OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jakondaning siri fosh etildi

Endi butun dunyo Leonardo da Vinchi o‘zining o‘lmas asarlarini yaratayotganda qaysi texnikadan foydalanganligini  bilib olishi mumkin. Besh asr davomida san’atshunoslar bu rasm qanday yaratilganini bilishga harakat qilishdi va nihoyat frantsiyalik rassom bunga muvaffaq  bo‘ldi. Jak  Frank – san’at olamida unchalik mashhur  bo‘lmasa-da,  da Vinchini o‘rganuvchilar o‘rtasida obro‘si baland. Frankning gapiga qaraganda, u hech qaysi san’atshunos 5 asr davomida yechilmaydigan sir deb o‘ylagan muammoning sirini bilib oldi. Den Braunning  «Da Vinchi kodi» asarida Mona Liza tasviri 2000 yillik tarixga ega bo‘lgan Iso payg‘ambarning sirlarini ochib beruvchi shifrlangan tarix deb ta’kidlangan. Frank esa italiyalik rassomning bu shoh asari boshqacha xususiyatga ega kod — buyuk san’atkorning besh asrlik sirini, shu paytgacha hech kim foydalana olmagan o‘ziga xos texnikasini mujassam etgan, deb hisoblaydi.

Bu haqda u shunday deydi:
— 5 asr oldingi texnika ko‘rinishlarining sirini hech kim topolmagan, Mona Lizani doimo tushuntirib bo‘lmaydigan asar deb hisoblashgan. Endi o‘ylashimcha, menda bunga javob bor.

XVI asrda bu san’at asari terak taxtaga mitti mo‘yqalamchalarda shunday mahorat bilan chizilganki, mo‘yqalamchalarni ko‘z bilan, hattoki, mikroskop, rentgen orqali ham ajratib bo‘lmaydi. Uyg‘onish davrining buyuk rassomi bu usulni «sfumato» deb atagan. Ustma-ust chizilgan ranglar va ranglar soyasi hech qanday chegarasiz bir-biriga qo‘shilib ketadi. Ko‘p yillik tadqiqot va uzoq izlanishlardan so‘ng Frank o‘sha usulni  deyarli takrorlay oldi. Mo‘yqalamni shunday ushlashni o‘rgandiki, bo‘yaganda mahorat bilan, kichkina qilib bo‘yashni o‘rgana oldi. Lekin bu erishmoqchi bo‘lgan maqsaddan ancha yiroq edi. Gapiga qaraganda u Leonardoning ilk asarlarining  texnik darajasiga yeta olgan. Rassom o‘z eksperimentida zamonaviy texnikadan foydalanganligini rad etadi. Uning tadqiqotlarini rasmiy madaniyat tashkilotlari qo‘llab-quvvatladi. Da Vinchining ko‘p asarlari  saqlanayotgan yetakchi san’at galereyalardan biri Florentsiyadagi Uffizi muzeyida Leonardo da Vinchi asarlarining yoniga Frankka ham o‘z tadqiqotlarini qo‘yishga ruxsat etildi. 6 ta jadvalda bosqichma-bosqich Jakondaning ko‘zi qanday chizilganligi ko‘rsatib berilgan. Shuningdek, galereyada Leonardo da Vinchining rasmlarining nusxasini Frank o‘zi tadqiq qilgan usul orqali chizgan 2 ta asar ham ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Jumladan: «Avliyo Annaning portreti» ham.

Frank Los-Anjelesdagi Leonardo da Vinchini o‘rganish markazining konsultanti. Uning gapiga qaraganda, Jakondaning portreti bir o‘tirishda chizilmagan. Uning chizilish jarayoni 100 ta seansdan oshgan. Har birining uzunligi chorak millimetrni tashkil etgan kesishuvchi mo‘yqalamlardan foydalanilgan.

Suyuq, shaffof yog‘li bo‘yoqlar bilan bir necha yillar davomida chizilgan Jakonda qiyofasi 30 qavat ranglar jilosidan iborat. Rassom oldin eskiz qilib, keyin unga asosiy fonini och-sariq rangda bergan. Keyinchalik u Frank «mikro ajratish» deb atagan  usulni qo‘llagan. Kichkina mo‘yqalam bilan qizg‘ishroq shaffof rang bergan. Maxsus shtrixovka usuli bilan kamchiliklarni to‘ldirgan va shtrixlarni bekitish uchun yana bir qavat bo‘yoq joylashtirgan.

Rassomning o‘ylashicha, Jakondaning rasmini chizishda, yaxshiroq chiqishi uchun Leonardo bir qo‘lida lupa bilan ishlashga majbur bo‘lgan.  Frankning gapi bo‘yicha, bu usul boshqa rassomlarga qo‘l kelishi mumkin. Lekin bu texnikada ishlash ancha murakkab. Frank Leonardoning «Avliyo Annaning portreti» asarining nusxasini chizish uchun 3000 soat vaqt kerak bo‘lganligini aytgan.

Dilnoza Namozova

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.