OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O’zimizning taqvimlar va o‘zimizning yilboshi

 Yiloykun hisobini amalga kiritish, agarda u boshqa madaniyatdan o‘zlashtirilmagan bo‘lsa, xalq tarixida inqilobiy hodisa hisoblanadi. Xalqning milliy Yilboshi bayrami ildizlari o‘sha el foydalangan ilk taqvimlarga borib taqaladi. Mazkur tantanalar asrlar osha boyib borgan, hatto nomi o‘zgarib ketgan bo‘lsa ham (masalan, biz nishonlayotgan Navro‘z kabi), o‘zak saqlanib qoladi. Shunday ekan, Yilboshi (Navro‘z) bayrami tarixini taqvimlar tarixi bilan chambarchas o‘rganmoq maqsadga muvofiq.  

Taqvim tajribasi

Qadimda olovni bilib olishi odamlarning hayot tarzini o‘zgartirib yubordi. Yana shunday kashfiyotlardan biri vaqt o‘lchov birliklarining ixtiro qilinishidir. Bundan bir necha ming yillar oldin odamlar vaqtning to‘xtovsiz harakatda ekanligi, tabiat hodisalari ma'lum bir muddatda takrorlanib turishini sezib qoladi. Asta-sekin vaqt o‘lchov birliklari yaratila boshlaydi. Fanda dunyoning eng birinchi taqvimi milloddan avvalgi to‘rtinchi ming yillikda Misrda yaratilgan deb qabul qilingan. U Nilning bir toshishidan ikkinchi bor toshishigacha bo‘lgan muddatni o‘z ichiga olgan. (Keyinchalik Sotis yulduzi chiqqan kuni Nil toshayotgani ma'lum bo‘ladi.) Lekin Misr taqvimi hozirda foydalanilayotgan kalendar kabi aniq bo‘lmagan. Bundan keyingi taqvimlar ham turli-tuman: biri o‘n oydan, ikkinchisi o‘n ikki oydan, uchinchisi o‘n uch oydan tashkil topgan edi. Ayrim taqvimlarga quyoshning, ayrimlariga oyning harakati asos qilib olingan.

Aslida, Misrning qadimiy taqvimi bilan bo‘ylashadigan taqvimlar bizda ham bo‘lgan. Faqat biroz boshqacha ko‘rinishda.

Yigirma ming yillik taqvim

XXI asrda yashayapmiz, xuddi Yer yuzida kashf qiladigan narsaning o‘zi qolmagandek, odam oyog‘i yetmagan joy yo‘q. Yurtimizda esa barcha qadimiy manzillar o‘tgan asrda o‘rganib bo‘lingan, bugungi olimlarga ish ham qolmagandek edi. Lekin bunday taassurotimizni keyingi yillarda ochilgan ba'zi tarixiy kashfiyotlar «buzib» qo‘ydi. Axir, hali tog‘u toshlarimiz bag‘riga ne-ne sirlarni yashirib yotibdi.

2001 yil olimlar Kitob shahridan 25 km shimoli-g‘arbdagi Oyoqchisoy vodiysida qoyalarga, g‘or devorlariga qadim zamonlarda chizilgan rasmlarga duch keldi. Unga yaqin bo‘lgan Siypantosh manzilida esa to‘q qora, yashil, sariq, jigarrang bo‘yoqlar bilan ishlangan  turli geometrik shakllar bor edi. Devorda 28 va 29 ta chiziqlar ham ifodalangan edi. O'z-o‘zidan ma'lumki, bu qamariy hisob bo‘yicha oy kunlarini bildiradi. Xoch belgisi esa qadimgi madaniyatimizda quyoshni anglatgan. To‘rtta uchburchakka bo‘lingan kvadrat esa ko‘pgina xalqlarda koinot ramzidir. Romblardan iborat zanjir yaxshi saqlanmagan, lekin romblarning 12 yoki 13 ta ekanidan ko‘rinib turibdiki, u yil tarkibidagi oylar sonini ifodalaydi. Siypantosh manzilini o‘rgangan olim Rustam Sulaymonov qadamjo tarixini 10-20 ming yil ilgaridan belgilaydi. Ma'lumotlarga qaraganda, yurtimizda 150 atrofida qoyatosh suratlari manzili mavjud. Lekin faqat Zarautsoyda bo‘yoq bilan ishlangan suratlar uchrardi. Siypantoshdagi noyob topilma nafaqat yurtimizdagi rangli petrogliflar manzili sonini yana bittaga ko‘paytiradi, balki bundan o‘n ming yillar oldin ajdodlarimiz kunoyyil hisobidan xabardor bo‘lishganini isbotlaydi...

Qadimgi tosh chizmalar

Farg‘ona vodiysida joylashgan Saymalitosh qoyatosh suratlari manzilida g‘aroyib suratlar uchraydi. Ular ko‘rinishidan quyoshning oddiy chizmasini eslatadi. "Quyoshcha"dan 12 ta bir xil uzunlikdagi nur taralib turibdi. Bulardan tashqari, boshqalardan uzunroq uchi ayri shaklida o‘n uchinchi chiziq ham tortilgan. Mazkur chizmalar fanda 4-5 ming yillik tarixga ega deb qaraladi. Olimlarning fikricha, bunday tasvirlar o‘sha davrda dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi aholi o‘rtasida taqvim rolini o‘ynagan. Yana bir chizmada "nur"lar soni 28 (29) ta. Aylana ichida kichikroq odatiy o‘n uchtalik "quyoshcha". Ma'lumki, qamariy yil 354 kun, shamsiy yil esa 365(6) kundan iborat. Oradagi farq uch yilda bir oyga teng bo‘ladi. Shu bois har uchinchi yil 13 oylik kelgan. Shundan kelib chiqib, ichki "quyoshcha"dagi o‘n uchinchi nur nega chizilganini izohlash mumkin. Ajdodlarimiz bu oraliq farqni sezishgan va yil hisobiga o‘n uchinchi oy qilib kirgizishgan bo‘lsa kerak.

Ko‘hna tosh chizmalar majmuasining yana bir e'tiborni tortadigan jihati, yigirma sakkiztalik katta tasvirning ayri oyoqchasi Sharqqa qarab chiqarilganidir(1). Qo‘shchining surati bilan birga chizilgan "quyoshcha"larning ayri nuri shimoli-sharq tomonga qarab tortilgan. Aylana ichi bo‘sh qoldirilgan(2). O'rtasida qo‘shuv belgisi shaklida chizma bo‘lgan suratlarda esa oyoqcha shimolga qarab turibdi(3). Mazkur uch suratda davriy ketma-ketlikni kuzatish mumkin. 1.Yilboshi. 2.Navro‘z sayillaridan keyin boshlanadigan bahorgi dehqonchilik yumushlari davri. 3.Yozdagi eng uzun kun. Aynan uchinchi chizma bo‘yicha bunday to‘xtamga kelishimizga sabab, yuqorida aytilganidek, qadimda ajdodlarimiz quyoshni ifodalash uchun aylana ichiga "+" belgisini chizishgan.

Bu o‘rinda bir muhim xulosaga kelish mumkin: turkiy xalqlar 4-5 ming oldingi davrlardayoq Yilboshi bayramini bahorda nishonlagan. «Navro‘z» istilohini birlamchi o‘ringa qo‘yib, «xalqimiz mazkur ayyomni qutlash an'anasini qo‘shni madaniyatlardan o‘zlashtirib olgan» qabilidagi qarash egalari yanglishadi. Qolaversa, Yilboshi (Navro‘z) sof uyg‘onish bayrami, tabiatning tantanasidir. Nazarimizda, uning diniy va milliy o‘zaklari keyinchalik o‘ylab topilgan bo‘lsa kerak.

Farrux Hasan o‘g‘li

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.