OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Naim Karimov: "Adabiyot hamisha yangilanib, shakllanib borgani kabi an’anaviy jihatlarini ham saqlab qolmog‘i shart" (2006)

Adabiyot hamisha yangilanib, shakllanib borgani kabi an’anaviy jihatlarini ham saqlab qolmog‘i shart. Ana shu pos­tulataga munosabat ma’nosida, ya’ni kechagi va bugungi kun adabiyotining qiyofasi va o‘zaro ta’siri to‘g‘risida  adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Naim Karimov bilan suhbatda bo‘ldik.

— Siz ikki davr adabiyotini kuzatgan mutaxassissiz. Shu bois suhbatimizni kechagi, bugungi hamda ertangi adabiyot haqida, ularning farqli va o‘xshash jihatlari yuzasidan boshlasak.

— Mustaqillik davri adabiyotini oldingi davrga solishtiradigan bo‘lsak, uning mafkuradan chetda ekanligini e’tirof etish zarur. Men sho‘ro davri adabiyotini esa oftobga qarab qiyshayib o‘sgan daraxtga o‘xshataman. Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, o‘sha davr ijodkorlarining asarlari kommunistik mafkuraga xizmat qilgan, biroq  bunga  bir yoqlama qaramasligimiz kerak. Mening avlodim oldida turgan vazifa XX asr adabiyotida  qanaqa yangilanishlar bo‘lgani, o‘zbek adabiyoti tarixida qanday o‘zgarishlar ro‘y bergani, badiiy mahorat va janrlar masalasi, shu bilan birga yangi natijalar va yo‘qotishlar nimadan iborat ekanligini ma’lum darajada xulosalab berish kerak.

30-yillardan keyin adabiyot maydonida yalt etib ko‘ringan avlod, bilamizki, qisman jadidlarning ta’sirida shakllandi. Xususan, Oybek Shayxontohurda tug‘ilgan, Abdurashid Munavvarqorining «Namuna» maktabida tahsil olgan. U «Ulug‘ yo‘l» romanida Munavvar­qori haqida yozishni istagan edi, ammo ba’zi sabablarga ko‘ra  Munavvarqori obrazini Anvar qori deb olib kiradi. Oybek  ijodida bu tipdagi obrazlarning inson sifatida jonlantirilishida jadid adabiyotining ta’siri juda katta. Bundan tashqari, adabiyotning shunday nuqtalari bo‘ladiki, buni men kichkina zarrada ko‘raman. Bitta vergul, bitta kichik lirik kechinma orqali, bitta kichik nuqtani yoritish orqali adabiyotimizning tarixiga  va ijodkorning taqdiriga kirib borish mumkin.  
XX asr adabiyotini yana sochib yuborilgan oltinlarga o‘xshatish mumkin. Ularning har bir donasini bittalab yig‘ilsa, bugungi kun adabiyotining ulkan  xazinasi tiklanadi.
Endi adabiyotda sho‘rolar davrida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga nazar tashlash, o‘z xatolarimizni yana bir taftishdan o‘tkazish imkoni vujudga keldi. Bizga ma’lumki, adabiyot she’riyatdan boshlanadi. Mustaqillik davri she’riyati ham boshqa janrlarga qaraganda ancha bo‘sh she’rlarni yuzaga keltirdi. O‘zbekiston haqida, Vatan haqida Erkin Vohidovning g‘azali, Abdulla Oripovning dostoni darajasida, garchi bugungi kunda imkoniyatlar keng bo‘lsa-da, she’r yaratilmayapti. Vaholanki, bu davr mustaqillik va erkinlikdan ilhomlanish natijasida biz kutgan she’riyat o‘rniga egizak, bir-birini takrorlaydigan she’rlar dunyoga kelyapti.
Bugungi kun nasri haqida gapiradigan bo‘lsam, nasrda ham  tarixiy shaxslar, milliy tuyg‘ular haqida asar bitish imkoniyati katta. Biroq tarixiy asarlar ham an’anaviy shakllangan maktab uslubida yaratilish o‘rniga noan’­anaviy, modernistik uslubda yaratilmoqda. Bunday asarlarning umri uzun bo‘lmaydi. Bu asar Qodiriy, Oybek romanlaridek adabiyotda qoladimi, yo‘qmi, hali buni  vaqt ko‘rsatadi. Shukur Xolmirzaev o‘zining asarlarini juda sevardi, shu sabab ularni tanqidiy fikr­lardan ham himoya qilardi. E’lon qilishga esa shoshilmasdi. U o‘zining «Dinozavr» asarini qayta-qayta ishlab, tugatolmadi. Chunki bunga, avvalo, o‘zining ko‘ngli to‘lmayotgani sabab bo‘lgandi. Ilgari Shukur ”Payg‘ambar oroli” degan roman yozmoqchi edi. Men shu roman uning eng zo‘r asari bo‘ladi, deb o‘ylar edim. Bugungi xulosamga ko‘ra,  uning eng zo‘r asari — “Dinozavr”. Nima bo‘lganda ham, bugungi davr adabiyotida bugungi kun kishisining dunyosi, bugungi kun qahramonining hayoti yaratilishi lozim. 
 
— Bugungi kunda  odat tusiga kirib borayotgan G‘arb adabiyoti ta’sirida ijod qilish an’anasi haqida bahs-munozaralar bo‘lmoqda. Shu Sharqu G‘arb adabiyotiga  ham bir to‘xtalsangiz.
 
— Menimcha, yosh avlod sovet davri  adabiyotini rad etish maqsadida yangi bir ijodiy izlanishlar ustida. Bu  — yaxshi. Lekin uzoq vaqt sinalgan ijodiy tajribalardan ham voz kechmaslik kerak. O‘zbek adabiyoti ulkan Sharq adabiyotining bir qismi. Bir vaqt­lar Gyote, Tolstoy singari daholar Sharq adabiyotiga murojaat etishgan. Sharq adabiyotini o‘rganib Gyote ”Sharqu G‘arb devoni”ni yaratgan. Tolstoy esa islom diniga ixlos qilib, ”Sharq adabiyotidan bahramand bo‘lib, Yevropa adabiyotini ko‘tarsa, yaxshi samara beradi”, degan xulosaga kelgan. 
Shu kunlarda dunyoning siyosiy-jo‘g‘rofiy xaritasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, masalan, Ispaniya, Lotin Amerikasi kabi bir qancha mamlakatlar ham arab tsivilizatsiyasi ta’sirida o‘zlarining milliy adabiyotini barpo etishgan. Ma’lum darajada hozir ham ularda Sharq adabiyotining ta’siri bor. Masalan, Portugaliya adabiyotida Sharq falsafasi hikmatlari ta’siri sezilib turadi. Yevropa adabiyoti ma’lum darajada boshi berk ko‘chaga borib qoldi, tanazzulni boshidan kechiryapti. Ana shu tanazzuldan chiqish uchun nimalar qilmayapti?!
Agar biz bir vaqtlar dunyo adabiyotidan, Yevropa adabiyotidan badiiy-uslubiy shakllarni olgan bo‘lsak, hozir ular yana Sharqqa qayt­yapti. O‘ylaymanki, o‘zbek adabiyoti ham o‘zining azaliy manbalariga, boy klassikasiga, mumtoz adabiyotiga qaytadi.
 
— Adabiyotshunos ko‘pincha yozuvchi yaratgan asarning  badiiyligiga ko‘proq to‘xtaladi. Adashmasam, sizning adabiyotga bo‘lgan munosabatingiz boshqacharoq. Chunki siz maqolalaringizda badiiy asarning yaratilish tarixi va uning muallifi to‘g‘risida kengroq to‘xtalasiz.
 
— Modomiki, gap adabiy asar tahlili haqida borar ekan, adabiyotdan tashqari o‘sha adabiyotni yaratgan yozuvchi shaxsini ham e’tibordan soqit qilmaslik kerak. Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon deganda tuyg‘ularimiz junbushga kelib ketadi. Chunki ular asarlari bilangina emas, shaxs  va chin inson sifatida ham o‘rnak bo‘lishga arziydi. Masalan, men Oybek, Mirtemir, Shayxzodani yaxshi bilaman. Ular yozuvchi sifatida buyuk odamlar bo‘lishgan. Endi ularga teng keladigan odamni yaqin o‘rtada dunyoga keladi yoki biz bilan zamondosh bo‘lib yashayapti, deb hech kim aytolmaydi.
Oybek Moskvaga borganida, Odil Rahimiy degan juda ko‘p romanlarni tarjima qilgan kishi: «Oybek aka, kelganimga uch-to‘rt kun bo‘ldi, pulim tugab qolgan edi»,  debdi. Shunda Oybek aka “Menda pul yo‘q edi, Zarifadan so‘rab ko‘raylik”, debdi. Zarifa opa “Qaytib bersangiz, berib turaman”, deb bir oz pul beribdi. U ketgandan so‘ng esa Oybek xoxolab kulibdi. “Nega kulasiz?” desa, “U qaytib bermaydi” debdi. “Qaytib bermasa, o‘zimiz qiynalamiz. Nega buni avvalroq aytmadingiz?” desa, Oybek kulib: “U meni ko‘p aldagan edi, seni aldaganini ham bir ko‘ray dedim”, debdi. Bular mana shunaqa beg‘ubor odamlar bo‘lishgan. Bag‘rikenglik ularning farzandlariga ham ko‘chganligiga guvohman. Oybekning Omon degan, Bek degan o‘g‘illarini bilaman. Ular ham samimiy, pokiza insonlar, bu dunyoda odam odamni aldab ketadi deb tasavvur qilolmaydi. Munofiqlik haqida o‘ylab ham ko‘rishmaydi. O‘sha avlod vakillari – Oybek, Mirtemir, Shayxzoda mana shunaqa odamlar bo‘lishgan.
Bugungi ijodkorlar biroz o‘ziga bino qo‘ygan, ichki “men”i o‘ta yuqori, ular davrasida o‘tirsang, o‘zining tengdoshi, zamondoshi haqidagi fikrlari odamning diliga og‘ir botadi. Yozuvchi kristall odam bo‘lishi kerak. Boshqalarga u yozuvchi sifatidagina emas, balki shaxs sifatida ham o‘rnak bo‘lishi lozim. Biz ko‘p hollarda yozuvchining ijodini shaxsidan ayro holda ko‘ramiz. O‘ylab ko‘ring, ijodkor ko‘nglida, tasavvurida kechganini yozadi. Yomon odam qanday qilib yaxshi asar yaratishi mumkin? Bu holga ba’zan ”bozor iqtisodiyoti” deymiz. O‘zbek xalqi o‘tmishini unutamiz. Urush yillari, urushdan keyingi tiklanish, qurg‘oqchilik, zilzila yillarini unutamiz. Bugun biz xalqning qonidagi o‘sha toza tuyg‘ularni tiklashimiz kerak. Shu ma’noda asar qahramonlarining qiyofasini tahlil qilish bilan birga yozuvchilarning ma’naviy qiyofasini ham o‘rganishimiz lozimdir. Chunki ma’naviy pok inson asarida o‘z dunyosini aks ettiradi.
 
— Domla, bilaman, o‘zingiz haqingizda gapirishni xush ko‘rmaysiz. Biroq bugun yoshlik yillaringizni bir eslab, hayot yo‘lingizdagi biz shogirdlarga namuna bo‘ladigan hodisalar haqida ham suhbatlashsak.
 
— Yoshligimda men she’rlar yozganman. Hatto qo‘lyozmalarimni kitobchalar shakliga solib rasm­lar chizib bezab yurardim. Hozir ham ancha daftarlarim bor, ularda she’rlar, hazil so‘zlar, xotiralar, o‘zim chizgan rasmlar bor. Shundanmi, shoir bo‘lsam kerak deb o‘ylardim. Amakivachcham Mahmudali Yunusovnikiga ilmiy rahbari Abdurahmon Sa’diy, Solih Qosimov, Hamidulla Ubaydullaev tez-tez yig‘ilishib, bir-birlarining maqolalarini tahlil qilishardi. Qizg‘in bahs-munozoralar bo‘lardi, mana shu bahslarni ko‘rib, kuzatib, adabiyotshunoslikka qiziqish paydo bo‘ldi. 
Shuni aytishim kerakki, men adabiyotni san’atdan ajratib, alohida tasavvur qilolmayman. Adabiyot san’at bo‘lganligi sababli ham san’atning barcha turlariga qiziqaman. Kichik paytimda pionerlar saroyidagi musiqa to‘garagiga ham qatnashardim. Unda hozirda mashhur bastakor Sayfi Jalilov ham bor edi. Keyinchalik xor to‘garagiga ham qatnashganman. O‘sha vaqtlar Yangi yil bayrami karnavallar, maskaradlar bilan o‘tar edi. Dadam ham Maorif vazirligida ishlagani uchun teatrga tez-tez bilet berishar edi. Shuning ta’siridami, yaqin o‘rtog‘im Bahodir Yo‘ldoshev rejissyorlik qilgan ko‘p pesalarni tarjima qilib berganman. Kino olishda rejissyorlar bilan birgalikda qator asarlar ustida ishlaganman. Hozirgacha bir qancha shoirlarning she’rlariga musiqa yozganman. Shu sabab bir vaqtda musiqa, kinostsenariy, teatr, rassomlik va adabiyotshunoslik bilan shug‘ullanib, she’rlar (o‘zim uchun) yozib turaman. Adabiyotni san’atning mana shu turlari bilan birgalikda, yaxlitlikda tasavvur qilaman.
Suhbatdosh:
Shoira DONIYOROVA,
filologiya fanlari nomzodi
"Hurriyat" gazetasidan olindi (2006).

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.