Biz Paulo Koelo bilan bundan bir yil muqaddam — u Moskvaga kelganida tanishgan edik. O‘shanda uning Rossiyadagi noshirlari Interfaks agentligida adibning matbuot konferentsiyasini o‘tkazmoqchi bo‘lishgan. Men shu agentlikda xizmat qilardim. Biroq men uning ijodi bilan ancha avval — 1998 yilning qishida tanishishga muvaffaq bo‘lganman. Davosda Butunjahon iqtisodiyot forumi majlislar zalining foyesida braziliyalik muallifning kitoblari sotildi. Uning nomi shu choqqa qadar menga tanish emasdi.
O‘zim uchun yangi iste’dod egasini kashf etish ishtiyoqida uning “Alximik”ini sotib oldim va ertasiga kun bo‘yi bu ajoyib kitob mutolaasi bilan band bo‘ldim. Moskvada tanishganimizdan keyin biz Paulo bilan elektron pochta orqali maktublar almashib turdik. Shu yil iyul oyining boshida esa adibning gumashtasi menga qo‘ng‘iroq qilib, Koelo men bilan suhbat qilish uchun uchrashishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Uchrashuvda uning “O‘n bir daqiqa” deb atalgan so‘nggi romani to‘g‘risida ham (Rossiyada bu asar 6 sentyabrda sotuvda paydo bo‘ldi, lekin menga uning qo‘lyozmasini avvalroq berishgan edi), shuningdek, umuman, turmush to‘g‘risida ham suhbat bo‘lishi kerak edi. Uchrashuv Frantsiyaning Janubi-g‘arbidagi Garb shaharchasida bo‘lib o‘tdi.
— Sizning “O‘n bir daqiqa” deb atalgan so‘nggi asaringiz atayin bestseller bo‘lish uchun mo‘ljallab yozilgan, shekilli. Butun jahonga taniqli adib muhabbat va seks to‘g‘risidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi va asarining bosh qahramoni sifatida fohisha ayolni tanlab oladi. Hatto romanning nomi ham kishining diqqatini jalb qiladi va kitobxonlar ommasini o‘ziga tortmay qolmaydi — sizning nuqtai nazaringiz bo‘yicha, jinsiy aloqa o‘rta hisobda ayni o‘n bir daqiqa davom etar ekan. Yuksak ma’naviyat egasi sifatida tanilgan adib tijoratchi yozuvchiga aylanib ketayotgani yo‘qmi? U asarlarining adadini ko‘paytirish ishtiyoqiga tushib qolmayaptimi?
— Har qanday kitobda ham tavakkalchilik bor, lekin men nomus masalasida hech qachon tavakkal qilmagan bo‘lardim. Men bu asarimni tugatganimda, birdan vahimaga tushib qoldim, nogahon, birdaniga ko‘nglimga kitobxonlar meni tushunmay qolishlari mumkin-ku, degan xayol keldi. Agar shunday bo‘lsa, men kitobxonlarimdan ancha-munchasini yo‘qotib qo‘yardim. Lekin keyinchalik butunlay boshqa bir to‘xtamga keldim: mabodo, shunday bo‘lgan taqdirda ham hech kim o‘zim uchun juda muhim bo‘lgan mavzuda halol kitob yozganimga shubha qilmasa kerak. Ehtimol, kimdir bu kitobni o‘qib xijolat chekar, kimgadir u uncha ma’qul bo‘lmas, lekin hamma bu kitobni avvaldan belgilab qo‘yilgan qoidalar va talablarga rioya qilib yozmaganimga zarracha gumon qilmasa kerak. Meni lol qoldirgan joyi shundaki, kitob e’lon qilingan joylarda u qisqa fursatda fantastik bestsellerga aylanib ketdi. Hozir siz bilan ikkovimiz suhbat qurib turgan bir paytda, kitob frantsuz bestselleri ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni egallab turipti. (Uch hafta muqaddam u birinchi o‘rinda edi.) Braziliya, Italiya, Portugaliyada kitob birinchi o‘rinda. Agar ma’naviy qadriyatlar haqida gapiradigan bo‘lsak, mening nazarimda, bizning seksga munosabatimiz bir tomonlama va munofiqonadir. Bu shunday sohaki, bu sohada biz o‘zimizga yolg‘on gapirishga erk beramiz, buning ustiga, yolg‘on gapirsak, buni yaxshilikka yo‘yamiz. Biz birovni aldamoq uchun emas, balki birovga xushomad qilmoq uchun yaltoqlanib yolg‘on gapiramiz, biroq bundan yolg‘onimiz haqiqatga aylanib qolmaydi va butun bizning mohiyatimizga, umuman, bizning yolg‘onga munosabatimizga ta’sir ko‘rsata boshlaydi.
— Kitobning asosiy mavzui bosh qahramon Mariyaning kundaligida ifodalab berilgan: kim bizning qalbimizni junbushga keltirsa, jismimizni olovlantira olmaydi va aksincha. Shuning uchun bizning vazifamiz — seks bilan muhabbatning sinteziga erishmoqdan iboratdir, siz “sakral seks” deb atagan narsaga yetishmoqdir. Shveytsariya bozoriga o‘zini solgan braziliyalik fohisha izlagan narsasini bir rassomdan topishga muvaffaq bo‘ladi. Rassom — badavlat, lekin unda ham seksual hayotidan qoniqish yo‘q. Fohisha maqsadiga yetguncha o‘nlab va hatto, ehtimolki, yuzlab mijozlarning qo‘lidan o‘tadi, necha-necha martalab hayotdan, odamlardan ko‘ngli qoladi. Biroq siz muammoni juda murakkablashtirib yubormayapsizmi? Axir, ko‘p hollarda, ayniqsa, biz yosh bo‘lgan chog‘larda va butun olam biznikidek tuyulgan kezlarda, Muhabbat bilan Seks o‘rtasida chiroq yoqib qidirsak ham ziddiyatni topa olmas edik-ku. Ular uyg‘unlik bilan bir-birini boyitadi. Ancha o‘tib, yosh ham bir joyga yetib qolganda yo tuyg‘ular soviydi, ehtiroslar so‘nadi, yoxud turmush mashmashalariga o‘ralashib qolamiz, yoki unisi ham, bunisi ham baravar sodir bo‘ladi. Shundoq ekan, o‘zingning izlab topgan ma’shuqang yoki oshig‘ing bilan ruhiy va jismoniy yaxlitlikni tuymoq uchun nahotki fohishalik yoki yana boshqa maishiy buzuqliklar orqali o‘tish shart bo‘lsa?
— Bizlar bola ekanimizda ko‘zga ko‘rinadigan va ko‘rinmaydigan olamlar bir-biriga ancha yaqin bo‘ladi. Biz qay bir timsollarni yoxud harakatlarni ko‘ramiz-u, ularning zamirida tuyg‘u, sezgi yoxud intuitsiya yashirinib yotganiga aqlimiz yetadi. Ancha vaqt o‘tgandan keyingina biz hamma narsani bir-biridan ajratib bo‘la boshlaymiz, negaki, jamiyat ta’limini olganmiz. Jamiyat esa bizga o‘rgatadi: boshqa biron tarzdagi emas, ayni jismoniy voqelikkina ahamiyatga molik. Ammo aslida esa jismoniy voqelik emas, balki ayni o‘sha — boshqa voqelik bizning dunyomizga ta’sir qilish qudratiga ega va undagi muvozanatni kuchliroq buza oladi. Qo‘rquv, muhabbat yoki gunohkorlik shunaqa tuyg‘ularki, agar ular bizning qalblarimizga kirib o‘rnashib olsa, bizning dunyomizni jismoniy hodisalarga qaraganda kuchliroq darajada ag‘dar-to‘ntar qilib yubormog‘i mumkin. Minglab yillar mobaynida seks ustiga har xil ta’qiqlar va man qilishlar qalashtirib tashlangan edi. Biz ikki tanning nikoh ittifoqi orqali bir-biriga qovushishini ikki qalbning nikoh ittifoqidan ajratib, boshqa-boshqa qarashga moyilmiz. Men kitobimda oldinga surmoqchi bo‘lgan tasavvur shundan iboratki, biz tom ma’noda bir-birimizga yaqin bo‘lganimizda, jismonangina yaqin emasmiz, balki ruhan ham yaqinmiz. Endi bir og‘iz gap — kitobning vujudga kelish tarixi to‘g‘risida. Men ko‘pdan beri seks haqida yozmoqni niyat qilgan bo‘lsam-da, kalavaning uchini topolmay yurardim. Men xippilar avlodining vakiliman va yigitlik davrim bo‘ronli seksual janglarda va po‘rtanali ishqiy o‘yinlarda o‘tgan. O‘sha kezlarda men juda ko‘p narsalarni bilib olgandim. Men tarixda “Erkin muhabbat” gullab-yashnagan benihoya o‘ziga xos bir davrda yashaganman. U kezlarda biz deyarli hamma man qilishlaru ta’qiqlarni butkul portlatib yuborgan edik — buning uchun antibiotiklaru homilaga qarshi tabletkalarga ming rahmat! Ammo mening kitobimga olib boradigan yo‘lni yorituvchi yo‘lchi yulduzni sira topolmasdim. Buning sababi shundaki, men kitobni oxiridan boshlamoqchi edim. Bu inson hayotidagi shunday daqiqa bo‘lmog‘i kerak ediki, bu daqiqada biz jinsiy aloqada yoki seksda qalbimiz bilan jismimiz bir-biriga qo‘shilib ketishining ahamiyati naqadar katta ekanini anglab yetamiz. Kitob esa kallamda yashashda davom etardi. Shunday qilib, desangiz, kunlardan birida Jenevada kitoblarimga dastxat yozib berayotib, bir fohisha bilan tanishib qoldim va u bilan yolg‘izlik to‘g‘risida gaplashdim. Bizning ko‘pchiligimiz g‘ayri shuuriy tarzda qalbimiz bilan jismimizni bir-biridan ajratib qaraymiz. Fohisha ayol bizdan farqli o‘laroq bu ishni ongli tarzda qilishini gapirib berdi va bu yukni yelkasida ko‘tarib yurishi juda-juda qiyin ekanini aytdi. To‘satdan ko‘nglimga “Ana shundan boshlash kerak”, degan fikr keldi. Axir, biz hammamiz shu muammoga duch kelamiz-ku! O‘z munosabatlarimizda ko‘p ham bog‘lanib qolishni istamaymiz, negaki, aziyat chekishdan yoki hafsalamiz pir bo‘lishidan qo‘rqamiz. Mariyaning boshiga tushadigan sinovlar uning uchun qanchalik xatarli bo‘lsa, boshqa istagan odam uchun ham shunchalik xatarlidir. Baxtimizga, Mariya sinovlarni yengib o‘tadi, lekin oramizdan birontamiz ham muayyan bilimlarga ega bo‘lmoq uchun ana shu sermashaqqat va aziyatli yo‘lni, albatta, yengib o‘tmog‘imiz kerak, deb o‘ylamayman. Biz o‘zimizning sheriklarimizga halol muomala qilishni o‘rganib olsak, shuning o‘zi kifoya. Men “uning” kundaliklaridan foydalanib, seksual hayot va muhabbat bizga in’om etadigan bilimlarni o‘zlashtirish jarayoni haqidagi o‘z fikrlarimni bayon etdim. Bu esa poyoni ko‘rinmaydigan olis yo‘ldir. Hayotimizning boshlanishida bizda bir bokiralik bo‘ladi. Bu to‘g‘rida Uilyam Bleyk yozgan. U aytgan narsa soddalik yoki anoyilik emas, ayni bokiralikning o‘zi. Bu shunday bir holatki, unda siz butun olam uchun bag‘ri ochiq bir kimsasiz, hamma narsaga qiziquvchan, har narsani bilishga intiladigan odamsiz va o‘sha holatda shu paytgacha o‘zingizga ma’lum bo‘lmagan hissiyot dunyosini o‘zlashtira boshlaysiz. Biroq, oradan ko‘p o‘tmay, to‘satdan qulog‘ingizga quya boshlashadi — emishki, seks iflos narsa, u ta’qiqlangan va bag‘oyat xavfli narsa, seks bilan shug‘ullanish kerak emas. Keyinchalik esa biz ana shu ekkanimizning hosilini o‘rib olamiz... Mening kitobimda bir joyi bor. Unda Mariya “seks — o‘z ustingdan nazoratingni yo‘qotish san’atidir”, deydi. Bir vaqtning o‘zida siz ham yetaklovchisiz, ham o‘zingiz yetakda. Ham ustozsiz, ham shogirdsiz. Siz uzluksiz ravishda o‘ynayotgan rolingizni almashtirib turasiz — axir, energetik oqimlar ham xuddi shu tarzda qorishib, aralashib ketmaydimi? Biroq siz o‘zgacha o‘rgatar ekansiz, boshqa odamga qaraganda nimanidir ortiqroq bilganingiz uchun shunday qilmaysiz, buni qilishingizning boisi shuki, siz o‘zingizning ichki ovozingizga rioya qilasiz, o‘z impulslaringizning nidolariga quloq osasiz, impulslaringiz esa akademiyalarda kasb etadigan bilimlaringizdan ko‘ra teranroq va donoroq...
— Sizning kitobingiz Parij aeroportida Mariya va Ralfning romantik uchrashuvi bilan xotimalanadi. Biroq bu uchrashuv sizga voqealarning intihosidan ko‘ra ko‘proq ibtidosiga o‘xshab ketadiganday tuyulmayaptimi? Yetti yillardan keyin bosh qahramonning ahvoli nima kechadi? Masalan, voqealarning quyidagicha tus olish ehtimoli bor, desak xato bo‘larmikin: ular sekin-asta bir-birlaridan charchaydilar yoki asta-sekin bir-birlarining ko‘ngillariga uradilar. Shundan keyin hamma narsa aylanib, yana asliga qaytadi. Go‘zal kunlardan birida qo‘qqisdan Ralf molbertini ko‘taradi-yu, kafega jo‘nab qoladi, u yerda xuddi Mariyaga o‘xshagan, lekin undan yoshroq va undan ko‘ra talabchanligi kamroq bir qizni uchratishdan umidvor bo‘ladi. Mariya esa yana Braziliyaga qaytishni o‘ylay boshlaydi — axir puli bor, bo‘lganda ham ancha-muncha. Yurtiga qaytib borib, Kopakadamadagi biror so‘tak yigitni ishq san’atiga o‘rgatish bilan shug‘ullansa ham ehtimol. Siz fikrimga qo‘shilmaysizmi?
— Hamma narsa ro‘y bermog‘i mumkin. Faqat bitta narsa ro‘y bermaydi — ular bir-birini tark etishmaydi. Agar qalbda muhabbat yashasa, har qanday qiyinchilikni yengib o‘tish mumkin. Muhabbatni o‘z-o‘zidan voqe bo‘lib qoladigan bir narsa, deb o‘ylash kerak emas. Muhabbat — har kuni fath etilishi kerak bo‘lgan bir narsadir. Ijozatingiz bilan men kitobning oxiriga qaytsam. Ha, kitob chindan ham “xeppi end” bilan, ya’ni “murodu maqsadi”ga yetish bilan xotimalanadi. O‘zim ham shu xotimani olib tashlasammikin, deb o‘ylab yurib edim, negaki men hikoya qilib bergan voqea ertak emas. Ammo Mariyaning prototipi hayotda qanchadan-qancha chinakam azob-uqubatlarni boshidan kechirganini eslab, bunday qilmaslikka qaror qildim. Aytgancha, men o‘zim oila qurganimga hozir 24 yil bo‘ldi. Bu yillar mobaynida men o‘zim ham, xotinim ham juda keskin darajada o‘zgardik. Biz u bilan birinchi marta uchrashganimizda, men hali taniqli yozuvchi emas edim, lekin taniqli yozuvchi bo‘lishni orzu qilardim. Eh-he, qanchadan-qancha harakatlarim behuda ketdi! Xotinim rassom bo‘lmoqchi edi. Biz hayotdan o‘z yo‘limizni qidirdik. O‘shandan beri xotinim besh yoki olti marta butkul o‘zgardi, men ham. Bir kuni men Bayrutga borib qoldim. Shaharni qayta tiklashmoqda edilar. Men mahalliy odamlardan “Bu ishni nechanchi marta qilyapsizlar?” deb so‘radim, “Yettinchi marta”, deb javob berishdi. Men yana savol berdim: “Nega endi shahringizning joyini o‘zgartirib qo‘yaqolmaysiz? Axir, shahringiz hamisha bir-biri bilan harb olishib yotadigan mamlakatlarning yo‘llari kesishgan chorrahaning qoq o‘rtasida joylashgan-ku?” Ular menga: “Ie, nimalar deyapsiz? Bu gapingizni ikkinchi gapirmang. Biz bu joyni yaxshi ko‘ramiz!” deb javob berishdi. Nikoh to‘g‘risida ham xuddi shu gapni aytish mumkin. Ba’zan uning buzilishiga yo‘l qo‘yib berish ham kerak, lekin keyinchalik — shu odamning o‘zi bilan nikohni qaytadan tiklamoq kerak. Lozim bo‘lsa, buni yana va yana qilmoq lozim. Men qahramonimning prototipi bilan o‘tgan yili oktyabr oyida uchrashgan edim, sentyabrda u bilan yana uchrashish niyatidaman. Ular hozircha Ralf bilan birga baxtiyor hayot kechirishayapti. Hayotdagi Ralf undan ikki baravar katta — uning yoshi 50da. Ular o‘z hayotlarida juda ko‘p narsalarni boshlaridan kechirdilar va bu jarayonda juda ko‘p narsani anglab yetdilar. Mening nazarimda, bu — juda muhim. Jumladan, ular biz uchun qadrli narsani qanday asrab qolish yo‘llarini bilib olishdi. Ko‘pchilik odamlar yangi tajriba orttirishdan qo‘rqishadi. Ular oila qurganda yoki birinchi marta ishga joylashganlarida, yoxud hayotlarida ilk bor ijtimoiy maqomlarini o‘zgartirayotganlarida bu ishlari umrbod ketadi, deb o‘ylaydilar. Mening fikrimcha, faqat bir muncha vaqt o‘tgandan keyingina, bir qadar hayotiy tajriba bilan boyigandan so‘nggina biron muhim narsa borasida, jumladan, nikoh masalasida odam zimmasiga muayyan majburiyatlar olishi mumkin.
— Kitobdan kinoga. Lorens Fishbern “Matritsa” filmida Morfius rolini ijro etarmish, sizning eng mashhur asaringiz “Alximik” bo‘yicha ishlanadigan filmda stsenariy muallifi va rejissyor bo‘larmish. Shu rostmi? Esimda — bir yil muqaddam siz o‘z vaqtida bema’nilik qilib, Gollivud studiyalaridan biriga qissangizni ekranlashtirish huquqini sotganingizni, endi esa shu huquqni qaytarib olish uchun hatto million dollar badal to‘lashga ham tayyor ekaningizni kuyinib gapirgan edingiz. O‘shanda nima bo‘lgan edi o‘zi?
— “Alximik”ni ekranlashtirish huquqini “Uorner brazers”ga sotganimga ancha bo‘ldi. Buning uchun hozirga qadar afsus chekaman. O‘shandan beri asarlarimni ekranlashtirish huquqini boshqa hech kimga sotganim yo‘q. Asarimni kinoga olmoqchi bo‘lganlarga ham ancha vaqtgacha parvo qilmay, goh u stsenariy yoqmaydi, goh bunisi yoqmaydi, deb bahona qilib kelganman. Ular matbuot xodimlarini yig‘ib, “bu filmni jinimdan battar yomon ko‘raman”, deyishimdan juda qo‘rqishardi va har qanday qilib bo‘lsa-da, ko‘nglimni olishga urinardilar. “Alximik”ni ekranlashtirish huquqi 1993 yili sotilgan edi. O‘shandan beri o‘tgan o‘n yil mobaynida men studiyalarning takliflariga beparvo qarab keldim. Lekin uch oymi-to‘rt oymi bo‘ldi — menga do‘stim, taniqli musiqachi Piter Geyberuel qo‘ng‘iroq qilib, “Paulo, bu gal rozilik bermasang bo‘lmaydi. Ularga ham bir imkoniyat berib ko‘r. Lorens Fishbern tuzuk odam, u o‘zini sizning Koinotingizga daxldor deb hisoblaydi”, dedi. Men rozi bo‘ldim. Yaqinda Fishbern menga o‘zining stsenariyini jo‘natdi. Iyulning oxirida esa u bilan Londonda uchrashdik. U Iordaniyadan juda qiziqarli bir taklif olipti. Ular filmni shu mamlakat hududida suvratga olishni taklif qilishipti. Lorens bunga rozi bo‘lipti. Jeremi Ayrons Inglizni o‘ynaydi. Fishbernning o‘zi Alximikni ijro etadi. Ammo Cho‘ponning rolini o‘ynaydigan odamning familiyasi esimdan chiqib qolipti. Albatta, hali hamma narsa o‘zgarib ketishi mumkin, lekin hozircha Fishbern mening kitobimni qanday ekranlashtirish kerakligini yaxshi tasavvur qiladi. U menga aktyor va rejissyor sifatida juda yoqadi. (Men uning “Kunlardan birida — hayotda” degan filmini ko‘rganman.) Biz haqiqatan ham bir xil koordinatlar tizimida hayot kechiramiz. Shuning uchun, keling, hammasi yaxshi bo‘lishidan umidvor bo‘laylik.
— Sizga “Alximik”dek kitobni ekranlashtirish umuman mumkin emasdek tuyulmadimi? Negaki, har bir kitobxon undan o‘zining qalbiga yaqin biror narsa topadi.
— Men bironta kitob ham ekranlashtirishga yaramaydi, deb hisoblayman. Chunki har bir kitobxonning kallasida o‘zining filmi charx urib turadi. Lekin men yuqorida aytganimdek, xatoga yo‘l qo‘ydim. Endi nima iloj bor? Bundan buyog‘iga ham ohi zor bilan o‘tish kerakmi? Yo‘q, bunday qilmayman. Bu xato meni ko‘p narsaga o‘rgatdi. Boshqa xech qanaqa huquqlarni sotganim yo‘q.
— Binobarin, biz sizning asarlaringiz asosida ishlangan boshqa filmlarning paydo bo‘lishini kutmasligimiz kerak ekan-da?
— Yo‘q. Lekin ijodi meni qoyil qoldirgan biron san’atkorni uchratib qolsam, yana bilmadim. Men, masalan, eronlik Samira Mahmadbafning hamma ishlarini yoqtiraman. Men chindan ham bu ayolni kitoblarimdan birortasi bo‘yicha ishlanadigan filmning rejissyori sifatida ko‘rishni istar edim. Biroq hozircha bu voqea ro‘y bergani yo‘q.
— Siz yaqindagi intervyularingizdan birida: “Bugun dunyoda bir inqilob asta sodir bo‘la boshladi, lekin u matbuotning nazaridan chetda qolib kelmoqda”, degan gapni aytdingiz. Odamlarning ongida qaror topayotgan yangicha siyosiy tamoyillarga siz muxtasargina qilib, “tiriklay o‘lmoq” deb ta’rif bergan edingiz. Buning ma’nosi — sayyoramizda sodir bo‘layotgan hamma voqealarni qiziqish bilan tahlil qilib, tub mohiyatini anglash va ularning oxiriga qadar bu voqealarda faol ishtirok etmoqdir. Ha, chindan-da Port-Allegrida bo‘lib o‘tgan ijtimoiy anjumanlarni ham, Eronda urushga qarshi o‘tgan million kishilik namoyishlarni ham eslash mumkin. Lekin shunday bo‘lsa-da, menimcha, siz adashyapsiz. Esingizdami — bu urush boshlanmasdan avvalroq siz ispan gazetasi “Mundo”da “Umumiy qirg‘in qurolini mahv etish bo‘yicha amaliy qo‘llanma” degan sarlavha bilan hajviy asar e’lon qilgan edingiz. Hajviyada BMT taftishchilariga bu qurolni AQSh prezidenti Jorj Bushning yotog‘idan, uning krovati tagidan qidirishni tavsiya etgandingiz. Maqolada bir muncha ko‘tarinkiroq ruhda “Amerika xalqi nimalar bo‘layotgani to‘g‘risida o‘ziga to‘la hisobot berarmikin?” degan savolni o‘rtaga tashlagan edingiz. Mana endi biz AQShda keng ko‘lamda o‘tkazilgan jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha so‘rovning natijasi bilan tanishib turibmiz. Natijalardan shu narsalar ma’lum bo‘lyapti: aholining uchdan bir qismi chindan-da bunday qurolni topishga astoydil ishonar ekanlar. Urushni boshlash haqidagi qarorni ma’qullaganlarning yarmidan ko‘pi, umuman, ana shunaqa astoydil ishonganlardan. Tahlilchilar bu hodisani ifodalash uchun maxsus atama ham o‘ylab topishipti. Bu — “kognitiv dissonans” degan atama ekan. Uning ma’nosi shunday: odamning voqelik haqidagi tasavvuri voqelikka mos kelmaydi, u sodir bo‘layotgan hodisalar haqidagi haqiqatni idrok etishga yo qodir emas, yoki istamaydi. Yoki yana bir g‘alati narsani tilga olaylik. Bizning uchrashuvimizdan biroz oldinroq “Liberason” gazetasi Frantsiyaga kelib ketadigan Amerika turistlarining soni 80 foizga kamayib ketganini ma’lum qildi. Xo‘sh, bu qanday ma’noni anglatadi? Olomon urushning maqsadga muvofiqligiga shubha qilganlardan o‘ch olmoqdami?
— Agar turistlarning soni kamaygani to‘g‘risida gaplashadigan bo‘lsak, menimcha, amerikaliklar Frantsiya bo‘ladimi, Rossiya yoxud Braziliyami, umuman, biror yoqqa borishga ko‘rqib qolishgan, negaki, Jorj Bush hamma yoqda amerikaliklarni yomon ko‘rsatib qo‘ydi. Amerikaliklarning o‘zlarini qoralash kerak emas. Hozir siz bilan biz suhbatlashib turgan bir fursatda Bush ham, Britaniya premeri Bler ham tanqid o‘qlariga ro‘para kelib turipti. Ommaviy qirg‘in quroli masalasiga mening unchalik ham tishim o‘tavermaydi, lekin ajab emaski, agar ular uni topgan bo‘lsa, buni oshkor qilmay, oxirigacha sir saqlab turishga ahd qilgan bo‘lishlari mumkin. Ana shunda ular "Okey, mana o‘sha qurol”, deyishadi-yu, bir zarba bilan hamma aksil harbiy noroziliklarga barham berib qo‘yaqolishadi. Ular bemalol Makiavelli ruhida ish tutaverishlari mumkin. Balki ular qurolni topolmasdirlar ham. Lekin har nima bo‘lganda ham, imonim komilki, Iroqdagi urush Vulfovits bilan Ramsfeldning (birlari — AQShning mudofaa vaziri, ikkinchilari uning muovini) Yaqin Sharqdagi geosiyosatini chippakka chiqardi, chunki ular bu siyosatga butun dunyoning munosabati qanday ekanini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Ular jangda g‘olib kelishdi, lekin urushda yutib chiqqanlari yo‘q. Esingizdami, ular Iroqdan keyin darhol Suriya va Eron to‘g‘risida gap boshladilar, keyin ko‘p o‘tmay, bu haqda g‘oyat ehtiyotkorlik bilan og‘iz ochadigan bo‘lib qolishdi, chunki tushunib qolishdi — boshqa mamlakatlar bilan til topishmasa, doimiy ravishda boshlari tanqiddan chiqmay qoladi. Agar bordi-yu, “kognitiv dissonans” to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, u nafaqat hozirgi ana shu vaziyatga, balki umuman bizning kundalik hayotimizga xos narsadir. Biz o‘zimizga yoqmagan narsani payqashni istamaymiz va bu bir emas, bir kun fojia bilan tamom bo‘ladi — biz yo‘limizda qo‘yilgan tuzoqlardan biriga tushib qolganimizni bilmay qolamiz. Ehtimol, birinchi yoki ikkinchi qopqonga chap berib qolarmiz, lekin uchinchi qopqonga ilinmog‘imiz muqarrar.
— Har qalay, siz haq bo‘lsangiz kerak. Lekin, bilasizmi, Paulo, ba’zan odam o‘zini chimchilab olgisi keladi — bularning bari sarob emasmikin, deb o‘ylaysan kishi. Masalan, 14 iyul kuni Prezident Jorj Bush so‘zma-so‘z shunday degan edi: “Saddam Husayn ommaviy qirg‘in qurolini yaratish dasturiga egami-yo‘qmi — eng asosiy masala ana shunda. Bu savolga bizning javobimiz bor: “Ha, bunga hech qanday shubha yo‘q!” Biz unga nazoratchilarni yurtiga kiritishiga imkon berdik, lekin u nazoratchilarning kelishiga yo‘l qo‘ymadi. Shuning uchun biz uni hokimiyatdan chetlatishga qaror qildik. Mana, endi men rosa hayron bo‘lib, o‘ylanib o‘tiribman. Nahotki hamisha qovog‘idan qor yog‘ib yuradigan, BMTning o‘ziga ishonib berib qo‘yilgan nazoratchilari bilan birga Iroqni taftish qilishni juda-juda istagan Xans Bliks qayoqda qoldi? Axir, nazorat ishlarini davom ettirishga Xans Bliksga yo‘l bermagan AQShning o‘zi emasmidi? Negaki, bu o‘jar shved Pentagonning ko‘rsatmalarini dalil-isbotsiz qabul qilishni xohlamagan edi-da! Ertasi kuni “sifatli” amerika gazetalarini ko‘zdan kechirib chiqdim — Jorj Bushning tahqiromuz gap-so‘zlari haqida lom-mim deyilmagan. Shunday katta g‘alvalar bo‘lib turganda, atamalarning almashtirib qo‘yilishi — muayyan va topilmagan “ommaviy qirg‘in qurollari” degan atama urushga mujmal va mavhum “bu qurolni yaratish dasturi” degan atamaning muomalaga kiritilishi — arzimagan mayda gapday ko‘rinadi. Yana bularning hammasi imi-jimida qilinadi. Siz esa mart oyida Jorj Bushga ochiq maktub yo‘llab, unda shunday gaplarni aytgan edingiz: “Endilikda biz hammamiz ojizlik nima ekanini yaxshi bilamiz. Endi biz unga qarshi kurashmoqni va uni o‘zgartirish yo‘llarini o‘rganib olamiz”. Nahotki, siz chindan-da buni amalga oshirish mumkin, deb hisoblasangiz? Sizning maktubingizdan keyin sodir bo‘lgan o‘sha voqealardan so‘ng men mash’um “kognitiv dissonans” xastaligiga sizning o‘zingiz chalinmaganmisiz, degan to‘xtamga kelishga ko‘proq moyil bo‘layapman. Bu o‘rinda amerikaliklarning uchdan bir qismidan farqingiz faqat bir narsada: ular nimalar sodir bo‘layotganini bilmaydi, siz esa bilasiz, lekin boshqacha o‘ylashni xohlaysiz”.
— Yo‘q, bu to‘g‘ri emas, menda mutlaqo bunaqa narsa yo‘q. Bush to‘g‘risida gaplashadigan bo‘lsak, siz uning asablariga bag‘ishlangan internet-saytlar bilan tanishsangiz, juda ko‘p qiziq narsalarni bilib olishingiz mumkin. Uning bayonotlarini ko‘p ham jiddiy qabul qilaverish kerak emas. Boshqa tomondan qarasak, yaqinda bir kongressmen — demokrat (uning familiyasi xotiramdan ko‘tarilipti) siz aytgan narsani qayd qildi: u ham sizga o‘xshab, avvaliga “ommaviy qirg‘in qurollari” to‘g‘risida gapirganini, endilikda esa “dastur” masalasi o‘rtaga tashlanganini qayd qildi. Hatto endilikda yana allaqanday taftish ham o‘tkazilar emish. Biroq men yana bir marta takrorlashni istayman — ommaviy qirg‘in quroli bilan bog‘liq mojarolarning hammasi odamlarni ahmoq qilishga qaratilgan Makiavelli ruhidagi juda mug‘ombirona bir o‘yin bo‘lishi mumkin, xolos. Bizning fikrlarimizda “kognitiv dissonans” qancha ko‘p bo‘lsa, biz shuncha zaiflashib qolamiz. Agar nafaqat uning so‘zlariga, balki tashqi qiyofasi, qo‘l harakatlari, yuz ifodalariga ham e’tibor berilmasa, bugungi Bushning 4-5 oy avvalgi Bushdan farq qilishini sezmaslik mumkin emas. U o‘zining jozibasini yo‘qotib qo‘ydi. Ko‘zlari butunlay boshqacha bo‘lib qoldi. Ehtimol, u “bitta yolg‘onni o‘n ming marta takrorlasang, u haqiqatga aylanib qoladi”, degan aqidaga amal qilishga o‘tgan bo‘lishi ham mumkin. U o‘zini tobora noshoyista his qilayotgani, o‘ziga ishonchi kamayib ketgani yaqqol ko‘rinib turibdi. U hozir ham o‘zining avvalgi gaplarini ko‘p takrorlayapti, lekin endi bu so‘zlar bizni unchalik ishontirmayapti. Men bu urushda AQSh yutib chiqdi, deb o‘ylamayman. Bu urush hali kamida yana o‘n yil davom etadi. Bush buni endi tushuna boshladi, va ehtimolki, u bugun xato qilib qo‘yganini anglab yetgan bo‘lishi ham mumkin. Albatta, u televidenieda chiqish qilib, hammaning ko‘z o‘ngida xato qilganini tan olishi mumkin emas, ammo Amerika iqtisodiyoti uchun ham, har kuni qurbon bo‘layotgan Amerika soldatlari uchun ham, amerikaliklarning oilalari uchun ham Iroq urushining oqibatlari g‘oyatda muhim va og‘ir. Urushni boshlaganlar “Biz Iroqni ozod qilamiz”, deb bong urishganda, odamlar voqealarning butunlay boshqacha tarzda rivojlanishini kutgan edilar. Guras-guras iroqliklar ko‘chalarda qo‘llarida gullar bilan amerikalik soldatlarni muborakbod qilishadi, shodliklaridan do‘ppilarini osmonga otishadi, deb o‘ylashgan edi. Amalda esa ularga har kuni zarba berayotgan dushmanga ega bo‘lishdi. Shubha yo‘qki, hali biror narsani bashorat qilishga vaqt erta, buning ustiga, men olim ham, siyosatchi ham emasman, ammo sog‘lom fikrlaydigan va hozirgi muayyan vaziyatda “kognitiv dissonans”ga ega bo‘lmagan bir odam sifatida o‘ylaymanki, Iroq AQSh uchun yangi Vetnamga aylanib qolishi hech gap emas. Amerikaliklar, Vetnam masalasida tegishli xulosalarni chiqarib olganmiz va uning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaymiz, deyishadi, ammo hozirning o‘zida, menimcha, obro‘-izzatlaridan butunlay mahrum bo‘lmay turib, askarlarini sekingina olib chiqib ketish to‘g‘risida o‘ylay boshladilar. Lekin bu mening taxminim, xolos.
— Paulo, keling, Iroqdan umumbashariy masalalarga o‘taylik. Sizning qurbaqa to‘g‘risida muxtasargina bir asaringiz bor. Garchi u ilmiy asoslangan bo‘lsa-da, juda mahzun va qayg‘uli. Agar baqani o‘zi yashagan hovuzning suvi to‘ldirilgan kastryulkaga solib qaynatilsa, baqa qimir etmay, turgan joyida pishib qolarkan, biroq baqani qaynab turgan suvga tashlasangiz, u kastryulkaning ichidan o‘qday otilib chiqib ketar ekan, hamma yog‘i kuygan bo‘lsa-da, tirik qolar ekan. Qissaning hissasi mana man deb ko‘rinib turipti. Ammo hozir dunyoga bir nazar tashlasangiz... Bugungi “ommaviy madaniyat”ni bilasiz — tunu kun uzluksiz davom etadigan “tele-kino-kingo seriallar” hammayoqni bosib ketdi. Bunday sharoitda yangiliklar ko‘ngilochar ermaklarga aylanib qoldi, ermaklar esa har xil behayo tafsilotlar va yalang‘och manzaralar bilan madaniy hayot hodisalari sifatida taqdim etilmoqda. Bularning barchasi boyagi masalingizni eslatmaydimi — odamlar kastryulkada asta qaynatilayotgan qurbaqalarning holiga tushib qolayotgani yo‘qmi?
— Yo‘q, unchalik emas. Nyuton aytganidek, butun dunyoda tortishish qonuni mavjud. Lavuaze aytganidek, har qanday harakat qarshi harakat tug‘diradi. Mayli, 40-60 yoshlilar “ommaviy madaniyat”ni muhokama qilishsa qilishaversin, lekin allaqachon odamlarning yangi avlodi paydo bo‘lgan — ularning “ommaviy madaniyat”ga o‘xshash narsalar bilan uncha ishi yo‘q, ular muloqotning oliy darajadagi usulini egallab borishmoqda. Bu usul — Internet deb ataladi. Internet avval-boshdanoq “ommaviy madaniyat”ga qarshi turadigan harakatni barpo etadi. Bu aksilharakat siyosiy, sotsiologik jihatdan individual harakatga ega, “global qishloq” deb atalmish narsa o‘rniga biz orqaga — qabilaviy tuzum tomonga qarab harakat qilsak ajab emas. Internetda “ommaviy madaniyat”ning qo‘poldan-qo‘pol, bahaybat va beso‘naqay gavdasini barpo qiladigan virus mavjud. Agar bu virus ishga tushib ketsa, “ommaviy madaniyat” hozirgidek bizning o‘rnimizga nima muhim va nima nomuhim ekanini hal qilmay qoladi. Aytgan gaplarimga yana ba’zi bir gaplarni qo‘shimcha qilmoqchiman. Bu yil hozircha olamshumul voqealardan uchta voqea sodir bo‘ldi — Iroqdagi urush, “Matritsa” filmining ekranga chiqishi va Garri Potterning sarguzashtlari haqidagi yangi kitobning paydo bo‘lishi. Bundan besh-olti yil muqaddam biror kitobning nashr etilishi butun jahon miqyosida juda katta hodisa bo‘lishi mumkinligini tasavvur ham qilib bo‘lmasdi. Garri Potter tevaragidagi mashmashalar ommaviy axborot vositalari tomonidan ko‘tarilgan shov-shuv bilan izohlanadi, degan gaplar to‘g‘ri emas. Ommaviy axborot vositalari unga e’tibor kuchaytirmasdan oldinroq kitobning bozori chaqqon bo‘lib ketgan edi. Menda bu kuzatuvimni tasdiqlaydigan shaxsiy tajribam ham bor. To‘satdan aql bovar qilmaydigan to‘s-to‘polon boshlandi, lekin bunga ommaviy axborot vositalarining daxli bo‘lgani yo‘q. Bozorning chaqqon bo‘lib ketishiga sabab shu bo‘ldiki, odamlar kitob to‘g‘risida bir-birlariga gapirib bera boshladilar. Nomi noma’lum qavmlar kitob haqida bir-birlariga gapirishar ekanlar, “Voy, hali o‘qiganingiz yo‘qmi? Albatta, o‘qib chiqing-a!” deya xitob qilishardi. Ommaviy axborot vositalari qanday qarashni singdirishga harakat qilmasin, shunga o‘xshash munosabat hamisha bo‘ladi va bu, albatta, juda yaxshi narsa. Bu jihatdan Internetning yordami juda katta, chunki u ommaviy axborot vositalarining qusurlarini to‘ldiradi.
— Har nima deganingizda ham, sizning yana bir ixcham asaringizni tilga olmay o‘tolmayman. Bu asar yaponlarning karp balig‘i to‘g‘risida. U shunisi bilan mashhur ekan, tevarak-atrofidagi muhit yo‘l qo‘yib beradigan darajagacha katta bo‘laverar ekan. Agar kichkina hovuzchada yashasa, bo‘yi 5-7 santimetrgacha borar ekan, agar katta ko‘lda yashasa, bundan uch baravar katta bo‘lar ekan. Karpdan farq qilaroq, deb yozasiz siz, odamlar o‘zlarining o‘sish chegaralarini o‘zlari belgilaydi. O‘z-o‘zidan ayonki, bu yerda ma’naviy o‘sish to‘g‘risida gap ketyapti. Agar siz o‘sib-ulg‘aygan hovuz sizga tor kelib qolsa, unga moslashmoq kerak emas, balki bahri muhitni izlab yo‘lga otlanmoq kerak. Ammo siz boshqa bir narsa to‘g‘risida o‘ylab ko‘rmadingizmi? Zamondoshlarimizning ko‘pchiligi — ular tog‘oradagi suvga tashlab qo‘yilsa ham, o‘zlarini shoyista his qilishaveradi, shekilli. Faqat tog‘oraga yem vaqtida tashlab turilsa bas.
— Hozir vaziyat o‘zgara boshlayapti. Odamlar o‘zlarining ichki kuch-quvvatlari chegarasiz ekanini tobora ko‘proq anglab borishyapti. Qay bir tarzdagi cheklashlarni o‘zimiz belgilashimiz bizga munosib emas. Cheklashlarni hayotning o‘zi belgilaydi, biz esa bu cheklashlar chegarasidan chiqib ketishdan qo‘rqmasligimiz kerak. Uilyam Bleyd yozgan: “Nafsni tiyolmaslik va mechkaylik yo‘li donolik ehromiga olib boradi”. Bizni tevarak-atrofdan bahaybat Koinot qurshab olganini bilgan holda, biz shunga qaramay, nima uchundir tevaragimizdagi bo‘shliq ustidan nazorat o‘rnatishga qodirmiz, deb o‘ylaymiz. Bu — borib turgan bema’nilikdir. Hayot ustidan nazorat o‘rnatib bo‘lmaydi va, yana shunisi ajoyibki, u hamisha kutilmagan tuhfa-in’omlarga to‘la. Istalgan bir kuni shunday voqea ro‘y bermog‘i mumkinki, u hayotimizni yo yaxshi, yo yomon tomonga burib yuborishi hech gap emas. Biz ko‘zimizga ko‘rinib turgan hamma narsani nazorat ostiga ololamiz, deb o‘ylaymiz, lekin bir narsani tushunib yetmaymiz: Koinotimizdagi muvozanatni bizning ko‘zimizga ko‘rinmaydigan narsalar buzadi. Biz ularni ko‘rishga qodir emasmiz. Baxtimizga, buni tobora ko‘proq odamlar anglab boryapti. Ular hozircha ko‘pchilikni tashkil qilmaydi, lekin ellik yildan keyin dunyo o‘zgarib ketadi.
— Siz o‘ylaysizki, ellik yildan keyin sayyoramizda yashaydigan odamlarning ko‘pchiligi...
— Bahri muhitni tanlab oladi.
“Literaturnaya gazeta”ning 2003 yil 3-9 sentyabr sonidan olindi.
Ozod Sharafiddinov tarjimasi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 44-45-sonidan olindi.