OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sarez ko‘li: xavfni bartaraf etish mumkinmi?

Pomirning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati hududidagi yuksak tog‘lar bag‘rida joylashgan sobiq Usoy qishlog‘ida 1911 yil 19 dan 20 fevralga o‘tar kechasi bo‘lgan kuchli zilzila tufayli Murg‘ob vodiysi yonbag‘irlarida tarixda misli ko‘rilmagan tog‘ o‘pirilib, ko‘chish ro‘y berdi. Ko‘chki Murg‘ob daryosini butunlay to‘sib qo‘ydi va jahonda eng yirik sun’iy tog‘ ko‘li hosil bo‘la boshladi.
Pomirning markaziy qismida joylashgan bu ko‘lni shimoldan Oloy orti, janubdan Hindikush, sharqdan Koshg‘ar, g‘arbdan esa Lolatog‘ o‘rab turadi. Hozirgi paytda Sarez ko‘lida 17 kub kilometr suv yig‘ilgan.
— Ko‘lning daryo, sel suvlariga to‘lishi va ulkan miqdordagi obihayot ko‘chki hosil qilgan tosh-tuproq to‘g‘onning u yer-bu yeridan sizib chiqishi natijasida atrofda boshqa ko‘llar ham hosil bo‘layotir, — deydi 1998 yili O‘zbekiston tomonidan yuborilgan maxsus ekaspeditsiya a’zosi Nikolay Gorelkin. — Ana shu safarimiz davomida biz to‘g‘on va uning atroflarida bir necha joyda maxsus uskunalar o‘rnatib laboratoriya tadqiqotlari olib bordik. To‘g‘onda hosil bo‘layotgan xavfli yoriqlarni kuzatdik.
O‘zbekiston bosh gidrometeorologiya xizmatining ilmiy xodimi Nikolay Gorelkin suv omborlari xavfsizligi bo‘yicha gidrogeolog. Uning aytishicha, tog‘larda shu singari turli tabiiy jarayonlar, zilzilalar tufayli hosil bo‘lgan katta-kichik ko‘llar behisob. Ularning ochilib ketish hollari ham ro‘y berib turadi. Bundan bir necha yil muqaddam Shohimardonsoyda hosil bo‘lgan shunday kichik ko‘lchaning ochilib ketishi qanday fojialarga olib kelgani hammaning yodida. Sarez esa yig‘ilgan suv miqdoriga ko‘ra bir necha bor katta bo‘lib, u Amudaryoning quyi qismida joylashgan shaharlar va 5 milliondan ortiq aholi uchun juda katta xavf tug‘diradi. Chunki muttasil tekshirib borilayotgan ko‘lning holatida ko‘p yillardan beri barqarorlik sezilgani yo‘q. Uning gidromeliorativ ahvoli turg‘unlashmayapti.
Shu soha bo‘yicha yana bir mutaxassis — “Gidroloyiha” muassasasi direktori, “Planeta” xalqaro nodavlat va notijorat tashkilotining Sarez ko‘li tabiiy to‘g‘oni ochilib ketishiga tahdid soluvchi xavfni kamaytirish bo‘yicha tashabbus guruhi tayyorlagan loyiha rahbari Sergey Jigarev bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Sarez ko‘lining ochilib ketish xavfini bartaraf etish uchun shu bugundanoq sa’y-harakatga kirishmoq zarur. Har bir zoe ketgan kun kech qolish sari qo‘yilgan qadam bo‘lishi mumkin. Hozircha, xavfni bartaraf etishning tezkor loyihalarini yaratishga doir ikkita g‘oya ilgari surilmoqda. Ularning bittasi suv yuzasida suzib yurib ishlovchi nasos stantsiyalari qurib, ko‘ldagi suvni ulkan quvurlar orqali to‘g‘on ortidagi daryoga oqizishdir. Bu usulning qulayligi shundaki, agar ulkan quvurlardan suv chiqayotgan joyda kichik gidroenergetika uskunalari o‘rnatilsa, nasoslarning ishlashi uchun zarur elektr quvvatini shuning o‘zidan olish mumkin. Bunda uzoq joylardan elektr simlari tortib kelishga hojat qolmaydi. Faqat bir muammo bo‘lishi mumkin, u ham bo‘lsa nasoslarni ishlatib yuborish uchun zarur bo‘lgan dastlabki elektr quvvati. Uni shu joyda dizel dvigatellarini o‘rnatib olish mumkin. Shunday qilinsa, ko‘ldagi suv sathini xavf tug‘dirmaydigan darajagacha pasaytirish imkoniyati bor.
Ikkinchi taklif Sarez ko‘li yon-atrofidan tunnel qurib uning suvini oqizish. Bu rejaning murakkab jihati shundaki, tunnel qazish uchun ba’zi tog‘ jinslarini portlatishga to‘g‘ri keladi. Bu esa nihoyatda xavfli, hozirgi mavjud tabiiy to‘g‘onning o‘z-o‘zidan ochilib yoki siljib ketishiga olib kelishi mumkin.
Sarez ko‘li xavfini bartaraf etish, avvalo, besh million aholi istiqomat qilayotgan hududlarni toshqin balosidan xalos etsa, ikkinchidan, keyingi yillarda suv tanqisligi bot-bot yuz berib turgan Markaziy Osiyoning sobiq cho‘l joylarida yangidan o‘zlashtirilgan ziroatchilik maydonlarini obihayotga serob etish imkonini beradi. Bundan tashqari, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq ekologik fojia hududlaridagi sanitariya ahvoli birmuncha mo‘‘tadillashadi. Chunki Sarez ko‘li suvini asta-sekinlik bilan bosqichma-bosqich Bartang daryosiga oqizish va u orqali Amudaryo havzasini mo‘l-ko‘l obihayot bilan ta’minlash oxir-oqibatda ko‘hna Jayxunning quyi qismida hozir yangidan tiklanayotgan eski ko‘llarni tezroq suvga to‘ldirish imkoniyatini yaratadi.
Negaki, so‘nggi qirq yil mobaynida Orol dengizi havzasida sug‘orishning nihoyatda samarasiz usullari qo‘llanishi va bu tajribaning amalda yaroqsizligi jahonda qit’a ichidagi suv havzalari orasida kattaligi jihatidan to‘rtinchi o‘rinda turuvchi Orol dengizi maydonining keskin qisqarib ketishiga olib keldi. Bir paytlar Mo‘ynoq bilan Qozog‘istonning Orol shaharlari o‘rtasidagi salkam ming kilometrlik ochiq dengizda yirik kemalar, zamonaviy teploxodlar qatnagan, necha million tonnalab baliq tutilgan dengiz endilikda suvining sho‘rligidan tirik hujayra ham yashay olmaydigan sassiq ko‘lga aylanib qolgani sho‘rolarning tarix oldidagi kechirilmas gunohlaridan biridir. Necha millionlab odamlarning tirikchilik manbaidan mahrum bo‘lib qolishi XX asrda insoniyat boshiga tushgan eng katta falokatlar bilan barobar, desak aslo mubolag‘a emas.
Hozir dengizning qirq yil avvalgi suvining bor-yo‘g‘i 15 foizigina qolgan, uning sathi esa 23 metrga tushib ketgan. Oqibatda 50 ming kvadrat kilometrlik katta hududda Orolqum degan yangi sahro vujudga keldi. Mazkur ekologik fojia dengiz havzasidagi tirikchilik asosini barbod etib, ichimlik suv tanqisligini, nafas yo‘li va buyrak-jigar xastaliklari, kamqonlik va irsiy zaiflashuvni keltirib chiqardi. Onalar va bolalar salomatligini izdan chiqardi. Dengizning qurigan tubidan ko‘tarilayotgan tuzli qum zarralari nabotot olamiga qiron solib, hosildorlikni tushirib yubordi. Yaylovlar mahsuldorligi pasayib, barqaror dehqonchilikka putur yetdi.
Mustaqillik yillarida Markaziy Osiyo davlatlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan bu og‘ir ekologik fojia asoratlarini imkon qadar bartaraf etish yo‘lida muayyan tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekistonning dengizga tutash qismidagi Chuchuksuv (Sudoche), Jiltirbosh, Baliqchi, Mo‘ynoq, Daryolar oralig‘i, Maqpalko‘l kabi ko‘pgina tabiiy ko‘llar tiklandi. Jahon banki ham bu borada o‘z homiylik yordamini ko‘rsatmoqda. Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining GEF (Global ekologik jamg‘arma) agentligi loyihalari asosida mazkur ko‘llarni dengizdan ajratuvchi to‘g‘onlar barpo etilgani oltinga teng obihayotning besamara ketishi oldini olmoqda. Buning natijasida Amudaryo va Sirdaryoning dengizga quyiladigan deltalarida sun’iy kichik dengizlar vujudga keldi.
Dengizning qurigan tubida o‘rmonchilar va xalqaro “donor”lar yordamida yangi butazor va saksovulzorlar barpo qilinmoqda. Chuchuksuv va Ko‘korol (Qozog‘iston) ko‘llari qayta tiklanishi, yangi sun’iy o‘rmonzorlarning barpo etilishi bilan baliqchilik va ovchilik asta-sekin oyoqqa turmoqda. Tabiat muvozanatining uzilgan xalqalari tiklanayotgani bois qit’alararo uchib yuruvchi ko‘char qushlar ham o‘z tabiiy migratsiya hududlarini adashmay topib kelmoqdalar.
Ana shu jarayonda Pomirning yuksak tog‘lari bag‘ridagi xavf solib turgan Sarez ko‘lining suvi Orol havzasiga qisman oqizilishi ona tabiat muvozanatining tiklanishini bir qadar jadallatishi ham mumkin. Biroq bu ish juda katta mablag‘larni, juda ko‘plab manfaatdor va homiy tashkilotlarning bir yoqadan bosh chiqarishlarini taqozo etmoqdaki, bundan uch yil avval tuzilgan “Planeta” xalqaro nodavlat va notijorat tashkiloti Markaziy Osiyodagi va planetaning boshqa hududlaridagi barcha taraqqiyparvar insonlarni ana shu olijanob ishga da’vat etmoqda.
Uning tashabbusi bilan Respublika Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati, Fanlar akademiyasi, Gidrometeorologiya markazi, “Gidroloyiha” OAJ va boshqa manfaatdor tashkilotlar hamkorligida Sarez ko‘li muammolariga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumani ham mazkur ko‘lning hozirgi gidrogeologik ahvolidan jamoatchilikni ogoh etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
— Atrof-muhit muhofazasi, tabiiy va favqulodda texnogen vaziyatlardan aholini ogoh etish singari ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, havo va tabiiy muhit tozaligini nazorat qiluvchi muassasalar, SANIIRI va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqdamiz, — deydi “Planeta” xalqaro tashkiloti prezidenti Ismoil Qalandarov. — Sayyoramizni birgalikda asrash asosiy shiorimiz. Sarez ko‘lining ochilib ketish xavfini kamaytirish bo‘yicha loyiha esa mamlakatimizdagi yetakchi muassasalar hamkorligida ishlab chiqilmoqda.
O‘z oldiga atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy boyliklardan tejamli foydalanish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga doir tadbirlarni amalga oshirishni maqsad qilib qo‘ygan mazkur tashkilot odamlarning intellektual salohiyatini oshirish, jamiyatning har bir a’zosi o‘ziga munosib sharoitlarda yashashiga ko‘maklashish, turli millatlar orasida o‘zaro totuvlik va do‘stlikni mustahkamlash borasida ham ibratli tadbirlarni ro‘yobga chiqarmoqda.
Endigi asosiy vazifa insoniyatning ezgu maqsadli taraqqiyparvar kuchlarini ona sayyora ekologiyasiga xavf solayotgan tahdidlarni bartaraf etishdek mushtarak maqsadlarga safarbar etmoqdan iboratdir.

Murod Abdullayev
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006 yil 47-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.