OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O'zini topolmayotgan o'zlik

Allohga shukrlar bo‘lsinki, biz yoshlar kechagi xudosizlar tuzumining ta’limini olmadik. Uning kasal havosi, buzg‘unchi mafkurasi onglarimizni zaharlab ulgurmadi. Ayni maktab yoshiga yetganimizda, istiqlolga erishdik.

Mustaqillik xalqqa nafaqat hurlik-ozodlikni, balki imon-e’tiqod, dinni ham qaytargani jihatidan katta voqea sifatida qadrlanishga arziydi. Jamiyat dinsiz yashay olmasligi bugun ochiq e’tirof etilmoqda. Diyonat, adolat, insof, mehr-muhabbat kabi fazilatlarsiz hayot insoniylikdan chiqib, hayvoniy qiyofa kasb etishi tajribadan ma’lum. Shu boisdan bugun mamlakatimizda dinimizga, ma’naviyatimizga asoslangan milliy mafkurani shakllantirish hamda uni xalq ongiga sindirishga alohida ahamiyat berilmoqda.

Darhaqiqat, dinimiz,adabiyotimiz, tariximiz, an’ana va urf-odatlarimiz xalqimiz, millatimizning bu hayot sahnasida bor yo yo‘qligini belgilaydigan asosiy xususiyatlardir. O‘zligimizni anglab,-his etib, ko‘z qorachig‘idek asramasak, bor-budimizni yo‘qotgan bo‘lamiz. Bu masala bizdan, ayniqsa, bugun yanada hushyor bo‘lishimizni taqozo qilmoqda. Ruhiyatimizni tozalashga, insoniy hayot qurishga jiddu jahd qilmasak, yana qaytadan yot mafkuralar, begona manfaatlarning quliga aylanib qolishimiz mumkin. O‘zi endigina o‘shanday g‘ayriinsoniy mafkura va tuzumning asoratidan qutula boshlayapmiz.

Johiliy hayotdan, ma’naviy inqiroz depsinishlaridan qutulishning yagona yo‘li imonda, ma’rifatdadir. Albatta, bugun holat o‘zgardi, o‘zgaryapti. Ammo, ba’zi sohalarda hali-hanuz eskicha qarashlar girdobida o‘ralashib yuribmiz. Masalan, ta’lim tizimida umri tugagan uslub va nazariyalar hanuz kezib yuribdi. Yuksak siyosiy minbarlarda ham dinga munosabat tubdan o‘zgargan bir paytda xudosizlik (ateizm) sarqitlarining bugungi maktab darsliklarida, oliy o‘quv yurti qo‘llanmalarida bemalol yashayotganini qanday tushunsa bo‘ladi? 
Biz talabalar “Dinshunoslik asoslari” kursida shu nomdagi 1995 yil “O‘zbekiston” nashriyoti chop etgan darslikdan foydalandik. Kitob asosida moddiyunchilik nazariyasi yotibdi.

To‘g‘ri, mualliflar xolislikka, yangicha yondashishga intilishganini da’vo qilishadi. Lekin darslikning umumiy ruhi buning aksini aytib turibdi. Xususan, Islom dinimiz haqidagi bir necha boblarda mutlaqo haqiqatga zid ma’lumotlarga duch keldik. Avvalo, mualliflar dinning mohiyatini to‘la anglab yetishmagan ko‘rinadi. Natijada ko‘plab tushuncha va xulosalar hanuz eski talqinda, munosabat eskicha, tarixiy hodisalar esa buzib ko‘rsatilgan. 
Kitobdan ayrim matnlarni misol keltiramiz:
“Ilk Islomni vujudga kelayotgan qudorlik tuzumi mafkurasi deb baholash tarixiy va ilmiy jihatlardan to‘g‘ridir” (72-bet).

Qaysi “ilmiy jihatlardan”? Ateizm “ilmi”ni nazarda tutishyaptimi mualliflar? Ateizmni agar ilm deyishsa, unda xolislik haqidagi gapga o‘rin yo‘q. Umuman, oldin bir narsani aniqlab olish kerak: ushbu kitob Alloh taoloni bor deb e’tirof etadimi, yo‘qmi? E’tirof etsa, unda Allohning Islom dini haqidagi ta’limotini ham e’tirof etishi kerak edi. Agar inkor etsa, unda ateistik mavqeda turgani ma’lum bo‘ladi, xolislik va ilmiylik da’vosini qilmaslik kerak bo‘ladi. Harholda, quyida keltiradiganimiz iqtibosdan darslikning yo‘nalishi ochiqroq ko‘rinadi:
“Biroq hamma dinlarning muqaddas kitoblari kabi Bibliya ham insoniyat tomonidan yaratilgandir” (48-bet).
Demak, mualliflarning fikricha, “hamma dinlarning muqaddas kitoblari... insoniyat tomonidan yaratilgandir”. Demak, Alloh yo‘q, vahiy yo‘q (na’uzan billah)! Bu nuqtai nazar dahriyona bo‘lmay, nima?

Endi Injil masalasiga kelsak, unga Tavrot kabi insonlarning qo‘li aralashgani rost, asl matni saqlanmagan, hozirda mavjud nusxalariga odamlar ko‘p narsalar qo‘shib yuborganlari uchun botil qilingan. Ammo biz musulmonlar Alloh taolo Musoga, alayhissalom, Tavrotni, Isoga, alayhissalom, Injilni tushirganiga imon keltiramiz.
Darslikda yana shunday gaplar bor:
“Bunday sharoitda Muhammad hoshimiylar xonadonining ilgarigi shon-shuhrati va hokimiyatini tiklash uchun harakat qilishi o‘z-o‘zidan ravshan. Shuning uchun ham Makka zodagonlari bilan Muhammad o‘rtasidagi qarama-qarshilikni, birinchi navbatda, badavlat quraysh qabilasi xonadonlarining ichki raqobati, ular o‘rtasidagi hokimiyat va boylik uchun kurashning namoyon bo‘lishi, deb ta’riflash ilmiy va tarixiy haqiqatga to‘g‘ri keladi.

O‘z zamonasining siyosiy va g‘oyaviy muammolarini yaxshi tushungan Muhammad Makka zodagonlariga qarshi kurashda kambag‘al tabaqalarni o‘z tarafiga og‘dirish lozimligini va bunga erishish uchun qanday targ‘ibot yuritish zarurligini yaxshi bilgan” (73-bet).
“Islomni qurol kuchi bilan qabul qildirish va buni xohlamagan qabilalarga qarshi urush olib borish ham ana shu davrdan boshlangan” (74-bet).
“Muhammad payg‘ambar vafot etgan birinchi kunlardanoq musulmonlar jamoasining yo‘lboshchilari o‘rtasida hokimiyat uchun kurash va o‘zaro ixtiloflar boshlangan” (74-bet).

Bu gaplarda na ilmiy, na tarixiy haqiqatlar bor! Mualliflar bunday yengil-elpi fikrlari bilan komil dinimizga qanchalar og‘ir tuhmat toshlarini otishayotganini bilisharmikan?! Nahotki, tarixga bir oz xolis ko‘z bilan boqish uchun vaqt topisholmagan bo‘lsa?! Darslik deganlari saviyasiz manbalarga tayanib emas, pishiq-puxta, aniq va asil manbalarga suyanib yaratilmaydimi? Bunday xom-xatala darslikdan “ta’lim” olayotgan yoshlar ertaga kim bo‘lib yetishishadi? Dahriymi? Manqurtmi? Yo arosatdagi insonlarmi?

“Qur’on — sharq xalqlarining madaniy merosi” (VI) bobidagi takrorlash uchun berilgan savollarda “Qur’onning muallifi kim?” qabilida savol qo‘yilgan. Talabaning fikri qayoqqa yo‘naltirilyapti o‘zi? Unaqada mualliflar har xil so‘z o‘yinlari qilmasdan, maqsad-g‘oyani yashirmasdan, ochiq-oydin aytishlari kerakki, ushbu “dinshunos”lik xolislikka emas, xudosizlikka asoslangan! Shuning uchun, masalan, sovet dahriy sharqshunosligi asarlaridan “Qur’on Muhammadning ijodi” kabi mazmundagi ko‘chirmalarga (98-bet) suyanamiz!

Ming afsuslar bo‘lsin, bugunning talabasi shu kitobni o‘qiyapti. Chunki boshqa darslikning o‘zi yo‘q. Dahriytik mafkuralardan holi deyishimiz mumkin bo‘lgan birgina qo‘llanma bor — ma’ruzalar matni. Lekin kam nusxada chop etilgani bois aksariyat talabalar uning borligini ham bilishmaydi. Asosan, yuqoridagi kitobdan foydalanishadi. Dinlar tarixi shu darslikdan o‘qitilyapti. Mualliflar ushbu kitobda dahriyona xulosalari bilan o‘zlari bilib yo bilmay Allohni inkor etishyapti, hamma payg‘ambarlarni yolg‘onchiga chiqarishyapti, bitta-ikkita kommunist, dahriy sharqshunosning ilmga ham, tarixiy haqiqatga ham zid bo‘lgan havoyi gaplarini butun o‘tmish allomalarimizning, ma’naviyatimiz darg‘alarining ilmiy meroslaridan ustun qo‘yishyapti, ularni olim, bularni nodon deyishyapti. Shu to‘g‘rimi, axir?!

Behzod ABDUSAMAD,
O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.