OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shoyim Bo‘tayev: “El qiyofasi... kuchli shaxslarda va milliy xarakterlarda namoyon bo‘ladi” (2009)

Bugungi dunyo rang-barang va serqatlamli, u vaqt va makon hududlarida ham turfa nisbiy tushunchalarni namoyon etib bormoqda. Bu jarayonda har bir xalq, har bir millat milliy ma’naviyati, madaniyati, o‘lmas qadriyatlari bilan umuminsoniy tamaddunlar rivojiga ulush qo‘sha oladi. Globallashuv va ommaviy madaniyatning keskin to‘qnashuvlari, tahdidlari ta’siridan o‘zini, o‘zligini milliy tabiati, milliy xarakterlari orqali asrab qola biladi. Shu tariqa kuchli shaxslar maydonga chiqadi.

Iste’dodli Yozuvchi, kinodramaturg Shoyim Bo‘tayev adabiyot, san’at, kino va milliy seriallar borasidagi savollarimizga javob berar ekan, el qiyofasi kuchli shaxslarda hamda milliy xarakterlarda namoyon bo‘lishi zarurligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

— Sizning o‘z ixlosmandlaringiz bor. Kitobxonlar e’tiborini o‘ziga jalb etgan qator asarlaringiz, teleseriallar adabiy ssenariysi, noshirlik faoliyatingiz... Xullas, serqirra ijodiy faoliyat jarayonida qanday maqsadlarni ko‘zda tutasiz?

— Inson qaysi kasbda kim bo‘lib ishlashidan qat’i nazar, eng avvalo o‘z ishiga sadoqatni namoyon etishi kerak deb o‘ylayman. Buning ko‘ngilga g‘urur beradigan tomoni bor. Siz yaqinlaringizga, xalqqa, Vatanga o‘z mehnatingiz bilan ozgina bo‘lsa-da, naf keltirib yashayotganingizni his etib turasiz. Bunday his har qanday odamga ham katta kuch-quvvat bag‘ishlay olishiga ishonaman. Negaki, uning yolg‘on tomoni yo‘q. “Men xalqimni sevaman, yurtimni ulug‘layman”, deb lof ursag-u, uning uchun hech narsa qilmasak, qila olmasak bu yomon. Ulug‘ fransuz Yozuvchisi Gyustav Flober shu ma’noda “Odamning o‘zi hech narsa emas, hamma gap uning mehnatida” deydi. Biz XX asrning mudhish ofati bo‘lgan Ikkinchi jahon urushidan chiqib kelganlarning hikoyalarini ting­lab o‘sganmiz, qadimiy urf-odatlarimizning, udumlarimizning chimdimginasini o‘z asariga qo‘shib shundan yorug‘lik chiqarmikan, degan umiddagi ijodkorlarning turli tazyiq va tahdidlar ostida ne-ne iztiroblarni chekkaniga guvoh bo‘lib ulg‘ayganmiz. Biz yana ona tilimizning olmos qirralarini namoyon etuvchi so‘zlarning “arxaik”, “tarixiy”, “eskirgan” degan tamg‘alar bilan o‘z asarlarimizdan tahrir qilib olib, tashlanganidan dilimiz vayron bo‘lib qalam surganmiz. Bularning qay birini aytay? Va bularni endilikda eslab turishning Sizning savolingizga javob bo‘ladigan jihati bormi? Albatta, bor.

Ijodkor ahli qalam va qog‘oz bilan tanho qolar ekan, o‘z vijdoni bilan yuzma-yuz turadi. Haqiqiy ijodkorning vijdoni va imoni o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurt kamoli, o‘zi mansub ­xal­qning quvonch-tashvishlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lishi kerak. Unga Yaratganning inoyati shunday. Jillaqursa, u o‘zida ana shunday tuyg‘uni shakllantira bormog‘i kerak. Odimba-odim bu tuyg‘uni shakllantirish barobarida ijodkor o‘zini, o‘zligini inkishof etadi va bu bilan umummillat ruhiy dunyosi xazinasiga ulush qo‘sha oladi. Bu juda noyob, hech narsa bilan alishtirib bo‘lmaydigan tuyg‘u. Endi ayting-chi, ana shu tuyg‘u ko‘ksingizga muborak mushtini urib hamisha sizni bezovta qilib tursa, nimalarnidir shipshisa, aytsa, bundan xulosa chiqargingiz kelmaydimi? YOza boshlaguncha bo‘lgan his-tuyg‘ular sizning o‘zingizniki edi, biroq yoza boshladingizmi u sizning ixtiyoringizdan chiqadi. Shu chog‘da qarshingizda jiddiy nigoh-la boqib turgan Insonni unutmang: bu Inson asrlar mobaynida xalq tarixini, qalbini, urf-udumlarini, qadriyatlarini yelkasida ko‘tarib kelayotgan kitobxon yoki tomoshabiningiz. Uning tuyg‘ulari bilan o‘ynashish xavfli, o‘zini va o‘zligini hurmat qilmaslikdir.

— Ammo ming afsuski ko‘p hollarda ana shunday “hurmatsizlik”ka duch kelib qolishga ham to‘g‘ri keladi...

— Har bir ishni o‘zining ustasi qilgani ma’qul. Bir mahallar, she’r yozishni hamma o‘zi uchun faxr deb biladigan va shoirlarni avliyo darajasida ko‘rishadigan zamonlarda davralarda munosib bahosini olgan, e’tirof etilgan yaxshi she’rlar shahar darvozasining ko‘rinadigan joyiga katta qog‘ozga katta-katta harflar bilan yozilib, osib qo‘yilar ekan. Shaharga kirgan ham, shahardan chiqqan ham uni o‘qib bahramand bo‘lar ekan. Shahar darvozasida she’ri “ko‘ringan” shoir hozirgi paytda kitobi chiqqandagi kabi holatdan ham ko‘proq hayajonni boshidan kechirarkan.

Bir kuni Abdurahmon Jomiyning huzuriga yaxshi kiyingan, basavlat bir kishi tavoze bilan kirib kelib, u bilan quyuq so‘rashibdi va o‘zining hali siyohi qurimagan she’rini o‘qishga ijozat so‘rabdi.

Hazrat Jomiy bosh irg‘ab ijozat beribdi.

Haligi kishi o‘qiy boshlabdi. Hazrat Jomiy duppa-durust ko‘ringan odamning bir zumda tentakka aylanganini ko‘rib hayron qolibdi. Chunki uning og‘zidan qofiyaga solingan bo‘lsa-da, bodi kirib, shodi chiqmoqda ekan.

U she’rini o‘qib bo‘lib, qalay, degandek Abdurahmon Jomiyga qarabdi.

— Durust, — deb qo‘yibdi Abdurahmon Jomiy uning ko‘nglini ranjitmaslik uchun.

— Shu she’rimni katta harflar bilan yozib shahar darvozasiga osib qo‘ysam bo‘ladimi? — deb so‘rabdi haligi “shoir” quvonib ketgancha.

— Albatta bo‘ladi, — debdi Abdurahmon Jomiy unga javoban. — Faqat, ayting, she’ringizning yoniga o‘zingizni ham osib qo‘yishsin...

Bu rivoyatdan ham ko‘rinib turibdiki, so‘z aytish hayot yo mamot masalasi bilan teng bo‘lgan.

Keyingi paytlarda xizmat taqozosi bilan turli-tuman nashriyotlarda chop etilgan o‘nlab kitoblarni ko‘rib chiqishimga to‘g‘ri keldi. To‘g‘ri, ularning ko‘pchiligi “o‘z hisobi”dan chop etilgan. Ammo bunday kitoblarni chop etgan ana shu “hisoblar” boshqa ishlarga, aytaylik, qo‘li qisqa yoki beva-bechoralarga yordam tariqasida ishlatilsa yoki o‘z oilasi ehtiyojlariga sarf etilsa foydaliroq va savobliroq bo‘lar edi.

— Siz intervyularingizning birida “bir bekatda sotib olib, ikkinchi bekatda tashlab yuborilsa ham ana shu ikki bekat oralig‘ida bu nashrlar o‘z vazifasini o‘tab bo‘ladi”, degan edingiz...

— To‘g‘ri, agar adashmasam, unda suhbat mavzusi ko‘ngilochar gazetalar haqida edi. Ko‘ngilochar adabiyot ham, kinolar ham bor. Biroq professional ma’noda ularning ham mahorat bilan yozilganlari mavjud ekanini unutmasligimiz lozim. Masalan, Sherlok Xolms haqida hikoyalar ham ko‘ngil­ochar, biroq Artur Konan Doylning ustaligi unga hamon hayot bag‘ishlab kelmoqda. Uning sirini bilish uchun esa san’at ilmidan, adabiyot ilmidan boxabar bo‘lish kerak. Ba’zi shov­vozlar ko‘ziga birinchi qarashda bu juda oddiy va jo‘n bo‘lib ko‘rinadimi, bilmadim, ishqilib, umrida bir qatra yoxud lavhani qoyillatmay turib, darhol “katta asar”lar, “katta ssenariy”lar yozib tashlab, shuning mumtozligini da’vo qila boshlashadi. Bundaylarning “adabiy orzular”­ini qo‘llab-quvvatlovchilar, haybarakallachilar, hattoki, amalga oshirib beruvchilar ham darhol topila qolgani kishini ajablantiradi. “Endi havas qilib bir yozib ko‘ribdilar mayli-da, axir yomon ish qilganlari yo‘q-ku, qo‘liga qalam ushlagan odam baribir ezgulikni ko‘zlaydi-ku!”. Shunaqa gaplarni ham eshitganmiz-da. Bunaqa “ezgulikni ko‘zlash” millatning asrlar mobaynida mis­qollab to‘plagan ma’naviy dunyosiga, badiiy tafakkurning ko‘z ilg‘amas cho‘qqilariga haqorat bo‘lib tushishi mumkinligi haybarakallachilarning xayollariga kelmaydi. Chunki ularning o‘zlari ham ehtimol bundan bexabardirlar.

Ijodkorning vazifasi didni o‘stirish. Shunda badiiy tafakkurning yorqin sho‘’lalari millat ruhini, qalbini yoritadi, bugunga, ertaga, kelajakka nafi tegadi, insonga ko‘zgu tutib, o‘zingga, o‘zligingga, shu hayotga munosib bo‘l, deydi. Bu naqadar ulkan hodisaligini tasavvur etish qiyin. Kuni kecha o‘z qalbini ulug‘ ajdodlarning munavvar so‘zlari bilan charog‘on etganlarning avlodlari ommaviy madaniyatning Chingiz Aytmatov “Qulayotgan tog‘lar” romanida katta kuyunchaklik bilan keltirganidek “limuzin, limuzin, limuzin” qo‘shig‘i bilan almashtirib olishsa qay ahvolga tushishadi?

Prezidentimiz Islom Karimovning “YUksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarining “Ma’naviyatga tahdid o‘zligimiz va kelajagimizga tahdid” deb nomlangan uchinchi bo‘limida davrning bunday dolzarb masalalariga atroflicha va chuqur munosabat bildirilgan. “Tabiiyki, “ommaviy madaniyat” degan niqob ostida axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlik, individualizm, egotsentrizm g‘oyalarini tarqatish, kerak bo‘lsa, shuning hisobidan boylik orttirish, boshqa xalqlarning necha ming yillik an’ana va qadriyatlari, turmush tarzining ma’naviy negizlariga bepisandlik, ularni qo‘porishga qaratilgan xatarli tahdidlar odamni tashvishga solmay qo‘ymaydi.

Hozirgi vaqtda axloqsizlikni madaniyat deb bilish va aksincha, asl ma’naviy qadriyatlarni mensimasdan, eskilik sarqiti deb qarash bilan bog‘liq holatlar bugungi taraqqiyotga, inson hayoti, oila muqaddasligi va yoshlar tarbiyasiga katta xavf solmoqda va ko‘pchilik butun jahonda bamisoli balo-qazodek tarqalib borayotgan bunday xurujlarga qarshi kurashish naqadar muhim ekanini anglab olmoqda”.

— Aytish mumkinki, san’atning boshqa turlari qatorida zamonaviy janr sifatida teleseriallar tobora ommalashib bormoqda. Peshma-pesh ekranlarimizda namoyish etilayotgan chet el teleseriallari, o‘zimizning mahsulotlar... Siz kinodramaturg sifatida milliy teleseriallarda davr­ning muhim va dolzarb masalalari qay tariqa aks etmoqda deb o‘ylaysiz?

— Men milliy teleseriallarni davr konyukturasini o‘zida mukammal mujassam eta oladigan imkoniyat deb bilaman.

— Nega endi imkoniyat?

— Chunki kechagi ashaddiy g‘azalxonni, sadoqatli kitobxonni ham zangori ekran yumshoqqina qilib, bebiliski tarzda o‘ziga tortib olmoqda. Endi kechagina Sa’diy va Hofizdan, Navoiy va Mashrabdan yuzlab satrlarni adashmay yoddan o‘qiydiganlar bugun televizor qarshisida o‘z nomlarini zo‘rg‘a eslab turishibdi. Ular endi ming urinishmasin, Navoiyning to‘rt satrini ham yodda olib qolisholmaydi. Chunki qalbning bunga ehtiyoji yo‘q. Shu sababli televideniyening va umuman, bugungi yuksak zamonaviy texnologiyalarning, internetning ko‘z ilg‘amas imkoniyatlaridan haqiqiy ma’nodagi xalqchil asarlarni, tarixni, urf-udumlarni, qadriyatlarni egalariga yetkazish, ularning esiga solib turish uchun foydalanish lozim. “Ho-oy, bu seniki, buni unutib yuborma, buni unutib yuborsang boshqalar seni tanimay qoladi”, deya qayta-qayta ta’kidlash, ogoh etib turish ayniqsa, yoshlarimizda o‘z xalqiga, millatiga nisbatan faxr-iftixor tuyg‘ularini qo‘zg‘atishga sabab bo‘ladi...Bu juda muhim va juda kuchli tuyg‘ular.

Biz ona tilimizda dunyo adabiyotining durdonalaridan bahramand bo‘lganmiz. Dante, Shekspir, Gyote, Servantes, Tolstoy, Dostoyevskiy va boshqa o‘nlab buyuk daholarning asarlarini o‘girish jarayonida tarjimonlarimiz ona tilimizning imkoniyatlarini, har qanday tushunchani ifoda etishning eng ung‘ay usullarini namoyish etishgan. Endi ayting-chi, shu buyuk lisonda ekrandagi qahramon allaqanday chuchmal gaplarni aytib tursa, g‘ashingiz kelmaydimi? Dunyo falsafasining beshigini tebratgan buyuk mutafakkirlar bizning zaminimizdan chiqqanini e’tiborga oladigan bo‘lsak, ekranda namoyish qilayotgan qahramonlarimiz ham o‘ziga yarasha fikr-mulohazasiga, hayot falsafasiga ega kuchli shaxslar bo‘lishi, badiiy tafakkurni yuksaltirib, millatning iftixoriga aylanadi.

— Siz Bahodir Ahmedov rejissyorligida yaratilgan “Bog‘” ko‘p qismli telefilmning adabiy ssenariysini yozgansiz. Bu telefilmda ham yuqorida tilga olganingizdek, xalqimizning o‘lmas qadriyatlari, mehr-oqibati Ulg‘ay ena ismli yolg‘iz kampir va uning bog‘i orqali ko‘rsatib berilgan. O‘zbekiston televideniyesining turli kanallarida yillar mobaynida bu film qayta-qayta namo­yish etilmoqda. Shu film adabiy ssenariysining yozilish jarayoniga to‘xtalsangiz.

— Bir paytlar “Kunbotardagi bog‘” nomli qissam “Sharq yulduzi” jurnalida e’lon qilinganida o‘sha paytdagi “O‘zbekfilm” kinostudiyasi rahbari “bu asaringizda faktura kuchli ekan, adabiy ssenariysini yozib bersangiz, badiiy film ishlardik”, degandi. Bu taklifni ba’zi bir sabablarga ko‘ra amalga oshira olmagandim.

Oradan yillar o‘tib taniqli kinorejissyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Bahodir Ahmedov ўafur ўulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti tomonidan chop etilgan qissalar to‘plamimda shu asarni ham o‘qib qolib, menga ko‘p seriyali telefilmga ssenariy yozib bermaysizmi, deb qoldi.

Bu vaqtga kelib, ssenariy yozish fikri pishib bo‘lgandi. Mening muddaom, har kim o‘z bog‘ida, o‘z tomorqasida astoydil mehnat qilsa, bu uning Vatan ravnaqiga qo‘shgan hissasi hisoblanadi, degan g‘oyani tomoshabinlarga yetkazish edi. Ulg‘ay ena singari ota-bobolari yaratgan bog‘ni yaxshi ko‘rish, uni parvarishlash, himoyalash, kelgusi avlodlarga bus-butun yetkazish ramziy ma’noda yurt timsolida olib qaraladi.Xalqning o‘zligini asrash immuniteti shu tufayli sog‘lom bo‘ladi, bu immunitet sog‘lom bo‘lsa, Vatanni sevish, ardoqlash, uni avlodlarga go‘zal va farovon qoldirish singari yuksak ma’naviy tuyg‘ular shakllanadi, bu tuyg‘ular shakllansa, xalqimizning azaliy ma’naviy qadriyatlarining botiniy mag‘zi namoyon bo‘ladi.

— Eshitishimizga qaraganda O‘zbekiston televideniyesi “Toshkent” telekanali buyurtmasiga asosan “O‘zbektelefilm” studiyasida Sizning ssenariyingiz asosida 30 qismli “Qaldirg‘ochlar yana qaytadi” teleserialining suratga olish va montaj ishlari adog‘iga yetibdi. Ayting-chi, bunda ham Siz o‘z ijodiy tamoyillaringizga sobit qolganmisiz?

— Har qanday film ham ko‘pchilik, ya’ni ijodiy jamoaning mehnati, izlanishlari samarasi o‘laroq dunyoga keladi. Bugun teleserialchilarimiz katta yo‘llarni shiddat va g‘ayrat bilan bosib o‘tishayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Shu shiddat va g‘ayratga yarasha maqsadni bugungi O‘zbekistonning o‘z taraqqiyot va rivojlanish yo‘li, fuqarolar ongidagi evrilish-yangilanishlar ta’minlaydi. Buni amalga oshirishda, ya’ni mahorat masalalarida ikkilanishlar, yanglishishlar bo‘lishi ham tabiiy jarayon. Biroq yuqorida ta’kidlaganimizdek, maqsad to‘g‘ri bo‘lish kerak, jillaqursa, o‘z qo‘shningizning, qavmu qarindoshingizning, hamqishlog‘ingizning, millatdoshingizning qaysidir jihatlarini ekranni to‘ldirib yurganlardan birovining qiyofasida, qosh-ko‘zida, gapirishida topa olsangiz ham bu mukammallik sari qo‘yilgan qadam bo‘ladi. Aks holda esa jonsiz qo‘g‘irchoqlar me’dangizga tegib, hissiyotlaringizni to‘mtoqlashtiradi. YAratilayotgan ushbu serialning bosh qahramoni ham ko‘pchilik singari shaharga intiladi, uning maqsadi ezgu, yolg‘iz qizini shahar maktablarida o‘qitib jamiyatga munosib qilib tarbiyalamoqchi. Shaharda ham u turfa insonlarga duch keladi, hayot bir tarzda kechmasligiga guvoh bo‘ladi va qaldirg‘ochlar qachonlardir o‘z uylariga qaytgani kabi ma’lum vaqt o‘tgach u ham o‘z tug‘ilgan qishlog‘iga qaytadi, qishlog‘i taraqqiyoti va rivojlanishi uchun o‘zi jon kuydirmasa, bu ishlarni birov kelib qilib bermasligini anglab yetadi.

— Endi ayting-chi, gazetamizni ham o‘qib borasizmi?

— Albatta. Undagi rang-baranglik menga ma’qul. Bir xil saviyadagi, bir joyda qotib qolgan gazeta-jurnallarning davri o‘tganini “Hurriyat”chilar ilg‘ashgani mushtariylarni ham quvontirishi shubhasiz. Bugun odamlarning ongida, tafakkurida evrilish-o‘zgarishlar yuz bermoqda, ular hayotga yangicha qarashadi, bu yangicha munosabatlarning shakllanish jarayonlarini kuzatish har qanday ijodkorga katta ozuqa beradi. Ijodkor o‘zini qiynagan, tashvishga solgan narsalarni o‘rtaga olib chiqsa, xalqning o‘zi saragini sarakka, puchagini puchakka ajratib oladi. Har qanday narsa eslanishga va unutilishga mahkum. Bizning san’atimiz, adabiyotimiz, matbuotimiz katta yo‘lni bosib o‘tgan, bu yo‘lda ne-ne buyuk zotlar yetishgan, karvon o‘tayotganida atrofida neki sodir bo‘lishi kerak hodisalar sodir bo‘lavergan, shu bois, bunga munosib bo‘lish katta mas’uliyatni talab qiladi.

Suhbatdosh: Hosil Karimov

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.