OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shukur Xolmirzayev: “Sholoxovning ashaddiy muxlisi edim” (2003)

http://ziyouz.com/rasmlar/sh_xolm.jpg— Shukur aka, oldindan uzr so‘ramoqchiman: men ijodingiz bilan batafsil tanish emasman. “Sharq”da tanlangan asarlaringiz nashr qilinayotgan ekan, xudo xohlasa o‘sha jildlarni astoydil o‘qish niyatim bor. Meni hayratga solgan narsa “Boychechak hidlang, amaki!” esseingiz bo‘ldi. Bu haqda uch-to‘rt yillar muqaddam — ilk tanishganimizda — o‘zingizga aytganman. O‘sha vaqtda Siz bilan suhbatlashish imkoniyati tug‘ilgan edi.Hayron qolganim: esseda sxematizmning umuman ko‘zga chalinmaganligidadir. Hozir aksariyat yozuvchilar, hatto modernchilar ham sxematizmdan batamom qutula olishmayapti. Siz bunga qanday erishgansiz?
— Attang, mening yozganlarim bilan deyarli tanishmas ekansiz. Tanish bo‘lganingizda, masalan, “Boychechak hidlang, amaki!”ni o‘qib hayron qolmas edingiz. Axir, mening butun ongli hayotim — ijod bobidagi izlanishlarim — mumkin qadar soddalikka yetishish, asar voqealarining mumkin qadar hayotga va uning tabiiy jarayonlariga o‘xshashligiga, qolaversa, asar g‘oyasi — badiiy niyatning ham ana o‘sha voqea-jarayon tizimidan beixtiyor sitilib chiqishi yo‘lida kechib kelayotir. Maqtanish bo‘lsa-da, dangal aytaman: bu izlanishlarni Sintezga erishish, deb baholasangiz ham bo‘ladi. 
Endi bu da’voyimni andak misollar orqali sharhlab bersam, nima deysiz? 
Illo, talabingiz ham — shu. 
Kimdan misol keltirsam ekan? Keling, rus adabiyotining otasi — rahmatli Pushkindan tushaylik. Ma’lumingiz, Lev Tolstoy ham “Pushkindek yozish kerak”, deb orzulab o‘tdi. Xotirangizda bo‘lsa, Pushkinning “Belkin qissalari”da bir jo‘ngina jumla bor: “Yozgi ta’til boshlandi. Peterburg bo‘shab qoldi. Shaharni so‘rab turganlar dala-hovlilariga ko‘chib chiqib ketishdi”. “Ana shunday yozish kerak, — deb xitob qilgan edi rus nasrining allomasi. — Naqadar sodda va jo‘n, va ayni haqiqatning o‘zginasi!” Xuddi shunday. 
Endi Aleksandr Sergeevichning bu soddalikka qanday qilib yetishganini kuzatar bo‘lsak, uning proza yozmasidan burun proza-nasr haqida yozgan ayrim maqolalari yodga tushadi. Ilkinchi maqolasida u shunday yozadi: “Masalan, tunda qabristonni tasvirlash lozim bo‘lsa, nega endi: “Osmonda oy ko‘rinmas, bulbullar sayramas edi”, deb yozish kerak? (Masalan, Karamzin ham shunday yozar ekan.) “Osmon bulutli edi, qabristondan chigirtkalarning chirrillashi eshitiladi”, deb borini yozish mumkin-ku? — Bu gapdan keyin Pushkin janoblari chatnab ketadi: — Yo‘q, albatta, bulbulni, oyni eslatish kerak... — Keyin shunday xulosa chiqaradi: Borni bordek qilib yozishni yozuvchilarimiz hali bilishmaydi. Eng dahshati shundaki, rus kitobxoni ham bunday jo‘n-sodda prozani (“golaya proza”) tushunmaydi...”
Pushkin ana shu izlanishlardan keyin, xususan, Mixaylovskiyda bir-ikki yil ta’qibda yashab, ozod bo‘lgach, shu yillar davomida o‘qigani — ikki arava kitobni (bu kitoblarning aksari ingliz, frantsuz va nemis tillarida bo‘ladi) Maskovga jo‘natganidan keyin markazda “Literaturnaya gazeta”ni tashkil etgach, o‘z prozasini yoza boshlaydi. Ha, Pushkinning prozasi — sodda, juda-juda ochiq, qitmirligu ortiqcha psixologizmdan (kavlashtirishlardan) xoli prozadir. Va bunga osonlikcha erishgani yo‘q, albatta.
Yoxud o‘tgan asrning dunyo adabiyotiga meteordek kirib, deyarli butun olam adabiyotlarida taqlidchilari paydo bo‘lgan, o‘quvchilarni esa daf’atan hayron etgan Ernest Xemingueyning o‘taketgan sodda nasriga nazar tashlaylik. Tavba, butun boshli asar faqat dialogga qurilgan deysiz. To‘g‘ri-to‘g‘ri, odamlar odatda shunday gapirishadi. Ammo bu gaplarni deyarli natural holda o‘qish — bora-bora odamni zeriktirar ekan. Va o‘quvchi: “Axir, bular nega o‘ylamaydi hech?!” deb ham hayron qola boshlar ekan. (“Xeminguey “aysberg ko‘rinishiga qiyosan yozgan”, har bir dialogining tagida olam-olam ma’no bor. Yozuvchi ongli ravishda o‘sha ma’nolarni anglashni o‘quvchiga havola qiladi!” deb ko‘pirib maqtagan tanqidchi-olimlarning so‘zlarini bir chetga qo‘yib turaylik.) Gap shundaki, bu xil — sovuq, dialogga qurib asar yozish keyinchalik Xemingueyning o‘ziga ham yoqmay qoladi. Va: “Men eksperiment qilgan edim-ku? Taqlidchilar buncha ko‘payib ketdi!” deya, o‘z kamchiligini mana bu tarzda tan oladi: “Men tuyg‘ular oqimini yaxshi bilolmas edim, shuning uchun uni yozishdan qochardim. Masalan, o‘lim oldidagi kimsaning holatini tasvirlash kerak bo‘lib qoldi. Bu narsaga o‘sha kimsaning ichki olamini tasvirlamasdan erishib bo‘lmaydi. Ispaniya urushiga ketishimning bosh sababi ham shunda...”
Xeminguey “Chol va Dengiz”dan keyin ochildi. Ayniqsa, uning vafotidan keyin chiqqan — “Xeminguey — gazetachi” degan maqolalar to‘plamiga kirgan “Miss Merining arsloni” qissasida (bu qissa yozuvchi hayotligida bosilib chiqmagan) Ernest Xeminguey — batamom boshqacha, lirikaga (lirikaga!) yo‘g‘rilgan, tabiat tasvirlarini qayta-qayta o‘qiging keladigan, ayoliga behad mehribon va kamsuqum, o‘ta ta’sirchan va olijanob bir Inson-Yozuvchi bo‘lib ko‘rinadi.
Mobodo o‘sha qissani o‘qigan bo‘lsangiz, Bahromjon, eslarsiz. Xeminguey Keniya hukumat boshliqlari bilan kelishib, mahalliy aholiga ko‘pdan-ko‘p ziyon yetkazayotgan odamxo‘r arslon, qoplonlarni ham otish uchun “safar”ga (qiziq, o‘zimizdayam safar — safar, a?) xotini Meri bilan boradi va Meriga arslonni... ottiradi. Ayol sezadiki, o‘qi yirtqichga tegmaydi, “Yo‘q, sening keyin otgan o‘qing uni yiqitdi”, deb turib oladi. Xeminguey boyaqish tavallo qiladi: “Yo‘q, sening o‘qing tekkan edi. Lekin qochib qutilishi mumkin edi, keyinchalik o‘lsa ham. Ana shuning uchun men ham o‘q bo‘shatdim”, deb yalinadi ham. Voy, qanday shirin asar. Xemingueyni biram yaxshi ko‘rib ketasizki!.. Axir, “Xeminguey — sovuqqon odam, shafqatsiz odam! Yozuvchi sifatida ham shunday...” deyilgan yorliqlar hamon bor.
Xullas, Xeminguey ham Hayotni o‘zidek qilib tasvirlamoqqa erishish uchun ko‘p zahmat chekkan.
Men bir zamonlar Mixail Sholoxovning ashaddiy muxlisi edim. “Tixiy Don”ni ruschasida yalab o‘qiganman. Uchinchimi-to‘rtinchi o‘qishimda g‘alati holga tusha boshladim. Masalan, adib yozadi: “G‘arbdan — bulutlar orasidan shamol esdi...” Demak, G‘arbdan shamol esibdi. Qiziq, nega Sharqdan emas? Demak, bu yerda bir gap bor... Kuzatib borsam... hech gap yo‘q. Demak, shamolning yo‘nalishini tasvirlaganda ham Asar voqeasiga daxldorligi ko‘zda tutilishi kerak, degan xulosaga keldim. Keyingi kuzatishlardan fahmlab qoldimki, “Tinch Don” romanining taxminan to‘rtdan bir qismi tabiat tasviridan iborat ekan. Demak, Tabiatni u o‘ziga xos obraz darajasiga ko‘targan. Bu hol — o‘z-o‘zicha yaxshi, albatta. Ammo asar mazmuniga qanchalik daxldorligi — jumboq. Shu tobda ustoz Abdulla Qahhorning (u kishi tabiat tasviriga o‘ta xasis edilar) mumtoz hikoyalaridan biri — “Ming bir jon”dagi tabiat tasvir(cha)i haqida aytganlari yodimga tushib ketdi. Eslasangiz, asar qahramoni Saida kasalxonada og‘ir yotibdi. O‘likrang... Kech kuz. Derazadan bulutli osmon ko‘rinib turadi. Quyosh ba’zan bulutlar ortida ko‘rinmay ketadi. Qahhor shu tasvir haqida gapirib: “Quyosh bulutlar ortidan chiqqani menga kerak edi. Chunki o‘sha paytda Saidaning murdarang qiyofasi yaqqol ko‘rinadi...” Siz quyoshu bulutlar tasviriga shunchaki “kuz havosi-da”, deb qaraysiz. Ammo oddiy kuz havosi ham bejiz tasvirlanmagan ekan... Yoxud Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romaniga material jamg‘arish asnosi eski qabristonda bir tunni o‘tkazganini eslang. Boyqushlar... Asar so‘nggida juda kerak bo‘larkan-da.
Attangki, yoshi bizdan ulug‘ yozuvchilarimiz ijodidan bunaqa misollarni topish mahol. Chunki, nazarimda, ular “YOZISH” haqida kam o‘ylaganlar va deyarli izlanmaganlar. Darvoqe, Hamid aka (Hamid G‘ulom) bir uchrashuvda shunday degandilar: “Ba’zan tabiatning chiroyli ko‘rinishlarini yondaftarga yozib olish kerak. Chunki ro‘moningizga bemalol kiritib yuborishingiz mumkin...”
Bu gapning xulosasi — o‘zingizga havola.
Qisqasi, Hayotning o‘zidek qilib Yozish-tasvirlashga zo‘r mashaqqatlar, izlanishlar oqibatida erishiladi. Men bunga qanchalik erishganman — buyam o‘zingizga havola. 
— Umuman, shunaqa savollarni berishimizga bois yozuvchi shaxsiyati haqida ko‘p yozgansiz. Odil O‘qubov, O‘lmas Umarbekov, Uchqun Nazarovlarning ham boshqalarga o‘xshamagan jihatlari asarlaringizda aks etgan. Shu o‘rinda bir qiziq holat. O‘zbek mentaliteti bu yanglig‘ ochiqlikni qabul qilmasmikan yo? Ana o‘sha sabab bois Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Oybek, G‘afur G‘ulom shaxsiyati jumboqlari biz uchun mavhum. Hozirgi katta avlod vakillari ham sirli tuyuladi. Anchayin sipo. Lekin bunday hodisot qachongacha davom etmog‘i mumkin? Qachon biz ularni o‘zimizga o‘xshagan rosmana odam ekanliklarini, deylik, ishq-muhabbat bobida ham barqaror emasligini hayotiy faktlar asosida bilamiz? Chingiz Aytmatov “asror daftari”ni ochdi. O‘zbek yozuvchilari ham bir kunmas bir kun “ochilarmikanlar”?
— Avvalo, “o‘zbek mentaliteti” haqida. Siz uning eng xarakterli jihatiga tegib o‘tgansiz va gapni yozuvchilarga burgansiz... Men ana o‘sha “istisno” darajasidagi xarakterli jihat (balki sifat!) haqida ikki og‘iz so‘zlasam.
Bu “o‘zbek” deganingiz yuzlab urug‘u qabilalardan tarkib topgan bo‘lsa-da, shunday bir mushtarak jihatga egadirki, u haqda o‘ylab o‘yingizga yetolmaysiz. 
Bu mushtarak jihatning nomi-atamasi — nima? Or-nomusmi (bu tuyg‘ularning behad kuchli ekani va xalq uni mahkam tutishimikan)? Yoki “o‘zim kal bo‘lsam ham — ko‘nglim nozik” deganlaridek G‘ururning (or-nomus ila bog‘liq, balki shu tuyg‘ular zamiridagi G‘ururning-da) o‘ta kuchli ekanidamikan? Ajab, bu borada asrlar davomida ishlanib, quyma holga kelgan maqolu hikmatlari ham serob. Masalan, “Er yigitning uyalgani — o‘lgani. Uyat — o‘limdan qattiq. Uyat-e, uyat...” yoki “Nomussiz hayotdan nomusli o‘lim afzal. Nomuslarga o‘ldim... Benomusda hayo nima qilsin? Orimni olib kelding, bolam...” va hokazolar. 
(Kechirasiz, “eshak eshakdan orqada qolsa, qulog‘ini kes!” degan gap ham bor.)
Agar o‘sha biqiq va teran tuyg‘uning nomini “Or-nomus” deb dangal ataydigan bo‘lsak, buning sharhiga misollar to‘lib-toshib yotibdiki, har qadamda uchratamiz va olimona fikr qilsak: “Ha, o‘zbek mentalitetining asl belgisi shu-yov!” deganimizni bilmay qolamiz. Mana, Sizga bir necha misollar keltiraman. Chunonchi, bir faqir oilani ko‘z oldingizga keltiring. Uyiga mehmon keldi. Uy xo‘jasiyu bekasi nima qiladi? Shoshib, hayajonga tushib, dasturxon tuzash taraddudini boshlaydi. Uyida bir kaft uni yo‘g‘-u, qo‘shnidan bir juft bo‘lsa-da zog‘ora non olib chiqib, dasturxonga qo‘yadi. Agar bir yovg‘on piyova pishirayotgan bo‘lsa, o‘lganning kunidan qozonga yarim choydish objush quyib yuboradi. Va mehmon berajak odatdagi savollarga: “Yaxshi, juda yaxshi...” deb javob beradi. O‘zining kambag‘alligini bildirmaydi, aniqrog‘i, yo‘qsilligini yashiradi... “Voy, bu qanday oila bo‘ldi?” deb hayron qolasan kishi. Nima, bir zamonlar bu oila — bag‘oyat boy, dasturxoni ashir-nashir edi-yu, endi faqirlikka tushib qolibdi hamki, otsiz chavandozdek egardan tushmas ekanmi? Bu yerda uyat hissi ham bor: illo, kambag‘alligini... uyat qilib ketmasliklarini istaydi. Vo, ajab!
Yana shunday mehmondo‘stlik ham bor: mehmonning kelishi ma’lum bo‘lsa, bir hafta burun hozirlik ko‘ra boshlanadi: qarz-havola qilib, barcha noz-ne’matlar muhayyo qilinadi. Kelgan tansiq mehmon bu xonadonga... qoyil qolib ketishi mumkin (ayniqsa, u xorijlik bo‘lsa). Mezbonlar xursand bo‘lib, ularni kuzatib qolishadi. Keyin, keyin esa, oylab qarz-havola to‘lanadi. O‘sha kezlar xonadonda qozon ham qaynamaydi: qozon suvga tashlab qo‘yiladi.
Vey, nega bunday qilar ekan-a?
Endi deng, to‘ylarni olib ko‘raylik. To‘y, to‘y, to‘y... O‘zbekning nimasi ko‘p — to‘yi ko‘p: o‘g‘il to‘yi, qiz to‘yi, beshik to‘yi... Hatto bir zamonlar o‘smirlarning mo‘ylabi qirilishi-da marosim bo‘lib, to‘ychuq berilgan. Hatto bir kimsaning o‘g‘li boshqa bir kishining o‘g‘li bilan do‘st kirishar ekan, bu ham marosim tusini olib, bo‘lajak jo‘ralarga boshdan-oyoq sarupo kiygizilar, rosmana to‘ycha berilar ekan. Tabiiyki, unday do‘stlik tom aylanguncha emas, abadiy bo‘larkan. Navoiy bobo bilan Husayn Boyqaroning do‘stliklari esga tushib ketdi-e... e, nimalar deyapman? Alpomish bilan qalmoq farzandi Qorajonning do‘stligini eslang. Tushida Alpomishga ixlos qo‘yib, u ila do‘st kirishgan va o‘ngida ham shu hol sodir bo‘lgan Qorajon do‘sti uchun... o‘z qalmoqlariga qarshi turadi, hatto ular bilan so‘kishadi. O, yana esga tushdi: huv rivoyatdagi do‘stni eslab ko‘ring. Aybdorning — ya’ni, dorga tortilishi lozim bo‘lgan yigitning o‘rniga kim osilishga rozi bo‘ladi, deb poshsho savol tashlaganda, oqibat, kim o‘rtaga chiqadi? Aybdorning do‘sti.
Qiziq, qadimgi grek-yunonlarning tilida “do‘st” degan atama bo‘lmagan ekan. Ammo shunday tushuncha mavjud bo‘lib, u “qarindoshlik” degan ma’noni ifodalar ekan. 
Ha, gapimiz to‘y haqida edi. Bahromjon, gapni cho‘zmasdan aytib qo‘ya qolay: “Elga katta to‘y beraman” deb beli mayib bo‘lgan millatdoshlarimizdan nechasini bilasiz?.. Ha, bilarkansiz. To‘g‘ri, endi bugungi bozor iqtisodi sharoitida, aniqrog‘i, “tejamlilik shart va zarur” bo‘lib qolgan sharoitda katta to‘ylar ortiqcha sarf-xarajatlari bois matbuotda, televizorda tanqid ostiga olinyapti. Mahallalarda “o‘rtacha to‘ylar qilish” aftidan urfga kirayapti. 
Ma’qul, durust... Ammo meni shu tobda bunaqangi to‘y-ma’rakalarga u yoki bu darajada munosabat bildirish emas, balki... shu urflarning ijro etilishi ila bog‘liq Odat, uning mohiyati, uning milliy xarakterdan kelib chiqayotgani, pirovardi, bu hol – milliy mentalitetning azaliy belgisi ekani qiziqtiradi.
Endi, Bahromjon uka, Siz sanagan mumtoz adiblarimiz — Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, G‘afur G‘ulomlarning o‘zlari va yor-do‘stlari haqida deyarli ochiq yozib qoldirmaganlariga kelsak, bu “jumboq”ning siri ham o‘sha “mentalitet”da emasmi, deb o‘ylab qoldim.
Qolaversa, “ochiq-oshkor” esselar bitish o‘shanda rasm bo‘lmagan. Ammo, birodari aziz, ular bu xususda boshqacha yo‘sinda yozganlar. Masalan, Fitratning “Hind sayyohi sarguzashtlari” asariga ko‘zingiz tushgandir. U hind sayyohi tilidan bor borlig‘ini, dardu hasratini ochadi. Xo‘sh, Boburni eslasangiz-chi? Balki Sharqda “ochiq yozish” mumkinligini ul buyuk haqiqatchi boshlagandir-u... Qarang, Bobur o‘zining eng yomon odatlarini ham qoralab yozgan-a? Qaysi bir bozorda qandaydir bir o‘smirning orqasidan tushgani esingizdami?
O, uncha-muncha realist ham tilga chiqarmaydigan sir edi-ku!.. Boshqa mumtoz adiblarimiz o‘zlari xususida badiiy asarlarida yozib qoldirishgan. Oybekning “Bolalik” asarini eslang. Hatto Qodiriy ham “O‘tgan kunlar”da asar voqeasini to‘xtatib qo‘yib, ushbu voqealarning ma’lum bir qismini o‘z otasidan eshitgani haqida so‘zlab ketadi...
Ul mumtozlardan keyingi avlod yozuvchilari bu borada batamom mum tishlab kelishlarini... o‘zim ham tushunmayman. Ammo, nazarimda, ular bir-birlari haqida yozsa, faqat qoralar edi. Va tabiiy, o‘zlarini oppoq qilib ko‘rsatishar edi...
Mana, Said Ahmad aka bu yo‘rig‘da bir necha xotiralar yozdilar. Mirtemir domla haqida, Turob To‘la haqida, yana... Ammo o‘zlari haqida deyarli og‘iz ochmadilar. Nazarimda, og‘iz ochmaydilar ham. Hatto bir-ikki oylik qamoqdagi hayotlari haqida ham tuzukroq bir nima bitmadilar. O‘risning Soljenitsini esa naq epopeya yaratib qo‘ydi... Yo‘q, biznikilar undaylardan ham ibrat olishmaydi... Darvoqe, Ozod Sharafiddinov bu borada ancha dadil va rostgo‘y chiqdilar. “E’tiqodimdan qaytishim...” asarini eslang.
Shu tobda boshqa bir fakt esimga tushdi. Bundan besh-olti oy burun domlamiz Laziz Qayumovning “Biz bilmagan Hamza” nomli maqolasini “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”da o‘qidim. Haqiqatan ham biz bilgan Hamza – deyarli to‘qilgan Hamza ekan.
Laziz akam o‘z “kashfiyot”larini shunday misollar orqali isbotlaydilar, Hamzaning shunaqangi “turkona” she’rlarini misol qilib keltiradilarki, yoqa ushlaysan kishi.
Ammo maqolaning biron joyida, masalan, “Men shu narsani bilardim. Ammo vaqti zamonida aytolmasdim”, degan anchayin ilovani ham uchratmaymiz!
Axir, Laziz Qayumov “Biz bilmagan Hamza”ni bugun kashf etmadilar-ku! Axir, u kishining deyarli butun ijodi, ilmiy faoliyati Hamzaga bag‘ishlangan edi...
Ochiq yozsalar, qanday suyumli bo‘lardimi!
Bu tarzda ko‘ngil ochmaslikni... nima deb baholash mumkin? Ichki sirni ko‘chaga chiqarmaslikmi bu?
Balki bunday harakatning-da ildizi... “milliy mentalitet”dadir? Hay-hay, unday emas-ov, deging keladi... Axir, Ozod aka ham — shu o‘zbek xalqining (Bobur kabi) farzandi. Darvoqe, Matyoqub Qo‘shjonovning “Degish” degan xotiralariga ko‘zingiz tushdimi? Kattagina kitob. Aytish mumkinki, tarjimai holga o‘xshab ketadigan esselar to‘plamidan iborat. Domla unda o‘zining qaysarligi, hatto bir qizdan “...O‘lganing yaxshi!”, degan qarg‘ish eshitganlarini ham ochiq yozgan... Yana yozayotir...
Aytmoqchi, bu yo‘rig‘da yana bir misol. Olim va dramaturg Izzat Sulton (Xudo rahmat qilgan bo‘lsin) bundan necha yil ham muqaddam O‘zuvchilar bog‘ida menga bir kitobcha tutqazdilar. “Yassaviy tariqati haqida. Qirq yil o‘ylaganman, ana shuning hosili. Bir o‘qib ko‘r-chi”, dedilar. Domla ilgari bunaqa kitob-pitob bermagandilar menga. Darhol tadqiqotni o‘qiy boshladim. Vay, o‘zim boshqa olimlar, dinshunoslar asarlaridan o‘qib bilganlarim... To‘g‘ri, yana nimalardir bor. Tahlillar ham uchraydi. Ertasi kuni domlaga yo‘liqdim. “O‘qib chiqdim, — dedim. — Lekin o‘zingiz yo‘q-ku, asarda?” “Kak eto tak?” — dedi u kishi. “Vot tak, — dedim men. — Izlandim, o‘rganib yurdim, degan gaplarni og‘zingizdan eshitdim, xolos. Asaringizda bu gaplar yo‘q. Axir, siz Yassaviyni bir shaxs, Sovet olimi sifatida o‘shanda qanday qilib...” “Tushundim, tushundim, — dedilar domla. — Sen menga yaxshi mavzu berding. Ikkinchi kitobim ana shunga bag‘ishlanadi. Yassaviyni qabul qilish jarayonimni... Qiziq asar bo‘ladi”.
Afsus, o‘sha suhbatdan keyin ham uch-to‘rt yil yashadilar. Ammo yozmadilar. Menimcha, yozolmas ham edilar.
Bahromjon, savollaringizga birmuncha javob berib bo‘ldim. Endi, oxirgi gapingiz — “...ularning (adiblarning) rosmana odam ekanliklarini, deylik, ishq-muhabbat bobida ham barqaror emasligini hayotiy faktlar asosida qachon bilamiz?” deb so‘raysiz.
Sizga qarshi savol: “Shularni bilishingiz judayam shartmi, uka?”. Odatda, unday sirlar — ko‘ngilning mulki bo‘ladi. Uni hadeganda bozorga chiqarishavermaydi. Xususan, biz — Sharq erkaklari. Boringki, buyam o‘sha “milliy mentalitet”ga kirar?..
Endi, Chingiz Aytmatovning “asror daftari”ga kelsak, kamina uni mutolaa qilayotib, ko‘p bor xijolat tortdim... Vey, birodar, Adibning qalbida kitobgayam chiqmaydigan qandaydir muqaddas sirlar qolishi kerak-ku?!
Lekin, do‘stim, boshqa bir haqiqat – tom haqiqatdir. Ya’ni, yozuvchi-adibning barcha beqarorliklari ham uning asarlarida (yo‘li bilan) aks etadi.
Bu hol, ayniqsa, Shoirlar ijodida yaqqol ko‘rinadi. Siz Mirtemir domlaning “Surat” poemasini o‘qigandirsiz? O‘sha – bo‘lgan voqea. He, boshqa shoiru shoiralaringizning ham yozganlarini chinakamiga o‘qib va uqib tahlil etilsa, ularning-da barcha ishqiy sarguzashtlarini bemalol bilib olsa bo‘ladi.
— O‘sha savollarning uzviy davomi: xalq ertakmonand yozilgani bois “O‘tgan kunlar”ni berilib o‘qigan. Hozir ham shunday. Qodiriy mahoratiga zarracha til tekkizmagan holda aytish mumkinki, rosmana turmush bunday kechmaydi. Misol tariqasida “Kecha va kunduz” romanini tilga olamiz. Miryoqub — haqiqatan ham yashagan, yashayotgan odam. Ana endi savol tug‘iladi: Qodiriy va Cho‘lpon adabiyotni tushunish jabhasida o‘zaro muxolif bo‘lmaganmikanlar? Masalan, Fridrix Nitsshe ideal odamni tan olmagan. “Qanaqasiga? Buyuk odam? Men uning timsolida o‘z idealini qoyil-maqom qilib o‘ynayotgan aktyorni ko‘raman”, deb yozadi u...
— Men muddaongizni tushundim. Ayting-chi, Sotti Husayn bilan Qodiriyning munozarasini o‘qiganmisiz? A-a, men o‘qigansiz ekan, deb o‘ylovdim. O‘shanda, “O‘tgan kunlar” romani e’lon qilinganidan keyin o‘sha zamonning zukko tanqidchilaridan Sotti Husayn romanda favquloddaliklar va mantiqan asoslanmagan o‘rinlar ham borligini tanqid qilib, “Qizil O‘zbekiston” gazetasiga maqola yozadi. Uning izidan Abdulla Qodiriy ham chiqish qiladi. Munozara jiddiy tus olib, bir qancha vaqt davom etadi. Qodiriyning bitta kalimasi, masalan, menga roman uslubiyu voqealar bayoni haqida deyarli batafsil ma’lumot bergan. “Men romanni Ovrupo-modern (ya’ni realistik yo‘lda) usulida yozishim mumkin edi, — deydi A.Qodiriy. – Ammo men asarni ertak va doston o‘qib yurgan xalqimga (moslab) yozdim...” (Ko‘chirmada biron so‘z xato ketgan bo‘lsa, ayb menda — Sh.X.) Demak, ushbu izohotdan ochiq-oydin ko‘rinadiki, Qodiriy qanday yozayotganini, demak, ayrim o‘rinlarda reallikdan chekinganini ham (ertaksimon asarlar ohangida atay yozayotganini ham) yaxshi bilgan... Ushbu usulga anchayin sodiq qolganini muallifning asarga yozgan qisqagina so‘zboshisidagi ushbu jumladan ham bilib olsa bo‘ladi. Ya’ni, “Har bir zamonning o‘z Tohir-Zuhralari bo‘ladi. Biz ham...”
Butun tarixni, oqibat, sevgi sarguzashtlariga qurilishining ham sababi shunda. (Ba’zan real tarixning anchayin fon bo‘lib qolishining-da sababi shunda, deb o‘ylayman.)
Endi, Cho‘lpon bilan Qodiriyning “o‘zaro muxolif bo‘lmaganmikan” degan taxminingizga kelsak, yo‘q – aslo muxolif bo‘lmaganlar. Aslida juda yaqin maslakdosh-ulfat bo‘lishgan. Hatto Qodiriy Cho‘lponning “Tong kuylari” she’riy to‘plamiga so‘zboshi yozgan... Ammo ijod bobida, aniqrog‘i, asar yozish usuli yo‘lida ularning orasida ancha-muncha farq bo‘lgani shubhasiz.
Deylik, Qodiriy roman mavzuini ham “olis, qora o‘tmish”dan oladi. Va bir qadar ertaknamo unsurlardan-da foydalanib asarni yaratadi. Qiziq, shu tobda mening yodimga Abdulla Qahhorning “O‘tmishdan ertaklar” kitobi tushdi. Ertaklar emish... Ha, muallif asarga Tursunoy ayamikan – bir ayaning shu so‘zlarini epigraf qilib olgan. Him, shunday voqealar o‘tgan ediki, sizlarga ertak bo‘lib tuyuladi... Taxminan shunday.
Chindan ham bizga moziy voqea va hodisalari ertaksimon bo‘lib tuyuladi...
Xo‘sh, yana bir gap: Abdulla Qodiriy roman yozishga kirishishdan oldin material to‘plash bobidagi izlanishlarini qisman yozib qoldirgan-u, roman haqida, pirovardi, dunyo romanchiligi, dunyo adabiyoti haqida o‘z bilganlaridan juda ham oz narsani aytib ketgan. Masalan, Qodiriyning Arab dunyosi va romanchiligidan xabardorligi hammamizga ma’lum...
Endi, Cho‘lponning nasr bobidagi izlanishlari haqida gapiradigan bo‘lsak, uning birgina “Buyuk hindu” maqolasini o‘qish bizga ko‘p narsa beradi. Unda ulug‘ shoir totor adabiyoti, turk adabiyoti, ozor adabiyoti bilan ham yaxshi tanishligini yozib, nihoyat hind adabiyoti – Tagorga kelganda, “qonganini” aytadi va Robendranat Tagorning ijodini ulug‘lab: “U – G‘arb bilan Sharq orasidagi ko‘prikdir”, deydi.
Xo‘sh, bizga yaxshi ma’lumki, Tagor hindning milliy ozodlik yo‘lidagi izlanishu kurashlarini ilkinji yozuvchi-san’atkor sifatida bayon etgan. Uning “Gourmahon” (Oq hindu) romani bu borada – eng buyuk asari hisoblanadi.
Ma’lumki, Qodiriy ham, Cho‘lpon ham millatimizning ozodligi yo‘lida kurashib o‘tdilar. Lekin, o‘ylashimcha, Cho‘lpon bu borada ancha ildamlik qilgan: uning barcha she’rlari bunga dalil. Qolaversa, u o‘zining “Kecha va kunduz” romanida sof milliy uyg‘onish bobidagi izlanishlarni tasvirlaydi. Tagorga o‘xshab ketadimi? Albatta... Qolaversa, Cho‘lponning ingliz adabiyotidan ham boxabar ekanini bilamiz. Chunonchi, yaqinda “Hamza” teatri sahnasida yana o‘ynala boshlangan “Gamlet”ni o‘zbekchaga ilk bora Cho‘lpon tarjima etgan. Ammo, rahmatli san’atkorlarimiz Shukur Burhonning qat’iy e’tiroficha, o‘sha o‘ttizinchi yillardan beri “Gamlet” Cho‘lpon tarjimasida o‘ynalar ekan... ekan-u, o‘zingizga ma’lum sabablarga ko‘ra, boshqa mualliflarning tarjimasi bu, deb ko‘rsatilarkan.
Endi, Bahromjon, faylasuf Nitsshening “ideal odam hayotda bo‘lmasligi”, “idealman deganlar... anchayin aktyordir” deyishiga kelsak, ha, g‘oyadagi, ya’ni insoniyat orzusidagi “Ideal odam” – idealligicha, ideyaligicha qolib kelaveradi. Oddiy insonlar esa... unga intiladilar, xolos. Ammo lekin, bizning Sharqda “ideal insonlar o‘tgan-ov” deb hisoblayman. Masalan, o‘zimizda Mansur Halloju Mashrab, Kulolu Robiya bonularning qanday “ideal odam”dan kam joyi bor? Ular – ideal-ov. Demak, ular superodamlardir...
Qodiriyning, Cho‘lponning asarlaridan keyin nechuk bo‘lib Fridrix Nitsshening “ideal odam” haqidagi fikrini eslab qoldingiz? Nazarimda, Qodiriyning Otabegi... idealmi, ideal emasmikan, deb so‘ramoqchiga o‘xshab tuyulyapsiz. 
Otabek — albatta ideal qahramon emas. U – o‘z davrining ilg‘ori-qahramoni, xolos.
Yana Nitsshega qaytgim kelib qoldi. Ma’lumingiz, Nitsshe olamdagi barcha-barcha e’tiqodu tushunchayu aqidalarni Shubha ostiga olgan va bu yo‘rig‘da o‘z mulohazalarini aytib ketgan faylasufdir. Eslasangiz, u hatto er-xotinning oilada – birga yashashlariga nisbatan ayrim-ayrim yashashlari foydaliroq bo‘ladi, ro‘zg‘orlarining buzilib ketishidan asraydi, deb ham yozgan...
Bu gap endi — nima desam ekan, uylanmasdan bo‘ydoq o‘tgan faylasufning “hazili” degim keladi. Axir, bu aqida... insoniyatning beshigi bo‘lmish — oilaga shak keltirmoqdirki, odam bolasining aqliga sig‘maydi bu gap.
Nitsshe “San’at — illyuziyadir” degan gapniyam aytganlar... Darvoqe, men uning Zardushtiy haqidagi poema-risolasini o‘qib, hech narsani tushunmadim. U esa, Zardushtga sig‘inadi va o‘zi bilan ul payg‘ambar orasida ko‘pdan-ko‘p yaqinliklarni ko‘radi.
Bas!
— Tabiiyki, Nitsshe kabi faylasuflar, Kamyu, Sartr kabi yozuvchilar xos adabiyotga mansub daholardir. Bularning yozganlari o‘z zamonida torgina doirada o‘qilgan. Lekin baribir dunyo adabiyotini shu shaxslar fenomeni belgilab bergan. Ayni vaqtda biz adabiyot mavqeini ommaviy mutolaaga qarab aniqlaymiz. Sizning “Adabiyot o‘ladimi?” nomli maqolangizda ham shu hadik-xavotir aksini topgan edi. Adabiyot takomilida ommaviy mutolaa qay vazifani ado etadi? Odamlar kitobga qiziqmasa, omma orasida yozuvchi shaxsiyatiga qiziqish susaysa, adabiyot o‘lishi mumkinmi? O‘ki bu adabiyotning tamomila yangilanish jarayonini ko‘rsatadimi? 
— Shu savol-mulohazangizga javobni qisqa qilayin. Maylimi? Xo‘sh, Adabiyotga, demak, “xos adabiyotu ommabop adabiyot”ga munosabat ham menga qandaydir modaga qiziqishni eslatadi. Va, aminmanki, bu holning sababi — mavjud tuzumu yashash sharoitining taqozosida yuz beradi... Deylik, Bugun o‘zbek kitobxonining ko‘pchiligi oldi-qochdi – detektiv asarlarga qiziqib, ularni mutolaa qilayotgan bo‘lsa, erta-buruskun jiddiy-xos adabiyotga ham nigohini qaratadi.
Tarixda bunday “to‘lqinlar”, evrilishlar ko‘p bo‘lgan. Istiqbolda ham bo‘ladi...
“O‘zuvchi shaxsiyatiga qiziqish...” susayadimi deysiz? Ha, balki hozirgi paytda — yozuvchilar faqiru haqir — nazardan qolgan zamonlarida ularga qiziqish susaygandir. Ha, rost-rost: men bir necha yildan beri televizoru radioyu matbuotda yoshlarimizning kasb egallash xususidagi orzularini tinglab, o‘qib kelayotirman. Deyarli hamma kasblar tilga olinadi. Ammo biron shovvozning... “Men yozuvchi bo‘laman!” deganini eshitganim yo‘q. Mayli. Kunlar kelar — orzumandlar chiqar...
Ammo, Bahromjon, bir narsani Sizga uqtirib aytishni burchim deb hisoblayman: masalan, o‘z qadrini biladigan anchayin qalamkash ham o‘z shaxsiga qiziqish susayganidan zig‘ircha g‘am yemaydi. Masalan, menga kelsak, parvoyim palak.
Meni butkul unutsalar ham – g‘am yemayman. “Na chora?” deb qo‘ya qolaman va “ilhom kelsa” – Tagorning eng so‘nggi romani, ya’ni, o‘zini unutayotgan yoshlar haqida yozgan “So‘nggi doston”idek biron narsa bitib qoldirarman. 

Suhbatdosh: Bahrom Ro‘zimuhammad
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 32-33-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.