OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qancha vaqt uxlash kerak?

Bu savolga aniq javobni fan haligacha aniqlay olgan emas. Barcha uchun birdek qo‘llash mumkin bo‘lgan qoidaning o‘zi yo‘qqa o‘xshaydi. Ammo ana shu mavzudagi tadqiqotlar olimlar uchun ham, boshqalar uchun ham qiziqarli bo‘lib tuyulishi, tabiiy. Yaponiyadagi Nagoi universiteti olimlarining fikricha, uyqu inson salomatligi va umriboqiyligini ta’minlashda juda katta ahamiyatga egadir.

Tadqiqotchilar Yaponiyaning 45 ta tumanidan 110 ming kishini jalb qilgan holda ish olib borishdi. Ular olingan natijalarni qaytadan sinchkovlik bilan o‘rganishga kirishdilar: uyquning kasalliklar yoxud o‘lim bilan bog‘liqlik jihatlari nimada? Shu narsa ma’lum bo‘ldiki, sutka mobaynida olti soatdan yetti yarim soatgacha uxlaydiganlar eng sog‘lom kishilar ekan. O‘lim hodisasi bunday kishilarda juda kam uchraydi. Surunkali ravishda uyqusizlik dardiga yo‘liqqanlar jiddiy xavf-xatarga uchrashlari aniq. Kimki 4—5 soatdan kam uxlasa, o‘z umrining 1,6 marta  qisqarishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Bu ma’lumotlar zamirida azaliy qonuniyat borligini inkor eta olmaymiz: to‘laqonli dam ololmagan kishining tanasi darmonsizlanishi tabiiy. Tadqiqotning yana bir jihati hayratomuz. Bu ko‘pchilikning to‘yib-to‘yib va ko‘proq uxlash kerak, degan fikriga tamoman ziddir. Muttasil ravishda sutkasiga 9—10 soatlab uxlash, bu umrni 1,7—1,9 barobar kamaytirishga olib keladi. Uyquni yaxshi ko‘ruvchilar o‘rtasidagi o‘limning yuqoriligi sabablarini tushuntirish oson. Shuni nazardan qochirmaslik kerakki, uzoq uxlovchilarning aksariyati sog‘ligida jiddiy muammosi bo‘lgan kishilardir.

Ko‘pchilik olimlarning taxminiga qaraganda, uyquning davomiyligi unchalik muhim emas. Uyquning qayerda, qanday holatda, demak, sifati sog‘likka, jumladan, kishining «ichki biologik soati»ga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Har bir kishi o‘zining nasliy jihatdan shakllangan uyqusi va tetiklik ritmiga ham ega. (Bu hammaga tanish bo‘lgan holat — «so‘fito‘rg‘ay (tongda uyg‘onuvchi) va «boyo‘g‘li» (kech turuvchi)ning uyqusini eslatadi). Ana shu ritmning buzilishi oqibatida tez-tez yurak-qon tomirlari, asab, endokrin, umumiy ma’noda desinxronoz deb aytish mumkin bo‘lgan kasalliklar kelib chiqadi. Bu kasalliklarning eng murakkab holatlarida maxsus xronbiologiya fani shug‘ullanadi. Shuni bilish muhimki, desinxronoz sog‘lik uchun xavfli bo‘lib, u organizmning quvvatini keskin tushirib yuboradi, surunkali kasalliklarga duchor etadi.

Xulosa aniq bo‘ldi: siz uchun odat tusiga kirgan sog‘lom turmush tarzidan hech qachon chekinmang, uyqudagi joyingiz o‘zgarmagani ma’qul, shunda siz xotirjamgina charchog‘ingizni chiqarasiz. Sizning qancha vaqt uxlashingizni esa organizmingizdagi ehtiyoj hal qiladi. Tanangizdagi «men» sizga hamisha uyqu bobida ham signal berib turadi. Har qalay me’yorida uxlagan yaxshi.

“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.