Talabalikni oltinga qiyos etish kimdan va qachondan boshlangan buni bilmadim. Ammo shunisi aniqki, talabalik davrda yoshlar ibrat olishi mumkin bo‘lgan shaxslar bilan ruboro‘ kelar va tabiiyki, ularni zimdan ko‘zatar ekan. Kamina yaqinu yiroqda qolgan talabalik kunlarida buyon: o‘z qomatiga mos odimlaydigan, birov bilan urushgandek qavog‘idan doima qor yog‘ib turadigan, atrofiga bepisand boqadigan, kamgap olimni biladi.
Oltin davrning so‘ngi kunlariga borib olim haqidagi tasavvurim yuzaki ekanligini angladi. To‘g‘rilikni, odillikni sevadigan ismi aytar so‘ziga manant dunyo ko‘rgan adabiyotshunos Bahodir Karim ijod ahliga mening tarifimsiz ham yaxshi tanish.
Aziz mutoalaachi! Sizga hukmingizga olim bilan qo‘rgan gurunglarimizdan bir shingilni havola etaman.
— Bahodir aka, bir gal saboqxonada shunday deganingiz esimda «Men ilk marotaba Danel Defoning «Robinzon Kruzo»sini o‘qiganman. Sizlar-chi?» deya saboqdoshlarimni so‘roqqa tutgandingiz. Bugun o‘ylab qarasam, bolaning ilk mutolaa qilgan kitobi uning umr yo‘lida, hayotida tub burilishlar yasashi mumkin ekan. Bolalarga kitob tortiq qilishimiz uchun qanday mezonlarga asoslanganimiz durust?
— Bolalikda olingan bilim, o‘qilgan kitoblar bejiz toshga o‘yilgan bitikka o‘xshatgan emas. Ular, albatta, insonning hayot yo‘lida foyda beradi. Izsiz ketmaydi. Bolaligida kitob o‘qigan bola bilan bunday ma’naviy ne’matdan bebahra o‘sgan bola orasida katta farq bo‘ladi. Bolaning televizor vositasida olamni tanishidan ko‘ra kitobdan o‘qigan ma’lumotlari asosida olamni tanishi muhimroq deb o‘ylayman. Chunki yozilgan matnni anglash, tushunish – bu jarayonda bolaning tafakkur qobiliyati tarbiya topadi, aqliy faoliyati muayyan tizimga tushadi. Badiiy yoki ilmiy ma’lumotlar kitobini o‘qigan bolaning ko‘ngil ko‘zi ochiladi. Faqat suratlarni ko‘rib, real, aniq chizilgan narsalardan xulosa chiqarish boshqa, ko‘rmay tasavvur, xayolot va tafakkur yordamida boshqa olamlar yuzasidan muayyan umumlashma - xulosalarga kela bilish boshqa gap. Keyingisi ulug‘roq, ulkanroq, mahobatliroq.
«Robinzon Kruzo»ni tez-tez eslab turaman. Chunki bu kitob va bu qahramon bolalik tasavvurimning bir qismiga aylangan. Shu kitob mutolaasi bilan o‘tkazgan kunlarim, uzoq-uzoqlarga qilgan sayohatlarim, Robinzonni hatto tushlarimda asrab-avaylaganlarim, unga dildan achinganlarim, tirikchilik yo‘lida, tirik qolish uchun topgan har bir ilinji uchun quvonganlarim – hali-hali meni tark etgani yo‘q. Keyinchalik «Robinzon Kruzo»ning ikkita kinotalqinini tomosha qildim. Baribir nimadir yetishmaydi.
Kitobdan olingan zavq o‘rnini bosganini ayta olmayman. Savolingiz mohiyatida menda bolalar uchun kitoblar tavsiyasini kutmoqdasiz. Bilib turibman. Xo‘sh, qanday kitob o‘qisin bola? Eng avvalo yoshiga mos bo‘lsin. Ikkinchi sinf o‘quvchisiga ishqiy romanlarni tavsiya qilish ahmoqlik. Buni bilasiz. Yosh bolalarga albatta ezgu, yaxshi, go‘zal tuyg‘ularni tarbiyalaydigan ertak kitoblarni tavsiya qilgan bo‘lar edim. O‘rta yoshga loyiq kitoblar ham yetaarli. Endi balog‘atga yetib, katta hayot yo‘liga kirgan yoshlar vaqtini bekorga o‘tkazmasdan o‘zbek va dunyo adabiyotining eng nodir namunalarini o‘qishlari lozim. Natijasi yaxshi bo‘lishi tabiiy. Har kim har xil yo‘sinda kitob o‘qiydi. Kitob o‘qishdagi sinovdan o‘tgan bir tajriba. O‘qilgan kitoblari to‘g‘risida ulkan bir daftarga qaydlar yozib borsin. Tushunchalarini, fikr-mulohazalarini qayd etsin. Fikrni bayon qilish malakasi yuzaga keladi.
— Adabiyot ko‘ngil ishi deb biluvchilar ijodkorlar orasida urchib ketdi. Shoir va adiblarimiz shunday tushunsa va bilsa. Odamiylik fanning tub mezon va qoidalari chippakka chiqib, tanazzulga yuz tutib, avlodlarga g‘arib ahvolda bormasmikin?
— Adabiyotni tushunish o‘zgarib bormoqda. Juda erkin, hatto san’at tiliga, qonuniyatlariga aloqasiz ravishda - istalgan yo‘sinda fikrlar aytish avjiga mindi. To‘g‘ri kelgan allaqanday mashqlardan «janr» yasash hollari uchrab turibdi. Uzundan uzoq voqeanomalarning «roman» deb atalishiga duch kelmoqdamiz. Shuningdek, rebusnoma, uchi-keti yo‘q, eng asosiysi, estetik idealdan mosuvo aljirashlarga favqulodda adabiy hodisa sifatini berish ham o‘zini oqlamaydi.
Badiiy ijod, tabiiyki ko‘ngilda tug‘iladi, jamiyatga tarqaydi va ijtimoiy hayotning ich-ichiga kirib boradi. Badiiy ijod ko‘ngil ishi – biroq bu tushuncha yolg‘iz bir inson aurasida chegaralanib qolishni anglatmasin. Ijodkor – ulkan shaxs. Agar shu sifat yetishmaydigan bo‘lsa, ijodkor o‘z estetik mamlakatini bunyod eta bilmaydi. Ijodkor – estetik voqelik tashkilotchisi, tashabbuskori va ishtirokchisi. O‘zi uchun, g‘aladon uchun, ko‘ngilini bo‘shatish uchun yozish... — Bunday iddao qilgan kimsa go‘yo kamtarlik qiladi. Yozilgan narsa ommaviylashgandan keyin, «men yozgan narsa odamlar orasiga yetib bordi, endi tanqidchilar nimadir dermikin» qablidagi ilinj paydo bo‘lgandan keyin – adabiy voqelik ijtimoy mohiyat kasb etadi.
Badiiy ijod namunalarining avlodlarga yetib borish masalasini vaqt hal qiladi. Yozilgan hamma narsa, muqova ichiga keritilgan hamma narsa yashab qolavermaydi. XX asrda birgina o‘zbek adabiyotida 300 dan ortiq roman yozilgan. Agar ulardan 60 tasi o‘qilsa, qolgan 80 foiz roman qaerga ketdi? Ularni kim kitob javonlaridan olib tashladi?
Asarlarning asrlardan asrlarga o‘tishi ijodkor shaxs badiiy tafakkuri quvvatiga, adabiyotni keng tushunishiga, eng muhimi, hamma ko‘rib turgan hodisalardan hech kim anglay olmayotganlarini ko‘ngil ko‘zi bilan ko‘rib, original badiiy obrazlar vositasida tasvirlashi va yana ko‘plab omillarga bog‘liq murakkab hodisadir.
— Milliy nasrimizda Abdulla Qodiriy benihoya katta va muvaffaqiyatli qadam tashlagandi. O‘sha mashhur «O‘tkan kunlar»ning bunchalar o‘qishliligini ta’minlagan jihatlar uning tarixiy, ishqiy, deylik detiktiv detallari borligidami yoki ko‘pchilik kitobxonlar ilg‘amaydigan tomoni bormi?
— «O‘tkan kunlar»da sir bor, joziba bor, ohanrabo bor. Agar kitobxon bu kabi sifatlarning hammasini to‘la-to‘kis anglab olsa yoki adabiyotshunoslar kashf qilib qo‘yishsa, romanning qiziq joyi qolmaydi; roman umri tugab qoladi. Bu romanni o‘qigan har kim o‘z ta’biga mos ma’naviy ozuqa oladi. Ko‘p narsani anglaydi, tushunadi. Ammo romanda yana hali anglanmagan, tushunilmagan sirli, yashirin nuqtalar mavjudligicha qolaveradi. Kitobxon adabiyotshunos emas. Kitobxon roman nima uchun o‘ziga ma’qul kelganini hamisha ham tushuntirib bera olmasligi mumkin. Buning sabablarini topish va talqinlar yozish badiiy adabiyotning qonun-qoidalari bilan shug‘ullanadigan adabiyotshunoslarning vazifasiga kiradi. Lekin adabiyotshunoslarning ham bilim darajasi turlicha. Yozuvchining qalbiga yaqin odam eng go‘zal talqinni yozadi.
Kitobxon «O‘tkan kunlar» romani inson hayoti mohiyatini tashkil etadigan bir hikmat oralig‘iga joylanganiga, asardagi vaqt-zamon tushunchalari tarixiy davr ruhiga mos keladigan kundalik ibodat vaqtlari bilan ifoda etilganiga yoki romandagi ayrim jumboqlar taqdir tushunchasiga bog‘liqlikda badiiy talqin qilinganiga parvo qilmagan bo‘lishlari mumkin. Qodiriyning muazzam qo‘sh qoyasi birov sezib-sezmaydigan, birovga ko‘rinib-ko‘rinmaydigan bebaho injulardan bino bo‘lgan. Chuqur mulohaza, qayta mutolaa javohir nurini qalbga olib kiradi.
— «O‘tkan kunlar»ni nemislar «Toshkentlik sevishganlar» deya tarjima qilgani va e’tibordan chetda qolganini ko‘pchilik attang bilan aytishadi. Bu attangda ozgina nopisandlik ya’ni, «asar umuminsoniy yukni ko‘tara olmagan» degan da’vosi yotadi. Abdulla Qodiriy ijodiga xorij olimlarining munosabatini tadqiq qilgansiz hamda g‘arb va sharq odamining ma’naviy o‘lchamlarini yaxshi bilasiz. Meni yuqoridagi masalaga fikringiz qiziqtiradi.
— Odam o‘z jasadining tosh bosadigan og‘irligini o‘z tarozisida tortib ko‘rgach, o‘zidan shubhalanib boshqalardan baho so‘rab yurishi kulgili holatdir. Bunday tekshiruvlar menga ma’qul kelmaydi. Shu ma’noda «O‘tkan kunlar»ning qardosh va xorij tillariga tarjimalari va ularga xorij olimlarining bergan baholari alohida muammo, alohida ulkan tadqiqot mavzusidir. Men savolga javobdan qochish uchun gapni aylantirayotganim yo‘q. Siz to‘g‘ri ta’kidlaganingizdek, xorijdagi qodiriyshunoslikni baholi qudrat o‘rgangan odam sifatida aytishim mumkinki , hech bir xorij olimi roman mohiyatini o‘zbek olimi darajasida talqin qila olgan emas. To‘g‘ri, romanga struktural analiz usulini tatbiq etib, tekshirgan olimlar ham bor.
Har qanday hodisa anglanmagan vaqtda nuqson-kamchilikli bo‘lib ko‘rinadi. Agar roman nomiki noto‘g‘ri tarjima etilgan ekan - ustiga ustak rus tili orqali – bu o‘rinda «umuminsoniy yuk»dan gapirishga kimning ma’naviy haqqi bor? Yevropa yoki Amerika romanlariga haddan tashqari mahliyo bo‘lish, buning natijasida o‘zbek adabiyotidagi nodir asarlarni kamsitish – bu bizdagi ayrim diletant-kaltafahamlarga tekkan kasallik. «O‘tkan kunlar» va boshqa san’at asarlarini dunyoga mashhur qilish bu bizning vazifamizdir.
Zotan, ekologik dunyodagi har qanday qo‘ng‘iz ba’zan, hatto boshqani kamsitish evaziga ham o‘z bolasini oppog‘im deydi.
— Qadim-qadimdan ijod ahlining o‘lmas va so‘nmas mavzusi olamonni uyg‘otish bo‘lib kelgan. O‘zlikni anglashga harakat qilayotgan millat adabiyoti shunday bo‘lgani ham durustdir-u, ammo u xoh nasriy, xoh nazmiy, xoh dramatik asar bo‘lmasin bunday ijod mahsulida ijtimoiy fikrning yuki zalvorliroq keladiganday?
— Agar olomon deganda manqurtoifa, shunga yaqin odamlar tushuniladigan bo‘lsa, adabiyot hech qachon ularni uyg‘ota olmaydi. Adabiyotda ijodkorning individual «men»ida pishib yetilgan ijtimoiy fikr siyosiy, adabiy, ilmiy shaxslarning yetiltiradi. «Ijtimoiy fikrning yuki» bo‘lishi ayb-nuqson emas. Bunday tushuncha har qanday janrdagi asarning badiiy-g‘oyaviy quvvatidan, poetik mohiyatidan kelib chiqadi. Agar badiiy asarda biror bama’ni individual yoki umuminsoniy his-tuyg‘u, fikr-mulohaza maromiga yetkazib badiiy tarzda ifoda qilinmasa, bunday asarda umuman «yuk»ning o‘zi mavjud bo‘lmaydi.
— Yana saboqxonadagi bir gapingizni eslasam, «Adabiyot velosiped zavodi emas taraqqiy etgani, u boyiydi» degandingiz. Xo‘sh, yaqin yillarda milliy adabiyotimiz boyiy oldimi yoki boyish uchun uzoq yillar kerak bo‘ladimi?
— «Adabiyot rivojlandi», «taraqqiy etdi» kabi ta’birlar menga erish tuyulgani uchun, badiiy ijodni ishlab chiqarish sohalari bilan tenglashtirib bo‘lmaslini ta’kidlash uchun shu gapni aytganman. Davr, zamonlar o‘tishi bilan yildan-yilga moddiy ne’matlar ishlab chiqarishning ma’lum bir sohasida yangidan-yangi yuksak ko‘rsatkichlarga erishilishida ilgarlama harakat kuzatiladi. Ammo adabiyot va san’at sohasida men voqelikni boshqacha tasavvur qilaman. Bir yilda, deylik, o‘zbek adabiyotida ellikta hikoya yozilishi mumkin. Ammo bu raqam hikoyachilikning «rivoji»dan darak bermaydi. Bu hikoyalarning birortasi san’atga daxli bo‘lmasa, hamma toat-ibodat chippakka chiqadi. Bu o‘rinda avvalgi yilga nisbatan ortiq darajani ko‘rsatib turgan raqamning ma’nisi qolmaydi. Ma’naviy ne’matlarni muhtasham xazina deb tasavvur qilaylik. Shu xazinaga qimmatbaho javohir kelib tushsa, bu xazina boyiydi.
Qadim tarixga ega adabiyotimiz boy adabiyot. Bu xazinadan insoniyat ma’naviy dunyosini nurlantirib turadigan tengsiz asarlar bor. Bu o‘rinda an’anaviy asar yoki nom sanashga berilmasdan bir gapni aytmoqchiman: o‘zbek adabiyoti xazinasi kelajakda dunyo adabiyoti namunalari bilan bemalol tenglasha oladigan bebaho san’at asarlari bilan boyib borishiga shubha yo‘q.
— Nazarimda, naqqosh va kulol ham o‘zidagi havas bilan hunarining egasi bo‘la olmaydi. Bu boshqa kasb-hunarlarga ham tegishli. Siz ulg‘aygan oilaning adabiyotga va san’atning boshqa turlariga muhabbati, munosabati qanday bo‘lgan?
— Oilaviy muhit... Bu muhitda gap ko‘p. Yozsam, katta kitob bo‘ladi. Onam, rahmatli, hamshira edi. Men onam hamshiralikka o‘qib, ilm olib yurgan yillari – qishki ta’til kunlarida tug‘ilgan ekanman. Otam fizika o‘qituvchisi. Maktabda menga shu fandan saboq berdi. Fizikaning murakkab masalalaridan toliqqan sinfdoshlarim uchun lirik chekinish qilib, Maxtumquli, Muqimiy, Mayakovskiy, Hamid Olimjon she’rlarini yuksak bir pafosda o‘qib berar edi. Bunday o‘qilgan she’rlarni eshitgan har qanday o‘quvchi fizika muallimini ham, badiiy adabiyotni yaxshi ko‘rib qolar edi. Turli fan sohasining zahmatkashlarini - ma’naviyat ummonining g‘avvoslarini «liriklar va fiziklar» tarzida ajratmaslikni otamdan o‘rgandim. Fizika, matematikani yaxshi ko‘raman. Ximiya fanidan katalizator, katalitik reaktsiya mavzusini yaxshi o‘zlatirgan edim. Bu mavzuda bir ramz va hikmat borga o‘xshaydi. Lekin haligacha topa olmadim. Adabiyot sohasini tanlagan odamning tabiiy fanlardan ham bilimi yuksak bo‘lishi lozim, degan sub’ekti bir qarashim ham bor.
Uyimizdagi kichik kutubxonaning sakson-to‘qson foizi otamning sohasiga oid kitoblar edi. Ular ichidan men adabiyotga tegishlilarini izlab topib, o‘qir edim. Jumladan, muqovasida muallifining nomi o‘chib ketgan “Robinzon Kruzo”ni ham shu kitoblar orasidan oldim. Adabiyotga qiziqishimni sezgan otam badiiy kitoblarni sotib olib kelar edi. O‘quvchi paytimda yaxshi ko‘rib o‘qiganim «Yulduzli tunlar» romani - otamning sovg‘asi.
Hozir o‘ylab qarasam, dunyo urushiga ketgan Karim buvamizdan yigirma to‘rt yoshida beva qolgan enamning (otamning onasi) tabiatida g‘alati bir topqirlik, tabiiy bir roviylik, kutilmagan tarzda hodisalarni qiziq qilib so‘zlash mahorati bor ekan. Suhbatida voqeaning xulosasini aytadi, bunga ba’zan birov tushunmaydi. Ammo qiziqroq nimanidir ilg‘aysiz, so‘ng shu qiziqish ortidan savol berasiz. Keyin hikoya boshlanib ketadi. Syujetning retrospektiv shakli. Bu tizimga tushadigan hayotiy voqealarni ko‘p gapirar edi enam. Ammo ertak aytib berganini eslay olmayman. Enamning xirgoyi qilib aytgan qo‘shiqlarini yaxshi eslayman. «Osmondan nam tushmaguncha, yerdan giyoh ko‘karmas», «Istaganing emgak (mehnat) bo‘lsa, ikki ko‘zing ko‘mgak (ko‘m-ko‘k) bo‘lar», «Tinsang tinmassan, tinmasang tinarsan», «Horimas tolmasday, bola yig‘lamasday, qorin och bo‘lmasday, ishlayveringlar» – bu kabi hikmat va nasihatlarni enamdan juda ko‘plab eshitganman.
San’atning boshqa turlari bizning oilada ommaviylashgan emas. Yana bir gap. Maktabdagi adabiyot muallimimiz: «Men kosmonavt bo‘lman deb, qo‘lni cho‘ntakka tiqib, uydan kirib-chiqib yurgan bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi», degani hech yodimdan chiqmaydi. Yolg‘iz havas bilan orzu ushalmaydi.
“Yosh kuch” junnalida e’lon bo‘lgan.