OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdunabi Boyqo‘ziyev. Qatralar

ERTAKDAN XULOSA

Odatda, kamon o‘qiga mash’ala ko‘tarib borayotgan odamlar ko‘proq nishon bo‘ladilar. Buning boisi, mash’ala tutganlarning qorong‘ulikdan yaxshi ko‘ringanlari uchun emas, aksincha, ularning mash’ala yorug‘idan narini yaxshi ko‘rmayotganliklari sabab, desak to‘g‘riroq.
Shunday ekan, insoniyat uchun yuragida yovuzlik o‘rnashgan kimsalarda rahm-shafqat tuyg‘usini uyg‘otishdan ko‘ra, mash’ala yorug‘ini kuchaytirish haqida ko‘proq qayg‘urish foydaliroq.

OZODBEK

Ozodlik hissi Abdulhamid Cho‘lponni shoir qildi, deb yozibdi atoqli adib Ibrohim G‘afurov. Ha, ozodlik sog‘inchi Cho‘lponni orzumand qildi. Orzulari esa ozodlikdan mahrum etib, mahbus qildi. Oxir-oqibat jonidan judo aylab, ozodlik timsoliga aylantirdi.
Istiqlol bois esa uning nomi hurriyat, erk, ozodlik tuyg‘ulari shamoilida qayta balqidi.
Cho‘lpon bu — ozodlik. Cho‘lpon endi — Ozodbek!

QIRG‘OQLAR

Dunyoda biron daryo yo‘qki, ikki qirg‘og‘i bo‘lmasa. Ikkala qirg‘oq ham suvning manziliga bardavom yetishida, aynan bizning xizmatimiz buyuk. Biz bo‘lmasak, daryo qayoqda, deb hisoblaydilar.
Aslida ham shundaymi?
Shunday, desa ham bo‘laverar... Biroq men bunday emas, degim keladi. Sababimi? Qirg‘oqlarni ham aslida yo‘l izlab, suvning o‘zi bino qilgan, desam nima deysiz!..

IRODA

Mashaqqat va kulfatlar inson irodasini doim ham bukib, sindirib tashlamagan. Aksincha, temirchi ma’danni olovda dog‘lab, bolg‘a va sandon orasida pishitib, po‘lat qilichga aylantirgani kabi, ijobiy natijalar ham bergan. Biroq hech bir davr «yashasin mashaqqat!» demagan. Yashasin inson irodasi, degan, deyavergan. Shuningdek, dunyo bino bo‘lgandan buyon yaratilgan jamiyki bitiklarning barchasi inson irodasi madhiyasiga qo‘yilgan navbatdagi g‘isht bo‘lib qolavergan.

SHUKRONA

Odam bolasining qaerda, qanday oilada dunyoga kelishi Yaratganning inon-ixtiyorida. Ajabki, men undoq joyda, bundoq odamlar orasida dunyoga kelmaganim uchun taqdirdan noroziman, degan inson deyarli uchramaydi.
Dunyoning qaysi burchida, kim bilan suhbatlashmang, men falon ma’voda tug‘ilganman, otam undoq fazilatli, onam bundoq xislatli kishilar, degan kalimalari boshqalar qalbiga nur, iliqlik baxsh etadi.
Sankt-Peterburgda o‘qiyotganimda dog‘istonlik Ramazon ismli do‘stim bilan qilgan suhbatim hech esdan chiqmaydi:
— Qishlog‘ingizda nimalar o‘sadi? — so‘radim bir kuni undan.
— Hech narsa!..
— Daraxt ham yo‘qmi?
— Hamma yoq tog‘-tosh...
— Hayvonlar nima yeydi?
— Giyoh o‘smaydigan joyda hayvon nima qilsin?!
— Qazilma boyliklaring ko‘pdir-da?
— Bilmayman, biron narsa ham qazib olishmaydi.
 — Unda, aholining tirikchiligi qanday o‘tadi?
— Hamma narsa tashib keltiriladi.
— Bunday joyda yashab nima qilasizlar? Biror yoqqa ko‘chib ketmaysizlarmi?
— Aqling joyidami?! Bu bizning Vatanimiz, axir!..
Qarang-a! Olloh bir millatini hech vaqo unmaydigan tap-taqir, toshlardan iborat hududda mehrli, shukurli, faxrli qilib yaratibdi.
Inglizlarning buyuk shoiri Bayron «Kim o‘z yurtini sevmasa, u hech nimani seva olmaydi», degan ekan.
Ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripovning bordiyu peshonamga muzliklar yozilgan bo‘lsa, mehrimni o‘sha muzliklarga bermasmidim, degan tavallosi mazmun-mohiyatini aynan o‘sha kuni chuqur his qildim.

TENTAKSOY

Qishlog‘imiz shimolrog‘idan ancha fe’lli-xo‘yli Tentaksoy oqib o‘tadi. Bahor keldi, deguncha, pishqirib, qirg‘oqlarini buzib, oqimini o‘zgartirishga harakat qilaveradi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, aholi uning nomi yoniga tentak so‘zini qo‘shgan.
Qish tugab, tog‘larda qor va muzlar eriy boshlasa, Tentaksoyning ham fe’li aynib, telba to‘nini teskari kiya boshlaydi. Mahalliy hukumat ehtimoliy ofatlarning oldini olish maqsadida, yuzlab transport vositalari, shu jumladan, tevarak atrof aholisini ham, Tentaksoyni mustahkamroq jilovlashga jalb etadi. Ha-ha bilan o‘zanlar tozalanib, qirg‘oqlar shag‘al, ulkan xarsangtoshlar bilan yanada balandroq, puxtaroq ihotalanadi.
Tentaksoy bo‘lsa, negadir tayyor eski o‘zanidan oqishni istamaydi. Boshini goh u yoqqa, goh bu yoqqa urib, beton, xarsang toshlardan tiklangan to‘siq-to‘g‘onlarni buzib yiqitib, oqizib ketaveradi. Bir yil o‘ngdan oqsa, boshqa yili o‘zanini o‘zgartirib, boshqa yokdan ayqirgisi keladi. Kimlardir uning o‘zi oqqisi kelgan yo‘ldan yo‘rg‘alashiga qarshi chiqaverishadi, chiqaverishadi.
Yashnab turgan bog‘larni, ko‘m-ko‘k bo‘lib, gullab turgan ekin maydonlarini yuvib, goho uy-joylarni yiqitib, jonivorlarni oqizib ketsa ham odamlar uni astoydil qarg‘amaydi. Soyning qilmishlari juda jondan o‘tgan kezlarda ham bir muddat «Bu tentakning fe’lini hech tushunib bo‘lmadi-bo‘lmadi-da», deb bir-birlariga gapirib yurishadi-yu, ko‘p o‘tmay, bahor oyoqlab, toshqinlar tingach, yana hech narsa bo‘lmaganday, odatiy turmush tashvishlariga sho‘ng‘ib ketaverishadi. «Tentaksoy qurib ketsin, to‘xtab, tinib qolsin», degan qarg‘ishni hali birov eshitmagan...

QARZ

Yaxshilar tuzini ko‘p ichdim. Mehru muruvvatlar ko‘rdim. Eh-he, eslaganim qanchayu, eslay olmaganim qancha. Ba’zan odamlardan ko‘rgan mehr-oqibatga loyiq yashay olmayotganingni his qilib, bu yaxshiliklarning hisob-kitobi qanday bo‘ladi, deb yurakni vahm bosadi...

DIL UYI

Imorat qanchalik hashamdor, mahobatli bo‘lmasin, uning sohiblari o‘zini, o‘zligini anglab yetmagan bo‘lsa, bunday bino soxti-salobati yon qo‘shnining uyidan o‘tmasingdanoq, haroratini yo‘qotadi. Uyni uy, yurtni yurt, davrni davr qiladigan ham shaxslardir. Shaxslar qo‘noq bo‘lsa, pastakkina kulbaning ham tomlari yuksalib ketadi.

TAASSUROT

Fikri-yodi uchragan odamda yaxshi taassurot qoldirish bo‘ldi. Biroq toshoyna o‘z oldidagi aksni qancha tez unutsa, odamlar xotirasi uni undan-da tez unutib yubordi.

MOZIY

Muzey – moziy. Bular aslida bir so‘z bo‘lishi kerak. Demak, muzeyni moziy deb yozaversak ham bo‘larkan?!

TONG...

Tundan qancha bezmaylik, tong baribir o‘z vaqtida otadi.
Ha, munavvar tong qaro tun bag‘rida tug‘iladi...

BILISH ILMI

Dunyoda nima ko‘p, ilm yo‘nalishi ko‘p. Ularning orasida bir ilm borki, undan ohanrabolisi, murakkabi bo‘lmasa kerak. Barcha ilmlarning negizi, u ijtimoiy bo‘ladimi yoki tabiiy, ruhiyatga doir bo‘ladimi yoki falsafaga, aylanib kelib shu ilm tomirlarida tutashaveradi. Bu insonni bilish, anglab yetish ilmidir.
 
XOTIRA

Eslab qolish qobiliyati odamzodning ulkan baxti. Biroq faromushxotirlik qusuriyati chandon baxtidir. Yo‘qsa yer yuzi Gina Kuduradistonga aylanib qolardi.

SO‘Z O‘RNI

Keyingi paytlarda “klassik” so‘zi o‘rniga “mumtoz” kalimasini qo‘llash taomilga kirdi. “Mumtoz” “klassik” ma’nosini berolmaydi. Atoqli adib Asqad Muxtorning “Tundaliklar”idagi “Faqat klassikagina munozarasiz qabul qilinadi. Biz esa klassik emasmiz...”, degan gapini eslaylik. Ana shu jumladagi klassik so‘zi o‘rniga mumtozni qo‘llab ko‘ring...

ISROF

Asqad Muxtor domla yana, “Odamlar gapirayotgan gaplarning taxminan yetmish, sakson foizi ortiqcha” deb yozgan edi. Bir tovushni talaffuz qilish uchun qanchadir energiya sarf bo‘lishi haqida ham gapirgan. Demak, ko‘p gapirish ham isrofgarchilik. Isrof esa gunoh. Demak, yozayoganimizda kimlardir kuch sarflab o‘qishlarini ham unutmasligimiz kerak!..
 
BOYLIK

Qanchalik ko‘p odam foydalansa, shunchalik ko‘payadigan yagona bir boylik bor. Bu tildir.

YAXSHILAR

Bir toifa odamlar bo‘ladi. Xudo ularni, faqat, ezgulik uchun yaratganmikin, deb o‘ylab qolasan. Uchrashib qolsang, “Sizga qanday yaxshilik qilsam ekan”, deb, ko‘zlari porlab turadi. Jilla qursa, biron gap topib ayta qolsaki, ko‘ngling tog‘day ko‘tarilib ketsa. Aslida, yaxshilik tuyg‘usi ham inson tabiati uchun ehtiyoj...
Ilohim, hammamizni yaxshilikka ehtiyojmand qilib yaratgan bo‘lsin!

UNUTMOQ

Bir akamiz bor, bot-bot “Bizni unutqonni unutmoq kerak...”. Bobur bobo shunday degan, deb qoladilar. Shunda Bobur bobo unutqonchalik unuta olamizmi, degan andisha xayolimdan o‘tadi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 19-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.