Aslida shunday odam bilan bir davrda, bir shaharda yashayotganimni xayolimga ham keltirmagan ekanman. Mahmudjon Eshonqulov yigirma yetti xalqaro mukofot sovrindori, Turkiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlarda o‘tkazilgan karikatura tanlovlarida g‘olib bo‘lib qaytgan. Qaysidir ma’noda bu hajvchi-rassomsiz o‘zbek karikaturachiligini tasavvur qilib bo‘lmaydi.
«Oltin qalam» mukofoti sovrindorlarini taqdirlash marosimida hammasidan xabar topdim-u, tezroq u kishi bilan suhbatlashishga oshiqdim. Shu niyatda qahramonimizga qo‘ng‘iroq qildim. Salomimga berilgan alik, gapirishga navbat bermay ahvolimni so‘rayotgan ovoz xushchaqchaq va samimiy edi. Uyining manzilini oldim-u, tezroq uchrashishga chog‘landim. Ko‘z oldimga kelgan muhtasham binoni ko‘p izladim. Manzil bo‘yicha borib, faqat chog‘roq uyga duch kelgandim-da. Nihoyat, kichik uyning kichik xonasida, kichik stol atrofida katta suhbat o‘tkazdik va uning bir qismi qog‘ozga tushdi.
— Albatta, xalqaro konkurslarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni olishning o‘zi bo‘lmaydi. Rasmlaringizning yuqori baholanishiga asosiy sabab nima deb o‘ylaysiz?
— Hammasi avvalo Ollohdan. Yutuq olgan rasmlarimga kelsak, hech narsa sababsiz bo‘lmaydi. Shunday ekan, buning ko‘pgina jihatlari mavjud. Birinchidan, karikaturada tanlangan mavzu dolzarb va original bo‘lishi, ikkinchidan, rasmda yumor kuchli tasvirlanishi kerak. Shu qoidalarga amal qilgan har qanday rassom katta yutuqlarga erishishi tabiiy. Endi o‘z ishlarimga to‘xtalsam, unda, asosan, global mavzular: ekologiya, terrorizm hamda siyosiy masalalarni aks ettiraman. Boshqalarni o‘z kashfiyotingizga tez jalb qilishning birdan bir yo‘li shuki, insonlarning ayni damdagi ijtimoiy hayotini ochib berish zarur. Bu kabi mavzularni topish uchun zamon bilan hamnafas yashash muhim. Xo‘sh, mavzu topildi. Endi uni qog‘ozda aks ettirish uchun g‘oya kerak bo‘ladi. Qanday uslubda, qanday holatda chizish muammosi tug‘iladi. Buning uchun kitob, jurnal, gazeta o‘qiyman. Badiiy adabiyotga bo‘lgan qiziqishim yoshligimdanoq o‘zgacha edi. Yiliga uch-to‘rt, juda berilib ketsam olti-ettitagacha roman o‘qiyman. Karikaturaning rang-barangligi va muvaffaqiyatga erishishimga sababchi bo‘lgan asosiy omil bu – mutolaa.
— Tanlov haqida ham...
— Portugaliyada dunyo matbuot karikaturasi (World Press Cartoon) markazi bor. Bu tashkilot har yili dunyo bo‘yicha faqat vaqtli matbuotda nashr qilingan karikaturalar ko‘rgazmasini va tanlovini o‘tkazadi. Ular original karikaturalarni, gazeta yoki jurnal bilan birga qabul qiladi. 2005 yilgi ko‘rgazmada O‘zbekistondan ham rassomlar qatnashdi va rasmlari saralangan asarlar ro‘yxatiga kiritilib “World Press Cartoon 2005” albomida nashr qilindi. Husan Sodiqov, Shavkat Muzaffar “Mushtum” jurnali bilan, men “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bilan qatnashdik. Tahririyat va rassomlar albom, sertifikat bilan taqdirlandilar.
— Xorij matbuotlarida karikaturaga katta e’tibor beriladi?
— Chet davlatlarda, ayniqsa, Yevropada matbuotni karikaturasiz tasavvur etish qiyin. Har qanday gazeta, jurnal, xoh siyosiy, xoh huquqiy yoki hajviy bo‘lsin, karikatura uchun, albatta, joy ajratadi.
— Bizning matbuotimizda bir tushuncha mavjud. Go‘yoki karikatura faqat “Mushtum” yoki “Afandi”ga xos.
— Tasviriy san’atda karikatura jumlasi bor. Bu matbuot rassomchiligi degani. Respublikamizdagi matbuot nashrlari bilan bevosita muloqot qilamiz. Ba’zilarida karikaturalar onda-sonda berib turiladi, lekin ularga shunaqangi silliq rasmlar kerakki, ozgina tanqidiyroq bo‘lsa chop etishmaydi. Chunki sensatsiyaga toqatlari yo‘q.
— Gazeta va jurnallarda hajviy rasmlar uchramasligining boshqa sababi yo‘qmi? Balki yana nimadir to‘sqinlik qilayotgandir?
— Yaxshi savol bo‘ldi. Xuddi shu masalani kimgadir aytmoqchi bo‘lib yurgandim. Jurnalistika fakultetlarida matbuot rassomchiligi haqida mutlaqo o‘rgatishmaydi. Natijada o‘quv yurtini tugatib, muharrirlik darajasiga yetgan jurnalistlar o‘z-o‘zidan karikaturaga e’tiborsiz bo‘lishadi. Biroq o‘quvchi birinchi navbatda gazetadan karikatura qidirishini, agar mavjud bo‘lsa, uni tahlil qilishini bilmaymiz. Karikatura mohiyatini to‘la anglab yetmagan muharrirlar unga befarq bo‘lib turaveradi. Sababi yana shunga borib taqaladi – o‘qish jarayonida o‘rgatilmagan.
— Balki, hajvchi-rassomlarning o‘zlari matbuot bilan hamkorlik qilishni xohlamayotgandir.
— Nega endi? Masalan, siz, xoh katta bo‘lsin, xoh kichik, gazetada birorta maqolangiz chiqishini istamaysizmi? Maqolangiz tahrir bo‘lib, o‘zgarib ketsa ham, ism-sharifingizni ko‘riboq quvonasiz, shunday emasmi? Biz ham xuddi siz kabi bir xursandchilik uchun bo‘lsa-da, karikaturamizni gazeta yoki jurnalda ko‘rishni xohlaymiz.
— Demoqchimanki, gonorar puli qoniqtirmayotgandir.
— Matbuotimizda gonorarning kamligi sir emas. Ba’zi nashrlarning tiraji kam bo‘lgani uchun ham bu borada anchayin oqsab qolgan. Xavotirlisi, matbuot ba’zi mutasaddi rahbarlar uchun biznes manbaiga aylanib qolgan.
Chet ellik hamkasblarim bor, xat yozishib turamiz. Faqat bitta gazetaga karikatura chizib bergani (oq-qora) evaziga kun kechiradi. Mashina, uy-joy, hamma-hammasiga birgina gazetadan berilgan maoshi yetib ortadi...
— Matbuot xodimlariga aytar so‘zingiz?
— Ba’zida birgina rasmni tahririyatga berib ketish uchun soatlab kutishga to‘g‘ri keladi. Gonorarni qo‘ya turing, hatto nega kelding, deb so‘ramaydigan muharrirlar ham bor. Aslida bizga gonorar emas, biroz e’tibor berilsa bas, hamkorlik hilishga tayyormiz.
"Hurriyat" gazetasidan olindi (2006).