OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdunabi Boyqo‘ziyev. Plastik operatsiya (hajviya)

Lug‘imbek qishlog‘idagi istirohat bog‘ida ijodiy uchrashuv belgilangan. O‘g‘limiz Dilyorjon, nabiram Javohir bilan yo‘lovchi mashinada Izboskanga otlandik. Hash-pash deguncha ulovimiz Angrendan o‘tib, dovonga o‘rmalay boshladi. Odatda bunday safarlarda, sergakroq ketish maqsadida haydovchilarning o‘zlari yo‘lovchilarni gapga tutishadi. Bu gal ham shunday bo‘ldi.
Haydovchi yigit so‘zamolgina ekan: gapimiz gapimizga qovusha qoldi. Suhbat mavzusi hayot mazmuniyu umrning o‘tkinchiligi, inson qadr-qimmati miyonasida aylanardi. Unga hamsuhbat bo‘lish uchun men ham gap berib boryapman:
— Yoshimiz ham, mana, oltmishni qoralayapti. Shu dovonlarda “Qaydasan, Andijon!”, “Qaydasan, Toshkent!” deb umrimiz o‘tyapti-da...
Nabiram Javohir bu gapimni “qarib, adoyi tamom bo‘lyapmiz”, degan ma’noda tushundi shekilli, mehribonlik ko‘rsatdi:
— Doda-doda, Toshkentga qaytsak, yuzingizni plastik operatsiya qildiramiz.
Zig‘irdekkina boladan bunday gap chiqishini kim kutibdi, deysiz. Hammamiz lol bo‘lib qoldik. Haydovchi yigit esa kulgudan o‘zini zo‘rg‘a to‘xtatib, hangomani davom ettirish ishtiyoqidami yoki bolaning plastik operatsiya haqidagi tasavvurini yanada oydinlashtirish niyatidami, Javohirni savolga tuta ketdi:
— Plastik operatsiya qildirsa nima bo‘ladi?
— Dodamni yashartirib qo‘yadi.
— Dodang yasharib qolsa nima bo‘ladi?
— Mazza qilib... birga o‘ynab yuramiz.
— Hozir ham birga o‘ynab ketyapsizlar-u?
— Bekinmachoq, quvlashmachoq o‘ynamaydilar-da.
— Bekinmachoq, quvlashmachoq o‘ynaylik, deb aytmagandirsan-da?
— Aytganim bilan Dodam yugurolmaydilaru. Govdalari ko-otta. O‘zim bilan baravar bo‘lib qolsa, tezda berkinib oladilar. Men qiynalib-qiynalib zo‘rg‘a topaman. Qaerga yashirinsalar ham baribir ko‘rinib qolaveradilar.
— Dodang yashirinayotganda ko‘zingni yumib, qaramay turgin-da.
— Dodam daraxtlardan ham yo‘g‘onu. Ko‘zimni yumsam ham qorni ko‘rinib qolaveradi.
— Unda, dodangni baland devorning orqasiga yashirib qo‘yib, keyin izlashing kerak ekan...
Suhbat shu yerga yetganda, daraxtning panasiga “radar” qo‘yib, poylab turgan DAN xodimining hushtagi yangradi. Inspektor qizil tayog‘i bilan mashinamiz to‘xtashi lozim bo‘lgan joyni ko‘rsatib turardi.
— E-eh, — xo‘rsindi haydovchi yigit, g‘aladonni titkilab, hujjatlarini olarkan va gapni yana hazilga buradi, — DAN xodimlarining daraxtlardan ingichkaligi chatoq-da. Gap bilan bo‘lib, tezlik oshib ketuvdi-da o‘zi. Ishtirapi ham dodangning qorniday katta bo‘ladi-da endi, bolam...
Haydovchi yigit inspektorning oldidan tezgina qaytdi. Yana yo‘lga tushdik. Endi uning besh daqiqa oldingi so‘zamolligiyu dilkashligidan asar ham qolmagan. Uning bu kayfiyatini DAN xodimi o‘zi bilan olib qolgan edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.