OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

“Sariq matbuot”ni xushlamaydigan mamlakat

 Bu mamlakatda zamonaviy matbuotning tamal toshi qo‘yilgan: 1631 yili nashr etila boshlagan "La Gazzette" dunyodagi ilk ko‘padadli gazeta sifatida tan olinadi. Bu mamlakat dastlabki axborot agentligi vatani sanaladi: 1835 yili Sharl Gavas tomonidan tashkil etilgan "Frans press" agentligi bugun ham jahonning yetakchi axborot shirkatlari safida turadi.

Bu mamlakatda birinchilardan bo‘lib so‘z va matbuot erkinligi qonuniy asosda mustahkamlangan: XIX asrda qabul qilingan Inson va fuqaro huquqlari deklaratsiyasi matbuot erkinligini kafolatlagan va jurnalistika taraqqiyotiga yo‘l ochgan ilg‘or hujjat sifatida e'tirof etiladi...

Peshqadamlik siri

Frantsiya matbuoti bugun ham Yevropadagi yetakchilik o‘rnini yo‘qotmagan. Mamlakatda 80dan ziyod kundalik gazeta (ulardan 10tasi umummilliy miqyosda), yana yuzlab nomdagi davriy nashrlar chop etiladi. Ularning umumiy yillik adadi 9 milliarddan oshadi. Shu tariqa har bir frantsuzga 1354 nusxa davriy nashr to‘g‘ri keladi.

Frantsuz matbuotini umumciyosiy, iqtisodiy va ixtisoslashgan nashrlarga bo‘lish mumkin. "Mond" (Le Monde, adadi 361 ming), "Figaro" (Le Figaro, 345 ming), "Liberason" (Liberation, 156 ming) kabi gazetalarda siyosatdan madaniyatga qadar - milliy va xalqaro ahamiyatga ega mavzular yoritiladi. Iqtisod, biznes va moliya sohasidagi yangiliklarga qiziquvchilar esa «Eko», «Tribyun» kabi gazetalarni mutolaa qilishadi. O‘quvchilar orasida siyosatu iqtisoddan sportni afzal deb bilganlari ham ko‘p. Shu bois, sport yo‘nalishidagi "Ekip" gazetasi tiraj borasida ham (355 ming), o‘quvchilar auditoriyasi bo‘yicha ham (2,4 mln) Frantsiyada peshqadam sanaladi. O‘quvchilar auditoriyasini jalb etish borasida keyingi o‘rinlarda «Mond» (1,89 mln.), «20 minyut» (1,88 mln.), «Metro» (1,33 mln.), «Figaro» (1,22 mln.) gazetalari turadi.

Jurnalxonlik borasida Yevropada frantsuzlarga yetadigan millat yo‘q. «Pari Match», «Famm aktyuel», «Ell», «Mari-Frans», «Ekspress», «Puen», «Nuvel observatyor» kabi rangli-bezakli jurnallar minglab adadda Frantsiya va qo‘shni davlatlarda tarqatiladi.

Dunyoning aksar mamlakatlari matbuot bozorida hududiy nashrlar u qadar muhim o‘ringa ega emas. Hududiy nashrlar ma'lum bir mintaqa hayotiga doir mavzularni yoritgani va markazdan yiroqroqda chop etilgani bois, mamlakat miqyosida o‘quvchi orttirishi qiyin kechadi. Ammo Frantsiyada asrlar davomida shakllangan an'analarga ko‘ra, hududiy nashrlar axborot bozorida yetakchi o‘rin  tutadi, kezi kelganda, umummilliy nashrlardan ham ko‘proq adadda chop etiladi. Masalan, «Uest-Frans» (Ouest-France, 797 ming) hududiy gazetasi poytaxt Parijda chop etiladigan ilg‘or nashrlardan ham ikki baravar ko‘p adadga ega. «Syud-Uest» (Sud-Ouest, 377 ming), «Vua-dyu-Nor» (La Voix du Nord, 325 ming) kabi hududiy gazetalar adadi ham chakki emas.

O‘n beshi yorug‘, o‘n beshi qorong‘i...

Frantsiyada matbuot faqat ijod bo‘lib qolmay, tijoratga ham aylanib ulgurgan. Mamlakat bo‘yicha matbuot sohasidan tushadigan daromad yiliga 11 milliard yevroni tashkil etadi. Bu, aytish kerakki, Afrikadagi kattagina hududni egallagan davlatning yillik daromadidan ham yuqori ko‘rsatkich. Matbuot olamiga bozor qonuniyatlari suqulib kirayotgan bir paytda ijod va tijorat bellashuvi keskinlashayotganini ko‘rish mumkin. «Parizen» (Le Parisien, 360 ming) toifasidagi bir qator gazetalar foyda ketidan quvib, ko‘proq yengil-elpi mavzularni yoritishga o‘tib olgan. Ammo Frantsiyada G‘arbning boshqa mamlakatlarida bo‘lganidek "sariq matbuot" sifatli matbuotni siqib chiqara olmagan. Harqalay, jurnalistlar va o‘quvchilar ommasining intellektual saviyasi anchayin baland ekani bunga yo‘l bermagan. Masalan, 2006 yili «Frans-suar» gazetasining egasi iqtisodiy qiyinchilik tufayli nashrni boshqa bir sarmoyadorga sotib yuboradi. O‘shanda yangi mulkdor tuzukkina obro‘ga ega nashrni ko‘cha gazetasiga aylantirmoqchi bo‘ladi. «Frans-suar» xodimlari esa bunga norozilik sifatida sakkiz hafta ish tashlash o‘tkazishadi. Sarmoyador shundan keyin bu ahdidan voz kechishga majbur bo‘ladi. "Sariq matbuot"ning keng qanot yozmagani sabablaridan yana biri, Frantsiya qonunchiligida fuqarolarning shaxsiy hayoti qattiq muhofazalanadi. Bu esa odamlarning shaxsiy hayotiga daxl qilish evaziga kun ko‘radigan ko‘cha nashrlari faoliyatini jilovlab turadi.

Albatta, matbuot faoliyati faqat o‘sishdan iborat bo‘layotgani yo‘q. Axborot vositalarining keskin ko‘payishi sababli, so‘nggi o‘n yilda gazeta-jurnallar adadi 17,8 foizga qisqardi. Hatto eng xaridorgir jurnallar sotuvi ham 1,5 foizga kamaydi. 1980 yildan 2006 yilga qadar matbuot do‘konlari soni 36 mingdan 28 mingga tushdi.

Boshqa davlatlarda kuzatilgani kabi Frantsiyada ham asosiy o‘quvchilar o‘rta va keksa yoshli kishilar, uy bekalari bo‘lib qolmoqda. Gazetalar esa yoshlar ko‘ngliga yo‘l topish uchun ming bir usullarni qo‘llayapti. Masalan, «Mond» tahririyati gazeta bilan birga dunyoning eng yaxshi filmlari jamlangan DVD disklarini taklif qilyapti. «Figaro» tahririyati esa gazeta xarid qilganlarga 12 jildlik universal entsiklopediyani taqdim etyapti.

Iqtisodiy qiyinchilik sharoitida tahririyat xodimlarining qisqarishi ham odatiy holga aylanmoqda. «Mond» gazetasi 2005 yilning o‘zida 200ta xodimining bahridan o‘tishiga to‘g‘ri keldi. "Liberason" gazetasi ham noroziliklar namoyishlariga sabab bo‘lsa-da, xodimlarni qisqartirish rejasini amalga oshirdi.

Ko‘hna tartiblar yangilanganda...

Ishlab chiqarish xarajatlari oshishi, xaridning kamayishi ustiga Internet va uyali aloqa vositalarining shiddat bilan axborot bozoriga kirib kelayotgani gazetalarni yangi strategiyalar ishlash chiqishga undamoqda. Frantsuzlar matbuot nashrlari uchun sarflarni qisqartirib, ko‘proq Internet va mobil aloqa xizmatlariga pul sarflamoqda (oddiy frantsuz fuqarosi o‘z byudjetining 6 foizini Internet va uyali telefon xizmati, 0,28 foizini gazeta-jurnal uchun sarflaydi). An'anaviy matbuot esa yangi axborot vositalarining ayovsiz raqobatiga qarshi turish uchun o‘z Internet versiyalarini rivojlantirmoqda. Ayni paytda raqobat to‘riga tushib qolgan nashrlar uchun murakkab vaziyatdan chiqishning boshqa jo‘yali varianti ham yo‘q. Bir tomondan, Frantsiya aholisining salmoqli qismi (30 mln.) xalqaro tarmoqdan doimiy foydalanadi. Xususan, yoshlarning deyarli barchasi an'anaviy matbuotdan elektron axborot vositalarini afzal biladi. Boshqa tomondan, bozor iqtisodiyoti sharoitida suv va havodek zarur reklama ham ko‘proq Internetga o‘tib ketyapti.

«Mond» gazetasining elektron versiyasi www.lemonde.fr sayti Frantsiyadagi eng ommabop vebsahifa sanaladi. Gazeta kuniga uch yuz mingdan ziyod tirajda chop etilgani holda, uning saytiga har kuni 600 mingdan oshiq foydalanuvchi kiradi. Caytlar tahririyatlar uchun yaxshigina daromad manbai ham bo‘lib qolmoqda. «Mond» gazetasi oyiga 6 yevro evaziga muhim yangiliklarning elektron obunasini tashkil qilgan. «Eko» iqtisodiy gazetasi ham hisobotlar, moliyaviy tadqiqotlarni ma'lum to‘lov evaziga taqdim etadi.

Keskin raqobat muhitida gazeta-jurnallar doimiy ravishda mazmun-mundarijani ham o‘zgartirishga urinyapti. 2005 yili  «Figaro» gazetasi asrlar davomida shakllangan "qiyofa"sini o‘zgartirdi va yangi kontseptsiya ishlab chiqdi. Gazeta hajmi o‘qishga qulay bo‘lishi uchun eniga 3,4 smga ixchamlashdi, birinchi sahifaning chorak qismi rangli fotoga ajratiladigan bo‘ldi, gazeta sahifalari mavzular guruhi bo‘yicha uch qismga ajratildi. Tobora keskinlashayotgan raqobat Parijning ko‘hna gazetasini ham o‘zgarishlarga qilishga majbur qildi.

Axboriy «fast-fud»lar

Frantsiyada jamoat transporti yoki shahar ko‘chalarida yuz minglab adadda tekin gazetalar tarqatiladi. Kundalik xarajatlar ko‘payib borayotgan bir paytda yoshlar gazeta-jurnal uchun pul sarflash o‘rniga bepul nashrlardan axborot olishni afzal bilishadi. Mazkur nashrlar garchi reklama hisobiga kun ko‘rsa-da, o‘quvchilar ommasini jalb etish uchun mazmunli, dolzarb maqolalar e'lon qilishga ham e'tibor beradi. Zero, "vaqt bu - pul" qoidasi amal qilayotgan muhitda omma uchun zarur axborot taqdim etmasa, hatto tekin nashrlar ham kasodga uchrashi tayin.

Shvetsiyada asos solingan va ayni paytda jahonning yuzga yaqin shahrida 7 mln. tirajda chop etilayotgan "Metro" gazetasi Frantsiyada ham ommabop bepul nashr sanaladi. Gazeta mamlakatning 10ta shahrida 630 ming tirajda chop qilinadi. "Metro" prezidenti Pelle Tornberg intervyularidan birida kompaniya strategiyasini butun sayyoramizga yoyilgan "MakDonalds" "fast-fud"lariga o‘xshatgandi. Aslini olganda, mazkur axboriy "fast-fud"lar yo‘l-yo‘lakay tanovul qilinadigan yeguliklardan ham tezkor sur'atda tarqaydi. Norvegiyaliklar tomonidan tashkil etilgan «20 myunut» gazetasi ham o‘quvchilari sonini shiddat bilan o‘sib borayotgan nashrlardan. Gazeta birgina Frantsiyada 850 ming tirajda chop etiladi.

Xuddi pulli nashrlar kabi tekin gazeta-jurnal o‘quvchilari ham tanlash imkoniyatiga ega. «Metro» yoki «20 myunut»dan ko‘ngli to‘lmagan mushtariylar «A nu Pari», «Direkt-suar», «Maten-plyus» kabi axboriy «fast-fud»larni o‘qishlari mumkin.

"Ayrilganni ayiq yer..."

Matbuot olamida bozor iqtisodiyotining temir qoidalari amal qilayotgan bir davrda gazeta-jurnallar moliyaviy qiyinchiliklarni yengib o‘tish maqsadida  shirkatlarga birlashishga majbur bo‘lyapti. Mamlakatdagi gazeta-jurnallar sanoqli matbuot kontsernlari qo‘lida to‘plangan. Masalan, "Sokpress" (Socpresse) shirkati «Figaro», «Ekspress», «Ekspanson» kabi 70ga yaqin gazeta-jurnalga egalik qiladi. Kontsernning yillik savdo aylanmasi 1,45 mlrd. yevrodan oshadi. 1826 yilda asos solingan "Ashett-Filipakki-media" (Hachette Filipacchi medias) guruhi daromadlari esa 2,1 mlrd. yevro atrofida. Kontsern tomonidan «Pari-match», «Ell», «Tele-set-jur». «Nis-maten», «Provans» kabi 200ga yaqin gazeta-jurnal nashr etiladi. Bundan tashqari, "Uest-Frans" (Ouest-France, savdo aylanmasi - 953 mln. yevro), "Mond-PVK" (Le Monde - Publications de La Vie Catholique, cavdo aylanmasi - 639 mln. yevro), "Amori" (Amaury, cavdo aylanmasi - 620 mln. yevro) va boshqa matbuot shirkatlari ham axborot bozorida mustahkam o‘ringa ega.

Media shirkatlar orasida xorij kompaniyalari ham bor. "Emap-Frans" (Emap-France) Angliyaning shu nomdagi kompaniyasi tomonidan 1994 yili tashkil etilgan. Jurnal chop etish bo‘yicha Frantsiyada uchinchi o‘rinda turadigan kontsernning yillik daromadi 437 mln yevrodan oshadi. Shuningdek, "Prisma-Press" (Germaniya), "Rularta" (Belgiya) kabi xorijiy kontsernlar ham frantsuz axborot bozorini zabt etish kurashida ishtirok etmoqda.

Oxirgi yillarda Frantsiyada hatto matbuot shirkatlarining ham o‘zaro birlashishi kuzatilyapti. Natijada, ulkan media korporatsiyalar yuzaga kelyapti. Masalan, Yevropadagi bir qator davlatlar qatori Frantsiya kontsernlarini birlashtirgan "Lagarder" guruhi 12550 xodimga ega, media guruhining yillik daromadi o‘rtacha 7,8 mlrd. yevroni tashkil etgan. "Lagarder" korporatsiyasi nufuzli ommaviy axborot vositalari bilan birga EADS - Yevropa aerokosmik tadqiqot markazi aktsiyalari ulushiga ham egalik qiladi.

Matbuot nashrlarining shirkatlarga birlashuvi iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydi. Ammo yuzlab gazeta-jurnallarning bir shaxs yoki oila qo‘lida to‘planishi hurfikrlilik, plyuralizmga tahdid solishi ehtimolini ham esdan chiqarish mumkin emas. Buning oldini olish uchun Frantsiyada 2005 yili hukumat komissiyasi tuzilgan. Maxsus komissiya zimmasiga yuklan vazifa axborot bozorida monopoliyaning oldini olish, insoniyatning oliy qadriyatlaridan biri - hurfikrlilikka daxl qilinishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat.

Frantsiyada moliyaviy qiyinchilikka uchragan matbuot nashrlariga davlat tomonidan yordam ko‘rsatilishi amaliyoti ham mavjud. Hozirda 100ga yaqin tahririyatga imtiyozli soliq tartibi tatbiq etiladi. 2007 yili davlat tomonidan matbuotga 274 mln. yevro miqdorida moliyaviy ko‘mak ajratilgan. Jahon moliyaviy inqirozi sharoitida davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ko‘mak qiyinchilikda qolgan tahririyatlarga juda asqotadi.

Sobirjon Yoqubov,
“Ma’rifat” gazetasidan olindi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.