OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdunabi Haydarov. Kunlardan bir kuni va har kuni... (turkum)

Quyidagi voqealar, bir qarashda, onda-sonda uchraydigan tasodifiy hodisalarga o‘xshaydi. Aslida esa biz ularga har kuni, har qadamda duch kelamiz. Ishonmasangiz, marhamat, o‘qib ko‘ring, ehtimol, shundan keyin gapim rostligiga o‘zingiz ham tan berarsiz...

SALOM, DO‘STIM!.. XAYR, “DO‘STIM!..”

Ish vaqtim tugab, endigina uyga otlanayotgandim. Kutilmaganda telefon jiringlab qoldi. Erinibgina go‘щakni ko‘tardim. Narigi tomondan ovoz eshitildi:
— Salom, do‘stim! Qalaysiz, ahvollaringiz yaxshimi?..
— Rahmat, o‘zlaridan so‘rasak?
— Meni taniyapsizmi?..
Ovoz tanishdek edi. Ammo dabdurustdan kimniki ekanligini ajrata olmadim. Shunga qaramay, sir boy bergim kelmadi.
– Ha, bo‘lmasam-chi, – dedim shodon kayfiyatda. Keyin uni tilidan tutmoqchi bo‘ldim. – Faqat shu... Ismingizni sal eslolmay turibman.
– Ana, shunaqa-da! – Suhbatdoshim o‘pkalaganday bo‘lib, jim qoldi. Bir oz o‘tgach, jiddiy va tantanavor ohangda so‘z boshladi. – Menkim, e’lon qilinmagan xalqaro “Oltin kosa” mukofotining laureati “Jazava” ansamblining badiiy rahbari...
– E, bo‘ldi-bo‘ldi! Nahotki, bu sizsiz?.. – hayajonimni bosolmagan ko‘yi shosha-pisha so‘radim. – Eson-omon qutulib keldingizmi? Qachon chiqdingiz? Hozir qaerdan qo‘ng‘iroq qilayapsiz?..
– Kelganimga bir oydan oshdi. – Go‘shakdan chuqur xo‘rsiniq eshitildi. –  O‘tgan kuni bir ish bilan Toshkentga tushuvdim. Bugun qaytayapman. Hozir vokzaldaman. Qirq minutdan so‘ng poezdim jo‘naydi. Bekor turguncha bekor ishla deganlaridek, zerikkanimdan sizga telefon qilib turgan joyim. Yaxshiyamki, raqamlaringiz o‘zgarmagan ekan.
– Shoshmang, – dedim men uning so‘zini bo‘lib, – qolgan gaplarni keyin gaplashamiz. Bugun hech qaerga ketmaysiz. Biznikida qolasiz. Men bir zumda yetib boraman.
Suhbatdoshimning e’tirozlariga quloq solib o‘tirmadim. Go‘shakni qo‘ydimu, ko‘chaga otildim. Duch kelgan mashinaga o‘tirib, vokzal tomon borarkanman, talabalik yillarimni esladim.   
O‘sha kezlar naq olovning o‘zi edik. Yigirma yetti nafar kursdosh – yigirma yetti  olam edik. Barchamiz adabiyot va san’atga qattiq mehr qo‘ygandik. Oramizda bo‘lg‘usi yozuvchi-shoirlar, havaskor xonandalar ham bor edi. Shundanmi, hatto, o‘zimizcha ansambl tuzib olgandik. Bayram-o‘tirishlarda, paxta terimiga hasharga chiqqanimizda ashula aytib, she’rxonlik qilar, o‘z ko‘nglimizni o‘zimiz chog‘lab yurardik. “Repertuarimiz” asosan sho‘x qo‘shiqlardan, yer tepib o‘ynaladigan raqslardan iborat bo‘lgani bois ansamblimizga o‘zaro hazillashib, “Jazava” degan nom bergandik. Qo‘lga kiritgan “sovrin”imiz” ham o‘ziga xos bo‘lib, hali hech bir zamonda, hech bir joyda e’lon qilinmagan “xalqaro “Oltin kosa” mukofoti edi. Ko‘pincha davrani boshqarib borgani sababli boyagi do‘stimizni “badiiy rahbar” etib saylagandik...
Vaqti kelib, o‘qishniyam tugatdik. Hammamiz har yoqqa tarqab ketdik. Uyli-joyli, bola-chaqali bo‘ldik. Yurish-turishimizda, dunyoqarashimizda o‘ziga xos o‘zgarishlar bo‘ldi. Faqat bitta narsani unutmadik. Qachon, qaerda uchrashmaylik, doimo hazillashib, oltin davrimiznng beg‘ubor va bebaho yodgorligi “Jazava” ansamblidan so‘z boshlashga odatlandik. Biroq ko‘p o‘tmay sobiq “badiiy rahbarimiz”ga ko‘z tegdi. U sarxushligida mashina ruliga o‘tirib, falokat sodir qildi. O‘n gulidan biri ochilmagan yoshgina yigitning umriga zomin bo‘ldi. Oxir-oqibat sudlanib, uzoq muddatga qamalib ketdi. Mana, nihoyat, u jazoni o‘tab qaytibdi. Men shundan xursand edim...
Vokzalda ikkimiz quchoqlashib ko‘rishdik. Hayajonlarimizga erk berib, andakkina ko‘z yoshi ham qilib oldik. So‘ngra biznikiga ketdik.
Shu tun allapaytga qadar mijja qoqmadik. Do‘stim “u tomonlar”da boshidan kechirganlarini batafsil so‘zlab berdi. Asta-sekin gap oqovasi sobiq kursdoshlarimizga va bugunga kelib taqaldi.
– Bilasizmi, – dedi shunda u allanechuk o‘kinch bilan, – jazo muddatini o‘tash boshqa ekanu, ozodlikka chiqqach, yana odamlarga qo‘shilib ketish boshqa ekan. Bizga o‘xshaganlarga ko‘pchilik o‘gay nazar bilan qararkan. Hatto, qadrdon do‘st-birodarlaring ham o‘zini olib qocharkan.
– Yo‘g‘-e, nega unday deysiz? – Do‘stimning ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘ldim. – Hali qarab turing, hayotingiz avvalgidek iziga tushib ketadi.
– Bunga o‘zim ham ishonaman. Ammo... – U yana ma’yuslandi. – Bitta sirni aytaymi? – dedi ko‘zimga tik boqib. – Kecha ertalab sizni va siz ishlaydigan o‘sha binodagi boshqa tahririyatda Bosh muharrir o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi kursdoshimizni ko‘rib ketay deb, ishxonalaringizga boruvdim. Pastdan, qorovullar oldidan turib qo‘ng‘iroq qilsam, siz yo‘q ekansiz. “Kecha navbatchi bo‘lgan, kechroq keladi”, deyishdi. Do‘stimiz esa xonasida ekan. Men bilan telefonda gaplashishga gaplashdi-yu, loaqal nomiga bo‘lsin, “Yuqoriga chiqing” demadi. “Oldimda gazetaning ertangi sonida  bosiladigan bir uyum maqola turibdi, o‘qib tugatsam, o‘zim tushaman. Kuting!” dedi. Men kutdim. Yarim soat emas-bir soat emas, salkam uch soat kutdim. Nihoyat, u pastda paydo bo‘ldi. Men liftdan sal narida – keng dahliz burchagidagi divanda o‘tirgandim. Biroq u men tomonga qiyo ham boqmadi. O‘rtoqlari bilan gaplashib, go‘yoki meni ko‘rmaganday, hech qanaqa va’da bermaganday, o‘n-o‘n besh qadam naridan bamaylixotir o‘tdi-ketdi. Men o‘rnimdan turib, ko‘rishishga chog‘langan ko‘yim qolaverdim.
Do‘stim yana og‘ir tin oldi. Qo‘lidagi sigareta cho‘g‘iga tikilgan ko‘yi nimalarnidir eslagach, gapida davom etdi:
– Holbuki, o‘zingizning xabaringiz bor, talabaligimizda u men bilan bitta ijaraxonada yashagandi. Besh yil ichida ikkimiz xuddi aka-ukalardek qalin bo‘lib ketgandik. Topgan-tutganimizni o‘rtada teng bo‘lishardik. Kecha esa... – Shu yerga kelganda do‘stimning ovozi titrab ketdi. Ko‘zlari qisilib, mushti tugildi. Sigaretani ustma-ust tortib, quyuq tutun burqsitdi. – Kecha... – dedi tishlarini g‘ijirlatib, – Kecha u mendan or qildi, do‘stligimizdan yuz o‘girdi. Sababini tushunaman. Axir, u hozir kimsan, katta gazetada o‘rinbosar. Men-chi?.. Men jinoyatchiman, “o‘tirib” chiqqan odamman!
U shunday deya beixtiyor yig‘lab yubordi. Allamahalgacha o‘pkasini bosolmadi. Men bu safar uni yupatish uchun so‘z topolmadim. Mayli, ko‘nglini bo‘shatib olsin, degan xayolda sukut saqlab, jimgina o‘tiraverdim.
– Rosti, bugun sizni ham bir sinab ko‘rmoqchiydim. – Do‘stim sovib qolgan choydan ho‘plarkan, menga yuzlandi. – Xayriyat, siz yuz o‘girmadingiz, mendan jirkanmadingiz. Buni o‘la-o‘lgunimcha unutmayman. Rahmat, og‘ayni, ming marta rahmat!..
Ertasi ertalab do‘stimni o‘z yurtiga – Buxoroga kuzatib qo‘ydim.
O‘shandan buyon oradan o‘n yildan ortiqroq vaqt o‘tdi. U endi hayotini batamom tiklab olgan. Oila qurib, farzandlar orttirgan. Zamona zayliga boqib, ukalari bilan hamkorlikda xususiy firma ochgan. Ishi yurishib, ancha boyib ketgan. Mol olib ketish uchun ikki-uch haftada bir bor Toshkentga kelib ketadi. Har gal bizning ishxonamizga ham kirib o‘tadi. Faqat...
Faqat mening oldimga emas, bir vaqtlar o‘zi bilan ko‘rishishdan or qilgan kursdoshimizning oldiga keladi. Shuncha yo‘ldan kelib, beshinchi qavatga ko‘tarilgan odam negadir yettinchi qavatga chiqishga, xonamga yo‘l-yo‘lakay bosh suqishga erinadi.
Men uning kelib-ketganini orqavarotdan, hamon Bosh muharrir o‘rinbosari vazifasila ishlayotgan kursdoshimizdan eshitib qolaman. U do‘stimiz kelganda menga xabar bermaydi, ketgandan so‘ng esa maqtanishga tushadi. “Sobiq hamxonamning ishlari rosa avjida. Daromadi zo‘r. Uncha-muncha pulning betiga qaramaydi. O‘tgan kuni ikki-uch o‘rtog‘im bilan meni restoranda obdon mehmon qildi”.
Boshqa safar yana og‘zidan bol tomadi: “Falonchi o‘g‘lining qo‘lini halollamoqchi ekan, taklifnoma tashlab ketdi. To‘yiga anavi mashhur xonandani obormoqchi ekan. Shartta yo‘lini topdim. Arzonroqqa xizmat qilsin deb, o‘sha artist haqida gazetamizda maqola chiqartirvordim. Keyin to‘yga o‘zim boshlab bordim. Evaziga hamxonam menga to‘n kiydirdi. Qoyilmisiz!..”
Men qoyil qolaman. San’atkorning olis bir tumanga borib kontsert berganiga emas, muovin kursdoshimning “talanti”ga tan beraman. Keyin chuqur o‘yga tolaman. Ko‘z o‘ngimga hozir o‘z qishlog‘ida “nomer birinchi boy”ga aylangan kursdoshimni emas, negadir kechagina qamoqdan qaytib, xonamda bevafo hamxonasidan noligancha yig‘lab o‘tirgan kursdoshimni keltiraman. Uning iztirob to‘la so‘zlarini eslayman:
– Ba’zi odamlar nega bunaqa-a! Oshig‘ing olchi bo‘lgan shodon paytlaringda nima uchun senga do‘st tutinadilar-u, boshingga ish tushganida nega o‘zlarini olib qochadilar?..
Ajab, bir zamonlar bu so‘zlarni alam bilan aytgan kursdoshim endilikda boyib ketgan do‘stimga mutlaqo o‘xshamaydi. Harchand urinmay, ularni bir-biriga tenglashtirolmayman. Ikkisining orasida juda katta farq ko‘raman. So‘ngra o‘zim bilmagan holda ohista pichirlayman:
– Salom, do‘stim, topganing yaxshi kunlaringga buyursin!.. Xayr, “do‘stim”, har kim so‘zida, lafzida tursin!..


MUYULISHDA

Bu voqeaga 20 yildan oshdi, ammo hali-hanuz yodimdan chiqmaydi...
Avji yoz edi. Tong saharlab xizmat safariga otlangandim. Yangi “LAZ” salqin-musaffo havo bag‘rini o‘qdek tilib, katta yo‘ldan shiddat-la olg‘a intilardi. Men avtobus oynasidan tashqariga boqqancha, yotog‘idan erinibgina bosh ko‘tarayotgan oftobni, asta-sekin zarrin nurlarga chulg‘anayotgan borliqni tomosha qilib borardim. Yo‘lning ikki tarafi keta-ketguncha dala bo‘lib, ahyon-ahyonda yon-atrofdan paykal oralab g‘o‘za chilpiyotgan ayollaru, paxtaga ishlov berayotgan traktorlar ko‘zga tashlanib qolardi. Bu manzaralar menga mushtdayligimdan yaxshi tanish bo‘lsa-da, negadir keng paxtazorlardan hadeganda ko‘z uzolmasdim...
Bir mahal xayolim bo‘lindi. Avtobus Oqqo‘rg‘on muyulishiga yetganda taqa-taq to‘xtadi. Oq-sariqqa moyil yuzlari yaltiragan, sochlari siyraklashgan barvasta qomatli haydovchi motorni o‘chirib, ikkala eshikni ham lang ocharkan, e’lon qildi:
– Besh minut perekur! Keyin dalshe ketamiz!..
U shunday deya, yo‘lkira yig‘ishga mo‘ljallangan sumkachasi bilan kerakli hujjatlarni qo‘liga oldi. Kabinadan pastga chaqqon sakrab tushib, mashina g‘ildiraklarini bir-ikki tepib ko‘rdi-da, sal naridagi ko‘rimsizgina nozimxona tomon yurdi. Xuddi shu payt avtobusga oldingi eshikdan ozg‘in, novcha bo‘yli bir odam bilan yetti-sakkiz yoshlar chamasidagi nimjongina qizaloq chiqa boshladi.
Bir qarashda angladim – ular ota-bola tilanchilar edi. Aft-angorlari, ust-boshlari, yurish-turishlari shundan dalolat berib turardi. Ayniqsa, qizchaning ko‘rinishi aftodahol edi. Qayta-qayta yuvilaverganidan rangi uniqib, gullari bilinmay ketgan kuylagi kir-chir, etaklari yirtilgan. Tuflisining uchlari ko‘chgan. To‘zg‘in malla sochlariga yaqin orada taroq tegmagan. Saraton quyoshida qoraygan yuz-qo‘llari taram-taram yorilgan. Chamamda, ko‘zlari ojiz bo‘lsa kerak, bir nuqtada qotib qolgan, kipriklari qilt etmasdi.
Erkakning ahvoli ham qizchanikidan avlo emasdi. Egnida askarlarning tashlandiq kiyimi. Oyog‘ida qo‘nji kesilgan eski kirza etik. Boshida iyig‘i chiqqan kepka. Soch-soqolli o‘siqligidan yoshi nechadaligini bilib bo‘lmaydi. Moviy ko‘zlarining chetlarini xilim bosgan. Boqishlari allanechuk sovuq va luzumsiz.
Ota-bolani o‘zimcha tilanchilarga yo‘yib yanglishmagan ekanman. Ular zinapoyadan ko‘tarilar-ko‘tarilmas, avtobus ichida do‘rillagan ovoz yangradi:
– Ey, yaxshi odamlar! Ey, saxiy insonlar! – Erkak tilanchi o‘z tilida hasratini ayta ketdi. – Men dardmanman, ishlashga qurbim yetmaydi. Iltimos, yordam bering. – U shunday deya, yon tomoniga engashdi. – Hech bo‘lmasa, manavi chala yetimchaga rahmingiz kelsin, – dedi qizchaga imo qilib. – Uning ko‘zlari chaqaloqligidan yaxshi ko‘rmaydi, quloqlari  eshitmaydi. Xudo omadingizni bersin, yo‘llaringiz bexatar bo‘lsin, bizdan ehsoningizni ayamang, xayr-sadaqa qiling! – U so‘zini tugatayotib, “Yur!” deganday, bolasini ohista turtib qo‘ydi.  
Qizaloq olg‘a qadam tashlashi asnosi kaftlarini juftlashtirgan holda qo‘llarini ko‘kragi baravar ko‘tarib, oldinga cho‘zdi. Rangpar lablari bilinar-bilinmas titrab, allanimalarni pichirlay boshladi. Otasi esa bo‘g‘iq, iltijoli ohangda tag‘in boyagi gaplarini takrorlashga kirishdi:
– Ochimizdan o‘lmaylik, bizdan mehr-muruvvatingizni darig‘ tutmang, iltimos, yaxshilar!..
Shubhasiz, bu holat yo‘lovchilar ko‘nglini shamdek eritdi. Qizaloqqa kimdir tanga, kimdir qog‘oz pul uzatdi. O‘rtaroqda o‘tirgan bolali bir ayol yelim xaltasidan tandir non chiqarib, uning qo‘liga tutqazdi. El qatori men ham cho‘ntagimni kavladim...
Ota-bola orqa eshikka yaqinlashganlarida haydovchi qaytib keldi-yu, ularni ko‘rib, birdaniga baqira ketdi:
– Hov, isqirt! Kecha men senga nima devdim, esingdan chiqdimi?.. Qani, bo‘l tez, pastga tush!..
Ochig‘i, qorako‘z, qoraqosh, miqti gavdasidan kuch yog‘ilib turgan haydovchidan bunday qo‘pollikni kutmagandim. Shu bois chiday olmadim, uni insofga chaqirmoqchi bo‘ldim.
– Aka, bu bechoralarga nega do‘q urasiz? Ahvollarini ko‘rib turibsiz-ku...
– E, siz jim o‘tiring, uka! – Haydovchi so‘zimni cho‘rt kesib, keskin qo‘l siltadi. – Nima qilasiz bilmagan narsangizga aralashib? – dedi zarda aralash. – Bu piyanistaning kimligi shu o‘rtadagilarga otning qashqasidek ma’lum. O‘z bolasining nogironligidan foydalanib kun ko‘rishdan or qilmagan odam birovning yaxshiligini tushunarmidi? Qaytaga tuzingizni yeb, tuzlig‘ingizga tupuradi. – Haydovchi gapining davomini aytib o‘tirmadi. Turgan joyida bo‘yinini cho‘zib, yana ota-bolaga o‘shqirdi. – O‘v-v, bo‘lasanlarmi-yo‘qmi yoki sanlarni o‘zim...
U jahl ustida yo‘lovchilarni oralab, orqaga o‘tdi. So‘kina-so‘kina ota-bolani avtobusdan tushirib yuborgach, shahd bilan borib rulga o‘tirdi. Yelkasi osha menga oshig‘ich qarab nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, indamadi. Soatiga birrov nazar soldi-da, motorni o‘t oldirdi.
Zum o‘tmay avtobus tekis yo‘ldan yelib ketdi. Terak bo‘yi ko‘tarilib qolgan quyosh boyagidek mayin jilmayib boqar, dalalar tobora zarrin nurlarga chulg‘anar borar, yon-atrofda hayot qaynardi. Ammo mening avvalgi kayfiyatimdan asar ham qolmagandi. Manzilga yetguncha ota-bolaga achinib, haydovchini xayolan ayblab bordim.
...Qaytishda boshqa avtobusga o‘tirdim. Bu vaqtga kelib oftob sariq barkashdek bo‘lib G‘arbga yonboshlagan, biroq hali tafti qaytmagandi. Avtobus ichi hammomdek isib ketganidan nafasni bo‘g‘ib, odamni lohas qilar, yo‘lovchilarning yuz-ko‘zlaridan sharros ter quyilardi.
Xayriyat, tanish muyulishga yetganimizda bu haydovchi ham besh daqiqalik “tanaffus” e’lon qildi. Ko‘pchilik tusha solib, o‘zini yo‘l chetidagi daraxtlar soyasiga urdi. Tashnalikka chidamaganlari pivo va suv sotiladigan do‘koncha sari shoshildi. Men ham ularga ergashdim. Ilibroq qolgan gazli suvdan bir stakanini dast ko‘tarib chanqog‘imni qondirganday bo‘ldimu, qo‘llarimni chayib olish maqsadida do‘koncha ortidagi ariq bo‘yiga o‘tdim. Ayni shu lahza qulog‘imga ingrashga o‘xshash ovoz chalindi. Ilkis hushyor tortib, atrofga razm soldim.
Qarasam, pivo bochkalari turgan joyda bir odam yuz tuban tushib yotibdi. Ust-boshi chang, hamma yog‘iga xas-xashak ilashgan. Qo‘nji kesilgan etigining bir poyi oyog‘idan tushib qolgan. Chap qo‘lida g‘ijimlangan kepka, ikkinchisida vinodan bo‘shagan shisha. Har zamon-har zamonda yotgan joyida bezovta qimirlab, g‘udranib qo‘yadi. Sal narida esa rangpar, nimjongina qizaloq. Tolga suyangancha, pashshaga talanib o‘tiribdi. U ko‘zlarini yumib olib xayol surayaptimi yoki uxlab qolganmi – dabdurustdan farqiga borolmadim. Qizaloq tez-tez qaboqlarini uchirib, beixtiyor tamshanib qo‘yardi...
Bular ertalab o‘zim ko‘rgan ota-bola tilanchilar edi.
Ulardan yuz o‘girib, ortimga burilarkanman, quloqlarim ostida allanechuk zardali ovoz yangraganday bo‘ldi:
– Siz nimaniyam bilardingiz, uka! Men kunda-shunda bu piyanistani yaxshi taniyman. Bolasining nogironligidan foydalanib kun ko‘radigan odam ham odammi?..


“XOLTO‘RA ARALASHMASIN”

Boshliq ertalab ishga keliboq, kasaba uyushma qo‘mitasi raisini huzuriga chorladi.
– Xo‘sh, – dedi salom-alikdan so‘ng muddaoga o‘tib, – kasb bayramimizga tayyorgarlik qanday borayapti?
– Yomon emas, xo‘jayin, – qo‘mita raisi bir boshidan batafsil hisobot berishga kirishdi. – Bayramni, o‘zingiz bilan kelishib olganimizdek, shahrimizdagi eng mashhur “Marhamat” restoranida nishonlamoqchimiz. Bu haqda restoran direktoriga xat yozib, pulini oldindan o‘tkazib berdik. San’atkorlarni ham tunov kuni zakaz qilib qo‘yganmiz. Bundan tashqari, qo‘shma majlisimiz qaroriga ko‘ra, mukofotlanadiganlar ro‘yxatini tuzib chiqdik. Marhamat, malol kelmasa, o‘zingiz ko‘ring: mana bunisi tadbirlar rejasi, bunisi ilg‘orlarimizning ism-shariflari...
Qo‘mita raisi besh-olti varaq qog‘ozni oynadek yaltiroq keng stol ustiga qo‘ydi. Boshliq ularni ovoz chiqarmay, sinchkovlik bilan o‘qib chiqdi. Oxirida qoniqish hosil qildi, shekilli, mamnun qiyofada bosh irQadi.
– Ma’qul! – dedi odatdagidek bosiqlik bilan. – Bularni menda qoldiring, hali yana bir karra tanishib chiqaman. Iloji bo‘lsa, bugunoq imzo chekaman. – U gapim tamom deganday, qog‘ozlarni bir chetga surib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Biroq qo‘mita raisi eshik ochib, endigina ostona hatlayotganida, uni bir zumga to‘xtatdi. – Ha, darvoqe, ogohlantirib qo‘yay, bu safargi meropriyatimizga zinhor-bazinhor Xolto‘ra aralashmasin. Harqalay, bayramimizda yuqori va qo‘shni tashkilotlardan ham mehmonlar  qatnashadilar. Yana ularning oldida o‘tgan galgidek uyalib qolmaylik.
– Xo‘p bo‘ladi, xo‘jayin!
Qo‘mita raisi boshliq qabulidan chiqib, keng dahlizdan ohista odimlab borarkan, xayolga toldi: “Obbo, bu yog‘i chatoq bo‘ldi-ku... Demak, kollektivimizning ikki oy burungi xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlangan o‘tirishida Xolto‘raning kayfi oshib qolib, andakkina “hunar” ko‘rsatgani xo‘jayinning esida chiqmagan ekan-da. Mana, oqibati...”
U o‘z xonasiga kirib, oromkursiga og‘ir cho‘kkach, yana o‘ylashda davom etdi: “Aslida-ku, Xolto‘ra yomon bola emas, tillo yigit. To‘g‘riso‘z, halol xodimlardan. O‘z ishiniyam, jamoat topshiriqlariniyam vijdonan bajaradi. Mana, masalan, keyingi haftaga mo‘ljallangan tadbirimizni uyushtirish uchun ushyumamiz a’zosi sifatida eng ko‘p yelib-yugurayotgan ham shu Xolto‘ra. Faqat... Faqat ichkilikni ko‘tara olmasligi yomon-da. Me’yoridan salgina oshdimi, tamom, sarxush bo‘lib olib, hech kimga gap bermay qo‘yadi. Gohida yo‘q yerdan g‘avg‘o chiqaradi”.
Qo‘mita raisi chuqur xo‘rsindi. Piyolada sovib qolgan choyni faromush holda simirib, nafas rostlagach, tag‘in xayol sura boshladi. “Xo‘p, mayli, o‘tgan ishga salovat! – dedi o‘ziga o‘zi. – Lekin endi-chi, endi nima qilaman? Boshliqnning gapini Xolto‘raga qanday yetkazaman? “Yaqindan bergan yordaming uchun rahmat, ammo o‘tgan safar ko‘rsatgan karomating uchun xo‘jayin sendan ranjigan ekan, bayram tadbirida qatnashishingni istamayapti”, deymanmi? Bordi-yu, indamay qo‘ya qolsam-chi?.. E, yo‘q, unda yana bo‘lmaydi, biror gap-so‘z chiqsa, xo‘jayindan naq baloga qolaman...”
U kun bo‘yi ming bir mulohaza-yu istiholaga bordi. Axiyri, kechqurun ko‘p yillik qadrdoni – direktor o‘rinbosarining oldiga kirdi. Dardini aytib, maslahat so‘radi. To‘g‘ri qilgan ekan, o‘rinbosar sixni ham, kabobni ham kuydirmaslikning yo‘lini topib, uning joniga aro kirdi. Xolto‘ra aynan bayram kuni navbatchilikka qo‘yiladigan bo‘ldi.
Kecha risoladagidek o‘tdi. Rasmiy yig‘ilish bazmi jamshidga ulanib ketdi. O‘yin-kulgi avjiga chiqdi. Hamma rosa yayrab-yashnadi.
Ayollar va yosh-yalanglar tarqalib, alohida bezatilgan dasturxon atrofida asosan erkaklar qolgach, boshliq tadbir tashkilotchilariga birma-bir minnatdorchilik bildirdi. Keyin u yoq-bu yoqqa besaranjom alanglab, kutilmaganda so‘rab qoldi:
– Kechirasizlar, bugungi tantanamizda negadir eng faol xodimlarimizdan Xolto‘ra ko‘rinmayapti, tinchlikmi?
Bu savolni eshitib, kasaba uyushma qo‘mitasi raisi avvaliga hayron bo‘ldi. Keyin “Ehtimol, bergan topshirig‘i boshlig‘imizning yodidan ko‘tarilgandir” degan taxminda “sir”ni ochib, “axborot” berdi:
– Endi, xo‘jayin, o‘zingizdan qolar gap yo‘q, – dedi shirakayf ko‘zlarini suzib, – sizning har bir gapingiz biz uchun qonun! Tak chto, men aytganingizdek qildim. Muoviningiz ikkalamiz o‘zaro kelishib, Xolto‘rani bugun atay navbatchilikka qo‘ydik...
– Nega? – Boshliq ajablanib, qo‘mita raisining gapini bo‘ldi. – Men sizga yaqin-orada Xolto‘ra to‘g‘risida biron-bir gap aytmovdim shekilli.
– Yo‘g‘-e, hazillashmang, xo‘jayin, – qo‘mita raisi bo‘sh kelmadi. – Axir, o‘tgan hafta kabinetingizda yakkama-yakka suhbatlashganimizda, “Bu meropriyatiega Xolto‘ra aralashmasin!” devdingiz-ku!..
U “Endi esladingizmi, gapim to‘g‘rimi?” deganday ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi. Boshliq gugurt cho‘pi bilan tishini kavlagancha, xayolga toldi. Bir ozdan keyin nimanidir eslaganday bo‘ldi. Eslagani sayin ko‘zlari qisilib, yuziga tabassum yoyila bordi.
– Hov, menga qarang, o‘rtoq profkom! – dedi nihoyat dilidagini tiliga chiqarib. – Men sizga xodimimiz Xolto‘ra to‘g‘risida gapirmovdim,  ishga xaltura aralashmasin degandim, xolos. Siz... Siz bo‘lsangiz...
Boshliq gapini tugatolmadi. O‘zini tutolmay bexosdan baralla xoxolab  yubordi. Zum o‘tmay gap nimadaligini boshqalar ham anglab yetishdi. Davrada bamisoli portlash ro‘y bergandek, qattiq kulgi yangradi.
Ajab, shu tobda hamma qotib-qotib kular, restoran binosi shodon qiyqiriqlardan larzaga kelar, uyalganidan nima qilarini bilmay talmovsirab qolgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi esa hamon xatosini tan olgisi kelmay, zo‘r berib nuqul bir gapni takrorlardi:
–  Menda nima gunoh?.. Men axir... Men axir topshiriqni bajardim... Bor-yo‘q gunohim shumi?..


QAY BIRINI OTAM DESIN?..

Bu maktub tahririyatimizga kunda-kunaro keladigan shikoyatlardan emasdi. Bil’aks, to‘shakda dard bilan olishib yotgan bemorning dil hasratlari edi. Yanayam aniqrog‘i, allaqachonoq  oshini oshagan, yoshini yashagan qariyaning o‘z dilbandi ustidan bitgan arz-dodi edi. Shundanmi, har satri dil iztiroblari  ila yo‘g‘rilgandi.
“Hurmatli muharrir! – deb boshlanardi xat. – Men butun umrimni xalq baxt-saodati yo‘lida sarfladim. Eng qaltis-tahlikali damlarda el osoyishtaligini qo‘riqlashdek mas’ul vazifalarda ishladim. Xizmatlarim evaziga qator mukofotlar bilan taqdirlandim... Hozir yoshim sakson uchda. Azbaroyi keksalik, quloqlarim og‘irlashgan, ko‘zlarim xiralashgan. Ustiga ustak, bedavo xastalikka yo‘liqqanman. O‘rnimdan turolmaydigan bo‘lib qolganman. Ammo mening faqat jismimda emas, qalbimda ham og‘ir dard bor. Buning sababchisi – o‘g‘lim, o‘z pushti kamarimdan bo‘lgan yolg‘iz farzandim. U mendan xabar olmaydi. Hozirgi kampirimga uylanibmanki, biror marta “Holing qalay?” deb, ko‘ngil so‘ramaydi. Loaqal nevara-evaralarimni yaqinimga yo‘latmaydi. Ularning diydoriga to‘ygani qo‘ymaydi.
Qisqasi, ko‘zimning oqu qorasi mendan butunlay voz kechgan. Yorug‘ dunyoda bor-yo‘qligimni unutib yuborgan. Balki, siz uni hali hayotning past-balandini bilmaydigan, inson qadr-qimmatini tushunmaydigan bo‘z yigit, deb o‘ylarsiz. Yo‘q, aslo!.. O‘g‘lim payg‘ambar yoshini qoralab qo‘ygan. Kasbi – pedagog. Salkam qirq yildan buyon til-adabiyot fanidan saboq beradi. Shahrimizdagi eng yirik maktablardan biriga rahbarlik qiladi...
Sizlardan iltimos, bag‘ritosh o‘g‘limni topib, bir suhbatlashsangizlar. Unga har kun-har lahza yo‘llariga intiq otasi tirikligini eslatib qo‘ysangizlar. Zora, shunda xatosini tushunsa, zora shunda meni yo‘qlab eshigimdan kirib kelsa...
Umid bilan  Tovboy TO‘XTAYeV”.

Yashirishdan na foyda?.. Maktubni o‘qib, otaxonga astoydil achindim. Uni shu ko‘ylarga solgan, zor-zor yig‘latgan o‘g‘ildan qattiq ranjidim. Axir, u qanday battol, qanday nobakor farzandki, o‘zini dunyoga keltirgan, tarbiyalab voyaga yetkazgan otasidan tonsa, og‘ir kunlarida koriga yaramasa?.. Axir, u qanday tili boshqa-yu dili boshqa ziyoliki, yoshlarga odob-axloqdan dars bersa, uzzukun insof-diyonatdan va’z o‘qisa-yu, o‘zi insoniylik sinovidan o‘tolmasa?.. Tavba, odam shunchalik tuban ketadimi? O‘qituvchi deganlari ham shunchalik munofiq, shunchalik ikkiyuzlamachi bo‘ladimi?..
Yana kim bilsin, ehtimol, men yanglishayotgandirman. Ehtimol, qars ikki qo‘ldan chiqishini hisobga olmay, biryoqlama fikrlayotgandirman. Balki gap boshqa yoqdadir. Balki o‘rtada men bilmagan qandaydir sir bordir.
Ana shunday qarama-qarshi xayollar og‘ushida yo‘lga otlandim. Tongsaharlab poytaxt markazidagi ko‘pqavatli uydagi xonadonlardan birining eshigini qoqdim. Ko‘rinishidan xushfe’lgina, istarasi issiq, oltmish yoshlar chamasidagi ayol istiqbolimga peshvoz chiqdi:
– Keling, bolam, keling. Qani, ichkariga marhamat!
O‘zimni tanishtirdimu, ortiqcha mulozamat kutmay, ostona hatladim. Torgina dahliz. Nimqorong‘i, chog‘roqqina xona. Lekin chor-atrof saranjom-sarishta. Yerda cho‘g‘day gilam. O‘ng tomonda ustiga kimxob jild qoplangan divan-kursilar. So‘l tarafda chet el servanti. Tokchalariga chinni-billur idishlar did bilan terib qo‘yilgan. Derazalarga harir pardalar ilingan. Burchakda rangli televizor. To‘rdagi karavotda esa bemor. Bir burdagina bo‘lib, behol-behud yotibdi. Kirdi-chiqdiga ishi yo‘q. Go‘yo yashashdan bezgandek, hamma narsaga beparvo. Yonoqlari bo‘rtib chiqqan. Ajindor yuzlari so‘lg‘in. Ich-ichiga cho‘kkan horg‘in ko‘zlarida bir olam g‘am-anduh. Og‘riq xurujidan dam-badam bezovtalanadi. O‘qtin-o‘qtin chuqur nafas olib, kalta-kalta yo‘talib qo‘yadi. Har to‘lg‘anganida ayoli hozirjavoblik ko‘rsatadi. Uning bemajol, qoqsuyak qo‘llarini silab-siypalaydi, uvishgan oyoqlarini uqalaydi. Yostig‘ini to‘g‘rilab, qaqroq lablariga choy tutadi.   
Anchadan keyin chol o‘ziga keldi. Kampiridan mening kimligimni eshitgach, ko‘zlariga nur indi. Ko‘p o‘tmay gap gapga qovushdi. Otaxon hasrat daftarini ochdi. Ranj-alamlar gina-kuduratlarga ulandi. Dil armonlari ko‘z yoshlariga aylandi.
O‘zining aytishicha, u o‘ttiz besh yil ichki ishlar idoralarida xizmat qilgan. Jinoyatchi-qonunbuzarlarga qarshi kurashda beqiyos jasoratlar ko‘rsatgan. Ana, isboti – allazamonlar egnidan yechgan, endilikda uniqib, ohori to‘kilgan harbiy libosida o‘nga yaqin orden-medal yarqirab turibdi. O‘sha kezlar u chaqqon-dovyurak, kelishgan, alpqomat yigit bo‘lgan. Buni xona to‘riga ilig‘lik suratidan ham bilish mumkin. Unda jiddiy qiyofali, o‘ktam nigohli, shopmo‘ylovli kishi qat’iyat bilan boqib turibdi.
– Ikki-uch yilcha burun o‘g‘lim birrov keldi, – xayolimni cholning o‘kinchli ovozi bo‘ldi. – Keldi-yu, bor-budimizni shilib ketdi noinsof. Hatto, ishlatib yurgan choynak-piyolamizni, eski ko‘rpa-to‘shagimizu buzuq televizorimizniyam qoldirmadi nokas...
Bu “yangilik”dan  hayratim battar oshdi. “Eshitganlarim rostmi?” degan ma’noda yer ostidan kampirga nazar tashladim. U ohista bosh qimirlatdi-da, negadir ko‘zlarini chetga olib qochdi. So‘ngra ildam o‘rnidan qo‘zg‘alib, oshxona sari yurdi. Men tag‘in-da hazin-ma’yus o‘ylarga toldim: “Nahotki, kap-katta odam shunchalik pastkashlik qilsa?  Keksalarni yolg‘izlatib qo‘ygani yetmaganday, buyumlarini-da tashmalab ketsa? Nahotki, ota qarg‘ishi  xudo qarg‘ishiga tengligini bilmasa?..”
...Alqissa, mavridi yetib, malomatga uchragan farzand bilan uchrashdim. Ismi Boir ekan. Otasi aytganidek, maktab direktori ekan. Gap-so‘zlariga, o‘zini tutishiga qaraganda, bama’ni, kamtar-kamsuqum kishiga o‘xshaydi. Boqishlari muloyim, fikrlari ma’nodor. Har so‘zini mulohaza bilan, chertib-chertib gapiradi. Taassufki, men hali-hanuz otaxonning iddaolari ta’sirida edim. Xayolimda “Odamning olasi ichida” degan aqida hukmron edi. Shu bois sir boy bergim kelmadi. Fursat poylab, shikoyat xatini uning oldiga surdim.
Boir aka, otasining ism-sharifiga ko‘zi tushar-tushmas, ilkis hushyor tortdi. Peshonasi tirishib, qovoqlari uyuldi. Kiprik qoqmay, maktubni o‘qishga tutindi. Bora-bora boyagi muloyimligidan asar ham qolmadi. Qaddi bukchayib, ko‘z o‘ngimda batamom boshqa odamga aylandi. O‘rtaga zil-zambildek sukunat cho‘kdi.
– Shu yoshimda yolg‘on gapirsam, menga yarashmas, – dedi u anchadan so‘ng siniq kayfiyatda. – Qolaversa, haqiqatni yashirib, oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi. Bu odam, – Boir aka shahodat barmog‘ini bigiz misoli qog‘ozga nuqidi, – chindanam mening otam. Ammo, nima desangiz, deng, qanday tushunsangiz, shunday  tushuning,  uni ota deyishga sira tilim bormaydi. O‘zini ko‘rishni ham, uyiga borishni ham jinim suymaydi. Diydiyolarini tinglashga sabrim chidamaydi. – Oxirgi so‘zlarni aytayotib, suhbatdoshimning tovushi titrab ketdi.
– Nega? – ajablandim men.
– O‘-o‘, buning tarixi uzun! – U lablarini qimtib, boshini sarak-sarak chayqadi. – Yaxshisi, siz so‘ramang, men aytmay...
Baribir, o‘z holiga qo‘ymadim. Boir aka dil yorishga majbur bo‘ldi. Butun umriga tatigulik cho‘ng armonini to‘kib soldi. Boshidan kechirganlarini batafsil so‘zlab berdi. Bilsam, Tovboy ota uni va onasi Ruxsat xolani bundan oltmish yil muqaddam tashlab ketgan ekan. Sababi oddiygina: Ruxsat xolaning ikkinchi bolasi chala va o‘lik tug‘iladi. O‘zi ayollarga xos xastalikka chalinadi. Eri uni davolatish o‘rniga ta’na toshlari otadi. “Menga kasalmand, chillashir xotin kerakmas”, deb, haydab yuboradi. Atak-chechak qilib yura boshlagan o‘g‘lidan ham yuz o‘giradi. Shu-shu ularga qiyo boqmaydi. Chunki u mahallar ayni kuch-quvvatga to‘lgan, oshig‘i olchi navqiron yigit edi. Bir qo‘lida nagan, ikkinchisida pul o‘ynardi. Gah, desa, har qanday qiz-juvonni ham kiftiga qo‘ndirardi.
Zero, urush tufayli tul qolgan yoki eri hali frontdan qaytmagan ayrim besabr ayollarni domiga ilintirdi.  Xo‘p aysh-ishrat surdi. Shu zayl necha yillar harom-xarish hayot kechirdi. Alalxusus, qilmishiga yarashasini topdi. Xotin olib-xotin qo‘ysa-da, boshqa farzand ko‘rmadi – bitta tirnoqqa zor bo‘ldi.
Ruxsat xola esa yolg‘izginasining haqqi-hurmati hammasiga chidadi. Tirikchilik azoblariga ham, bevalik iztiroblariga ham ko‘nikdi. Vaqti kelib, sog‘ayib ketdi. Dardli-alamli kunlarining birida Hikmatilla ismli saxiyqalb insonga ro‘baro‘ bo‘ldi. Yulduzi yulduziga to‘g‘ri kelib, u bilan turmush qurdi.
O‘shanda Boir tishlari kemshikkina bola edi. Dastlab o‘gay otaga elikisha olmadi – ko‘p yotsiradi. Hikmatilla aka, aksincha, dili o‘ksik norasidani begonasiratmadi. Undan qalb qo‘rini darig‘ tutmadi.  Ona bir, ota bo‘lak o‘g‘il-qizlari qatori ko‘rdi. Ustini but, ko‘nglini to‘q holda o‘stirdi. O‘qitib, uyli-joyli qildi. Shu tariqa mehrdan mehr yaraldi, sadoqatdan sadoqat tug‘ildi. Boir Hikmatilla akani  chin ota deb bildi.
– Men hayotda nimagaki erishgan bo‘lsam, –  deydi u o‘tgan kunlarni xotirlab, – bari uchun, avvalo, mushtipar-mushfiq onamdan, sag‘irligimni yuzimga solmay voyaga yetkazgan ikkinchi otamdan behad minnatdorman. Ularning ruhi-poklari oldida hamisha ta’zimdaman. Biroq, ko‘rib turibsiz, og‘zim oshga yetganida burnim qonayapti. Shuncha vaqt quduqqa tushgan ignadek badar ketgan otam yetti-sakkiz yildan beri tinchimni buzayapti. Hali u-hali bu idoraga ustimdan tinmay shikoyat yo‘llayapti.  Tomirlarimda qoni oqayotganini pesh qilib, mendan farzandlik burchimni oqlashni talab etayapti...
Gurungimiz shu yerga yetganda Boir aka entikib gapira olmay qoldi. Men nima qilarimni bilmay, indamay o‘tiraverdim. U piyoladagi sovuq choydan ho‘plab, hovurini bosib olgach, so‘zida davom etdi:
– Ochig‘i, otam ilk bor yo‘qlaganida, ikki o‘t orasida qolganday gangidim. Birda yig‘lab, birda quvondim. Axiyri, shaytonga hay berdim. “O‘tgan ishga – salavot!” deb,  huzuriga oshiqdim. Tanholigini ko‘rib, yurak-yurakdan achindim. Minnat emas, bor gap: o‘zim sovchi bo‘lib borib, siz ko‘rgan ayolga uylantirib qo‘ydim. Saksonga to‘lganida,  elga osh tarqatdim. Manavi xatda yozilgan eski lash-lushlarini chiqarib tashlab, uy jihozlarini boshdan-oyoq yangilab berdim. Evaziga-chi?.. Rahmat emas, haqorat eshitdim. Otam mening ham o‘zimga yarasha ish-tashvishim, uy-ro‘zg‘orim borligi bilan hisoblashmaydi. Nuqul oqibatsizlikda ayblaydi. Og‘zidan bodi kirib, shodi chiqadi. Bitmagan yaramga tuz sepadi... Bilaman, hozir unga qiyin, juda qiyin. Mashoyixlar “Qarilik – qayg‘u”, deb bejiz aytishmagan. Keksa odam, qo‘yib bersangiz, qilga ham qoqiladi. Yolg‘iz yo‘lovchiga manzil olis tuyuladi. Bolalilar bosh, bolasizlar yosh bo‘ladi. Yana deng, otamni og‘ir dard jonidan to‘ydirib yuborgan. Shundanmi, mudom yonida bo‘lishimni istayapti. Ma’naviy-ruhiy dalda kutayapti. Ammo men nima qilay? Unga nisbatan mehrim iymasa, yuragimdagi armon muzi erimasa, nima qilay? Bundan keyin ham, mayli, otamga pul-buyum kerak bo‘lsa, beraman, mol-davlat kerak bo‘lsa, beraman. Faqat bitta narsani – mehrimni bera olmayman. Bu ishga o‘zimni o‘zim zo‘rlay olmayman. Hoynahoy, endi gap nimadaligini tushungandirsiz, uka?!.  
Men-ku, tushundim. Lekin Tovboy ota-chi? U tushunarmikin? “O‘zingdan o‘tgan ayb, qaerga borsang – hayb”ligini eslarmikin? Boshiga tushgan savdolar yoshlikdagi nojoiz qilmishlari oqibati ekanligini tan olarmikin? Bolani tug‘dirish boshqa-yu o‘stirish boshqaligini anglarmikin?
Albatta, bu bilan men otaxonni qoralamoqchi emasman. Harqalay, odamzod farishta emas – xom sut emgan banda. Umri davomida ko‘p adashishi, xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yishi tayin. Qolaversa, buni hayot deydilar. “Oshsiz uy bor, janjalsiz uy yo‘q”, deydilar. Kezi kelganda, sevib-sevilib turmush qurganlar orasiga ham sovuqchilik tushishi, eru xotin bir-birini ko‘rishga ko‘zi, otishga o‘qi yo‘q g‘animlarga aylanishi mumkin. Bunday vaziyatlarda hech kim birovni “Ko‘z ochib ko‘rganing bilan umrbod birga yashashing shart!” deb majburlay olmaydi. Har kim suygan oshini ichadi. Lekin bu istagan paytingda ko‘ngling mayliga yuraver, burgaga achchiq qilib bemalol ko‘rpa kuydiraver degani emas. Negaki, har qanday holatdayam o‘ntaning yor-yori bo‘lguncha bittaning vafodori bo‘lgan ma’qul. Aks holda, hammasi sarobga aylanadi. Xatoning yo‘ldoshi jazo bo‘lib chiqadi. Kimki nima eksa, shuni o‘radi. Er-xotin ikki qutb tomon ketsa, oila zavol topadi. Qismat chorrahasida muhabbat chirqirab qoladi. O‘zaro qadr-qimmat yo‘qoladi. Eng achinarlisi, tirik yetimlar ko‘payadi, murg‘ak qalblar ozor chekadi. Ularning dardiga malham topib bo‘lmaydi. Haqiqiy ota-ona o‘rnini hech vaqt hech narsa bosolmaydi.   
Masalaga shu nuqtai nazardan yondoshsak, Boir akani tushunsa bo‘ladi. Axir, tutunning achchig‘ini olov lovullagan mo‘ri biladi. Tovboy ota esa uzoq yillar bolasi borligini o‘ylamagan, zurriyotining taqdiri ne kechganiga qiziqmagan. Boshi toshga tekkanda, to‘ridan go‘ri yaqin qolgandagina uni daraklagan.
Afsuski, endi kech, juda kech! Chunki mehr-muhabbat so‘rab olinmaydi. Muruvvat tuyg‘usi inson qalbiga zo‘rlik bilan singdirilmaydi. Mehrni faqat qozonish mumkin! Bunday saodatga erishish uchun esa, avvalo, mehrga tashna kimsaning o‘zida mehr bo‘lishi kerak!
Adashmasam, Tovboy otada xuddi shu xislat yetishmagan. El-ulus osoyishtaligini qo‘riqlagan odam o‘z oila qo‘rg‘onini asray bilmagan. Mana, bugun jabrini tortayapti. Xor tutganiga zor bo‘layapti.
Xo‘sh, siz-chi, siz nima deysiz, hurmatli mushtariy? Ehtimol, odamgarchilik yuzasidan Boir aka otasini kechirishi lozimdir. Ehtimol, keksaligi va xastaligini nazarda tutib, uning ahvolidan xabardor bo‘lib turishi shartdir.
Bu yog‘i tanho uning o‘ziga, qalb amriga havola. Bizni esa o‘zga savol qiziqtiradi: hech jahonda bir farzandning ikkita otasi bo‘lishi mumkinmi? Mumkin bo‘lmasa, Boir aka qanday yo‘l tutsin? O‘ziga turlicha qismatni ravo ko‘rgan ikki insondan qay birini haqiqiy otam desin? Qay biriga ka’bam deb sig‘insin?..


“O‘G‘LIM, SEN BORSANU NEGA YO‘QDAYSAN?..”

Ko‘pincha shunaqa bo‘ladi: katta janjal mayda gapdan boshlanadi, juz’iy xato katta fojialarga doyalik qiladi. Uning asorati ba’zan butun umrga tatiydi. Jabrini esa, aybdorlar ham, begunohlar ham bap-baravar tortishadi.
Yana bilmadim, balki men yanglishayotgandirman, balki bir oz keskin xulosa chiqarayotgandirman. Lekin turli paytlarda tahririyatimizga najot istab kelgan uch taqdir sohibining quyidagi mushtarak dil hasratlarini tinglaganimda, xayolimni negadir shu o‘ylar tark etmadi.
Keling, yaxshisi, siz ham ularning arzi-hollariga quloq tuting, keyin birgalashib fikr yuritarmiz.

Birinchi suhbat:
Bolasi o‘lganning bag‘ri kuyar, bolasizning-chi?..

Men Toshkentda yashayman, durustgina lavozimda ishlayman. Mahalla-ko‘yda ham, ishxonamda ham hurmat-e’tiborim joyida. Iqtisodiy jihatdan noliydigan yerim yo‘q. Negaki, yeganim oldimda, yemaganim ortimda. Dang‘illama uchastkam, shahar tashqarisida dala-hovlim bor. Tagimda bir emas, ikkita “inomarka”. Hammasi o‘z pulimga kelgan, halol mehnatim evaziga bunyod bo‘lgan. Qisqasi, sirtdan qaraganda, men boy-badavlat, baxtiyor odamman. Aslida-chi?..
Odamzodning tole-iqboli, baxt-saodati, ba’zi birovlar o‘ylaganidek, faqat moddiy farovonlik, mol-dunyo bilan o‘lchanmas ekan. U tugal baxt egasi bo‘lishi uchun oila qurishi, farzandlar ko‘rishi ham kerak ekan. Ming afsus, bu borada taqdir meni o‘ksitdi, juda qattiq o‘ksitdi. Holbuki, mahallamizning eng go‘zal, eng xushro‘y qiziga uylanganman, tagli-tugli xonadonga kuyov bo‘lganman. Ammo, yillar o‘tsa-da, o‘rtada farzand bo‘lmadi. Uyimizda go‘dak yig‘isi, bola kulgisi eshitilmadi. Xotinim beshik quchoqlab, chaqaloq belamadi. Bu naqadar achchiq qismat, naqadar buyuk armon  ekanligini men kabi bittagina tirnoqqa zor bo‘lganlar, zurriyot deya ohi ko‘kka yetganlar biladi.
Albatta, avval-boshda biz unchalik tushkunlikka tushmadik. Umid bilan, ishonch bilan kutdik. Oz emas-ko‘p emas, o‘n besh yil kutdik. Baribir, orzumiz ushalmadi. So‘ng o‘zimizni do‘xtiru tabiblarga qaratdik. Shunda achchiq bir haqiqat ayon bo‘ldi. Bilsam, hamma ayb menda ekan! Pushtim kuyib ketgan, mendan farzand bo‘lmas ekan!..
Nachora?!. Bir oqshom xotinimning ko‘ngliga qo‘l soldim. “Men tufayli sen ham dunyodan armon bilan o‘tma... Hali ham kech emas, balki baxtingni toparsan, ajrashaylik”, dedim. U ko‘nmadi. “Men azaldan sizni deganman, bundan keyin ham sizni deyman. Neki bo‘lsa, peshonamdan ko‘raman”, dedi. Taklifimdan ranjib, necha kunlar yum-yum yig‘ladi.
Mavridi kelib, muqim qarorga keldik. Ota-onasi noma’lum ikki oylik chaqaloqni asrab oldik. Unga Umidjon deya ism qo‘ydik. U bilan andarmon bo‘ldik, u bilan ovundik. Emaklaganda-yurganda, bir suyundik, “aya”laganda, “dada”laganda, ikki suyundik. Mudom mehrimizni ayamadik, atrofida girdikapalak bo‘ldik. Mudom asrab-avayladik, oq yuvib-oq taradik.
Qiziq, xudo urganni payg‘ambar hassasi bilan turtmasa, nima qilarkin-a? Taqdir mening yarim-yorti baxtimni ham ko‘p ko‘rdi. Bunga boshqalar emas, o‘z umr yo‘ldoshim, ha-ha, ishonavering, o‘z yostiqdoshim sababchi bo‘ldi...
O‘tgan yilning erta bahori, shanba kuni edi. Maktabdan qaytgan Umidjon o‘rtoqlari bilan ko‘chada o‘ynab yurgandi. Men uyda televizor ko‘rayotgandim. Bir mahal sigareta chekkim keldi. Chiqib oshxonadan gugurt olmoqchi bo‘ldim. Dahlizdan o‘tayotib, oshxonada allakim bilan telefonda gaplashayotgan xotinimning ovozi qulog‘imga chalindi. U suhbatdoshiga “Ey, nimasini aytasiz, shu bepusht erim bo‘lmaganda, men ham bola tug‘ardim, allaqachonlar o‘g‘il uylantirib, qiz chiqarardim”, dedi.
Ha-ha, aniq eshitdim, aynan shunday dedi. Turgan joyimda qotib qoldim: nahotki, eshitganlarim rost bo‘lsa?!. Nahotki, shu so‘zlar bir vaqtlar meni degan, meni deb taqdiriga tan bergan ayolimning og‘zidan chiqayotgan bo‘lsa?!. Axir, men uni zo‘rlab-majburlab yoki yalinib-yolvorib ushlab turganim yo‘q-ku. Vaqtida ixtiyori o‘zida ekanligini aytganman-ku. Demak, uning ahdu paymonlari yolg‘on ekan-da. Demak, faqat rahmi kelgani, achingani uchungina men bilan 25 yildan buyon yashab kelayotgan ekan-da. Demak...
Oriyat – o‘limdan qattiq! Xonaga qay holatda bostirib kirganimni, telefonni qanday uloqtirib yuborganimni bilmayman, ammo alam-iztirob bilan bor ovozda o‘dag‘aylaganim esimda:
– Hozir nima deding?.. Nima deding, yana bir qaytar!
 Shu topda xotinimning “Eshitganlaringiz yolg‘on!” deyishini, loaqal “Bilmay og‘zimdan chiqib ketibdi”, deya ko‘nglim uchun mendan uzr so‘rashini juda-juda istagandim. Yo‘q, kutganimdek bo‘lmadi. U bamaylixotir o‘rnidan qo‘zg‘aldi-da, ko‘zlarimga birinchi bor tik boqdi.
– Ha, nima, – dedi keyin yetti yot begonalardek sovuqqonlik bilan qoshlarini chimirib, – pushtingiz kuyib ketgani yolg‘onmi, bor haqiqat-ku!
Tamom-vassalom! Mana shu ikki og‘iz so‘z nomusimni yerga urdi, bu yorug‘ dunyodagi so‘nggi ilinjimdan ham ayirdi. Eng go‘zal, eng mehribon turmushdoshim ko‘zimga o‘ta xunuk, o‘ta berahm ko‘rinib ketdi. Tun bo‘yi mijja qoqmadim. Erkak boshim bilan yig‘ladim, baxtsizligimdan nolib-nolib, alamimdan o‘ksib-o‘ksib yig‘ladim.
Shu-shu xotinimdan ham, uyimdan ham ko‘nglim sovidi. Bora-bora ikkimiz arzimagan bahonada tez-tez janjallashishga, sal gapga arazlashishga odatlandik. Oxir-oqibat darz ketgan ko‘ngil oynasini butlab bo‘lmasligiga ko‘zimiz yetdi. Ajrashadigan bo‘lib, sudga ariza berdik. U yerdagilar avvaliga bizni murosaga chaqirishdi. Yana bir karra o‘ylab ko‘rishimiz uchun muhlat berishdi. Qarorimiz qat’iyligini bilishgach, ishimizni qayta-qayta ko‘rishdi. Lekin hanuzgacha tayinli to‘xtamga kela olishmadi. Sababi – men har safar Umidjonni xotinim tug‘maganini eslataman, uni o‘zimda qoldirishlarini so‘rayman. Evaziga bor mol-mulkimdan voz kechishga tayyorligimni ta’kidlayman. O‘z navbatida, yostiqdoshim ham bo‘sh kelmaydi. “Tug‘ish azobini tortmagan bo‘lsam ham, baribir, onaman, baribir, ayolman. Bola men bilan bo‘lishi shart!” deydi.
Mana, men dil dardimni dasturxon qildim, andakkina bo‘lsa-da, ko‘nglimni yozdim. Endi xolisona ayting-chi, bizning qay birimiz haqmiz? Umidjon kimniki bo‘lishi kerak – menikimi yoki xotinimniki?..

Ikkinchi suhbat:
O‘z bolamni o‘zim sotib olaymi?..

Men o‘n sakkiz yoshimda turmush qurdim. Ketma-ket yetti o‘g‘il ko‘rdim. Shundan beshtasi ko‘z o‘ngimda – sog‘-salomat. Bittasi go‘dakligidayoq nobud bo‘lgan. Eng kenjam esa...
Xudoga shukur, u ham tirik. Hozir olti oylik. Borlikka boru, ammo men uchun go‘yo yo‘qdek. Shoir aytimoqchi, kul ostida qolgan cho‘g‘dek. Chunki bag‘rimda emas, birovning qo‘lida. Men uni tuqqanimdan buyon qaytib ololmayman, bir lahza bo‘lsin, ko‘ksimga bosolmayman. O‘zim kesgan ugra oshni o‘zim icholmayman, xatolarimdan voz kecholmayman.
“Nega?” deysizmi, unda men bir boshidan aytay, siz quloq tuting. Zora, shunda dardim bir oz yengillashsa, zora, orzu-armonim ushalsa...
Biz qishloqda yashaymiz. Erim oddiy traktorchi. Og‘ir mehnatdan qochmaydi. Lekin oylab maosh olmaydi. Shunday esa-da, eski “pat-pat”ini tashlamaydi. Qaytaga tomorqadan topganini ham uni tuzatishga sarflaydi.
Surpaqoqdimga yukli bo‘lgan kezlarim edi. Katta-kichik bolalarim hovlida o‘zlari bilan o‘zlari andarmon edi. Bir mahal xamir qorib, non yopay deb sandiqni ochsam, un tugul urvoq ham qolmabdi. Erimga aytgandim, pinak ham buzmadi. Odatdagidek “Pul yo‘q!” dedi-yu, indamay quruq choyini ichib o‘tiraverdi. Uning boqibeg‘amligidan zardam qaynab ketdi.
– Siz ham mundoq boshqalarga o‘xshab pul topsangiz-chi. Tokaygacha shu sharti ketib, parti qolgan shaloq aravangizga yopishib olasiz? – dedim o‘zimni bosolmay.
– O‘chir ovozingni! – Erim birdan tutaqib ketdi. – Menga birovlarni misol keltirma,  – dedi ko‘zlarini chaqchaytirib. – Boshqa ish qo‘limdan kelmaydi, bo‘lganim shu, tushundingmi?
Jahl kelganda, aql ketadi. Men erimni tushunadigan holatda emasdim.
– Ho, – dedim past tushmay, – qatorlashtirib bola qumaloqlatishni bilasizu, boqishni bilmaysizmi? Yana quturgan tuyadek pishqirganingizga o‘laymi?
– Yo‘qol! – Erim o‘rnidan sapchib turayotib, xontaxtani zarb bilan mushtladi. Dasturxondagi choynak ag‘darilib, ichidagi issiq choy tizzasiga toma boshlaganiga parvo ham qilmadi. – Ko‘zimga ko‘rinma, manjalaqi! – U ikkinchi bor xontaxtaga musht urdi-da, chap qo‘lidagi piyolani qulochkashlab devorga qarab otdi. – Mani topganimga qanoat qilmasang, ana, katta  ko‘cha! – dedi og‘zidan ko‘pik sachratib. – Bolalaringni o‘zing boqib olaver, – dedi qo‘shni xonaga ishora qilib, – boqolmasang, detdomga topshir. Faqat meni tinch qo‘y, tushundingmi, he padaringga la’nat, ahmoq!..
Uning oxirgi gapi jon-jonimdan o‘tib ketdi. Shu zahotiyoq xun-xun yig‘lab, otamnikiga arazlab ketdim. Bolalarimni sog‘insam ham, uyga qaytmadim. O‘zimcha erimdan o‘ch olmoqchi bo‘ldim.
Ikki haftadan keyin tug‘uruqxonaga tushdim. Bu safar ham suqsurday o‘g‘il tug‘dim. Ammo erim birrov xabar olmadi. Ustiga ustak, orqavarotdan “O‘ziniyam, churvaqasiniyam ko‘rarga ko‘zim yo‘q” degan gapni aytib yuboribdi. Battar jahlim qo‘zidi. Bunisiyam mayli, achchiq ustida katta xatoga yo‘l qo‘ydim. Oqibatini o‘ylamay-netmay chaqalog‘imni uch-to‘rt qishloq narida yashovchi xolamning keliniga berib yubordim. Chunki u bo‘lamga tekkaniga o‘n yildan oshganiga qaramay, tug‘magandi. Men og‘iroyoq bo‘lgan paytlarim eri uni qo‘yib yubormoqchi bo‘lib yurgandi. Ko‘zim yoriganini eshitib, el qatori meni ko‘rgani keldi. Gap orasida dardini aytib, zor-zor qaqshadi. “Turmushim buzilib ketmasin, iltimos, yanga, shu bolangizni menga bering. Uni men boqib olay, zora, irim-jirimi joyiga tushib, bo‘yimda bo‘lsa...” deya yalinib turib oldi. Axiyri, niyatiga yetdi. Tug‘uruqxonadan chiqishim arafasida notanish kishilar bilan birga o‘zi to‘g‘rilab kelgan allaqanday qog‘ozlarga qo‘l qo‘ydirib, o‘g‘limni  olib ketdi.
Men otamnikiga yolg‘iz qaytdim. Bo‘lgan voqeadan ogoh topgan erim o‘sha kuniyoq meni oldiga solib uyga olib bordi. Ostona hatlab ichkariga kirayotganimda, “Ahmoq, burgaga achchiq qilib, ko‘rpa kuydirgan kaltafahm. Bu kuningdan battar bo‘l, sharmanda!” dedi-yu, boshqa so‘z qotmadi.
Farzand o‘nta bo‘lsa ham har birining o‘rni boshqa ekan. Men ayriliqqa bor-yo‘g‘i uch kun chidadim. To‘rtinchi kuni tongsaharlab erimga yolvordim. “Sutlarim oqib ketayapti. Jon, dadasi, yuring, o‘g‘limizni olib kelaylik”, dedim. Erim ham shu gapni kutib yurgan ekan shekilli, darhol oldimga tushib, yo‘l boshladi.
Bo‘lam muddaomizni anglab, xomush tortsa-da, qarshilik bildirmadi.
– Endi, nimayam qilardik, zorimiz boru, zo‘rimiz yo‘q. Go‘dak sizlarniki, ana, kelganidan buyon big‘illab yig‘lab yotibdi bechora, olib ketaveringlar, – dedi.
Biroq xotini qaysarlik qildi.
– Men bolani qonuniylashtirib olganman. Qayga borsangiz-boring, qaytarib olishga haqingiz yo‘q! – deya oyoq tirab turib oldi. Xolam boyaqishning nasihatlari-yu, erining do‘q-po‘pisalariga ham, mening yig‘i-iltijolarimga ham quloq osmadi. Keyingi borishimizda esa, oldimizga bitta shart qo‘ydi: “Naqd yigirma million so‘m pul topib keling, marhamat, chaqaloq o‘zlariningniki bo‘ladi”, dedi.
Voajab, bu qanday gap, qanday andishasizlik? Bu qanday bolafurushlik? Endi bir kamim o‘z bolamni o‘zim sotib olamanmi? Birovga qilmoqchi bo‘lgan yaxshiligim evaziga yomonlik ko‘ramanmi? Onaga bundan ortiq ko‘rgulik, bundan ortiq azob bormi?..
Turgan gap, boshqa ilojimiz qolmagach, sudga murojaat etdik. Shungayam yarim yildan oshayapti. Lekin qonunshunoslar ishni ko‘rishni cho‘zgandan-cho‘zishayapti. Bu orada men ichikib, adoi tamom bo‘ldim. Necha bor kasal bo‘lib, yotib qoldim.
Sizlardan iltimos, shu ishga bosh qo‘shsangizlar, o‘g‘limni tezroq qaytarib olishimga yordam bersangizlar. Axir, qachongacha bolamni sog‘inib, unga intiq bo‘lib yashayman...

Uchinchi suhbat:

Tirnoqni etdan ajratib bo‘ladimi?..
Men asli qishloq qiziman, dehqon farzandiman. Maktabni tugatib, poytaxtdagi oliy o‘quv yurtlaridan biriga hujjat topshirdim. Omadim chopib, talaba bo‘ldim. Yana deng, shu yerda sevgimni – baxtimni topdim. O‘zim bilan bir viloyatdan kelgan, ota mehriga to‘ymay o‘sgan kursdoshimga ko‘ngil qo‘ydim. Birinchi kursligimizdayoq to‘yimiz bo‘lib o‘tdi. O‘n oyga borar-bormas, o‘g‘ilchalik ham bo‘ldik. U bir yoshga to‘lganda qaynonam Toshkentga bordi. Ikki haftacha ijaraxonamizda biz bilan birga yashadi. Talabalarga mos, musofirlarga xos hayotimiz bilan tanishib, ichi achidi. “Sizlar hozircha faqat ilm olish payida bo‘linglar, ungacha nevaramni o‘zim boqib turaman”, dedi.
Noroziligimga qaramay, norasida go‘dagimni o‘z shahriga olib ketdi. Ko‘nikmay ilojim qancha? Biz vaqti-vaqti bilan ham qaynonamdan, ham o‘g‘limizdan xabar olib turdik. Uch ko‘klamu uch qishimiz shu alfozda kechdi.
Institutni bitirgach, tabiiyki, qaynonam qoshida yashay boshladik. Dastlab turmushimiz binoyidekkina edi. Hovlimiz viloyat markazining qoq o‘rtasida joylashgandi. Er-xotin kunduzi ishga qatnardik. Qaynonam o‘g‘ilchamizga qarardi. Kechqurun bir dasturxon atrofida jam bo‘lardik. Bolamni birimiz qo‘yib, birimiz suyardik.
Afsus, tinch-totuvligimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Qishloq joyga kelin bo‘lib tushgan qaynopam turmushi buzilib, qaytib keldi-yu, shirin oshimizga og‘u aralashdi. U negadir alamini mendan olishga kirishdi. O‘tirsam o‘poq, tursam so‘poq, dedi. Uzzukun yurish-turishimdan, qilgan-qilmagan ishimdan nuqson axtardi.
Avvaliga indamadim, tishimni tishimga bosib, hammasiga chidadim. “Insofga kelib qolar, har nechuk, ukasining xotiniman-ku”, deya o‘zimni o‘zim ovutdim. Qayoqda, deysiz? Qaynopam o‘ch olishning yangi yo‘lini topdi. He yo‘q-be yo‘q, har ikki gapining birida “O‘g‘lingni onam katta qilgan, unda sening haqing yo‘q”, deya yuzimga sola boshladi. Bu ham yetmaganday, bolamni bag‘rimga bosishimga yo‘l bermadi. Ko‘p-da uni qaynonamning xonasidan chiqarmadi.
Oxiri, hammasi jonimga tegdi. Men ham gapiga gap qaytaradigan, tengma-teng g‘ijillashadigan bo‘ldim. Qarabsizki, “Bir yaxshiga bir yomon har joyda bor, ikki yomon bir bo‘lsa, kun qayda bor!” deganlaridek, qaynopam ikkimiz bir-birini ko‘rishga ko‘zi, otishga o‘qi yo‘q g‘animlarga aylandik. Buni ko‘rib, shu vaqtga qadar doim meni alqab-suyib kelgan qaynonam ham to‘nini teskari kiydi. “O‘zidan kattaning yuziga sapchiydigan odamga mening oilamda o‘rin yo‘q! Aslida seni kelinlikka men tanlamaganman, sen birga o‘qib yurganingda o‘g‘limning boshini aylantirib, unga tegib olgansan, megajin!” deya kamsitishga o‘tdi.
Koshki, shunday damlarda erim yonimni olgan bo‘lsa? Yo‘q, aravaning oldingi g‘ildiragi qaerdan yursa, keyingisi ham o‘sha yerdan o‘tarkan. Uyam mendan yuz o‘girdi. Ko‘p martalab “Sen qishloqisan, madaniyatni bilmaysan, bundan keyin ham shundayligingcha qolasan”, deya yaramga tuz sepdi.
Nima qilay, qurbaqani ham bossangiz, vaq etadi, men esa odamman-ku.
O‘rinsiz ta’na-dashnomlar bo‘g‘zimga yetgach, qat’iy qarorga keldim. “Yaxshisi, javobimni bera qolinglar. O‘z kunimni o‘zim bir amallab ko‘rarman”, dedim. Bajonidil rozilik bildirishdi. Nikohimiz qonunan bekor qilinadigan bo‘ldi. Ishni ko‘rgan sud hay’ati ayollardan iborat edi. Ular savol-javob davomida bolam bechora yig‘lab, menga talpinib turganini ko‘rishdi. Shunga qaramay, uni otasi tarbiyasida qoldirish yuzasidan ajrim chiqarishdi.
Men e’tirozlarimni tegishli idoralarga qayta-qayta yozib yubordim. Lekin hanuzgacha ijobiy javob ololmadim. Ko‘z yoshlarim sababi bilan jiddiy qiziqadigan odamni topolmadim.
Xo‘sh, ayting, nega shunaqa? Bolaga tuqqan bir yoqda qolib, nega joni og‘rimaganlar ega chiqadi? Bu qaysi aqidaga to‘g‘ri keladi? Ayol uchun farzandidan tiriklayin ayrilishdan ortiq kulfat bormi? Hech jahonda tirnoqni etdan – bolani onadan ajratib bo‘ladimi?..
   
* * *

Ko‘rinib turibdiki, uchala suhbatdoshimiz ham mushkul vaziyatga tushib qolgan. Birining oilaviy hayotda avvaldan baxti yurishmagan. Boz ustiga, endigina dardimga malham topdim, og‘zim oshga yetdi, deganida burni qonagan. Ta’na-malomat-la yo‘g‘rilgan bir og‘iz so‘zdan qalbi ozor chekkan. Shusiz ham o‘ksik ko‘ngil shishasi chil-chil singan. Ikkinchisi burgaga achchiq qilib, ko‘rpa kuydirgan, go‘yoki rahmdillik ko‘rsatgan bo‘lib, hali ona suti ta’mini bilmagan dilbandini birovga berib yuborgan. Endi esa, hargiz xatosini tuzatolmay joni halak. Uchinchisi loyqalangan suvning tinishidan, doka ro‘molning qurishidan batamom umidini uzgan. Baayni sevib-seviladigan yoshida “erdan chiqqan” degan tavqi-la’natni bo‘yniga olishga majbur bo‘lgan. Bevalik azoblariga chidashga ahd qilgan. Biroq onalik huquqidan mahrum etilishini sira xayoliga keltirmagan. Taqdir o‘yini oldida esankirab qolgan.
Yana e’tibor bergan bo‘lsangiz, sezgandirsiz, suhbatdoshlarimiz yulduzi yulduziga to‘g‘ri kelmay qolgan ayrim er-xotinlarga o‘xshab uy-joy, mol-mulk yoki meros talashayotganlari yo‘q. Bor-yo‘g‘i farzandlarining o‘zlari bilan birga bo‘lishlarini istashayapti. Shu niyatda yordam-maslahat so‘rashayapti. Taassufki, biz ularning iltimos-iltijolarini qondirish imkoniga ega emasmiz. Bunday deyishimning qator sabablari bor: birinchidan, yuqorida qog‘ozga tushirganlarim, nechog‘li dardli-iztirobli bo‘lishidan qat’i nazar, bir tomonning hasratlari. Biz hali ikkinchi tarafni tinglaganimizcha yo‘q. Tinglasak, ehtimol, ular ham o‘zlarini oqlash uchun talay asos-dalillar keltirishar. Ehtimol, shunda qars ikki qo‘ldan chiqqani ayon bo‘lar. Ikkinchidan, o‘rtada barchaga barobar qonun bor. Qonunga ko‘ra, so‘nggi so‘zni shu soha vakillari aytishlari lozim. Ungacha bizning nizoga qo‘shilishimiz taqiqlangan. Shu sababli arzgo‘ylarning ism-shariflarini, yashash joylarini oshkor etmadik. Uchinchidan, o‘zingizdan qolar gap yo‘q, oilaviy mojarolar nihoyatda murakkab, o‘ta nozik masala. Negaki, sevish-sevilish, turmush qurish yoxud ajrashish har kimning o‘z ko‘ngil ishidir. Oila faqat ikki qarama-qarshi jinsning – erkak va ayolning o‘zaro roziligi, inon-ixtiyori asosida tuziladigan ittifoqdir. Ta’bir joiz bo‘lsa, har bir oila boshqasiga o‘xshamagan qo‘sh ustunli ayvon, o‘ziga xos alohida qo‘rg‘ondir. Uning tuprog‘i Ishq-Sevgi ehtiroslaridan olinadi. Loyi-zuvalasi – ezgu Niyat, Ahdu paymon tuyg‘ulari bilan yo‘g‘riladi. Poydevori Vafo-Sadoqat azmi-la ko‘tariladi. Devorlari Muhabbat nuri ila sayqallanadi. Tomi Mehr-Oqibat hislari qo‘shilgan holda yopiladi. Peshtoqiga Burch-Mas’uliyat, Sabr-Qanoat shiori naqshlanadi. Ana shu oliy tuyg‘ular bir maqsad yo‘lida uyg‘unlashtirilsa, insonni Baxt-Iqbol sari eltuvchi OILA atalmish muqaddas koshona vujudga keladi. Bu koshonaning ko‘z ilg‘amaydigan o‘z chegara-hududlari, biron-bir hujjatda qayd etilmagan o‘z qonun-qoidalari bo‘ladi. Undan huda-behuda hatlab o‘tishga, chetdan turib “Sen falonchi bilan umrbod birga yashashga mahkumsan!” yoki “Pistonchi bilan ajrashasan”, deyishga hech kim haqli emas. Buni xalqimiz asrlar osha sinovdan o‘tgan naqllarida muxtasargina qilib quyidagicha  ifoda etgan: “Har kim suygan oshini ichadi”, “Er-xotinning orasiga esi ketgan tushadi”.
Shundaylikka shundayku-ya, ammo baribir achchiq bir haqiqatdan ko‘z yummaslik kerak. Oila buzildi degani tanho er-xotin ikki tarafga qarab ketdi, degani emas. Yoxud quda-andalar, yoru birodarlararo qon-qarindoshlik  rishtalari uzildi, degani ham emas. Uzilgan ip ulansa, tuguni qoladi. Oila parchalansa, sevgi zavol topadi. Ahdu paymon o‘rnini nafrat, vafo-sadoqat o‘rnini xiyonat egallaydi. O‘zaro mehr-oqibat yo‘qoladi. Burch va mas’uliyat unutiladi. Sabr-toqat begona bo‘ladi. Baxt-iqbol sarobga aylanadi. O‘rta ichida muhabbat yetim qoladi. Qismat chorrahasida ishqning shirin mevasi – begunoh bolalar chirqillab qoladi. Ular yo ota, yo ona mehridan ayro tushadilar. Hatto ba’zan otasi ham, onasi ham hayot bo‘la turib, tirik yetimga aylanadilar.
Shubhasiz, bunday kezlarda qarindosh-urug‘, mahalla-ko‘y qarab turmaydi. Kelajagini o‘ylagan jamiyat baxti kemtiklarni yolg‘izlatib qo‘ymaydi. Bolalar uylari deysizmi, internatlar deysizmi, ishqilib, barcha shart-sharoitlarga ega mehribonlik maskanlari yetim-esirlar hayotiga oz bo‘lsa-da, nur olib kirish uchun xizmat qiladi. Biroq ular hech qachon o‘sha go‘daklar tug‘ilgan xonadon o‘rnini bosolmaydi. Eng g‘amxo‘r enaga, eng shirinso‘z tarbiyachi ham, harchand urinmasin, baribir, haqiqiy ota-ona mehrini berolmaydi. Ayni chog‘da, ko‘z ochib ko‘rgan umr yo‘ldoshidan, shirin-shakar farzandlaridan voz kechgan odam qayta turmush qurgan taqdirda ham tom ma’noda baxtli bo‘lolmaydi. O‘z pushti kamaridan bo‘lgan zurriyotiga mehr ko‘rsata olmagan odam o‘zga birovning o‘g‘il-qizi boshini chin ixlos bilan silay olmaydi. Bil’aks, amalda unisining ham, bunisining ham ko‘nglini yarimta qilib qo‘yadi. Tan olamizmi-yo‘qmi, xohlaymizmi-xohlamaymizmi, oqibat – tayin haqiqat shu!
Demak, oilaviy qo‘ydi-chiqdilar zohiran shaxsiy ishdek tuyulsa-da, mohiyatan jamiyat hayoti bilan chambarchas bog‘liq illatlardir. O‘z uyida tinchini yo‘qotgan odam el-ulus ichra baxtli bo‘lolmagani singari oilalari inqirozga uchragan mamlakat ham izchil taraqqiyotga erisholmaydi. Aksincha, qaysi yurtning oilalari mustahkam, ahil-totuv bo‘lsa, o‘sha davlatda hamjihatlik va osoyishtalik hukm suradi, fayz-baraka, qut-farovonlik barqaror bo‘ladi. Chunki oilaviy xotirjamlik milliy xotirjamlik uchun zamin yaratadi. Buni ota-bobolarimiz qadimdan yaxshi bilishgan, yaxshi tushunishgan. Shu bois avvallari ajrashishlar nisbatan kamroq bo‘lgan. Ko‘pchilik er-xotinlar harf tanimasalar-da, yozuv bilmasalar-da, hayot maktabini puxta o‘zlashtirganlar. Bir-birovini asosan go‘shangaga kirgandagina ko‘rgan-tanigan bo‘lsalar-da, mustahkam turmush qurganlar. Ba’zi kelin-kuyovlarning tajribasizliklari tufayli kelib chiqqan jiddiy “san-man”lar qozixona-yu sudgacha borib yetmagan. Kelishmovchiliklar sababi, avvalo, xesh-aqrobalar, ko‘pni ko‘rgan keksalar – mahalla, qishloq oqsoqollari ishtirokida muhokama etilgan. Ular er-xotinga oila qurish yakkash visol lazzatidan, kayf-safodan iborat emasligini obdon tushuntirishgan. Turmush mashaqqatlariga bardoshli bo‘lish oilaviy totuvlik asosi ekanligini uqtirishgan. Natijada hatto halokat jari yoqasiga kelib qolgan oilalar ham ko‘pincha qayta tiklanib ketgan. Muhimi, kimdir farzandining, kimdir otasi yoki onasining diydoriga zor-intizor bo‘lib qolmagan.
Hozir-chi?..
Ming qatla shukur, zamon tinch, yurt obod. Hamma savodli, hamma bilimli. Tag‘in zamonaviy er-xotinlarning deyarli barchasi sevishib-sinashib, jilla qursa, oldindan uchrashib-tanishib nikohdan o‘tishgan. Shunga qaramay, oilaviy mojarolar kamaymayapti. Bundanam ajablanarlisi, ajrashgan yoki ajrashayotganlarning aksariyati turmush mashaqqatlarini ozmi-ko‘pmi boshidan kechirgan, bola-chaqa orttirgan duppa-durust kishilardir.
Ajab, nega bunaqa, nega teskarisi? Javobi oddiygina: daryoning suvi boshidan loyqa kelsa, quyi oqim g‘oratga uchraydi. Devor qiyshiq bo‘lsa, tez qulaydi. Gap shundaki, biz tabiatan bolajon, o‘ta ko‘ngilchan xalqmiz. Xoh ayol, xoh erkak bo‘laylik, umr bo‘yi uyim-joyim, bola-chaqam deb yelib-yuguramiz. Yillar mobaynida o‘g‘il uylantirish, qiz chiqarish ilinjida yig‘inib-terinamiz. Bo‘lajak kelin-kuyovga oddiy kiyim-kechakdan tortib, qo‘sha-qo‘sha ko‘rpa-to‘shakkacha, qimmatbaho mebeldan tortib, alohida dang‘illama uygacha, xullas, odamzod erkin-emin, to‘kin-sochin yashashi uchun nimaiki zarur topilsa, hamma-hammasini muhayyo qilib beramiz. To‘y marosimlarini ham, rizq-nasibamizdan qiyib, dabdaba bilan o‘tkazamiz. Birov e’tiroz bildirsa,  “Ha, nima qipti? Bu dunyoda barchamiz ham farzandlarimizni deb yuribmiz. Topgan-tutganimiz shularniki-da”, deya o‘zimizni oqlaymiz. Faqat bir narsani unutib qo‘yamiz. Ota-ona farzandiga, ehtimol, taxt yaratib berishi mumkindir, ammo baxt yaratib berolmaydi. Har kimning baxti o‘zi bilan bo‘ladi. Bundan tashqari, xalqda “Beli og‘rimaganning non yeyishini ko‘r!” degan naql ham bor. Biryo‘la hamma narsaga oppa-oson erishgan yoshlarning xatti-harakatlari sal boshqacharoq bo‘ladi. Xayoliga “Turmush mana shunaqa rohat-farog‘atdan iborat ekan-da” degan noto‘g‘ri fikr o‘rnashib qoladi.
Vaholanki, vaqti-soati yetib, ishq-muhabbat ehtiroslari susayadi, buyum-jihozlar eskiradi. Oilada farzandlar tug‘iladi, uy-ro‘zg‘or tashvishlari ko‘payadi. Bizga doimo suyanchiq ota-onani esa hech kimga bog‘lab bergan emas. Ular ancha mo‘rt keladi. Yoshlari o‘tgani sayin o‘zlari ham bizning ko‘magimizga muhtoj bo‘lib qolishadi. Alqissa, yosh er-xotinning bo‘yniga rosmanasiga “olaxurjun” tushadi. Endi ular o‘z aravalarini o‘zlari tortishlariga to‘g‘ri keladi. Bunga ko‘niksalar-ku, xo‘p-xo‘p, mabodo, ko‘nikmasalar, ko‘nika olmasalar-chi? Bir-birovidan nuqson axtaradi, arzimagan gapdan janjal ko‘taradi. Kunda-kunora er “qo‘yaman”ga, xotin “ketaman”ga zo‘r beradi. Unisi bunisini, bunisi unisini otishga o‘q izlaydi. O‘rtada farzandlar bezillaydi. Xonadonda besaranjomlik boshlanadi, fayz-baraka yo‘qoladi. Xuddi mana shu nuqtada qaynona-qaynotalarning – quda-andalarning yo‘l-yo‘rig‘i, o‘git-maslahati juda-juda asqatadi. Keksalar masalaga xolis yondoshsalar, kelin-kuyovni sabr-toqatga undasalar, olam gulistonligicha qoladi. Bordi-yu, aksincha, bo‘lsa, biri o‘g‘liga, ikkinchisi qiziga yon bosib, olovga yog‘ purkasa-chi? Oqibati shundog‘am ma’lum: nizolar battar avj olib, oila tanazzulga yuz tutadi. Esli-hushli kattalar, jigargo‘shalari taqdiri bir chetda qolib, o‘zaro haq-huquq, uy-joy, mol-dunyo talashishga tushib ketishadi.
Masalaga shu jihatdan qarasak, qismati talosh bo‘lgan Umidjonning onasini tushunish qiyin. To‘g‘ri, u chorak asr yostiqdoshiga beqiyos mehr-sadoqat ko‘rsatgan. Undan farzand bo‘lmasligini bilganida ham tashlab ketmagan. Ajrashish haqidagi taklifni eshitganida qat’iyan rad etgan. Pirovardida esa qilgan shuncha yaxshiliklarini bir zumda yelga sovurgan. Og‘ir tosh misol nafsoniyatga teguvchi ikki og‘iz so‘zi bilan turmush o‘rtog‘ining qoq yuragiga xanjar urgan. Bundan ko‘ra, ko‘nglidagi armonini vaqtida aytgani, eri o‘ziga o‘rganib qolmasdan uni tashlab ketgani afzal emasmidi?
Bir-biriga o‘chakishib, o‘rta ichida chaqalog‘ini ovora-yu sarson qilgan er-xotinning xatti-harakatlari esa, hoynahoy, eshitgan quloqqa erish tuyuladi. Chunki ular yosh emas, kimsan, besh bolani tarbiyalab voyaga yetkazayotgan ota-ona! Bu demak, farzand davlatning boshi ekanligini, tish bergan rizqini ham berishini sizu bizdan yaxshiroq biladilar. Qanoat zo‘r boylik ekanligini, so‘zsiz, teran tushunadilar. Bas, shunday ekan, xotin bir so‘zdan qolsa, er tiliga erk bermasa, asakasi ketmasdi. Yoki ularning oilasida mavjud moddiy yetishmovchilik boshqalarnikida yo‘qmi? Axir, tokaygacha ayb kattalardan o‘tadi-yu, jabrini kichiklar tortadi?
Bunisini bilmadim, lekin birovning azasida o‘yin tushishdan or qilmagan kelinni mutlaqo kechirib bo‘lmaydi. Uning bu qilmishi borib turgan noinsoflikdan boshqa narsa emas. Boisi – u bolani o‘ziniki qilib olguncha yalinib-yolvorgan, qaytib berishga kelganda esa shafqatsizlik ko‘rsatgan. Chamamda, yo “Er-xotin hozir qiynalib yurishibdi, men aytgan miqdordagi pulni topib kelisholmaydi, bola o‘zimga qoladi”, degan xulosaga borgan, yoki chaqaloqni soxta hujjatlar asosida farzandlikka olgan bo‘lsa, kimlargadir sarflagan mablag‘ini chiqarib olishni o‘ylagan. Agar ozgina insof-vijdoni bo‘lganida, bunday yo‘l tutmasdi. Homiladorlik azobini tortmagan, tug‘ib qutulish o‘lib-tirilishga barobarligini his etmagan bo‘lsa-da, ayol sifatida ayol qalbini tushunib, bolaning haqiqiy onasini xor etmasdi. Boringki, kelgusida u chaqaloqqa ega chiqqan taqdirida ham oddiy haqiqatni bilib qo‘ymog‘i shart: birovning, ayniqsa, onaning ko‘z yoshlari evaziga erishilgan baxt omonat bo‘ladi. Yaxshilikka yomonlik bilan javob qaytargan kimsa el aro uyatga qoladi.
Tavba, bir vaqtlar talaba keliniga achinib, nevarasini vaqtincha boqib turishga o‘zi rozilik bildirgan qaynonani nima jin urdiykin? Axir, ona uchun farzandining farzandi ham bola-ku. Mashoyixlar shuni nazarda tutib, “Bolaginamning bolasi, qantak o‘rikning donasi” deganlar-ku. Nevaralari tarbiyasi bilan shug‘ullanish o‘zbek qaynonalari uchun oddiy hol-ku. Qolaversa, katta baxt, katta sharaf-ku. Nahotki, onaxon buni bilmasa, oxiratini o‘ylamasa? Nahotki, qizi qaytib kelgani kamlik qilganday, o‘g‘lining oilasi ham barbod bo‘lishini istasa? Undan ko‘ra, yoshiga yarasha ish yuritib, qizi bilan kelinini murosaga chaqirsa, o‘rinli bo‘lmasmidi? Hech bo‘lmaganda, o‘g‘li bilan nevarasining kelajagini o‘ylasa, yaxshi emasmidi? Qaynopa-chi? Ukasining xotiniga piltakachlik qilib nima foyda ko‘radi? Jiyani voyaga yetib, bir kun bor gapdan voqif bo‘lsa-yu, “Siz qattolsiz, mening baxtsizligim sababchisisiz!” desa, unga qanday javob beradi? Odamlar orasida qanday bosh ko‘tarib yuradi?..
Bular mening taxminlarim emas. Mavridi kelib, qachonlardir yuzaga chiqajak muqarrar haqiqat. Haqiqat esa, bilasiz, achchiq bo‘ladi. Undan na shoh-gado, na yosh-qari qochib qutuladi.
Qolgan fikrlarni boshqalar aytishar, degan umiddaman. Nima bo‘lgandayam, keling, vaqtni boy bermay, qaytar dunyoning hisob-kitobini o‘ylaylik, oilalarimizni ko‘z qoracho‘g‘idek asrab-avaylaylik.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.