Ushbu bitiklarimni onam – Qumrixon Abdulhamid qizi xotirasiga bag‘ishlayman.
Muallif.
MUQADDIMA
Mening qo‘sh ustunim bor edi. Biri – otam, biri onam edi. Men doimo ularga suyanib yashardim, qachon, qaerda bo‘lmay, mudom ularga talpinib yashardim. Nazarimda, ular hech qachon o‘lmaydiganday, huzurlariga oshiqsam, hamisha peshonamni silab, xushnud kutib oladigandek, safarga otlansam, oq yo‘l tilab, ortimdan duo qilib turadigandek tuyulardi. Ammo...
Dunyo qanchalar go‘zal bo‘lsa, shunchalar beshafqat ekan. Hayotning yaltiroqligi, umrning qaltiroqligi, ota-ona mo‘rt kelishi rost ekan. Fursati yetib, bunga o‘zim ham guvoh bo‘ldim. Avji qirchillama yoshimda avval onamdan, keyin otamdan ayrildim. Suyanch tog‘larim birin-sirin qulab tushdi...
Nachora... Endi birgina taskin shulki, ota-onam behuda yashashmadi – naslimizni davom ettiruvchi, to‘rt o‘g‘il, ikki qizdan iborat zavol topmas bog‘ yaratib ketishdi. Va yana: ulardan meros bo‘lib, el aro yaxshi nom, biz – farzandlarga esa, shirin xotiralar qoldi...
QUYOSH PARCHASI
Ehtimol, bu shunchaki tasodifdir, ehtimol, Yaratganning o‘zi suygan bandalariga ularning o‘limidan so‘ng ko‘rsatadigan ilk inoyatidir. Qandayligidan qat’i nazar, el-ulus so‘ziga shak keltirib bo‘lmaydi, xalq bir narsani sezmasa-bilmasa, bekordan-bekorga gapirmaydi...
Onam kamtar-kamsuqum, halimday yumshoq ayol edi. Umri bo‘yi odamlarga yaxshilik qilib, faqat yaxshilik tilab yashagandi. Hech qachon birovning dilini og‘ritmagandi, birovga og‘irligi ham tushmagandi. Shundanmi, o‘zi orzulaganidek, omonatini beozorgina topshirdi. Loaqal bir kun-bir soatgina bo‘lsin, oh-voh chekib, ko‘rpa-to‘shak qilib yotmadi. Qo‘sha-qo‘sha farzandlari-yu kelin-kuyovlari, etak-etak nevaralari bo‘la turib, birortamizga zoriqmadi. Yana deng, avji qish chillasiga to‘g‘ri kelgan iyd-Ramazon kezlari vafot etdi.
Kim bilsin, qazo fursatini farishtalar ko‘ngliga solgan ekanmi, onam Hayitning birinchi kuni qo‘ni-qo‘shnilarnikiga birma-bir kirib, hol-ahvol so‘rashib chiqdi. Ertasi ertalab barchamizni o‘zi yashaydigan xonadagi dasturxon atrofiga yig‘di. Allavaqtgacha u yoq-bu yoqdan gurunglashib o‘tirdi. O‘tganlarni esga oldi. Nonushta tugagach, odatiga ko‘ra, fotihaga qo‘l ochdi. Oxirida, har galgidan farqli o‘laroq, “Xudoga shukur, hammalaring shu yerdasizlar. Tani-jonlaring sog‘, aql-hushlaring butun. Endi mensiz ham ishlaringni bilib-bilib qilaverasizlar. Men sizlardan roziman, sizlar ham rozi bo‘linglar”, deya qo‘shimcha qildi.
Shu so‘zlarni aytarkan, onamning ovozi allanechuk titrab, gavdasi bexos qalqib ketdi. Ammo o‘zini yo‘qotmadi. To‘rga o‘tib, simkaravotga ohista cho‘zildi. Qo‘l-oyoqlarini to‘g‘ri uzatib, kalima keltirdi. Ko‘zlarini yumarkan, qiblaga yuz o‘girdi.
Bor-yo‘g‘i shu: onam qaytib qilt etmadi, boshqa nafas olmadi...
Biz dastlab hech narsani tushunmadik. Bu nima – o‘limmi-uyqumi, eshitganlarimiz nasihatmi-vasiyatmi, dabdurustdan idrok etolmadik. Onamning shunchalar tez va oson jon taslim qilganiga ishonmadik, ishonolmadik. Qizig‘i, uning ruhi jismini tark etgan bo‘lsa-da, rang-ro‘yi xuddi bamaylixotir mizg‘iyotgan odamnikidek xotirjam va tiniq edi. Yuzida derazadan mo‘ralayotgan quyosh aksi tovlanardi...
Yo‘q, adashdim shekilli, bu biz bilgan-ko‘rgan oftob shu’lasi emasdi, onamning chehrasidan taralayotgan nur edi. U ko‘zlarni qamashtirar, qalblarni qizdirar, dillarga iliqlik bag‘ishlardi. To‘rda onamning jonsiz vujudi emas, olov – quyoshning katta bir parchasi yotganga o‘xshardi...
Kutilmagan musibatdan biz qanchalik hayratga tushsak, tabiat ham shunchalik lol qotdi. O‘z tashvishlari ila andarmon bo‘lib g‘aflatda qolganidan, xokisorgina farzandini ajal changaliga bemavrid berib qo‘yganidan afsuslanganday, qattiq motam tutdi. Eng avvalo, hafta-o‘n kundan buyon yeru ko‘kni yamlagudek vajohatda uvvos solayotgan shamol hushyor tortdi. Onamning joni uzilgani hamono sarosar esishdan taqa-taq to‘xtadi. Borliq qo‘qqisdan jimib qoldi. Hayal o‘tmay samoning har yer-har yerida qop-qora bulutlar paydo bo‘ldi. Ular quyoshdan izn so‘rab, bir joyga to‘plandi-yu, shoshilinch pastga sho‘ng‘idi. Fojiadan ogoh topgach, ayroliqqa chiday olmadi. Qilich yanglig‘ yashinga ro‘baro‘ kelganday, chok-chokidan sitilib ketdi. Nochorlikdan teraklar shoxiga qo‘nib, sim-sim ko‘z yoshi to‘kishga kirishdi.
Shu zayl bir zumda ayoz kuzga almashdi. Obi rahmat ham bizni ezib, ham o‘zi ezilib bir maromda yog‘averdi-yog‘averdi... Elga tashakkur, ko‘pchilikka qulluq! Sovuq demay, loygarchilik demay, darvozamizdan ma’yus kirib kelaverdi-kelaverdi. Bir kechalikkina mehmonimiz xotirasi haqqi hurmati safda bosh egib, g‘am yutib turaverdi-turaverdi...
Yomg‘ir kunni tunga, tunni tongga uladi. Ertasi peshinga qadar tinmadi. Mayda-maydalab yog‘ishdan sira-sira erinmadi. Ammo tobutni ko‘tarib yo‘lga chiqqanimizda toqat qilolmadi. Rosmanasiga faryod urib, tag‘in-da tezlashdi. Qabristonga qadam qo‘yishimiz bilanoq negadir hovuridan tushib sekinlashdi. Onamni tuproqqa topshirayotgan mahalimiz esa madori batamom quridi. Kecha qarzga olgan o‘rnini noiloj fasl egasiga qaytarayotib, yakkam-dukkam tomchilarga aylandi.
Keyin navbat momiq zarrachalarga tegdi. Ular avvaliga yangi mozor uzra qalqib chiqqan yumshoq tuproq uyumiga hayron qarab turdi. Tilovat sadolari yangragan lahzalarda esa oq kapalak misoli goh pastga enib, goh yuqoriga ko‘tarilib, osmonu zamin aro charx urdi. Axiyri bo‘lmadi, taqdirga tan berdi-da, pag‘a-pag‘a bo‘lib yog‘ishga tushdi. Ko‘z ochib yumguncha butun borliq singari onamning qabri ham oq choyshabga burkandi. Go‘riston har qachongidan-da og‘irroq sukutga cho‘mdi.
Ajib holat: biz – azadorlar jim. Odamlar jim. Borishi boru qaytishi yo‘q so‘nggi manzilga eltuvchi yo‘l chetidagi dov-daraxtlar jim. Yurakni ezuvchi sokinlikni faqat oyoq ostidagi qorning ayanchli g‘ijirlashigina buzadi. Ahyon-ahyonda yonimda turgan otamning hazin-hazin xo‘rsinishi eshitiladi...
Men odamlar tarqalgandan keyin ham mozor boshida qolib ketdim. Qancha o‘tirdim, bilmayman. Esimda bori – shu fursat ichida onam bilan kechgan damlarimni, qirq bir yillik umrimni qaytadan yashadim. Yashadimu, afsus, bu safar onamni uchratmadim, uning mehriga to‘ya olmadim. U bilan birga bosgan yo‘llarimni, bolalik izlarim qolgan dalalarni, Sir sohillarini xayolan kezib chiqdim. Kezib chiqdimu, baribir, adog‘iga yetolmadim. Bu safar onamning xoki poyini yuzlarimga surtib, tavof qilolmadim.
Men o‘zimni dunyoga keltirgan, oq sut bergan, mudom oq yuvib-oq taragan volidam bilan – dunyodagi eng aziz, eng mehribon kishim bilan mana shunday vaziyatda abadul-abadga vidolashdim. Diydor qiyomatga qoldi. Buni tabiat ham anglab yetdi. Bir kecha-kunduzga borar-bormas vaqt ichida fasllar ikki bor evrildi.
Qiziq, ayni holat onamning xudoyisida ham, qirqida ham, yilida ham takrorlandi. Xuddi kelishib olgandek, oldiniga yomg‘ir yog‘di, ortidan qor bo‘raladi.
Bu ne hol, ne sir-sinoat – hanuz anglolmayman. Balki ko‘pni ko‘rgan keksalar haq gapni aytishar – ruhi pok odamlarning azasida rostdanam qor-yomg‘ir yog‘ar. Balki yaxshi insonning paymonasi to‘lsa, unga biz – tiriklardanam ko‘ra ko‘proq Yaratganning o‘zi achinar...
Necha yilki, shu haqda o‘ylayman. O‘ylaymanu, aniq javob topolmayman. Yomg‘ir yoki qor yog‘a boshlasa, o‘z-o‘zimdan ma’yus tortaman. Beixtiyor sof-beg‘ubor, iliq tomchilarga kaftimni tutaman. Ular menga har doim Allohning eng buyuk ne’mati – Rahmat nuri bo‘lib tuyuladi. Keyin ko‘z o‘ngimda yuzlarida quyosh yog‘dusi muhrlangan onam, yomg‘irda ivigan odamlar, ularning yelkasida lopillab borayotgan tobut va oppoq qor bilan qoplangan qabriston namoyon bo‘ladi. Xayolimni uzuq-yuluq xotiralar chulg‘ab oladi...
FARISHTA
Yoshi ulug‘larni bilasiz – qushuyqu bo‘lishadi. Hammadan kech yotib, hammadan barvaqt turishadi.
Onam ham shunga odatlangandi. Har kuni tongsaharlab uyg‘onardi. Yuz-qo‘lini yuvgach, qiladigan birinchi ishi hovlimiz peshtoqidagi chiroqni yoqishu temir darvozamizni lang ochib qo‘yish bo‘lardi. Bu yumushni hech qachon bizga buyurmasdi, qishin-yozin – doimo o‘zi bajarardi. Men uning kamuyquligini keksalikka yo‘yardim. Tong qorong‘usida turtinib-surtinib darvoza ochishlarini ko‘pyillik ko‘nikma hisoblardim. Shundanmi, sababini so‘ramasdim. Ammo bir gal...
Talaba edim. Dorilfununda o‘qirdim. Qishki sinovlarni topshirib, ta’tilga chiqqach, o‘sha kuniyoq qishloqqa jo‘navorgandim.
Ertasi o‘ylaganimdek bo‘ldi. Onam meni, odatdagidek, xo‘roz qichqirmasdan uyg‘otdi. So‘ngra yupungina kiyinib, tashqariga chiqib ketdi. Hayal o‘tmay nimqorong‘i xona shiftida shu’la o‘ynadi – hovlida chiroq yondi. Ketma-ket qulog‘imga mushtdayligimdan tanish sado – darvozamizning darang-durungi eshitildi. Erinibgina issiq o‘rnimdan qo‘zg‘aldim. Huzur qilib kerishgach, dahlizga o‘tdim. Qo‘shni xonaga qo‘z qirimni tashlab, otam allaqachon machitga ketganini angladim. Onam iliq suv to‘ldirib, tokchaga qo‘yib qo‘ygan obdastani ko‘tarib, burchakdagi dastshuga yaqinlashdim.
Qo‘l-betimni yuvib, artinayotgan mahalim eshik yengil g‘ijirladi-yu, ichkariga oldin etni junjiktiruvchi muzday tiniq havo yopirildi. Keyin ust-boshi qor, rang-ro‘yi o‘chinqiragan alfozda onam kirib keldi. Poygakda kalishini yechayotib, allanechuk ixraganday bo‘ldi. Ilkis hushyor tortdim. Sinchkov razm solib, cho‘chib tushdim: u chap qo‘li bilan o‘ng qo‘lining bosh barmog‘ini mahkam ushlab olgandi. Kaftlari orasidan qon sizib turardi.
– Nima qildi, opa? – sochiqni yelkamga tashlarkanman, hadik aralash unga yuzlandim. – Tinchlikmi?
– E-e, o‘lsin... – onam javob berish malol kelganday, yuzini burishtirdi. – Suving qogan bo‘lsa, ozgina quyvor, – deya qon oqayotgan qo‘llarini dastshu uzra cho‘zdi.
Qarasam, jarohati jiddiy: boshmaldog‘ining tirnog‘i ko‘chib ketibdi. Sal teginsa, uzilib tushguday arang osilib turibdi. Xavotirim battar oshdi:
– Nima bo‘ldi, bundoq gapirsangiz-chi, axir!
O‘zimam sezdim, bu safar ovozim bir bahya baland – zardaliroq chiqdi.
– Hech narsa, – onam gapim ohangiga parvo qilmadi. Qaddini rostlab, otamning devordagi yakka mixga ilingan eski belbog‘iga ishora qildi. – Anavi ro‘molni bu yoqqa ol-chi!
Tushundim. Darrov belbog‘ chetidan bir parchasini uzunasiga yirtib, yarasini bog‘lashga tutindim.
– Bu shamol o‘lgur tag‘in eski nag‘masini boshladi, kechasi bilan tinmay, uvillab chiqdi. – Onam qo‘lini menga tutib turarkan, xayoli parishon holda ohista tilga kirdi. – Darvozaning tagiga qor to‘planib, muzlab qopti. Tortsam, ochilmadi. Qattiqroq silkituvdim, oyog‘im toyib ketdi. Yiqilayotganimda, darvozaning tavaqasi qo‘limni qisib qoldi.
U shunday deya yarador barmog‘ini latta ustidan avaylab silab qo‘ydi. Og‘ridi shekilli, serajin yuzi boyagidek iztirobli burishib ketdi. Azbaroyi achinganimdan tag‘in savolga tutdim:
– Hech tushunmayman, shu izg‘irinda dildirab darvoza ochish sizga nima zaril? Uyimiz qishloqning eng chekkasida bo‘lsa, azon palla birov yo‘qlab kelarmidi?..
– Unday dema! – Onam so‘zimni cho‘rt kesdi. Ko‘zimga sinchkov tikilib, og‘ir bosh chayqarkan yana takrorladi. – Unaqa dema! Odam kemasa, farishtalar keladi!
– Kim? – Yaxshi anglamay so‘radim.
– Farishtalar!
Onam boshqa so‘z aytmadi. Sekin ortiga o‘girilib, xonasi tomon yurdi. Sovib qolgan pechka oldiga borib, pastga engashdi. Sog‘ qo‘liga otashkurak olib, qopqoqni ko‘tardi. Kul bosgan toshko‘mir cho‘g‘ini titkilab, ustiga tarasha qalagach, gapida davom etdi. – Sahar chog‘i darvozasini ochgan odam savobga qoladi. Uyiga farishtalar kirib, rizq-ro‘z ulashadi. Ertalabki nasiba esa qutlug‘ bo‘ladi.
Onam ”Uqdingmi?” deganday menga savolomuz nazar tashladi. Uning o‘z gapiga o‘zi astoydil ishongan ko‘yi allanechuk jovdirab boqishini ko‘rib, o‘zimni bosolmadim. Tomorqamiz devor bilan o‘ralmaganini, adog‘i dalaga tutashib ketganini eslab, kulib yubordim.
– Qiziqmisiz, opa, – dedim o‘zimcha hazil qilib, – farishtalar kiraman desa, ana, hovlimizning chor tarafi ochiq. Ariqdan u yog‘i biyday dala. – Oxirida o‘smoqchilab so‘radim. – Yoki, nima, farishtalar faqat darvozadan kiradimi? Biror joyga shunaqa deb yozib qo‘yilganmi?
– Bilmasam... – Onam kesatig‘imga parvo qilmadi. Peshonasiga yoyilib tushgan bir tutam oppoq sochini ro‘moli ostiga qistirarkan, negadir xayolga toldi. Lovullay boshlagan alangaga ma’yus termulgancha, og‘ir so‘lish oldi. – Menga otang shunaqa deb tushuntirgan-da, – dedi bir ozdan so‘ng mayin ovozda. – Har qalay, otang eskichadan ancha xabardor. Bunaqa narsalarni yaxshi biladi. Xo‘p, mayli. Sen shakkoklik qilib, Xudoning qahrini keltirma. Undan ko‘ra, yaxshisi, o‘tirib nonushtangni qil. Ana, choy ham qaynay deb qoldi.
U pechka ustidagi big‘illay boshlagan qumg‘onga ishora qilib, o‘rnidan turdi. Tokchadagi choynak-piyolalarni olib, tashqariga chiqib ketdi.
Tamom! Endi bahslashishniyam, hazillashishniyam hojati yo‘q. Onam otamning har bir so‘zini o‘zi uchun qonun deb biladi. Kanda qilmay ado etadi. Esimni tanibmanki, bizni ham mudom shunga undaydi.
Indamaygina xontaxta yoniga cho‘kdim...
* * *
Vaqt – yugurik suv, umr – oqar daryo ekan! Tug‘ilish bor joyda o‘lim ham bor ekan! Bu taqdiri azalga ko‘nikmay, peshonada boriga shukur qilmay, iloj qancha? Mana, o‘zimdan qiyos: qirchillama yoshimda boshimga musibat tushdi. Soppa-sog‘ yurgan onam bexosdan vafot etdi. Kuni kecha uning xudoyisini o‘tkazdik. Bugun esa ishxonada navbatchiligim bor edi. Tong otmay Toshkentga qaytishim, gazeta sahifalanguncha tahririyatga yetib borishim shart edi.
Afsus, onamning yo‘qligi darhol bilindi. Ko‘zimni ochganimda, bomdod payti bo‘lib qolgandi. Otam namoz o‘qishga hozirlanayotgandi. Shosha-pisha xayrlashdimu yo‘lga otlandim. Biroq...
Hovliga chiqsam, chiroq o‘chiq. Ko‘chaga burilsam, darvoza yopiq. Dala tomondan hazin-dilgir shabada yeladi. Huvillagan keng, qop-qorong‘i bostirma ko‘ngilga vahm soladi.
Bu notanish manzaraga guvoh bo‘lib, ich-ichimdan zil ketdim: axir, onam hayotligida loaqal biror marta shunaqa bo‘lganmidi? Chiroq yoqilmay, darvozamiz ochilmay qolganmidi?.. Yo‘q!
Endi-chi?.. Nahotki, bir hovlida to‘rt oila, o‘ttizga yaqin kishi bo‘la turib, ertalab darvozani ochish birortamizning xayolimizga kelmasa... Nahotki, onam vafot etishi bilanoq farishtalar hovlimizni tark etishgan, biznikiga kirmay qo‘ygan bo‘lishsa?..
O‘pkam to‘lib, bo‘g‘zimga nimadir qadaldi. Beixtiyor devorni paypaslab, tok ulagichni topdim. Chiroqni yoqqach, shahd bilan darvoza sari yurdim. Borib, birvarakayiga ikkala tavaqasini ham lang ochib yubordim.
Ajab, xuddi shu lahza go‘yoki mo‘‘jiza ro‘y berdi. Nazarimda, onam bo‘sag‘ada xokisorgina bo‘lib, mamnun jilmayib turganday, hovlimizga chor tarafdan nur yog‘ilib, darvozaxonamiz yorishib ketganday tuyuldi.
Avvallari e’tibor qilmagan ekanman. Endi bilsam, har sahar farishtalarga eshik ochadigan, ularni hammadan avval qarshi oladigan onamning o‘zi farishtaday beozor, farishtaday yumshoq ayol ekan. Men nodon hu, o‘sha – talabalik kezlarim uning muloyimligini soddalikka yo‘ygan, noo‘rin kulgim bilan bilib-bilmay dilini ranjitgan ekanman. Bugun esa...
Ayting, do‘stlar, endi nima qilay? Gunohimni nima bilan yuvay? Ustma-ust kelgan judoliklarga qanday chiday? Axir... axir, uch kun burun men haqiqiy farishtamni – onamni to qiyomat qadar yo‘qotib qo‘ydim...
YAXSHI XOLA
Kech kuz edi. Shom yaqinlashib qolgandi. Ishdan chiqib, qishloqqa otlangandim. Aksiga olganday, yo‘lda avtobus buzilib qoldi. Ikki yarim soatlik masofani to‘rt soatda bosib o‘tdik. Manzilga xufton payti yetib bordik.
Choyxona ro‘parasidagi bekatda avtobusdan tushgach, yengil tin oldim: bu yog‘i ikki qadam. Poyi piyoda, nari borsa, o‘n-o‘n besh daqiqalik yo‘l.
Endigina mahallamiz sari burilmoqchiydim, kimdir “Amaki!” deb chaqirganday bo‘ldi. O‘girilib qarasam, to‘qqiz-o‘n yoshlar chamasidagi qizaloq ortimdan shoshib kelayapti. Yonboshdan tushayotgan chiroq nurida aniq ko‘rdim: u qishloq qizlariga monand kiyingan – boshida ro‘mol, egnida kamzul, oyog‘ida kalish. Orqasiga tashlangan ikki o‘rim sochi jussasiga yarashib turibdi.
– Assalomu alaykum, amaki! – dedi qizaloq menga yetib olgach. – Siz shu tarafga yurasiz-a? – U aligimni ham, javobimni ham kutmay, iltimos qildi. – Siz bilan birga ketsam, maylimi?
Ra’yini qaytargim kelmadi. Qorachadan kelgan lo‘ppi yuzlariga, ushoqqina bo‘y-bastiga birrov nazar tashlab, “Bemalol!” dedim.
Choyxonadan uzoqlashib, tosh to‘kilgan ko‘chaga qayrilgach, qiziqsinib so‘radim:
– Isming nima?
– Mavluda.
– Kimning qizisan?
– Ahmad cho‘tirning!
Qizaloq otasining ismini ham, laqabini ham g‘urur bilan birato‘la qo‘shib aytdi. Kulgimni arang bosib, “Hm!” deb qo‘ya qoldim. Chunki Ahmadni yaxshi taniyman. Mendan ancha yosh – ukam tengi yigit. Guzarimiz muyulishida yashaydi. Kasbi shofyorlik. “KAVZ” rusumli xususiy avtobusi bor. Kirakashlik qilib, yo‘lovchi tashiydi. Fe’li keng. “Yo‘lhaqi falon so‘m!” deb biron martayam tixirlik qilmaydi. Bordi-yu, kamxarjroq bo‘lsangiz, sizdan oldin o‘zi gap boshlab, ko‘nglingizni ko‘taradi. “Hecham qimtinmay, bemalol tushavering. Bizgayam savob kerak!” deb, kulib turaveradi. Faqat bitta kamchiligi – ichkilikka sal suyagi yo‘qroq. Ba’zan me’yoridan oshirib yuboradi. Bir boshlasa, qatorasiga ikki-uch kunlab ichadi. Bunday kezlarda avtobusini hovlisiga qantarib qo‘yadi-da, alamini xotinidan oladi... “Cho‘tir” laqabini esa allazamonlar armiyadan o‘ng yuzida shapaloqday chandiq bilan qaytganda orttirgan. Ammo boshqa tomoniga havas qilish kerak, turmushda omadi chopgan. Besh o‘g‘ildan so‘ng bitta qiz ko‘rgan. Manavi qaqajon o‘sha supraqoqdisi bo‘lsa kerak. Lekin qariyb yigirma yildan buyon qishloqqa mehmonday kelib-ketganim bois uni yaxshi tanimayman. Faqat tili biyrongina deb eshitganim bor.
– Xo‘sh, Mavludabonu, yarim kechada yolg‘iz o‘zing bu tomonlarda nima qilib yuribsan? – Ikki tarafdagi uylar derazasidan har yer-har yeriga g‘ira-shira nur tushib turgan ko‘chadan borarkanmiz, ermak uchun qizaloqni yana savolga tutdim.
– Menmi? – U, o‘ylaganimdek, ancha mahmadona ekan, labi-labiga tegmay, burro-burro so‘zlay ketdi. – Birga dars tayyorlagani Salima o‘rtog‘imnikiga borgandim. Kech qopketdim. Choyxonaning oldigacha keldimu, bu yog‘iga qo‘rqdim. Birorta tanish odam o‘tib qolarmikin deb, poylab turuvdim, yaxshiyam, siz kep qoldingiz.
– Nima, qorong‘ida yurishdan qo‘rqasanmi? – deya uning gapini bo‘ldim.
– Yo‘q! – Qizaloq keskin javob qaytardi. Aytsammi-aytmasammi deya ikkilanganday bir zum jim qolgach, rostiga ko‘chdi. – Men bo‘sh yurgan daydi itlardan qo‘rqaman. Yana mast odamlardan, begonalardan...
– Mendan-chi? Mendan qo‘rqmaysanmi? – Uni sinash uchun atay ta’kidladim. – Axir, men ham senga begonaman-ku.
– Nega? – Qizaloqning ovozi tun qa’rida qo‘ng‘iroqdek jaranglab eshitildi. – Men sizni yaxshi taniyman.
– Rostdanmi?..
– Bo‘masam-chi! Siz Toshkentda yashaysiz. Muxbir bo‘lib ishlaysiz. Maqola yozib, gazetada chiqarasiz.
– E, qoyil, zo‘rsan-ku! – Mulozamatni joyiga qo‘yarkanman, hayratimni yashirib o‘tirmadim. – Xo‘sh, men to‘g‘rimda shuncha gapni qaerdan bilasan?
– Bilaman-da! – U tag‘in hozirjavoblik ko‘rsatdi. – Bularni menga Yaxshi xolam aytganlar. Sizni rosa maqtaganlar, – dedi boyagidan-da o‘ktamroq ovozda.
– “Yaxshi xolam?..” Kim u?
– I-e, nega unaqa deysiz, amaki? – Qizaloq daf’atan yurishdan to‘xtadi. – Yaxshi xolam o‘ziyizdi onayiz-ku!
– Yo‘g‘-e, gaping chinmi?
– Ha, bilmaysizmi? – Chamamda, u mening dunyobexabarligimdan hafsalasi pir bo‘lib, bo‘shashib ketdi. Shu asno xuddi kattalardek qattiq xo‘rsinib qo‘ydi. – Sizlarnikiga borganimda, – dedi olg‘a qadam tashlarkan, allanechuk ma’yus ohangda, – Yaxshi xolam “Uylaringga obor!” deb, qo‘limga doim anor, uzum, anjir tutqazardilar. Gohida paqirga solib, gohida etakka tugib berardilar. Bozorga ketayotganlarida ko‘chamizdan o‘tardilar. Har safar ko‘ringan bolaga nimadir ulashardilar. Yana bir marta-chi...
Qizaloq muhim sirni oshkor etmoqchidek shosha-pisha orqa-oldiga alangladi. Nimqorong‘i ko‘chada o‘zimizdan boshqa hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, yana tilga kirdi.
– Yaxshi xolam o‘lmasidan sal oldin dadam to‘ydan ichib keldi. Janjal ko‘tarib, hammamizni ko‘chaga quvdi. Ayam qarg‘angandi, kaltak yedi. Arazlab buvimnikiga ketib qoldi. Ikki hafta o‘tsayam, qaytmadi. Kichkina akam ikkovimiz Yaxshi xolamga yig‘lab bordik. Bo‘lgan voqeani oqizmay-tomizmay aytib berdik. Undan keyin-chi... – Qizaloq shirin entikib olgach, so‘zida davom etdi. – Ertasi ertalab Yaxshi xolam uyimizga kelib, dadamga rosa gapirdilar. O‘zlari urishib, o‘zlari yupatdilar. Oxiri buvimnikiga borib, ayamni opkep qo‘ydilar...
Shu yerga kelganda qizaloq negadir quvonish o‘rniga xomush tortdi. Bir ozdan keyin past ovozda qo‘shimcha qildi:
– Bunaqa voqea oldinam ikki marta bo‘luvdi, Yaxshi xolam ota-onamni yarashtirib qo‘yuvdilar... Shuning uchun akalarim ham, ota-onam ham – hammamiz uni yaxshi ko‘rardik...
Qizaloqning keyingi gaplari qulog‘imga kirmadi. Ko‘z o‘ngimda onam gavdalandi. U bizga “Bir yaxshiga bir yomon har joyda bor, ikki yomon bir bo‘lsa, kun qayda bor!” degan naqlni ko‘p eslatardi. “Mani yo‘rig‘imga yursalaring, er-xotin sira janjallashmanglar. Turmush darz ketmasin. Bir darz ketsa, butlash qiyin!” deya, bot-bot uqtirardi. Endi, manavi qizaloqning gaplaridan bilsam, onam tirikligida bu gaplarni faqatgina bizga emas, boshqalarga ham aytgan ekan-da. Ularni ham o‘z farzandidek ko‘rib, turmushi buzilib ketmasligi uchun qayg‘urgan ekan-da...
Ajabo, xayolimga shu fikr urildi-yu, qorong‘i ko‘cha birdaniga yorishib ketganday bo‘ldi. Negadir yig‘lagim, asta engashib, qizaloqning sochlaridan silagim, peshonasidan o‘pib, “Yaxshi xolangning yaxshiliklarini unutmaganing uchun, onamning kimligini menga yana bir karra eslatganing uchun rahmat senga, singiljonim!” degim keldi...
JAR YOQASIDA
Gazeta to‘xtov bilmas tegirmonga o‘xshaydi. Kattami-kichikmi, yaxshimi-yomonmi – har qanday “mahsulot”ni ko‘rdim demaydi. Birortasiniyam chiqitga chiqarmay, avval-oxir yamlab yutadi. Shu bois jurnalistning umri yugur-yugur bilan o‘tadi. Aniqrog‘i, uni qalamidan ham ko‘ra ko‘proq oyog‘i boqadi...
Hali uylanmagandim. Endigina dorilfununni bitirib, viloyat gazetasida muxbirlik qila boshlagandim. Ijarada yashash jonimga tekkanidan hafta oyoqlamay qishloqqa chopardim.
Bir safar, ayni qish chillasi, muhim topshiriq oldim: kimsan, Piskent tumanidagi butun respublikaga mashhur xo‘jalik raisi nomidan yil yakunlariga bag‘ishlangan maqola tayyorlashim zarur edi. Doimo yoshlardan nolib yuradigan injiqtabiat bo‘lim mudirim odatiga sodiq qoldi. Masalaning mohiyatini hijjalab, uzoq tushuntirdi. So‘ziga yakun yasarkan, meni yana bir bor jiddiy ogohlantirdi:
– Bilib qo‘y, bu aslida obkomning topshirig‘i. Sen uchun kelajagingni belgilab beradigan katta sinov!
So‘ngra yelkamga qo‘lini qo‘yib, dilkashlik bilan qo‘shimcha qildi:
– Omading bor ekan, og‘ayni. Bunday yuksak ishonchga hammayam sazovor bo‘lavermaydi...
O‘shanda “katta sinov”dan qanday o‘tganim, “yuksak ishonch”ni nechog‘li oqlaganim, rosti, hali-hanuz menga qorong‘i. Faqat boshqa narsa – ilk xizmat safarim bahona onam rahmatlidan butun umrga tatigulik saboq olganim aniq yodimda.
...Qish – dehqon ahli uchun xotirjamlik fasli! Shundanmi, raisni osongina topdim. Nomi dongdor bo‘lsa-da, o‘zi past bo‘yli, jikkakkina, sodda-samimiy odam ekan. Meni idorada iliq qarshi oldi. Baqamti o‘tirib, bafurja suhbatlashdi. Gurungimiz avjida “Dalalarni aylansak-chi”, deya taklif kiritgandim, u dangaliga ko‘chib qo‘ya qoldi.
– Adashmasam, ko‘rinishingiz-u gap-so‘zingizdan dehqon bolasiga o‘xshaysiz, – dedi boshimdan oyog‘imga qadar sinchkov razm solib. – Demak, hozir dalada tayinli ish bo‘lmasligini yaxshi bilasiz. Agar, yo‘q demasangiz, men sizga bitta mo‘‘jizani ko‘rsatay. Balki, ma’qul topib, shu haqdayam biror narsa yozarsiz. Yuring!
Rais roziligimni kutmay, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Dahlizga chiqqach, meni ko‘cha tarafga emas, tor va nimqorong‘i yo‘lak sari yo‘l boshladi.
Burchakdagi xilvat eshik idora orqasida joylashgan chog‘roqqina hovliga ochilarkan. Ostona hatlaganimiz hamono aynan bir xil ko‘rinishdagi ikkita uzun binoga ko‘zim tushdi. Ular temirdan tiklangan bo‘lib, devorlari ham, tomlari ham oynavand edi. Bir qarashdayoq angladim: issiqxona xo‘jaligi! U paytlar paxtakor tumanlarda bunaqa inshootni uchratish, haqiqatan ham, o‘ziga xos yangilik hisoblanardi.
Ichkariga qadam bosar-bosmas, bahri-dilim ochilib ketdi. Negaki, tashqarida ayoz zabtiga olgan, huvillagan bog‘-rog‘larni, kimsasiz dalalarni qalin qor bosgandi. Bu yerda esa ko‘klam nafasi ufurardi. Baravj pomidor nihollari-yu bodringlar, yam-yashil ko‘katlar bahorga intiq ko‘zlarni quvontirardi.
– Teplitsa deganlari koni foyda ekan. – Qulog‘imga hamrohimning og‘ir-vazmin tovushi chalindi. – Ishga tushirganimizga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Shunga qaramay, halitdanoq sarf-xarajatimizni qoplayapti. – U xayolimdan kechgan savolni uqqanday, qaysi ekindan qancha hosil olinayotganini, xo‘jalikka qanday foyda keltirayotganini yodaki so‘zlay ketdi.
– Mana bu limonlarni ko‘rayapsizmi? – dedi rais navbatdagi bo‘lmaga o‘tgach, tarvaqaylab o‘sgan pakana daraxtlarga ishora qilib. – Ko‘chatini Kavkazdan keltirganmiz. Hosilini kilolab emas, donalab sotayapmiz. Mo‘maygina daromad olayapmiz. Lekin gap faqat iqtisodda emas. Muhimi, biz el salomatligini mustahkamlashga ham hissa qo‘shayapmiz. Bunday deyishimning sababi, limon – shifobaxsh meva. Ayniqsa, qon bosimiga davo!
– Rostdanmi? – dedim ishonqiramay. Chunki o‘sha kezlar azaldan dori ichishni xushlamaydigan onam ahyon-ahyonda “Boshim garangsiyapti. Ishqilib, qon bosimim oshmaganmikin?” deya zorlanadigan bo‘lib qolgandi. Limon yurtimizda kam uchraydigan tansiq meva bo‘lgani sababli men uning dorivorlik xususiyatlaridan bexabar edim. Hozir raisning gapini eshitib, hayratimni yashirolmadim.
– Yaxshi aytdingiz, – dedim ko‘m-ko‘k barglar orasida oltinday tovlanib turgan limonlarga o‘zgacha nigoh bilan boqib. – Bundan keyin onamga tez-tez limon olib borsam bo‘larkan...
Aytilgan so‘z – otilgan o‘q! Nosinashta odam oldida o‘ylamay-netmay dilimdagini tilimga chiqarib, xato qilgan ekanman. Buni kechqurun – safarim qarib, qishloqqa qaytar mahalim bildim.
Meni xo‘jalikdan tuman markazigacha raisning yoshgina shofyori kuzatib qo‘yadigan bo‘ldi. U shaldir-shuldir, shinavanda yigit chiqib qoldi. Yo‘l bo‘yi zeriktirmadi. Shohbekatda eski qadrdonlardek quyuq xayrlashdi. Biroq “Ikarus”ga o‘tirib, nafasimni rostlashga ulgurmasimdan yana qarshimda paydo bo‘ldi.
– Uzr, aka! – dedi qo‘lidagi allaqanday qog‘oz xaltani bo‘yi baravar baland ko‘tarib. – Manavini rais bova sizga berib yuborishimni tayinlovdi. Sal bo‘masa, unutayozibman.
– Nima bu? – hayron bo‘lib so‘radim.
– E, shunchaki arzimagan narsa! – Shofyor qog‘oz xaltani yonimdagi bo‘sh o‘rindiqqa qo‘yib, beparvolarcha qo‘l siltadi. – Ammo-lekin omasangiz bo‘maydi, men rais bovadan naq baloga qolaman. – Shu payt avtobus motori o‘t olganini sezib, gapni qisqa qildi. – Xo‘p, sog‘ bo‘ling, yaxshi yetib oling, aka!
U jo‘nash maydonchasidan orqaga tisarila boshlagan avtobusdan yengilgina pastga sakradi. Men hay-haylaganimcha qolaverdim. Zum o‘tmay noxush xayolga toldim: “Rais nega bunday qildiykin? Yoki u meni...”
Qo‘qqisdan miyamga urilgan noxush fikrdan etim seskanib ketdi. Bir niyatim, “sovg‘a”ni derazadan irg‘itmoqchi bo‘ldim. Shu asno, baribir, qiziqishim ustun keldi. “Qani, ko‘rayin-chi, ichida nima bor ekan o‘zi?” degan o‘yda qog‘oz xaltani qo‘lga oldim. Og‘zini ochsam, limon! Roppa-rosa sakkiz dona. Har qaysisi kurkaning tuxumiday katta-katta. Hammasi zo‘r pishgan – sap-sariq.
Tushundim: demak, rais ertalab limonxonada aytgan gapimni esidan chiqarmagan. Manavi tansiq mevalarni onamga atab berib yuborgan. Beixtiyor uning ziyrakligiga tan berdim. Boyagi ahdimdan qaytib, qog‘oz xaltani diplomatimga solib qo‘ydim.
Uyga qishloqning oldi bir uyquni urganda kirib bordim. Bedor onam meni har doimgidek bag‘riga bosib, peshonamdan o‘pib ko‘rishdi. Kiyimlarimni almashtirgunimcha dasturxon yozib, ovqat keltirdi. Non ushatayotganimda, haligi “sovg‘a” esimga tushdi.
– Bu sizga! – Limon solingan qog‘oz xaltani diplomatdan chiqarib, tantanavor ravishda onamga uzatdim.
– O‘-o‘, bolam-a, ovora bo‘p nimalar ko‘tarib yuribsan? – U xontaxta yoniga cho‘karkan, meni koyigan bo‘ldi.
– Ochsangiz, ko‘rasiz. Ammo bitta sharti bor – hammaga ulashmaysiz. Faqat o‘zingiz yeysiz, xo‘pmi?
– Xo‘p! – Onam muloyim kulimsirab, uzun yenglarini shimardi. “Bismillo” deb, qog‘oz xaltani tizzasiga oldi. Avaylab ochdi-yu, xira tortgan ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi. – Voy, limon-ku! – dedi yosh boladek xursand bo‘lib. Bir donasini barmoqlari uchida ko‘z oldiga tutdi. Aylantirib tomosha qilarkan, shukrona keltirdi. – Xudoning qudratidan o‘rgilay, ne-ne ne’matlari bor-a. Tag‘in qishning qoq o‘rtasida pishsa-ya. – Limonni joyiga solib qo‘ygach, menga yuzlandi. – Onamga deb ilinganing uchun rahmat, umringdan baraka top, o‘g‘lim! Lekin-chi, ko‘p opkelishing shart emas. Menga bir-ikki donasiyam yetadi. Axir, sen kavartirda yashaysan. Hafta-o‘n kunda qishloqqa bir kep ketasan. Bunaqada oyliging...
– Siz u yog‘idan xavotirlanmang. – Onam nima demoqchiligini oldindan ilg‘ab, so‘zini bo‘ldim. – Limonlarni o‘z pulimga olganim yo‘q. Ular tekinga kelgan.
– Tekinga?!. – Onam hech narsani tushunmay, ko‘zlarimga termuldi. – Qanday qilib?
Nachora, ko‘nglini xotirjam qilish uchun bo‘lgan voqeani batafsil so‘zlab berdim. Gapimni tinglab, onam negadir bo‘shashib ketdi. Serajin yuzidan quvonch so‘ndi.
– Shunaqa degin... – U asabiylashgan ko‘yi titroq qo‘llari bilan dasturxon chetini dam qayirib, dam tekislay boshladi. Bir ozdan so‘ng ohista pichirladi. – Unda, xafa bo‘magin-u, men bularni yemayman.
– Nega? – Chaynagan nonim tomog‘imdan zo‘r-ba’zo‘r o‘tdi.
– Pulini hech bo‘masa shopirdan berib yubormabsan-da.
Onam nochor ahvolga tushib qolgan odamday, eshik tomon mung‘ayib boqdi. Uning gap ohangida bu safar koyishdan ko‘ra achinish hissi ustunroq edi. Men aybimni oqlashga urindim:
– Ha, endi, nima qilay, sira ilojini topolmadim.
Baribir eplolmadim, bahonam o‘rinsiz chiqdi. Onam battarroq xomush tortdi. Uning hammasiga o‘zi gunohkordek bir burdagina bo‘lib o‘tirishini ko‘rib, xayolini chalg‘itishga harakat qildim.
– Obbo, shunga shunchami, opa? Bor-yo‘g‘i sakkizta limon bilan kolxoz kambag‘allashib qolarmidi?
– Kalxoz-ku, kambag‘allashib qomaydi. Ammo ko‘pchilikdi haqiga xiyonat yomon bo‘ladi. Ikkinchi bunaqa qimagin. – Onam beixtiyor uf tortib, chuqur xo‘rsindi. – Axir, o‘zing bilasan, ko‘p aytganman-ku, tekin taom tomoq yoradi. O‘g‘rilik ignadan boshlanadi. Buni hech qachon esingdan chiqarma.
U boshqa so‘z qotmadi. Mendan arazlaganday yuzini chetga burdi. Qog‘oz xaltani deraza tokchasiga qo‘ydi-da, ovqatdan bo‘shagan kosani ko‘tarib, oshxonaga chiqib ketdi...
* * *
Kelasi juma bir do‘stimiz uylandi. El qatori uning to‘yida qatnashdim. Qishloqqa ertasi tushga yaqin yetib bordim. Onamning xonasiga kirdimu, tokchada turgan tanish qog‘oz xaltani ko‘rdim. Qanday bo‘lsa, shundayligicha chang bosib yotibdi. Limonlardan birortasi aynib, suvi oqqan shekilli, bir cheti nam tortib, sal qorayib qolibdi. Ich-ichimdan zil ketib, poygakda kuymalanayotgan onamga qaradim:
– Bularga aqalli qo‘l ham tegizmabsiz-ku...
– Qo‘y, bolam, achchiqlanma. – U qaddini rostlab, siniq jilmaydi. – Ko‘nglim tortmadi. Sababini oldin aytuvdim, chog‘i.
Men zardali to‘ng‘illadim:
– Bekorga achitib qo‘ygandan ko‘ra bolalarga bervorsangiz ham bo‘lardi-ku.
– Nima? Nima deding? – To‘satdan onamning jahli chiqib ketdi. Ko‘zlari katta-katta ochilib, qoshlari bir ko‘tarilib tushdi. – Endi bir kamim o‘zim hazar qilib yemagan narsani nevaralarimga ravo ko‘rishim qoluvdimi? Yoki sizlarga biror marta harom yedirganimni ko‘ruvdingmi?
So‘nggi jumlani aytayotganida uning lablari titrab, kipriklari pirpirab ketdi. Men qanday javob qaytararimni bilmay, talmovsirab qoldim.
– U holda, – dedim noiloj onamga yon bosganday bo‘lib, – bularni hoziroq chiqarib tashlayman.
– Bilganingni qi!
Onam “Sanga nasihat hayf!” deganday keskin bosh silkidi. G‘udrangancha to‘rga o‘tirib, ko‘rpacha qavishga tutindi.
Men qog‘oz xaltani ko‘tarib, tashqariga chiqdim. Hovlimizdan sal naridagi jar boshiga bordim-da, uni bor kuchim bilan pastda mavjlanib oqayotgan daryoga uloqtirdim. Qog‘ozi yirtilib, havoga sochilgan limonlar birin-sirin suv ustiga tushdi-yu, qalqiy-qalqiy oqib ketdi.
Aftidan, xayolga berilib, ancha hayallab qolgan ekanman. Bir mahal ortimdan qorning g‘ijirlashi eshitildi. O‘girilib qarasam, o‘n-o‘n besh qadam narida onam turibdi. Yuz-ko‘zida boyagi gina-kuduratdan asar ham yo‘q. Boqishlari o‘sha-o‘sha – mehribon-muloyim. Lablarida nimtabassum...
– Endi uyga kir, havo sovuq, tag‘in shamollab qoma, bolam! – U shunday deya hovli tomon burildi.
...Men onamga ergashib, jar boshidan uzoqlashdim.
BIROVNING HAQI
Bu hol muttasil har yili takrorlanadi. Hamma yozda dam olsa, men avji kuzda mehnat ta’tiliga chiqaman. Boshqalarga o‘xshab, sayru sayohat qilish qayda, deysiz?.. Qishloqqa boraman. Oz emas-ko‘p emas, roppa-rosa to‘rt hafta bobokasbimni qilaman: anor bog‘lab, anor ko‘maman.
Hech esimdan chiqmaydi. O‘shanda mezon oyining oxirgi jumasi edi. Har qalay, otam katta machitga ketgandi. To‘ng‘ich akam ikkimiz tomorqada ishlayotgandik. Kuz kunlari bir tutamligidan, iliq damlar g‘animatligidan nihoyatda shoshilayotgandik.
Tushga yaqin havo isib ketdi. Tomoqni birrov ho‘llab olmasak bo‘lmaydi. Choy keltirish niyatida hovli tomon yurdim. Oshxonaga kirayotib, onam oldi oynavand ayvonimizda kim bilandir quyuq suhbatlashayotganini sezdim. Derazaga parda tutilgani bois mehmonning o‘zini ko‘rmadim. Ammo ovozidan darhol tanidim: pochtachi yigit!
Uning ismi Davron. Yoshi akamnikidan kattaroq, mendan besh-olti ko‘ylakni ortiq yirtgan. Bo‘yi pakana. Qo‘l-oyoqlari kaltabaqay. Jussasi g‘o‘labirday – xo‘ppa semiz. Aft-angori sap-sariq. Ko‘zlari moviy, qoshlari qalin-o‘siq. Sochu kipriklari qizg‘ishtob. Boshi tepakal. Yurishlari ajabtovur: bamisoli g‘ildirab ketayotgan bochkaga ga o‘xshaydi. Bir narsadan quruq qolayotgandek pildirab qadam tashlaydi. Gap-so‘zlari o‘ta muloyim, o‘ta nozik. Lekin o‘ziga ancha-muncha pishiq. Huda-behuda jon koyitmaydi. Kimdan hayiqsa, o‘shaning gazeta-jurnalini vaqtida eltib beradi. Boshqalarnikini esa, uch-to‘rt kunligini bitta qilib, bolalardanmi, qo‘ni-qo‘shnilardanmi, yo‘l-yo‘lakay berib yuboradi.
U ba’zan xufiyona ish ko‘radi. “Ortiqcha yuk”ni imi-jimida guzardagi qassoblaru pistafurush ayollarga oshiradi. Evaziga ming bor ta’na-dashnom eshitsa ham, pinak buzmaydi. “Yo‘rgakda tekkan eski kasali”dan voz kechmaydi. Faqat nafaqa pullarinigina hech kimga ishonmaydi. Issiq-sovuq, qor-yomg‘ir demaydi. Shalog‘i chiqqan velosipedida uyma-uy yurib, o‘zi tarqatadi. Bekorga emas, albatta. Bitta siri bor: odamiga qarab, birovdan ozroq, birovdan ko‘proq pul urib qoladi. Go‘yoki hojatbarorligi uchun “arzimas xizmat haqi” oladi.
Albatta, buni hamma biladi, hamma gapiradi. Biroq yuziga aytmaydi. Musulmonchilikka borib, istihola qiladi. Pochtachi esa mana shu o‘zbekona andishaning otini qo‘rqoq deb tushunadi.
Ehtimol, shundanmi, men uni unchalik xushlamayman. Tamagirligini hecham hazm qilolmayman. Onam bo‘lsa, aksincha, mudom uning izzatini joyiga qo‘yadi. Ayniqsa, pensiya pulini keltirganda iyib ketadi. Aylanib-o‘rgilib so‘rashadi. “Davronboy”, “Davronboy”lab to‘rga o‘tqazadi. Choy damlab, dasturxon yozadi. Bizga aytmagan dardini, mingyillik sirdoshidek, unga aytadi.
Ishonmasangiz, ana, quloq soling: hozir ham ikkovlon dunyoning bor tashvishlarini unutib, qizg‘in gurunglashayapti...
Yo‘q, to‘xtang, adashdim chog‘i, aslida pochtachi soddagina onamni har galgidek bemalol laqillatayapti. Nafaqa pulini berish bahona undan qurtdekkina qilib, “xizmat haqi” undirayapti:
– Bunisi sizniki. Unisi cholingizniki. Jami – olti ming besh yuz. Men xizmat haqimga ikkovingizdan bor-yo‘g‘i to‘rt yuz so‘mgina obqoldim. Rozimisiz, xola?
Ortidan onamning sokin-xotirjam ovozi eshitildi:
– Mayli, roziman, Davronboy, roziman. Haloling bo‘sin. Ie, shoshma, ma, manavi yuz so‘mniyam qo‘shib olaqol... Ha, baraka top, iloyo, mani yoshimga yetib yur!..
Demak, tushunarli: pochtachining navbatdagi “biznes-savdo”si pishdi. Ko‘z ochib-yumguncha naqd besh yuz so‘m tekin pul hamyoniga tushdi.
Kuppa-kunduzgi kishibilmas bu qaroqchilikka befarq qarolmadim. Onam aytmoqchi, “chestniy muxbir”ligimga bordim.
– Assalomu alaykum, hormang, Davron aka! – dedim eshikni shartta ochib, ayvonga qiya mo‘ralarkanman. – Xush kepsiz!
Pochtachi onamdan olgan “shirinkamo”sini endigina ko‘krak cho‘ntagiga solayotgan ekan, bexos bosh suqqanimni ko‘rib, kalovlanib qoldi.
– Ie-ie, – dedi shosha-pisha oyoqqa qalqib. – Bu-u... sen shu yerdamiding, ukajon?.. Men bilmabman, qachon kelding?
Mendan oldin onam hozirjavoblik qildi.
– Bir hafta bo‘ldi. Otpuskaga chiqqan. Agaratda ishlayapti, – dedi mamnuniyat bilan.
– A-a, shunaqami?.. – Pochtachi joyiga cho‘karkan, hamon esankiraganicha onamga o‘girildi. – Bu o‘zi-i... sizlarda anor ja serob-da, xola. Erinmay sanasa, shu bi-ir to‘rt yuz tup chiqar-ov?!.. – dedi dovdirab.
–E, yo‘q, uncha ko‘p emas. Katta-kichigi aralash uch yuzu oltmish beshta! – Onam uning taxminiga aniqlik kiritdi. Etagidagi pullarni shoshmay ko‘rpacha qatiga qistirgach, pochtachiga batafsil “hisobot” berishga kirishdi. – Bari bir xil. To‘lka tuyatish so‘rtidan. Oldi o‘ttiz-o‘ttiz ikki yillik. Orasida qaynotam rahmatli ekkanlari, tirikligida butun qishloqdi onaxoniga aylangan qaynonamdi qo‘li tekkanlari ham talaygina.
Gap shu yerga kelganda men norozi ohangda tomoq qirdim. Negaki, onamning fe’l-atvori ma’lum. U, xoh tanish-xoh notanish bo‘lsin, barchani birdek ko‘ngliga yaqin olaveradi. Birov so‘rasa-so‘ramasa, dilida borini to‘kib solaveradi. Bu kimgadir yoqadi, kimgadir yo‘q. Shu bois bunday kezlarda men o‘zimcha hushyorlik ko‘rsataman. Mavridini topib, gap oqovasini boshqa o‘zanga burib yuborish payida bo‘laman. Hozir ham shundoq qilmoqchi edimu, uddasidan chiqolmadim. Onam bezovtalanayotganimga, asabiylashgancha ostonaga o‘tirib olganimga parvo ham qilmay, “hisobot nutqi”ni davom ettirdi.
– Endi, birovdan yashiradigan joyi yo‘q, Davronboy, bizdi ro‘zg‘ordi kam-ko‘sti shu anorlar bilan, – dedi salmoqlab. – Man sanga aytsam, anor jannatdan chiqqan daraxt. Mevasi – beg‘ubor, ming bir dardga davo ne’mat. Qancha yema, me’dangga urmaydi. Ruhingni tetiklashtiradi. Daromadiyam durust. – Onam mamnun jilmayib, yenglarini shimardi. Sochiqqa o‘ralgan choynakdan choy quyib, pochtachiga uzatdi. – Faqat mehnati sal og‘irroq. Kuz payti bog‘lab ko‘mishda, ko‘klam chog‘i ochib, tiklashda odamni toza qiynaydi. Otasi bilan to‘rt aka-uka oylab tinim bilmaydi. Kelinlarimu mani qo‘lim qish bo‘yi anor sotishdan bo‘shamaydi. Qarib, hosildan qolganlarini ko‘chirib tashlaylik, desak, ko‘zimiz qiymaydi. Uvolidan qo‘rqamiz, Davronboy, uvolidan.
Onam oilaviy hayotimizga doir “axborot”ini yakunlar-yakunlamas, men tomon bosh burdi-yu, gapi og‘zida chala qoldi.
– Ha, bolam, – dedi-da, to‘satdan tanbeh berdi. – Bu nima qiliq? Nega kofirga o‘xshab bo‘sag‘ada o‘tiribsan? Yoki ostonani bosib turish bexosiyat ekanini bilmaysanmi?.. Qani, o‘rningdan tur, bundoq ichkariga kirib, Davronboy akang bilan odamga o‘xshab ko‘rish!
Aytganini qildim. Biroq changga botgan etigimni yechishga erindim. Poygakda turiboq, pochtachiga qo‘l cho‘zdim. Uning kulchadek dumaloq-issiq kaftlarini mahkam siqayotib, etdor barmoqlari bilinar-bilinmas titrayotganini sezdim.
– Qani, ke, so‘riga chiq, ukajon. – Pochtachi o‘ng‘aysizlanib, menga yolg‘on manzirat qila boshladi. Avvalgi joyidan sal yuqoriga o‘tirayotib, beixtiyor cho‘ntagini ushlab qo‘ydi. – Ishqilib, o‘zing omonmisan, ukajon? O‘ynab-kulib, bardam-baquvvatgina yuribsanmi? Bu, o‘zi ishlaring qalay?
Ochig‘i, uning ikki gapining birida “ukajon-ukajon”lab yaltoqlanishi, ustiga ustak, nuqul “bu-bu” deya talmovsirashi g‘ashimga tegdi. Jinim qo‘zib, qitmirligim tutdi.
– Chatoq! – dedim tuyqusdan tomdan tarasha tushganday qilib. – Anchadan beri yangi ish izlayapman.
– Yo‘g‘-e, nahotki? – U o‘zi sezmagan holda ikkinchi bor cho‘ntagini paypasladi. – Bu-u... rostdanmi?
– Rost! – deya onamga yashirincha ko‘z qirimni tashladim. U derazani ochish bilan band bo‘lib, yolg‘onimga e’tibor bermayotganidan foydalanib, pochtachiga rosmanasiga piching otdim. – Mabodo, pochtangizda bo‘sh o‘rin yo‘qmi? Bo‘lsa, ayting, amallab joylashib olardim.
– Voy, nimalar deyapsan, ukajon? – Davron aka astoydil taajjublandi. – Bu-u... sani sohang boshqa, bizniki boshqa bo‘sa...
– Nima qipti, tirikchilikning aybi bormi? – Temirni issig‘ida bosish uchun boyagidan battar to‘ng‘illadim. Eshik kesakisiga suyanayotib, tag‘in tilimga erk berdim. – Axir, qishlog‘imiz xuddi shaharday. Kim ko‘p – pensioner ko‘p. Har pul tarqatganimda istaganimcha “choychaqa” ishlasam, yana oylik olib tursam, yomonmi? Qaytaga yaxshimasmi, bir o‘q bilan ikki quyonni uraman-ku!
Pochtachi kosa tagidagi nimkosani anglab yetdi shekilli, avvalgidan-da battarroq garangsib, moviy ko‘zlarini mendan olib qochdi. Qizg‘ishtob kipriklari tez-tez pirpirab, qizlarnikidek lo‘ppi yuzlari duv qizardi. Nogoh qo‘lga tushgan o‘g‘ri mushuk singari dam menga, dam joyiga kelib o‘tirgan onamga olazarak boqdi. So‘ngra qaltiroq barmoqlari bilan cho‘ntagini kavladi. Boyagi pulni chiqarib, dasturxon chetiga qo‘ydi. O‘rtaga noqulay jimlik cho‘kdi. Onam nima gapligini tushunib yetdimi, mening qo‘rsligimdan mulzam tortganday, lablarini qimtidi. “Xah, nodon-a!” deganday, oppoq sochli boshini sarak-sarak qildi.
– Kechirasan, ukajon. – Sukunatni pochtachining palag‘da tovushi buzdi. – Buni opangdi o‘zlari ko‘ngildan chiqarib beruvdilar. Men sazalari o‘lmasin, keksalarniki tavarruk bo‘ladi, deb oluvdim. – U pulni ohista oldidan nari surdi. Nigohini yerdan uzib, qaldirg‘och bahorda in qurgan shiftga qadadi. – Mayli, xola, – dedi so‘ngra onamga mo‘ltirab, – endi men boray. Hali tarqatadigan pullarim anchagina. Bu o‘tirishimda egalari mahtal bo‘lib qolishmasin.
Pochtachi shunday deya shosha-pisha oyoqqa qalqdi. Televizor ustidagi almisoqdan qolgan eski sumkasini chaqqon yelkasiga ildi. Onamning “Hoy, andak to‘xta, Davronboy!” deya javrashlariga quloq ham solmadi. Tuflisini apil-tapil kiydi-yu, yovdan qochganday tashqariga otildi. Men indamadim. Loaqal “Xayr” ham demadim.
Pochtachining sharpasi ko‘zdan yo‘qolar-yo‘qolmas, onam menga zahrini sochdi.
– Bu nima qiliq? Bu qanaqa jinnilik? – dedi ko‘zlarimga qattiq tikilib. – Hech jahonda mezbon deganiyam shunchalar qo‘pol bo‘ladimi? Mehmonni izzatlash o‘rniga sharmanda qilib jo‘natadimi? – Uning qoshlari chimirilib, ovozi iztirobli titrab ketdi. – Yomonning kuchi yapaloqqa yetishi rost ekan-da, a? Pulni bergan man bo‘sam, sanga nima?
Onam bu qadar achchiqlanadi, deb o‘ylamovdim. Qilmishimdan ichimda afsuslandim. Ammo so‘nggi pushaymonda ne foyda? Shuni eslab, otdan tushsam-da, egardan tushgim kelmadi.
– Qo‘ysangiz-chi, opa, – dedim xijolat aralash iyagimni qashib. – Nima qilasiz hadeb o‘shaning tarafini olib? Birinchidan, u mehmon emas, “kunda – shunda”, ikkinchidan, pulni siz berganingiz yo‘q. Oldin o‘zi olib, keyin sizga aytdi. Hammasini tashqaridan eshitib turuvdim.
– Oho, zo‘r-ku! Hali yomon xotinday gap poylaydigan odatim ham bor degin. – Onam dasturxonni yig‘ishtirib, tokchaga oborib qo‘yarkan, kinoyali o‘smoqchiladi. – Bexabar ekanman, yaxshi aytding. – Keyin muddaoga o‘tdi. – Xo‘sh, eshitgan bo‘sang, nima bo‘pti, osmon uzilib yerga tushibdimi? Bechora, baribir, mani roziligimni so‘radi-ku. Sho‘rlikkinani nega uyaltirasan? Kelib-kelib, raysabisdi odamiga tuhmat qilgani Xudodan qo‘rqmaysanmi?
Aslida-ku, pochtachi o‘ziga to‘q odam. Uy-joyi binoyidekkina. Bolalari udli-shudli. Voyaga yetganlari toparmon-tutarmon. Oilasi o‘zgalarnikidan to‘kin-to‘kisroq yashasa yashaydiki, yomon emas. Onam shuni bilaturib, uni bir jihatdan notavon-bechoraholga chiqarib qo‘ygani, ikkinchi jihatdan “raysabisning odami” deb ulug‘lagani menga erish tuyuldi. O‘zimni bosolmay, kulib yubordim.
– Tavba, – dedim burnimni jiyirib, – u qanaqasiga sho‘rlik, qanaqasiga raysobesning odami bo‘lsin. Qip-qizil muttaham, qip-qizil yulg‘ich-ku.
– Peshdahanlik qima! – Onamning birdan vajohati o‘zgarib, zarda bilan qo‘l siltadi. – Yoki san o‘zingcha mani hech baloga fahmi yetmaydigan omi kampir hisoblayapsanmi? Shunaqami? Unda bilib qo‘y, manam to‘rtinchi sinfdi bitirganman. Xat-savodim ja sanikichalik bo‘masayam, xudoga shukur, es-hushim joyida. Oqu qorani yaxshi ajrataman.
U so‘nggi so‘zlarini xuddi dugonasi bilan bahslashayotgan yosh qizaloqdek qizishib aytdi. Basma-basiga fikrini isbotlashga kirishdi.
– Bizga pensiyani raysabis belgilab, pul tarqatishni Davronboyga ishonib topshirganmi, axir? Shunday ekan, u raysabisdi odami bo‘lmay, kim bo‘ladi?
Onam o‘z nazdida meni mot qilgach, pochtachi olmay ketgan yuztaliklarga ishora qildi.
– Mana shu zormandaga, – dedi shahodat barmog‘ini niqtab, – nari borsa, ikki qadoq go‘sht keladi. Bu bilan Davronboy boyib ketib, boshqalar och qolmaydi. Parvardigorimdi dargoyi keng, qimirlagan jon rizqini terib yeyveradi.
– Ha, o‘lmang, yashang! – dedim men fursatni boy bermay. – Hamma gap ana shu nasibani kim qanday topishida. Agar Davronboyingiz ikki yuz-uch yuz pensionerning har biridan o‘rtacha ikki yuz so‘mdan shilib qolsa, oyiga, o‘ldim deganda, oltmish ming ishlaydi. Buncha pulni uzzukun daladan beri kelmaydigan dehqon bir mavsumda ham topolmaydi.
– E, qo‘y, qaysi go‘rdagi xomaki hisob-kitoblaringni. Qozilik sanga qoptimi? – Onam tayin haqiqatni atay tan olmaslikka urindi. Sovib qolgan choyni ho‘plarkan, pochtachini oqlashga qayta zo‘r berdi. – Davronboy oddiy pochtachi bo‘sayam, oriyatli yigit. Hammagayam haddi sig‘ib, bunaqa erkalik qilavermaydi, tushundingmi? Har chol-kampirlar borki, bir so‘mdi ustida tikka turadi. Pensiyasi-ku, o‘z yo‘liga, yerdan pul topib osayam, yetti sanab, bir tugadi.
– Ana, bo‘pti-da, – dedim birdaniga jonlanib, – ular haq-huquqlarini yaxshi bilishadi. Sariq chaqasiniyam birovga bekordan-bekor ravo ko‘rishmaydi. Siz esa, teskarisini qilasiz. Duch kelganga achinib, hotamtoylik ko‘rsatasiz. Qo‘yib bersa, og‘zingizdagi oshingizni ham qo‘shqo‘llab tutqazasiz. Koshki, shunga yarasha rahmat eshitsangiz. Masalan, mana shu pochtachiyam, – dedim alohida ta’kidlab, – pulingizni olguncha atrofingizda girdikapalak bo‘ladi. Vaqti kelganda, barcha yaxshiligingizni unutadi.
– Unutmaydi! – Onam so‘zimni keskin rad etdi. Shu zahotiyoq yana takrorladi. – Iymonli odam yaxshilikni hech qachon unutmaydi. – Shunday dedi-yu, qo‘qqisdan hovuridan tushib, bir nuqtaga tikilib qoldi. – Unutsa, – dedi anchadan so‘ng boshini xiyol ko‘tarib, horg‘in-shikasta ovozda, – tepada hammasini ko‘rib-bilib turuvchi Xudo bor. Noshukur bandasining jazosini o‘zi beradi. Birovdi haqi birovga yuqmaydi. Bu dunyoni toshu tarozili dunyo deydilar.
Men bu safar gap qaytarmadim. Ayvondan sekingina sirg‘alib chiqdimu, anorzorga kirib ketdim...
* * *
Ayollar bayrami arafasi edi. Onamning qirqini o‘tkazishga hozirlik ko‘rayotgandik.
Peshin mahali kutilmaganda hovlimizga Davron aka kirib keldi. Birpas o‘choq kavlashga, o‘tin yorishga ko‘maklashgan bo‘ldi. Lekin negadir kayfiyati buzuq, qovog‘i soliq edi. O‘qtin-o‘qtin menga zimdan qarab-qarab qo‘yardi. Bu bejiz emas ekan. Payt poylab, meni chetga imladi. “Biror dardi bordir-da”, degan o‘yda orqasidan ergashdim.
U omborxonamiz yonboshidagi pichan g‘arami oldiga yaqinlashganda yurishdan to‘xtadi. Tevarak-atrofga bezovta alanglab, gapimizni eshitadigan odam yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, yelkamga qo‘lini qo‘ydi.
– O‘ksima, uka, – dedi arqonni uzun tashlab. – Xolam rahmatli jannati ayol edilar. Ularni men ham qattiq hurmat qilardim. Ishqilib, xudo rahmatiga ogan bo‘sin. – Keyin qo‘ynidan gazetaga o‘rog‘lik allanimani chiqarib, menga uzatdi. – Mana, – dedi allanechuk entikib, – malol kelmasa, shu omonatti olib qo‘ysang...
– Nima bu? – Qiziqib, gazeta o‘ramini qo‘lga oldim. Ochib qarasam, bir dasta pul. Nuqul yigirma beshtalik. Ko‘nglim allanechuk bo‘shashib, mujgonlarimga yosh ilashdi.
– Himmatingiz uchun rahmat, Davron aka, – dedim chin dildan minnatdorchilik bildirib. – Faqat behuda ovora bo‘psiz. Xudoga shukur, to‘rt aka-ukamiz, pulga muhtojligimiz yo‘q. Hamma narsa yetarli. – Shunday deya, pulni qaytarib, Davron akani hovli tomon undadim. – Siz, yaxshisi, otamning oldiga kirib, choy ichib o‘tiring. Ish bo‘lsa, yosh-yalanglardan ortmas.
Gapimni tugatib, yo‘l boshlamoqchi edim, u yengimdan tutamladi.
– Shoshma, uka, – dedi qo‘limni qo‘yib yubormay, – men bu pulni senga yordam tariqasida berayotganim yo‘q. Xolamdan olgan qarzlarimni qaytarayapman, xolos.
– Qarz?.. Nima, opamga berasingiz bormidi?
– Ha! Faqat... – Davron aka aybiga iqrorlik keltirganday, nazarini mendan olib qochdi. Shu on kulcha yuzlariga hu birdagidek qizillik yugurdi. – Ochig‘ini aytaymi? – U o‘ychan alfozda oyog‘i ostidagi nam kesakni tuflisining uchi bilan ezg‘ilay boshladi – Bu pullarni qachon, qanday olganimni xolamdi o‘zlariyam bilmasdi. Chunki men qachon pensiya pullarini keltirsam, maydasini ikki baravar kamaytirib aytardim. Opang, ko‘zlari yaxshi o‘tmaganidanmi yoki meni uyaltirmaslik uchunmi, vedomostga qaramay, imzo chekardi. Qolgan maydasini ham menga berardi. Kamiga “Sog‘ bo‘l, bola-chaqangdi orzu-havasini ko‘r!” deb, uzundan-uzoq duo qilardi...
Davron aka bo‘g‘ziga nimadir tiqilganday duduqlanib qoldi. Chuqur yutinib, nafasini rostlagach, so‘zida davom etdi:
– Endi-endi bilsam, o‘sha paytlar g‘irt ahmoqlik qilgan ekanman. O‘z tuqqan onamday mushtipar ayolni salkam o‘n besh yil muttasil aldab kelgan ekanman. Mana, oqibati: xolam qazo qilibdilarki, shu haqda o‘ylayman. O‘ylaganim sayin o‘zimdan o‘zim nafratlanib ketaman. Ko‘pincha tushlarimga kirib chiqadilar. Lekin...
U og‘ir xo‘rsindi. Asta boshini ko‘tarib, ko‘zlarimga iltijoli termuldi:
– Ko‘nglingga gumon kelmasin, bu halol peshona terim. Tunov kuni oylik oluvdim. Iltimos, ra’yimni qaytarma... Zora, shunda ko‘nglim bir oz taskin topsa...
...Taajjub, menga nima bo‘ldi o‘zi? Avval boshim g‘uvillab, keyin quloqlarim tom bitdimikin yoki teskarisi ro‘y berdimikin? Bilmadim, qanday bo‘lgandayam, ayni chog‘ aqlim o‘zimda emasdi. Ro‘paramda Davron aka hanuz kuyib-pishib gapirar, qo‘limga pulni tutqazishga urinar, ammo uning iddaolari qulog‘imga kirmas, tilim kalimaga kelmasdi. Tosh qotgancha onamni o‘ylardim. Xayolan uning atigi to‘rt oy burun aytganlarini takrorlardim: “Tepada hammasini ko‘rib-bilib turuvchi Xudo bor. Nobakor bandasining jazosini o‘zi beradi. Birovdi haqi birovda qolib ketmaydi...”
Es-hushimni yig‘ib olganimda, qarshimda Davron aka yo‘q edi. U sal narida boshini egganicha orqa-oldiga qaramay, pildirab ketib borar, samoda quyosh kulib boqar, qibla tarafdan mayin shamol esar, oyoqlarim ostida esa bir dasta pul sochilib yotardi...
MARMARTOSH
– U-u-uv, hamsoyamdi sharlik bachasi, kelayapsanmi?.. Unda andak to‘xta! Candan bi-i-ittagina iltimosim bor: san shu-u... mani Qayumjonimdi gazitingga bi-ir urib chiqqin, xo‘pmi?..
Har safar shunday bo‘ladi. Mahallamiz sari burilsam, qadamim o‘z-o‘zidan sekinlashadi. Manov kulbaga yaqinlashsam, ko‘nglim buziladi. Anov kampirga ko‘zim tushsa, dilim eziladi. Ammo ilojim qancha – ko‘chamizning boshi berk. Uyimiz esa uning adog‘ida – o‘tish uchun boshqa yo‘l yo‘q!..
Atigi ikki xonali bu kulba men tug‘ilmasimdan oldin qurilgan. To‘rt paxsali, sakkiz bolorli qilib ko‘tarilgan. Yonida oshxonasi, oldida chog‘roqqina bostirmasi bor. Hovlisida qachonlardir karnay-surnaylar chalingan – qo‘sha-qo‘sha to‘ylar bo‘lgan. Go‘shangasida kelin-kuyovlar qovushgan. Beshigida chaqaloqlar ingasi yangragan. Bolalar kulgisi olamni tutgan. Sirasini aytganda, hayot qaynagan. Endi esa...
Hay-hay, oradan shuncha yillar o‘tib ketdimi-a? Fayzli bir xonadon ko‘z o‘ngimda shunchalar zavolga yuz tutdimi-a?.. Sira-sira ishongim kelmaydi. Ayni chog‘da, bor haqiqatni inkor etib ham bo‘lmaydi. Ana, beshafqat taqdir hukmini ko‘ring, ortga qaytmas damlar zahmiga o‘zingiz xolis baho bering: hovli ivirsib-to‘zigan. Sahnini o‘t-o‘lan bosgan, xazon qoplagan. Kulba eskirib, puturdan ketgan. Qamishlari ochilib, ustun va xarilari tob tashlagan. Devorlari sho‘rlab, nuray boshlagan. Darichalari yaqin orada bo‘yoq ko‘rmagan. Oynalari xira tortgan.
Peshtoqdagi anavi – yo‘g‘onligi bilakday, uzunligi ikki quloch keladigan xoda ham menga azaldan tanish. U allapaytlar simyog‘och vazifasini o‘tagan. Endilikda obdon chirigan. Uchi yerga qarab, teskari osilib qolgan. Arang ilinib turgani bois salgina shamolga ham dosh berolmaydi. Har tebranganida ayanchli ingrayotganday tuyuladi. Asabimni egovlab, ko‘nglimga g‘ashlik soladi.
Dahshatlisi keyin ro‘y beradi. Bir tavaqasi qiyshiq taxta darvoza og‘ir g‘ijirlab ochiladi-yu, bo‘sag‘ada jikkakkina kampir ko‘rinadi. U tarashadek qoqsuyak, ajriqday sertomir qo‘llarini manglayiga soyabon qilib, ko‘chaga mo‘ralaydi. Ajindor yuzlarini bujmaytirib, qo‘y ko‘zlarini menga qadaydi. Ruxsorimga uzoq tikiladi. Axiyri, tanib oladi. Qaqroq lablariga tabassum yuguradi. Rangi uniqib, gullari bilinmay ketgan ko‘ylagi barini ko‘tarib, shosha-pisha ostona hatlaydi.
– A-ha, hamsoyamdi sharlik bachasi, – deydi to‘satdan shang‘illagan tovushda, – kelayapsanmi?.. Ja-a yaxshi bo‘pti-da!
U taram-taram yorilgan qop-qora oyoqlaridagi eski kalishining shaloplashiga parvo qilmaydi. Salomimga alik ham olmaydi. Kela solib, he yo‘q-be yo‘q, bilaklarimdan mahkam tutadi.
– Manga qara, – deydi tishsiz og‘zini katta-katta ochib, – san mani Qayumjonimdi bilasan-a? – U oppoq sochli boshini xiyol egib, g‘alati silkitadi. Basma-basiga qoshlarini chimirib, peshonasini tirishtiradi. – E, yo‘q, aftingni burishtirma, bacham, – deydi ingichka bo‘ynini oldinga cho‘zib, – Qayumjonimdi bilasan, hm-m, yaxshi bilasan!
O‘z savoliga o‘zi javob bergach, bir lahza jim qoladi. Nimadandir hadiksiraganday, o‘ng yonboshiga o‘giriladi. Xarob kulbasiga tutash – g‘ishtin devorlari baland, derazalari bahavo-naqshinkor imoratga o‘g‘rincha qarab qo‘yadi. Yana menga yuzlanarkan, sirli jilmayib, ovozini pasaytiradi.
– Man sanga aytsam, – deydi qattiq shivirlab, – mani shu Qayumjonim sa-al noboproq chiqdi. U tul qogan kelinim bilan yetim nevalarimni uydan quvgon. Bo tag‘in, otasini urgon. Tunovginda maniyam urmoqchi bo‘ldi. Ammo hurmatimni qildi – urmadi. Faqat so‘kdi, yamo-on so‘kdi... I-i, ha, sanga nima bo‘ldi, nega qovog‘ingni uyasan?.. Nega tumshayasan? – U yelkamga qoqib, o‘z nazdida meni yupatadi. – Qo‘y, hecham achchiqlanma, bacham. Qayumjon begonamas, o‘zimdi o‘g‘lim-ku, oxi. So‘kkani bilan biror yerim kamayib qomaydi-ku, to‘g‘rimi?.. Ha, yasha!..
Kampir mamnun iljayadi. Qo‘llarimni qo‘yib yuborib, yelkasiga sirg‘alib tushgan kir doka ro‘molini qayta tang‘iydi. So‘ngra qulog‘imga engashadi.
– Bo‘masa, kelishdik-a, – deydi ko‘ksiga yengilgina shappalab. – Man roziman, san Qayumjonimdi gazitga bo-oplab urib chiq. Lekin-chi... – U birdan o‘ng qo‘lini yelkasi baravari ko‘tarib, ko‘rsatkich barmog‘ini dikkaytiradi. Shu turishida meni jiddiy ogohlantiradi. – Ja qattiq yamonlab yuborma, xo‘pmi. Qayumjonim aslida yaxshi bala, eshitib qosa, xapa bo‘ladi, tushundingmi, bacham?!.
U tasdig‘imga ilhaq bo‘lib, ko‘zlarimga uzoq termuladi. Yig‘lamoqdan beri bo‘lib, nochor kulimsirayotganimni sezib qolgach, avrashga o‘tadi.
– Gapimga ko‘nsang-chi, man sani duo qilaman... Yo sirg‘amdi beraymi? – deya o‘ng qulog‘idagi qorayib ketgan baldog‘iga qo‘l yugurtiradi. – Yo‘q, to‘xta, yaxshisi-chi, boshqa ish qilamiz. Man sanga o‘ynab beraman. O‘yinimdi ko‘rsang, qoyil qolasan. Mana, qarab tur, mana, mana...
Kampir dadil qad rostlab, orqaga chekinadi. Mayda chag‘ir toshli ko‘chaning o‘rtasiga borgach, to‘xtab nafas rostlaydi. Yirtiq kalishini yechadi-da, ko‘ylagi etagini ko‘tarib, lippasiga qistiradi. Uchlariga so‘lkavoy tanga osilgan, engashganida ko‘ksiga tushib qolgan ikki o‘rim sochini bir siltanib, ortiga o‘tkazadi. Qulochini keng yoyib, qo‘llarini boshi uzra dast ko‘taradi. So‘ngra xuddi yosh raqqosa misoli goh uzun-ingichka barmoqlarini qisirlatib, goh siyrak qoshlarini uchirib, im qoqadi. Yelkalarini galma-galiga silkitib, muqom qiladi. Pirovardida, shaddot qizlardek sho‘x qiyqiradi-yu, chir aylanib, raqsga tushib ketadi. Biroq ko‘p o‘ynamaydi. Besh-olti qur shox tashlagach, taqqa to‘xtaydi. Go‘yo shirin uyqudan cho‘chib uyg‘ongan odamdek birdan hushyor tortadi. Mendan hafsalasi pir bo‘lganday, qovoq uyib xo‘mrayadi. Allanimalarni g‘udrangancha, yuzini ters o‘giradi. Zax devor poyiga holsizgina cho‘kadi-da, ma’nosiz ko‘zlarini yerga qadaydi. Shu ko‘yi jonsiz haykaldek tosh qotadi.
Men uning ahvolini ko‘rib, ich-ichimdan zil ketaman. Bir burdagina bo‘lib, mung‘ayib o‘tirishiga astoydil achinaman. Shu bilan birga, hargiz yordam berolmasligimdan, jilla qursa, ko‘nglini ko‘tarolmasligimdan afsuslanaman. Afsuslanamanu, qo‘limdan hech narsa kelmasligi bois noiloj yo‘limda davom etaman. Zum o‘tmay, ortimdan yig‘i aralash faryod ko‘tariladi. Betizgin nolalar yurak-bag‘rimni o‘rtab yuboradi:
– Vo, balam-a, vo, balaaam! O‘ttizga to‘lmay go‘rga kirgan balaaam! Otasiga qo‘shmozor bo‘lgan balam. Mani yolg‘izlatib ketgan balam. Bachalarini bo‘zlatib ketgan balam... Vo, balam-a, vo, balaaam!..
Yo‘q, endi u boyagi telba kampirga sira-sira o‘xshamaydi. Endi uning ko‘z yoshlari haliveri to‘xtamaydi. Endi u hasrat-armonlarini yig‘lab-yig‘lab aytadi. Shunchaki yig‘lab emas, bag‘ri xun bo‘lib, yuragi qon bo‘lib aytadi.
Men bu ayolni mushtdayligimdan yaxshi bilaman. G‘am-anduhlari sababini yaxshi tushunaman. Inchunin, qachon uning oh-zorini eshitsam, iztirobli o‘ylarga tolaman. Bir zumda necha yillar ortga qaytib, past bo‘yli, chillakday ozg‘in, qop-qora bolakayga aylanib qolaman.
* * *
Esimni tanib, bu oila to‘g‘risida onamdan eshitganim shu: Cotim bobo bilan Nisolat xola og‘zi oshga yetganda burni qonaganlardan. Kenjatoylari – Soyibjon aka ularning peshonalariga sig‘magan. Ikkinchi farzandi tug‘ilishi arafasida avtomobil falokatiga uchrab nobud bo‘lgan.
Men Soyibjon akani mutlaqo eslolmayman. Chunki u paytlar hali tili chiqmagan go‘dak bo‘lganman. Akasini esa yaxshi taniyman. Ismi – Abduqayum. Yoshi qirqlarda. Novcha bo‘yli, to‘ladan kelgan, qorin qo‘ygan kishi. Serfarzand – besh o‘g‘li, uch qizi bor. Ota-onasi bilan bir hovlida yashaydi. Bitta eshikdan kirib chiqadi. Faqat ro‘zg‘ori bo‘lak. Chap qo‘ldagi tunuka tomli dang‘illama imorat uniki, kunbotar tarafdagi ko‘rimsizgina uy chol-kampirniki. Ular beva kelinlari – Hanifa yanga hamda sag‘ir nevaralari bilan birga turishadi.
Nisolat xola onamning oldiga tez-tez kelib turardi. Dam-badam kenjasini eslab, ko‘z yoshi to‘kardi. Ikkovlon past ovozda uzoq-uzoq dardlashardi.
Men avvallari bolaligimga borib, ularning gurungiga e’tibor bermasdim. Bora-bora achchiq bir haqiqatdan ogoh topganday bo‘ldim. Qulog‘imga elas-elas chalingan gaplaridan sezishimcha, Nisolat xola endi ko‘proq Abduqayum akadan zorlanardi. Uning ichkilikka ruju qo‘yganidan, Hanifa yangaga kun bermayotganidan nolirdi.
Onaxonning qayg‘urishlari bejiz emas ekan. Alqissa, bir oqshom uydagi gap ko‘chaga chiqdi. Abduqayum aka nima uchun Hanifa yangani yoqtirmasligi elga oshkor bo‘ldi.
Adashmasam, beshinchi sinfga o‘tgan yilim edi. Hali uch oylik ta’til tugamagandi. Mollarni boyagina daladan haydab kelgandim. Onam sigirimizni kun botmasdan sog‘ib olishga shoshilayotgandi. Men esa sal berida targ‘il buzoqchamning arqonidan ushlab turgandim. U boya emganida sutga to‘ymaganidan hadeb onasining yeliniga qarab tortqilanardi.
Kutilmaganda temir darvozamiz daranglab ochildi-yu, ukam ko‘chadan yov quvganday, hovliqib kirib keldi.
– Opa! – dedi bostirma tomon yurarkan, hovlini boshiga ko‘targuday vajohatda baqirib. – Hanifa yanga tayinlab yubordi. Tezda ularnikiga borarkansiz...
Onam sigir sog‘ishdan to‘xtab, ukamga qaradi:
– Nima bo‘pti, gapi ja zaril ekanmi?
– Bilmasam, – ukam yelkasini qisib, labini burishtirdi. Paxmoq sochli boshini qashirkan, tusmolga zo‘r berdi. – Qayum aka yana ichvolib, to‘polon qilayotganmishmi-ey, bolta ko‘tarib, hammangni chopib tashlayman deyayotganmishmi-ey...
– Voy, o‘lmasam! Voy, sho‘rim! – Onamning rangi-ro‘yi quv uchdi-yu, shoshib o‘rnida turib ketdi. Shu asno tizzasidagi chelak chayqalib, sutning anchasi yerga to‘kildi. Lekin onam bunga parvo qilmadi. – Halitdan beri ezmalanmay, shuni aytsang, o‘lasanmi, zumrasha? – dedi mushtini do‘laytirgancha ukamga o‘dag‘aylab. – Yo mast odam hech narsadan qaytmasligini bilmaysanmi?
U qo‘lidagi paqirni shosha-pisha og‘ilxona xarisiga bog‘langan simga ildi-yu, ko‘chaga otildi. Men hamon bezovta tipirchilayotgan buzoqchamni qo‘yib yubordim-da, tekin tomoshadan quruq qolmaslik uchun onamning ortidan yugurdim. Ukam turgan joyida angraygancha qolaverdi.
Onam ikkimiz Sotim bobonikiga oldinma-keyin kirib borganimizda qiyomat qoyim avjiga chiqqandi. Nisolat xola hovlining o‘rtasiga cho‘kkalab olgancha, qo‘llarini tizzalariga urib dod solar, yig‘i aralash gapirib, nuqul peshayvon tomon ishora qilardi. Aftidan, u hozir odam taniydigan ahvoldamas, o‘zi bilan o‘zi ovora edi. Oldi ochiq peshayvondan esa, Abduqayum akaning ”O‘ldiraman, hammangni o‘ldiraman!” degan hayqirig‘i eshitilardi. Uning sochlari to‘zg‘igan, malla yuzlari g‘azabdan bo‘g‘riqib ketgandi. Eng dahshatlisi, u otasini tagiga bosib olib, goh yuziga musht tushirar, goh tizzasi bilan biqiniga tepardi. Sotim bobo har kaltak yeganida bemajolgina ingrardi. Poygakda sopi singan bolta yotardi.
Men kattalarning yoqalashganini hech ko‘rmagandim. Shundanmi, qo‘rqib ketdim. Peshayvon ostonasiga qadam qo‘ydimu tizzalarim qalt-qalt titrab, kirgan joyimda qotib qoldim.
Onam birinchi navbatda boltani olib, tomorqadagi pomidorlar orasiga uloqtirdi. So‘ngra jon alfozda Abduqayum akaga yopishdi.
– Hoy, Qayumjon! Hoy, ukajon! Manga qarang,– dedi bor kuchi bilan uning yelkasidan tortqilarkan, yalinch ovozda. – Aql-hushingizni yig‘ing, otangizni urmang. Bir umrlik isnodga qolasiz-a...
Abduqayum aka Sotim boboni bir zumga qo‘yib yuborib, onamga chaqchaydi.
– Qoching, nari turing, birovdi ishiga aralashmang, yanga! – dedi ilonday vishillab. – Sizni bu yerga kim chaqirdi o‘zi?.. – Uning chaqchaygan qon to‘la ko‘zlarida qahr o‘ti yonib, og‘zidan ko‘pik sachradi. – Yo‘qoling!
U jahl bilan qattiq siltangandi, onam orqasiga qalqib ketdi. Lekin yiqilmadi. Abduqayum aka Sotim boboga yana musht tushirganini ko‘rib, avzoyi o‘zgardi.
– Hali shunaqami?!. – dedi-da, vajohat bilan raqibining sochlariga chang soldi.
Onam shu tobda buncha kuchni qaerdan olganini bilmadim-u, ammo g‘o‘labirday odamni dast ko‘tarib, chetga bir qop paxtaday yengilgina uloqtirib yuborganini aniq ko‘rdim. Abduqayum aka naq oyog‘im tagiga uchib tushdi. U yerga yiqilayotgan chog‘i dimog‘imga tamaki aralash allaqanday qo‘lansa hid gup etib urildi. Ko‘nglim behuzur bo‘lib, qusib yuborishimga sal qoldi.
Onam fursatni boy bermadi. Yugurib kelib, hali o‘zini o‘nglashga ulgurmagan Abduqayum akaga tashlandi. Uning qo‘llarini chapdastlik bilan orqasiga qayirib, o‘zini yuztuban yotqizdi-da, bor og‘irligini tashlab, beliga o‘tirib oldi. Baribir tanho o‘zi bas kelolmasligiga ko‘zi yetdimi, najot kutganday atrofga olazarak alangladi. Menga ko‘zi tushdi-yu, bor ovozda o‘shqirdi:
– Nega serrayib turibsan? Undan ko‘ra, chop, erkaklarni chaqir!
Abduqayum aka onamning gapidan battar tutaqib ketdi.
– Qo‘limdi qayirmang, sochimdi qo‘yvoring! – dedi yerga qarab yotgan joyida bo‘g‘izlanayotgan tuyadek bo‘kirib. – Manga desa, odamlar tugul Xudoni chaqirmaysizmi. Bunaqa otaning boridan yo‘g‘i yaxshi. Baribir, bu hovlini anavi megajinga bermayman. Itvachchalari bilan birga urug‘ini quritaman. – U yotgan joyida tishlarini g‘ijirlatib, tomirlari o‘qlovdek o‘ynab chiqqan bo‘ynini taxmon sari burdi.
Men yalt etib, o‘sha tarafga qaradim. Shundagina Hanifa yangani ko‘rdim. U o‘g‘li bilan qizini bag‘riga bosgancha, burchakka tiqilib o‘tirar, nuqul qalt-qalt titrar, qo‘rqinch to‘la ko‘zlari bir nuqtaga qadalib qolgandi. Uning pinjiga suqilib, boshlarini qo‘llari bilan berkitib olgan bolalarining yig‘lashga ham majoli qolmagandi...
Xayriyat, qo‘ni-qo‘shnilar yordamga yetib kelishdi. Hamon quturib tortqilanayotgan Abduqayum akani ko‘plashib hovliga sudrab chiqishdi. So‘ngra kaltakdan hushini yo‘qotgan Sotim boboni o‘rnidan ko‘tarishdi. Ko‘tarishdi-yu, hammalari birdek oh tortib yuborishdi. Negaki, uning ortiga qayrilgan qo‘llari sim bilan bog‘langan, momataloq bo‘lib ketgan bilaklari qip-qizil qonga belangandi.
Bu vahshiylikni ko‘rib, onam chiday olmadi. Butun vujudi titrab-qaqshab, Abduqayum akaga ro‘baro‘ bo‘ldi.
– Bunchalar qattol bo‘lmasang, imonsiz? – dedi uni sansirab. Bu bilan ham qanoatlanmay qarg‘ashga tushdi. – Iloyo, otaga ko‘tarilgan qo‘llaring sinsin sani! Iloyo, u dunyo-bu dunyo kosang oqarmasin, vijdonsiz! Satqayi odam ket, nokas! – Shunday deb, qo‘qqisdan Abduqayum akaning yuziga tupirdi. Keyin katta-katta odimlagancha, dodlayverib holdan toygan Nisolat xolaga yaqinlashdi.
Hovlining o‘rtasiga cho‘kkalab qolgan Nisolat xola ikki qo‘lini yerga tiragancha enkayib o‘tirardi. Negadir endi ovozi chiqmay qolgandi. Onam uning qarshisiga cho‘kib, yuz-ko‘zlariga sinchkovlik bilan tikildi. Tikildi-yu, ko‘ngli qandaydir dahshatni sezganday, lablarini qimtib, alam bilan bosh chayqadi. Qaddini tiklab, loy supa chetida o‘tirgan ko‘yi hamon allanimalarni g‘ingshiyotgan Abduqayum akaning oldiga bordi. Uning ko‘ziga nafrat bilan boqarkan:
– Onangni nima qilib qo‘yding, ahmoq! U bechoraga endi shu ko‘rgulik ham bormidi? – dedi-yu, o‘zini tutolmay yig‘lab yubordi...
* * *
Orqavarotdan eshitishimcha, ertasi ertalab milisadan odamlar kelishibdi. Uy egalari bilan suhbatlashib, allaqanday qog‘ozlar to‘ldirishibdi. Nisolat xola loaqal bir og‘iz gapirmabdi. Yig‘lamabdi ham. Yerga tikilganicha, jimgina o‘tiraveribdi. To‘shakka mixlangan Sotim bobo esa, o‘g‘lini olib ketishlariga ko‘nmabdi. ”To‘rimdan go‘rim yaqin qolganda, o‘z pushti kamaridan bo‘lgan bolasini qamatgan, degan tavqi la’nat orttiraymi? Qolgan nevaralarimni ham tirik yetimga aylantiraymi?.. Yaxshimi-yomonmi, o‘g‘limga da’vom yo‘q. Nimaiki o‘tkazgan bo‘lsa, qaytar dunyoga soldim. Faqat mendan keyin onasini xo‘rlamasa, bo‘lgani,” debdi.
Ota boyaqishning ahvoli o‘ziga ayon bo‘lgan shekilli, ko‘p yashamadi. Tepki yeganda jigari ezilib ketgan ekan – kech kuzakda qon qusib, jon berdi. Uning qirqi o‘tar-o‘tmas, qishloqda g‘alati mish-mishlar tarqaldi: ”Nima deysan, Nisolat kampirning esi kirdi-chiqdi bo‘lib qolganmish... Abduqayum Hanifani yana turmushga chiqishga ko‘ndirganmish... Onasini, jununi qo‘zigan paytlarda, arqon bilan bog‘lab qo‘yarmish...”
Xullas, ”Xudo ursayam, qo‘shqo‘llab uradi,” deganlari rost ekan. Shum qismat bu safar ham Nisolat xolaga shafqat qilmadi. Oradan necha yoz-necha qish o‘tsa-da, bechoraning ahvoli o‘nglanmadi. Bora-bora hamma uning uyi bo‘sag‘asida mung‘ayib o‘tirishiga, goh-goho telbavor ko‘cha kezishlariga ko‘nikdi. Men ham bu ayolning almoyi-jalmoyi iltimoslarini sabr bilan tinglashga o‘rgandim.
Bundan to‘rt yilcha muqaddam tag‘in-da noxushroq xabar eshitdim: Nisolat xola qay bir oqshom uyidan tentirab chiqib ketibdi-yu, qaytmabdi. Tirigi ham, o‘ligi ham topilmabdi. U yo‘qolib qolganmish...
Shu-shu, aqli ojiz esa-da, qo‘l-oyog‘i butun keksa ayol quduqqa tushgan ignadek badar ketdi.
* * *
Odamzotning tabiati qiziq. Mavridi kelganda, yaxshilikni unutib, qabihlikni kechirib ham yuboraveradi. Biroq bu safar unday bo‘lmadi. Mahallamiz ahli Nisolat xolani esdan chiqarmadi. Aniqrog‘i, bunga sharoitning o‘zi yo‘l bermadi.
Qishloqqa navbatdagi borishimda ajabtovur voqeaning shohidi bo‘ldim. Onam meni hovlida odatdagiday o‘pib-quchoqlab qarshiladi-yu, negadir uyga kirib, dasturxon yozishga shoshilmadi. Xayoli parishon, boqishlari ma’yus-mahzun edi.
– Choyingni kelib icharsan, bolam, – dedi anchadan keyin o‘ychan ohangda. – Ungacha, quyosh botmasdan Qayum akangnikiga birrov kirib chiq. Harqalay, qo‘ni-qo‘shnichilik – ming yilchilik. Tag‘in o‘pkalab, gina qilib yurmasin.
– Tinchlikmi? – hayron bo‘lib so‘radim.
– Bandasining ahvoli shu-da, bolam, – Onam javob berishga shoshilmay, chuqur xo‘rsindi. – Bu dunyoga hech kim ustun bo‘lolmaydi. O‘lim haq! Ayniqsa, ota-ona mo‘rt keladi. Ularning oldin o‘lmog‘i farzandlar uchun meros hisoblanadi.
Onamning arqonni uzun tashlashidan battar betoqatlandim.
– Nima gap o‘zi? Ochiqroq qilib aytsangiz-chi, opa, – dedim sabrim chidamay.
– Sanga qanday tushuntirsamikin. Shu... – Onam yana kalovlandi. Hovlimiz etagidagi rayhonlarga nazar tashlagancha jim turib qoldi. – Ha-ya, – dedi anchadan keyin bir oz dadillashib, – uch kun burun Nisolat xolang qazo qildi. Bugun ertalab xudoyisini o‘tkazdik.
Quloqlarimga ishonmadim:
– Kim dedingiz?.. Axir, Nisolat xola...
Onam bu safar meni ortiqcha mahtal qilmadi.
– Nisolat xolang yo‘qolmagan ekan. Qayum o‘lgur o‘shanda uni o‘z qo‘li bilan jinnixonaga topshirib kep, qishloqqa shunaqa gap tarqatgan ekan.
– Yo‘g‘-e?.. – Hayratdan og‘zim ochilib qoldi..
– Rost, o‘g‘lim, rost! – Onamning ovozi negadir dag‘allashdi. – Bizam ana shunisidan dog‘damiz-da. Qayum qattol hech kimga bildirmay, vaqti-vaqti bilan yashirincha xabar opturarkan. O‘sal bo‘p qogach, noiloj uyiga opkepti.
Onam o‘pkasi to‘lib, og‘ir entikdi. Yengini tutamlab, yuzlariga bosdi. Ko‘z yoshlarini artgach, gapida davom etdi.
– Sho‘rtaygina toza qaribdi. Bir hovuch suyakdan parqi qomabdi. Oxirgi nafasi oldidan es-hushi o‘ziga keganday bo‘ldi-yu, hech qaysimizni tanimadi. O‘zim boshida turgandim, omonatini beozorgina topshirdi. Bir navi bu dunyoning azoblaridan xo‘p qutuldi, bechora.
Onam o‘rnidan turib ichkariga yo‘l olarkan, o‘zi bilan o‘zi gaplashayotgandek iltijo qildi:
– E, Xudo! Ishqilib, bunaqa ko‘rguliklardan o‘zing asra!..
Qancha vaqt xayollar og‘ushida qolganimni bilmayman, bir mahal kimdir yelkamdan ohista turtganday bo‘ldi. O‘girilib qarasam, onam. Taxi buzilmagan yangi do‘ppini uzatib, ro‘paramda turibdi:
–O‘lim hammaning boshida bor savdo, bolam. Bora qol endi, hayallamay kirib chiq. Manavini boshingga kiyib ol...
* * *
Abduqayum aka men bilan ko‘rishayotib, o‘pkasini bosolmadi. ”Mehribonginamdan ayrilib qoldim, ukajon!” deya hiqillab yubordi.
Tilovat qilgach, unga zimdan razm soldim: azadorligi bilinib turibdi – egnida qora to‘n, boshida ko‘k baxmal do‘ppi. Belini qo‘sh belbog‘ bilan mahkam bog‘lab olgan. Yuzlari so‘lg‘in. Ko‘zlari qizargan. Ora-sira o‘ksik xo‘rsinib, kimnidir kutayogandek, nimanidir izlayotgandek, yon-veriga olazarak boqadi.
Bilmadim, negadir ikkimizning suhbatimiz qovushmadi. Uzrimni aytib, o‘rnimdan qo‘zg‘aldim. U meni kuzatishga chog‘landi. Darvozaga yaqinlashgach, iymanibgina so‘z qotdi:
– Uka, sandan bitta iltimos qisam, maylimi?
– Qo‘limdan kelsa, bemalol!
– Can... nima desamikin?.. Ha, katta shaharda yashaysan-ku, – dedi paydar-pay gapirib. – Bo‘sh vaqtingda erinmay bir surishtirib ko‘r-chi, mabodo, o‘sha tomonlarda durustroq marmartosh topilmasmikin?
Hayron bo‘lib, beixtiyor yurishdan to‘xtadim:
– Marmartoshni nima qilasiz?
– Ha, endi-i... o‘zingdan qolar gap yo‘q, buyam bir yaxshi niyat-da. – U qo‘llarini qovushtirib, qorni ustiga qo‘ydi. Nigohini mendan uzib, boshini egdi. Bo‘ynini qashlash bahonasida chol-kampirning umri o‘tgan xaroba kulbaga o‘g‘rincha nazar tashlab qo‘ydi. – Shu-u... ochig‘ini aytsam, otam bilan onamga yodgorlik o‘rnatmoqchiydim... Qimmat bo‘sayam, mayli, xarajatidan qochmayman. Faqat biri kulrang, biri qora – ikkita chiroylisidan tanlashga yordamlashsang, degandim...
Ajab, xuddi shu lahza birov bexosdan peshonamga qulochkashlab musht tushirib yuborganday, miyam shang‘illab ketdi. Ko‘zlarimni katta-katta ochganimcha, Abduqayum akaga angrayib qarab qoldim. Men hech qachon bunaqa bo‘lishini kutmagandim. Bir parcha yer uchun otasini ayovsiz do‘pposlagan, kelini va jiyanlarini ko‘chaga haydagan, o‘z tinchini ko‘zlab onasini jinnixonaga joylashtirishdan toymagan odamdan shunaqa gap chiqishini xayolimga keltirmagandim. Jilla qursa, endi tavbasiga tayanar, el-yurtdan uyalar, marhumlar ruhini tinch qo‘yar deb o‘ylagandim.
Afsus, u hech narsa bo‘lmaganday, o‘tmishini butkul unutganday, hamon bo‘ynini qisib gapirar, iltimosini takrorlar, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, xolis xizmatim uchun allaqancha pul va’da qilardi. Men esa bu yerdan tezroq, iloji boricha, tezroq ketishni istardim.
Nihoyat, o‘zimda jur’at topdim. Qayum akaning qo‘llarini jahl bilan siltab tashlab, tashqariga qadam bosdim. Ayni damda go‘yoki mo‘‘jiza ro‘y berdi: Nisolat xola tirilib kelganday bo‘ldi-yu, quloqlarim ostida uning tanish ovozi yangradi:
– O‘u-uv, hamsoyamdi sharlik bachasi, kelayapsanmi? Unda andak shoshma. San mani Qayumjonimdi gazitingga bi-ir urib chiqqin, xo‘pmi? Lekin-chi, ja qattiq yamonlab yubormagin. U aslida yaxshi bala, tushundingmi?..
Men ikki o‘t orasida nima qilarimni bilmay, boshi berk ko‘chaning qoq o‘rtasida turib qoldim...
TAROZI PALLASI
Kim bilsin, ehtimol, bunda qandaydir sir-sinoat bordir. Ehtimol, “Har naqlda bir hikmat mujassam!” deganlari rostdir. Nima bo‘lgandayam, bizning bilganimiz shu: onam vafot etgan yili anorlarimiz chandon gulladi. Hatto, avji saratonda ham birorta nishonasini to‘kib yubormadi. Kuzga borib, har doimgidan mo‘l hosil tugdi. Har anorlarki, kattaligi naq choynakdek. Kamida yarim kilo tosh bosadi. Po‘stloqi nimtatir oq, nimtatir pushti rangda. Biram chiroyli, biram silliqki, ko‘rsangiz, havas qilasiz...
Biroq, ming afsuski, quvonchimiz ko‘pga cho‘zilmadi. “Har to‘kisda bir ayb!” deganlaridek, kuz arafasida anorlarimizga go‘yo ko‘z tegdi. Pishar chog‘i xuddi kovul misoli yoppasiga yorilib keta boshladi. Biz nima qilarimizni bilmay shoshib qoldik. Negaki, anor o‘ta nozik meva. Salgina zaha yesa yoki yorilsa, tamom-vassalom! Ikki-uch kundayoq girdini mog‘or bosadi. Hayal o‘tmay, o‘z-o‘zidan chiriydi. Bunday holda uni uzoq saqlash dargumon. Eng yaxshi chorasi – tezroq sotib yuborish kerak.
Xullas, onamning yo‘qligi shu o‘rinda ham bilindi. Oxiri bo‘lmadi. Onamning ta’biri bilan aytganda, “jannatda bitgan beozor ne’mat”ning uvolidan qo‘rqdik. Bir chekkasi yil – o‘n ikki oylik qo‘shimcha mehnatimiz samarzoe ketishini istamadik. Aka-ukalar o‘zaro maslahatlashib, gapni bir joyga qo‘ydik. Ishdan bo‘sh vaqtimizda galma-gal bozorga chiqib, anor sotishga ahd qildik.
Qarabsizki, men ham umrimda qilmagan yumushimga qo‘l uradigan – savdo-sotiq bilan shug‘ullanadigan bo‘ldim. Shu maqsadda shanba kuni tongsahar gardkamiga ish tutdim. O‘ttiz kilocha anorni qoplab, yo‘lga tushdim.
Bozorga yetib borgach, mevafurushlar safidan o‘rin oldim. Anorimning bir qismini peshtaxta ustiga terayotib, negadir o‘zimni noqulay his etdim. Chunki bu yerni ham haqiqiy dehqonlar emas, odatdagiday kunda-shunda olibsotarlar egallab olishgandi. Ular orasida begonaga o‘xshab qoldim. Nazarimda, hammasi mening xatti-harakatimni zimdan kuzatayotganday, savdoga no‘noqligimni ko‘rib, miyig‘ida kulayotganday tuyulaverdi. Ammo, iloj qancha, boshga tushganini ko‘z ko‘radi. Taqdirga tan berib, rastaga qovushmayroq turaverdim.
Vaziyatga birmuncha ko‘nikkach, yon-verimga razm soldim. Hali erta bo‘lgani uchun havo etni junjiktiradigan darajada salqin edi. Keng sahnli maydonda oluvchidan ko‘ra sotuvchi ko‘proq edi. Shunday esa-da, bozor allaqachonoq o‘z hayoti bilan yashar, katta-kichik, yoshu qari – tinmay qimirlardi. Tirik jon borki, loyiq-noloyiq molini maqtab, xaridor chorlardi. Ana, huv burchakdagi shiyponi yapasqi gummaxona ayvonida olov gurillaydi. Qozondan oppoq tutun burqsiydi. Havoda dog‘langan yog‘ isi anqiydi. Sal narida joylashgan tamaddixona oshpazining qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Tayyor zirvakka guruch bosib, ustidan sirtini kir qoplagan chelakda suv quyadi. Uning naynov shogirdi, uyquga to‘ymagan shekilli, og‘zini karnayday ochib, nuqul xomuza tortadi. Temir o‘choqqa erinibgina tarasha qalaydi. Qo‘radagi toshko‘mir cho‘g‘ini zo‘r berib yelpiyotgan baqaloq yigitning esa parvoyi-palak. Qo‘li ishda-yu, xayoli boshqa yoqda. Go‘shtu yog‘ suqilgan sixlarni dasta-dastalab aylantirarkan, orqa-oldiga qaramay, ora-chira o‘zicha baqirib qo‘yadi:
– Kep qoling, op qoling, svejiy shashlik!.. Yeganlar darmonda, yemaganlar armonda!..
Basma-basiga yertandir boshida kuymalanayotgan somsapazning xirqiroq ovozi yangraydi:
– Zak-kaz somsa!.. Qora qo‘chqorning dumbasi solingan zak-kaz somsa!..
Unga savat ko‘targan bolakay chiyildoq tovushda jo‘r bo‘ladi:
– Jizzali patirning dodasi bizdan, tanlab olishi sizdan!. Kep qoling, op qoling, pulingiz yoningizda ketadi!..
Ochig‘i, o‘zimga anchadan buyon tanish bu manzarani ko‘rib, zerika boshladim.
...Ko‘p o‘tmay, uzoqdan ko‘zga tashlanib turgan tog‘ ortidan oftob mo‘raladi. Borliq nurga chulg‘andi. Yerdan nam ko‘tarilib, kun ilidi. Bozor gavjumlashgani sayin g‘ala-g‘ovur kuchaydi. Shovqin-suronga o‘rganmaganim tufayli quloqlarim g‘uvilladi. Chakkamga sim-sim og‘riq kirdi. O‘zimni chalg‘itish ilinjida odamlarni kuzatishga zo‘r berdim.
Bir payt oq-sariqdan kelgan, ellik-ellik besh yoshlar chamasidagi barvasta qomatli kishi diqqatimni tortdi. Uning qoshu ko‘zi chiroyli, istarasi issiqqina edi. Yana deng, ziyolilarga xos – orasta kiyinib olgandi: egnida tekis dazmollangan kulrang kostyum-shim, oyog‘ida zulukdek yarqiragan tufli. Tuguni yo‘g‘on timqora bo‘yinbog‘i oppoq ko‘ylagiga yarashib tushgan. Mosh-guruch sochlari kalta taroshlangan, yonboshiga silliq taralgan. Bir qo‘lida charm papka, ikkinchisida qalin matodan tikilgan bo‘sh xalta.
U darvozadan kiriboq, biz tarafga burildi. Peshtaxtalarga batartib terilgan noz-ne’matlarga ko‘z qirini tashlagan ko‘yi, rastalarni oralab, to‘g‘ri yurib kelaverdi. Menga yaqinlashgan mahali qadamini sekinlashtirdi. Ammo to‘xtamadi. Bir oldimdagi anorlarga, bir yuzimga qaradi-yu, indamay o‘tib ketdi. Qator adog‘iga yetgach, yana iziga qaytdi. Ro‘paramga kelganida odimlashdan to‘xtab, papkasi bilan xaltasini chap qo‘ltig‘iga qistirdi. Namunaga kesib qo‘yilgan anorlardan yirikrog‘ini shoshilmasdan qo‘liga oldi. Barmoqlari uchida aylantirib, obdon tekshirdi. So‘ngra besh-olti donasini uqalab, og‘ziga soldi.
Men fursatni bor bermay, uning ko‘nglini iydirishga intildim.
– Keling, aka, – dedim jonlanib. – Hammasi yaxshi pishgan. Eng zo‘ri. “Tuyatish” xilidan. – O‘zimcha mulozamatni qoyillatgach, muddaoga o‘tdim. – Nechchi kilo tortay?
Xaridor javob qaytarishga shoshilmadi. Og‘zidagi anorni bafurja chaynarkan, ko‘zlarimga sinchkov termuldi. Luqmasini yutib, shiringina tamshanib qo‘ygach, tomdan tarasha tashlaganday, dabdurustdan meni savolga tutdi:
– Kechirasiz, uka, bulardi egasi kim?
Kutilmagan so‘rovdan ensam qotdi. Jahlim qo‘zib, lablarim pirpiradi.
– Kim bo‘lardi, menman! – dedim zardali to‘ng‘illab. – Mana, qarshingizda turibman.
Shubhasiz, oxirgi jumlani “Ko‘zing ko‘rmi?” qabilida aytdim. Biroq xaridor zarracha pinak buzmadi. Loaqal, aftim burishganiga ham, ovozim dag‘allashganiga ham e’tibor bermadi. Bil’aks, gapimga ishonmaganday, sirli jilmaydi. Kesilgan anorni avaylabgina joyiga qo‘ya turib, tag‘in ezmalandi:
– Malol kelmasa, ayting-chi, siz qaysi qishloqdansiz?
Hayratim battar oshdi. Xayolimdan “Nima balo, bu odam tekshiruvchilardanmi, meni olibsotar gumon qilayapti, shekilli!” degan noxush fikr o‘tdi. Jizzakiligim tutsa-da, shaytonga hay berdim. Tishimni tishimga bosib, qishlog‘imiz nomini aytdim. Ortidan, har ehtimolga qarshi, o‘smoqchilab “Uzumini yeng-u, bog‘ini surishtirmang, qolaversa, hozir bozor iqtisodiyoti sharoitida yashayapmiz, aka!” deya qo‘shib qo‘ydim.
Ajab, xaridor bu safar ham kesatig‘imga parvo qilmadi.
– O‘zimam shunaqa bo‘lishi kerak, deb o‘ylovdim. – U taxmini to‘g‘ri chiqqanidan xursandligini yashirmadi. Qaddini kerib, kaftini kaftiga ishqadi. – Har qalay, – dedi g‘olibona kulimsirab, – men bu anorlarni hech qachon adashtirmayman. Doimo ko‘rinishi-yu rangidan bemalol ajratib olaman. Ularni sotadigan ayolni ham yaxshi bilaman. – Shunday deya onamning ismini tilga oldi.
Men daf’atan hushyor tortdim. Tuyqus bosh og‘rig‘im tarqalib, boyagi achchig‘imdan asar ham qolmadi. Yuragim shirin orziqib ketdi. O‘zim sezmagan holda xaridor sari egildim.
– Bundan chiqdi... Demak, siz... – dedim allanechuk hayajon aralash paydar-pay gapirib, – demak, siz opamni tanir ekansiz-da?..
– Ha! – U meni ortiqcha mahtal qilmadi. Dadil bosh silkib, fikrimni ma’qulladi. – Siz u kishining kimi bo‘lasiz, o‘g‘limi? – dedi yaqinroq surilib. Lekin javobimni kutmadi. Navbatdagi savollarni ustma-ust qalashtirib tashladi. – Xolamning o‘zlari qani? Nega ko‘rinmaydilar? Yo toblari qochib qoldimi?
Beixtiyor bo‘shashib ketdim. Ichimdan allanima uzilganday, vujudimga titroq kirdi.
– Koshkiydi, faqat shunday bo‘lsa, – dedim o‘pkam to‘lib. – Sirayam qarab turmasdik, imkon qadar davolatardik-ku. – Bo‘g‘zimga nimadir qadaldi. Og‘ir xo‘rsinib, rostiga ko‘chdim. – Opam qazo qilganiga ancha bo‘ldi.
– Yo‘g‘-e, nahotki?!. Axir... – Endi hayratlanish navbati xaridorga o‘tdi. Ko‘zlari katta-katta ochilib, rangi quv o‘chdi. – Axir hali bardam-baquvvat edilar-ku, – dedi esankirab. – Oxirgi marta ko‘rganimdayam sog‘-salomat yuruvdilar-ku. Nahotki, vafot etgan bo‘lsalar?!. Yo, tavba!..
Men indamadim. Sas-sadosiz bosh egib, nigohimni yerga qadadim. U ahvolimni tushunib ma’yuslandi. Tugmalarini shoshilinch qadadi-da, kaftlarini juftlashtirdi. Eshitilar-eshitilmas ohangda “Joylari jannatda bo‘lsin!” deya pichirladi. Yuziga fotiha tortgach, menga yuzlandi.
– Bilsangiz, – dedi ajablanishimga hojat qoldirmay, – men oddiy muallimman. Anovi kollejda ishlayman. – U bozorga baqamti qurilgan baland imoratga ishora qildi. – Ammo gap bundamas, onangizning kimligida. – U cho‘ntagidan sigareta olib, gugurt chaqdi. – Rosti, – dedi achchiq tutunni qattiq-qattiq so‘rarkan, – xolam menga o‘z onamdek qadrdon bo‘lib qolgandilar. Shu bois qachon bozorga yo‘lim tushsa, albatta, izlab topardim. Birrov duolarini olib, anorlaridan xarid qilardim. Sababi...
Xaridor dilidagini tiliga chiqarishga iymanayotgandek, to‘satdan jimib qoldi. Shu on qovog‘i solinib, yuzlari tundlashdi. Mung qo‘ngan ko‘zlari ich-ichiga cho‘kdi. Peshonasidagi ajinlar quyuqlashdi. Atrofga bir qur nazar tashlab, xotirjam tortgach, bosiqlik bilan so‘zida davom etdi.
– Har kim o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi, – dedi horg‘in so‘lish olib. – To‘g‘ri aytishadi, bu dunyoda inson uchun sog‘liqdan katta boylik yo‘q. Kasallikning esa kelishi oson-u, ketishi qiyin kecharkan. Xudo ko‘rsatmasin, dard bir yopishsa, har qanday odamniyam rosmanasiga chir aylantirarkan. Mana, o‘zimdan qiyos...
U tamaki qoldig‘ini oyog‘i uchida ezg‘ilab o‘chirdi. Tirsaklarini simon peshtaxtaga tirab, iyagini qashidi. Xotiraga berilish oldidan mayingina tomoq qirdi.
– O‘n yilcha burun oilamiz boshiga katta tashvish tushdi. Tuppa-tuzuk o‘ynab-kulib yurgan yangangiz banogoh xastalikka chalindi. Kunma-kun og‘irlashib, to‘shakka mixlandi.
Suhbatdoshimning ovozi sustlashib, olis-olislardan eshitilayotganday tuyuldi.
– Ko‘p joylarga obordim, ko‘p tabibu do‘xtirlarga qaratdim. Baribir, nafi tegmadi. Bora-bora ahvoli battar bo‘lsa-bo‘ldiki, betar bo‘lmadi. Bir safar...
Xaridor titroq qo‘llarini xayol aralash haligi anorga cho‘zdi.
– Kechagidek esimda, qishning qoq chillasi edi. Shamol quturgandan-quturgan, qorbo‘ron avjiga chiqqandi. Tushga yaqin yangangiz boyaqish ko‘ngli anor tusayotganini gapirib qoldi. Darhol bozorga chopdim. Kirib qarasam, hamma meva-cheva bor, faqat anor yo‘q. Hatto otliqqayam yo‘q! O‘zi ko‘pincha shunaqa bo‘ladi – shoshganda labbay topilmaydi-da. Ertalab birgina onangiz olib kelgan-u, endigina sotib bo‘lib, ketishga hozirlanayotgan ekanlar. Ko‘zimga, bilasizmi, bamisoli Xizrdek ko‘rinib ketdilar. Borasolib, yo‘llarini to‘sdim. Ko‘nglimga yaqin tutib, dardimni to‘kib soldim. “Qancha so‘rasangiz-so‘rang, evaziga, hech bo‘masa, yarim kilogina topib bering, jon xola!” deb, holi jonlariga qo‘ymadim. Xayriyat, ra’yimni qaytarmadilar. “Ja zaril ekan, mayli, yura qoling”, dedilar-da, meni qishloqqa boshlab bordilar. Qarang, omborxonalaringizda o‘zlaringiz-u mehmonlar uchun saqlab qo‘yilgan anor qolgan ekan, xolos. Ko‘pmas, bir tog‘ora chiqar-chiqmas. Xolam bittasiniyam qoldirmay, hammasini mashinamga solib berdilar. Bundanam qizig‘i, qancha qistamayin, pulini olmadilar. “Siz dorilik uchun izlab, shuncha yo‘ldan umid bilan kelsangiz-u, men pulini o‘ylasam, uyat-ku!” dedilar. “Bu yer – bozormas. Biz uyda meva sotmaymiz. Tortinmay olavering, inim, osh bo‘lsin!” deya ko‘nglimni tinchlantirdilar. “Kelinimga Yaratganning o‘zi shifo bersin!” deb kuzatib qoldilar.
Hikoyasi shu yerga yetganda xaridor birrov tin oldi. Yengil xo‘rsinarkan, chehrasi yorishdi. Lablarida tabassum o‘ynadi.
– Buni qarangki, – dedi mamnun holda bosh irg‘ab, – yangangiz anorlarni ko‘rib, otasi sovg‘a keltirgan qizaloqdek quvonib ketdi. Ko‘zlarida xuddi avvalgidek o‘t chaqnadi. Og‘ziga yoqdi chamamda, ikkitasini ishtaha bilan yedi. Qolganlarini tokchaga terib qo‘ydi. Bir oy mobaynida har kuni oz-ozdan siqib, suvini ichdi. “Ixlos – xalos” deganlari rost ekanmi yoki pokiza ayolning duolari ijobat topdimi, qisqasi, ko‘klamga qolmay, xotinimning dardi aridi. U asta-sekin oyoqqa turdi. Garchi ishlolmasa-da, o‘z koriga o‘zi yaraydigan bo‘ldi... Shu-shu men xolamning doimiy mijoziga aylandim. U kishi anorni kimga, nima uchun olayotganimni yaxshi bilardilar. Har safar yangangizning sog‘lig‘ini erinmay so‘rab-surishtirar, qo‘shimchasiga “Boshqa dard ko‘rmasin”, deb duoga qo‘l ochardilar. Men hammasidanam ana shunisiga xursand bo‘lardim. Aslida, anor bahona, o‘zimga rahmatli onamdek qadrli bo‘lib qolgan xolamni birrov ziyorat qilish, uning duosini olish uchun bozorga kirardim.
Xaridor so‘zini yakunlab, qaddini rostladi.
– Yarangizni yangilaganim uchun uzr, uka, – dedi bo‘yinbog‘ini to‘g‘rilarkan, xijolatomuz ohangda. – Ishqilib, xolamni Xudo o‘z rahmatiga olgan bo‘sin. – U ketishga taraddudlanib, xaltasini menga uzatdi. – Hoynahoy, yangangiz intiq bo‘lib, kutib o‘tirgandir. Quruq bormayin. To‘rt kilo tortib bera qoling, – deb anorlarga nazar yugurtirdi.
Men aql-hushimni o‘nglab, ishga kirishdim. Biroq chamada adashgan ekanman, taroziga qo‘yilgan anorlar andak og‘ir kelib, pallaning bir tomonini bosib ketdi. Ularni shundayligicha xaltaga ag‘darmoqchi edim, xaridor kutilmaganda norozi qiyofaga kirdi. Shoshib bilagimdan tutdi.
– Yo‘q, unaqa qilmang, uka, – dedi siyrak qoshlarini chimirib. – Tarozida oluvchining ham, sotuvchining ham bab-baravar haqi bor. Shuning uchun unga xiyonat qilib bo‘lmaydi. Buni men onangiz rahmatlidan eshitganman. U kishi boshqalarga mutlaqo o‘xshamasdilar. Sotayotgan narsalariga do‘kondagi singari qat’iy narx belgilamas, “Bo‘lishi shu”, deb turib olmasdilar. Ozgina og‘rinsangiz, darhol bahosini tushirardilar. Toshni doimo to‘g‘ri qo‘yardilar. “Savdodagi norostlik qaroqchilikdan kam emas. Tarozidan adashsam, naq oxiratim kuyib ketadi-ya”, deb qo‘rqardilar. Ko‘ngillaridan chiqarganlarini esa, savdolashib bo‘lganimizdan so‘ng, o‘lchamasdan, alohida solib beradilar. Nima, sizga bu haqda aytmaganmidilar?..
To‘g‘ri gapning to‘qmog‘i yomon! Men xaridorning ta’nali boqishlariga dosh berolmadim. Qulog‘imgacha duv qizarib, ko‘zimni chetga olib qochdim. Ayni shu lahza tarozi pallasi qo‘limdan tushib ketishiga sal qoldi...
ONAMNING ERTAGI
Bolalik kezlarim onamdan ko‘p ertak eshitganman. Ba’zilarini qayta-qayta tinglaganman. Biroq beshafqat yillar o‘z ishini qilgan, hozir aksariyati yodimda yo‘q. Faqatgina bittasi xotiramga avval-oxir muhrlanib qolgan. Holbuki, uni onam menga bir marta, atigi bir martagina so‘zlab bergan...
...Bilmadim, o‘shanda necha yoshda edim – beshdami yo oltida?.. Har qalay, hali ukam va kichik singlim tug‘ilmagandi. Men maktabga qatnamasdim, harf tanimasdim. Yana esimda bori – qirchillama qish edi. Borliqni qalin qor bosgan, shamol quturib, bo‘ron avjiga chiqqandi. Shunday qahratonda otam akalarimni yoniga olib, tongsahar O‘ratepaga yo‘l olgandi. O‘zining ta’biricha, ,,ilikuzildi damlarda korimizga yarab qolar” degan niyatda ,,tishining kavagida” asragan ozgina olma-anorimizni sotgani ketgandi. Uyda onam, yaqinda tetapoya bo‘lgan katta singlim va men qolgandim.
Qish kunlari – bir tutam, tunlari esa uzundan-uzun!
Qosh qoraygani hamono uchovlon sandal atrofiga jam bo‘lamiz. Birgalashib ovqatlanamiz. Ko‘p o‘tmay, singlim mudray boshlaydi. Onam uni beshikka belab, alla aytadi. Singlim beshikning bir maromda tebranishi-yu, alla ohangiga mast bo‘lib bir zumda uxlab qoladi. Men esa, mijja qoqmayman. Sandal chetida chalqancha yotib, uyimizning chiroq nuri tushayotgan yo‘g‘on xarisiga, har yer-har yerida qamishlari osilib turgan vassajuftli shiftiga tikilgancha, onam tezroq yonimga kelishini kutaman. Dardim o‘zimga ayon – har doimgidek ertak eshitish!..
Ammo onam yotishga shoshilmaydi. Singlim uxlaganiga ishonch hosil qilgach, beshik ustini qalinroq yopib, dasturxonni yig‘ishtirishga kirishadi. Ovqatdan bo‘shagan idishlarni ko‘tarib, oshxonaga yo‘l oladi. O‘sha yerda qozon-tovoq yuvib, uzoq kuymalanadi. So‘ngra ichkariga kirib, otamning devorqoziqdagi choponini qo‘liga oladi. Xariga bog‘langan yo‘g‘on simga osiqliq shisha chiroqqa baqamti o‘tiradi. Amallab ninaga ip o‘tqazadi. To‘nni tizzasiga qo‘yib, yengini yamashga tutinadi.
Men uni zimdan kuzataman: nazarimda, kayfiyati tushkunroq. Chehrasi so‘lg‘inroq. Boshi quyi solingan. Kipriklari o‘ychan egilgan. Qo‘li ishda-yu, xayoli boshqa yoqda. Meni butkul unutib yuborganday, o‘zi bilan o‘zi ovora. O‘qtin-o‘qtin ko‘ksini to‘ldirib chuqur nafas oladi, ortidan ohista xo‘rsinib qo‘yadi...
Axiyri, sabrim chidamaydi. Qanday bo‘lmasin, uning diqqatini o‘zimga jalb etishga urinaman.
– Opa, – deyman hamon chalqancha yotgan ko‘yi tovonimni bozillagan sandal cho‘g‘iga toblarkanman, – ertaklar qanday yaratiladi?
– Nima? – Onam cho‘chib tushadi. Tikishdan bir zum to‘xtab, yelkasi osha menga qaraydi. – Ie, haliyam uxlaganing yo‘qmi, bolam? – deydi taajjub aralash. – Vaqt allamahal bo‘ldi-yu...
Mo‘ltirab yotganimni ko‘rib, niyatimnini anglagach, muloyim kulimsiraydi. Meni kattalar qatori ko‘rib, erinmay tushuntira boshlaydi.
– Ertaklar, – deydi yotig‘i bilan so‘zlab, – odamzodning eng yaxshi orzu-tilaklaridan, ushalgan-ushalmagan armonlaridan tug‘iladi. Oxiri doimo yaxshilik bilan tugaydi. Shuning uchun ham sira eskirmaydi. Tushundingmi, o‘g‘lim!
Men ,,Hm-m,” deymanu, baribir, bolaligimga boraman. Harchand o‘ylamay, onamning gaplari mag‘zini chaqolmayman. Boshim g‘uvillab ketganidani teskari o‘girilib, yerga qarab yotib olaman.
– O‘zi, shu... – deyman tirsaklarimni lo‘labolishga, iyagimni ikkala kaftimga tiragancha, – ertaklarni kim to‘qiydi?
– Kim bo‘lardi, sanu manga o‘xshagan odamlar-da...
Onam ipni tishlarida qimtib uzadi. Solgan yamog‘ini chiroq yorug‘iga tutib, ko‘zdan kechiradi. Ko‘ngli to‘ladi shekilli, to‘n barini hafsala bilan tekislaydi. Uni taxlab, sandal ustiga qo‘ygach, tizzalariga tayanib, qaddini rostlaydi. Ayni lahza soyasi kattalashib, shiftda akslanadi. Tovushi allanechuk yo‘g‘onlashadi.
– Ertaklarni, – deydi belini uqalarkan, alohida urg‘u berib, – bismillosiga kimdir boshlab beradi. Keyin ikkinchisi, undan keyin uchinchisi-to‘rtinchisi o‘zidan qo‘shib-chatadi. Shu zayl bir-birovini to‘ldirib-tuzatib, yaxlit holga keltiradi. Yaxshilikka tashna odamlar ularni bir-birlariga aytib, o‘zlariniyam-o‘zgalarniyam ovuntirib yuradilar. – Ninani barmog‘i uchida kirpechga sancharkan, onamning ovozi mayinlashadi. – Ishqilib, bu dunyoda har qaysi xalqning, har qaysi yurtning o‘z cho‘pchagi bo‘ladi.
Bu gapni tinglab, onamning o‘zidan eshitgan ertaklarim yodimga tushadi.
– Unaqada anavi ,,Yoriltosh”, ,,Uch og‘ayni botirlar”, ,,Muqbil toshotar”, ,,Zumrad va Qimmat”, ,,Echki bilan bo‘ri”lar kimniki? – deyman astoydil qiziqib.
– Ular o‘zimizdi o‘zbek ertaklari hisoblanadi...
Onam gap orasida uy o‘rtasiga borib, chiroq piligini pasaytiradi. Nimqorong‘ilashgan xonaga sirli sukunat cho‘kadi. Tashqarida shamol uvillaydi. Darcha oynasiga qor uchqunlari chirsillab uriladi. Eshik betinim g‘ijirlaydi. Xona shiftida allanechuk vahimali sharpalar paydo bo‘ladi. Xayolimda xuddi shu lahza uyimizga gurzi ko‘targan bir ko‘zli bahaybat dev bostirib kirgandek bo‘ladi. Kenja botirning yakka o‘zi unga peshvoz chiqadi. Ikkovi o‘rtasida hayot-mamot jangi boshlanadi. Dev og‘zidan olov purkaydi. Kenja botir qilich sermaydi. Kurash ayovsiz tus oladi. Sutday oppoq, tiniq nur sochayotgan to‘lin oy bundan ogoh topib, cho‘chib tushadi. Xavotirlangancha shoshib pastga enadi. Darchamiz peshtoqiga kelib qo‘nadi-da, ichkariga hayron-hayron mo‘ralaydi. Obkash ko‘targan qizaloq dahshat ichra qotib qoladi. Avvaliga bandidan uzilgan yaproqdek dag‘-dag‘ qaltiraydi, dev Kenja botirga tashlanganida esa qo‘rqqanidan izillab yig‘lab yuboradi...
Xayolimda jonlangan bu manzaralar yuragimga vahm soladi. Shiftga qarashdan qo‘rqib, ko‘zlarimni chirt yumaman. Apil-tapil ko‘rpa ostiga sho‘ng‘iyman. Onam yonimga kelib cho‘zilishi bilanoq, pinjiga suqulib, uni mahkam quchib olaman. O‘zimni bir oz bosib olgach, boyagi so‘zlarini eslayman.
– Opa, – deyman ko‘rpa ostidan qiya mo‘ralab, – bizdi Bekobod haqidayam ertak bormi?
– ¬Albatta! – Onam mening xayolimdan nimalar kechayotganini, shiftga qarashdan cho‘chiyotganimni sezmaydi. – Har bir oshyonning, – deydi bamaylixotir tilga kirib, – o‘ziga yarasha kechmishi bo‘ladi. Bekobod to‘g‘risida ja ertak bo‘masayam, shunga yaqinroq rivoyatlar talaygina.
Men quvonib ketaman. Hovurim bosilib, ko‘nglim shirin orziqadi. Boshimni ko‘rpadan dadilroq chiqarib, yalinaman:
– Unaqa bo‘lsa, birortasini aytib beri-i-ing...
O‘ylaganimdek bo‘ladi, onam ra’yimni qaytarmaydi.
– Xo‘p, bo‘pti, – deydi menga yaqinroq surilib. – Ko‘zingni yumib jimgina yot-da, quloq sol! – U mehri tovlanib, yengilgina tomoq qiradi. – Bir zamonlar Sirdaryo hozirgidek oddiy daryo emas, rosa katta dengiz bo‘gan ekan...
Men tomorqamiz adog‘idagi jarni, uning tagidan pishqirib oqadigan daryoni ko‘z o‘ngimga keltiraman. Ammo dengiz nimaligiga aqlim yetmay, onamning gapini og‘zidan olaman:
– Dengiz deysizmi?.. Nima u?..
– Uni men ham ko‘rmaganman. Ammo bir nechta daryoning suvi quyiladigan, hovuzga o‘xshagan rosa katta joy shunaqa nom bilan atalishini eshitganman. – Onam savolimga qisqacha javob bergach, avvalgi gapini davom ettiradi. – Xullas, hozir biz yashayotgan joylar qadim-qadimda Sirdaryoning o‘zani hisoblangan. Boshdan-oyoq nuqul inson qadami yetmagan ko‘llaru to‘qayzorlardan iborat bo‘gan. Har ko‘llarki, tubida naq uyday-uyday nahanglar, yuzasida tuyaday-tuyaday o‘rdaklar suzib yurgan. Har to‘qaylarki, kuppa-kunduzi bo‘rilar uvlagan, tulki-shaqollar tinmay izg‘igan. Yo‘lbarslar, to‘ng‘izu bo‘rsiqlar ham tez-tez uchrab turgan. Bora-bora daryo kichraygan. Asov to‘lqinlar yuvosh tortgan. Ko‘llar qurigan. To‘qaylar qaqragan. Parranda-yu darrandalari qirilib, chor atrofi huvillagan biyobonga aylangan. O‘ng qirg‘oqqa yondosh yerlar Dalvarzin dashti, so‘l tarafidagilar Mirzacho‘l deb atalgan. Sal yuqoriroqda Kurkat degan qal’a bo‘gan. Unda Shirin ismli bo‘y yetgan, g‘oyat go‘zal malika yashagan. U nihoyatda dono-zukko, aqlli va xalqparvar qiz ekan. Shundanmi, xushtorlari bisyor ekan. Lekin malika turmush qurishga oshiqmas, ko‘proq cho‘llarga suv chiqarish to‘g‘risida qayg‘urarkan.
Shu niyatda bir kuni elga jar soldirtiribdi. ,,Kimda-kim men aytgan yumushni uddalasa, o‘shanga suyukli yor bo‘laman,” debdi. Bu gap shu yerlik Farhod ismli pahlavon yigitga ham borib yetibdi. U Shiringa zimdan ko‘ngil qo‘yib yurgan ekan. Endi fursatni g‘animat bilibdi. Daryoga band solishga, behuda oqib yotgan suvni sahro tomon burishga astoydil bel bog‘labdi. Olmosdek keskir poyteshasini obdon charxlabdi. To‘g‘on qurish uchun daryoning eng tor qismidan joy tanlabdi. Uning yonboshidagi osmono‘par tog‘ xarsanglarini sariyog‘dek kesib-qo‘porib, parchalashga tushibdi.
Malikaning qallob xaridori – Farhodning ayyor raqibi Xisravshoh esa, xiyonatkorona yo‘l tutibdi. Shotirlariga daryo ziyidan cho‘lning qoq kindigiga qadar oq-yaltiroq bo‘yralar to‘shab chiqishlarini buyuribdi. Amri vojib bo‘lgach, Shiringa chopar jo‘natibdi. ,,Ey, parizodi olam, shartingni bajardim. Ishonmasang, xufton chog‘i ko‘shkingga ko‘tarilib, etakka razm sol!” degan xabar yetkazibdi.
Makr-hiyla nimaligini bilmagan malika uning istagini bajo keltiribdi. Qarasa, haqiqatan ham, cho‘lu dashtlarga obi hayot taralayotganmish. Ammo u tun qorong‘usida bir narsani payqamabdi. Bu aslida sarob ekanligini, oq-yaltiroq bo‘yralar mayin esgan shamolda beozor tebranayotganini, oy shu’lasida xuddi suv jimirlab oqayotgandek tovlanayotganini xayoliga ham keltirmabdi. Lafziga sodiq qolib, shu zahotiyoq Xisravga tegishga rozilik bildiribdi. Tong yorishar-yorishmas, to‘y-tomosha boshlanib ketibdi. Shirinning shoshqaloqligidan ogoh topgan Farhod alamiga chiday olmabdi. O‘zini baland cho‘qqidan pastga tashlab, halok bo‘libdi. Ertalab malika ham aldaganini sezib qolibdi. Nomus – o‘limdan kuchli! Oriyati ustun kelib, o‘zini daryoga otibdi. Tilsiz yov azaliy hunarini ko‘rsatibdi. Ko‘z ochib-yumguncha uni komiga tortibdi...
Onamning ovozi susayadi. Susaya-susaya, jimib qoladi. Ora-chira esnayotgani qulog‘imga chalinadi. Men xavotirga tushib, betoqatlanaman.
– Undan keyin nima bo‘pti? – deyman yuragim uvishib.
– Nima nima bo‘pti? – uyqusiray boshlagan onam kalovlanib so‘raydi.
– Cho‘llarga suv chiqibdimi?
– Ha-ya, – onam yo‘qotgan kalavasining uchini topgan odamday, mamnun bosh irg‘aydi. – Chiqibdi. Ammo malikaning orzusini keyinchalik har ishga qodir oddiy xalq amalga oshiribdi, – deydi shikasta jilmayib. – Ular O‘ratepa beklari ko‘magiga tayanibdilar. Daryoni Farhod chamalagan yeridan bo‘g‘ib, qaqroq cho‘llarga jon bag‘ishlabdilar. U qirg‘oqni bu qirg‘oqqa bog‘lovchi ko‘prik solibdilar. Daryoning ikki sohilida qo‘rg‘on tiklabdilar. Mavridi kelib, ularning avlodlari GES quribdilar. Kulbalarga ziyo ulashibdilar. Qo‘rg‘onchani Bekobod, GES bilan haligi qoyani Farhod deb atabdilar. Tog‘ poyidan irmoqlanuvchi soyni-yu ro‘parada chiroy ochgan yangi qishloqni Shirin deya nomlabdilar. Shunday qilib, afsonalarda bir-birining vasliga mushtoq bo‘lgan oshiq-ma’shuqlar yonma-yon qad rostlabdilar. El nazdida, ular murod-maqsadlariga yetibdilar...
Onam rivoyatini yakunlab, menga yuzlanadi:
– Mani bilganlarim shu xolos... Endi-chi, dam olaylik, ma’qulmi? Kech bo‘p ketdi, ertalab barvaqt turishimiz kerak.
U gap orasida kamzulini yechib, yenglarini shimaradi. Durrasini mahkamroq tang‘ib, uxlashga chog‘lanadi. Men birpasda shuncha narsani bilib olganimdan xursand bo‘laman. Havo ochiq paytlari hovlimizdan ko‘rinib turadigan olisdagi tog‘larni, shahar tomondagi quvurlaridan erta-kech mudom qop-qora tutun burqsiydigan katta imoratni, tunlari elektr chiroqlari ravshan jilolanadigan GESni tasavvurimda jonlantirib, benihoya g‘ururlanaman. Onamdan eshitganlarimni ertasigayoq o‘rtoqlarimga aytib berib, hammasini qoyil qoldirishni ko‘nglimning bir chetiga tugib qo‘yaman.
– Opa, – deyman keyin shodon suyunchilab, – katta akam Sirdaryo dunyodagi eng uzun daryo, deydi. Shu to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri! – Onam chuqur xomuza tortayotib, so‘zimni ma’qullaydi. – Akang rost aytibdi: ,,Har kimniki o‘ziga, oy ko‘rinar ko‘ziga!” Uqdingmi?.. Unda buguncha yetar, ko‘p ezmalanmay uxla endi!
Men ,,Xo‘p!” deb ko‘zimni yumaman. Biroq uxlash qayda?.. Zum o‘tmay, yana onamning yelkasidan tortqilayman:
– Opa, sizdiyam o‘ziyiz to‘qigan ertagingiz bormi?
– Bor, – mudray boshlagan onam istar-istamas javob qaytaradi. – Nimaydi?
– Bo‘sa, uniyam aytib bering.
– Obbo! – Onam norozi qiyofada yuzini burishtirib, qoshlarini chimiradi. Iltimosimga ko‘nmay, bahona qidiradi. – Mani ertagim sirayam qiziqmas. Aytganim bilan fahming yetmaydi. Yaxshisi, kattaroq bo‘lganingda eshitarsan... – deydi zorlangudek bo‘lib.
Men o‘jarligimdan qolmay, battar qistalang qilaman:
– Qiziq bo‘masayam, tushunmasamam, mayli, hozir ayta qoling, jo-on opa!..
– Xah, qaysarliging ham bor bo‘lsin, bolam, tutgan joyingdan kesmaguningcha qo‘ymas ekansan-da.
Chamamda, onamning ensasi qotib, uyqusi qochadi. Boshini ko‘tarib, yostiqqa yonboshlaydi. Ammo hadeyishda ertagini boshlamaydi. Nimadandir ikkilanganday, hazin o‘yga botadi. Men mahtal bo‘lib yotaveraman.
– Emasam, diqqat bilan eshit! – deydi anchadan so‘ng qat’iy qarorga kelib. – Biri bor ekan, biri yo‘q ekan. Biri och ekan, biri to‘q ekan. Uzoq o‘tgan zamonda, kunchiqar tomonda gullab-yashnagan sarzamin bor ekan. Nomi Serquyosh o‘lka ekan. Bir chekkasi baland-baland tog‘larga, qibla tarafi yam-yashil vohalarga uyqash ekan. Ariqlarida suv o‘rnida sharbat oqar, bog‘larida meva o‘rniga bol yetilarkan. Yer osti-yu yer ustining turgan-bitgani boyliklarga kon ekan. Xullas, naqd jannatmakon maskan ekan. Odamlari pok-halol, ahil-inoq yasharkanlar.
Buni qorli tog‘lar ortidagi, qalin-qalin o‘rmonlar bag‘ridagi Sovuq o‘lka podsholari ham yaxshi bilarkanlar. Ular Serquyosh o‘lkadagilarga hasad ko‘zi bilan qararkanlar. Qachon bo‘lmasin, bu yurtni bosib olib, odamlarini qulga aylantirish, bebaho boyliklariga ega chiqish payida yurarkanlar. Shu maqsadda bot-bot hujum uyushtiribdilar. Lekin qabih niyatlariga yetolmabdilar. Oxiri eng nozik, eng qaltis usulni qo‘llabdilar. Serquyosh o‘lkaga ayg‘oqchilarini yo‘llashga ahd qilibdilar.
Ayg‘oqchilar avvaliga mahalliy aholi tilini, urf-odatini o‘rganibdilar. So‘ngra savdogaru sayyoh niqobida Serquyosh o‘lkaga kirib kelibdilar. Shaharma-shahar, qishloqma-qiщloq izg‘ib, omi-to‘pori odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan uribdilar. ,,Nima uchun bir hovuch boylar – yegani oldida, yemagani ortida – to‘q-farovon yashab, davri davron suradilar-u, qishin-yozin qora terga botib ishlasangiz-da, sizlarning kosangiz oqarmaydi?” debdilar. ,,Hamma balo o‘zlaringizning bo‘sh-bayovligingizda, haq-huquqingizni bilmasligingizda,” debdilar. ,,Agar bizga ergashsangiz, sizlarga baxt-iqbol keltiramiz. Qonxo‘r xonu amirlarni, zolim boylarni yo‘qotib, barchani barobar qilamiz,” debdilar. ,,Istasangiz, Xudoingiz narigi dunyoda va’da etgan behishtni Yer yuzining o‘zidayoq barpo etamiz,” debdilar.
Sholi kurmaksiz, karvon xatosiz bo‘lmaydi. Daraxtni ichidan qurt kemirmasa, mo‘rt kelmaydi. Ayrim laqmalaru yurtdan chiqqan xoin-sotqinlar kechirib bo‘lmas gunohga botibdilar. Yaqindagi jigardan uzoqdagi quyruqni afzal ko‘ribdilar. G‘alamislar ig‘vosiga laqqa tushib, bosqinchilarni qo‘llab-quvvatlabdilar. Payt poylab, xonu amirlarni taxtdan ag‘darib tashlabdilar. Bu ham yetmaganday, andakkina o‘ziga to‘q odam borki, barini mushtumzo‘r-quloqqa yo‘yibdilar. Xohlasalar, ularning mol-mulklarini tortib olib, o‘zlarini zindonband qilibdilar. Xohlasalar, begunoh bola-chaqalarini ham qo‘shib, borsa-kelmas yerlarga badarg‘a qilibdilar. Jinday e’tiroz bildirganlarni xalq dushmani hisoblabdilar. Yo‘qdan bor yasab, o‘limga buyuribdilar.
Oxir-oqibat zulm g‘alaba qozonibdi. Serquyosh o‘lkaga falokat doribdi. Ne-ne go‘zal go‘shalar vayronaga aylanibdi, sayrog‘i bexosiyat boyo‘g‘lilarga makon bo‘libdi. Eldan fayz-baraka, ro‘zg‘ordan rizq-nasiba qochibdi. Odamlar o‘rtasiga sovuqlik tushib, o‘zaro mehr-oqibat yo‘qolibdi. Bola otaga qo‘l ko‘taribdi, ini og‘aga qurol o‘qtalibdi. Na nasl-nasabini tan oladigan qattollar, na kindik qoni to‘kilgan tuproqni qadrlay biladigan battollar ko‘payibdi. Qirg‘inbarotu parokandalik kuchaygandan-kuchayibdi. Go‘yoki o‘rmonga o‘t ketib, ho‘lu quruq baravar yonibdi...
Ertak shu yerga yetganda singlim uyg‘onib yig‘laydi. Onam beshik tebratib alla ayta boshlaydi. Ovozi sokin-g‘amgin yangraydi. Chiroq ojiz miltillaydi. Tanholikdan zerikib, muz qotgan oy sekin osmonga havolanadi. Shamol zabtiga oladi. Tomda allanima taraqlaydi. Bo‘g‘otda mushuk zor-zor miyovlaydi. Eshik avvalgidan-da ayanchliroq g‘ijirlaydi. Ignaday tirqishidan tuyaday sovuq yopiriladi. Cho‘g‘i o‘chgan sandal soviy boshlaydi.
Men etim junjikib, g‘ujanak bo‘lib olaman. Damimni ichimga yutib, xayol suraman. Nuqul Serquyosh o‘lkani o‘ylayman. Uning odamlari qismatiga achinaman. O‘zgalar yurtiga g‘orat keltirgan bosqinchilardan, bolani otaga, ukani akaga qayragan josuslardan, ularning nog‘orasiga o‘ynagan sotqinlardan nafratlanib ketaman. Singlimning pishillashi qulog‘imga chalingach, ma’nodor yo‘talaman. Onam niyatimni anglaydi. Ertagini uzilgan joyidan ulaydi.
– Balo-qazoga giriftor bo‘lganlar orasida, – deydi boshimni silab, – payvasta qosh, barvasta qomat, eskichadan bir oz xabardor norg‘ul yigit ham bor ekan. U qirga bug‘doyini sepib, yaylovga chorvasini yoyib, birovga ziyon-zahmati tegmay, tinchgina kunini ko‘rib yurarkan. Banogoh uning shirin oshiga pashsha tushibdi. Oraga rashk balosi aralashibdi. Unga xusumat doyalik qilibdi. Bunga yetti yot begonalarmas, o‘zining dahriylar safiga o‘tib ketgan bolalikdagi do‘sti sababchi bo‘libdi. U yoshligida yigitning xushro‘ygina rafiqasiga sovchi yuborganu, biroq rad javobini olib, dog‘da qolgan ekan. Endi olatasirdan foydalanib, o‘ch olmoqni diliga tugibdi. O‘rtog‘i ustidan bir dunyo yolg‘on-yashiq to‘qib, maxfiy mahkamaga chaquv xati yo‘llabdi.
Shu bahona, yigit bechoraga orqavarotdan nohaq ayb taqashibdi. Uyida ilohiy kitob saqlagan dindor, adirda bog‘i, qo‘rasida sakkiz tuyoq moli bor mulkdor sifatida surgun qilishni ko‘zlashibdi. Iymoni but bir kishi bu bedodlikka befarq qarolmabdi. Yarim tunda uning eshigini qoqibdi. ,,Navbat sanga yetdi-yov... Yashashni istasang, qochib qol!” deya shipshitibdi.
Yigit fursat g‘animatida ko‘ch-ko‘ronini aravaga yuklabdi. Xotinini, bola-chaqasini uyg‘otib, darhol ovulni tark etibdi. Qirdan quyiga enib ketaveribdi, ketaveribdi. Yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham, mo‘l yuribdi. Tog‘u toshlardan o‘tibdi, dala-dashtlardan oshibdi. Yurib-yurib, oxiri tentak shamol yayragan azim daryo yoqasidan chiqib qolibdi. Yon-veriga mundoq razm solsa, bu qirg‘oq odam yursa oyog‘i, qush uchsa, qanoti kuyadigan sahroga tutashib ketganmish. U qirg‘oqda ajdaho kirsa, badar ketadigan botqoqligu changalzorlar yastanib yotganmish. Kaftdek yalanglikda esa, o‘ziga o‘xshagan bir gala odam uymalashib yotganmish. Ular har joy-har joyga kapa tikib, kalxoz tuzayotganmishlar.
Yigit, tavakkali Xudo, deya shu yerdan qo‘nim topibdi. Loy qorib, uy quribdi. Ko‘p qatori ter to‘kib, to‘qay o‘zlashtiribdi. Qo‘sh haydab, chigit ekibdi. Zahmat chekib, xirmon yaratibdi. Mehnatsevarligi, uddaburronligi tufayli el aro obro‘-e’tibor orttiribdi. Odamlar unga katta ishonch bildirishibdi – o‘zlariga brigadirlikka saylashibdi.
Mashoyixlar bilib aytishadi. ,,Har qanday dardning davosi – vaqt!” deyishadi. Ha-yu hayt deguncha, oradan oylar o‘tibdi. Bir-birini quvlab, yillar o‘tibdi. Eski yaralar bitib, gina-kuduratlar unutilibdi. Yigit g‘am-anduhlarini esidan chiqaribdi. Jabr-jafolardan qutulib, tinch-xotirjam hayot kechira boshlabdi. Ammo...
Onam birrov tin oladi. Chiroqning xira nurida yuzimga sinchkov tikiladi. Ertakni mijja qoqmay, berilib tinglayotganimga ishonch hosil qilgach, yana tilga kiradi:
– Afsus, ming afsus, kambag‘alni tuyaning ustidayam it qopishi haqqi rost ekan. Ittifoqo, kech kuzning yog‘inli-sochinli kunlaridan birida qishloqqa egniga qora rangli uzun charm kamzul, oyog‘iga nag‘al poshnali xrom etik kiygan, beliga timqora g‘ilofli nagan taqqan badqovoq, nigohlari o‘ta sovuq odam kirib kelibdi. Kalxoz idorasida brigadirni xoli uchratib, o‘zini tanishtiribdi. Uni ko‘riboq, brigadirning rang-ro‘yi quv o‘chibdi. Yuragi shuv etibdi. Lab-dahani osilib, ich-ichidan zil ketibdi.
Badqovoq mehmon pinak buzmabdi. Avzoyini o‘zgartirmabdi. Papkasidan bitta sarg‘aygan surat chiqaribdi. Sarg‘imtil o‘lik ko‘zlarini dam suratga, dam brigadirga qadab, so‘rabdi:
– Bu kim?
Brigadir boyaqish nimayam qilsin?.. Bir boqishdayoq o‘z siymosini tanibdi. G‘azabdanmi-hayajondanmi, manglayi tirishib, beixtiyor mushtlari tugilibdi. Lablari pirpiragancha, teskari o‘girilibdi. Nigohini yerga qadabdi. Shu ko‘yi “,O‘zing hammasini ko‘rib-bilib turibsan-ku, yana nimasini so‘raysan, iblis!” deganday, bir nuqtaga tikilgancha, mum tishlab o‘tiraveribdi.
Badqovoq mehmon otdan tushsayam, egardan tushmabdi.
– To‘g‘ri, – debdi brigadirning dilidan kechgan hadikni uqqanday, – biz bor haqiqatni oydinlashtirdik. Sizning nomingiz palon yili quloqlar ro‘yxatiga tirkalgan. Juftakni rostlab qolganingizdan keyin esa, otuvga hukm qilingansiz. Dalil kerak bo‘lsa, marhamat!
U uch kishi imzolagan, bor-yo‘g‘i ikki kalimadan iborat bir enlikkina hukmnomani brigadirning oldiga suribdi. Brigadir qog‘ozga birrov ko‘z qirini tashlabdi-yu, dor ostiga olib ketilayotgan aristonday mung‘ayib qolibdi.
– Bilardim, – debdi anchadan so‘ng duduqlana-duduqlana. – Oyni etak bilan yopib bo‘lmasligini, ko‘za kunda emas, kunida sinishini bilardim, – debdi a’zoyi badani qaqshab. – Bu jamiyatda bir marta xatga tushgan odam umrbod o‘tga tushishini bilardim. Ba’zan tikanga ag‘anagandek, tuni bilan alahsirab chiqardim. Qachondir, kimdir qo‘limga kishan urib, oldiga solib ketishini tushlarimda ko‘rardim. Bugun o‘sha fursat yetgan ko‘rinadi... Nachora, endi ilojim qancha?.. Faqat bir o‘tinchim, oilam bilan oxirgi bor xayr-xushlashimga ijozat bersangiz...
Shunda kutilmagan voqea ro‘y beribdi. Badqovoq mehmonning luzumsiz ko‘zlarida nur chaqnab, sovuq yuzlariga tabassum yoyilibdi. U brigadirga xayrixohlik ila boqibdi.
– O‘rtoq brigadir, – debdi har so‘zini chertib-chertib, – o‘zingizni bosing. Men bu yerga sizni hibsga olish uchunmas, balki favqulodda bir xushxabarni yetkazish uchun kelganman. Boshda aytdim-ku, biz ishni har tomonlama puxta-batafsil o‘rgandik. Pirovardida, hamkasblarimiz ozgina shoshqaloqlik qilishganini aniqladik. Siz adovat qurboni bo‘lishingizga bir bahya qolgan ekan. Aslida halol, ishchan inson ekansiz. Isboti – necha yillardan buyon paxtadan mo‘l hosil yetishtirayotirsiz, fidokorona mehnatingiz bilan dunyoda yo‘lchi yulduz hisoblanmish mamlakatimizning qudratiga qudrat qo‘shayotirsiz. Shunga muvofiq, beayb deb topildingiz. Mana, oqlov qog‘ozi!
Brigadir dabdurustdan quloqlariga ishonmabdi. Nogahoniy yangilikdan mast odamday dovdirabdi. O‘ziga kelgach, sapchib oyoqqa qalqibdi. Mehmon uzatgan hujjatni jonholatda uning qo‘lidan yulqib olibdi. Tik turganicha shosha-pisha o‘qibdi-yu, go‘dak bola misoli baralla ho‘ngrab yig‘lab yuboribdi...
Taassufki, xudo bersa ham qo‘shqo‘llab berarkan, ursa ham qo‘shqo‘llab urarkan. Bechoraning ro‘shnoligi uzoqqa cho‘zilmabdi. Hafta oyoqlar-oyoqlamas, xotini ikkovi o‘z uyida sirli ravishda vafot etibdi. Qishloqda ,,Kimdir ularning ovqatiga zahar qo‘shib berganmish”, degan mish-mishlar tarqalibdi...
Xuddi shu lahza uvada bulutlar oy yuzini to‘sadi. Osmonni zulmat chulg‘aydi. Boyagina derazamizdan tushib turgan nur qorong‘ulik qa’riga singib ketadi. Basma-basiga shamol tag‘in-da avjiga chiqadi. Yeru ko‘kni yamlagudek vajohatda tinmay hushtak chaladi. Xonaga sovuq sukunat cho‘kadi. Onamning bo‘g‘ziga nimadir tiqilganday bo‘ladi. Gapirolmay, entikadi. Og‘ir so‘lish olib, ustma-ust uf tortadi. Har xo‘rsinganida yelkalari bilinar-bilinmas titraydi. Ko‘zlarida halqalangan yosh shishasini tutun qoplagan chiroqning ojiz nurida zo‘r-ba’zo‘r tovlanadi.
Men onamning g‘amga botishini ertakdagi fojia dahshatiga yo‘yaman. Yig‘isini azbaroyi er-xotinga achinganidan deb bilaman. Ko‘proq brigadirning bolalari taqdiriga qiziqaman. Dilgir o‘ylar girdobidan chiqolmay, qo‘rqa-pisa so‘z qotaman:
– Ular omon qolishibdimi?
– Kimlar?.. Bolalarmi? – deydi onam es-hushini yig‘ib olib. – Sho‘rtaygina opa-singillarning to‘ng‘ichi o‘n ikkiga, kenjasi to‘qqizga qadam qo‘ygan, o‘g‘il ukalari nihoyati yetti yoshda ekan. Xayriyatamki, ular o‘sha oqshom erta uyquga ketib, og‘u qo‘shilgan taomdan yeyishmagan ekan. Ammo birato‘la ham otadan, ham onadan ayrilib qolishgach, toza qiynalibdilar. Birovlardi molini boqibdilar, birovlardi bog‘ini qo‘ribdilar. Kimlarningdir bolasiga qarab, kir-chirlarini yuvibdilar, kimlarningdir tomorqasida ishlab, hovlisini supiribdilar. Xullas, sag‘irlikdi neki azobi bor, barini tortibdilar. Bo‘ylari cho‘zilib, suyaklari qotgach, kalxozga kiribdilar. Paxtada ishlabdilar, pilla tutibdilar. Vaqti-soati yetib, oila qurib, uvali-juvali bo‘ptilar. Asta-sekin o‘zlarini o‘nglab obtilar.
– Anavi, zahar berganlar-chi, – deyman men sabrim chidamay. – Ular topilibdimi?
– Yo‘q! – Onam nadomat-la sekin bosh chayqaydi. – Qancha so‘rab-surishtirishmasin, qotillar kimligini aniqlasholmabdi. Lekin qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin ham chiqadi deganlari rost ekan. Qishloqda bir vaqtlar brigadirga devor-darmiyon qo‘shni turgan so‘qqabosh qariya yasharkan. U o‘n besh-yigirma qovun pishig‘ining nari-berisida bedavo dardga chalinib, inisining uyida to‘shakka mixlanib yotarkan. Omonatini topshirar chog‘i brigadirning zurriyotlarini huzuriga chorlab, ko‘pyillik sirni oshkor qilibdi. ,,Sizlarning ota-onangiz umriga, nobakor o‘rtog‘ining qutqusiga uchib, asli men zomin bo‘lgandim. Qilmishimni hozirga dovur yashirib keldim. Bir umr arosatda yashadim. Jazodan omon qolsam-da, vijdon azobidan qochib qutulolmadim”, debdi. ,,Bugun paymonam to‘lib, safarim qarib turibdi. Boshimdan o‘tgani o‘zimga-yu, yolg‘iz Xudoga ayon”, deb tavba-tazarru qilibdi. ,,Uddasidan chiqa olsalaring, gunohimdan kechinglar”, deya yalinib-yolvoribdi.
Onam tag‘in jim qoladi. Ortidan chuqur xo‘rsinadi. Men javdirabgina so‘rayman:
– Opa-ukalar uni kechirishibdimi?
– Boshqa nimayam qilishardi... – Onamning titroq ovozi uzoq-uzoqlardan arang eshitilayotganday tuyuladi.
– Nahotki?.. Axir... – Men hayratdan entikib qolaman.
– O‘rtaga oqsoqollar aralashibdilar. Qarindosh-urug‘lari cholning gunohidan o‘tishlarini so‘rashibdi. – Onam o‘ychan qiyofada o‘ng qo‘lini peshonamga bosadi. Qadoq kafti bilan beixtiyor yuzlarimni silaydi. – O‘tar dunyoning ishlari shunaqa, o‘g‘lim. Nojo‘ya qilmish hech qachon javobsiz qolmaydi. Yaratgan egamning o‘zi adashgan bandasini tirnoqdan qissa, ustiga ustak, tuzalmas dardni berib qo‘ysa, bundan ortiq jazo qayda bor?.. Buni brigadirning jigargo‘shalari ham tushunishibdi. Shuning uchun cholni o‘limidan keyin ham qarg‘ashmabdi.
– Nega?
– Marhumlarni yomonlash odobdanmas. Chunki inson bolasi onadan farishtaday begunoh tug‘iladi. Hayotligida nimaiki yaxshi yoki yomon ish qilsa, hammasi tuproq ustida qoladi. Vujudni jon tark etgach, qabrga quruq jasadning o‘zi tushadi. Murdada ayb bo‘lmaydi.
Onam ko‘rpani ustimga tortarkan, so‘ziga yakun yasaydi:
– Ana, aytmovdimmi, mani ertagim sirayam qiziqmas. San hali buni tushunmaysan. Bir kun ulg‘aysang, mavridi kelib, hammasini o‘zing bilib olarsan. – U bir oz sukut saqlagach, qo‘shimcha qildi. – Balki, o‘shanda mani ertagimni davom ettirarsan. Balki, qalovini topib, uni yaxshilik bilan tugatarsan, xo‘pmi?
– Xo‘p! – Men o‘zim bilmagan holda va’da berib yuboraman.
Onam bundan ruhlanib, yelkamga ohista qoqadi:
– O‘zim o‘rgilayin sandan, endi uxla, bolam.
U boshqa so‘z qotmaydi. Peshonamdan o‘pib, o‘rnidan qo‘zg‘aladi. G‘amgin qiyofada chiroq sari yuradi. Uning shishasini tozalab, piligini balandlatadi. So‘ngra unsizgina odimlab, taxmondagi eski sandiqqa yaqinlashadi. Ustidagi ko‘rpa-yostiqlarni tushirgach, zil-zambil qopqoqni dast ko‘taradi. Sandiqni titkilab, ichidan oq surpga o‘ralgan, jigarrang muqovali qandaydir kitobni chiqaradi. G‘uborini yengi bilan artadi. Sahifalarini varaqlashdan oldin ko‘zlariga surtadi. Shu asno lablari iztirobli shivirlaydi. Barmoqlari allanechuk qaltiraydi.
U shu ko‘yi haykal yanglig‘ tosh qotadi. Miq etmay o‘tiraveradi, o‘tiraveradi... Deraza tokchasida yana oy shu’lasi o‘ynaydi. Shamol to‘xtab, hammayoq suv quyganday tinchiydi. Chiroq ravshan nur socha boshlaydi. Men onamni kuta-kuta ko‘zim uyquga qanday ilinganini sezmay qolaman...
...Ajab, onam o‘sha ertagini keyinchalik biron martayam qayta eslamadi. Aksiga olib, men ham hech so‘ramadim. Biroq...
Maktabni bitirayotgan yilim tasodifan achchiq bir haqiqatdan ogoh topdim: onam tilga olgan mungli voqea cho‘pchak emas, aslida uning o‘z boshidan kechirganlari ekan. Xusumatga uchragan yigit volida tomonidan bobom, uning chirqirab qolgan farzandlari esa xolam, onam va tog‘am ekan.
Buni yetti avlodimizni tushuntirayotib, gap orasida otam aytib qoldi. Men “Nahotki!” deganday, onamga yuzlandim. U indamadi. Ancha vaqt nigohlarini yerga qadab o‘tirdi-o‘tirdi-da, oxiri o‘rnidan sas-sadosiz qo‘zg‘alib, hamon eski sandiq saqlanayotgan uyga kirib ketdi. Men uning ortidan ergashishga jur’at qilolmadim. Keyinchalik ham bu haqda so‘rashga botinolmadim. Shu vajdan, onam tirikligida bolaligimda unga bergan va’damning ustidan chiqolmadim. Harchand urinmay, onam aytgan hikoyatni davom ettirib, ezgulik bilan tugatolmadim.
Nihoyat, bu tong uni shamol uvillagan, bo‘ron quturgan, olis-olislarda qolib ketgan ayozli qish kechasi qay tarzda eshitgan bo‘lsam, o‘sha holicha qog‘ozga tushirdim. O‘zimdan hech narsa qo‘shmadim, qo‘sholmadim... shundayligicha sizga ilindim. Negaki, bu yetimlik azobini xo‘p tortgan onamning ertagi... Ota-ona mehriga zor-intizor o‘sgan onamning haqiqatdan yaralgan ertagi... Uning abadul-abad ushalmagan, mangu qarorgohiga o‘zi bilan birga olib ketgan qalb armoni...
Siz nima deysiz, bilmadim. Lekin, menimcha, onalarning dili tubidan chiqqan kalom iymon qadar muqaddas bo‘ladi. Uni o‘zgartirish, to‘ldirish aslo joiz emas. Ayni chog‘da, loaqal biror satrini tushirib qoldirish ham sira-sira mumkin emas...
“KAMSAMOL”
O‘zbekning to‘y-ma’rakasi ko‘pchilik bilan o‘tadi. Bunaqa paytda qo‘ni-qo‘shni ham, qarindosh-urug‘ ham qarab turmaydi. Hech kim amali yoki yoshini pesh qilib, o‘zini chetga tortmaydi. Barchasi birdek yelib-yuguradi, birov aytmasa ham, ishini bilib-bilib qilib ketaveradi. Har mahallaning o‘z oshpazi, o‘z samovarchisi, o‘z kayvonisi bo‘ladi...
Onam vafotining uchinchi kuni, taomilga ko‘ra, xudoyi o‘tkazadigan bo‘ldik. Unga oldindan puxta hozirlik ko‘rdik. Kechga tomon yoru birodarlarni maslahatga yig‘dik. Qay birovimiz o‘tin yorib, o‘choq kavladik. Qay birovimiz sabzi-piyoz to‘g‘rab, go‘sht nimtaladik. Xuftonga yaqin tonggi yumushlarni o‘zaro taqsimladik. Eng asosiy vazifa – osh pishirish odatdagiday Qo‘zivoy akaning zimmasiga yuklatildi. U otamning bo‘lavachchasi. Asl kasbi – montyorlik. Qo‘shimcha hunari – oshpazlik. Katta-kichik davralarda, kezi kelsa, ikki-uch qozonlab, osh damlaydi. Hamma uning qo‘li shirinligini maqtaydi. Ko‘pchilik bekordan bekorga har kimga ham tan beravermaydi.
Choy qaynatish masalasi esa andak bahsga sababchi bo‘ldi. O‘zimizga qolsa, bu ishni yosh-yalanglarga topshirmoqchi edik. Biroq Qo‘zivoy aka ko‘nmadi.
– Aga-a-ar mani gapimga kirsalaring, – dedi salobatiga yarashiqli sariq mo‘ylovini silarkan, har so‘zini salmoqlab, – samovardi shu-u... mani og‘aynim Kamsamolga bersak. – U savolga hojat qoldirmay, tiqmachoqdek barmoqlarini navbatma-navbat bukib sanay ketdi. – Avvalasi, bilasizlar, bechoraning ko‘ngli yarimta. O‘zini eldi xizmati bilan ovutib yuradi. Ikkinchidan, uch haftadan oshdimikin-bir oy bo‘ldimikin, Toshkentdagi gorbannisada yotuvdi. Bugun peshindan keyin keganmish...
Qo‘zivoy aka shunday dedi-yu, nimadandir xijolat chekkanday, bir zum jim qoldi. Etdor lunjini silab, og‘ir xo‘rsingach, rostiga ko‘chdi.
– Tirikchilik qursin, shunaqa vaqtlarda goyi ro‘zg‘or tashvishlarini, goyi yo‘l uzoqligini bahona qilib, odamgarchilikniyam unutvoramiz. Mana, bittasi o‘zimmi?.. Oila yumushlariga ko‘milib, Kamsamoldi ko‘rgani borolmadim. Hoynahoy, o‘pkalab yurgan bo‘sa kerak. Bundan tashqari, u sizlarga qarindoshligimdan yaxshi xabardor. Xizmatga aytmasak, qattiq xapa bo‘ladi. Darrov odam qatoridan chiqarib qo‘yibdi, deb mandan gumonsiraydi. Uchinchidan, xudoyi – katta ma’raka! Unda choy yetkazib berishni Kamsamoldan bo‘lak uncha-muncha odam uddalolmaydi...
Qo‘zivoy akaning tashvishlanishi ham, zo‘r berib o‘zinikini ma’qullashi ham bejiz emas. ”Kamsamol” deganimiz uning tengdoshi. Uyi biznikidan uch ko‘cha pastda. Ismi – Abdurayim. Qo‘zivoy aka bilan bolaligidan o‘rtoq. Qishloq ahlining ta’biricha, ular borligida bir-birini ko‘rolmaydigan, yo‘qligida bir-birisiz turolmaydigan qadrdonlar. Sirtdan qaragan yoki daf’atan ikkisining suhbatini eshitgan odam bu gapga ishonmasligi tayin. Chunki ular tashqi ko‘rinishlaridan ham, turish-turmushlaridan ham bir-birlarining tamoman aksi. Qo‘zivoy aka oq-sariqdan kelgan, keng yelkali, barvastaqomat kishi. O‘g‘il-qizlari ko‘p, nevaralari bir etak. Doimo saranjom-sarishta kiyinib, soch-soqolini chiroyli qirtishlab yuradi. Archilgan tuxumday sip-silliq, lo‘ppi yuzlaridan qon tomib turadi.
Abdurayim aka esa, past bo‘yli, qo‘l-oyoqlari kaltabaqay, ushoqqina odam. Rang-ro‘yi qop-qora. Peshonasini taram-taram ajin qoplagan. Burni cho‘michday. Hazilkashlarning gapicha, o‘zidan oldin burni yuradi. Kiyinishiyam haminqadar. Qachon qaramang, egnida g‘ijim kostyum-shim, yoqasi dazmolga oshno bo‘lmagan ko‘ylak. Boshida shunga monand eski do‘ppi, oyog‘ida rangi uniqib ketgan botinka. Ustiga ustak, boyaqishning baxti yurishmagan. Na xotini, na bola-chaqasi bor. Ko‘z ochib ko‘rgan yostiqdoshi bilan bir yilgina yashagan. U xiyonat yo‘liga kirib, jazmanining etagidan tutib ketganidan buyon so‘qqabosh.
Aytishlaricha, Abdurayim akaning otasi uzoq yilgi qattiq qishda bevaqt nobud bo‘lgan. O‘tin g‘amlab kelish uchun to‘qayga o‘tgan-u, qaytishida muz yorilib, Sirdaryoga cho‘kib ketgan. Vaqti-soati yetib, onasi qayta turmush qurgan. Endigina tili chiqqan bolakay yolg‘izgina buvisining qo‘lida qolgan. Ko‘pincha och-nahor yurganidan ko‘p dardga chalingan. Sal nimjonroq, sal noshudroq bo‘lib o‘sgan. Maktabga kech borgan. Arang sakkizinchi sinfgacha o‘qigan. O‘n besh-o‘n olti yoshida ishga kirgan. Dastlab kolxoz bog‘ida qorovullik qilgan. ”Kamsamol” laqabini o‘sha kezlar orttirgan. Buning o‘ziga xos tarixi bor.
U vazifasini halol o‘taydi. Bog‘ga begonalarni aslo yo‘latmaydi. Hatto bir oqshom bosh hosilot “nozik mehmonlar”i uchun so‘rattirib yuborgan ikki chelak uzumni ham hujjatsiz bermaydi. “Ko‘pchilikning haqiga xiyonat qilolmayman”, deya turib oladi. Xijolatda qolgan hosilot ertasi kuni hammaning oldida unga do‘q uradi. “Sani bo‘sh-bayovgina bola ko‘rib yursam, o‘zi ham yemaydigan, birovga ham yedirmaydigan ziqna – g‘irt kamsamol ekansan-ku!” deydi.
Shu-shu uning Abdurayim ismi unutiladi. Yoshu qari – barchaning tilida ”Kamsamol” bo‘lib ketadi. O‘zi qishloq ahli uchun halollik timsoliga aylanadi. Albatta, buni kimdir to‘g‘ri, kimdir kesatiq ma’noda tushunadi.
Abdurayim aka hozir ham yolg‘iz buvisidan meros bo‘lib qolgan yolg‘iz kulbasida yolg‘iz o‘zi yashaydi. Lekin hech kimga taqdiridan nolimaydi. Hech qachon “Peshonam nega buncha sho‘r?” demaydi. Odamlardan o‘zini olib qochmaydi. To‘y-ma’rakalarda, Qo‘zivoy aka aytmoqchi, bajonudil xizmat qiladi. Asosan bitta vazifani bajaradi. O‘rtog‘ining qozoni yonboshiga samovar qo‘yib olib, choy qaynatadi. Evaziga haq so‘ramaydi. Kim nima bersa, indamaygina olib ketaveradi. Lekin, “Benuqson – Parvardigor!” deganlaridek, sal g‘ashga tegadigan odatlari ham bor. Birinchisi – har ikki so‘zining biriga ruscha aralashtirib gapiradi. Bu ham yetmaganday, nuqul “Bildingmi?”, “Tushundingmi?”, “Eshitdingmi?” deya qayta-qayta so‘rayveradi. Ikkinchisi – to‘ylarda xizmat asnosi yaxshigina “otadi”. Ayniqsa, nikoh bazmlarida oshirib yuboradi.
Oshirib yuborgani shuki, o‘yin-kulgi ayni avjiga chiqqan paytda “jangovar post”ini unutib qo‘yadi. Ikkita katta alyumin chovgumni ko‘tarib olib, davraga tez-tez kirib chiqaveradi. Choy tarqatiщ bahona hali u-hali bu so‘rida o‘tirganlar oldiga borib, qittak-qittak otaveradi. Kayfi oshgach, “tashrif”ining badiiy qismiga o‘tadi. To‘ppa-to‘g‘ri kelin-kuyovning ro‘parasiga boradi-da, chovgumlarni bo‘yi barobar ko‘targancha tosh qotadi. Xuddi shu lahza musiqa tinadi. Davrada shivir-shivir bolalaydi. U yon-bu yondan hangomatalablarning luqmalari quloqqa chalinadi:
– Ha, yasha-a-a-ang, bormisiz, Kamsamol!..
– Qani-qani, “Qaynoq chovgum raqsi”ni bir tomosha qilaylik-chi!..
Abdurayim aka “talablarga binoan” mamnun bosh silkitadi. Qaddini bukib, kelinning dugonalariga chuqur ta’zim qiladi. Sho‘x kuy chalinishi bilanoq asta-sekin jonlanadi. Turgan joyida goh qoshlarini uchirib, goh yelkalarini qimirlatib, muqom qila boshlaydi. Chor tarafni mast-alastlarning hayqiriqlari bosib ketadi:
– E, cira bo‘sh kemang, dadilroq bo‘ling, Kamsamol!..
– Ko‘p o‘ylanmang, eng chiroylisini davraga torting, balli, Kamsamol!..
Bo‘yni yo‘g‘onligi tufayli dong taratgan Safar “kalla katta”ning hazili hammanikidan oshib tushadi:
– Endi bizni uyaltirmang, aka. O‘ynash qanaqa bo‘lishini mehmon qizlarga qoyillatib ko‘rsatib qo‘ying... Keyin sizni o‘zim xursand qilaman.
Erkaklar davrasida “gur-r” etib kulgi ko‘tariladi. Xotin-xalaj qarg‘anib, yuzini teskari buradi. Qizlar duv qizarib, yerga qaraydi. Abdurayim aka esa pinak buzmaydi. Boyagi alfozda ikki-uch soniya qilpillagach, “repertuar”ini keskin o‘zgartiradi. Mayda qadamlar bilan o‘rtada charx urayotgan raqqosaga yaqinlashadi. Uning atrofida gir aylanib, basma-basiga shox tashlashadi. Davrada avvalgidan-da shodonroq qiyqiriqlar yangraydi:
– Didingga qoyil, qandingni ur, Kamsamol! Faqat ehtiyot bo‘l, qizginani kuydirib qo‘ymagin tag‘in...
Qizig‘i shundaki, “Munojot” chalinayaptimi yoki “Lazgi”, Abdurayim akaga farqi yo‘q. Duch kelgan kuy-qo‘shiqqa bir xilda yer tepib o‘ynayveradi. Ammo, qoyil qolish kerak, har qancha sarxush bo‘lmasin, qanchalik tez chir aylanmasin, qo‘lidagi chovgumlarni tushirib yubormaydi. Qaynoq choyning aqalli bir tomchisni ham yerga to‘kmaydi. Faqat oxirgi daqiqalarda ko‘zida bilinar-bilinmas yosh yiltillaydi. Chamamda, u o‘ynab turib yig‘laydi, yig‘lab turib o‘ynaydi. Sababini hamma biladi, hamma tushunadi. Shundanmi, nozikbadan, navnihol o‘yinchi qiz bilan habashday qop-qora, pakana odamning birga raqs tushishi shohi so‘zanaga solingan chipta yamoqdek xunuk ko‘rinsa-da, birovga erish tuyulmaydi. Hech kim boyaqishni sarxushlikda topgan jimitdekkina quvonchidan mosuvo qilishni istamaydi.
Abdurayim aka o‘ynab-o‘ynab charchagach, sekingina to‘yxonani tark etadi. Orqa-oldiga qaramay, to‘g‘ri uyiga ketadi. Uni ko‘pincha allaqachonoq lash-lushini yig‘ishtirib ulgurgan Qo‘zivoy aka kuzatib qo‘yadi. Yolg‘izligini bildirmaslikka urinadi.
Mana, hozir ham shunday qildi – “ming yillik” o‘rtog‘ini unutmadi. Uning qistovi bilan choy qaynatishga Abdurayim akani aytadigan bo‘ldik. Bu haqda xabar yetkazish mening chekimga tushdi...
Uning ko‘chasida chiroq o‘chib qolgan ekan, uyidan hayallab chiqdi. Ikkovlon to‘lin oy yorug‘ida – shundoqqina darvoza vazifasini o‘tovchi chetan to‘siq oldida uchrashdik. Qisqa salom-alikdan so‘ng maqsadga o‘tdim.
– Tak, shunaqa degin... – U allanechuk past-horg‘in ovozda tilga kirdi. – Man sanga aytsam, o‘zi buyog‘i ja pazor bo‘p ketdi, – dedi xo‘rsinib. – Sizlarnikiga potihaga o‘tolmadim. O‘ziyam yigirma ikki kundan beri prosta kasal bo‘p, bannisada qora tappakday yotuvdim. Bugun ertalab razreshenie tegdi. Toshkent, bilasan, katta gorod, yo‘l esa olis. Abeddan keyin keldim. Boyaginda manovi Abdurahmon qo‘shnim hol so‘rab chiquvdi, azador bo‘p qoganlaringni undan eshitdim. – Abdurayim aka shu zayl uzr izhor etgach, yelkamga do‘stona qo‘l tashladi. – Tak chto, xavotirlanma, raz hurmatimni qip aytdingmi, abizatilno boraman.
Rahmat aytib, izimga burilayotgandim, u yengimdan ushlab to‘xtatdi.
– Ammo-lekin-chi, musulmonchilikda to‘lka rostini aytish kerak, – dedi shahodat barmog‘ini osmonga niqtab, – sani otang malades odam edi. Mejdu prochim, onang ham nishtyak, zolotoy kampir, bildingmi? Tak chto, oilalaringga hurmatim baland. Eto znachit, xizmatga bezotkaz boraman. Soat rovna uchda uylaringda bo‘laman, eshitdingmi? Samiy glavniynisi, sizlar samovarni suvga to‘ldirib, o‘tinni gatop qip qo‘ysalaringiz, vsyo! Qogani mani abyazannostim, tushundingmi?..
Abdurayim akaning otam haqida o‘tgan zamon, onam haqida hozirgi zamon fe’lida gapirganiga hayron bo‘ldim. Biroq, shoshayotganim uchun, sababini surishtirib o‘tirmadim.
U, va’da berganidek, “rovna” soat uchda kirib keldi. Darvozaxonada o‘zim qarshiladim. Ichkariga boshlayotib, sezdirmay razm soldim: ust-boshi o‘sha-o‘sha. Ammo soqol-mo‘ylovini qirtishlab olibdi. Olmos o‘tkirlik qilib kesib yuborganmi, iyagiga bir tiyinlik chaqadek qog‘oz yopishtirilgan. Egnidan, havo sovuq bo‘lsa-da, arzon atir hidi ufurib turibdi.
U bostirmadan o‘tib, peshayvonga kirdi. Oyoq kiyimini yechishga erindi shekilli, ko‘rpachaning bir chetini qayirib, poygakka cho‘kkaladi. Shosha-picha pichirlab, duo o‘qidi. Yuziga fotiha tortgach, menga yuzlanib, hamdardlik bildirdi:
– Endi... xapa bo‘maysan, og‘ayni, bandalik bu. Parvardigorning irodasi shunaqa. Ishqilib, go‘rlari nurga to‘lsin, joylari jannatda bo‘sin! Yaratganning o‘zi sizlarga sabr-toqat bersin!
– Aytganingiz kelsin... – Men ko‘nglim bo‘shashib, boshimni quyi soldim.
– Bo‘masa, man turay, – Abdurayim aka chaqqon o‘rnidan qo‘zg‘aldi. – Perviy ocheredda machitdan chollar kelishadi. Ularga oshdanam ko‘ra choy vajniyroq, tushundingmi? Karochi, hozirdanoq samovarni gurillatish kerak!
Abdurayim aka yo‘l-yo‘lakay gapirib, hovli burchagidagi samovarlar tarafga yurdi.
– E-e, o‘rtoq Kamsamol, bormisan? – O‘zi o‘rnatgan uch yuzlik lampochka yorug‘ida qozon yuvayotgan Qo‘zivoy aka uni ko‘rgani hamono ishidan bosh ko‘tardi. Qo‘lini yelkasidagi quruq sochiqqa artib, qadrdonining istiqboliga peshvoz chiqarkan, tegajoqlik qildi. – Bu, oxirgi paytlarda nega ko‘rinmay qolding desam, burga tepgan ekanda-a? Bahay, butunlay tuzalib ketdingmi yo haliyam chalasi bormi?
Sezdim, uning yaltoqlanishi Abdurayim akaga yoqmadi. Arazini yashirmay, yuzini ters o‘girdi. Qo‘zivoy akaning so‘rashish uchun uzatilgan qo‘llari havoda muallaq qoldi.
– Obbo, ginang zo‘r-ku! – Qo‘zivoy aka sir boy bermaslik payida bo‘ldi. – To‘g‘ri, – dedi so‘zida davom etib, – sani oldingda ka-a-atta gunohkorman. Ishdan ortib, vaqt topolmadim. Shunga shunchami endi?
– Emasam-chi!?. – Abdurayim aka temirni issig‘ida bosdi. – Ozmas-ko‘pmas, bezperirevno uch hafta ana ketdim-mana ketdim bo‘p yotsamu, birrov xabar omasa, tag‘in o‘rtoqmish bu...
– Bo‘pti-bo‘pti, odamni hadeb yaniyverma, – Qo‘zivoy aka uni murosaga chaqirish bahonasida battar achitdi. – Keyingi sapar kasal bo‘sang, aytib ket. Borib ko‘risham gapmi, boshingda o‘tirvolib, og‘zingga suv tomizmagan nomard.
Shubhasiz, qaltis hazil Abdurayim akaning jon-jonidan o‘tib ketdi.
– Hov, manga qara, malla! – dedi qo‘lini paxsa qilib. – Kim oldin o‘lib, kim keyin qolishini Xudo biladi, tushundingmi? San manga g‘amxo‘rlik qimay qo‘ya qo. Voobщemto, – dedi titrab-qaqshab, – birovga o‘lim tilagandan ko‘ra, o‘zingga umr tila. Hech bo‘maganda, svetti tuzatib qo‘y, xo‘pmi? San pesning kasringga hozir ves ko‘cha qorong‘ida qolib, go‘ringga g‘isht qalayapti, bildingmi?
– O‘-o‘, ja-a nozik joyimdan olding-ku, liliput, – Qo‘zivoy aka otdan tushsa ham egardan tushmadi. – Qoraning qoni chiqquncha sariqning joni chiqadi, deyishardi. San ozib-yozib bir martagina kasal bo‘psan-u, aynibsan-qopsan. Qara, achchig‘ing naq burningdi uchida-ya.
U “Bopladimmi?” deganday, menga ko‘z qisib qo‘ydi. Abdurayim akaning esa rosmanasiga jahli qo‘zidi. Qo‘lidagi tarashani silkitib, Qo‘zivoy akaga xezlandi:
– Nima? Nima deding, sariq maymun? San o‘zi nega pastayanno mani yerga urasan? Nega Xudo bergan burnimni kalaka qilasan? He, o‘sha pishirgan oshingdan...
Qarasam, o‘yindan o‘q chiqib, hazil zilga aylanadigan. O‘zimcha Abdurayim akani yupatdim:
– Ko‘nglingizga olmang, aka, ot tepkisini ot ko‘taradi. Jo‘rangiz haddi siqqanidan hazillashayotgandir-da.
– Kim, shu-ya? Shuyam jo‘rami? – Abdurayim aka samovar qopqog‘ini to‘g‘rilayotib, lablarini alamli burishtirdi. – Yo‘q, sto protsent nastoyashiy dushman bu. Haligi, oting qurg‘ur fritsdanam besh battar svolich bu, tushundingmi? Man bu yerga uning sassiq gapini eshitganimas, choy qaynatib, odamlardi duosini ogani keganman, bildingmi?
U ”Gapim tamom!” deganday, zarda aralash qo‘l siltadi-yu, samovarga o‘tin qalashga tutindi. Men boshqa ishga unnab ketdim...
Nihoyat, choy qaynab, osh dam yedi. Tungi izg‘irin bosilib, havo iliganday bo‘ldi. Tong bo‘zarar-bo‘zarmas, uyimizga odamlar to‘p-to‘p bo‘lib kela boshlashdi. Biz – xizmatdagilar qo‘limiz-qo‘limizga tegmay, ishga kirishdik. Bir mahal qariyalar o‘tirgan to‘rdagi uy bo‘sag‘asida otam ko‘rinib, ovoz berdi:
– Hov, Kamsamol! Chollarga to‘rt choynak achchiqqina ko‘kidan bo‘sin!
– Yest, tovarish komandir! – Abdurayim aka hozirjavoblik ila ilkis bosh ko‘tardi-yu, qo‘qqisdan dami ichiga tushib ketdi. – Yo, Bahoviddin! Yo, qudratingdan! – dedi keyin ko‘zlari ola-kula bo‘lib. – Otam ichkariga kirib ketgach, ajabsinib menga yuzlandi. – Hozir choy so‘ragan kim edi, sluchayno, otangmasmi?
– Ha, otam! Nimaydi? – Hech narsani tushunmay so‘z qotdim.
– Yo‘g‘-e, neujeli?.. – U bo‘shashib, chinni choynaklar terib qo‘yilgan xontaxta chetiga o‘tirib qoldi. – Bu qanaqasi? – dedi qizarib-bo‘zarib. – Axir otang... – Bir oz talmovsiragach, ishonqiramay so‘radi. – Manga qara, chesniysini ayt, bu o‘zi sani kiming qazo qilgan – otangmi yoki onang?..
Kutilmagan savoldan hang-mang bo‘lib qoldim. Oshni buza boshlagan Qo‘zivoy akaga esa Xudo berdi.
– Ey, galvars, – dedi belkurakday kapgiri bilan go‘shtlarni abjir ilib, tog‘oraga tashlarkan, – sal anaqaroq bo‘p qogansan, desam, tan olmaysan. Endi ayt-chi, aynimagan bo‘sang, o‘lgan bir yoqda qolib, tirik odamdi janozasini o‘qirmiding? Obbo, Kamsamol-ey...
Qo‘zivoy aka so‘zini tugatar-tugatmas, o‘choqboshida yengilgina kulgi ko‘tarildi. Men nima qilarimni bilmay, Abdurayim akaga o‘girildim. O‘girildimu, hayrat ichra qotib qoldim. Shu tobda u men bilgan Abdurayim akaga zarracha o‘xshamasdi. Jo‘mrakdan oqayotgan qaynoq suv choynakdan toshib yerga singiyotganini go‘yoki ko‘rmasdi. O‘rtog‘ining pichinggiga ham, atrofdagilarning kulgisiga ham parvo qilmay, samovar o‘txonasida langillayotgan cho‘qqa termulgancha jim o‘tirar, aftidan, butun dunyoni unutgan, o‘zi bilan o‘zi ovora edi. Ketma-ket g‘udrangancha nuqul ikki jumlani takrorlardi:
– Esiz, shunday zolotoy kampir! Esiz, shunday mirovoy xotin!..
Anchadan so‘ng u boshini ko‘tarib, yosh to‘la ko‘zlarini menga qadadi:
– Axir, o‘n kuncha burun mani ko‘rgani bannisaga borgandilar. O‘shanda soppa-sog‘ yurgandilar-ku! Nega endi...
Abdurayim akaning ovozi qaltirab ketdi. Keyin o‘rnidan tura solib, mening bo‘ynimga osildi.
– Bilasanmi, – dedi yosh boladay hiqillab, – ves qishloqda yedinstvenno sani onang mani ismimni tilga olib gaplashardilar. Tem bolee, og‘zilarini to‘ldirib, Abdurayim polvon, derdilar. Sababini so‘rasam, ”Nom – nomus! Har kimdi ota-onasi qo‘ygan ismi bilan atash inson uchun ham qarz, ham farz,” deb tushuntirardilar. Xo‘sh, endi-chi?..
Uning o‘pkasi to‘lib, yelkalari silkina boshladi.
– Endi kasal bo‘sam, kim mandan xabar oladi?.. Endi kim haqiqiy otimni aytib chaqiradi?.. Kim meni Abdurayim polvon, deydi?.. Esiz, shunday zolotoy xotin! Esiz, shunday mirovoy kampir!..
Shu ko‘yi u tovush chiqarmay uzoq yig‘ladi. Ko‘nglini bo‘shatib bo‘lgach, dabdurstdan oyoqqa qalqdi. Ildam odimlar bilan tomorqamizni shoshilinch kesib o‘tdi. Ariqdan chaqqon hatlab, yaydoq dalaga chiqqach, o‘ngga qayrildi.
Men avvaliga Abdurayim aka qayon otlanganini anglolmay, angrayib qoldim. Keyin hammasini tushundim: u uzoqdan elas-elas ko‘zga tashlanib turgan qabriston sari ketib borardi. Yanglishmasam, onamning qabrini ziyorat qilishga shoshardi. Shu damda ro‘paradagi tog‘lar ortidan quyosh ohista mo‘ralar, uning yo‘llariga zarrin nurlar sochardi. Musaffo osmon iliq-mayin shu’laga chulg‘anib, borliq uyqudan uyg‘onardi...
SIXMOLA
Bahorning g‘ira-shira oqshom edi. Hammamiz uyda talashib-tortishib yalpiz somsa yeb o‘tirgandik, otam onamga eslatib qoldi:
– Kelasi haftadan chigit ekish boshlanarkan. Ungacha anorlardi ko‘tarib, arig‘ini opqo‘yishimiz kerak. Keyin pillaga ovora bo‘p qosak, qo‘l tegmaydi.
Shu gap bahona ertasi oilaviy hashar uyushtirdik. Otam bilan onam anor ochadigan, akalarim ularga qarashadigan bo‘lishdi. Katta singlimning qilar ishi-ku tayin: odatdagiday idish-tovoqlarni yuvadi, hovli-uylarni supurib-sidiradi. Vaqti-vaqti bilan beshikdagi kichik singlimga ko‘z-quloq bo‘lib turadi.
Shubhasiz, eng og‘ir vazifa – ukamni ovutib-o‘ynatish mening chekimga tushdi. “Nega buncha vahima qilasan?” deysizmi? Marhamat, sababini aytaman: ukam aslida yomon bola emas. Ikki yuzi oppoq, qo‘l-oyoqlari do‘mboq. Ammo sal yig‘loqiroq. Chaqaloqligida kasallikka ko‘p chalingan. Shundan injiq bo‘lib qolgan. Tag‘in deng, balodaygina shumligiyam bor. O‘zi yurishga erinadi. Ko‘ringan odamga “Mani ko‘taying, mani ko‘taying!” deb, kanadek yopishib oladi. Aytganini qilmasangiz, lo‘lilikka o‘tadi. Yolg‘ondakamiga ko‘z yoshiga zo‘r beradi. Ustiga-ustak, nuqul burnini tortaverib, jonga tegadi. U bilan til topishish hammaniyam qo‘lidan kelavermaydi.
Mana, hozir ikkovlon tandirxona oldida o‘tiribmiz. Tagimizda o‘rtasi yirtiq sholcha-yu eski ko‘rpacha. Ukam pishillagancha ishimni kuzatayapti. Men o‘lgan kunimdan uning buyrug‘ini bajarayapman. Aniqrog‘i, pirpirak yasayapman. Shu maqsadda sahardanoq puxta tayyorgarlik ko‘rganman. Og‘ilxonamiz tomidan bir dasta qamish sug‘urib kelganman. Otamning faqat sabzito‘g‘rarlarda ishlatadigan, boshqa paytlari taxmondagi sandiqchada saqlaydigan o‘tkir pichog‘iniyam o‘g‘rincha olib chiqqanman. Hech kim sezgani yo‘g‘-u, baribir, ehtiyot – shart, ko‘rpacha qatiga yashirib qo‘yganman.
Ishqilib, ukam fe’li aynib, xarxashasini boshlavormasa, bo‘lgani. Aks holda, naq baloga qolaman – uni ko‘tarishga majbur bo‘laman. Bunaqa azob chekkandan ko‘ra kechgacha tinmay pirpirak yasaganim ming marta afzal. Boya bittasini bitiruvdimam-ku, ukamga yoqmadi. “Buningiz bo‘maydi, kichkina”, deb turib oldi. Rosa jahlim chiqdi. Tumshug‘iga boplab bir tushirmoqchi ham bo‘ldimu, yana qo‘rqdim. Bilaman-da, arillab yuborsa, og‘irligi aylanib-o‘rgilib o‘zimga tushadi.
Ha, aytgancha, siz pirpirak yasashni bilasiz-a?.. Yo‘g‘-e, nahotki?!. Unda eshiting, bu sirayam qiyinmas: oldin yo‘g‘onligi katta odamning ingichka barmog‘iday bir qarich qamish tanlaysiz. Qarama-qarshi tomonlarini pichoq bilan ohista tilib, tikkasiga bilinar-bilinmas yorasiz. O‘sha yoriqlarga to‘rtburchak shaklida qirqilgan qattiqroq qog‘ozlarni chetginasidan avaylab, qistirasiz. Qarabsizki, bir-biriga teskari bayroqcha monand parrak hosil bo‘ladi. Keyin qoq o‘rtasiga jing‘il yoki jiyda tikanini suqib, teshigini kengaytirasiz. Oxirida uni boshqa – uzunroq va yo‘g‘onroq qamishning uchiga ko‘ndalangiga o‘rnatsangiz, tamom-vassalom, pirpirak tayyor bo‘ladi. Boshingiz uzra baland ko‘tarib yugursangiz, parragi chirillab aylanadi. Faqat bittagina kamchiligi bor – tovushi chiqmaydi. Buni yo‘li oson: labingizni cho‘chchaytirib, ovozingizni zirillatib tursangiz, kifoya. Haqiqiy samolyotdan zarracha qolishmaydi!
Xullas, ukamni tinchitish uchun bor mahoratimni ishga solayotgandim. Bir mahal darvozamiz ro‘parasiga traktor kelib to‘xtaganday bo‘ldi. Hayal o‘tmay, hovlimizga bo‘lim mexanigi Aliqul aka bilan traktorchi Karimboy aka kirib kelishdi.
– O‘-o‘, hormanglar! Hormanglar-ov! – Aliqul aka anorzor tomonga ovoz berdi. Otam tomorqadan chiqa boshlaganini sezgach, xotirjam tortib, ukam ikkimiz sari yurdi. – Obbo, azamatlar-ey, – dedi pirpiragimga qarab, – ustachiliklar zo‘r-ku. Qoyil! Ammo-lekin bu yoqda buloq qaynab ketgani-yu, u yoqda bulbulcha ko‘rinib qogani sa-al chatoq bo‘pti-da. Bay-bay-bay!..
Aliqul aka tilini o‘ynatib, tomog‘ini taqillatdi. Men u nimaga sha’ma qilayotganini darhol tushundim. Tushunmay o‘libmanmi? Axir, shu kuz yetti yoshga to‘laman. Xudo xohlasa, onam aytmoqchi, akalarimga qo‘shilib, maktabga boraman. Nuqul “besh”ga o‘qisam, oltin medal olaman. Keyin institutga kirib, “injinir” bo‘laman. Katta stollarni egallab, Aliqul akaga o‘xshagan mexaniklarga boshchilik qilaman. Demak, uning oldida bu alfozda o‘tirish menga aslo yarashmaydi. Shu bois shosha-pisha ishtonimning yirtig‘ini berkitdim. Ukam bo‘lsa, e, hali kichkina-da, hech narsaga aqli yetmadi. Aslida menga atalgan maqtovdan iyib, burnini oqizgancha, iljayib o‘tiraverdi.
Otam hovliga qadam qo‘ygach, oyoqlarini tapillatib, etigi loyini tushirdi. Ust-boshini qoqqach, mehmonlar bilan qo‘shqo‘llashib, quyuq so‘rashdi:
– Xush kepsilar, xush kepsilar. Qani, ichkariga marhamat!
– Iltifotingiz uchun rahmat, aka, – Aliqul aka qo‘lini ko‘ksiga bosib, otamga minnatdorchilik bildirdi. Kelganidan buyon gugurt cho‘pini chaynab, jim turgan Karimboy akaga birrov razm solgach, muddaoga o‘tdi. – Biz shoshib turibmiz. Ertamatandan sixmola izlab yuribmiz.
– Qanaqa sixmola? – otam ajablanib mehmonlarga tikildi.
Aliqul aka bahor quyoshida qorayib, taram-taram to‘rlagan bo‘ynini silab, tushuntira ketdi:
– Tunov kuni Qodirberdi o‘ttiz gektarlikni boronalab bo‘lgach, uvatda qoldirib ketgan ekan. Bugun opketishga kesak, uch-to‘rttasi yo‘q. Kimdir yechib ogan ko‘rinadi. Mabodo, u yer-bu yerda yotganiga ko‘zingiz tushmadimi – shuni bilmoqchiydik.
– Yo‘-o‘q, ko‘rmadim, – otam boshini chayqab, yelkasini qisdi. – Sixmola og‘ir-qo‘pol matoh bo‘sa, ot-eshaksiz birortasiniyam agaratda ishlatib bo‘masa, kimam teginardi?
– Unda uzr, aka...
Mehmonlar endigina tashqariga yo‘l olishayotgandi, otam nimadir esiga tushganday, ularni to‘xtatdi.
– O‘zi, gapimga xafa bo‘manglaru, silar ja-a qiziqsizlar-da, – dedi daf’atan tanbeh berib. – Selitra-ammofos bormi, traktor-texnika bormi, bundoq durust qadriga yetmaysizlar. Foydalanib bo‘gach, kalxozniki behisob, tagi serob deganday, duch kegan yerga tashlab ketaverasizlar. Manavindaqa – ikki oyoq bir etikka tiqilgan paytda esa, boshqalardan gumonsirab yurasizlar.
– Ha, endi-i... – Aliqul aka xijolat aralash iyagini qashidi, – bu ko‘pchilikka tekkan kasallik-da, aka. Odamzod har xil. Hammayam sizday halol-jonkuyar bo‘lavermaydi.
– Ayb ko‘pchilikda emas! – Otam uning so‘zini og‘zidan oldi. – Hamma balo sandaqa korchalonlarning beparvoligida, tushundingmi? Xalqda “O‘zingga ehtiyot bo‘l, qo‘shningni o‘g‘ri tutma”, degan naql bor. Badgumonlik yomon narsa, mavridi kelsa, odamdi iymonidan ayiradi.
Suhbat shu yerga yetganda, men ilkis hushyor tortdim. Chunki kechadan oldin kuni qattiq shamol turib, pichanimizni ag‘darib yuborgandi. To‘ng‘ich akam allaqaerdan bitta sixmolani eshakka o‘ngarib kelgan, sim bog‘lab, g‘aramga bostirib qo‘ygandi. O‘zim yordamlashgandim. U mexanik qidirib yurgan sixmolalardan bo‘lsa, ajabmas. Hoynahoy, otam ko‘rmagan. Ko‘rganda, nima, yashirarmidi?
O‘zimning ziyrakligimdan o‘zim quvonib ketdim.
– Ota, men aytaymi? – dedim ichim terimga sig‘may. – Sixmolalardan bittasi biznikida!
– A?!. – Otam yalt etib menga o‘girildi. Shu asno, nazarimda, rang-ro‘yi allanechuk oqarib ketganday bo‘ldi. – Nimalar deyapsan?.. Qanaqasiga?.. Qaerda?..
– Hu, anovi yoqda! – O‘tirgan joyimda bo‘ynimni cho‘zib, tomorqa etagiga ishora qildim. – Pichanning orqasida!
So‘zimni tugatar-tugatmasimdan, Aliqul akaga jon kirdi.
– I-e, mulla aka, bunisi qiziq bo‘ldi-ku, – dedi otamga istehzoli boqib. – Adashmasam, o‘zlariyam biz qatori shekilli. – U moviy ko‘zlarini qisib, sirli jilmaydi. – Bu yog‘i “Avval o‘zingga boq, so‘ng o‘zgaga nog‘ora qoq!” bo‘p ketdi-yov. – So‘ngra ovozini xiyla pasaytirdi. – Xo‘p, mayli, yo‘l boshlang endi, aka.
Otam kutilmagan yangilikka ishonqiramaganday, dam menga, dam mehmonlarga javdirab, jim qoldi. Bir pas kalovlanib turgach, shahd bilan g‘aram tarafga odim tashladi. Mexanik va traktorchi uning ortidan ergashdi.
Hech qancha o‘tmay, ko‘chada nimadir taraqladi. Ortidan motor gurilladi. Havoga bir tutam qop-qora, quyuq tutun o‘rladi. U tarqab yo‘qolar-yo‘qolmasidan otam hovliga qaytib kirdi. Yurishi boshqacha, avzoyi buzuq edi. Men shundagina xato qilganimni tushunib yetdim. Otam to‘g‘ri ustimga bostirib kelayotganini anglab, yuragim shuv etdi: “O‘ldim, endi savalaydi!” Shu hadikda dik etib, oyoqqa qalqdim. Biroq qochishga ulgurmadim. Otam ikki hatlab, menga yetib oldi. Ombirday qattiq qo‘llari bilan chap yelkamdan mahkam qisib, yuzimni o‘ziga qaratdi.
– Hov, tirmizak! – dedi ko‘zimga qahr bilan boqarkan, bo‘sh qo‘lini paxsa qilib. – Sandan birov gap so‘rovdimi? Nega o‘zingcha mahmadonalik qilasan?
Shunday deya, bexosdan quloq-chakkamga shapaloq tortib yubordi. Ko‘zimdan olov chaqnaganday bo‘ldi. Boshimdan do‘ppim uchib ketib, o‘zim ikki-uch qadam nariga borib tushdim. Yuztuban yiqilayotgan chog‘im tagimda nimadir qarsillab sindi. Qarasam, pirpiragim! Bundan chiqdi, qo‘limda ekan-da. Qamish mo‘rt narsa emasmi, og‘irligimga dosh berolmay, parcha-parcha bo‘lib ketibdi.
Ham tarsaki yeganimga, ham tayyor pirpiragimdan ayrilganimga chiday olmadim. Og‘riq va alamdan dod solib, yig‘lab yubordim. Chiyillashimdan cho‘chib ketdimi, ukam ham bor tovushida baqirib, menga jo‘rovoz bo‘ldi. Qiy-chuvimizni eshitgan onam jonholatda anorzordan otilib chiqdi. Kelasolib, yana menga xezlanayotgan otamning yo‘lini to‘sdi.
– Hoy, otasi! Manga qarang, jon otasi! – dedi yig‘lamsiragan ohangda yalingudek bo‘lib. – O‘zingizni bosing. Bola bechora sizga nima yomonlik qildi? Go‘dakkinani nega urasiz? Nima bo‘ldi o‘zi?
– Dard bo‘ldi! Balo bo‘ldi! – Otam bu safar men bir chetda qolib, onamga o‘shqirdi. Shu qadar qattiq hayqirdiki, hayhotdek hovlimiz jaranglab ketdi. Ukam ikkimizning damimiz ichimizga tushib, yig‘idan taqqa to‘xtadik. Derazadan mo‘ralagan singlim ham, ishdan bosh ko‘targan akalarim ham turgan joylarida serrayib qolishdi.
– Ko‘rmayapsanmi, bu tirranchang birovlardi oldida mani sharmanda qildi. Endi odamlardi yuziga qanday qarayman? El orasida qanday bosh ko‘tarib yuraman? – Oxirgi so‘zlarni aytayotganida otamning lablari iztirobli titrab ketdi. Yuzlari bo‘g‘riqib, bo‘yin tomirlari o‘qlov misoli bo‘rtib chiqdi. – Chaqimchilikdi kimdan o‘rgangan o‘zi bu ahmoq?
Onam indamadi. Javob qaytarishga iymanayotgandek, yon-veriga bezovta alangladi. Otamning sal tinchiganini ko‘rgach, dilidagini tiliga chiqardi.
– Kimdan bo‘lardi, o‘zingizdan o‘rgangandir-da, otasi, – dedi vazmin ohangda salmoqlab.
– Nima deding? Mandan?.. – Otam qaytadan jahl otiga mindi. Ko‘zlarini chaqchaytirib, aftini g‘alati burishtirdi. – Nima, man biror marta chaqimchilik qipmanmi? Yoki bularni shu yo‘lga boshlapmanmi? – U qo‘qqisdan yonboshiga egilib, tok ostida yotgan ayrini olish uchun uzandi.
– Yo‘q, shoshmang, unday demoqchi emasman. – Onam o‘rtaga ko‘ndalang bo‘lib, yana otamning bilagiga yopishdi. – Axir, o‘zingiz doimo shunaqa qilasiz-ku, – dedi titrab-qaqshab. – Bolalarga “Boshlaringda qilich o‘ynasayam, rostini aytinglar”, deb o‘rgatasiz-ku! Haq so‘zni aytish hech jahonda chaqimchilikka kiradimi?
Men otamning onamga tez-tez “Bolalarni ortiqcha taltaytirma, huda-behuda tarafini olma”, deganini eshitardim. Hozir onam menga yon bosgani uchun battar tutaqib, uni ham changitib so‘kib qoladi, deb o‘ylovdim. Ajab, u achchiqlanmadi. Aksincha, kutilmaganda hovuridan tushdi. Ayrini jahl bilan hovli burchagiga uloqtirdi-da, g‘udrangancha anorzorga kirib ketdi. Qochishga shay akalarimga parvo ham qilmadi. Ketmonini qo‘liga olib, gupillatib yerga ura boshladi. Qolgani tushunarli: endi to achchig‘i tarqamaguncha, ishdan to‘xtamaydi. Choy ham ichmaydi.
Bu yog‘idan ko‘nglim taskin topgach, yana ko‘z yoshlarimni oqizib, onamga zorlandim:
– Qulog‘im shang‘illayapti, opa...
– Ozgina chidasang, og‘rimay qoladi, bolam. – Onam yuz-ko‘zlarimni silab-siypalab, meni o‘rnimdan turg‘azdi. Changga belangan do‘ppimni kaftiga qoqib, boshimga kiydirdi. – Jahl kelganda, aql ketadi. Aslida, otang sani yaxshi ko‘radi, bilmay urvorgandir-da, – dedi qo‘lini yelkamga qo‘yib. – Hecham xapa bo‘ma, yaxshisi, ko‘z yoshingni art. Ha, bo‘yginangdan o‘rgilay, o‘zing kap-katta yigitsan-ku, qo‘y yig‘lama, birov ko‘rsa, uyat bo‘ladi-ya.
Onam bilib aytgan ekan, qulog‘imning shang‘illashi bir zumda yo‘qoldi. Ammo oyog‘im ostiga ko‘z yugurtirib, battar xo‘rligim keldi.
– Qarang, opa, pirpiragim sinib qopti, – dedim hiqillab. – Uni ukamga bermoqchiydim.
– Zarari yo‘q, – onam mayin jilmayib, peshonamdan o‘pdi. – Yangisini yasab olarsan. Lekin-chi... – u yuzimni kaftlari orasiga olib, ko‘zlarimga ma’yus termuldi, – To‘g‘ri gapning to‘qmog‘i bo‘ladi. Ba’zan tuqqaningga ham yoqmaydi. Ko‘pincha boshingga balodek yog‘iladi. Ammo sen, baribir, hech qachon yolg‘on ishlatmagin. Odamlardi aldamagin. Har doim hozirgidek to‘g‘risini ayt, xo‘pmi, bolam...
Onam boshqa gapirmadi. Javobimni ham kutmadi. Uyqusirab g‘ingshiyotgan ukamni bag‘riga bosib, allalab-ovutishga tutindi. Men sevimli mashg‘ulotimni davom ettirdim...
...Hali oradan yillar o‘tadi. Qanchadan-qancha qorlar erib, qanchadan-qancha suvlar oqib ketadi. Men o‘sib-ulg‘ayaman. Onam ilinj bog‘laganidek, “injinir” emas, oddiy “gazitchi” bo‘laman. Hayotda yaxshi-yomon odamlarni ko‘p ko‘raman. Haq-nohaq damlarni boshdan kechiraman. Lafzida turmas ikkiyuzlamachilarni, umri aldoqchilik bilan o‘tayotgan tovlamachilarni ham bot-bot uchrataman. Shaxsiy manfaati, bir soniyalik huzur-halovati yo‘lida iymon-e’tiqodidan, nomusu oridan, do‘stu yoridan voz kechganlarga, o‘tkinchi boyligu mansab, soxta obro‘-e’tibor uchun o‘zidan katta amaldorlar poyida yetti bukilib turadiganlarga, oddiy xalqni esa oyog‘i uchida ko‘rsatadiganlarga ham duch kelaman. Goho er xotiniga, xotin eriga xiyonat qilganini, ota-onalar zurriyotlari, o‘g‘il-qizlar ota-onalari oldidagi burchini unutganini eshitsam, hayratda qolaman. Goho rost o‘rnini yolg‘on egallaganini, bir odamning bu ko‘zi u ko‘zini bearmon o‘yishga shaylanganini sezsam, hazin-hazin o‘ylarga tolaman. Ikki orada sevgi-sadoqat, insof-diyonat, mehr-oqibat chirqillab qolayotganiga afsuslanaman. Allakimlarning qabihligi, allakimlarning loqaydligi tufayli adolat toptalayotganiga achinaman.
Shunday kezlarda, bilmadim, negadir yig‘lagim, o‘ttiz besh-qirq yil ortga qaytgim, dunyoning bor zavqini o‘yindan iborat deb tushungan bolakayga aylanib qolgim keladi. Ko‘z o‘ngimda avval keng hovli-yu bepoyon dala, g‘aramga osilgan sixmola, xijolatdan o‘zini qo‘yarga joy topolmay turgan otam paydo bo‘ladi. So‘ngra xotiraga xotira ulanadi – bor bo‘y-basti bilan onamning siymosi gavdalanadi. Men ishda ham, turmushda ham uning o‘gitlariga amal qilishga intilaman. Mudom haq so‘zni aytish payida bo‘laman. Evaziga...
Evaziga ba’zan pand yeyman. Ba’zan afsus-nadomat chekaman. Boshimda tayoq singan, ta’na-malomatlarga qolgan, tuhmatga uchragan vaqtlarim ham ko‘p bo‘ladi. Ammo nima qilay? Zig‘ircha haqsizlikka chiday olmasam, yolg‘onni ko‘tarolmasam, adolatsizlikdan lov etib ketsam, ayting, nima qilay? Onamdan shunday tarbiya ko‘rgan bo‘lsam, yana qanday yo‘l tutay? Nega insofni, diyonatni unutay, nega eng aziz kishimga xiyonat etay? Axir, qaysi ayol o‘z dilbandiga yomonlikni ravo ko‘radi?.. Axir, qaysi ona o‘z bolasini to‘g‘ri yo‘ldan uradi?.. Baski, adolatdan ko‘z yumish onadan yuz o‘girish emasmi? Diyonatdan chekinish aslida onani unutish emasmi?
Menimcha, shunday! Onalar hamisha farzandlari a’molini ko‘rib-bilib turadilar. Hatto, o‘limidan keyin ham ularning boshida parvona bo‘lib, ularning yo‘lini abadul-abad yoritib turadilar.
Siz-chi, birodar, siz bu tayin haqiqatga – onalar o‘gitiga shak keltira olasizmi? Loaqal, bir kun-bir lahza bo‘lsin, onangizni eslamay, uni qo‘msamay yashay olasizmi?..
ENG BOY ODAM
Noz uyquda yotgan ekanman, kimningdir qattiq-qattiq gapirishidan cho‘chib uyg‘onib ketdim:
– Yaxshimisiz, yanga? Uy ichlari tinchmi? Bola-chaqalar omonmi?
Ovoz shundoqqina yonboshdan – darvozaxonamiz tarafdan kelardi. Ko‘zimni ochganim hamono peshayvon shiftiga qaradim: biron-bir shu’la ko‘rinmadi. Demak, hali erta – oftob chiqmagan, yerdan nam ko‘tarilmagan. Bemalol yana ozgina uxlab olsam bo‘ladi. Hech kim “Shu paytgacha yotibsanmi?” deb urishmaydi. Chunki otam dalada. O‘zining tili bilan aytganda, uch kundan buyon “ismin’’da. Tun bo‘yi paxtaga suv tarayapti. Hozir “sezon” shunaqa!
Halizamon onam ham dalaga otlanadi. Akalarim unga ko‘makchi – g‘o‘zani o‘tdan tozalashu mol boqish bilan ovora. Men esa uyga qorovulman. Vazifam tayin: kechgacha singillarim va ukamga ko‘z-quloq bo‘lib yursam, kifoya. Qo‘shimcha ikkitagina ishim bor. Birinchisi – og‘ilxonani kurab, go‘ngini jar boshiga chiqarib tashlashim kerak. Ikkinchisi – hovlini chinniday qilib supirib-sidirib qo‘yishim lozim. Bu yumushlarni sal keyinroq – kun yoyilguncha bajarsam ham bo‘laveradi. Aytdim-ku, baribir, birov tergamaydi.
Shularni o‘ylab, xotirjam tortdim. Tong salqinidan etim junjikib, issiq o‘rnimdan qo‘zg‘algim kelmadi. Ko‘rpani boshimga o‘rab, birato‘la g‘ujanak bo‘lib oldim. Xuddi shu payt boyagi ovoz qulog‘imga yana o‘qdek qadaldi. Bu safar u hovlidan eshitilar, avvalgidan-da balandroq yangrardi:
– Endi-i, yanga, o‘ziyizdi xavariyiz bo‘sa kerak, ko‘klamda to‘ng‘ich qizimizdi zapravkachining o‘g‘liga unashtirib qo‘yuvdik. Bugunga kelib, quda tomon shoshirayapti. To‘ydi yozdan kechiktirmay o‘tkazib olaylik, deyapti...
“Obbo, kallayi saharlab onamga dardini doston qilayotgan kim bo‘ldiykin? Shang‘illamasdan muloyimroq gapirsa, o‘larkanmi?.. E, shoshmang, tovushi juda tanish-ku. Mabodo, past mahallalik Ro‘ziqul traktorchi emasmikin?..”
Qiziqishim ustun chiqib, uyqum qochdi. Tirsagimga tayanib, qiya ochiq deraza pardasini ohista chetga surdim. Adashmabman, taxminim to‘g‘ri chiqdi. Tashqariga mo‘ralashim bilanoq, Ro‘ziqul akaga ko‘zim tushdi. U ishkom ostiga o‘rnatilgan so‘ri chekkasida omonatgina o‘tirardi. Onam esa tik turganicha dasturxon tuzardi.
Ro‘ziqul aka novcha bo‘yli, qozonday qop-qora, ustiga-ustak, yuzlari cho‘tir, badbashara odam. Men uni hov anavi tog‘da o‘sgan archaga o‘xshataman. Negaki, qishin-yozin doimo bir xil kiyinadi. Qachon qaramang, egnida yag‘iri chiqqan kostyum-shimu bo‘mazi ko‘ylak, boshida eski do‘ppi, oyog‘ida rangi oqarib ketgan kirza etik bo‘ladi. Ishga ham, to‘y-ma’rakalarga shu alfozda boradi. Ishonmaysizmi, o‘zim ming martalab ko‘rganman. Faqat ayoz chillasidagina do‘ppisini kuya yegan telpakka almashtiradi. Kostyumi ustidan qalin fufayka kiyib, beliga askarlarning qayishini taqib oladi.
Ochig‘i, men Ro‘ziqul akani mutlaqo yoqtirmayman. O‘zinimas, qilig‘ini! U tirkama-aravali “T – 40” haydaydi. To‘rt g‘ildirakli, kabinasi ko‘k, pastakkina traktor bor-ku, ana o‘shanaqasini. Ko‘chamizni qop-qora tutunga to‘ldirib, dam-badam u yon-bu yon o‘tib turadi. Lekin o‘ta ziqna. Birortayam bolani traktoriga osilgani qo‘ymaydi. Salgina yaqinlashsangiz, joni chiqib ketadi. Shosha-pisha tezlikni pasaytiradi. Cho‘qmorday mushtini o‘qtalib, bearmon so‘kinadi. So‘laqmonday odam bo‘la turib zarracha uyalmaydi. Gohida traktoridan tushib, hammani tirqiratib qoladi. Bir safar meniyam quvlagan. Erinmasdan naq hovlimizgacha bostirib kirgan. Rosa qo‘rqqanman. Chordoqqa yashirinib, arang qutulib qolganman. Yaxshiyamki, uyda otam yo‘q edi. Traktorga osilganimni bilsa, Ro‘ziqul akaning ta’na-dashnomini eshitsa, ayab o‘tirmasdi. Boplab ta’zirimni berardi.
Ro‘ziqul akaning yana bitta yomon odati bor. Doimo qo‘lini paxsa qilib, shang‘illab gapiradi. Bir navi, ungayam qiyin. Uzzukun traktorda yurishning o‘zi bo‘lmaydi. Motor shovqinidan qulog‘i tom bitib qoladi. Shu bois boshqalarni ham o‘ziday garang deb o‘ylasa kerak-da.
Bunisini-ku, tushunaman. Ammo, baribir, hadeb shang‘illayverish yaxshimas-da. Mana, u hozir ham shunday qildi. O‘rta ichida zarari menga tegdi – shiringina uyqumning qoq beliga tepdi. Onam esa, bundan bexabar, uni husayni uzumu jizzali non bilan siylayapti. Tag‘in deng, dasturxonga zarang kosada qaymoq ham keltirib qo‘yibdi. Tavba, hech jahonda uzum bilan qaymoqni qo‘shib yeb bo‘ladimi? Onam ham qiziq. Yetti yot begonaga himmat ko‘rsatib nima qiladi? Undan ko‘ra, bundoq bizni o‘ylasa-chi?..
Yashirmayman, onamning noo‘rin tantiligidan hafsalam pir bo‘ldi. Ro‘ziqul akaning avvalgidanam battarroq yomon ko‘rib ketdim. Unga adovatli boqqancha, iyagimni deraza raxiga tiradim. Qaymoqdan ko‘z uzolmay, beixtiyor tamshanib, lablarimni yaladim.
– Shunga-a boshim ja-a qotib turibdi-da, yanga! – Yonlamasi o‘tirganidanmi, Ro‘ziqul aka mening ichkaridan o‘g‘ri mushukdek mo‘ralayotganimni payqamadi. Do‘rillagan ovozda hasratini qolgan joyidan davom ettirdi. – To‘qayda Ismoil brigadir bilan kelishib, paxtazordi bir chekkasiga sheriklikka ekkan ozgina moshim, kuzgi qovun-tarvuzim bor. Man avval ulardi saranjomlab osak, so‘g‘in to‘ydi boshlasakmikin, deb turibman. Siz-chi, siz nima maslahat berasiz? Shuni bilgani keluvdim, yanga.
Onam javobga oshiqmadi.
– Qani, oldin dasturxonga qarang, manavilardi mazasini tatib ko‘ring, – dedi debochasiga mehmonnavozlik ko‘rsatib. Keyin piyolalarni toza sochiq bilan artarkan, muddaoga o‘tdi. – Manimcha, qudalaringizdi gapida jon bor. Chunki, baribir, yozdi yo‘rig‘i bo‘lakcha. Havo issiq, meva-cheva serob. Bundan tashqari, bo‘lar ishdi tezroq bo‘gani, pishgan oshdi vaqtidan suzilgani yaxshi! – Onam piyolaga choy quyib Ro‘ziqul akaga uzatdi. Shu asno tomorqamizga tutash paxtazorga birrov qarab qo‘ydi. – Kechikishdi oqibati ma’lum: qogan ishga qor yog‘adi. Davomini surishtirsangiz, hademay safar oyi kiradi. Keyin yig‘im-terimga navbat yetadi. To‘y-ma’rakalar o‘z-o‘zidan ikki-uch oy orqaga surilib ketadi. Qishda tadbir o‘tkazish esa, bilasiz, koni azob. Ob-havoning qosh-qovog‘iga qarayverib, pokisa esingiz og‘adi. Oyoqostiyam toza qiynaladi.
– Bu pikringiz jo‘yaliku-ya, ammo... – Ro‘ziqul aka onamning mulohazasiga qo‘shilganday bo‘ldi-yu, o‘sha zahotiyoq nimalarnidir o‘ylab, sukutga cho‘mdi. – Shu-u man sizga aytsam, – dedi anchadan so‘ng chaynalib, – traktirchi xalqining kosasi bir umr oqarmas ekan. Ayniqsa, manga o‘xshagan serfarzandlarga qiyin bo‘larkan. – U chuqur xo‘rsinib, uf tortdi. Issiq choydan ho‘plab, nafas rostlagach, qaytadan tilga kirdi. – Bulardi deng, turgan-bitgani nuqul tashvish. Bittasini ustiga obersang, ikkinchisi bosh yalang qoladi. Uchinchisining oyog‘iga yetmaydi. Ulardi aldab-suldab ko‘ndirmasingdan navbatdagisi diydiyosini boshlaydi. Ba’zan hammasiga qo‘l siltab, dod devorgim keladi. Gapdi indallosi, bejanjal-beg‘alva o‘tgan kun yo‘q hisobi, yanga...
– Ha, endi, “Bolali uy – bozor, bolasiz uy – mozor” deganlari asli shu-da, Ro‘ziquljon! – Onam uning gapini bo‘lib, dalda berdi. – Boshqalardi turmushiyam sizdikidan avlo emas. Sokin daryo tubida nimalar ro‘y berayotganini qirg‘oqda turib kuzatib anglash mushkul. Bu olamda oshsiz-tuzsiz ro‘zg‘or bo‘sa bordir, lekin g‘am-tashvishsiz oila yo‘q. Har kimdi dardi o‘ziga ayon. Siz esa hecham nolimang. Janjal-xarxasha qisayam, yig‘lab-siqtasayam, mayli, bolalaringiz bir etakligiga shukur qing.
Onam yengil tin olib, yelkasi osha peshayvon tomon nazar tashladi. Men sezdirmaygina boshimni ichkariga tortdim. U Ro‘ziqul akaga yuzlangani hamono yana tokchaga qapishib, qulog‘imni ding qildim.
– Ayting-ayting, ishqilib, Yaratgan egam suygan bandalarini farzanddan qismasin. Umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘yganlarga sizdikiday qo‘sha-qo‘sha o‘g‘il-qizlar ato etsin. – Onam shunday derkan, negadir og‘ir so‘lish oldi. – Ovsinimga o‘xshaganlardi joniga esa O‘zi to‘zim bersin, – dedi ortidan o‘ychan qiyofada. – Axir, Xudoyim yo‘lini o‘nglamasa, qumaloqlash oson ishmi? To‘rt qizu yetti o‘g‘ildi dunyoga keltirishdi o‘zi bo‘ladimi? E, u yog‘ini surishtirsangiz, ayol zoti uchun har tug‘ib qutulmoq ming bir o‘lib tirilmoqqa barobar.
Onam ro‘molini qayta tang‘ishga tutinayotib, shukronalik bilan qo‘shimcha qildi:
– Aslida, biz – ahli zaifalarning baxti ham, taxti ham shu. Bu yorug‘ dunyoda hammamizam ortimizdan yig‘lab qoladiganlardi deb yashayapmiz-da, ukajon! Shunday bo‘gach, siz sirayam yozg‘irmang.
Ro‘ziqul aka onamning beozor tanbehidan o‘ng‘aysizlanib, xijolatomuz nigohlari bilan yer chizdi. Iyagini qashib, zo‘rma-zo‘raki tomoq qirdi.
– Yozg‘irayotganim-ku, yo‘g‘a-a, – dedi kalovlanib, – paqat bola-chaqang ko‘pligi uchun birovlardan ta’na-malomat eshitsang, odamga yamo-on alam qilarkan. Meni shunisini aytmoqchiydim, xolos.
– Nega unday deysiz, Ro‘ziquljon? – onam ajabsinib qo‘lidagi piyolani dasturxon chetiga qo‘ydi. – Yoki birortasi u yer-bu yerda sizni bemavrid xapa qildimi?
– E-e, xapa qilisham gapmi, haqorat qildi, haqorat! – Ro‘ziqul aka odati bo‘yicha yana shang‘illashga zo‘r berdi. – San, deydi, bor-yo‘g‘i ertadan-kechgacha qoramoyga botib yuradigan aravakashsan, deydi. Shu turish-turmushingga churvaqalarni ko‘paytirishingga balo bormi, “Sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir bog‘lar dumiga!” deydi. – So‘nggi jumlani aytayotganida uning vujudini qaltiroq bosdi shekilli, ovozi titrab ketdi. Jahlini jilovlolmay, bexosdan so‘ri suyanchig‘iga musht urdi. – Haqorat qigani yetmaganday, ustiga hiring-hiring kulgani ortiqcha.
– Kim?.. Kim aytdi shu gapni? – Onam hech narsani tushunmay, Ro‘ziqul akani takroran savolga tutdi.
– Kim bo‘lardi, anavi – zagatkantoraning bug‘oltiri – Eshmurod bor-ku, kelib-kelib o‘sha hezalak aytdi. – Aniq ko‘rdim: bu safar Ro‘ziqul akaning siyrak kipriklari pirpirab, qoshlari chimirildi. Ko‘zlari vajohatli chaqchaydi.
– Yo‘g‘-e? – Onam hayrat ichra yoqasini tutamladi. – Axir, u bechora... – dedi-yu, damiga ichiga tushib ketdi. – U bechoraning o‘zi bittagina tirnoqqa zor-ku. Uchinchi xotinining orqasidan ergashib kegan o‘gay qizidan bo‘lak bolasi yo‘q-ku. Nahotki, shunday bo‘la turib, sizga tosh otsa?.. Nahotki, ishtoni yo‘q tizzasi yirtiqqa kulsa?..
– E, kular ekan-da, yanga, kular ekan! – Ro‘ziqul aka titrab-qaqshab ikkinchi bor so‘rini mushtladi. Ayni damda ovozi har qachongidanam keskinroq jarangladi. – Kulmasa, bunchalar kuyib-pisharmidim?.. O‘zi asldida o‘sha itga yalinib borgan men ahmoqman!..
– Hay-hay, o‘zingizdi bosing! Zinhor-bazinhor unaqa demang, inim! – Onam ko‘rsatkich barmog‘ini labiga bosib, Ro‘ziqul akani ogohlantirdi. – Bu gap eshitgan quloqqa yomon-a. Bordi-yu, sizni ranjitgan bo‘sa, Xudoga soling. Har kimdi savobu gunohi o‘zi bilan. Qo‘ydiyam-echkiniyam oyog‘idan osadilar. Lekin siz shaytonga hay bering. Sho‘rtayginani bekordan-bekorga so‘kib, gunohga botmang. Yaxshisi, mana, oling, issiq choydan bosib-bosib iching, ko‘ngil g‘uboringiz tarqaladi. – U Ro‘ziqul akaning hovuri andak pasayganini ilg‘agach, yotig‘i bilan so‘radi. – Bu deyman, Eshmurodga ishingiz tushuvdimi?
– Hamma balo shunda-da! – Ro‘ziqul aka yana junbishga keldi. Piyoladagi qaynoq choyni bir ko‘tarishda sipqordi-da, qoldig‘ini zarda aralash yerga sepib yubordi. Yirik-yirik bargli “to‘qson besh” shamalari har joy-har joyga yopishib qoldi. – Qudalar ikki oyog‘ini bir etikka tiqvogach, keliningizga maslahat soldim. Xayriyatki, u qizdi sepi-yu ko‘rpa-to‘shaklarini butlab qo‘ygan ekan. Paqat puldan ozgina kamchiligimiz bor ekan. Nima bo‘sa-bo‘lar, deb, biror kishidan qishga dovur qarz ko‘tarishga ahd qildim.
– Bu yog‘ini durust o‘ylabsiz, – onam uning qarorini ma’qullab, luqma tashladi. – Har qalay, sizam chetdan uchib kelgan xas emassiz, – dedi mayin kulimsirab, – el qatori shu qishloqda unib-o‘sgan bitta ko‘katsiz. Qarz so‘rasangiz, ko‘pchilik yo‘q demaydi. Qolaversa, boyaginda moshimu qovun-tarvuzim bor deyayotgandingiz. Ulardi sotsangiz, qarzdan harna qutulasiz. Qoganiga Xudo poshsho! – Onam oxirgi so‘ziga alohida urg‘u berdi. – To‘y-hashamga, yoshlardi boshi qovushib, turmush qurishganiga nima yetsin!
– Ha, o‘lmang! Manam shunday andishaga boruvdim. – Ro‘ziqul aka hasrat xaltasining og‘zini qaytadan ochdi. – O‘ylay-o‘ylay, Eshmuroddi mo‘ljalladim. O‘libdimi, bir sinfda billa o‘qiganmiz, ra’yimni qaytarmas-ov, dedim. Shu o‘yda kecha oqshom uyiga o‘tdim. Hovlisida o‘zinikidaqa olachipor galstuk taqqan, meshday qorin qo‘ygan ikkita o‘rtog‘i bilan aroq ichib, qarta o‘ynab o‘tirgan ekan. Asta chetga imlab, dardimni aytdim. Shunda u maraz nima qildi, deng?!.
Ro‘ziqul aka yarasiga tuz sepilgan odamday aftini burishtirib, mushti bilan tizzalariga urib-urib qo‘ydi.
– Ustimdan kuldi. Ha, sizga yolg‘on, menga chin, kuldi dayus! Ulfatlariga atay eshittirib, “Pulim bor! Kerak bo‘sa, achib yotibdi. Biroq sanga bermayman. Chunki baribir haliveri qaytarolmaysan. Qora-chura mishiqilaringdan sariq chaqayam orttirolmaysan”, dedi nokas. O‘sha xunasaga katta boshimni kichik qilib borganimga ming pushaymon yeb, indamaygina izimga qaytayotgandim, yo‘limni to‘sib, nasihat o‘qidi. “Odamga hayot bir marta beriladi. Besh kunlik dunyoda o‘ynab-kulib, davru davron surib qolish kerak. San, og‘ayni, bunaqa nozik-nimjon yeyarmon-icharmonlarni galalashtirgandan ko‘ra, ko‘rpangga qarab oyoq uzatsang, ma’qulroq bo‘larmidi?” dedi. Anavi xo‘ppa semiz qirchang‘isi gapimizni eshitib turuvdi. Eshmurodni koyib, insofga chaqirarmikin, desam, qayda? Ikkovining tuprog‘i bir yerdan olingan ekanmi, eriga yon bosdi. “O‘rtog‘ingizdan ranjimang. Bilasiz, u kishi nozik joyda ishlaydilar. Sarf-xarajatlari amallari-yu topish-tutishlariga yarasha!” deb, mehmonlarga ishora qildi. Bilasiz, kambag‘aldi usti yupun bo‘sayam, ori ustun bo‘ladi. Achchig‘im chiqib, tilim shu qichidi-shu qichidi-yu, tag‘inam o‘zimni bosdim. Er-xotinni begonalar oldida behurmat qilmadim. Ammo-lekin uyga qaytgach, xo‘rligim keldi. Tuniminan mijja qoqolmadim.... – Ro‘ziqul aka so‘zining oxirida alam bilan ta’kidladi. – Xullasi, kambag‘aldan hamma or qilar, qayga borsa, duch kegan yelkasidan itarar ekan-da, yanga!..
Onam darhol unga tasalli berdi.
– Manga quloq song, ukajon, – dedi bosiqlik bilan, – siz unaqa bema’ni xayollarga bormang. Dastim kalta deb, aslo o‘ksimang. Kaldi ko‘ngli nozik, deydilar. Kim bilsin, ehtimol, Eshmurod mastlikda bilib-bilmay gapirvorgandir. Haqiqiy baxt shohona yashashu og‘zi-burnidan toshib chiqquncha yeb-ichish bilan o‘lchanmaydi. Odamzotdi qorni bir kosa ovqatgayam to‘yadi. Pul, mol-mulk – bulardi bari qo‘ldi kiri. Bugun bor, ertaga yo‘q narsalar. Farzandlar esa, o‘g‘ildir-qizdir, katta davlat. O‘nta bo‘sa – o‘rni, qirqta bo‘sa, qilig‘i boshqa. Ular ko‘z ochib-yumguncha o‘sib-ulg‘ayib, qanotingizga kiradi. Xudo xohlasa, mani aytuvdi dersiz, o‘shanda siz eng boy odamga aylanasiz. Hali bu azoblaru gina-kuduratlarni unutib yuborasiz.
– O‘-o‘, koshkiydi... – Aftidan, ayni lahza Ro‘ziqul akaning yuragi hapqirib ketdi. Yuzlaridan qahr o‘ti so‘nib, ko‘zlarida shirin orzular uchquni porladi. – Gapingiz rost chiqarmikin? – dedi allanechuk sust ovozda. – Mengayam shunday kunlar nasib qilarmikin-a, yanga?
– Bo‘masam-chi! – Onam uning hayajoniga sherik bo‘ldi. – Xotiringiz jam bo‘sin, – dedi ortidan dalda berib, – nasib etsa, to‘yingiz ham qop ketmaydi. Qarindosh-urug‘, mahalla-ko‘y, qolaversa, mana, biz bormiz. Qurbimiz yetguncha ko‘maklashib yuboramiz. Ha, aytgancha... – Onam muhim gap esiga tushganday, ilkis sergak tortdi. – Man hozir dalaga boraman. Mavridini topib, akangizga sekingina puldan so‘z ochib ko‘raman. “Yo‘q” demasliklariga ishonchim komil. Ishqilib, o‘zingiz rozimisiz?
Ro‘ziqul aka bu safar churq etmadi. Yelkasini bukchaytirib, boshini xam qildi.
– Rahmat, yanga! – dedi bir ozdan so‘ng hazin ohangda. Ajab, endi uning ovozi bo‘g‘iq va shikasta edi. Nazarimda, ulkan gavdasi ham birdaniga kichrayib qolganday tuyuldi. – Bu yaxshilingizni hech qachon unutmayman. O‘lmasam, o‘n hissa-yuz hissa ortig‘i bilan qaytaraman. Katta rahmat, yanga! – U yana bir bor minnatdorchilik bildirgach, ketish uchun onamdan izn so‘radi. – Bo‘masa, men boray, Qani, omin, Allohu akbar!
Ro‘ziqul aka yuziga fotiha tortib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Turayotganida chehrasiga nur inib, yana bahaybat odamga aylandi. Onam uni alqay-alqay, kuzatishga chog‘landi....
Yakshanba kuni otam meni tong qorong‘usida uyg‘otdi. Qo‘limga xipchin tutqazib, boquvdagi novvosimizni bozorga yetakladi...
Hafta oyoqlamay, Ro‘ziqul aka to‘ng‘ich qizini uzatdi. To‘y zo‘r o‘tdi...
O‘shanda Ro‘ziqul aka otamdan qancha pul olganini, qarzini qachon uzib ulgurganini hali-hanuz bilmayman. Faqat boshqa bir narsani aniq ayta olaman. Onam to‘g‘ri bashorat qilgan ekan. Davlatning erta-kechi bo‘lmas ekan. Vaqti-soati yetib, Ro‘ziqul aka chindanam ahvolini o‘nglab oldi. O‘g‘il-qizlarini o‘qitdi, birin-sirin uyli-joyli qildi. Baxtiga bolalari ham uquvligina chiqishdi. Turli kasb etagidan tutishdi. Qay birlari do‘xtir, muhandis, o‘qituvchi-domla, qay birlari hunarmand, tadbirkor, fermer bo‘lib yetishdi. Ba’zilari zamona zayliga boqib, tijoratga qo‘l urishdi.
Shu tariqa jimitdek urug‘ nish urib, sabza bo‘ldi. Keyin bo‘liq-bo‘liq boshoqlar tugib, chunon hosilga kirdi. Ro‘ziqul aka shirin-shirin nevara-chevaralarning bobosiga aylandi. Qishloqdagi eng obro‘li, eng piri badavlat qariyalar safidan o‘rin oldi. Qayon borsa, davra to‘rini egalladi. Lekin hargiz taltayib ketmadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, eski chorig‘ini unutmadi. Traktorchilikni yig‘ishtirib, keksalar qatoriga qo‘shilgach, uzun soqol qo‘yganini-yu, boshiga salla o‘raganini aytmaganda, biror tuki ham o‘zgarmadi. Avval qanday bo‘lsa, shundayligicha qoldi.
Eshmurod akaning taqdiri esa ayanchli kechdi. Bosar-tusarini bilmay yurgan kezlari ancha-muncha pulni o‘zlashtirib yuborib, mo‘maygina kamomadga yo‘l qo‘ygan ekan. Qing‘ir ishi fosh bo‘lib, uzoq muddatga kesilib ketdi. Xotini unga vafo qilmadi. Loaqal bir yilgina ham kutmadi. Boz ustiga, imi-jimida ish yuritdi. Harom puldan tiklangan dang‘illama imoratni begonalarga arzon-garovga sotdi-yu, qizi ikkovlon allaqaylarga g‘oyib bo‘ldi.
Qarabsizki, qamoqdan kasalmand bo‘lib qaytgan Eshmurod aka boshpanasiz qoldi. Ancha vaqt choyxonada ishlab, o‘sha yerda tunab yurdi. Uning koriga boshqalar yaramadi, aylanib-o‘rgilib, Ro‘ziqul aka yaradi. U benihoya tantilik qildi. Eski gina-kuduratlarni chetga surib, o‘g‘illari bilan maslahatni bir joyga qo‘ydi. O‘z hovlisining etagida Eshmurod akaga chog‘roqqina uy qurib berdi.
Dunyoning ishlari shunaqa: yaxshidir-yomondir hamma narsa o‘tadi. Og‘irdir-engildir, baribir, hayot davom etadi. Kezi kelsa, ko‘ngil ozori unutiladi. Kezi kelsa, hatto yomonlikka yaxshilik qaytadi. Biroq qismatdan tonib bo‘lmaydi. Hech kim peshonasida boridan qochib qutulolmaydi.
Men Eshmurod boboni hozir ham bot-bot uchratib turaman. Soch-soqollari duv oqargan. Qaddi bukchayib, obdon munkillab qolgan. Odamlarga qo‘shilmaydi, to‘y-ma’rakalarga bormaydi. Ko‘pincha kulbasi oldida tanho o‘zi mung‘ayib o‘tirgan bo‘ladi. Ko‘zlari luzumsiz yiltiraydi. Nimanidir izlaydi, kimnidir qo‘msaydi. Ammo odamlarga deyarli gapirmaydi, dardini sirtiga chiqarmaydi. Men uni ko‘rsam, negadir rahmim keladi. So‘qqaboshligini eslasam, ko‘nglim buziladi. Hayotda biron-bir ovunchi, turmushda suyanchi, kelajakka ilinji yo‘qligidan dilim eziladi. Keyin beixtiyor bolaligim o‘tgan keng hovlimiz esimga tushadi. Ko‘z o‘ngimga so‘rida o‘tirgancha, kuyib-pishib so‘zlayotgan Ro‘ziqul aka-yu, “Bechoraginani behuda qarg‘amang”, deya o‘tinayotgan onam gavdalanadi. Lekin...
***
Necha yilki, kunlarim shundoq o‘tayapti. Sochlarimning oqi tobora ko‘payapti. Umrim bahori ortda qolib, xazon fasli yaqinlashayapti. Dunyo o‘zgarayapti. Avlodlar yangilanayapti. Men esa hamon go‘dakligimga – eng beg‘ubor-osuda damlarimga tashnaman. Hamon qabri ustini necha bor qor bosib, necha bor maysalar qoplagan onamga talpinaman.
Ajab, nega?!. Bu balki keksalik sari tashlangan ilk qadamdir. Keksalik, ehtimol, bolalikdir. Ehtimol, buning sababi boshqa joydadir: bolalik – soddalik, soddalik musaffolikdir. Ona esa tiriklik va umrboqiylik ramzidir, poklik va halollik timsolidir...
Bilaman, “Vaqt – yugurik suv”, harchand urinmang, o‘tmish hech qachon ortga qaytmaydi... Bilaman, “O‘tgan umr – kuygan ko‘mir”, baribir, marhumlarga qaytadan jon bitmaydi... Shunday esa-da, men tasodiflarga ishonib yashayman, har kun-har daqiqadan mo‘‘jizalar kutib yashayman. Xoh olis-xoh yaqin, xoh achchiq-xoh shirin, har bir xotirada onam siymosini ko‘raman. Uni sog‘inaman. Bir marta, atigi bir martagina bo‘lsin, issiq diydorini ko‘rishga zoriqqandan-zoriqaman...