OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kanikula yulduzi: qadimgi Rimda dam olish kunlari unga qarab belgilangan

Ta’til so‘zining ruscha muqobili — “kanikul”ning tarixi juda qiziq. Aslida u Sirius yulduzining lotincha nomi – “Kanikula”(mitti kuchukcha degan ma’noni beradi) so‘zidan kelib chiqqan. Mazkur yulduz yozning eng issiq paytida ko‘kda paydo bo‘lgan. Qadimgi Rim senati aynan shu payt — “Kanikula” osmonda yuz ko‘rsatganda fuqarolar uchun dam olish kunlarini e’lon qilgan. Demak, o‘sha davrlardayoq yozda hordiq chiqarish ko‘nikmasi paydo bo‘lgan hamda bu odat bugungi kungacha davom etmoqda. Biroq yozgi ta’til muddati barcha mamlakatlarda bir xil emas. Jumladan, respublikamiz yoshlari uchun yoz oylarining ma’lum kunlari ta’til hisoblanadi. 

Rossiyaning “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunida maktab, litsey va gimnaziyalarda ta’til o‘quv yili davomida 30 kundan oshmasligi, yozda esa 8 haftadan kam bo‘lmasligi qayd etilgan. 

Yaponiyada esa ta’til kunlari u yoqda tursin, o‘quv yili boshlanadigan kun ham boshqa davlatlardan tubdan farq qiladi. O‘quvchilar 6 apreldan maktabga chiqadilar. Negaki, aynan mana shu paytda Yaponiyada bahor eng go‘zal pallaga kiradi va, asosiysi, sakura daraxti gullaydi. Kunchiqar mamlakatda o‘quv yili uchta trimestrga bo‘linib, birinchi trimestr 20 iyulgacha davom etadi, so‘ng o‘qish yozgi ta’til bilan o‘rin almashadi. Ikkinchi trimestr 1 sentyabrdan 26 dekabrgacha, so‘nggi — uchinchi trimestr 7 yanvardan 25 martgacha davom etadi. O‘quv muassasalarida o‘qish haftada olti kun, ammo har ikkinchi shanba dam olish kuni hisoblanadi. Ammo yapon bolalari uchun ta’til yoppasiga hordiq olish degani emas. Ular ta’tilga chiqishdan oldin dam olishning har bir kuni uchun alohida uyga vazifa oladilar. Uchala trimestrda yaxshi o‘zlashtira olmaganlari ba’zida ta’tilda ham o‘qishni maxsus kurslarda davom ettiradi. Bunday o‘ziga xos “ta’til” yapon-o‘quvchilar uchun allaqachon odatiy holga aylangan.

AQShda o‘quv yili joyiga qarab avgust yoki sentyabr oylarida boshlanib, bahorning so‘nggi kuniga qadar davom etadi. Iyundan o‘quvchilar yozgi ta’tilga chiqadi. Qo‘shma Shtatlarning qo‘shnisi Kanadada ham shu holat kuzatiladi va o‘quv yili sentyabrning birinchi haftasida boshlanadi. Germaniya, Avstriya, Angliya va Chexiya Respublikasida o‘quv yili iyun oyining oxirida tugab, iyuldan uzoq kutilgan ta’til kunlari boshlanadi. 

Yevropaning eng mitti davlati hisoblangan Lyuksemburg hamda korridochilar mamlakati Ispaniya maktablarida o‘quv yilining avvali oktyabrga to‘g‘ri keladi. Ammo o‘quv yilining davomiyligida farq bor. Ularning birinchisida o‘qish iyulda tugasa, ikkinchisida iyun oyida yakunlanadi. Gretsiyada esa o‘quv yili 12 sentyabrda boshlanadi va iyun oyi o‘rtalarigacha davom etadi. Bundan tashqari, bolalar haftada besh kun o‘qiydi. 

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, avgust barcha davlatlarda dam olish oyi hisoblanadi.

Aslida yozgi ta’til hamma uchun ham dam olish emas. Chunki mana shu davr mobaynida o‘smirlar ishtirokidagi turli qonunbuzarliklar kuzatiladi. Jumladan, yozgi dam olish kunlari uch oy davom etadigan Rossiyada ta’til kunlarini ikki oyga qisqartirish masalasi bir necha yildan buyon muhokama qilinib kelmoqda. Moskva shahrining meri Yuriy Lujkovning aytishicha, ta’til paytida barcha oilalar ham o‘z farzandlarini oromgohlar yoki boshqa shu kabi dam olish joylariga yubora olmaydi. Oqibatda esa bo‘sh qolgan bolalar vaqtini nimaga sarflashni bilmaydilar. Bolaning bo‘sh qolishi esa hech qachon yaxshi natijaga olib kelmaydi. 

Bolalar o‘rtasidagi bezorilik, tartibbuzarlik kabi holatlarning oldini olish maqsadida qator davlatlarda ta’tilga chiqqan o‘quvchilarni maktabdan tashqari ta’lim tizimiga jalb etishga harakat qilinmoqda. Xususan, mamlakatimizda bolalar va o‘smirlarning bo‘sh vaqti va dam olishini tashkil etish uchun davlat organlari, jamoat tashkilotlari, shuningdek, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar madaniy-estetik, ilmiy, texnikaviy, sport va boshqa yo‘nalishlardagi maktabdan tashqari davlat va nodavlat ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda 1200 dan ortiq maktabdan tashqari ta’lim muassasasi mavjud. Shu bilan birga ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj bolalarni turli xil to‘garaklarga jalb etishga ham e’tibor qaratilgan. Qolaversa, o‘zbek oilalari, mahallalarining o‘zida bolaning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, uni band qilib qo‘yishning an’anaviy mexanizmlari mavjud. 

Madina Tog‘ayeva
“Marifat” gazetasidan

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.