OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Namozov. Bir oqshom (hikoya)

Nogahonda eshik taqillab, er-xotin bir-biriga qarab olishdi. Axir, hech kimni kutmaganlaridan ke­yin ko‘ngilga xavotir oralaydi-da! Ijara haqi yaqinda to‘langan, uchastka noziri bilan ham allaqachon kelishib qo‘yilgan. Qishloqdan tashrif buyuradiganlar kelgan, desang, ular telefon orqali avval ogohlantirib qo‘yishardi.
Aksiga olib, bu eshikning ko‘zchasi yo‘q. Avvalgisi harna yaxshi edi: er-xotin avval mo‘ralab, notanish-betayinlar bo‘lsa, nafas olmay turishardi. Kelgan odam ming‘irlab-ming‘irlab orqasiga qaytardi.
– Oching, nega qarab turibsiz? – dedi Zohida, eshik yana taqillagach.
Said xohlab-xohlamay eshik tomon yurdi. Keyin dadillangan holda, o‘zicha kulgan bo‘ldi: “Nimadan qo‘rqaman, birovning oldida tilim qisiq joyim bormi?” Ammo baribir eshikni ochishga yuragi betlamay turdi. Bu orada eshik taqillamay qo‘ygani bois u sekin tashqariga quloq tutdi.
– Obbo, Zohida, ochsang-chi! – degan ovozi keldi ayol kishining. – Sovqotib ketdim.
Said Zohidaga norozi qarab qo‘ydi-da, ortiga qaytdi.
– Voy, Xosiyat-ku! – yodiga tushdi Zohida ko‘ngli yorishib. – Maktabdagi sinfdoshim. Bugun boraman, devdi-ya!.. Hozir, hozi-i-i-r!
Eshik ochilib, Xosiyat gurillab ichkariga kirdi.
– Buncha pod’ezdlaring sovuq, – dedi u Zohida bilan ko‘risharkan. – Qalaysan? Yaxshimisan? Eshikni ochishing ham qiyin bo‘ldi. Namuncha!.. To‘xta, ering uydami?
– Ha, uyda, ichkarida, – deb yotoqqa imo qildi Zohida. Keyin kuldi: – Nega angrayib qolding? Yoki shu sovuqda u kishini ko‘chaga chiqarib yuboraymi? Kirgin, paltongni menga ber.
– Uyda bo‘lsa, yaxshi, – dedi quvnoq ovozda Xosiyat. – Chiqarib yuborish shart emas. Tanishamiz, gaplashamiz. Ko‘ray-chi, dugonam ishonchli qo‘llardamikan?
Bu gaplarni eshitgan Said noiloj yotoqdan chiqib, Xosiyat bilan ko‘rishgan bo‘ldi. Xosiyat ko‘hlikkina ekan. Qoshlarini erinmay tergan, ingichka lablarini qimtib turadi.
Hol-ahvol so‘rashdilar. Keyin mehmonxonaga kirishdi.
Zohida dasturxon tuzaguncha Said Xosiyat bilan ro‘parama-ro‘para o‘tirdi.
– Dugonamni ilib ketgan siz ekansiz-da! – ha­zilomuz dedi Xosiyat. – Qancha-qancha yigitlarga chap berib, sizga qolganda bo‘yin egibdi-da!
– Ha, shunaqa, – deb qo‘ydi Said.
– Biz Zohida bilan bitta partada o‘tirganmiz, – gapni ilib ketdi Xosiyat. – Nuqul undan ko‘chirardim. Yaxshi o‘qirdi-da! Eng a’lochi bo‘lgan. Shuning uchun yonidan jilmasdim. Ko‘chiraverardim-ko‘chiraverardim, ammo baribir ablah o‘qituvchilar bilishardi. Men qo‘l ko‘tarsam, jerkib berishardi. Ayniqsa, ximiyadan Ablaev bor edi. “Formulani sen o‘zing yechsang, doskaga chiqaraman”, derdi.
– Yaxshi edi rahmatli, – dedi qo‘lida choy bilan qaytib kirgan Zohida.
– E, yaxshi emish! Yaxshi bo‘lsa, darsga mast bo‘lib kelarmidi!
Said hayron bo‘lib xotiniga qaradi.
– Bir marta ichgan, – Zohidadan oldin javob berdi Xosiyat. – Beshta qizidan keyin o‘g‘li tug‘ilgandi-da! Rosa bolajon edi. Quvonib ketib, ertalabgacha yuvgan... Direktor haydab yubordi. Xosiyat, dasturxonga qara, ol, yeb o‘tir.
Xosiyat eshik tomonga alanglab so‘radi:
– Aytganday, bolalaring qani?
Zohida ham, Said ham nima deyarlarini bilmay qolishdi. Ikkalasi uchun eng yomon savol shu! Boya so‘rashayotganida ham Xosiyat, “bolalar yaxshimi?” deganida sezdirishmagandi. Endi yana so‘rab o‘tiribdi.
Xosiyat mulzam tortib, avval Zohidaga, so‘ng Saidga qaradi.
– Endi, – dedi Zohida past ovozda.
– Ha, hali yoshmiz, o‘n gulimizdan biriyam ochilmagan, – dedi Xosiyat ularni xijolatdan qutqarish uchun. – Voy, yoshsizlar, demoqchi edim. Mening esa o‘n gulimning hammasi ochilib bo‘lgan. Gapim to‘g‘rimi, Said aka? – shunday deb Xosiyat kulib yubordi.
– Yo‘g‘-ey, uncha… emas, – dedi Said nima deyarini bilmay.
Xosiyat ham, Zohida ham kulib yuborishdi.
Yana biroz o‘tirgach, Said sekin o‘rnidan turib, yotoqqa kirib ketdi. Dugonalar esa anchagacha suh­batlashib o‘tirishdi…
Ertasi kuni Said Xosiyat haqida eshitib, baq­rayib qoldi. Jahli ham chiqdi.
– Sen hali… hali oqpadar qizlar bilan dugona bo‘lib yuribsanmi? – deb so‘radi.
– Dugonam emas, o‘zi aytdi-ku, bitta partada o‘tirganmiz, – o‘zini oqlagan bo‘ldi Zohida. – Ancha vaqt yo‘qolib ketgandi, endi paydo bo‘libdi. Bularning oilasi o‘shandayoq ko‘chib ketishgandi.
– Nega… nega otasi oq qilgan? – qiziqdi Said.
– Bir yigit bilan qochib ketgan. Ancha vaqt o‘sha­nikida yashagan. Ehe, necha yillar bo‘ldi bunga.
– Endi shaharga kelibdimi? Seni qanday topibdi?
Zohida nima deyarini bilmadi, chaynalib qoldi. Said esa, bir gap bordek, qoshlarini chimirib, undan javob kutdi. Diqqat bo‘la boshladi.
– Sen mendan sir yashiradigan bo‘ldingmi, tushunmadim?
– Yo‘q, nega yashiraman? Kecha tug‘ruqxonaga borgandi, meni ko‘rib qoldi. Shu yerda ishlashimni eshitib, quvonib ketdi. Avvaliga nima uchun borganini aytmadi…
– Keyin-chi?
– Keyin… bolamni oldirmoqchiman, dedi. Kecha...
Said bir zum karaxt bo‘lib qoldi. Qarshisida turgan inson xotinimi yo boshqa ayolmi, anglay olmadi. Ko‘zlari pir-pir ucha boshladi.
– Sen… sen hali shunday…
– To‘xtang, men uning gapini aytdim, xolos.
– Yo‘q, sen o‘zing tirnoqqa zor bo‘la turib, shunday ishlar bilan shug‘ullanasanmi hali? – Said bu so‘roqni shunchalik sokinlik bilan berdiki, Zo­hi­daning lablari titrab ketdi.
– Men bunday ish qilmayman, – dedi u kiprik­larini pirpiratib. – Bolangni abort qildirguncha menga ber, dedim.
– Aldama, – ovozini balandlatdi Said.
– Aldaganim yo‘q, – astoydil gapirdi Zohida. – Faqat… sizga qanday aytishni bilmay turgandim.
Said asabiylashib xonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi:
– Men senga o‘zi tushunolmayapman. Otasi oq qilgan qizni biznikiga taklif qilsang, tag‘in uning tug‘ilajak bolasini asrab olmoqchi bo‘lsang… Boshimizga uramizmi?! Kim biladi, qaerdan orttirgan uni. Shuncha yil tug‘ruqxonada ishlab, bitta chaqaloq topolmay, kuning shunga qoldimi? Axir, senga necha marta aytdim, hatto bitta ayolga pul ham bergandik. Tuqqanidan ke­yin ko‘nmadi, deding. Mehribonlik uyiga ham bordik, xo‘p, mayli, bu boshqa masala... Mana endi oqpadar dugonangning nayrangiga uchib o‘tiribsan. Nimalar bo‘lyapti, Zohida?
– Agar siz o‘sha paytda bo‘lganingizda… – xo‘rsinib qo‘ydi Zohida. – O‘zimni tutib turolmadim, axir! “Bolamni oldiraman”, deydi-yu, menga o‘xshagan bolaga zor ayol bu gapga chidab turolarmidi!
Xona bo‘ylab yurishdan to‘xtagan Said xotiniga qarab qoldi. U Zohidani tushunadi, uning dardini, his-tuyg‘ularini juda yaxshi anglaydi. Necha yillardan buyon xotiniga yelkadosh-ku! Ammo hozirgi vaziyatda… Ayol – ayol-da! Ertani o‘ylamaydi. Ertaga anovi betayin Xosiyat bularning boshiga tashvish keltirmaydi, deb kim kafolat beradi?!. Qolaversa, yana o‘sha gap: bolaning zuvalasi qanday pishgani noma’lum-ku! Nomahramdan qanday zurriyod dunyoga kelishi ayon-ku!
Said xotiniga shu haqda aytdi.
– Mayli, o‘sha bola kerak emas ham deylik, – dedi Zohida bosiqlik bilan. – Keyin bir umr pushaymon bo‘lmaymizmi? Axir, Xosiyat abort qilishini bila turib, indamay tursak, gunohga botmaymizmi?.. Bolada nima ayb?
Said bu gaplarni eshitib, ichi muzlab ketdi. O‘yga botdi…
Chiroqni o‘chirib uxlagani yotganlarida ham u mijja qoqmay yotardi. Allamahalda ko‘zi ilindi.
Ertalab nonushta paytida u botinib-botinolmay xotiniga yana shu haqda gap ochdi:
– Kechagi gaplaringni rosa o‘ylab ko‘rdim, Zohida. Faqat bitta masalani yaxshilab mulohaza qil: bu Xosiyating shu yerda ekan, keyin bolasini pesh qilib, bizga halovat bermaydi. Nima deysan, to‘g‘rimi?
Zohida javob o‘ylab topolmay, yelkasini qisdi.
– Menga qara, o‘zi eri bormikan?
– Men ham so‘radim, – javob berdi Zohida. – Nuqul gapni aylantirdi. Eri haqida hech nima demadi. Ikkita qizi bor ekan. Qarindoshlar qishloqqa olib ketishgan, dedi… Ishqilib o‘ziga aytib qo‘ymang.
– E, nima, men u bilan gurunglasharmidim!.. Xo‘p, dasturxonga fotiha o‘qiylik… Sen men bilan birga ketasanmi?
– Alfiya xoladan xabar olaymi, devdim. Zerikib qolgandir. Aytganday, bugun navbatchiman, esin­gizda-ya?
– Ha-ha. Xolaning choy-noniga ham sekin nazar sol… Bo‘pti, men ketdim.
Said ishga bora-borguncha nima qilish mumkinligini o‘ylab ketdi. Uning ko‘ngli allaqanday g‘ash, Xosiyatning bolasini oldirmoqchi bo‘lgani, Zohidaning o‘sha bolani asrab olish haqidagi taklifi Saidning xayolini berk ko‘chaga kiritib qo‘ygan edi. To‘g‘ri, Zohidaning gapida jon bor, biroq keyin o‘sha bola Said bilan Zohidaning farzandiga aylanadi, bir umr yonlarida bo‘ladi. Tayini yo‘q zurriyod!
Ikki kun mobaynida Said ana shu o‘ylardan xalos bo‘lolmadi. Hamkasblarining gapiga ham tuzuk-quruq javob bermadi. Aslida, jilla qursa, Mahkamga ko‘nglini yormoqchi, maslahat olmoqchi edi. Botinolmadi. Zohidaga ham hech nima demadi. Hammasini vaqt hukmiga tashladi. Shu bois Xosiyat haqida ham xotinidan so‘ramadi, Zohida ham shu o‘y-xayollarda shekilli, lom-mim demasdi.
Uchinchi kuni ishdan qaytganida Alfiya xola, Xosiyat va Zohida suhbatlashib o‘tirishganining ustidan chiqdi. Saidning kayfiyati buzilsa-da, sezdirmaslikka harakat qildi. Alfiya xola uni rosa alqab gapirdi.
– Baraka topgin, Saidjon. Umring uzoq bo‘lsin. Xayriyat, sizlar borsizlar. Necha marta kasal bo‘ldim, necha o‘limdan qoldim. Bilmadim, holim nima kechardi... Ishlaring yaxshimi, bolam? Savob ish qilasizlar, qanchalab kasallarga davo berasizlar.
– Rahmat, yaxshi, – dedi Said. – Ishimiz shu-da, Alfiya xola.
– Daromad ham bo‘layotgandir? – hiringlab kuldi Xosiyat.
Said indamadi. Bir piyola choy ichgach, ularni xoli qoldirdi. Xiyol o‘tmay, ortidan Zohida chiqdi.
– Alfiya xola nima deydi? – deya so‘radi shunchaki yo‘liga Said.
– Ikkalasi rosa til topishib olishdi, Xosiyat ham rosa qotiradi-da, – dedi Zohida.
– Menga qara, haligi gapni… Hech kim bilan mas­lahatlashmaymizmi? Har holda, qari bilganni pa­ri bilmaydi, deydilar.
– Menga qolsa, qishloqdagilar bilmagani ma’qul, yana o‘zingiz hal qiling. Vahima qilib yuborishadi-da!
– Buning nima deyapti?
– Kim?
– Dugonang-da!
– Bugun keldi, boya. Gap ochmayapti. Mengayam so‘rash noqulay. Tilim bormayapti.
– Yaxshi... Bo‘pti, boraqol, noqulay bo‘lmasin…
Ko‘p o‘tmay, Xosiyat Said va Zohidani hayron qoldirdi: u ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarib kelib, Alfiya xolanikiga joylashibdi.
“Bechoragina ekan, rahmim keldi, – debdi Alfiya xola Zohidaga. – Rosa yig‘lab-siqtadi. Hech kimi yo‘q yetimman, dedi. O‘zi ijaraga qo‘yadigan odatim yo‘q, ammo, to‘g‘risi, bu qizga achindim. Sizlarni ko‘p gapirdi, shunday ekan, ishonmay bo‘larkanmi? Harna, issiq-sovug‘imga qarab turadi, qachongacha sizlarni bezovta qilaman. Bolalarim tirik bo‘lsa ekan, tarallabedod yashasam”.
Saidning ichidan zil ketdi. U vaqti kelib kampirning uyi o‘zlariga qolishi mumkinligi haqida ham o‘ylagan edi. Aftidan, Xosiyat ham shu haqda faraz qilib ko‘rgan. Ammo nima uchun Alfiya xola yaxshilab sinab ko‘rmay turib, uni uyiga qo‘ydi ekan? Pishiqqina edi-ku kampir! Nachora, zo‘rdan zo‘r, pishiqdan pishiq chiqar ekan.
– Bu dugonang hali ko‘p tashvish keltirmasa edi, – deb qo‘ydi Said xomush tortib.
Xosiyatning aslida qaerda ishlashini ham bilib bo‘lmaydi. Ba’zida kunduzi ham “Zohida, shu yerdamisan?” deb kirib kelaveradi. Alfiya xolaning injiqliklari haqida gapirib, noligani-noligan. Zohida bola haqida gap ochgan ekan, “axir, kelishdik-ku, shu bola sizlarniki”, deb o‘zining qorniga shapatilab qo‘yganmish.
– Ie, Said aka, siz ham ichasizmi? – deb kuldi Xosiyat boshqa kuni qah-qah urib.
Said biroz shirakayf bo‘lib kelgan edi. Bosh irg‘ab qo‘ydi. Nazarida Xosiyat unga ko‘z qisib qo‘ygandek, tamanno qilgandek tuyulib ketdi. Tuyuldimi yoki u rostdan ham shunday qildimi, ong-shuuriga sig‘dirolmadi.
– Voy, bu kampir rosa chatoq-da, – deb o‘girildi Xosiyat Zohidaga. – Shuncha aldab so‘rasam ham uyning hujjatlarini ko‘rsatmayapti. Men shoxida yursam, u bargida yurarkan. Erta-indin o‘ladigan odam savob ish qilib ketsa bo‘lmasmikan-a, tavba?!
Said ko‘z ostidan xotiniga qaradi, Zohida esa Xosiyatga bildirmay erining qo‘lini qisib qo‘ydi. O‘zingizni bosing, degani edi bu.
– Ichi to‘la gap, – so‘zida davom etdi Xosiyat. – Bolaligini eshitaverib-ku, quloq-chakkalarim og‘rib ketdi. Keyin to‘yini to‘rt soat gapiradi. Urushda o‘lgan eri-ku, alohida mavzu. Go‘yo bu dunyoda ulardan boshqa sevishganlar bo‘lmagan.
– Alfiya xola – yaxshi kampir, – deb qo‘ydi Said.
Xosiyat unga norozi boqdi-da, o‘rnidan turdi:
– Xo‘p, endi men bora qolay. Yaxshilab ovqat­lan­tirmasam, ko‘ngli og‘riydi. Axir, yaxshi kampirlarga yaxshilab qarash kerak, aks holda uyidan haydab yuborsa, qaerga boraman?..
Keyinroq Said xotinidan Xosiyatning Alfiya xolaga vasiylikmi, allambalo bo‘lish uchun hujjatlar to‘g‘irlab yurganini eshitdi. Indamay qo‘l siltab qo‘ydi.
– Yana bitta xabar bor, – dedi Zohida kulgichlari o‘ynab. – Aytaymi?
– Ayt-da, – Said ham kulimsiradi.
– Bir ayol chaqalog‘ini tashlab ketmoqchi. O‘zim ko‘rdim: qizaloq ekan. Biram shirin, biram shirin.
Said shoshib qoldi. “Yo‘g‘-ey”, – dedi faqat. O‘sha chaqaloqni o‘zi ham ko‘rgisi keldi. Xuddi o‘zining bolasidek yuragi hapriqdi. “Endi Xosiyatning bolasini olmaymiz, xayriyat”, – dedi ichida. Bu gapni tiliga chiqara olmadi. Shunga qaramay, hushyor Zohida Saidning ko‘nglidagini o‘qigan edi.
– Agar o‘sha qizaloqni olsak, Xosiyatga nima deyman? Boshim qotib qoldi.
– E, Xosiyat bilan nima ishing bor? G‘irt tov­la­machi-ku u! Ko‘z ochib-yumguncha naq burningning tagiga kelib oldi-ya, ayyor! Bolasiyam o‘ziga o‘xshagan bo‘ladi-da!
– Nima bo‘lgandayam Xosiyatga aytib qo‘yganman-ku!
– Menga qara, har holda tug‘ruqxonangdagi o‘sha chaqaloq tayinli onadan tug‘ilgan bo‘lsa kerak?
– To‘g‘ri, ammo…
– Yur, ketdik, – dedi kutilmaganda Said.
Zohida savol alomati bilan unga hayron bo‘lib tikildi.
– Aylanib kelamiz, Zohida.
Kech tushgan bo‘lsa-da, er-xotin rosa sayr qilishdi. Teatr, kinodan ko‘ra, har ikkisiga ham ko‘cha aylanish ma’qul edi. Sovuqdan junjikkan Zohida talabalik davridagi kabi Saidni mahkam qo‘ltiqlab olgan edi.
– Menga qarang, yo boshqa ijara uy topamizmi? – dedi Zohida.
Said xotinidan bu taklifni kutmagan edi. Na­hotki azbaroyi Xosiyatni deb shu qarorga kelgan bo‘lsa? Zohidaga shu haqda aytdi.
– U topaman, desa, seni ishxonangdan ham topib olaveradi, – dedi qo‘shimcha qilib. – Seniyam bezoringni chiqarib yuborganga o‘xshaydi. Endi undan qutulish qiyin, Zohida.
Zohida birdaniga yurishdan to‘xtadi:
– Ammo u bolasini oldiradigan bo‘lsa, gunohi mening bo‘ynimda bo‘ladi.
– Qo‘ysang-chi, nega buncha kuyinaverasan? – dakki berdi Said. – Sen, yaxshisi, o‘sha qizchani o‘yla. Balki ertaga ishxonangga borarman, menga ko‘rsatarsan uni.
– Hali emas, – dedi Zohida. – Navbatchiligimda borarsiz, kechqurun hech kim bo‘lmaydi. Ayrimlar gap-so‘z qilib yurmasin. Ayollarni bilasiz-ku!
Xosiyat haqida ham gaplashishdi. “Bir so‘kib bersam, ostonamizdan boshqa hatlab o‘tmas”, dedi Said. Zohida bosh chayqadi. Xosiyatning anoyi emasligini aytdi. Said jiddiy o‘ylanib qoldi: rostdan ham mana shu Xosiyatni deb ko‘chib ketishadimi? Ijarama-ijara yurish joniga tekkan, axir!
Zohidaning navbatchiligi kuni Said kechqurun borib, qizaloqni ko‘rdi. Hatto qo‘llariga olib erkaladi. Chaqaloqdan qandaydir muattar hid kelayotgandek, boshi aylanib ketdi. U Zohidaga qarab, battar to‘lqinlanardi. “Bolam, bolajonim”, derdi Zohida quvonchdan ko‘z yoshlarini tiya olmay. Ammo haliyam qizaloqning oyisi uzil-kesil qarorga kelmayotganmish. Agar hozirdan shunday qilayotgan bo‘lsa, ertaga bir-ikki oy, boringki, besh-olti yil o‘tib, bolasini so‘rab kelsa, nima bo‘ladi?
– Tilxat olsak bo‘ldi-da, to‘g‘rimi? – shunday deb Zohida najot ko‘zi bilan eriga qaradi.
– Bilmasam, – dedi Saidning ruhi tushib.
U allamahalda ortiga qaytdi. Yo‘l bo‘ylab negadir yig‘lagisi keldi. Shuncha yillardan buyon bolasi yo‘qligi uchunmi, boz ustiga bola asrab olishda ham to‘siqlar uchrayotganidanmi, o‘zini omadsiz, chorasiz sezdi. Farzandlari yo‘qligi uchun ham bu er-xotin ko‘pchilikka qo‘shilolmaydi, boshqalarning oldida aybsiz aybdor – tillari qisiq. Yuraklarini hovuchlab turadi: “Ishqilib bolalarni so‘rab, mulzam qilishmasin”. Qachongacha? Qachongacha, axir! Tabiblarga, shifo mas­kanlariga, taniqli vrachlarga ham borishdi. Ayb kimda – birovi erda, deydi, ikkinchisi xotinda, deydi.
Ajralish haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Said bilan Zohida bir-birlariga shunchalik o‘rganib qolishganki, ularning ruhiyati ham, vujudi ham jips­lashib ketgan, go‘yo. Agar Said Zohidani tashlab ketsa, Zohida bir haftagina yashashi mumkindek tuyuladi. Tuyuladi emas, shunday bo‘ladi ham. Said bunga ishonadi. O‘zi-chi? O‘zi ham shu! Ammo bu bilan kimning ham ishi bo‘lardi!.. Odamlarni sendan ko‘ra, sening bolang, aniqrog‘i, sening bolalik bo‘lganing qiziqtiradi. Bolang bo‘lsa, seni tinch qo‘yadilar, aks holda gap-so‘z uchun sabab, vaj izlayveradilar. O‘zlaricha achinadilar, afsus chekadilar, hatto shunday qismatga duchor qilmasligi uchun yoqalarini ushlaydilar, shukr qiladilar.
“Mayli, bizning ham farzandlarimiz bo‘lar ”, – dedi alam bilan Said o‘ziga o‘zi.
Shu topda uning ijara uyga qaytgisi kelmasdi. Zohidaning oldida yana ozroq qolsa bo‘larkan. Uni ham og‘ir xayollarga tashlab keldi. Dalda berish kerak edi aslida. Er-xotin shuning uchun er-xotin-da! Biri tushkunlikka tushsa, ikkinchisi yupatmog‘i kerak, yoki aksincha. Biroq o‘zing bir og‘iz yupanchga muhtoj bo‘lib turganingda boshqaga qanday taskin bera olasan?
Mehribonlik uyidan bola olmoqchi bo‘l­gan­la­rida… O‘shanda muassasa rahbarini uchratganla­rida hammasi yaxshi tugar edi – tadbirga ketgan ekan. Zohidani hamma bolalar qurshab olishgan, u o‘zini yo‘qotib, barini birma-bir quchoqlar, ko‘z yoshlarini tiya olmasdi. “Hammangizni olib ketaman, hammangizni”, derdi titrab. Keyin esa birdan mazasi qochdi. Zohidaga ruhiy siqilish mumkin emas edi. Said uni uyga olib ketdi. Zohida bir haftacha ko‘rpa-to‘shak qilib yotdi. Kechasi-yu kunduzi alahsirab chiqdi. Ijara uyning egasi ham qo‘rqib ketgandi o‘shanda. “Olib bormang unaqa joylarga, ko‘rmayapsizmi, xotiningiz ko‘tarolmaydi”, – degan edi Saidni urishib.
Bir haftadan keyin ham Zohidaning boshi og‘rib yurdi. Sal-pal o‘ziga kelgach, “Boraylik”, – dedi eriga. Said u-buni bahona qilib, boshqa kunga qoldiraverdi. Bir kuni esa chiday olmay, o‘shqirib berdi, “bormaymiz, boshqa joydan topamiz”, – dedi. Zohida yetimxonani gapirmaydigan bo‘ldi.
Ha, Zohidani avaylashi shart. Said shu haqda o‘y­larkan, uyga kirgach, unga qo‘ng‘iroq qilish haqida o‘yladi. Ishqilib uxlab qolmagan bo‘lsin. “Navbatchi hamshira Zohida Salimova uncha-munchaga uxlamaydi”, – dedi ovoz chiqarib.
Uyga kirgach, Said erinibgina ust-boshini almashtirdi. Keyin xotinining raqamini terdi. Zohida darhol qo‘ng‘iroqqa javob berdi. “Uxlamadingizmi haliyam?” – deb so‘radi. “Seni yaxshi ko‘raman”, – dedi Said. Zohida kuldi. Xayrli tun tiladi.
Said o‘ringa cho‘zilar-cho‘zilmas, eshik taqilladi. “Xosiyat, – deb o‘yladi u darhol. – Unga nima kerak?”
Indamay yotaverdi. Eshik yana taqilladi. “Zohida, och, Alfiya xolaning mazasi qochib qoldi”, – degan ovozi eshitildi Xosiyatning.
Said sakrab o‘rnidan turib, eshikni ochdi. Tash­qarida yupungina o‘rangan Xosiyat turardi.
– Nima bo‘ldi? – dedi Said oyog‘iga poyafzal ilarkan.
– Hozirgina uxlab qoldi, dori berdim. Xirillab yubordi, Said aka. Birorta tinchlantiruvchi doringiz yo‘qmi? – Xosiyat taklifni kutmay, o‘zini ichkariga urdi. Saidning dimog‘iga gup etib aroq hidi urildi.
– Ko‘ray-chi, bo‘lishi kerak, – dedi Said, keyin dah­lizdan ichkariga kirib, dorilar qutisini kavladi. – Faqat boshog‘riq dori bor ekan.
Xosiyat uning ortidan kirdi:
– Beravering, bo‘ladi. Bu bosh nimalarni ko‘r­magan. Ichim yonyapti, Said aka. Boya kampir bilan birga ovqatlangandik. Bilmadim, biror masalliq aynigan ekanmi, ko‘nglim behuzur bo‘lyapti. Maylimi, shu yerda besh daqiqa o‘tirib, o‘zimga kelib olsam?
Said nima deyarini bilmadi.
– Bering dorini. Sovuq choy ham bor ekan, – Xosiyat dorini og‘ziga tashlab, bankadagi choyni ko‘tardi. O‘ziga kelgandek bo‘ldi. – Zohida qani, uxlayaptimi?
Said yotoq tomonga qaradi-da, “ha” degandek bosh irg‘adi.
– Tavba, men nima tashvishdaman-u, u esa uxlash bilan ovora, – Xosiyat oromkursida o‘tirganicha boshini orqasiga tashladi. Ko‘zlarini yumgan ko‘yi anchagacha jim o‘tirdi, keyin esa kuldi: – Nega aldaysiz, Said aka, xotiningiz bugun navbatchi-ku! Shunchalik qo‘rqasizmi Zohidadan?
Said qovog‘ini uyib indamadi.
– Men uxlashim kerak, ertaga ishga boraman, – dedi keyin.
– Haydab chiqaryapman, deng? Yaxshi. Zohida menga qanchalik yalinganini bilasizmi? Men bolamni oldirmoqchi edim. Menga ber, deb iltimos qildi. Siz esa bir iltifot ko‘rsatishni bilmaysiz. Mendan xafa bo‘lmang, men ochig‘ini gapirishni yaxshi ko‘raman. To‘g‘ri, salgina mastman, nima qilay, shunaqaman-da! Anovi kampir bilan oz-ozdan ichdik. To‘g‘ri, men sal ko‘proq ichdim. Keyin uxlab qolibman. Tursam, allaqachon ovqatini yeb bo‘libdi ochofat. Qisqasi, men bir ish qilgandim-da, lekin bu haqda sizga aytmayman… Mana endi kampir uxlab yotibdi. Men esa zerikib ketdim… Zo‘rsiz-a, Said aka, Zohida shu yerda emish! Koshki sizga aldash yarashsa! Siz bir muloyim, qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan odamsiz. Hatto aldashni ham bilmaysiz. Bittasi bor edi menda, xuddi sizday. Birinchi oilasiga qaytdi… Voy, ichim yonib ketyapti. Nima bo‘ldi menga?..
– Mastsiz, bora qoling.
– Said aka, nima desangiz, deng, men mana shu kresloda yotaman, turishga madorim yo‘q.
– Xosiyat, – asabi qaynab dedi Said, uning ko‘zlari achishar, uyqusi kelayotgandi. – Yaxshi emas.
– Ketaymi? – Xosiyat zo‘rg‘a o‘rnidan turdi va gandiraklab shartta Saidni quchoqlab oldi. – Agar hozir baqirsam, butun qo‘ni-qo‘shni yig‘iladi.
Saidning unga bir musht tushirgisi keldi. O‘zini zo‘rg‘a bosdi. Xosiyatning qo‘llarini bo‘ynidan olmoqchi edi, u battar quchoqladi.
– Menga nima berdingiz, Said aka? – dedi Xosiyat uning naq quloqlari tagiga shivirlab. – Zahar emasmi?.. Mayli, siz menga zahar bersangiz ham roziman.
– Bas qiling, – do‘q urdi Said. – Bu uyni nahsga botirmang.
– Said aka, jonim, – Xosiyat shunchalik ehtiros bilan gapirdiki, Saidning hislari jo‘sh urib ketdi. U hech nima gapirolmadi. Xuddiki tili tanglayiga yopishib qolgandek edi. Xosiyatni itarib tashlashga na kuch, na-da… xohish qolgan edi unda. Ko‘zlarini yumib oldi. Toki manovi taviyadan qutilmaguncha ko‘zlarini ochmaslikka qaror qildi. “Nima bo‘lsa bo‘lar”, – dedi. Ana shunda... ana shunda oniy lahzalarda ko‘z o‘ngida avval Zohida, so‘ng ikki soatcha burun qo‘liga olgan chaqaloq namoyon bo‘ldi. Bu paytda Xosiyat uning sochlarini silab, o‘pa boshlagan edi. Said ko‘zlarini ochib, uni g‘ayritabiiy kuch bilan itarib yubordi. Xosiyat orqasi bilan tisarilib borib, oromkursiga o‘tirib qoldi. U Saidga shu qadar qahr bilan qaradiki, ko‘zlarida sovuq o‘t yaltirab ketdi. Said bu nigohga dosh berolmay, ko‘zlarini olib qochdi. U qo‘rqib ham ketgan edi. “Oqpadarlarning ko‘zi shunaqa bo‘larkan-da”, – dedi ichida.
– Yaxshi, siz ketmasangiz, men ketaman, – dedi Said ovozi titrab.
– Qayoqqa? – zaharxanda qildi Xosiyat. – Zohidaning oldigami? Qo‘rqoq! Mal’un!
Said boshqa xonaga o‘tib, tezda kurtkasini kiydi va dahlizga chiqdi.
– To‘xtang, Said aka, menga yordam bering, ichim yonyapti, – dedi Xosiyat.
– Menga desa, o‘lmaysanmi! – Said shunday deb eshikni taraqlatib yopgancha chiqib ketdi.
U katta ko‘chagacha xotinining huzuriga borishni o‘ylab chiqqan edi, keyin cho‘ntaklarini paypaslab, yonida puli yo‘qligi yodiga tushdi. Boshqa shimida qolib ketibdi. Telefoniniyam olmabdi. Shunga qaramay, u yo‘lovchi mashina o‘tishini kuta boshladi. Aksiga olib, birorta ulov ko‘rinmasdi. “Xosiyat uydagi bor pulni o‘marib ketsa-ya”, – deb o‘yladi birdan. Nima qilish kerak? Militsiyaga aytgani ma’qulmikan? Qaerda o‘zi melisaxona?..
Yo‘lda mashina ko‘rinavermagach, Said uzoq o‘ylab, iziga qaytdi. U sovuqdan junjikib ham ketgan edi. Hozir ichkariga kiradi-yu, Xosiyatning yoqasidan olib, eshikdan chiqarib yuboradi. Baqirsa, baqiraversin. Bir amallab uni chiqarish kerak, vassalom!
Said vajohat bilan uyga kirdi. Dahlizdan ichkariga hatladi-yu xonadagi oromkursida Xosiyatni bir ahvolda ko‘rib, kapalagi uchib ketdi. Xosiyatning jag‘i qiyshaygan, qo‘llari shalvirab tushgan, ko‘zlari yarim ochiq holda edi. “Nahotki, o‘lgan bo‘lsa?!” – deb o‘yladi Said rangi oqarib. Keyin botinib-botinmay, Xosiyatni sekin turtdi. Xosiyatning boshi chap tomonga og‘ib tushdi.
Said joyida o‘tirib qoldi. U ayni damda nima qilish kerakligini sira-sira idrok qila olmasdi. Xosiyatga qarashga-ku, yuragi betlamadi. O‘ylab-o‘ylab, Zohidaga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘ldi. Uni ko‘z oldiga keltirdi. Keyin shashtidan qaytdi. Zohida Saiddan besh battar qo‘rqib ketadi. Zohida Xosiyatdan ko‘ra uning qornidagi bolasini o‘ylab, ich-etini yeydi.
“Xosiyatni yo‘qotish kerak”, – degan qarorga keldi Said. Shundan so‘ng bor jur’atini yig‘di-da, uning jasadini sudrab, eshikkacha olib bordi. Dahlizda qoldirib, avval tashqarini qarab keldi. Keyin sud­rab chiqardi va Alfiya xolaning eshigi oldida suyab, tezda ortiga qaytdi. Ostonadan kira solib, eshikni yopib qulfladi. Qalt-qalt titragancha tashqariga quloq tutib turdi. Pod’ezdda o‘lik sukunat hukmron edi. Shundan so‘ng yotoqqa kirib, divanga cho‘zildi. Ustiga ko‘rpa tortdi. Garchand uy issiq bo‘lsa-da, Said hanuz qaltirardi. “Meni qamashadi, – deb o‘ylardi u. – Zo­hidaga nima bo‘ladi? Zohida kim bilan yashaydi?..”
Said tonggacha goh eshik oldida tashqariga quloq tutdi, goh yotoqqa qaytib, o‘zini uxlaganga solib yotdi. Erta azonda, nihoyat eshik taqillagach, yuragi qattiq ura ketdi. Eshikni ochishdan avval vannaxonaga kirib, yuz-qo‘lini yuvar ekan, oynaga qarab, ko‘zlari qip-qizarib ketganini ko‘rdi. So‘ng hayajonini zo‘rg‘a bosib, eshikni ochdi. Tashqarida militsiya xodimlari, tibbiy nazoratchilar kuymalanishardi. Xosiyatning jasadi hanuz eshikka tiralgancha yotardi. Said hech gapdan xabari yo‘qligini aytar ekan, hayajoni kuchaydi. Baxtiga tergovchilardan biri tanish chiqib qoldi.
– Ha, do‘xtir, xuddi o‘lik ko‘rmagandek qo‘rqib ketdingiz? – dedi u.
– Axir... shundoq eshiging qarshisida yotgandan keyin... – deb ming‘irladi Said.
– Kampirga nima bo‘lgan, hayronman, u – behush. Og‘zidan ko‘pik kelgan, – hayron qoldirdi tergovchi. – Kechasi baqir-chaqir bo‘lmadimi, eshitmadingizmi mabodo?
– Eshigimizni rosa taqillatishdi, ochmadim, – dedi Said ko‘zlarini olib qochib. – Kecha kech kelib, uxlab yotgandim. Birorta mast-alast deb o‘yladim.
Tergovchi Xosiyatning jasadiga qarab, bosh qash­lagancha dedi:
– Buni tanirdim, axloq militsiyasida ko‘rganman... Mabodo kampir qo‘shmachilik qilmasmidi?
Said bosh chayqadi...
Alfiya xolani ham, Xosiyatning jasadini ham olib ketishdi. Said xotini ishdan qaytguncha uydan chiqib ketishga oshiqdi. Eshikni qulflab-qulflamay ishga yugurdi...
Mahkam uni ko‘rib, hayron bo‘ldi. Nima gapligini so‘radi. Said esa uni tinch qo‘yishini iltimos qildi. Keyin xonasida bemorlarni qabul qilar ekan, telefonidan ko‘z uzmadi. Negadir Zohida qo‘ng‘iroq qilmadi. Sabri chidamagan Saidning o‘zi unga sim qoqdi. Zohida uxlayotgan ekan, shekilli, telefon go‘­shagini ancha ke­yin ko‘tardi. Said uning hech nimadan xabari yo‘qligini bilib, ko‘ngli sal taskin topdi.
Tushdan keyin esa u javob olib, uyga ketdi. Baribir qo‘li ishga bormayapti, nima qiladi o‘tirib? Ko‘z o‘ngidan Xosiyatning yarim ochiq ko‘zlari ketmasdi. Hammasi haqida Zohidaga aytib bermoqchi bo‘lar, keyin yana bu fikridan qaytardi. Baribir Zohida Saidning aybi yo‘qligini tushunarmikan? Ehtimol, uni xiyonat qilganlikda ayblar?!.
Zohida eshikni ochar ekan, Said uning jiqqa yosh ko‘zlarini ko‘rib shalvirab qoldi.
– Tinchlikmi? – dedi zo‘rg‘a ichkariga kirarkan.
– Nimalar bo‘lganini bilasizmi?.. – o‘pkasi to‘lib turgan Zohida ho‘ngrab yubordi. – Xosiyat... Xosiyat Alfiya xolaning ovqatiga... margimush solgan ekan. Bilmasdan o‘ziyam yegan, shekilli, o‘lib qolibdi. Alfiya xolani esa zo‘rg‘a saqlab qolishibdi.
Azbaroyi asabbuzarlik, uyqusizlik tufayli ruhi va vujudi toliqqan Said bu xabardan xafa bo‘lishni ham, quvonishni ham bilmay dahlizda o‘tirib qoldi...
Xiyol o‘tmay, eshik taqilladi...

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 1-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.