Hayot tashvishlari bilan turmush irmoqlarida har kuni turfa odamlarga ro‘baro‘ kelamiz. Agarda buni ming yillik ma’naviy boyligimiz «Alpomish» orqali aytsak ular orasida Qultoy ham, Ya(Yo)rtiboy ham bor. Demak, ibrat olishimiz, o‘zimizga o‘rnak bilishimiz kerak bo‘lgan odamoxun kishilar, insoniy fazilatlarni qadrlaydigan yoshi ulug‘ va ko‘pni ko‘rgan nuroniy otaxonlar, hayotning achchiq sitamlariga-da bardosh bergan, yetti yiqilganda sakkiz bora turgan zotlarning qalbiga quloq tutgan nazarimda hayotiy saboq oladi, savod chiqazadi.
Aziz mutoalachi! Ustoz Abdug‘afur Rasulov bilan bolalik pallasi, olimning hayot yo‘li, umrini baxshida etgan fanning dalzarb masalalari, istiqlol yillarida ulg‘ayayotgan yoshlar ijodi haqda uzoq suhbat qurgan edim. Sizning hukmingizga ana shu gurunglarimizdan bir shingilni manzur bo‘ladi degan umid bilan havola etmoqdaman.
— Ustoz, bolaligingizni qanday xotirlaysiz?
— Bolalik — podsholik deymiz. Ammo, o‘sha podsholik damlari kimda qanday kechishi bu zamonga, davrga bog‘liq ekan. Zamon notinch, onalar yuzida g‘am, ko‘zida shashqator yosh bo‘lsa, bolaning podsholigi ne bo‘lardi. Bularni so‘zlashimga sabab, kamina sakkiz yoshga to‘lganida ikkinchi jahon urushi tugagan, el ezilgan ko‘p xonadonlarda bolalarga otalari o‘rniga onalari, buva hamda buvilari bosh bo‘lib qolgandi. Ko‘chaga chiqsangiz, har qadamda yarimjon azamat birining qo‘li, yana birining oyog‘i yo‘q. Urushning dahshatliligini esga solib, eslatib turardi. U paytda eng yomon so‘z «qoraxat» edi. Men tenggi bolalar bu mash’um xatda nima bitilganligini bilardi.
Bizning uyimiz hozirgi Beshyog‘och bozori yaqinida joylashgandi. Toshkent vokzalidagi poezdning ovozini eshitgan buvim «ovozing o‘chgur», «ovozginang o‘chsin», deb koyirdi. Boisi, ikki farzandi urushga ketib qaytmagan, urushga esa poezd «olib ketgan»ligi uchun buvim poezdni bolalarini bag‘ridan yulib olganlikda ayblab o‘tdi. Buni bir mushtipar onaning xulosasi deb qabul qilish mumkin.
— Yana...
— Yana, shularni eslasam nonga navbatga turganimiz, kerosin olish uchun toshni raqamlaganim, obkashda suv tashiganimiz bir-bir ko‘z oldimga keladi.
Urush yillari va undan so‘ng ham non totli va chuchik edi. Odamlar nonga qator bo‘lib navbatda turar yomg‘irli, qorli kunlardayam tartibni biror kishi buzmasdi. Bir nonni to‘rtga bo‘lib kishi boshiga bir qismdan taqsimlab berardi. Yaxshi pishmagan non xamiri pichoqqa yopishib ketar, sotuvchi esa uni sidirib tashlab o‘z ishini davom ettirardi.
U paytda elektr chirog‘i yo‘qligi bois, moychiroqdan foydalanilar, odamlar kerosinni ham navbat turib olishardi. Ammo navbat o‘ziga xos edi. Kerosin tarqatiladigan manzilga borib bir toshni nomerlab kelib, ro‘zg‘or yumushlarini bajarish mumkin edi. Boshqalar ham xuddi shunday qilardi. Kerosin kelganda esa o‘sha toshni olib o‘z joyini egallar va tartib bilan chiroqmoyi olinardi.
Buvamning ortidan ergashib yurardim. U kishi obkashda suv tashirdi. Men bo‘lsam obkashdan suvni qanday qilib to‘kmasdan olib kelish mumkinligi haqida o‘ylar edim. Obkashda suv tashish, shahar ko‘chalarida suvni kuvir orqali olingandan so‘ng bo‘ldi. Ungacha hovlimizdan shildirab oqib to‘radigan ariq suvidan ichar edik-da.
Nurillajon bolaligim haqida yana ko‘p so‘zlashim mumkin. Ammo ular katta mavzularni taqoza etib boradi...
— Ustoz, suhbatimizni faoliyatingizga doir savol bilan davom ettirsak. «Yashash — bu his etish va fikrlash, iztirob chekish va rohat qilishdir», deganida V. G. Belinskiy haq ekan. Olimning hayoti va ijod yo‘li haqida yana nima ham aytish mumkin?
— Olimning hayoti va turmush tarzini bir-ikki og‘iz so‘z bilan ifodalab bo‘lsa, qani. Ilmning sabrni sinaydigan, toqatni ham toldiradigan mashaqqatli yo‘lini igna bilan quduq qazishga qiyos etadi. Balki, shu to‘g‘ridir deymanu gohida olim quduq qazish uchun ishlatiladigan ignaning tor teshigidan o‘tishiga ham to‘g‘ri kelishi haqida o‘ylab qolaman. Mana, Ozod (Sharafiddinov) akani olaylik, u kishi allaqachon adabiyotshunos olim, nozik didli munaqqid sifatida tan olingan, kitobxonlar qalbidan joy olgan edi. Ustoz o‘z ko‘nglini maftun, aql-zakovatini band etgan Cho‘lponning o‘tli she’rlari, betakror nasriy asarlarisiz XX asr o‘zbek adabiyoti kemtik bo‘lib qolishini butun borlig‘i bilan his qildi. Shuning uchun doktorlik ilmiy ishini Cho‘lpon ijodi bo‘yicha qilishni diliga tugub yurdi. Biroq sobiq sho‘rolar hukumati, uning kamunistik mafkurasi bunga yo‘l bermadi.
O‘tkan asrning 50-yillari oxirlarida qatag‘on-qirg‘in qurbonlari oqlana boshladi. Lekin... Cho‘lpon oqlanmadi. Shoir: «Menda-da qanot bor, lekin bog‘langan... Bog‘ yo‘qdir, shox yo‘qdir, lekin devor bor», deganicha qolaverdi. Ajabki, Cho‘lponni tanigan, bilgan, uning etagidan tutib adabiyotga kirib kelganlar o‘zini panaga oldi. Maydonda Don Kixot bo‘lib Ozod aka qoldi.
— Sizning-cha, «Uslub — yozuvchining adabiyotdagi betakror qiyofasi, o‘zligi». Demak, uslub shakllanmaydi. U ijodkorning tiynatida bo‘ladi, degan xulosaga kelishimiz mumkinmi?
— Ha, uslub — yozuvchining adabiyotdagi betakror qiyofasi, o‘zligi. Uslub — yozuvchi falsafasi in’ikosi deganman. Rost-da, she’r ko‘p bo‘lsa-yu uning ortida shoir ko‘rinmasa? Hikoya bosilsa-yu uning muallifi «bu — menman» deb turmasa? Bu ne hol, bu ne gap bo‘ladi.
Qadimdan «otadan ko‘rgan o‘q otadi, onadan ko‘rgan to‘n bichadi», degan naql bor. Ota bilan bolaning o‘xshashligi, qalban bir-biriga intilishi dostonu ertaklarda, baxshilar ijodida azaldan aytilib kelinadi. Xo‘sh, bularning iste’dodga va uslubga aloqadorligi qanday, dersiz? Shuni o‘nitmang-ki, odam o‘zini qurshagan olam bilan aloqaga kirishish ehtiyoji-la tug‘iladi. Harakat — odam va olam aro uzluksiz bog‘liqdir. Mohiyatdan olganda esa odamning o‘zi ham tugal bir olam. Faqat katta olamga nisbatan kichik olam, xolos.
Badiiy ijod yozuvchidan uning o‘zligini, ma’naviy-ruhiy olamini ko‘rsatib berishini, kamolot darajasini talab qiladi. Ya’ni, ijodkordan qalbidagi rost so‘zni so‘raydi. Uslubni sodda qilib tushuntirganda tangrining buyuk zotligini esga olib ibtidodan bugungacha qancha inson o‘tganligi va bugundan intihoga qadar yana qancha odam tug‘ilsa, ularning hech birining barmoq izi boshqasida takror bo‘lmasligi va iste’dod ana shu betakror barmoqdagi muhrni adabiyotga bera olsagina u el orasida yozuvchi yo shoir bo‘lib ardoqlanadi, ezoz topadi.
Qisqa qilib aytganda Nurillajon, sizning xulosangizda jon bor. Ijodkorda uslub bo‘lsa hayot saboqlari orqali sayqallanishi mumkin, ammo bordan yo‘q bo‘lmaydi. Adibning darajasi esa Asqad Muxtorning mana bu she’ridagi kabi:
... Kasr — odam emish shu turgan ko‘yi.
Surat — uning asli salmog‘i-yu,
Mahraj — o‘z haqida o‘ylagan o‘yi!
Ajab tushlar...
Balki tush emasdir?
O‘ngda-ku, shunaqa qoida bo‘ladi:
Mahraj qancha katta bo‘lsa, axir,
Kasr shuncha mayda bo‘ladi...
— Bugungi adabiyotimizning dunyoga chiqishi uchun eng asosiy omil nima deb bilasiz?
— Bunga shubhasiz badiiy tarjima orqali erishishiladi-da, deb bir so‘z bilan javob berishim mumkin. Ammo, uni kim amalga oshiradi degan ikkinchi savol tug‘iladi. Chunki, XXI asr dunyoda ma’naviy o‘lchamlar anchayin o‘zgarib ketdi. Bugun matbaa nashrlar va teleradio kompaniyalar kim, qaerda, qanday ezgu ishni amalga oshirganidan ko‘ra, kishilarni tabiiy ofatlar, aviyahalokatlar, mashhur kishilarning mayishiy turmishi tarzi haqidagi xabarlarni yetkazishni maqul bilmoqda. Shunday ekan, ezgu amalli kishilar ham o‘zining qilgan xayrli ishlarini targ‘ib qilishiga zaruriyat bor.
Demak, imkon qadar badiiy saviyasi baland asarlarni dunyoning eng faol tillariga pishiq va puxta tarjima qilib xorijda chop ettirishning harakatini qilish kerak. Bunga qo‘lida qalami bor yosh iqtidorli o‘g‘il-qizlar bel bog‘lasa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Dunyo xalqlari bahra olishi mumkin, deb tavsiya etiladigan badiiy barkamol asar, albatta, adabiyotshunoslar va jamoatchilik nazaridan o‘tishi zarur.
— Adabiyotimiz ostonasidagi yoshlar haqida fikringiz...
— Uzoqqa bormaylik, o‘zingiz ko‘rib-bilib turganingiz Yozuvchilar uyushmasi huzurida «Ijod» fondi tashkil etilganidan buyon uyushmada yoshlar kulgisi, dadil va o‘ktam ovozi eshitila boshladi. Ularning kalomini uyushma qoshidagi kengashlarda xalq shoirlari, xalq yozuvchilari, taniqli adabiyotshunos olimlar tinglayapti. Maqsadu maslagini bilyapti.
Yana, bugungi adabiyot eshigi oldida turgan yosh ijodkorlarning yozganlaridan uch umumiy xususiyat ko‘zga tashlanmoqda. Birinchisi, o‘zini daxldor deb bilgan san’at turiga va o‘ziga bo‘lgan talabchanligi yuqori. Ikkinchisi, o‘z ko‘nglini, o‘zligini namoyon etishda sira ham sinalgan yo‘llardan borgisi kelmaydi. Rang-barang va betakror. Uchinchisi esa, o‘zicha shoir, o‘zicha yozuvchi bo‘lishni istab yurganlar.
Bularni ko‘rib muhtaram Yurtboshimizning «Bu vatanda iste’dodsiz bolaning o‘zi yo‘q», degani yodimga keladi va ustoz va murabbiylar o‘z kasbiga yanada mas’uliyatliroq yondoshsa deyman. Nega, har bir shaxs o‘z imkoniyatlarini belgilab olishi uchun ularga ko‘mak zarur. Shoir bo‘lmasa shifokor, shifokor bo‘lmasa yana boshqa kasbning boshini tutishi mumkin-ku axir!
Buni esa tushintirish, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish o‘qituvchi-murabbiy va ota-onalarning zimmasida. Davlat esa ulg‘ayayotgan avlodning kamol topishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib qo‘ygan bir paytda bunday ishonchni faqat va faqat oqlash kerak.
“Yosh kuch” jurnalida 2011 yilda e’lon bo‘lgan.