OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Amudaryo Kaspiy dengiziga quyilgan...

“Аргументы и факты” gazetasi yaqinda Azov va Kaspiy dengizlarini kanal orqali suv yo‘li bilan bog‘lash bo‘yicha loyiha yaratilganligi haqida xabar berdi. “Gidrotexekspertiza” markazining ma’lum qilishicha, bu kanal Azov dengizidan boshlanib, Stavropol va Krasnodar viloyatlari, Qalmog‘iston va Dog‘iston hududlari bo‘ylab o‘tib, Kaspiy dengiziga tutashar ekan. Xabarda hozir loyiha ekologik ekspertizadan o‘tayotgani ma’lum qilingan.
Maqolani o‘qiyotib bir zamonlar bizning Amudaryo Kaspiy dengiziga oqqani haqidagi ma’lumotlar esga tushdi. Hozir ham shunday bo‘lganda mustaqil O‘zbekistonimiz o‘z kemalari bilan Kaspiy va Azov orqali jahon ummonlariga chiqishi mumkin edi. Bu endi xayoldan o‘tgan orzu-armon-da... Xo‘sh, bir paytlar Amudaryo o‘z suvlarini haqiqatdan ham Kaspiy dengiziga quyganmi?
Turli davrlarda Oks, O‘kuz, Araks, Amuy, Omul, Termiz daryosi, Balx daryosi, Jayxun deb atalgan Amudaryo faqat Osiyodagina emas, jahondagi yirik daryolardan bir hisoblanadi. Uning uzunligi boshlanish qismi bilan birgalikda 2450 kilometrni tashkil etadi. Ma’lumki, Surxondaryo va Qorasuv, Turkmaniston hududidagi Ko‘hitang daryolari Amudaryoning oxirgi irmoqlari hisoblanadi. Keyingi 1200 kilometr masofada unga bitta ham irmoq qo‘shilmaydi. Qadimda Zarafshon va Qashqadaryo suvlari ham bir-biri bilan qo‘shilib Amudaryoga quyilgan. Hozir daryo Qoraqum va Qizilqum cho‘llaridan o‘tib, suvini Orol dengiziga quyadi.
Amudaryo qadimdayoq juda mashhur bo‘lgan. Arablar uni jannatdan oqib chiquvchi to‘rt daryodan (Dajla, Frot, Nil va Amudaryo) bittasi deb hisoblashgan. Qadimda Jayxun nomini olgan bu daryo juda tez oqqanligi sababli qirg‘oqlarini ko‘p yemiradi va o‘zanini tez-tez o‘zgartirib turadi. Bir zamonlar uning suvi Sariqamish ko‘liga quyilgani haqida ham ma’lumotlar saqlanib qolgan. Qilquyruq (skafaringus) degan noyob baliq dunyoda faqat Amudaryo va Shimoliy Amerikadagi Missisipi daryosida uchraydi. Stalin AQSh prezidenti Trumenning bu baliqni juda yaxshi ko‘rishini bilib, Amudaryodan, ikki bochka qilquyruq tutdirib sovg‘a qilib yuborganida, u juda hayratda qolgan ekan.
Amudaryo qadim zamonlardan beri muhim suv yo‘li bo‘lib kelgan. Ayniqsa, Amudaryo Kaspiy dengiziga suvini quygan paytda uning ahamiyati yanada ortgan. Ba’zi manbalarga qaraganda, Amudaryo XIII asr boshlaridan, ya’ni mo‘g‘ullar bosqini davridan toki XVI asrgacha — 300 yil davomida suvlarini O‘zboy o‘zani orqali Kaspiy dengiziga quygan. Taniqli tarixchi va shoir Abulg‘ozixon “Shajarai turk” asarida yozishicha, XVII asrda — u tug‘ilishidan 30 yil ilgari Amudaryo Orol tomonga burilgan ekan. De Gue tadqiqotlarida Amudaryoning eski o‘zanlari xususida fikr yuritiladi. Unda daryoning Orol dengiziga quyilganligi va quyilayotganligi xususida bir qancha mualliflarning guvohliklari keltiriladi. Amudaryoning eski o‘zani o‘rnida qadimgi Xorazm ekin maydonlari barpo bo‘lganini ta’kidlaydi u. Bundan tashqari, De Gue XIII, XIV va XV asrlarda Amudaryoning Kaspiy dengiziga quyilganligi haqidagi manbalarga to‘xtalgan. Darvoqe, yunon tarixchisi Gerodotning yozishicha, Araksning 40 ta irmog‘i bo‘lib, faqat bittasi Kaspiy dengiziga quyiladi, qolganlari botqoqlik va qumliklarda yo‘qoladi.
Amudaryoning Kaspiyga quyilgan-quyilmaganligi masalasi bilan geologlar ham shug‘ullanishgan. Xususan, nemis geologi Valter tadqiqot olib borib, Amudaryo hech qachon Kaspiy dengiziga o‘z suvlarini quymagan degan xulosaga keladi. Chunki, aytilgan o‘zanlarda daryo jonivorlarining biron-bir qoldig‘i qolmagan ekan. U O‘zboy o‘zani boshqa yo‘l bilan hosil bo‘lgan degan fikrni bildiradi. Rus geologi A.Mushketov ham shu nuqtai nazarni himoya qilib chiqqan. Shu bilan bu bahslarga chek qo‘yilganday, Amudaryoning hech qachon Kaspiyga quyilmaganligi aniq bo‘lganday edi.
Ammo akademik V.Bartold mualliflarning bir-biriga qarama-qarshi fikrlaridan shubhalanib, tadqiqotlarni davom ettiradi. Shunisi aniq bo‘ldiki, XIII—XV asrlarda Amudaryo o‘z suvini Orol dengiziga quyadi deb yozganlarning barchasi bu ma’lumotlarni X asrda yashagan mualliflarning kitoblaridan olgan ekan. Mustaqil asar yozganlar esa Jayxun Kaspiyga quyiladi deb yozishgan. Bunda urush harakatlari va daryodan kechib o‘tish bilan bog‘liq misollar ham keltirilganligi diqqatga sazovordir. Masalan, manbalardan birida Mozandaron hukmdorlari mag‘lubiyatga uchragandan so‘ng kemalarga o‘tirib, Amudaryo Kaspiyga quyiladigan O‘g‘richa degan joyga kelishgani va daryo orqali uning oqimiga qarshi suzib, ancha uzoqqa borishgani qayd qilinadi.
XVI asrga oid yana bir guvohlik bor. Tarixchi Xondamirning yozishicha, 1460 yilda Sulton Husayn Kaspiy yaqinidagi Astrobod orqali shimolga yurish qilib, daryodan kechib o‘tadi. Shuningdek, Xondamir Amudaryo bilan bog‘liq yana bir yurish haqida ham to‘xtalgan. Sulton Husayn dastlab Astrobodga kirib, so‘ng shimolga qarab yo‘l olgan. Uning qo‘shini dengiz yaqinligidan, qirg‘oqning issiq bug‘idan ancha aziyat chekkan, so‘ng u Amudaryoga kelib, Adak degan joydan daryoning Asaf degan tarmog‘i orqali Xorazm hududiga — Vazir degan shahargacha kelgan. Bundan XIII — XVI asrlarda Amudaryo o‘z suvini Kaspiy dengiziga quygan degan xulosa kelib chiqadi. Xo‘sh, Amudaryo suvi Hazar dengiziga oqqan bo‘lsa, uning suvi ko‘paymaganmi?
XVI asrda arab tilida ijod qilgan bokulik sayyohning yozishicha, o‘sha paytlar oldin quruqlikda bo‘lgan bir qancha binolar suv ostida qolgan. Hamidullo Qazviniyning bitishicha, Kaspiy dengizidagi orol Astroboddan bor-yo‘g‘i 3 farsax, ya’ni 21 verst (bir verst — 2,1km. ga teng) narida ekan. Hozirda esa Astroboddan dengiz qirg‘og‘ining o‘zigacha 30 verst va Ashur Ade oroligacha 10 verst, jami 40 verst keladi. Shunday qilib, o‘sha davrda dengiz sathi ancha baland bo‘lgan degan xulosaga kelish mumkin.
Shunisi diqqatga sazovorki, Amudaryoning Kaspiy dengiziga quyilganligini isbotlovchi yana bir dalil sohibqiron Amir Temur bilan bog‘liqdir. Tarixchi Zahiriddin Mar’ashiyning yozishicha, Mozandaron qo‘shinlari bu yerdagi sayyidlar rahbarligida Sohibqiron qo‘shinlariga qarshi turishadi. Jangdan so‘ng qal’a Amir Temur qo‘shinlari tomonidan qamal qilinib, ikki oydan so‘ng zabt etiladi. Bu qamalda Amudaryodagi kemalarning sohiblari, kemachilar ham ishtirok etishadi. Bu ham Amudaryoning o‘shanda o‘z suvlarini Kaspiyga quyganligini isbotlaydi. O‘shanda neft olov oldirilib kemalardan qal’aga otilgan. Shuningdek, qamaldagilar ham kemadagilarni o‘qqa tutishgan.
Qal’ani egallagan Sohibqiron qo‘shinlari Sharqiy Mozandaron hududlariga yo‘l oladi. Sayyidlar esa kemalar bilan Movarounnahrga jo‘natilgan. Ular Amudaryoning Kaspiy dengiziga quyiluvchi O‘g‘richa degan joyiga keltirilib, so‘ng turli hududlarga, jumladan, Xorazmga jo‘natilgani haqida gap boradi. Ma’lumotlarga qaraganda, Kaspiyga quyiluvchi Amudaryo bo‘ylab boshdan-oyoq kemalar qatnaydigan suv yo‘li bo‘lgan. Dastlab asirlar daryo yo‘li bilan olib kelinib, so‘ng quruqlikdan o‘tilgan. Kemalar yura olmaydigan joylarda sharsharalar bo‘lganligi ehtimoli bor.
Rui Gonsales de Klavixo o‘zining «Samarqandga, Amir Temur saroyiga sayohat» kundaliklarida Termiz yaqinida Amudaryodan o‘tayotib, ko‘hna Jayxuning naqadar ulug‘ daryo ekanligini ta’kidlab, uning o‘z suvini Boku (Kaspiy) dengiziga quyishini yozib qoldirgan.
Pyotr I davrida Kaspiy dengizi orqali Amudaryoga o‘tish va Markaziy Osiyoga kelish, shu yerdan Hind okeanining iliq suvlariga chiqish maqsadi qo‘yilgan. O‘shanda rossiyaliklarda Amudaryo suvi to‘g‘on qurilib, Orol dengiziga burib yuborilgan degan tushuncha bo‘lgan. Bekovich boshliq ekspeditsiyaga (1717 y.) Amudaryo to‘g‘onini buzib, daryoning eski oqimi bo‘ylab, Kaspiyga oqizib yuborish vazifasi qo‘yilgandi. Holbuki, o‘sha paytlarda Markaziy osiyoliklar qo‘l kuchi bilan Amudaryodek ulkan suv yo‘li o‘zanini o‘zgartirishga qodir emasdilar.

Muhammad Azimov,
filologiya fanlari nomzodi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 47-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.