OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zebunniso begim

Zebunniso begim Zahiriddin Muhammad Bobur podshohning pannevarasi Abu Zafar Muhiyiddin Muhammad Avrangzeb (taxtbezagi) Olamgirning qizi. Uning onasi Dilrasbonu Shohnavozxonning qizi bo‘lib, Boburning Gulbadan begim ismli qiziga borib tutashadi. Zebunniso begim (1048 hijriy yil shavvol oyi) 1639 yil milodiy, fevral oyida Dehlida tug‘ilgan. Uning otasi Avrangzeb (1618—1707) yoshligidanoq dindorligi bilan nom chiqargan edi. U riyokorlik bilan «umrimni ibodatda o‘tkazmoq uchun Makkaga borib, bu dunyo ishlaridan qo‘l yuvaman», deb yurar va oddiy xalqqa o‘zini avliyo qilib ko‘rsatardi.

U otasi Shoh Jahon (shahzoda Xurram) qo‘l ostidagi Dekan viloyatining hokimi edi. Ammo Shoh Jahonga qarshi bir necha marta isyonlar ko‘taradi. Nihoyat, 1657 yilda, otasi Shoh Jahonning kasalligidan foydalanib, katta akasi Doro Shukuhni hokimiyatdan azl qilmoq uchun kichik akasi Shoh Shujo’ va ukasi Murod Baxshlar bilan ittifoq tuzadi. 1658 yilda akasi Doro Shukuhni asirga olgach, otasi Shoh Jahonni ham taxtdan tushirib, qasrda mahbuslikda saqlaydi. Ko‘p o‘tmay ukasi Murod Baxshni ham ushlab zindonga tashlaydi va o‘sha yerda bo‘g‘ib o‘ldirtiradi. Kichik akasi Shoh Shujo’ darbadarlikda Birma tuprog‘iga o‘tib, o‘sha yerda butun oila a’zolari bilan birga qaroqchilar qo‘lida o‘lib ketadi. Katta akasi Doro Shukuhni dinsizlikda ayblab, zindondan olib chiqadi va shahar maydonida boshini kestiradi. O’sha kuniyoq Doro Shukuhning kesilgan boshini laganga solib mahbuslikda yotgan kasal otasi Shoh Jaxon oldiga kiritadi. Shoh Jahon esa mahbuslikda sakkiz yil yig‘lab-yig‘lab ko‘zi ko‘r bo‘lib, olamdan o‘tadi.
Avrangzeb Qur’onni yod bilar, talaygina she’rlarni yoddan o‘qir, o‘zi ham she’r yozardi. Ammo qattiqqo‘l, birovning haqidan xazar qilmaydigan, qon to‘kishni oddiy bir zarurat deb biluvchi toshbag‘ir bir kishi edi. U qirq to‘qqiz yil hukmronlik qilib, 1707 yilda 89 yoshida Ahmadobod shahrida vafot etadi. Avrangzeb ko‘p yillik hukmronlik davrida ota-bobolariga o‘xshab me’morlik, adabiyot va san’atning rivoji uchun qayg‘urmadi.
«Tazkirat ul-havotun»da aytilishicha, Avrangzebning besh o‘g‘li va besh qizi bo‘lgan. O’g‘illari: Muhammad Sulton, Muazzam Shoh (keyinchalik Bahodir Shoh), A’zam Shoh, Muhammad, Amin Kom Baxsh; qizlari — Badriniso begim, Zebunniso begim, Ziynatniso begim, Zubdatniso begim va Mehriniso begimlardir.
Zebuniiso begim o‘z zamonasining fozila ayollaridan Hafiza Maryam Bonu qo‘lida savod chiqargan. Otasi Zebunnisoning shoirlik iste’dodini payqab, unga o‘z davrining yetuk olimlaridan Mullo Muhammad Ashraf Isfahoniy va Mullo Jovonni muallim qilib tayinlaydi. Zebunniso begim zabardast shoira, yetuk olima, usta tanbur chertuvchi sozanda va mohir xattot bo‘lib yetishadi. Arab-fors tillarining sarfu nahv (morfologiya va sintaksis)ini, fiqh (qonunshunoslik), mantiq, falsafa, tarix fanlarini puxta o‘zlashtiradi. u nasta’liq, nash va shikasta xatlarini zo‘r mahorag ila bitgan. Qur’onni bir necha marotaba husnixatda ko‘chirgan va yoddan qiroat bilan o‘qigan. Zebunniso begim arab va fors tillari sarfu nahvini egallab, shu tillarda ham ijod qildi.
Zebunniso begim olnmlarga, shoirlarga va san’at ahllariga homiylik ko‘rsatib, ularga maosh to‘lab turgan. «Olami Islom» tazkirasidagi «Zebunniso begim otasi hukmdorlik bilan qozonolmagan shuhratni ilm ka odob bilan qozongan» jumlalari fikrimizni tasdiqlaydi.
Zebunniso begim bir qator shogirdpeshalarni ilm-ma’rifat, odob va g‘azaliyot bobida tarbiyalab, kamolotga yetkazgan, Sharqning mashhur shoiri Mirzo Abduqodir Bedil o‘z qizini Zebunniso begim tarbiyasiga topshirgan. Natijada u shoiralik darajasigacha yetishgan. «Muntaxab at-tavorix» va boshqa asarlardagi bayt Mirzo Bedil qiziga nisbat berilgan:

Yoram maro bahonayi tanho nishondu raft, 
Guftam, ki man g‘uboram, doman fishondu raft.


Mazmuni: Yorim meni yolg‘iz tashladi-yu, ketdi, hatto yo‘lingda g‘uboringman desam ham etagini qoqdi-yu ketdi.
1922 yilda chop etilgan «Kobul» jurnalining 10-sonida Zebunniso begim haqida shunday ma’lumot uchraydi: «Zebunniso begimning chiroyli bir devoni bo‘lgan.Yana tasavvuf falsafasiga oid «Munis ul-arvoh» asari ham bor. Tafsir sohasida 769 varaqli «Zeb at-tafsir» («Go‘zal tafsirlar)ni yozdi. Bundan tashqari ilohiyotga doir «Zeb an-nashaot» nomli asar yozib, uni ustozi xotirasiga bag‘ishladi. Hindiston musulmonlari orasida dasturulamal bo‘lib qolgan «Fatavoyi olamgiriy» («Shariat qonunlari majmuasi») asarini fors tiliga tarjima ham qildirdi». Ko‘rinib turibdiki, Zebunniso begim o‘z zamonasining oqila va zukko qizi, o‘sha muhitning barkamol ziyolisi edi.
U otasi shoh Avraigzeb Olamgirning yaqin maslahatchisi edi. Lekin Zebunniso begim maslahatlarining hammasi ham shohga ma’qul bo‘lavermagan. Ayniqsa, adolat va ma’rifat bo‘yicha bergai maslahatlari, erkin fikrlari shohga yoqmagan.
Zukko olima, hassos shoira bo‘lmish go‘zallar go‘zali Zebunniso begimga umr yo‘ldoshi bo‘lishni istagan kishilarning son-sanog‘i bo‘lmagan. Biroq, Zebunniso begim ularning hech birini o‘ziga munosib topmagan. Zero, Zebunniso begimga ilhaq bo‘lganlarning aksari shahzodalar, amirzodalar, bekzodalar va yirik mulkdorlar edi. O’z zamonasining shoirlaridan ham Zebunniso begimga yostiqdosh bo‘lishga orzumandlar ko‘p bo‘lgan.
Ko‘pgina tarixiy asarlarning guvohlik berishicha, Zebunniso begim yoshligida Oqilxon Roziy ismli shoirtabiat bir yigitga ko‘ngil qo‘yadi. Oqilxon Roziy ham Zebunniso begimga ishqiy misralar yo‘llab turgan. Shoh Avrangzeb oshiq-ma’shuqning maxfiy uchrashuvlaridan xabar topgach, ularni ta’qib ostiga oladi. Rivoyatlardan birida aytilishicha, kunlardan bir kun Zebunniso begim bilan Oqilxon Roziy bog‘da uchrashib turganlarida boqqa shoh Avrangzeb kirib keladi. Darhol oshiq-ma’shuqlar o‘zlarini panaga oladilar. Oqilxon shohning g‘azabidan cho‘chib, berkinish uchun biror panaroq joy izlaydi. Ittifoqo, bog‘ning bir chetidagi katta ziyofatlar uchun qazilgan yerda o‘choqqa o‘rnatilgan katta dosh qozon mis qopqog‘i bilan turardi. Oqilxon ana shu qozon ichiga tushib olib, ustidan qopqog‘ini yopib oladi. Albatta, uning bu shoshilinch harakati shoh Avrangzebning nazaridan chetda qolmaydi. Shoh Avrangzeb qizi Zebunniso begimga bog‘dan chiqib ketish haqida amr qilgach, to‘g‘ri yurib kelib, dosh qozon qopqog‘i ustiga chiqadi va bakovulni chaqirib, o‘choqqa olov yoqishni buyuradi. O’choqqa olov yoqilgach, qozon qiziydi. Qopqoq ostidan jizg‘anak hid bilan tutun chiqadi-yu, ammo hech qanday nido eshitilmaydi. Avrangzeb qopqoqdan tushib, bakovulga qozon qopqog‘ini ochishni buyuradi. Qopqoq ochilganda qozon ichida yarim qoraygan Oqilxonning jasadi ko‘rinadi...
Bengal klassik adabiyotining bilimdoni va hozirgi zamon bengal adabiy tilinn yaratuvchilaridan biri Bonkimchondor Chottopaddxayning (1838—1894) «Radj Singx» nomli tarixiy romanida Zebunniso begimning sevgan mahbubi Oqilxon Roziy — Muborak Ali nomn bilan talqin qilinadi. Muallifning hikoya qilishicha, Muborak Alining Zebunniso begimni yaxshi ko‘rishi va usiz yashay olmasligini o‘z og‘zidan eshitgan shoh Avrangzeb Muborak Alini ushlatib, maxsus jazoga mustahiq qiladi. Muborak Ali oldiga ko‘z oynakli ilon (kobra) solingan ikkita temir qafasni keltirib qo‘yadilar. Muborak Ali bu jazoning tartiblarini avvaldan bilardi. Chunonchi, bu dahshatli jazodan qutulishning chorasi yo‘qligiga ishonchi komil bo‘lgani tufayli, o‘limni bo‘yniga olib, darhol etikni yechib, oyog‘ini qafasga yaqinlashtpradi. G’azablangan ilon yashin tezligida oyoqni tishlaydi. Muborak Ali dahshatli og‘riqdan ingrab, jallodga boqadi. Jallod ilon zahrining zo‘rligidan yuzlari ko‘kara boshlagan Muborak Aliga qarab, ikkinchi qafasga ishora qiladi. Qoidaga muvofiq, birinchi qafasdagi ilon chaqqan oyoqni ikkinchi qafasdagi ilonga xam chaqdirish lozim edi. Bundan maqsad, birinchi qafasdagi ilon yaxshi chaqa olmagan bo‘lsa yoki yetarli darajada zahari bo‘lmagan bo‘lsa, ikkinchi qafasdagi ilon me’yoriga yetkazardi. Binobarin, Muborak Ali yaralangan oyog‘ini ikkinchi qafasga tegizadi. Shu lahzada ilon chaqib, hushdan ketadi va olamdan o‘tadi.
«Tazkirati shoiroti urdu»da naql qilinishicha, Oqilxon Roziyni qatl qilayottanlarida, u quyidagi g‘azalni o‘qigan ekan:

Ba’daz murdan zi jafoyi tu agar yod kunam, 
Az kafan dast berun oram va faryod kunam.


Mazmuni: Agar sening jafolaringni eslasam, o‘lganimdai keyin ham kafandan qo‘limni chiqarib, faryod chekaman.
Yuqoridagi rivoyatlardai ko‘rinib turibdiki, Zebunniso begimning har holda sevgan kishisi bo‘lgan. Ammo shoh Avrangzeb bu yigitni o‘ziga kuyov qilishdan or qilib, uning bo‘yniga tuhmat toshini osib, qatl qildirgan.
Oqilxonning o‘limidan so‘ng, Zebunniso begim qalbida yangi yor uchun o‘rin qolmaydi. U poyoniga yetmagan ishqny dostonini kuylab o‘tadi. Zebunniso begim kamtarlik ila o‘zi haqida quyidagi misrani yozgan:

Har matoero xaridor ast dar bozori husn, 
Pir shu-d Zebunniso o‘ro xaridore nashud.


Mazmuni: Husn bozorida har matoga bor xaridor, ammo Zebunniso qaridi-yu unga xaridor topilmadi.
«Olami Islom»da yozilishicha, eron shahzodalaridan biri Zebunniso begimning husn-latofatda tanholigini eshitib, uni g‘oyibona sevib qoladi. Uning firoqida kuyib, oshiqona g‘azallar yozib, ulardan bir misrani Zebunniso begimga yuboradi.

Turo, ey gulbadan, beparda didan orzudoram, 
Latofathoyi husnatro rasidan orzudoram.

Mazmuni: Ey gulbadan, seni pardasiz ko‘rish, husnu latofatlaringga yetishish orzusidaman.
Bunga Zebunniso begim quyidagi javobni yozadi:

Bulbul az gul biguzarad gar dar chaman binad maro, 
Vutparasti kay kunad gar baraxman binad maro? 

Dar suxan pinhon shudam monandi bo‘ dar bargi gul, 
Mayli didan harki dorad, dar suxan binad maro.

Mazmuni: Agar bulbul meni chamanda ko‘rsa, gul bahridan kechardi, agar barahman meni ko‘rib qolsa, butga sajda qilmasdi. Gul o‘z hidini yaproqlariga yashirganday, men ham so‘zda yashiringanman, kimning xohishi meii ko‘rmoq bo‘lsa, meni so‘zda ko‘rsin.
Bu bayt Zebunniso begimning Eron shahzodasiga mohirona bergan javobi edi.
«Hunar va mardum» (Eron) oynomasida hikoya qilinishicha, Avrangzeb Olamgirning yetti vaziri bo‘lib, shulardan biri Oqilxon Roziy edi. U yosh, sho‘x, yetuk suxandon, shoir tabiatli yigit bo‘lgan. Taqdir taqozosi bilan Zebunniso begim Oqilxon Roziyni yoqtirib qoladi. Nihoyat, har ikki dildor bir-birlari bilan maxfiy ravishda uchrashib, ahdu paymon qiladilar. Ammo shoh Avrangzeb qizi Zebunniso begimni uncha-muncha odamga ravo ko‘rmas, shahzodalaru, aslzodalardan kuyov qilishni niyat qilardi. Zebunniso begim bilan Oqilxon Roziy ko‘pincha bir-birlariga mushoira tarzida she’r yozishib, so‘zlashardilar. Ularning bir-birlariga ko‘ngil qo‘yganlari va maxfiy uchrashuvlari hasadchi va ig‘vogarlar nazaridan chetda qolmadi. Ular bu voqeani shoh Avrangzebga yetkazadilar. Shoh Avrangzeb avvaliga qattiq g‘azablanadi va Oqilxonga nisbatan jazo chorasini qo‘llashni o‘ylaydi. Biroq, xabarchilar keltirgan mish-mishdan boshqa qo‘lda amaliy dalil-isbot yo‘qligi tufayli, jazoni bir oz kechiktirishga qaror qiladi. Zero, bu sohada iyuh Avrangzeb uzoqni o‘ylab ish tutadi. Chunkn Oqilxonga beriladigan jazoning bir uchida o‘zining suyukli qizi Zebunniso turardi. Shuning uchun jazo berishda shoshilmasdan, avval ularning xatti-harakatlarini tekshirib ko‘rishga jazm qiladi hamda vazirlariga quyidagicha ko‘rsatma beradi: har bir vazir bir kecha-kunduz, ya’ni 24 soat davomida saroyda bo‘lishi kerak. Haftaning yetti kunini yetti vaziriga taqsimlaydi. Ushbu taqsimotda Oqilxonga ham bir kechayu kunduz saroyda saltanat ishlari bilan shug‘ullanishga farmon beradi. O’z-o‘zidan ma’lumki, Oqilxon navbatchilik qiladigan tunda Zebuniiso begim bilan Oqilxonning diydor ko‘rishmaklariga imkon tug‘ilardi. Ammo, shoh Avrangzeb o‘zining voqeanavislarini (josus) yig‘ib, shu bir hafta davomida kechasi-yu kunduzi Oqilxon Rozinnppg xatti-harakatidan voqif bo‘lishni hamda kim bilan nima haqda so‘zlashganini nazardai qochirmaslikni tayinlaydi.
Oqilxon Roziy fahm-farosatli, har ishning oqibatini o‘ylaydigan aqlli yigit edi. U navbatchilik shohga nima uchun zarur bo‘lib qolgani sababini farosat yuzasidan o‘ylab topadi. Ishning oqibati yaxshi bo‘lmasligiga ko‘zi yetgan Oqilxon o‘zini kasallikka solib, o‘sha kun va tun o‘z manzilidan tashqariga chiqmaydi. Zebunniso begim esa Oqilxon Roziyning navbatchilik kechasini zo‘r ishtiyoq va sabrsizlik bilan kutadi. Zero, o‘sha kecha mahbubining visolini ko‘rishga musharraf bo‘lishdan umidvor edi...
Zebunniso begimning hayot yo‘li afsonaviy voqealarga boy. Uning nasli ota tarafidan ham, ona tarafidan ham Bobur podshohga borib tutashadi. Demak, shoh qizi, boz ustiga aql va idrokda tengsiz, yuksak she’riy iste’dod sohibasi, nazm mulkining malikasi, malikalar ichra go‘zali... Zebunniso begim husnu latofat va malohatda benazir, fazilatda beqiyos bo‘lsa-da, o‘zining 63 yillik umri davomida o‘ziga munosib, hamdard yor topa olmadi. U 1702 yilda 63 yoshida Dehlida vafot etdi. Uni Dehlidagi «Zarzariy» qabristoniga dafn qilishgan.
«Olami Islom»da yozilishicha, Zebunniso begimning vafotiga bag‘ishlab, abjad hisobida quyidagi g‘azal bilan ta’rix yozganlar.

Oh, Zebunniso ba hukmi qazo nogahon az nigoh maxfiy shud. 
Manbai ilmu fazl va husnu jamol, Hamchu Yusuf bachoh Maxfiy shud. 
Soli ta’rix az hirad justam, guft hotif ki moh Maxfiy shud.


Mazmuni: Oh, Zebunniso, qazo hukmi bilan nogahon ko‘zdan yashirindi. Ilmu fazl va husnu latofat manbai Yusuf kabi chohga yashirindi. Ta’rix (vafot) yilini aqldan qidirdim, oy yashirindi deb g‘oyibdan ovoz keldi.
G’azalda «Zebunniso bu hukmi qazo» ta’rixi bo‘lib, arab alifbosida harflarning raqami 1132 ni tashkil qiladi. Unda «zeb» harflari— 19 dir, demak 1132dan 19 ni olib tashlansa, 1113 qoladi. Bu son hijriy yilda Zebunniso begimning vafot qilgan yilidir. Hijriy 1113 yilni milodiyga o‘girilsa — 1702 yil kelib chiqadi.
Quyida Zebunniso g‘azallaridan ikkitasini M. Muinzoda tarjimasida havola etamiz:

Zulfi halqa-halqa-u ko‘zi qaro bu yerdadur, 
Boqishi shafqatli-yu, nozik ado bu yerdadur, 

Kiprigi xanjar, karashma tig‘u ko‘z tashlash yashin, 
Gar shahid bo‘lmoqchi ersang, Karbalo bu yerdadur. 

Bersa ham jannatni aldanma, kishilar so‘ziga, 
Bir qadam mayxonadan jilmaki joy bu yerdadur.

Ka’baga bormoq na hojatdur, agar dil ovlasang, 
Behuda yo‘llar kezar bu xalqu, joy bu yerdadur. 

Husniga boshdin-oyoq boqqanda har bir nuqtadin, 
Dilni tortib har karashma, derki: joy bu yerdadur. 

Izladim bir-bir jahonda har necha bo‘lsa kitob, 
Ko‘rdimu xattingni dedim: muddao bu yerdadur. 

Istasang husning zakotiii berarga mustahiq, 
Kelki, bu Zebunniso yanglig‘ gado bu yerdadur.

* * *

Layli zotidan esamda, dilda Majnuncha havo, 
Toku tosh kezgum kelur, lekin yo‘lim to‘sgay hayo, 

Mendan o‘rgandi-yu bo‘ldi gulga bulbul hamnishin, 
Mengadur parvona ham shogirdu ishqimdur raso. 

Zohirimdur g‘ozarang, ammo nihonim qon erur, 
O’z ichida saqlagandek qip-qizil rangni xino. 

Baski qo‘ydim men falakning yelkasiga g‘am yukin, 
Kiydi motam to‘nini-yu, bo‘ldi qaddi ham duto. 

Shoh qizi bo‘lsam-da, qildim faqr yo‘lin ixtiyor, 
Bas menga bu zebu ziynat kim, otim Zebunniso.


Turg‘un Fayzievning “Temuriy malikalar” kitobidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.