OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farishtalar kiradigan xonadon

Bugun erta uyg‘ondim. Har kungidan-da vaqtliroq. Soat millari 5 ga qarab siljimoqda edi. Quyosh ham endi mo‘ralab, zarrin nurlarini taratishga taraddudlanib turgan ekan. 
O‘rnimdan turib, deraza darchasini ochdim. Xonaga tonggi mayin, yoqimli shabada yelib kirdi. Tanam rohatlandi. Hovliga chiqdim. Mushaklar chigilini yozish, hali ham mudrayotgan tanani «uyg‘otish» uchun picha mashq qildim, keyin vodoprovod qulog‘ini burab, sovuq suvda yuvindim. 
Erta uyg‘onishda gap ko‘p deyishadi ota-bobolarimiz. Baraka, rizq ortarkan. Shundanmi, bizning xalqimiz saharmardonlab turib, ish boshlashga odatlangan. Dehqon ketmonini yelkasiga olib, dalaga, cho‘pon qo‘y-qo‘zilarini o‘tlatish uchun qir-adirga otlanadi. Xullas, yigitu erkak, xotin-xalaj rizqi unishi, uyiga fayz-barokat kirib kelishi uchun yeng shimarib, ishga kirishadi. 
Kelinchagi bor xonadonning fayzi mo‘l bo‘ladi deyishadi. Chin. Hech kuzatganmisiz, o‘zga xonadonga kelgan kelinchak ilk kunlariyoq qo‘li to‘rt, oyog‘i olti bo‘lib, betin xizmatda bo‘ladi. Orastalik, tozalik, saranjom-sarishtalikni o‘rniga qo‘yib, hamma yoqni yog‘ tushsa yalagudek qiladi. U eng dastlabki yumushini darvoza oldini supirib, suv sepishdan boshlaydi. Bu ham farosatning go‘zal namunasi. Darvoza tagidan o‘tib ketayotgan yo‘lovchilar orastalikdan, ozodalikdan dili yashnab ketadi. Bu pokdomon xonadon sohibu sohibalariga havas qilishadi. 
Hech esimdan chiqmaydi. Rahmatli buvim hammamizni erta uyg‘onishga chorlar, o‘zlari esa birinchilardan bo‘lib turib, qo‘l-betlarini yuvib, so‘ng darvozaning bir tabaqasini lang ochib qo‘yardilar:
-Uyga farishtalar keladi, rizq ulashib ketadi.
O‘shanda fikri-zikri halollik, pokdomonlik bo‘lgan, tilidan «xudo», «farishta», «narigi dunyo» kabi ilohiy kalomlar tushmaydigan nursiymo, xudojo‘y buvimning gaplarini uncha tushunmasdik (bola edik-da). Biz o‘z sho‘xligimizdan, o‘zimiznikini ma’qullashdan qolmasdik. Buvim esa dilidagini tiliga chiqarishdan, ko‘nglidagi gaplarni bizga tushuntirishdan charchamasdi.
-Sahar turinglar, xudo erta turganning rizqini ko‘paytiradi.
Bugun ulg‘aydik. Tasavvurimda bolafe’l, soddaligicha qolgan, halol, vijdoni pok buvimning so‘zlari naqadar haqiqat ekanligini hayotning o‘zi isbotlab boryapti. 
Yaqin kunlargacha tunga qadar televizor tomosha qilib, kun yoyilganda ko‘zlarim qizarib, qovoqlarim shishib uyg‘onardim. Ishga kech qolmaslik uchun apil-tapil nonushta qilib, shoshib chiqib ketardim. Ishxonada ham tinchim yo‘q edi:lanjlik, kayfiyatsizlik... Dam olish kuni ahvol battar tang olardi: peshingacha uyqu. 
Zehn solsam, hayot bir xilda kechyapti: ertalab ishga boraman, kechqurun kelaman. Ovqatlanaman, so‘ng yana uyqu. 
Hayotimda rang yo‘q, joziba yo‘qdek tuyulardi. Na unumdorlik bor, na fayz-baraka. Bir kuni kenja amakimning videoga tushirilgan nikoh to‘yini oilamiz bilan tomosha qilib turgandik. Lavhalarning birida rahmatli buvim ko‘rinib qoldi. Yoshi saksondan oshgan bo‘lsa-da (sakson sakkiz yoshida vafot etgan) hamon tetik, bardam, jilmayib turibdilar. Ko‘zlari esa o‘sha betakror, ohori ketmas o‘gitlarni aytib turibdi:
«Erta turishda gap ko‘p»
Men kalavaning uchini topgandek bo‘ldim. Axir bolaligimda yo‘qotganim-o‘shandan buyon uyimizga kelmay qo‘ygan farishtalarni sog‘ingandim. Ko‘nglimga tugdim: «Ertadan boshlab barvaqt turaman...»
Oradan yigirma yil o‘tib, rahmatli buvim o‘rgatgan ishni bajardim: quyoshni uyg‘otdim. Nonushta mahaligacha bir dunyo ishlarni do‘ndirib qo‘ydim: tomorqadagi teshasi chala qolgan uch egat kartoshkaning tagini yumshatdim; sigirga yem tashlab, tezagini chiqarib tashladim, bo‘shagan chelaklarni suvga to‘ldirdim, gazga choynakda choy qo‘ydim. 
Ishga uydan har kungidan chorak soat oldin chiqib, biroz yayov yurdim. Havo ochiq edi. Ko‘kda nur taratib turgan oftob ham nazdimda menga jilmayib qarayotgandek tuyuldi. Shu kuni o‘zimni har kungidan-da tetik his qildim. Yayradim. 
Angladim: demak, erta turishda gap ko‘p. 
Ko‘p o‘tmadi. Uyimizga farishtalar tashrif buyurdi: to‘ng‘ich qizim dunyoga keldi, ukam uylandi. Ishxonada ham ishlarim yurishib ketdi. 
Men hozir buvimdan meros qolgan bir yumushni davom ettiryapman. Har tongda uyg‘onib, darvozani ochaman. Quyoshning mo‘ralab chiqishini zavq bilan tomosha qilaman. U uyimizga endi tom osha emas, eshikdan, bo‘sag‘adan kirib keladi. Inchunun, farishtalar ham.
Sizlardan ham istagim shu, erta sahardan eshigingiz ochiq tursin, ishlaringiz baroridan keladi.

Umid ALI

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.