OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Namozov. Ota, qayerdasiz? (hajviya)

Ichki ishlar bo‘limiga kirib kelgan Juma ota birinchi duch kelgan militsiya xodimiga murojaat qildi:
– Ulim, kampirim yo‘qolib qoldi, qachon topib berasizlar?
Militsiya xodimining kulgisi qistadi. U Juma otani bir xonaga olib kirdi:
– Murodov, mana bu otaxonning arizasini rasmiylashtiring.
– Assalomu alaykum, keling, – dedi leytenant Murodov. – Arizangiz...
– Hurmatli Murodip ulim, – uning gapini bo‘ldi Juma ota. – Poytaxtga keluvdik, kampirim yo‘qolib qolsa bo‘lama!
Choriev qog‘ozga engashdi:
– Hozir yozib olay. Xo‘sh, qanday holatda yo‘qoldi? Ism-sharifingizni ham ayting.
– Men, Murodip ulim, Choriev Juma bo‘laman. Bugun ertalab yo‘lga chiqib edik. Poytaxtga eson-omon keldik, Xudog‘a shukur. Keyin yana bir aptavuzga chiqdik. Ulimdi yo‘qlab kelib edik-da! Aptavuzda ko‘zim ilinib qopti. Ko‘zimni ochsam, yonimda o‘tirgan kampirim yo‘q. Shopirdan so‘rasam, “bilmayman”, deydi. Tavba, sadag‘ang ketay, aptavuzingga ming‘andan keyin bilishing kerak-ku, qanday odamsan sen?
– Qaysi avtobusga minuvdingiz, ota?
– Yashil aptavuz edi. Yonida anovi, kir sovunni riklom qilib yozib qo‘yg‘an. Bir artist ayol riklom qiladi-ku o‘sha, tilvizirg‘a ham chiqib turadigan.
Murodov boshini qashladi:
– Yashil avtobus, deng? Yashil avtobus ko‘p bo‘lsa!.. Siz uxlab qoluvmidingiz?
– Ha... Ko‘p uxlag‘anim yo‘q, shunday ko‘zim ilindi. Aptavuz silkinganda ko‘zimni ochsam, kampir yo‘q-da! Menga aytmay, indamay tushib ketgan bo‘lsa kerak.
– Hm-m... Unda kampiringiz emas, siz yo‘qolib qolibsiz-da, ota! – deya jilmaydi Murodov. Keyin:
– Poytaxtdagi o‘g‘lingiz shaharning qaerida yashaydi? – deb so‘radi.
– Panjini so‘rayapsanma? Aniq adrisini bilmayman... Kampir biladi-da! Menga aytib edi, eslab qolmag‘anman.
– Telefoni bormi?
– Ha, bor, ammo pilus bilan boshlanadig‘an tilpon no‘mirini qaerdan eslab qolardim. Menga kampirimni topib ber! Uning o‘zi ulimdi uyiga olib boradi. Ammo lekin yetmishdan oshgan bo‘lsayam, topadi kampirim, balo u!
– O‘g‘lingiz qaerda ishlaydi, ota?
– Institutda ishlaydi.
– Qaysi institutda?
– Talabalar o‘qiydig‘an institutda dars beradi. O‘zi kampirimga aytdim, “buncha shoshasan, otpuskag‘a chiqsa, ulingdi o‘zi bolalari bilan keladi”, dedim. Quloq solmadi-da! “Nebaralarimni sog‘indim”, deydi. Nima, men sog‘inmaymanma? Menam sog‘inaman. “Bir o‘zim borib-kelaman”, deb turib oldi. Ko‘zim qiymay, birga kelib edim-da, Murodip ulim.
– Tak, tak, tak, – dedi leytenant Murodov yana boshini qashlab. – Kampiringizning ism-familiyasi?
– Norchuchuk! Familiyasi esda qog‘an, deysanma?!
– Yuz ko‘rinishini ayting.
– Yuz ko‘rinishima? Shu... betini faqat ajin bosib, bujmayib-burishib ketg‘an. Bilagida oshqovoqday nori bor. Og‘zida bittayam tishi qolmag‘an, lekin tili bir qarich.
Leytenant Murodov nima qilarini bilmay, o‘zining ham yuzi burishib ketdi. Boshliqning huzuriga kirib, Juma bobo haqida xabar qildi.

* * *

Sabohat qaynonasini quchoq ochib kutib oldi. Qaynotasi ham birga kelganini, ammo qaerdadir g‘oyib bo‘lganini eshitib, hangu mang bo‘ldi. Tezda eriga qo‘ng‘iroq qildi.
Hayal o‘tmay, uyga Panji kirib keldi.
– Xush kepsiz, ena? Tinchmisiz? Bardammisiz? Nega bir og‘iz aytmay kelyapsizlar? O‘zim kutib olardim.
Norchuchuk momo qo‘l siltadi:
– E, otang qo‘ymadi. “Surpiris qilib boramiz”, dedi. Mana endi o‘zi surpiris bo‘p yo‘qolib qoldi.
Panji ishonqiramay so‘radi:
– Rostdan ham otam bilan keluvmidingiz, ena?
– Ha, astanovkag‘a yetg‘andan keyin, “Chol, keldik”, deb turtdim. Aptavuz yurib ketmasin, deb tezg‘ina tushib, ancha yerga borg‘ach, yaxshilab qarasam, otang yo‘q. Yo astanovkada yo‘qolg‘an, yo aptavuzda ketib qog‘an.
– Bu nima deganingiz, ena? – qizishdi Panji. – Shaharga olib kelgandan keyin bunday qo‘llaridan ushlab yurish kerak edi-da!
– A?.. Qishloqda qo‘lini ushlamag‘an shaharg‘a kep, qo‘lini ushlaymanma? Qiziq gap­larni gapirasan. Senlar u, hammaning oldida padrushka qip ketadig‘an.
– Uf, poytaxt katta bo‘lsa, endi otamni qaerdan izlaymiz?
– E, otangdi bo‘ri yeb ketarmidi? Topiladi, ko‘rasan!
Sabohat so‘radi:
– Qaysi avtobusga minuvdilaring, ena?
– Yashil aptavuzg‘a! Lekin burnog‘i safar do‘mlaringdi yonig‘a to‘xtab edi, endi uchta ko‘cha narida tushirib ketdi. O‘zim ham adashib qolib, zo‘rg‘a topdim, kelin.
– Qo‘llarida telefon bormi?
– E, chol odam tilponni tushunama?.. Menimcha, u aptavuzda uxlab qog‘an-ov! Uydayam karis seriali boshlang‘andan uxlab qolardi, keyin tugaganda uyg‘onardi. “Nima bo‘ldi, aytib ber”, deb boshimni qotirib, nervimg‘a tegardi.
Panji oshxonaga o‘tdi, so‘ng tomoq qirib, xotinini chaqirgan bo‘ldi. Sabohat dik etib o‘rnidan turdi-da, erining oldiga shoshildi.
– Bu... bu otam telefon raqamimizni bilmasa kerak-a?
Sabohat bosh chayqadi:
– So‘radim. Enam ming marta aytibdi, oxirigacha aytguncha boshidagi raqamlar esidan chiqib ketaveribdi. Enam qog‘ozga ham yozib beribdi. “Qaynotangiz qog‘ozni ham yo‘qotgan”, deydi.
– Men militsiyaga ketdim, Sabohat! To‘xta, otamning familiyasi nima edi?
Sabohat yelka qisdi. Panji o‘shqirib berdi:
– Hech baloni bilmaysan. Bor, enamdan so‘ra!
Norchuchuk moma ham “hech balo”ni bilmaskan.
– Shu yoshga kirib, otangizdi pamilyasiga ishim tushg‘ani yo‘q, – degan ovozi keldi uning. – E, muncha xavotirlanasizlar? Topiladi shu chol! Yo‘qolsa, shu paytg‘acha tuzuk-quruq yo‘qolardi-da! Undan ko‘ra, bog‘chadan nebaralarimdi opkelinglar. Ularg‘a qurt opkeg‘anman.
Oshxonada u yoqdan-bu yoqqa yurayotgan Panji bu gapdan yanada jig‘ibiyron bo‘ldi. “Enam nega o‘ylamaydi? – dedi xunob bo‘lib, ko‘ngil – dushman-da, darrov Panjining ichini noxush o‘y tirmalab o‘tdi. – Shoshma, enam otamni atayin adashtirib yuborgan bo‘lsa-ya!..”
Kech tushib borar, Panji esa militsiya bo‘linmasiga nima deb murojaat qilishni bilmay, boshi qotgan edi. Bu orada Sabohat bog‘chaga borib, ikki o‘g‘lini olib ham keldi.
– Dada, bobom yo‘qoyib qoptiyami? – deb so‘radi Fazliddin ko‘zlarini katta-katta ochib. – Kattala ham yo‘qoyadimi?
Panji bu gapdan battar asabiylashib, onasi o‘tirgan xonaga kirdi:
– Ena, avtobusdan tushgan bekatingiz qaysi tomonda edi?
– Maro‘jniy sotadig‘an astanopka edi. Shim kiygan xotin apcharka kuchugi bilan turib edi...
– Uch ko‘cha narida, dedingizmi? Bu atrofda bekat ko‘p, qaerdan topamiz? Ayting-da, tuzuk...
– Bo‘ldi, jag‘imdi og‘ritib yubording, – tumtaydi kampir. – Otang kerak bo‘lsa, o‘zing top.

* * *

Mayor Zayniddinov Juma otaning uzundan-uzoq gapini erinmay eshitdi. So‘ng Murodovga o‘xshab boshini emas, iyagini qashladi. Shu asnoda Juma otaga tikilib turdi.
– Bu yerda o‘ylab o‘tirg‘andan foyda yo‘q, kampirimdi topish kerak, – dedi Juma ota chiday olmay.
Zayniddinov diqqat bo‘ldi:
– Poytaxtda qancha odam yashashini bilasizmi, ota? Yana qancha odam kirib-chiqadi.
– Mening kampirim hammasidan ajralib turadi, Zayniddinip ulim.
– Kampiringiz allaqachon o‘g‘lingizning uyida bo‘lsa kerak. Kim, dedingiz, Panjimi? O‘zi izlab qolar, a? Qaysi tumanda yashaydi?
– Toshkentda, dedim-ku!
– Qaysi tumanida? Chilonzormi, Olmazormi, Mirobodmi?
– Senam rosa ezma ekansan-da! So‘rayverasan, so‘rayverasan. Sariq domda yashaydi, dedim-ku! Padyezdini ko‘kka bo‘yab qo‘yg‘an. Uchinchi qavatida lampichkasi kuyg‘an edi, hozir almashtirganma-yo‘qma, bilmayman.
– Otaxon, nega jahl qilasiz? O‘g‘lingiz ishlaydigan joyni aniq bilmasangiz! Uy keliningizning nomiga olingan ekan! “O‘g‘lim paspirtini almashtirib edi”, dedingiz. Keliningizning otini so‘rasam, “o‘rtancha kelin”, desangiz.
– Ha, men kelindi otini boshimga uramanma? O‘rtancha kelindi o‘rtancha, deydi-da! Sen menga kampirimdi topib ber, ulimdi o‘zi topib olaveradi.
– Qanday topib beraman? Tuzilishini ayting-da bunday! Fotorobotini qilib, zap­ros yuboramiz.
– Rabotg‘a yuborasanma?
– Otaxon, iltimos, bir zum xalal bermay turing, – Zayniddinov shunday deb yon tomondagi turnaqator telefonlardan birining go‘shagini ko‘tardi: – Alyo, navbatchi Qo‘ldoshev, eshityapsanmi, hamma hududlarga xabar yubor, yetmish yoshli kampir qishloqdan kelib, yo‘qolib qolgan... Norchuchuk moma, degin... Familiyasini qaerdan bilaman?.. A?.. Sen yetkazaver, bor ma’lumot shu!.. Aytganday, Qo‘ldoshev, shahar transport boshqarmasiga ham...
– Zayniddinip ulim, – dedi Juma ota o‘rnidan turib.
– Ha, ularga ham murojaat qilishsin. Nima?.. Navbatchisi o‘tiradi-ku, baribir! – Zayniddinov go‘shakni qo‘yib, Juma otaga yuzlandi: – Gapiring, ota, birorta ma’lumot esingizga tushdimi?
Juma ota yon-atrofga qarab oldi-da, sekin so‘radi:
– Zayniddinip ulim, bu... hojatlaring qaerda? Zahar tanglik qip qoldi.
Mayor o‘rnidan turdi va “yuring” ishorasini qilib, Juma otani ortidan ergashtirgancha xonadan chiqdi. Otaxon u yerda uzoq qolib ketishini qaerdan bilsin! Zayniddinov navbatchiga tayinlay, desa, cholga nisbatan hurmatsizlik bo‘ladi. Kutib turaverdi.
Nihoyat, Juma ota chiqdi. Keyin yaqin orada choyxona bor-yo‘qligini so‘radi.
– Choyxonani nima qilasiz? – qoshini chimirib so‘radi Zayniddinov. – Yana yo‘qolib qolasiz!
– Zerikib ketdim, nos chakib, oyoqni cho‘zishgayam mundayroq joy yo‘q, – dedi Juma ota. – Attang, Toyir jo‘ramdi opkemabman-da, gurunglashib o‘tirardik... Kampirim topilmadimi?
– Topiladi, otaxon, topiladi.
– Sening xotining yo‘qolmag‘an-da, tushunmaysan! Bu yerda qaqqayib turguncha, borib qidirsang bo‘lmaydimi?
– E, qiziq odam ekansiz, – dedi Zayniddinov, so‘ng qo‘li bilan tashqariga ishora qildi. – Hozir chiqib, to‘g‘riga yurasiz, keyin chap tomonga o‘tsangiz, choyxona bor. Odamlar kelib, o‘zlari osh qilishadi. Birorta chorpoyaga chiqib, yonboshlab dam oling. Momo topilsa, o‘zim oldingizga olib boraman.
– Tezroq top! – Juma ota shunday deb, hassasini do‘qillatgancha ko‘chaga chiqib ketdi.
Zayniddinov uning orqasidan qarab qolarkan, yana iyagini qashladi. Biroz turdi-da, o‘zining ham chapaniligi tutib, “ukkag‘ar chol bopladi”, dedi va xonasiga yo‘l oldi.

* * *

Panji militsiyaga murojaat qilishdan ko‘ra, bekatga borishni mo‘ljalladi. Ammo qaysi bekatga borishni bilmasdi. To‘rt tomonda to‘rtta bekat bor-da!
– Enamga otam kerak emas, – dedi bo‘g‘ilib Panji. – “Bu yerning kampirlari yomon, chollarni olib qochib ketadi”, desam ham pinagini buzmaydi. “Otangdi ko‘rsa, ulardi o‘zi qochib ketadi”, emish! “Otang kerak bo‘lsa, o‘zing qidirib top”, – degani-chi!
G‘ira-shirada ikki kishining sharpasi ko‘rinib, hassaning do‘qillayotganini eshitgan Panji quvonib ketdi. Ha, kimdir otasini boshlab kelyapti. Panji o‘sha tomonga yugurib bordi:
– Ota, qaerlarda yuribsiz?
Ikkala sharpa to‘xtadi. Panji ularga yanada yaqin kelib, yuzlariga razm soldi:
– Ota, sizmisiz, men – Panjiman.
– E, bu mening otam, – dedi cholning yonidagi yigit. – Ota, o‘zingiz ayting.
– Ha, ha, – javob berdi chol, – mening Panji degan o‘g‘lim yo‘q.
Yigit ming‘irladi:
– Qorong‘ida duch kelganni ota deyaverarkan-da!
Panji uzr so‘rab, ulardan uzoqlashdi. Bekat tomonga oshiqdi. “Nega otamning familiyasini bilmayman? – dedi o‘zidan yozg‘irib. – Nahotki, esimdan chiqib ketgan bo‘lsa? E, enam bilmaydi-yu, men qaerdan eslay? Oxirgi marta otamning familiyasini ishga kirayotganimda yozgan edim. Shunga ham olti yil bo‘libdi. Shunga esdan chiqibdi. E, ba’zida yegan ovqatimni nomi esda qolmaydiyu... Ota, otajon, qaerdasiz?”
Bekat o‘rindig‘ining tagida kimdir uzala tushib yotgan ekan. Panji yana yugurdi.
– Ota, ota...
Uzala tushib yotgan odam qimirlab qo‘ydi:
– A? Hiq... quy, ellik gramm quy...
Panji qolgan uchala bekatniyam ko‘rib chiqdi, Juma ota yo‘q edi. Bir-ikkita yo‘lovchidan so‘radi, ular yelka qisishdi.
“Endi militsiyaga bormasam bo‘lmaydi, – o‘yladi u. – To‘xta, avval Hamroqulga telefon qilay, balki otam qishloqqa qaytib borgandir...”
Ukasiga telefon qildi:
– Alyo, Hamroqul, assalom, yaxshimisan? Otam...
– Aka, sizma? – dedi Hamroqul. – Chol-kampir eson-omon yetib borishdima? E, bular tinch yurmaydi-da, shuncha...
Panji o‘pkasi to‘lib yig‘lab yubordi:
– Otam yo‘qolib qoldi, Hamroqul! Hech qaerda yo‘q.
– Nimalar deyapsiz, hazillashmang. Otam yo‘qoladigan odam emas-ey!..
– Sen xotining bilan hiring-hiring qilguncha menga telefon qilib qo‘ysang o‘larmiding? O‘zim kutib olardim-ku!
– Otam, “ularga aytma, ovora qip qo‘yamiz”, dedi-da! Yopiray, qaerga yo‘qoladi? Otam... enam bilan ketgan edi-ku! Enam qaerda?
– Enam uyda, – hiqilladi Panji, – otam yo‘q!
– Yopiray, arazlashib qoptima ular? Men ming marta aytdim, “ota, ena, shu yerda tinchgina o‘tiringlar”, dedim. “Sen, tirrancha, menga qaerda o‘tirishdi o‘rgatma”, deb otam hassasini ko‘tarib quvdi. Yo‘qolishini bilganimda tayoq yeb bo‘lsayam olib qolardim, aka! Men qaerdan bilibman. O‘zi hammasiga siz sababchisiz! Shaharda qolib, balo bormidi? Qishloqqa qaytish kerak edi. Toshkandda qolmaganingizda otam ham yo‘qolmasdi.
Panji jahl bilan telefonini o‘chirdi. Keyin birdan: “Iya, otamning familiyasini so‘ramabman-ku” – degan o‘y miyasiga urildi. Qaytib Hamroqulga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘ldiyu, qo‘l siltadi: “Shundoq ham topaman”. So‘ng tevarak-atrofga razm soldi: “Militsiya bo‘linmasi qaerda edi?..”
Ko‘zi tushmadi. Duch kelgan yo‘lovchi mashinaga qo‘l ko‘tarib, yaqin oradagi melisaxonaga eltib qo‘yishni so‘radi.
– Xo‘sh, nima gap? – so‘radi navbatchi militsiya xodimi.
– Bir kishini yo‘qotib qo‘ydim, – hovliqdi Panji. – Tez topishim kerak.
Navbatchi ariza yozish kerakligini aytdi. Panji shoshganidan g‘adir-budur qilib yozib tashladi. Navbatchi qog‘ozga ko‘z yugurtirib, hech nimani tushunmadi.
– Ehe, vrachlarning retseptiga o‘xshab qolibdi-ku! – dedi u. – Mana bu yerda nima deyilgan? “Juma kuni yo‘qolgan”, deganmisiz?
– Yo‘q, otamning ismini yozganman. Yo‘qolgan kishi otam bo‘ladi. Ismi – Juma ota!
– O‘zingizning ism-sharifingiz?
– Jumaev Panji... Tezlashtiraylik, komandir, iltimos.
Navbatchi telefon go‘shagini ko‘tarib, kimlar bilandir gaplashdi. Bosh irg‘ab turdi. Keyin chehrasi yorishib, “rahmat”, dedi-da, go‘shakni qo‘yib, Panjiga yuzlandi:
– To‘rtinchi bo‘linmaga borasiz. Bu yerdan ikki chaqirimcha keladi. Stomatologiya shifoxonasining yonida.
Panji qiyqirib yubordi:
– Baraka toping, aka!
Juma ota to‘rtinchi bo‘linmada ham yo‘q edi. Navbatchi kulimsirab dedi:
– Ha, sizning otangizmi? U kishi choyxonada! Hamkasblarning hammasini qo‘yarda-qo‘ymay chaqirib oldi...
Panji choyxona tomonga uchdi. Choyxonaga yetar-etmas, otasining ovozi qulog‘iga chalindi:
– Keyin boynag‘ini jag‘idan shuytib ushladim-da, bitta soldim. Ariqqa dumalab tushdi. Qo‘ymichig‘a ekki tepdim. “Sen, – dedim, – qishlog‘imizdi molini o‘g‘irlaydig‘an bo‘ldingma?” – dedim. Melisaxonag‘a o‘zim obordim.
– Ota, – baqirib yubordi Panji. Shu ondayoq ichi yorishib ketdi. “Choriev! – o‘yladi u. – Otamning familiyasi Choriev edi!”
Bir tovoq osh qo‘yilgan chorpoyadagi dasturxon atrofida militsiya xodimlarini og‘ziga qaratib o‘tirgan Juma ota “yalt” etib qaradi. O‘g‘li bilan ko‘risharkan, “mana shu oshdi yeb, keyin ketamiz”, dedi. Keyin hamma xodimlar bilan birma-bir tanishtirdi. Ular turishga ruxsat so‘rashganida esa qo‘ymadi:
– Yana yarim soat o‘tirsalaring, hech nima qilmaydi. Yurtimiz tinch, Xudog‘a shukur!
Shu payt Hamroqul sim qoqib qoldi:
 – Aka, men hamma qarindoshlarg‘a aytib chiqdim. Hozir yo‘lg‘a chig‘ayappiz. Ertalabg‘acha bo‘lsayam topamiz otamni... Kulyapsizma, tavba?
– Otam yonimda, – dedi Panji. – Biz osh yeyapmiz...

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 3-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.