OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ikrom Otamurod: “Adabiyotni iste’dodlar yaratadi” (2009)

Ijtimoiy-siyosiy sohalardagi tub burilishlar, jamiyat ma’naviy hayotidagi yangilanishlar, avvalo, badiiy adabiyotda aks etadi. Shu bois, bugungi kunda yaratilayotgan asarlarda inson tafakkur tarzida yuz bergan va berayotgan evrilishlar bor bo‘yicha ko‘zga tashlanayotir. O‘zbek she’riyati, xususan, doston janridagi izlanishlar haqida so‘z ketganda, ta’kidlash joizki, Mahmud Toir, To‘lan Nizom, Sirojiddin Sayyid, Ikrom Otamurod singari shoirlarning bu janrda yaratgan asarlari mavzu ko‘lamdorligi va uslubiy o‘ziga xosliklari bilan ajralib turadi. Istiqlol davri adabiyotiga xos bu jihatlarning tadqiqi va tahliliga diqqat qaratish adabiyotshunosligimiz oldida turgan muhim vazifalar sirasidan. Taniqli shoir Ikrom Otamurod bilan suhbatimizda bugungi dostonchilik masalalari, adabiy jarayonda mazkur janrning o‘rni va, albatta, ijodkor ko‘nglidan kechayotgan o‘ylar, ijodiy rejalari haqida so‘z yuritildi.

— Ikrom aka, siz ancha yillardan beri ijodiy faoliyat bilan birga yosh qalamkashlarga ham xayrixohlik qilib, ilk kitoblariga so‘zboshi yozib, ularni qo‘llab-quvvatlab kelasiz. Ayting-chi, bu sa’y-harakatlaringiz o‘z samarasini berayaptimi?

— “Sharq yulduzi” jurnalida ishlaganim bois ham shunday imkoniyatga egaman. Chunki bu jurnal adabiyotning o‘ziga xos maydoni. Yozuv havasi, ijod umidi bilan kelayotgan yoshlarning shu yerda orzu-havaslari ro‘yobga chiqib voyaga yetishini istayman. Shuning uchun, ularning mashqlariga, garchi hali havas darajasida bo‘lsa ham, e’tibor bilan qarayman. Men qo‘llab-quvvatlagan, oq yo‘l tilagan yoshlarning aksariyati hozir she’riyat maydonida faol, so‘zning mas’uliyatini his qilgan holda, sobitlik bilan ijod qilishayapti. Bir gap bor: ijodda kimdan so‘z olish emas, sobitlik va so‘z mas’uliyati muhim. Qadim allomalardan biri degan ekan: “O‘zing qilgan yaxshilikni unut, lekin senga qilingan yaxshilikni doim yodda tut”. Yoshlarning yo‘li doim omadli bo‘lsin.

— Yosh ijodkorning adabiyotga kirib kelishida birov rahnamolik qilishi kerakmi yoki u o‘zining iqtidoriga tayansa ham bo‘laveradimi?

— Adabiyotni iste’dodlar yaratadi, degan ibora bor. Mazkur iboraning yonida adabiyotni xayrixohlik voyaga yetkazadi, degan ibora ham yonma-yon yuradi. Demak, iste’dod Ollohdan berilgan ne’mat bo‘lsa, xayrixohlik qalbni ruhlantiradigan madaddir. Ana shu ikkalasi kangul tuprog‘ida ildiz otib bo‘y tortsa, so‘z daraxti mustahkam bo‘ladi.

— Sizning “Yobondagi yolg‘iz daraxt”, “Ichkari... Tashqari ...”, “Tag‘azzul” kabi dostonlaringiz adabiy jamoatchilik tomonidan e’tirof etilmoqda. Sizningcha, bugungi kun dostonchiligiga xos yetakchi tendentsiyalar nimalarda ko‘rinadi?

— Bu savol, aslida, adabiyotshunoslarga berilsa, ma’qul bo‘lardi. Chunki shoir yozayotganda «tendentsiyalar»ga nuqtani qaratmaydi. U qalbidagini aytadi, unda unib-o‘sgan borlig‘ini aytadi. Savolingizga kelsak, anglashimcha, bugungi kun dostonlarida tuyg‘ular tili, «ishoralar tili», ramzlar tili, ruhiyat tili so‘zlayapti. Botin so‘zlayapti. Mohiyat so‘zlayapti.

— Dostonlaringizda qandaydir ruhiy azob, dard bor. Buni qanday izohlaysiz yoki bu ko‘ngil ishimi?

— Qandaydir «ruhiy azob» emas. Ruhiyatda agar siz aytgan siralar bo‘lmasa, yozuv bo‘lmaydi. Dard, azob o‘zingniki bo‘lishi kerak. Yo‘qsa, u yuqmaydi boshqa birovga. Dard to‘qilgan joyda yasamalik, yolg‘on, soxtalik ko‘rinish beradi. Gap bor-ku, axir: «Dilda darding bo‘lmasa, dil daftarimni kovlama», degan. Men dardimni yozaman, bu balki, kangul ishidir.

— Ijodingizni, xususan, dostonlaringizni o‘qish asnosida bir narsaga amin bo‘ldimki, ularda o‘zingiz aytmoqchi bo‘lgan «kangul asrorlari» yashirin. Ayting-chi, shoir kitobxonga qanday ta’sir o‘tkazishi mumkin?

— Qiziq savol. Shoir kitobxonga qanday ta’sir o‘tkazishni avvaldan mo‘ljal qilib yozsa, unda asarning zamiriga singdirilgan «sir» qolmaydi. Asar «sir»ligi bilan muhim, shekilli. Nazarimda, kitobxon asardagi «sir»ni anglashga ixlos hosil etsa, unda mulohaza, kuzatuv, fikr paydo bo‘ladi. Ta’sir shunda jo‘yali bo‘lar.

— Keyingi davr dostonchiligida ramziy obrazlarga e’tibor kuchayganligini kuzatamiz. Xususan, sizning asarlaringizda “qo‘zigul”, “to‘rg‘ay”, “dasht”, “yo‘l”, “yobon”, “kenglik” kabi so‘z va atamalarni ko‘p uchratamiz. Agar sir bo‘lmasa, ularga kitobxonga ma’lum bo‘lmagan yana qanday ma’nolarni yuklagansiz?

— Bu savolingizga ispan shoiri Antonio Machadoning fikri bilan javob beraqolay. U aytgan ekan: «Qalbim borliq bilan qo‘shilib ketgan paytda, his, tuyg‘u paydo bo‘ladi. Uyg‘onadi. His-tuyg‘u uyg‘ongan zahoti, men ularni so‘zlar shakliga solib, o‘zimning yaqinlarimga yetkazaman. Qalbim borliqni, sukunatni suyib tinglaydi». Aslidayam, shunday. Borliqqa yaqin borish. Borliqni yaqin olish. Ijod — o‘zing haqingda borliqqa so‘ylash.

— Kitobxonlar sizni «kangul shoiri» sifatida yaxshi bilishadi. Siz yozishdan avval, ko‘ngilga monand nimani topasiz? Asar boshlamasida oxiri qanday tugashini his qilib turasizmi?

— Yozishdan avval, kangulga monand so‘zni qidiraman. So‘zning ma’no yo‘sinlarini, shakl tarzlarini qidiraman. Tilimizda har bir so‘zning turfa ma’nolari, turfa shakllari mavjud. Xalq og‘zaki ijodi, mumtoz adabiyotimiz, sheva jihatlarimizdan tortib, bugungi so‘z siralariga bir nazar solib ko‘ring-a? Omonim so‘zlarga qarang. Sinonim so‘zlarga qarang. Bu tilimiz maydonida o‘sib kelayotgan ma’no daraxtlari-ku. Ana shu daraxtlarni o‘ziga muqobil nomi bilan atalsa, daraxtlar, ya’ni so‘zlar yashaydi. Endi ikkinchi savolingizga kelsak. Asarim boshlamasida oxirini belgilay olmayman. Faqat fikrimda, kanglumda nimalardir aylanadi. Yozuvda favquloddalikka suyanaman. Yozuvim oxirini favquloddalikdan topaman, favquloddalikdan his qilaman.

— “Sopol siniqlari” dostoningizdagi Rang va Holat tasvirlari orqali kitobxonga nimalarni anglatmoqchi bo‘lgansiz?

— Tafakkur yo‘sinida tag qatlam, ich qatlam, tash qatlam degan ma’nolar harakat qiladi. Siz eslatgan Rang va Holat tasvirlarida qurbim yetgancha, shularga ishora aylamoqchi bo‘lganman. Qolgan tasavvur kitobxonga havola.

— ...Muhimi kangul,

kangulni qidirish,

      muhimi kanguldir,

kangulni topish –

misralarida ta’kidlanganidek, ko‘ngilni qaerdan izlash kerak yoki u har qaysi “men”ning o‘zligida mujassammi ?

— Botindan izlash kerak. Qaniydi siz aytgan, “har qaysi “men”ning o‘zligida kangul mujassam” bo‘lsa? Afsus, unday emas. Kangulni tilda xohlagancha takrorlash mumkin. Lekin bu uning borligini bildirmaydi, u botinda yashaydi.

— Inson — sirlar makoni. Inson ruhiyatidagi tovlanishlar esa kamalak nurlaridan serjiloroqdir. Bilamizki, ko‘ngul obrazi har bir dostoningizda alohida ko‘rinish beradi. Ko‘ngil – xaritaga tushmagan makon. Mazkur makonning qarovsiz qolishidan xavotiringiz asarlaringizda seziladi. Nima uchun? Buni qanday izohlaysiz?

— To‘g‘risini aytganda, odamzod kangludan begonalashib, yiroqlashib borayapti. Odamzotning bir-biriga nisbatan mehri qochib, daxldorligi siyrak tortib, nafs munosabati, nafs ilinji ortmoqda. Bu bora-bora odamzotni bir-biridan uzoqlashtiradi, bir-biridan bezdiradi. Shu o‘ylovlar bilan kanglum iztiroblarini aytganman. Zotan, ulug‘ nemis shoiri Hanrih Hayne shunday bir fikrni qayd etgan ekan: «Dunyoning har qanday darzi, eng avvalo, shoir qalbidan o‘tadi”.

— Odamzot o‘z-o‘zini qanchalik ko‘p so‘roqqa tutsa, u shunchalik ko‘ngliga yaqinlashadi, hayotning, yashashning mohiyati nimadaligini anglaydi. Tiriklik falsafasini uqish uchun kishi o‘zini qanday savollar bilan so‘roq qilishi mumkin?

— O‘zi bundoq qaraganda, odamzot so‘roq qarshisidagi javob, shuningdek, o‘z navbatida, javob ro‘parasidagi so‘roq. Endi, odamzot “o‘zini qanday savollar bilan so‘roq qilishi lozim”, degan fikringizga kelsak, bu har bir kishining imkon qurbidan, tasavvur yo‘sinidan, faoliyat sirasidan, yashash tarzidan kelib chiqadigan jihat. Odamzot hech mahal imkon doirasidan yuqori chiqa olmaydi. Shunday holat bo‘lgan kezda yolg‘on urchiydi, majburiyat paydo bo‘ladi, zo‘riqish yuzaga keladi. Natijada odamzotning noshud, nodon fe’llari o‘sadi. Bu esa, javobsiz so‘roqni tomir orttiradi. Men hamisha kangul so‘roqlari qarshisida turaman va ularga javob izlayman.

— Sukut holatiga munosabatingiz bo‘lakcha. Sukut ruhda qanday paydo bo‘ladi?

— Sukut — sukut ichidagi nigohda namoyon bo‘ladi. Sukut ichidagi nigoh... Balki hisdir, balki sog‘inchdir, balki umiddir, tafakkur, balki tuyg‘u, dard yoki armondir, balki bularning barini voyaga yetkazgan kanguldir. Bilmadim. Bilganim shu — sukut ichidagi nigohga qarayveraman.

— Ayni kunlardagi yozuvlaringiz xususida to‘xtalsangiz.

— Bu borada, uzr. Oldindan va’da berishni, ya’ni uni yozayapman, buni o‘ylayapman, deyishni yoqtirmayman.

— Kitobxonlarga tilaklaringiz...

— Nimayam derdim. Kangullariga yaqinroq borishsin.

Suhbatdosh: Nafosat O‘roqova

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 47-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.