OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sharsharaning qo’shiqlari: ular bizga nimalar haqida so‘ylaydi?

 Inson fikr yuritish, ixtiro qilish, ijodkorlik borasida mavjudotlar ichida eng sarasi bo‘lmasin, ona tabiat nafosati, mo‘'jizasi oldida lolu hayron qolaveradi. Eng kichik zarradan tortib, to ulkan osmon jismlari - meteoritlargacha biz anglashga uringan, biroq to‘liq o‘rganishning iloji bo‘lmagan tilsimotlardir. Shuning uchun ham tabiatni alloma bobolarimiz buyuk ustoz deya e'tirof etishadi.

Sharsharalar... tasavvur kengliklaridan pastga do‘nib, xayollaringizni bir maromda allalovchi kuy yangraydi, bu ohang ta'sirida goh sarxush bo‘lsangiz, goh o‘yga tolasiz. Daryolarning quturib, selu toshqinlari bilan ko‘rsatgan buzg‘unchiligidan ona tabiat bir yaxlit kompozitsiya yaratadi! Mo‘'jiza yaratadi.

Sharsharalarda ajabtovur qudrat bor. Uning og‘ushida bir dam turgan kishi o‘zini yengil, tetik va eng muhimi, tinch-xotirjam his qila boshlaydi. Kichik-kichik jilg‘alar qo‘shiluvidan bunyod bo‘lgan daryolar o‘z o‘zanida bir maromda oqa turib, nogahon zamindan uziladi-yu, ayyuhannos solib, pastlikka o‘rlaydi. Ana shunda e'tibor berib, quloq bilan emas, yurakdan tinglasangiz, shalolalarning qo‘shiq aytayotganiga amin bo‘lasiz. Bu ajib simfoniyaning qanday atalishi bizga qorong‘u... Shunisi aniqki, uni hamma o‘zicha eshitadi, o‘zicha qabul qiladi.

O‘rta Osiyoda esa azal-azaldan suv va u bilan bog‘liq unsurlar ziyoratgoh o‘rnida nihoyatda qadrlab kelinadi. Tirnoqqa zor oilalar farzand ilinjida shalolalarga dardini to‘kib solib, atrofida bo‘y cho‘zgan vazmin sadalarga, majnuntollarga turli rangdagi mato qiyqimlarini bog‘lab ketishadi. Hatto chekka-chekka qishloq aholisi sharsharalar tagida o‘choq tuzab, qozon qaynatadi, turli tilaklar qiladi, shu orqali Yaratganga shukrona keltirishadi. Shoirlarimizning nafis she'riy san'atlar bilan yorning zulfini, tovonini o‘pgan sochlarini sharsharaga qiyoslashida ham ajib hamohanglik bor.

Shovqin-suroni 20 chaqirim naridan eshitilib turadigan mash­hur Anxel (Farishta) sharsharasi haqida eshitmagan kishi bo‘lmasa kerak. U zamindagi eng katta sharshara hisoblanadi. Janubiy Amerika qit'asiga qarashli Venesuela davlati hududida joylashgan bu tabiat asarining balandligi 1054 metrni tashkil etadi. Qadim zamonlarda mahalliy aholi Anxelning go‘zalligi va ulkanligini ilohiy deb tushungan. U yerda ko‘zga ko‘rinmas, lekin oydin oqshomlari shovqin ko‘tarib, bazm qiluvchi farishtalar yashaydi, degan ma'noda afsonalar tarqalgan.

Braziliya va Argentina mamlakatlari chegarasida vujudga kelgan Iguasu hamda Afrika qit'asining Zambezi daryosi o‘zanida 120 metr balandlikdan sho‘ng‘ib tushuvchi Viktoriya, AQShdagi mash­hur Niagara (51 m.), Tugela, Yosemit yoki Kxon sharsharalari, ular bilan bog‘liq tarixiy voqeliklarni bugungi kunda ham tabiatshunoslar sinchkovlik bilan o‘rganishmoqda. Garchi sharsharalarning paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi dastlabki ilmiy qarashlar ortiqcha isbot talab qilmasa-da, ayrim olimlar yangi fikrlarni, nazariyalarni o‘rtaga tashlamoqda.

Muz asridan buyon yashayotgan "otaxon" shovvalarning paydo bo‘lishi uchun 10 ming yil sarflangan bo‘lsa, hozirda ularning yoshi 25 mingdan oshgani haqida xorij matbuoti xabar tarqatdi. Demak, necha asru zamonlar, avlodlar almashsa-da, fusunkorligini yo‘qotmay kelayotgan shalolalar shunchaki vujudga kelmagan...

Ulkan sharsharalarning doimiy hamrohi - yetti rangda tovlanib, ko‘zni qamashtirguvchi kamalaklar sayyohlarni jalb etishda muhim rol o‘ynaydi. Bu ikki go‘zallikning bir-birini to‘ldirib, ko‘rkamlashtirib turishiga bevosita shohid bo‘lgan bashariyat buyuk musavvir tabiatning me'morlik dahosiga ham tahsin o‘qiydi. Ehtimol kamalaklar zarrin nurlarning o‘ziga xos "quyilish" qismidir, ularning shalolalar bilan uyg‘unligi shundadir balki?!

Odam bolasi bugun tabiat asarlariga jilo berish, ularni tomoshabop qilish maqsadida turli "qo‘shimcha"larga qo‘l urayotir. Masalan, Niagara sharsharasi pishqirib, qaynab-toshib, chor-atrofga suv zarrachalaridan hosil bo‘lgan tuman libosini to‘shab oqadi. U amerikaliklarning faxr­lanadigan osori-atiqalaridan biri. Shuning uchun ham uni yaqindan ko‘rishga, yuzma-yuz kelishga ishtiyoqmand bo‘lgan sayohatchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Niagaraning biqin qismidan handaq o‘yilgan bo‘lib, undan boshlangan yo‘l sharsharaning naq tagiga olib boradi! Siz shu tariqa sharsharani ostki qismidan tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.

"Suv ustunlari"ning favqulodda bezakka ega bo‘lishi, betakrorligi bashariyatning buyuk musavvirlariga ilhom bag‘ishlagan, ularni yorqin ranglardagi polotnolar yaratishga undagan. Binobarin, oddiy, biroq o‘lmas asarlar chizgan Leonardo da Vinchidan tortib, siniq chiziqlardan modern rassomchilik maktabini yarata olgan Pablo Pikassogacha tabiatning ushbu in'omidan bahramand bo‘lishgan.

Sharsharalarning jozibasi bo‘yida, balandligidagina emas, balki yon-verida o‘sgan giyohlar, gulu maysalar, xarsang toshlarni quchoqlab o‘sgan daraxtlar nazokati bilan ham yanada chiroy ochadi.

Quyilishiga qarab shalolalarni ikki guruhga ajratish mumkin: 1) pog‘onali, 2) keng past oqimli sharsharalar. Pog‘onali shalolalar zinapoya shaklini olgan bir necha kichik "cuv ustuncha"laridan tashkil topadi. Ikkinchi guruh sharsharalari esa faqat bitta va keng quyilish qismidan iborat mumtozlardir.

Har yili erta ko‘klam va kech kuzakda yer relfida ayrim o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Shuning natijasida pog‘onali sharsharalar vujudga keladi. Ularning umri unchalik uzoq bo‘lmasligi mumkin, chunki tuproq qatlami suvning tinimsiz harakati tufayli yemirilib, sharsharalik ko‘rinishini yo‘qotishi yoki keyingi yil kelgan sel ta'sirida daryo o‘zani yo‘nalishi qisman o‘zgarib, shovva barbod bo‘lishi ham mumkin. Necha ming yillardan buyon salobatini yo‘qotmay oqib turgan Anxel kabi asosi baquvvat, qattiq tosh jismlardan tuzilgan sharsharalar kam emas.

Ko‘plab sharsharalar purviqor tog‘lar boshidagi oppoq qorlarning erib, mayda jilg‘alar "kashf" etishi natijasida hosil bo‘ladi, ular umrining uzoqligi tog‘larga qor qanchalik ko‘p yoxud kam yog‘ishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Ana shunday mashhur sharsharalar qatoriga Utigord, Maltnomax va Yosemitni kiritadi mutaxassislar.

Odamzot sirli manzillarni, yangi qit'ayu orollarni, hali inson qadami yetmagan noma'lum makonlarni zabt etishga intiladi. O‘zi bilib-bilmagan holda, deyarli barcha shu maqsadda umrguzaronlik qiladi. Kimdir Everest cho‘qqisiga chiqishni orzu qilsa, yana kimdir sharsharalardan sakrashga qiziqadi. Masalan, AQShning Michigan shtati fuqarosi - 40 yoshli bekorchi Kirk Raymond Jouns do‘stlari bilan bahs boylab, Niagaraning eng quyuq qismidan sakrashga qaror qiladi. Rejaga ko‘ra, Kirk sakrayotgan paytda do‘sti Bob Kryuger uni video tasmaga muhrlashi, keyin tasvirni ko‘paytirib, tryuk ishqibozlariga mo‘may pulga sotishlari lozim edi. Biroq Bob hayajonlanganidan videoni ancha kech yoqadi va unda Kirk allaqachon suv ichiga kirib, o‘lar holga kelgan bo‘ladi. Yaxshiyamki, qutqaruvchilar guruhi uni zudlik bilan sharshara "hujumi"dan olib chiqib, kasalxonaga eltadi.

Sharsharalardan ayni kunda faqat go‘zallik timsoli sifatida emas, balki gidroelektr stantsiyalarini yaratishda ham keng foydalanilmoqda. Binobarin, yuqoridan kuchli tezlanishda urilgan oqim maxsus dinamik moslamani harakatlantiradi. Niagara sharsharasida shunday stantsiya qurilgan va u tarqatgan elektrdan asosan yaqinidagi hududlar bahramand bo‘lmoqda.

Donishmand ajdodlarimiz shiddati zo‘r sharsharalardan tegirmonni yuritishda keng foydalanib kelishgan. Bug‘doyni maydalab unga aylantiruvchi toshlarni bir-biriga ishqalantiruvchi "qo‘lbola mexanizm" sharshara oqimi aylantirgan charxpalak vositasida ishlagan.

Tabiat falsafasini o‘rganish jarayonida odamlar ko‘plab oddiy haqiqatlarni anglab yetadi va hayotning har jabhasida ijobiy burilishlar qilishga tirishadi. Agar aha­miyat bergan bo‘lsangiz, deyarli barcha tiriklik ahli pastdan yuqoriga intiladi. Yuzga kirib, munkayib qolgan otaxon yana yuz yil yashashni orzu qilsa, chaqmoq yoshdagi o‘smirlar Oyni ostiga to‘shab, yulduzlardan ko‘rpa yopinib yotishni istaydi va hokazo. Biroq sharsharalar yuqoridan pastga intiladi: tog‘lardan boshlanib, Yerning eng pastki qismi - dengizu ummonlarga qo‘shilib ketadi! Balki bu Yaratganning odamlarga ko‘rsatgan kamtarlik, xokisorlikka doir ibratidir?!

Bu omonat dunyoda mangu unsur bo‘lmagani, har bitta mavjudot o‘tkinchiligi kabi sharsharalar ham abadiy emas. Insonning noto‘g‘ri faoliyati sababli ularning umri qisqarishi hech gapmas.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, sharsharalar tabiat mulki, ijodiy ishi. Uni o‘zgartirishga, yo‘q qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Aksincha ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, ajdodlarimiz singari kelajak avlodlarga bus-butun holda yetkazish lozim. Shalolalar insonning ko‘ngli taskin topadigan, ruhi dadillashadigan, qadamlari tetiklashadigan go‘shagina bo‘lib qolmay, tabiatning uzviy qismi sifatida hayvonotu nabotot olamiga ham xizmat qilishi kerak.

Zohidjon Xolov
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.