Taniqli adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Pirimqul Qodirov poytaxtimiz markazidagi yuksak arg‘uvonlar quyuq soya berib turgan shinam hovlilardan birida istiqomat qiladi. Istiqlol shukuhi kezib yurgan ulug‘ ayyom arafasida sevimli adibimizni bayram bilan qutlagani bordik. Salom-alikdan so‘ng “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi mushtariylarining qutlovlarini aytib, muhtaram adibimizni suhbatga chorladik.
— Istiqlol xalqimizni, millatimizni yorug‘ manzillarga, jahon uzra yanada yuksak pog‘onalarga olib chiqdi, — deb boshladi Pirimqul aka o‘z so‘zini. — Mana, o‘n sakkizinchi dovonga ham yetib keldik. Bu kunlarni ko‘rib turganimiz, shunday ulug‘ ayyomlarga yetganimiz uchun Yaratganga beadad shukrona aytamiz.
O‘tgan o‘n sakkiz yilning har bir dovonida ona O‘zbekistonimiz iqtisodiy taraqqiyot borasida ham, ma’naviyat va ma’rifat sohasida ham katta yutuqlarni qo‘lga kiritib, bu katta salohiyatni izchillik bilan mustahkamlab borayotganiga guvohmiz. Yonilg‘i-energetika manbalari va o‘zimizni g‘alla bilan ta’minlash kabi g‘oyat muhim strategik masalalarda mustaqillikka erishganimiz, temir yo‘l va avtomobil yo‘llarini rivojlantirish bo‘yicha Buyuk Ipak yo‘lining qadimgi mavqeini tiklab, jahonga o‘z yo‘llarimiz bilan chiqayotganimiz kimning havasini keltirmaydi, deysiz!
Mamlakatimizning iqtisodiy qudrati qay darajada o‘sganligini poyxtaxtimiz va viloyatlarimizda o‘tgan o‘n sakkiz yil mobaynida bunyod etilgan va hamon kun sayin keng quloch yoyib borayotgan yangi qurilishlar, shahar va qishloqlarimiz obodonchiligi sohasidagi misli ko‘rilmagan o‘sish-o‘zgarishlar ham yaqqol namoyon etib turibdi.
Mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi nufuzi oshib borishiga monand holda ma’naviy-ma’rifiy jabhada erishgan yutuqlarimiz ham har birimizni quvontiradi. Eng avvalo, o‘tmishda yashab o‘tgan buyuk ajdodlarimiz — sohibqiron Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi jahon tan olgan sarkardalarimiz, Mirzo Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy kabi ulug‘ allomalarimiz, Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Moturudiy, Imom Termiziy, Al-Hakim at-Termiziy kabi tasavvuf allomalarining ma’naviy merosidan xalqimizni bahramand etib, ularning tavallud sanalarini katta tantanalar bilan nishonladik. Sho‘rolar davrida unutilib, g‘ubor qoplagan ma’naviy qadriyatlarimiz tiklanib, jahon tsivilizatsiyasi taraqqiyotiga bemisl hissa qo‘shgan qadimiy shaharlarimizning ko‘p asrlik tarixiy sanalari YuNYeSKO hamkorligida keng nishonlanmoqda.
Ayniqsa, Yurtboshimizning adabiyotimiz va adabiyot ahliga g‘amxo‘rligi bizni g‘oyat mamnun etadi. Negaki, yaxshilik va ezgulik tabiatan adabiyotning mohiyatida mavjud bo‘lsa-da, adabiyot yaxshilikdan yashnaydi. Yurtboshimizning yaqinda milliy adabiyotimizni rivojlantirish va adabiy jamoatchilik oldida turgan dolzarb vazifalar yuzasidan aytgan fikr-mulohazalari istiqlol yillarida Prezidentimiz tomonidan adabiyotimiz ravnaqi yo‘lida ko‘rsatib kelinayotgan g‘amxo‘rlikning izchil davomi bo‘ldi. “Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” deb nomlangan ana shu fikr-mulohazalarda bildirilgan va ilgari surilgan muhim g‘oyalar, o‘ylaymanki, barcha ijodkorlarimiz qalbidan chuqur joy oldi. Yurtboshimizning iste’dod va uning tarbiyasi borasida aytgan mana bu gaplari yanada ibratlidir: “Mening fikrimcha, yozuvchilik — bu oddiy kasb emas, xudo bergan iste’doddir. Bu — qismat, peshonaga yozilgan taqdir. Bu kasbga hech qaerda o‘qitib, o‘rgatib bo‘lmaydi. Yozuvchilikning maktabi ham, dorilfununi ham bitta. U ham bo‘lsa, bir umr hayotning ichida bo‘lish, o‘z xalqi bilan hamdardu hamnafas bo‘lib yashash, haqiqat va adolatga sadoqat bilan xizmat qilishdir”.
Mamlakatimiz Yo‘lboshchisining bu fikrlarida yozuvchilik iste’dodi, yozuvchining mehnati va qobiliyatiga muhim ehtiyoj sifatida qaralib, iste’dodning jamiyat hayotidagi o‘rni nihoyatda teran ifoda etilgan. “Yozuvchilik — qismat, peshonaga bitilgan taqdir”, degan so‘zlarning nihoyatda topib aytilganiga mening oltmish yillik ijodiy izlanishlarim ham bir misol bo‘la oladi. Xalqimizda “Oqqan daryo yana oqadi”, degan dono naql bor. Shu ma’noda yozuvchilarga ijodiy sharoit yaratishning zarurligi alohida ta’kidlanib, buning eng to‘g‘ri yo‘llari ko‘rsatib berilgani ham ayni ko‘ngildagi muddao bo‘ldi. Bu adabiyotimiz kelajagi uchun katta g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasidir. Yozuvchilarga qilingan yaxshiliklar ularga qanot bag‘ishlaydi. Bu qanotlar adabiyotni yangi yuksakliklarga olib chiqadi. Shu jarayonning izchilligini ta’minlash kelgusida ulug‘ yozuvchilar yetishib chiqishiga zamin hozirlaydi. Kelajakda xalqimiz orasidan Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek kabi buyuk adiblar yetishib chiqishiga ishonamiz. Prezidentimizning adabiyotimiz ravnaqi yo‘lida ko‘rsatayotgan ulkan e’tibori bu ishonchimizga asos bo‘ladi.
— Pirimqul aka, Prezidentimizning Sizga tavalludingizning sakson yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrik xatlari orqali davlatimiz rahbarining adabiyotimiz va uning zahmatkashlariga ehtiromlari nihoyatda cheksiz ekanligining guvohi bo‘lgan edik. Ushbu tabrikda sobiq sho‘ro mafkurasi tazyiqlari va qarshiliklariga qaramay, sizning xalqimiz tarixining yorqin sahifalaridan bo‘lmish buyuk temuriylar davrini, dilbar shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur va uning avlodlarining murakkab, mashaqqatli hayot yo‘lini haqqoniy aks ettirgan “Yulduzli tunlar”, “Avlodlar dovoni” singari go‘zal asarlar yaratganingiz va ular adabiyotimiz xazinasidan munosib o‘rin olib, xalqimizning ma’naviy mulkiga aylangani alohida e’tirof etilgan.
Mazkur xatdagi “Istiqlol ruhi Sizning ijodingizga yangi kuch-quvvat va ilhom bergani so‘nggi yillarda yozilgan asarlaringizda yaqqol namoyon bo‘lib turibdi. Xususan, shu ulug‘ va tabbarruk yoshda ham hormay-tolmay ijod qilib, “Til va el”, “Amir Temur siymosi” singari puxta izlanish va tadqiqotlarga boy kitoblar yaratganingiz yosh adiblar uchun ibrat namunasi bo‘lib xizmat qiladi“, degan haroratli so‘zlar esa muxlislaringizni behad sevintirdi.
— Yurtboshimizning sakson yilligim munosabati bilan yo‘llagan ushbu tabriklarini eslaganingiz uchun Sizga rahmat. Bu yuksak e’tiborni nafaqat mening kamtarin ijodimga, balki butun adabiyotimiz namoyandalariga bo‘lgan katta ehtirom sifatida qabul qilib, g‘oyatda sevinganman. Maktub sakson yillik umrimning eng mas’ud damlarida yetib kelganligi uchun taqdirga shukrona aytganman. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbariga yozgan maktubimda Yurtboshimizning qanchalik band bo‘lishlariga qaramay mening kamtarona roman va qissalarimni o‘qib chiqqanlari, ularga zarshunoslik nigohi bilan qarab, teran ma’noli fikrlar bildirganlari uchun chin qalbimdan cheksiz minnatdorligimni bildirdim. Mustabid tuzum davrida bizni ikkinchi darajali insonlar deb kamsitishlariga qarshi Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon qalamni qurol qilib, Otabek, Anvar, Kumush, Ra’no, Zebi kabi ajoyib qahramonlarni yaratdilar. Aslida bunday jozibali insonlar har bir xalqda bor. Men ham shuni hisobga olib, xalqimiz orasidan yetishib chiqqan ma’naviy yetuk va go‘zal shaxslarni qissa va romanlarning bosh qahramonlari qilib tasvirlashga intildim. Bu kitoblarda milliy tuyg‘uni uyg‘otadigan muammolar ko‘tarilgani mustabid tuzum mafkurachilariga yoqmas edi. Buning ustiga Bobur Mirzo va Akbarshoh dilbar shaxslar qiyofasida tasvirlangan edi. O‘zingiz bilasiz, bu romanlardan biri olti yilgacha yo‘li to‘silib, bosilmay yotdi. Ikkinchisi yana uch yil taqiq ostida to‘xtatib qo‘yildi. Bosmaxonada nashrga tayyorlab qo‘yilgan bu asarlarning harflari ikki marta sochib tashlandi. Islom Abdug‘anievich yo‘lboshchisi bo‘lgan istiqlolning g‘alabasi meni bu og‘ir ahvoldan qutqardi. Salkam o‘n yil taqiq ostida bo‘lgan ushbu romanlar mustaqillik yillarida yana qayta-qayta nashr etildi.
Bugun istiqlol bayrami arafasida takror bo‘lsa ham aytayin, Yurtboshimizning adabiyotimizga ko‘rsatayotgan katta g‘amxo‘rliklari bizni yuksak ijodiy kamolotga undaydi. Boshqa adiblar qatori men ham butun umrimni, bor kuch va qobiliyatimni milliy ma’naviyatimiz va uning uzviy qismi bo‘lgan adabiyotimizni rivojlantirishga safarbar etaman.
— Pirimqul aka, Sizning “Olmos kamar” romaningiz Toshkent zilzilasidan keyin shaharni qayta qurish yillarida yozilgan edi. Siz bu jarayondagi muammolarni tilga olib, xususan, Toshkentning sharqona shahar sifatida tarkib topgan tarixiy qiyofasi, mahallalaridagi o‘ziga xos tabiiy muhitni saqlab qolish borasida me’morlar va quruvchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ziddiyatlarni tasvirlashga harakat qilgan, bir jonkuyar adib sifatida Toshkent kabi yirik shaharlar arxitekturasi o‘z jo‘g‘rofiy o‘rni, iqlimi va milliy an’analarga ham mos bo‘lishi zarurligini dadil ko‘tarib chiqqandingiz. Agar yanglishmasam, bunga ko‘p jihatdan, o‘sha yillari Toshkentda uy-joy va bog‘-me’morchiligi borasida xalqimizning milliy an’analari, asrlar mobaynida shakllangan o‘ziga xos yashash tarzi sho‘ro me’morlari tomonidan hisobga olinmasdan bir xil qolipga kirgan andozalar asosida ish tutilishi, Osiyoning qaynoq quyoshi ostida betondan qurilgan katalakday uylarda yashashga mahkum etilganimiz ham sabab bo‘lgandi. Mana, oradan qirq yil o‘tib, Toshkentimiz butunlay boshqacha qiyofaga kirdi. Istiqlol yillarida milliy me’morlik san’atimiz hech bir to‘siqsiz rivojlandi. O‘z yurtimiz, o‘z iqlimimiz, milliy an’analarimizga muvofiq qilib qurilgan go‘zal imoratlar Toshkent va boshqa shaharlarimizga uzukka qo‘yilgan ko‘zday yarashib turibdi. Istiqlol davrida milliy me’morchilik va uysozlik sohasi ham katta o‘zgarishlarga yuz tutdi. Ayniqsa, Toshkentning 2200 yillik to‘yi arafasida poytaxtimiz jamoliga boqib to‘ymaysiz.
— Siz shu kunlarda mening ko‘nglimdan kechib turgan hislar, faxr-iftixor tuyg‘ularini yana bir bor yodga soldingiz. Men siz aytib o‘tgan “Olmos kamar” romanimning qahramonlari — o‘z shaharlarining asl sharqona va milliy qiyofalarini yaratishni orzu qiladigan va bu orzuni ro‘yobga chiqarish uchun imkon qadar kurasha olishga qodir bo‘lgan Abror va uning seviklisi Vazira obrazlari orqali shu zarur muammoni o‘sha vaqtda aytishga harakat qilgan edim. O‘zingiz bilasiz, o‘sha davrlarda Abror va Vazira kabi halqimizning milliy me’morchiligi taqdiriga jonkuyarlik bilan yondoshadigan me’morlar yetarli emas edi. Borlarining ham imkoniyati cheklangan bo‘lib, Yevropa shaharsozligi an’analariga og‘ib ketish urf bo‘lgandi...
Mustaqillik bizga barcha sohalarda erkinlik berdi. Milliy me’morchilikning gullab-yashnagani faqat qadimiy me’moriy obidalarimiz ta’mirlanib, o‘z go‘zal qiyofalariga qaytganidagina emas, Toshkentda va viloyat markazlarimizda bunyod etilayotgan yangi binolarda ham ro‘y-rost ko‘rinib turibdi. Toshkent va boshqa shaharlarimiz istiqlol tufayligina o‘zining betakror sharqona qiyofalariga ega bo‘ldi. Me’moriy inshootlardagi moviy gumbazlar ko‘zimizni yashnatib, dilimizga quvvat bo‘layotir. Ayniqsa, poytaxtdagi Milliy bog‘imiz, Alisher Navoiy haykali majmuining go‘zal qiyofasi, “Shahidlar xotirasi” xiyoboni hamda Mustaqillik maydonidagi “Ezgulik arkasi” hayratimizga hayrat qo‘shadi.
O‘zining 2200 yilligini nishonlashga taraddud ko‘rayotgan Toshkent endi asl sharqona Toshkentga o‘xshadi. Bugun istiqlol yillarida qurilgan Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Yoshlar ijod saroyi, san’at galereyalari, sport saroylari, milliy teatrimiz va konservatoriya binolari, Oliy Majlis va Oliy Majlis Senati binolariga bir nazar soling-a. Ularning sharqona va milliy me’moriy uslublarga hamohang qiyofalaridan qanchalar zavq-shavq olasiz. Shu kunlarda Sohibqiron bobomizning muhtasham haykallari salobat to‘kib turgan xiyobon yonida qad rostlagan yangi Anjumanlar saroyi esa Toshkentimizga yanada katta ulug‘vorlik baxsh etayotir.
Bu o‘zgarishlarning bosh ijodkori ham istiqlolimizning bosh me’mori Yurtboshimizdir. O‘tgan o‘n sakkiz yil mobaynida qad ko‘targan me’moriy inshootlarning har birini men istiqlol yillarining buyuk dastxati sifatida baholagim keladi...
— Ona tilimizning qadr topgani ham istiqlol davrining buyuk ne’matlaridan biri bo‘ldi. Sizning “Til va el” deb nomlangan ilmiy badiangiz esa mumtoz adabiy tilimizning ko‘p asrlik shakllanish jarayonlari tadqiq etilgani bilan qadrlidir. Bu kitob qanday ehtiyoj mahsuli sifatida maydonga keldi? Shu haqda ham so‘zlab bersangiz.
— Agar yodingizda bo‘lsa, ancha yillar avval yozilgan “Xalq tili va realistik proza” nomli tadqiqotimda rang-barang, boy va go‘zal xalq tilining yangi o‘zbek prozasi shakllanishida, xususan, uning XX asr boshidagi realistik tamoyillari qaror topishidagi ahamiyatini ko‘rsatishni maqsad qilgandim. “Til va el”da ona tilimiz, adabiyot, madaniyat, ma’naviyatimiz tarixi haqida fikr yuritib, bu madaniyatni yaratgan buyuk siymolarimiz asarlariga to‘xtalishga, ularning bebaho fazilatlarini ko‘rsatib berishga, Alp Er To‘nga — Afrosiyob, Bilge hoqon, Kultegin, Mahmud Koshg‘ariy, Ahmad Yassaviy, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Boburlarning mumtoz adabiy tilimizni yaratishdagi buyuk xizmatlarini ko‘rsatib berishga harakat qildim. Negaki, “Bilge hoqon va Kultegin” dostoni, “Alp Er to‘nga jangnomasi”, “Qutadg‘u bilig”, “Devonu lug‘atit turk”, Ahmad Yassaviyning hikmatlari, Xorazmiyning “Muhabbatnoma”si, Qutb Xorazmiyning “Xusrav va Shirin” dostoni, Sayfi Saroyining “Guliston bit turki” asari kabi badiiy obidalar, shuningdek, sohibqiron Amir Temur davrigacha yaratilgan ko‘pgina asarlarda o‘zbek mumtoz adabiy tilimiz shakllangan edi. Oltin O‘rdaning adabiy tili ham bizning mumtoz o‘zbek adabiy tilimiz edi.
Shunga qaramay, sho‘ro tilshunosligida bu davr adabiy tili “Chig‘atoy tili”, “Oltin O‘rda adabiy tili”, “Chig‘atoy adabiyoti” kabi qandaydir siyosiy maqsadlarni ko‘zlagan, ilmiylikdan yiroq iboralar bilan atalib kelgan edi. Men bir adib va olim sifatida “Til va el” kitobimda ana shu haqiqatni isbotlashga harakat qildim. Endilikda “Chig‘atoy tili” yoxud “Chig‘atoy adabiyoti” kabi iboralar o‘rniga o‘zbek mumtoz adabiy tili va o‘zbek mumtoz adabiyoti atamalarini qo‘llash maqsadga muvofiqdir.
Istiqlolimizning sharofati, istiqlol bergan katta imkoniyatlar biz ijodkorlarni mana shu kabi ma’naviy qadriyatlarimizni tiklashga ilhomlantirdi. Bu katta imkoniyat bizni xalqimizning ongu tafakkurini ko‘tarish, ona tilimizni, xalqimizning badiiy tafakkurini rivojlantirish, ma’naviyatni yuksaltirishga ilhomlantirishi zarur, deb o‘ylayman.
— Ulug‘ bayramimiz arfasidagi mazmunli suhbatingiz uchun gazetxonlarimiz nomidan tashakkur aytamiz.
Suhbatni Murod Abdullayev yozib oldi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 34-sonidan olindi.