dedim men. — Albatta, o‘qib bitiraman!
Domla kulib yubordi.
— Xo‘p, mayli, ammo o‘zing ham deyman... bir yopishsang qo‘ymas ekansan!
U o‘rnidan turdi va tokchadagi piyola-choynaklarning orqasiga qo‘l suqib, qalin sarg‘ish qog‘ozga o‘ralgan bir kitobni olib berdi.
— Ma, qo‘yningga tiq. Hech kim ko‘rmasin. Keyin... ertaga demaymanu, indinga olib kelib ber. Uqdingmi?
— Uqdim! — Men uning aynab qolishidan qo‘rqib, kitobni qo‘ltig‘imga urdimu eshikka otildim.
O’sha kecha mijja qoqmadim. Tong payti oxirgi sahifani o‘qib bo‘ldim. Kitobni yopib boqqa chiqdim.
Xo‘roz uchinchi marta qichqirgan. Yaproqlari to‘kilib, yalang‘och bo‘lib qolgan bog‘da shabada beboshlik qiladi, keksa o‘riklar, ichlari kovak olmalar hazin chiyillaydi, nola qiladi, olcha nihollari, yosh olxo‘rilar yuz muqomga tushib egilib-eshiladi.
Men yuzimni shabadaga tutib bog‘da uzoq aylanaman. Ko‘z yoshlarimni artmay, ho‘ng-ho‘ng yig‘layman...
O’sha mahalgacha hech bir kitob meni shu qadar larzaga solmagandir. Go‘yo Otabek mening o‘z akam. Kumush esa o‘z kelinoyimday ularning taqdiriga ich-ichimdan kuyunaman, iztirob chekaman. Adabiy «sir»lardan bexabar: «Attang, shu xo‘rakni Zaynabga topshirmay, O’zbek oyim o‘zi qilganda-ku, bunday bo‘lmas edi!» deb afsus chekaman... Ayni zamonda ko‘nglimda hech bir g‘ubor, yomon asorat yo‘q...
Boshlariga ko‘p musibat tushgan, ko‘p dovul va bo‘ronlardan o‘tib chiniqqan odamlar har qanday fojiaga ham mardonovor turib beradilar, sabot va olijanoblikni qo‘ldan boy bermaydilar. Shuning uchun ularning fojiasi sizni ezmaydi, balki sabot va matonatga o‘rgatadi, olijanoblik va musaffolikka chorlaydi, shuning uchun ham siz Otello bilan Dezdemonaning fojiali taqdiriga ko‘z yoshi to‘karkansiz, bu ko‘z yoshlar qalbingizdagi hamma g‘uborlarni yuvib tashlaganday bo‘ladi, o‘zingizni allaqanday sofroq his etasiz, qalbingiz odamlarga hamdardlik, hamjihat bo‘lish, yaxshilik qilish istagi bilan to‘lib-toshadi... Otabek — Kumush fojiasi ham nazarimda, menga hayotning teran va chigal tomonlarini ko‘rsatgan, men go‘yo besh-olti yosh ulg‘aygan, ayni zamonda dilimga allaqanday hazin va yorug‘ nur quyilgan edi...
Ko‘p yillar o‘tdi. Men ham adabiyot maydoniga kirib, yaxshi-yomon bir-ikkita asar yozdim. Bu paytlarga kelib «O’tgan kunlar»ni qayta o‘qib chiqdim. Bu safar kitobning ko‘p fazilatlari bilan birga ayrim zaif tomonlari |iam ko‘zimga chalindi. Lekin ulg‘ayganda olgan taassurotlarim haqiqatga qanchalik yaqin bo‘lmasin, kitob ustida ko‘z yosh to‘kib tong ottirgan o‘sha damlarim, erta sahar huvillab qolgan boqqa chiqib, tanho kezgan paytlarim sira-sira esimda chiqmaydi...
Bu voqeadan keyin sal o‘tmay, haligi o‘qituvchimiz vafot etdi. Yarador bo‘lgani yetmaganday, frontda o‘pkasini sovuq urgan ekan, ko‘klamga chiqmasdanoq uzildi.
Yana bir-ikki oy o‘tdi. Qishloqda birga tepishib o‘sgan do‘stlarim frontga jo‘naydigan bo‘lib qolishdi. Garchand, men bir yosh kichik bo‘lsam ham, do‘stlarimdan ayrilishga, ulardan qolib qishloqda yurishga vijdonim yor bermadi-yu, ariza berib ixtiyoriy ravishda urushga ketadigan bo‘ldim.
Ertaga jo‘naymiz degan kuni kechqurun men marhum o‘qituvchimizning uyiga bordim va uning ukaidan «O’tgan kunlar»ni berishini iltimos qildim.
Urushga ketayotgan odamning iltimosini qaytarish qiyin. O’qituvchimning ukasi qiynalib bo‘lsa ham kitobni berdi.
Men uni qopdagi talqon, turshak va qattiq nonlar orasiga solib, orqalab oldim.
Biz qishloqdan bir yo‘la qirq chog‘li yigit chaqirilgan edik. Bir-ikki oydan keyin bo‘linib-bo‘linib o‘n chog‘li yigit qoldik. Ming to‘qqiz yuz qirq beshinchi yilning yozida shu o‘n chog‘li yigit falakning gardishi bilan Mo‘g‘uliston dashtlariga borib tushdik.
Qayoqqa qaramang bepoyon dasht. Tap-taqir jigarrang adirlar. Kalamush ilma-teshik qilib tashlagan yassi qirlar. Kunduz jazirama issiqdan kiradigan joy topolmaysiz, kechasi esa sel yog‘adi, sovuqan tishlar shaq-shaq qiladi...
Biz olis-olislarda qolgan ona yurtni, do‘ppi bilan suv ichgan buloqlarni, tizzadan tuproq kechib yurgan qishloq ko‘chalarini sog‘inamiz. Do‘ppi-do‘ppi o‘rik terib qizlarga tutgan chog‘larimiz, poda kutib o‘mbaloq otib o‘ynagan soyliklar, suv sepishib cho‘milishgan anhorlar ko‘z oldimizdan ketmaydi. Kechalari dashtdagi chaylalarda bir-birimizning pinjimizga suqulishib yotarkanmiz, qishloq qizlarining muloyim chehralarini, hazin va sho‘x laparlarini qo‘msaymiz, qo‘msaymizu butun vujudimiz bilan kindik qonimiz to‘kilgan ona tuproqqa talpinamiz... Ana shunday paytlarda, buyum xaltamni ochib, o‘q-dori, qattiq non va konserva qutilar orasida yotgan «O’tgan kunlar»ni olaman. U sog‘ingan qalblarimizga allaqanday taskin beradi, tashna dillarimizni nima bilandir qondirganday bo‘ladi. Biz Otabek — Kumush sarguzashtining mungli va yorug‘ sahifalarini qayta-qayta o‘qirkanmiz, go‘yo suyukli qishlog‘imizga borib kelganday, qarindosh-urug‘, yor-birodarlarimiz bilan diydor ko‘rishganday bo‘lamiz... Nur bilan yo‘g‘rilgan sevgi sahifalari esa... o‘z sevgililarimizni eslatadi. Biz go‘yo olis-olislarda qolgan qishloq qizlarini ko‘rganday, ularning sho‘x qiliqlari, hazil-mutoyibalari, kuy va qo‘shiqlarini eshitganday bo‘lamiz... Ha, xalqimizning ba’zi illatlarini shafqatsiz fosh etgan, ayni zamonda eng yaxshi urf-odatlarini, o‘ziga xos fazilatlarini ajib bir shoirona muhabbat bilan tarannum etgan bu ulkan asar belimizga quvvat, ko‘nglimizga dalda berar edi. Shuning uchun ham men bu kitob va uni yaratgan buyuk inson oldida hamisha bosh egaman, qo‘lim ko‘ksimda, hamisha ta’zim qilaman.
Bugun, bir necha yildan keyin, «O’tgan kunlar»ni qayta qo‘lga oldim.
Endi, yozuvchilik «sirlari»ni ozmi-ko‘pmi o‘rganganimdan keyin, romanning butun realistik kuchi va kishini rom qiluvchi go‘zalligi ham, xarakterlarning betakror milliy koloriti ham, shu bilan birga realistik uslubda yozilgan va bugungi kitobxon uchun sun’iydek tuyuladigan ayrim sahifalar ham ko‘zimga tashlanadi.
Masalan, hayotda ko‘p narsani ko‘rib chiniqqan, tajriba orttirgan Otabekday yigitning xuddi yosh bir o‘spirinday Kumushga oshiq bo‘lganini hammadan yashirib, kechalari to‘lg‘anib chiqishlari, ayniqsa oddiy xizmatkor Hasanali undan yashiriqcha sovchiga borishlari, nihoyat bu sirlardan bexabar Kumushning nikoh kechasi: «Siz o‘shami?» deb «kutilmagan baxt»ga muyassar bo‘lishi... buning hammasi kitobxonga asarning ta’sir kuchini oshirish uchun, «effekt» uchun qilingan, ya’ni, boshqacha qilib aytganda — «yasalgandek tuyuladi». Nazarimda, romanning «Hukmnoma» bobi, Kumush jallod qo‘liga topshirilgan Otabek bilan Qutidorni xat vositasi bilan dor tagidan qaytarib, qutqarib qolishi ham ertaklardagi voqealarga o‘xshab ketadi. Lekin qiziq: romanni dastlab o‘qigan o‘n olti-o‘n yetti yoshimdaku, bu narsalarni bilmas edim, biroq nega hozir, yozuvchilik «sirlari»ni oz-moz bilganim holda, sun’iylikni sezganim holda «O’tgan kunlar» hanuz meni hayajonga soladi, cheksiz zavq beradi, titratadi?..
Kitobni ochaman. «Jodugar hindi» degan bobni o‘qiy boshlayman. O’zbek oyimning g‘alati gaplari, Hasanaliga chovut qilishlari, Kumushning hiylakorliklari haqidagi ta’nalarini o‘qib, qotib-qotib kulaman, kulamanu to‘satdan bu xotin menga juda tanish ekanini his etaman. Men bu xotinni — bir mahalning o‘zida ham mehribon, ham shafqatsiz, bir qarashda juda o‘ktam bo‘lsa-da, aslida nihoyatda sofdil, «dumbul tabiat» bu ayolni bolaligimdan beri taniyman. Men uni har bir qishloqda, har bir mahallada ko‘rganman. Har bir mahalla, har bir qishloqning o‘z O’zbek oyimi bor, yozuvchi aytganday, bularsiz na to‘y o‘tadi, na aza! Hatto erkaklar ham ularning maslahatisiz ish qilishmaydi!
Mening uchun O’zbek oyim «O’tgan kunlar»dagi eng hayotiy, eng jonli, eng mukammal obrazlardan biri! Bu obraz Abdulla Qodiriyning ulkan realist yozuvchi ekanligidan dalolat beradi. Romanga nihoyatda hayotiy bir ruh kiritadi. Garchi, epizodik bo‘lsa-da, Azizbek, Musulmonqul cho‘loq va Xushro‘ybibi to‘g‘risida ham xuddi shu gapni aytish mumkin. Romanda bu obrazlar bo‘lmasin-chi yoki ular sal boshqacharoq, mayinroq bo‘yoqlar bilan chizilgan bo‘lsin-chi, Otabek — Kumush fojiasi ehtimol oddiy melodramatik bir voqeaga aylanib qolardi!..
«O’tgan kunlar»ning «Qudalarni kutib olish» bobida shunday bir jumla bor: «Kumush salom berdi va qo‘lidagi paranjisini yerga tashladi, yugurib kelib o‘zini O’zbek oyimning quchog‘iga otdi. O’zbek oyim ham uni mahkam siqib quchoqlab olgan, yuzidan shap-shap o‘pib, aylanib, o‘rgilar va tikilib-tikilib nima uchundir yig‘lar edi...»
Garchi yozuvchi bu o‘rinda «nima uchundir» so‘zini ishlatsa ham, kitobxon O’zbek oyimning «nima uchun yig‘lashini» juda yaxshi tushunadi.
O’zbek oyimday sodda va sofdil ayol Kumushning go‘zalligini, uning bo‘lakcha jozibasini, tortinchoq, uyatchan tabassumini ko‘rganida o‘zining nohaqligini, unga nisbatan qilgan adolatsizliklarini, uni baxtsiz qilib qo‘yganini tushunmasligi mumkin emas edi. O’zbek oyim, soddadil ayollarga xos bir sezgirlik bilan buni tushungan va o‘z qilmishidan pushaymon bo‘lib, ko‘z yoshi to‘kar va bu bilan Kumushdan kechirim so‘rar edi...
Bir kitobxon sifatida buni men ham sezaman va beixtiyor ko‘zimga yosh olaman... Yozuvchining mahorati deb, o‘z qahramonining dilini bilishi deb — mana buni aytadilar!..
Odatda, Kumushning o‘limi to‘g‘risida, to‘g‘rirog‘i kitobxon buni seza boshlashi haqida gap ketganda Zaynab bilan Xushro‘ybibining suhbatini, ba’zan Otabekning tushini eslaydilar. Lekin men bu fojiani Kumushning Toshkentta kelishi tasvirlangan sahifalardanoq his etaman.
Bu sahifalarni — romanning eng tiniq, eng ajoyib joylari desa bo‘ladi. Qudalarning kutib olinishi, yana to‘g‘rirog‘i Yusufbek hojining O’zbek oyim va Otabek bilan, Otabekning esa Zaynab bilan suhbati, so‘ng qudalar ziyofati, Otabek bilan Kumushning yashirincha uchrashuvi, Kumushning so‘z o‘yinlari, yolg‘iz qolgan ikki kundoshning achchiq kinoyalarga to‘la so‘zlashuvi, nihoyat, Oftob oyim bilan Kumushning vidolashuv kechalari shunday zo‘r realistik bo‘yoqlar bilan chizilganki, siz har bir odamni ko‘rib turasiz, go‘yo bu suhbatlarda ishtirok etasiz, dam kulasiz, dam achinasiz, dam ma’yus tuyg‘ularga cho‘masiz. Ayni zamonda, har bir qahramonning dard-hasratini, o‘ylarini, ular sizga o‘xshagan oddiy odamlar ekanini chuqurroq tushunasiz. Bu sahifalar faqat ulug‘ youvchilargagina muyassar bo‘ladigan bo‘lakcha bir kuch bilan yozilgan, qandaydir kuz oftobiday tiniq va iliq nurga yo‘g‘rilgan. Lekin kuz qanchalik iliq bo‘lmasin, kelayotgan qishning daragi sezilganday bu sahifalarda ham bo‘lajak fojianing sovuq nafasi sezilib turadi. Garchand yozuvchi kelajakda ro‘y beradigan fojia haqida bir og‘iz bir nima demasa-da, siz buni negadir sezasiz, xuddi inson o‘zini kutayotgan baxt va baxtsizlikni oldindan sezganidek, yomon bir narsalar ro‘y berishini oldindan his qilasiz. Shuning uchun ham bu sahifalar sizni tiniq va hazin kuyday titratadi. Siz ba’zan kulasiz, ba’zan jilmayasiz, lekin yuragingizni chulg‘ab olgan g‘amgin tuyg‘udan qutulolmaysiz.
Men o‘z boshimdan kechirgan arzimas tajribamdan bilaman: kitobxonni bu kuylarga solish, bo‘lg‘uvsi bo‘ronlarning sovuq nafasini oldindan bildirish uncha-muncha talantga muyassar bo‘lavermaydi!..
Yuqorida men Otabek bilan Kumushning ilk uchrashuvi sal sun’iyroq tuyuladi degan edim. Lekin mana, ko‘p yillik ayriliq, hijron dog‘lari va visol orzusida o‘tgan mash’um yillardan keyin ular yana uchrashadilar...
O’rtacha yozuvchining qalami ostida melodramatik sahnaga aylanishi mumkin bo‘lgan bu lavha shunday nozik bir did, shunday shafqatsiz realistik bo‘yoqlar bilan tasvir qilinganki, men bu epizodni romanning eng zo‘r joylaridan biri deb hisoblayman!
Mana, o‘sha uchrashuv, yana o‘sha ikki suyushgan qalb, lekin bu safar ilk muhabbatning totli nafasiga mast bo‘lib, o‘zlarini yo‘qotib qo‘ygan ikki yosh emas, balki hayot sinovlarida chiniqqan, ko‘p bo‘ron va dovullardan o‘tib, o‘zlarini tutib olgan ikki oqil odam uchrashadi!
«...Otabek kavushini dahlizga yechdi-da, uy bo‘yicha bir-ikki qayta yurindi va entikib nafas oldi. Shu vaqt taxmonga osilgan kirpo‘sh o‘z-o‘zidan qimirlagandek bo‘ldi. Bu qimirlashni Otabek payqamadi. Haligi qimirlagan kirpo‘sh birdan ochilib ketib Otabek cho‘chidi... Birov taxmondan unga qarab kulimsirar edi...
Otabek titrar edi. Bir ozdan keyin ikkisi ham o‘zlarini birmuncha to‘xtatdilar-da, bir-birlariga tomon yurishib keldilar va so‘zsizgina quchoqlashdilar...»
Qarang: qahramonlar na oh-voh chekishadi, na uch yillik azob-uqubatlarini eslab ko‘z yoshi to‘kishadi, na bir-biridan o‘pkalashadi!
Rost, Kumush ko‘ziga yosh oladi, lekin bu — kulgi aralash to‘kilgan yosh edi. So‘ng... qandaydir ma’yus bir nurga yo‘g‘rilgan qochiriqlar, hazil-mutoyibalar boshlanadi:
«— Siz... qochqoqsiz! — dedi Kumush.
— Siz...
— Men?
— Siz quvloqsiz!
— Ajab qilaman! — dedi Kumush va shapalog‘i bilan erining yuziga sekingina urib qo‘ydi.
— Bu yoqqa ham...
— U yoqqa Zaynab ursin!
— Zaynabning... urishga haqqi yo‘q! Kumushning ko‘zida haligacha ko‘rilmagan bir shodlik o‘ynadi.
— To‘g‘ri aytasizmi?
— To‘g‘ri aytaman!
— Mana bo‘lmasa! — dedi Kumush. Otabekning ikkinchi yuzini ham silagandek qilib qo‘ydi. Yana kulimsirashib, termilishib qoldilar...»
Bu ma’yus va yorug‘ kulimsirashlarida, nozik qochiriqlarda aytilmagan, aytilishning hojati ham bo‘lmagan qancha-qancha dardu alam, mehru oqibat, sog‘ingan yuraklarning talpinishi, harorati, hayajoni, nidosi bor!..
«Yozuvchi bu lavhada nozik did va me’yorni biror joyda ham yo‘qotmaydi, butun bir sahnada bitta ham ortiqcha so‘z yo‘q.
«Kumush yana bir kulib qaragandan keyin uydan chiqdi. Otabek endi tamom o‘zini bosib olgan, endigi yurak urishi faqat haligi farishta tomonga oshiqishgina edi».
Yozuvchi uchun bunday nozik joydan «eson-omon o‘tib olish» — qil ko‘prikdan o‘tib olishday gap!
Har bir yozuvchi yaxshi biladi: ko‘p kishilar ishtirok etadigan sahnalarni yozish, ayniqsa qiyin bo‘ladi. Ehtimol, shuning uchundir, har safar romanning «Qudalarni kutib olish» degan, ayniqsa «Zimdan adovat» degan sahifalarini o‘qiganimda yozuvchiga tahsin aytaman.
Bu sahifalarda qatnashgan to‘qqiz xotinning birortasi ham «soyada» qolmaydi, ularning har biri kitobxonning ko‘z oldida turadi. Bu sahnada O’zbek oyimning soddaligi va dumbulligi, Oftob oyimning bosiqligi va oqilligi, Kumushning uyatchanligi va samimiyligi, Zaynabning hasadgo‘yligi, Xushro‘ybibining zolimligi va mug‘ambirligi, quda tomonlarning adovati, hammasi shundoq «lo‘p» etib ko‘rinadi.
O’zbek ayollarining o‘ziga xos viqor va soddaliklari, izzat-ikromlari, ajoyib so‘z o‘yinlari, nozik qochiriqlari, kosa tagiga nim kosa yasharib gapirishlari-chi?
Yozuvchi bu bobda mohir shaxmatchiga o‘xshaydi, shatranjning birorta donasi ham «chetda» qolmaydi, uning qo‘l ostida hammasi o‘ynaydi, ayni zamonda bu o‘yin ichki bir dramatizmga to‘la. Shu bobda biz kundosh bilan uchrashgan Kumushning iztiroblarinigina emas, birinchi marta Zaynab ham tirik jon ekanini, u ham chuqur kechinmalarga qodir ekanini chuqurroq his qilamiz.
Bugun «Mehrobdan chayon»ni qayta o‘qib chiqdim. Roman g‘alati taassurot qoldirdi menda.
Kitobni ochishim bilanoq faqat Abdulla Qodiriygagina xos bo‘lgan bo‘lakcha bir milliy ruh, iliqlik, samimiyat va mehr yuragimni jiz ettirib, dilimni ravshan qildi.
Romanning ilk sahifalarida yozuvchi menga, labida tabassum, suyukli farzandlarining o‘yinini kuzatib, ularning sho‘xlik va erkaliklaridan zavqlanib, ayvonda choy ichib o‘tirgan mehribon otaga o‘xshab ko‘rindi. Ota o‘z farzandlarining faqat fazilatlarinigina emas, ularning kamchilik va nuqsonlarini ham ko‘radi, lekin mehribon, vazmin odam, ularni qattiq koyib ko‘ngillarini og‘ritgisi kelmaydi. Rost, to‘ng‘ich o‘g‘li Mahdumning ba’zi qiliqlari otaning g‘ashini keltiradi, lekin aklli odam, o‘g‘lining xatti-harakatlaridan darg‘azab bo‘lib gapirsa, dasturxon atrofida o‘tirgan hamsuhbatlarining (kitobxonlarning) ta’bini tirriq qilishini biladi, shuning uchun ham to‘ng‘ich farzandi haqida dam yumshoq kulib, dam bilinar-bilinmas istehzo bilan gapiradi. O’xtin-o‘xtin, Mahdum haddidan oshib ketgan paytlardagina, mehribon padarning ko‘zida o‘t chaqnaydi, biroq nima bo‘lganda ham pushtikamaridan bo‘lgan farzandi emasmi, qahri g‘azabi darhol so‘nib, tashvish va iztirobga aylanadi. Lekin Anvar — Ra’no dostoniga o‘tishi bilan yozuvchi xuddi suyukli kenjatoylari haqida gapirayotgan otani esga soladi. Har bir ota o‘z kenjatoylarining nuqsonlarini ko‘rmaganidek, Qodiriy ham avvalboshda eng suyukli qahramonlarining kamchiliklarini ko‘rmaydi, uning hikoyasi xiyol mayinlashadi, ovozida erkalash ohanglari paydo bo‘ladi.
«Ra’no yana bir necha g‘ujumlarni terib uzatdi.
— Qani yumushingiz?
— Senda nima yumush bo‘lsin, Ra’no? Har kungi o‘zing bilgan gap... so‘zlashib o‘ltiramiz; uzum to‘kilsa, menga terib berasan, deb chaqirgan edim.
— Dadam xuftandan qaytib qoladi. Gapingiz bo‘lmasa, men ketaman.
— Xuftan hali o‘qilgan emas, azon hozir aytildi. Basharti dadamiz xuftanni o‘qimay kelib qolsa, buning hiylasi oson: darrov anavi gulning tagiga yashirinamiz!
— Basharti dadam bizni qidirib, gulning tagidan topsa, nima qilamiz?
— Nima qilar edik?.. Sen uyingga ketasan, men bo‘lsam mehmonxonaga.
— Ikkovingiz gulning tagida nima qilib o‘ltirgan edingiz, deb so‘rasa, nima javob beramiz?
— O’zimiz o‘ltirgan edik, deymiz.
— Nima uchun, desa-chi?
— Qizingiz uyalgani uchun, deymiz...»
Ra’no-ku, mayli, yosh bir qizcha, lekin Mirzaboshi lavozimiga ko‘tarilgan Anvarday yigitning «darrov anavi gulning tagiga yashirinamiz» deb gapirishi... juda g‘alati tuyuladi. Rost, muhabbat, bu ulug‘ insoniy tuyg‘u, ba’zan katta odamni ham yosh bolaga aylantirib qo‘yadi, lekin, har holda, bunday sahna va bunday tasvirlar yozuvchining o‘z qahramonlariga o‘zgacha mehridan dalolat beradi. Shu sahnaning oxirida Anvar Ra’nodan to‘yga rozilik oladi:
«— Chiningmi?
— Chinim!
— Xo‘p bo‘lgay. Men, ertaga, to‘yimiz ko‘klamga bo‘lsin deb javob aytaman... Yerlar ko‘k gilamlar bilan bezalganda, har tarafni binafsha chechaklari bosgan, qushlar uya qayg‘usini chekkanda biz ham to‘y qilarmiz, chimildiqda baxt sozini tinglab, istiqbol kuyini kuylarmiz... Shundaymi, Ra’no?
— Shunday...
— Undan so‘ng mening og‘ushimda shuning singari dadang kelib qolishidan qo‘rqib, kishi qo‘liga tushgan qush bolasidek tipirchilamassan. Shu husning, shu malohating va shu latofating bilan tamom meniki bo‘larsan, shundaymi?»
Albatta men, oddiy kitobxon, o‘sha oqshom Ra’nodan ilk bo‘sa olgan Anvarning holatiga tushunib turibman. Bu ma’sud damlarda uning ko‘nglidan xuddi shu gaplar o‘tganiga, dilida xuddi shu tuyg‘ular jo‘sh urganiga ishonaman, lekin buni Ra’noga aytishi, ayniqsa shunday shirin-shakar so‘zlar, chiroyli iboralar bi-lan ifoda qilishi... Menga sal «g‘alatiroq» tuyuladi... Lekin qiziq: bu sahnalarda jindek sentimentallikka yo‘l qo‘ygan yozuvchi Anvar — Ra’no fojiasi tasvirlangan sahifalarda, saroy hayotiga bag‘ishlangan boblarda shafqatsiz realistik uslubi bilan hayratga soladi kishini!
Ra’noga fotiha o‘qilib, Mahdum buni «istiqbolning xayrli foli, fayzi ilohiy», deb quvongan kunning ertasiga Anvar bu mudhish xabarni eshitadi va so‘ngga marta Ra’nolarnikiga boradi.
«Vaqt namozshomdan oqqan... Shom namozini o‘qib qaytgan Maxdum mehmonxonaning eshigini ochiq ko‘radi. Anvarning kelganini fahmlab, u bilan qo‘rishishni istamay yo istasa ham nimadandir hadiksirab, to‘g‘ri ichkariga o‘tadi. Yig‘idan kipriklari terilib, chuqur andisha ichida boshini quyi solgan Nigor oyim osh ko‘tarib mehmonxonaga kiradi va Anvarning:
— Nega yig‘laysiz?.. Siz shunday bo‘lsin deganmidingiz? — degan gaplariga javob bermay, yig‘lagan ko‘yi mehmonxonadan chiqib ketadi...
«...Anvar oshdan bir-ikki luqma olib, qo‘lini artdi, sandal ko‘rpasini bag‘riga tortib, kuchli va uzun tin oldi.
Chirog‘poyadagi sham bedillar yuragidek titrab, mehmonxonani arang yoritar, shamning titrog‘i bilan ko‘zini bir nuqtaga tikkan Anvarning hozirgi xayolchan yuzi ham qaltiraganday ko‘rinar edi. Mehmonxona tip-tinch, faqat bu tinchlikni tashqaridan yoqqan yomg‘irning kuchsiz shitirlashi, o‘qtin-o‘qtin qo‘zg‘alib qo‘ygan shamolning darichaga kelib urilishi va allaqaysi tom boshidagi bir mushukning movlagan tovushi buzar edi...»
Bu yerdagi har bir so‘z, har bir detal — yarim qorong‘i mehmonxonadagi o‘lik sukunat, yomg‘irning shitirlashi, tomdagi mushukning movlashi, hammasi Anvarning yuragidagi tug‘yonni ifoda qiladi, yozuvchi uning ruhiy holatini tasvirlab o‘tirmaydi, chunki bu holatni bitta gap bilan: «Chirog‘poyadagi bedillar yuragidek titragan sham yorug‘ida Anvarning xayolchan yuzi ham qaltiraganday ko‘rinar edi», degan bittagina jumlada ifoda qila olgan... Oradan bir piyola choy ichish fursati kechganda... Mehmonxonaning dahlizida, qo‘lida choydish, Ra’no ko‘rindi. «Ikki ko‘zi qip-qizarib, qovoqlari shishib, ko‘pchigan, yuzida ham zo‘riqish alomati bor edi. Yerga qaragan holda ozq choydishni Anvarning yoniga keltirib qo‘ydi, tokchadagi piyolani olib choydishdagi choy bilna chayqadi, piyolani sochiqlagach, yana chayib ikkisini Anvarning yoniga surdi va birdan o‘krab yuzini tancha ustiga qo‘ydi...»
Tasvirning shafqatsizligini sezyapsizmi? Yozuvchi Ra’noning yig‘isini ko‘rsatishga oshiqmaydi, aksincha, uning har bir harakatini eng mayda tafsilotlari bilan ko‘rsatishga tirishadi, lekin ajabo, yozuvchi Ra’noning kechinmalarini tasvirlamasa ham siz uning to‘lib-toshib turganini aniq his qilasiz, uning xatti-harakatlarini kuzatar ekansiz, yuragini larzaga solgan tug‘yon tobora ortib borayotganini va pirovard portlashini sezib turasiz, shuning uchun ham nihoyat o‘pkasi to‘lib «birdan o‘krab tancha ustiga bosh qo‘yganida» beixtiyor ko‘zingizga yosh olasiz...
Bu sahnada Anvar bilan Ra’no sizning ko‘z oldingizda kamida o‘n yosh ulg‘ayadi. Sevikli qahramonlarining boshiga tushgan musibatni ulkan realistlarga xos bir shafqatsizlik bilan tasvirlarkan, yozuvchi Mahdumni ham ayamaydi. Romanning boshida uning ba’zi qiliqlari haqida muloyim kulimsirab gapirgan adib, bu bobda, o‘g‘lining pastkash xatti-harakatlarini bilib qolgan adolatli otaday uni ayovsiz jazolaydi.
Kechqurun shom namozidan qaytayotgandayoq Anvar kelganini payqagan Mahdum ikki dilporaning mungli suhbatini bo‘lib mehmonxonaga kirib keladi. Kechagina Anvar Mirzaboshi lavozimiga ko‘tarilganda to‘yni tezlatish taraddudiga tushib qolgan odam, bugun Anvarga hatto salom ham bermaydi. Chunki kecha bizda tabassum uyg‘otgan xasisligi bugun, xonga qaynata bo‘lish baxti oldida, saroydan keladigan oltinlar oldida pastkashlikka, chinakam razolatga aylanadi.
«Ichkariga kir, Ra’no, bevaqt bu yerda nima qilib o‘tiribsan?»
Bu gap Anvarning, faqat Anvar emas, kitobxonning ham vujudini «g‘izz» ettirib yuboradi. Romanning boshida Mahdumning qiliqlari va ziqnaliklarini kulimsirab kuzatgan kitobxonning qalbida endi jirkanch va nafrat uyg‘onadi. Bu nafratni hammadan ko‘ra Ra’no yaxshi ifoda qiladi. Kechagina ukasi bilan «Loy o‘ynab» yurgan qiz, shu topda otasining butun shafqatsizligini, bemehr, bag‘ritosh bir odam ekanligini dil-dilidan his etadi va g‘azabdan titrab:
«Andishasiz!» — deb xitob qiladi. Bu xuddi sizning ko‘nglingizdagi gap! Shuning uchun ham Ra’no ko‘ziga jiqqa yosh olib, mehmonxonadan chiqarkan, qalbingizda unga nisbatan bo‘lakcha bir mehr va hurmat uyg‘onadi.
«Mehrobdan chayon»ning eng zo‘r joylaridan biri xon harami va qirq qizlar hayotiga bag‘ishlangan sahifalaridir.
Adabiyotimizda xon haramiga tushgan baxti qora qizlar haqida ancha-muncha asarlar bor. Bu asarlarning hammasi bir-birini takrorlaydi, kambag‘al dehqonning suluv qizi bo‘ladi. U xolasiningmi, ammasiningmi o‘g‘lini yaxshi ko‘radi. Lekin xondan qarzdor bo‘lib qolgan kambag‘al dehqon qarzini to‘lay olmaydi-yu, uning evaziga qizini xonga tortiq qilishga majbur bo‘ladi. Sevgilisidan judo bo‘lgan bechora qiz, xon saroyida hijron dog‘ida yona-yona oxiri sil kasaliga uchrab o‘ladi... Xuddi shunday hikoya «Mehrobdan chayon»da ham bor. Lekin bu hikoyadan ham ko‘ra qirq qizlarning kundalik hayotini tasvirlagan sahifalar dahshatga soladi kishini.
Haramga keltirilgan kunlari bir-ikki kecha xonning «iltifotiga sazovor bo‘lib», keyin o‘z holiga tashlab qo‘yilgan bu chiroyli, sog‘lom qizlar to‘rt devor ichida o‘zlarini qayoqqa urishni bilishmay to‘lg‘anishadi, zerikkanlaridan, azbaroyi dimiqqanlaridan haramga kirib kelgan har bir odamga yopishishadi, uni ermak qilishadi. Lekin haramning darvozasi qulf, erkak zoti u yoqda tursin unga kiradigan ayollar ham sanoqli. Shuning uchun ham Gulshanning haramga kelishi kanizlar uchun katta hodisa, ermak, hatto bayram, shuning uchun ham hovli yuzida koptok o‘ynab, yalang oyoq, yalang bosh quvlashib yurgan qizlar uni ko‘rib oldiga yugurishadi, kulgi va qiyqiriq bilan qarshi olishadi:
«Esonmisiz!... Eringiz o‘lmadimi? Shahar yigitlari omonmi?» — deb hazillashishadi. Gulshanning: «Bo‘ldi, bo‘ldi! Sho‘x baytal o‘lgurlar!» degan xitobiga: «To‘q baytal! To‘q baytal!» deb tegajoqlik qilishadi. Keyin uni ham o‘yinga tortishadi va Gulshan yutqizganda «xix, eshagim!» deyishib, orqasi yag‘ir bo‘lguncha ustiga minishib o‘ynashadi. Kechasi esa bazm qurishib, mungli laparlar aytishadi. Lekin har biri bir yigitni baxtli qiladigan bu mazlumalarning go‘zal baz-mini to‘rt devordan boshqa kim ko‘radi, sho‘x va g‘amgin laparlari qaysi yigitni shaydo qiladi?.. Io‘q, bu go‘zal bazmni, to‘rt devor orasiga qamalgan parilar o‘yinini ularning o‘zlaridan boshqa hech kim tomosha qilolmaydi. Shuning uchun ham bu lapar va o‘yinlar qizlarning dilini battar qitiqlab, ushalmas orzulari chinakam iztirobga aylanadi, shuning uchun ham bazmdan keyin alamzada qizlarning hazil-mutoyibalari dag‘allashadi, «ko‘ylak yechar, ishton solar» kabi sharm-hayosiz o‘yinlar boshlanadi.
Birinchi qarashda bir oz «yalang‘och» tuyulgan bu sahna xon saroyida sil bo‘lib o‘lgan qizlar haqidagi har qanaqa hikoyadan ham qattiqroq ta’sir etadi kishiga. Bu sahifalar sizni titratmay iloji yo‘q, chunki shafqatsiz realistik kuch bilan yozilgan bu sahnalarda insonning eng ulug‘ fojiasi — muhabbat va ona bo‘lish baxtidan umrbod mahrum bo‘lgan ayollar fojiasi bor.
«Mehrobdan chayon»ni bir necha marta o‘qiganim holda uning «Qiziqlar» degan bobini faqat bir marta o‘qidim.
Bilmadim, ehtimol bu bobdagi qiziqlarning qiziqchiligi va askiyalarini «eshitib» zavqlanadiganlar bo‘lsa bordir, lekin men «tomog‘i ostidagi cho‘g‘ir qovundek bo‘qoq g‘ovlab yotgan mulla Baxtiyorni, kir yaktagidan badani ko‘ringan, bir qo‘li bilan yelkasini qashib, ikkinchisi bilan ishtonbog‘ini ushlab olgan Bahrom qiziqni» ko‘z oldimga keltirganimda men bu askiyalardan emas, yozuvchining satirik qudratidan qoyil qoldim. Chunki «burni o‘rnida yuqoriga qarab qurbaqa o‘rmalagan maxluqning» tashqi qiyofasidan, xunuklik va ifloslikda bir-biridan o‘tgan bu qiziqlarning: «Bir poy kafshni yeb qo‘yibsizlar-ku» yoki: «Bo‘qog‘ingga kafshning o‘kchasi tiqilib qolipti-ku!» yoki: «Singli taloq bitni qochirdim-da!» kabi «askiyalar»ni o‘qiganda: nahot shunday «qiziqchi»likdan zavq olgan Xudoyorxonday primitiv odam O’rta Osiyoday katta bir o‘lkani o‘n yillar davomida idora qilgan bo‘lsa?! — degan o‘yga borasan. Bu o‘y dahshatta soladi kishini. Yozuvchining asl maqsadi ham kitobxonda xuddi shu fikrni uyg‘otish bo‘lsa kerak.
Kitobni yopib uzoq o‘yga tolaman: bu ulkan yozuvchi hayot bo‘lganda adabiyotimiz yana qanday durdonalar bilan boyir edi?