OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jahon Oro begim

Jahon Oro begim Shoh Jahonning katta qizi. U 1614 yilda tug‘ilgan. Shoh Jahonning taxtga o‘tirish marosimida Jahon Oro begim 14 yoshda edi. Otasi unga 40 mnng dona yoqut javohir in’om etib, yana yiliga 600 ming rupiya miqdorida nafaqa belgilagan edi. Onasi Mumtoz Mahal begim vafot etgan chog‘da Jahon Oro begim o‘n yetti yoshda edi. Binobarin, onasining vasiyatiga ko‘ra, shoh oilasini boshqarish uning zimmasiga tushdi. Jahon Oro begimning jismi ismiga monand bo‘lib, husn-latofatda, aql-idrokda va ilmu odobda tabiat unga saxiylik qilgan edi. Boz ustiga, yaxshigina g‘azallar bitardi. Shoh Jahon bu qiziga alohida mehr ila qarardi. U Mumtoz begimdan qolgan barcha boylik va mulklarni shu qiziga topshiradi.
Oqila Jahon Oro begim oilada aka-ukalar o‘rtasidagi kelishmovchilik, hatto otasi bilan ukasi Avrangzeb oralarida kelib chiqadigan mojarolarni ustalik bilan bartaraf qilishga mohir edi. Uning saroyda obro‘-e’tibori orta borib, asta-sekin onasi Mumtoz Mahal begimning mavqeini egallay boshladi. Zotan, Jahon Oro begim saltanat ishlarini boshqarish, ichki va tashqi siyosat, diplomatiya masalalarida otasiga foydali maslahatlari bilan yordamlashar edi. Unda bobokaloni Boburshohga o‘xshash me’morchilik va obodonchilik ishlariga qiziqish va havas katta edi. Binobarin, Agrada qurilgan jome’ masjidining tarxi (loyiha) Jahon Oro begimning qalamiga mansubdir. U Dehli, Surat, Ambola, Behal va Panipat shaharlarida karvonsaroylar qurdirdi, Lohurda esa orombaxsh katta bog‘ bunyod ettirdi. Jahon oro begim mamlakatdagi g‘arib-g‘urabo va faqirlarga moddiy yordam uyushtirib, kambag‘allar uchun uy-joylar qurdirdi. Shuningdek, Kashmirda «Pari Mahal» (Parilar saroyi) nomli ajoyib bog‘ barpo qildi, Shahdxonobodda Alimarlonxon arig‘ini qazdirib, naqshkor hovuz qurdirdi. Jahon Oro begimning ilm-fan bobida ham qalam tebratgani tarixdan ma’lum. Chunonchi «Risolayi sohibiya» (Do‘stlik haqida risola) asari mavjud.
1658 yili taxt talashgan Avrangzeb Olamgir o‘z akasi Doro Shukuhni mag‘lubiyatga uchratib, ukasi Murod Baxshni zindonga tashlaydi. Bemor, xasta otasi Shoh Jahonni hibsga olib, Agradagi «Qizil qal’a» nomli saroyda nazoratda saqlaydi. Ukasi Avrangzebning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lgan Jahon Oro begim mamlakatni aka-ukalar o‘rtasida taqsimlashni, jumladan Doro Shukuhga — Panjobni, Murod Baxshga — Gujarotni, Shoh Shujo’ga — Bangolni, Avrangzebning katta o‘g‘li (zindonda edi) Muhammad Sultonga — Dekanni bo‘lib berishni maslahat beradi. Ammo, Avrangzeb bu taklifni qabul qilmaydi.
Ota-bola, aka-ukalar va do‘stlar orasiga tushgan nizo va ularning fojiali qismati Jahon Oro begimni qattiq iztirobga soladi. Dilxasta malika dunyo ishlaridan qo‘l yuvib, mahbuslikda kun kechirayotgan xasta otasiga xizmat qilish bilan o‘ziga taskin beradi. U 1658 yildan to 1666 yilgacha «Qizil qal’a qasrida mahbuslikda yotgan otasi Shoh Jahonning xizmatida bo‘ladi. 1666 yilda Shoh Jahon mahbuslikda, g‘aribona ayanchli ahvolda, o‘z sevikli yori Mumtoz Mahal uchun qurdirgan Toj Mahal maqbarasidan ko‘z uzolmay, qizi Jahon Oro begim qo‘lida hayotdan ko‘z yumdi.
Jahon Oro begim garchi shoh qizi bo‘lsa-da, tabiatan kamtar va oliy himmatliligi tufayli boylik hamda shon-shuhratlarga qiziqmagan. U 1681 yilda oltmish yetti yoshida vafot etdi. Uni Dehlidagi Zarzari Baxsh qabristoniga dafn etadilar. Har holda, o‘zining vasiyatiga muvofiq bo‘lsa kerak, qabriga qo‘yilgan oddiy qabr toshiga shunday bayt yozilgan:

Ba g‘ayri sabza napo‘shad kase mazori maro, 
Ki qabrpo‘shi g‘aribon-hamin giyoh bas ast.


Mazmuni: «Yashil maysadan o‘zga hech kim qabrimni yopmasin, toki g‘ariblar qabrini yopmoq uchun shu giyohning o‘zi kifoyadir».

Turg‘un Fayzievning “Temuriy malikalar” kitobidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.