OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Chiqindilar “qo’shini”: ular qanchalik bizga tahdid soladi?

Sayyoramizning ma'lum foizini allaqachon chiqindilar egallab bo‘lgan. Ular yengib bo‘lmas qo‘shinga o‘xshaydi. Qirgan sari, aksiga olib, ko‘payib boraveradi. Ehtimol, yaqinda dunyo bo‘ylab chiqindi odamlar armiyalarini namoyish etgan olmon rassomi muammoni shu yo‘sinda tasavvur etgandir. Xans-Yurgen Shult o‘zining g‘ayrioddiy ko‘rgazmasini mashhur muzey yoki ko‘rgazmalar zalida emas, balki dunyo­ning diqqatga sazovor joylari qarshisida, aniqrog‘i, odamlar ko‘ziga yaqin yerlarga o‘rnatdi.

Muallifning g‘oyasiga ko‘ra, chiqindilar insoniyatning ekologik muammolari va ularning atrof-muhitga yetkazayotgan zararining o‘ziga xos ramzi sifatida xizmat qilishi kerak.

Bir qarashda Shult bu ishlarini tayyorlash uchun "Coca-Cola" zavodining bir-ikki yillik chiqindilarini sotib olganga o‘xshaydi. Ammo uning chiqindidan tayyorlangan askarlari kompyuter qism­lari (ular skelet vazifasini o‘tagan), plastik xaltalar (sochlari va yuz ifodalarini yasash uchun), xilma-xil alyumin qadoqlar kabi keraksiz buyumlar qatoriga qo‘shilgan narsalardan yaratilgan. «Chiqindi odamlar»ning bo‘yi sizu biz qatori. To‘g‘ri, ular aynan inson tashqi ko‘rinishida emas, ammo uzoqdan qaraganda jangdan toliqqan armiya askarlarini eslatadi.

Ijodkor o‘zining birinchi haykallar kompozitsiyasini 1996 yilda Germaniyaning Ksanten shahrida namoyish etgandi. Shundan buyon uning instalyatsiyalari dunyoning yirik madaniy va tarixiy markazlaridan joy olib kelmoqda.

«Bu ishimni 1960 yillarda boshlaganman, o‘shandayoq chiqindilar maydonidagi namoyishimdan maqsad sayyo­ramizdagi ekologik beqarorlikka e'tibor qaratish edi. Men anchadan buyon siyosatchilarga atrof-muhitni muhofaza qilish - saylovchilar yuragiga kalit ekanini aytib kelaman. Biz rassomlar jamiyatning lakmus qog‘ozi bo‘lib hisoblanamiz. Odamlar ijodkor ovozini anglaganda ularda muammoga daxldorlik hissi uyg‘onadi. Jamiyat ozodligi ijod erkinligi bilan o‘lchanadi",-­ deydi rassomning o‘zi.

U insonlar aqlini biroz harakatga keltirmoqchi edi, ammo yuraklarni-da junbushga keltira oldi. Odamlar o‘zlari kundalik turmushda foydalanadigan buyumlarning qoldiqlari butun bir qo‘shin tuzishga yetishini ko‘rib, hayratga, hatto dahshatga tushdilar.

 Bu namoyishdan so‘ng chiqindining chiqindiligi ham qolmadi. U ekologik, ma'naviy, ijtimoiy ahamiyat kasb etgan rostmana asar sifatida qabul qilina boshladi.

Minglab ana shunday haykallarni yasagan janob ozmuncha zahmat chekishiga to‘g‘ri kelgan, deysizmi? Masalan, Kyoln ibodatxonasi qarshisiga qo‘yilgan ekspozitsiya uchun 30 nafar yordamchi va olti oylik qattiq mehnat kerak bo‘lgan. Bryusselda esa uning «armiya­»sini tomosha qilish uchun 1 million kishi tashrif buyurgan.

1996 yildagi ilk ko‘rgazma janob Shultga qariyb 41 ming yevroga tushgan edi. Hozir esa bu haykallarning har biri uchun olti ming yevro to‘lab, sotib olishyapti. Daromad chakki emas. Ammo bu pullar fidoyi rassomning shaxsiy ehtiyojlari uchun emas, balki keyingi ekspozitsiyaga sarflanadi.

Shult o‘z «armiyasi» bilan Buyuk Xitoy devoridan tortib, Misr ehromlarigacha kezib chiqdi. Ushbu osori atiqalar o‘tmishdan yodgorlik. Ajdodlar bizga nima qoldirdi, biz-chi, biz avlodlarga nima qoldiramiz? Aynan mana shu g‘oya rassomni ilhomlantirgan edi.

Shu o‘rinda "o‘tmish me'morchiligi bilan kelajak me'morchiligi birlashadi". Ana shuni his qilgan odamni qarshisidagi manzara junbushga keltirmay qo‘y­maydi - ulug‘vor o‘tmish va maishiy chiqindilardan barpo bo‘lgan bugun.

Umuman olganda rassomga shaharni noan'anaviy tarzda bezash juda yoqadi. U chiqindi odamlar armiyasiga "qo‘mondonlik" qilishdan tash­qari qanotli avtomobillar yasaydi, bolalar uchun mo‘ljallangan ajoyib maydonchalar barpo etadi. Uning so‘nggi ekspozitsiyasi Vashingtondagi Milliy geografiya muzeyi­da namoyish­ etilgan. Agar u ma'muriyat roziligini olsa, nav­batdagi ko‘rgazmani Nyu-Yorkda tomosha qilishingiz mumkin.

Haykallar qaerda namo­yish­ etilmasin, ular barcha yerda bir xil. To‘g‘ri, ayrim kuzatuvchilar ular hudud yoki madaniy an'analar bilan bog‘liq ravishda o‘zgartirilishini va o‘sha yer odamlari zimmasidagi ekologik yuk darajasini ifodalashi lozim, degan takliflarni ham bildirishgan. Ammo bu borada muallifning fikri o‘zgacha. Globalizatsiya domiga tortilib borayotgan asrimizda hatto chiqindilar ham bir xil. "McDonalds" va "Coca-Cola" mahsulotlari Buyuk Xitoy devorida ham, Nyu-Yorkda ham oxir-oqibat chiqindiga aylanadi.

Chiqindilar - zamonaviy san'atning xomashyosi. Bu fikrni aslo san'at ahamiya­tini tushirish uchun aytayotganimiz yo‘q. Shunchaki, odamlar xavf darajasini chuqurroq anglab, bundan bosh­qalarni ham ogohlantirmoqchi. Buning uchun esa zamondoshlar ongiga ta'sir qilish, ularni hayratga solish kerak bo‘ladi. Tim Nobl va Syu Uebster ham xuddi shu maqsadda harakat qilayotgan juftlik. Ularning yaratgani chindan ham tahsinga sazovor.

Ijodkorlarning yasagan narsasini qaysi tomondan tomosha qilmang, baribir tushunmaysiz. U bir uyum axlatdan boshqa narsa emasdek tuyuladi. Ammo ularning soya­siga ko‘zi tushgan odam aslida gap nimadaligini ang­lab, yoqa ushlaydi.

«Mo‘'jizani hamma joydan topish mumkin, faqat o‘z yuragingizni ochishingiz kerak». De Sent-Ekzyuperining bu fikri ma'lum ma'noda ushbu ishlarni izohlab bergan. Mazkur juftlik va dast­lab hikoya qilganimiz olmon rassomining ishlariga boqar ekansiz, o‘yga tolasiz: biz tabiatdan shuncha narsa olar ekanmiz, balki ularning evaziga nimanidir qaytarish vaqti kelmadimikin? Har qalay maqollar bejiz yaralmagan: olarda kirar jonim, berarda chiqar jonim. Endi, insoniyat jon qadar "aziz" bo‘lib qolgan ayrim odatlaridan voz kecholmasligi aniq. Lekin chiqindilar qo‘shinining qurshovida qolish ham dahshat. Buning uchun bugundan, hozirdan harakat qilish, uni bartaraf etish choralarini ko‘rish, kelajak avlodni ham ushbu tahdiddan ogohlantirish lozim.

Bir yilda Buyuk Britaniyada 414 million, Rossiyada 70 million, AQShda qariyb 210 million, Yaponiyada 35 mln. tonna maishiy chiqindi yig‘iladi. Ushbu turdagi chiqindilar hajmining ortib borish darajasi yiliga 3 foiz, ayrim mamlakatlarda 10 foizni tashkil etadi.

KIM QANDAY KURASHADI?

ITALIYAda «Chiqindi dekreti» amal qiladi. Unga ko‘ra, chiqindi solig‘i faqat turar joyning o‘lchamlariga emas, balki u yerda istiqomat qilayotgan kishilar soniga qarab belgilanadi.

GERMANIYAda «Chiqindi politsiyasi» faoliyat yuritadi. Hatto tashlangan sigaret qoldig‘i uchun ham jarima to‘lanadi. Og‘zidagi saqichni olib, o‘rindiqqa yopishtirib qo‘yish birorta olmonning xayoliga ham kelmaydi. Buning uchun ular 40 yevro to‘lashi kerak-da.

AMERIKAda chiqindi bobidagi intizomlilik uchun odamlar maxsus taqdirlanadilar. Shtatlarda hatto 15 noyabr chiqindi bayrami kuni sifatida nishonlanadi. O‘sha kuni butun mamlakatda turli ijtimoiy tadbir va tanlovlar o‘tkaziladi.

YAPONIYAda presslangan chiqindilardan butun boshli orollarni barpo etishyapti. Masalan, Tokio ko‘rfazidagi odamlar "yasagan" sun'iy Odaybo oroli. Ishtiyoqmand sayyohlar orqasidan ko‘riladigan foyda esa anchagina.

ISPANIYAda chiqindi intizomiga, avvalo, bolalar rioya etadi, desak, ishonasizmi? Gap shundaki, bu yerda chiqindining har bir turi uchun muayyan rangdagi qoplar belgilangan. Uni to‘ldirib topshirgan bolaga bir quti shirinlik beriladi. Shunday qilib, shahar tozaligidan birinchi manfaatdor toifa bu bolalar bo‘lib qoldi.

CHEXIYAda chiqindilarni saralash qonuniy majburiyat hisoblanib, plastmassa, oyna va qog‘oz alohida yig‘iladi.

Nargiza To‘xliyeva,
“Marifat” gazetasidan

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.