OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Do‘stbek Sulaymonov. Bo‘ri ovi (hikoya)

Qishloqda kech tushib, atrofga  tun o‘zining siyo pardasini yoyayotgan pallada mish-mish tarqaldi. «Murod merganni bo‘ri yeganmish».
Bu gapga birov  ishondi, birov ishonmadi. Lekin Murod merganning hovlisidan eshitilib turgan yig‘i-sig‘i ovozi bu gaplar rostligidan darak berib turganday qishloq ahlini tajjubga solardi. Yig‘i-sig‘i ovozi kuchayavergani sari Murod merganning hovlisi odamlarga to‘laverdi.
«Nima gap? Nima bo‘libdi?».

* * *

Murod mergan o‘rtog‘i bilan ovga yo‘l olishdi. Aslida bormasayam  bo‘lar edi-yu, bo‘ri qishloqqa tap tortmasdan kelib hamqishloqlarining molini «tinchitib» ketgandan keyin, odamlarning gapi bilan ovchilik ori kelib, «shu bo‘rilarni bitta qo‘ymay qirib tashlayman», deb jo‘rasi Samandarni olib ovga chiqishga qaror qildi.
Ular qishloqdan chiqib, qirlar yon bag‘ridan ketaverishdi. Shu kechasi qalingina qor yoqqan bo‘lib, bo‘ri izlari bilinib turardi. Ikki ovchi bo‘ri izidan toqqa qarab chiqa boshlashdi. Choshgohgacha yo‘l yurib, azim tog‘lar etagiga yetib borishdi.
Murod mergan oldin ham ko‘p bo‘ri ovlagan. U yo‘l-yo‘lakay Samandarga tajribalaridan gapirib berdi.
- Bo‘ri jonivor, shunday hayvonki, bitta izdan yurib, bitta izdan qaytishni ma’qul ko‘radi. U qachondir yana ortga qaytadi. Endi yuraverganimizning foydasi yo‘q. Shu yerda qopqon qo‘yib poylashimiz kerak.
Ular bo‘ri o‘tadigan yo‘lni mo‘ljallab, qopqon qo‘yishdi. Ustini qor bilan bilintirmaydigan qilib yopib qo‘ydilar.
Keyin uzoqroqdagi harsang tosh panasiga po‘stinlarini to‘shab joylashishdi. Murod mergan ham Samandar ham miltiqlarni o‘qlab, pichoqlarni tayyorlab qo‘yishdi.
Shivirlashib gaplashib kuta boshladilar. Murod mergan qancha vaqt o‘tdi, bilmadilar. Kun ham ancha ufqqa og‘ib qolgandi. Bir payt tog‘ tarafdan bir sharpa ko‘rindi.
- Kelayapti, bo‘ri kelayapti, - shivirladi Murod mergan. - Qimirlama, agar sezib qolsa, qochib qoladi. Shuncha qilgan ishlarimiz havoga uchib ketmasin!
Bo‘ri avvalgi izi  bilan yaqinlashib keldi. Qopqonga bir necha  qadam qolganda bir nima sezganday to‘xtab qoldi. Choshgohda qo‘yilgan qopqon qorning erishi natijasida bir cheti ko‘rinib qolgandi. Buni hisobga olmaganidan Murod mergan endi afsuslandi. Lekin, endi kech bo‘lgandi.
Bo‘ri boshini ko‘tarib, havoni hidlab, shu atrofda odam borligini sezib qoldi. Bo‘rilar yirtqich bo‘lishi bilan birga, ularda o‘ziga yarasha ayyorlik mujassamligiga mergan yana bir bor ishondi.
- Boya qopqonni bir tekshirmagan ekanmizda, - achindi Samandar.
- Qani ko‘raylik-chi, bu yog‘i nima bo‘larkan?
- Ana, ortiga burildi, hozir qochib qoladi.
- Endi otmasak bo‘lmaydi.
Bo‘ri ortiga shiddat bilan burildi. Murod mergan otishdan o‘zga iloj topolmay mo‘ljalga ola boshladi. Samandar ham miltig‘ini oldi. Murod mergan lo‘killab yugurib boshlagan bo‘rini ko‘kragini nishonga oldi. Lekin tepkini bosishga shoshilmadi. To‘satdan miltiq ovozi yangradi. Samandar shoshib tepkini bosib qo‘ygandi.
Miltiq otilganda bo‘ri bir umbaloq oshib tushdi. Sakrab turdi, yana yugurib ketdi, shiddat bilan yugurmayotganligiga qaraganda yaralangandi.
- Ketdik, o‘q tegibdi, bu ahvolda uzoqqa borolmaydi, - dedi Murod mergan. -Narsalar joyida qolsin. Bo‘rini tinchitib qaytib kelib olib ketamiz.
Ular qo‘llarida miltiq va pichoq bilan bo‘rini ortidan chopib ketdi. Bo‘ri hiyla olisdagi toshlar yoniga yaqinlashib qolgandi. Ular halloslab, qor kechib yugurib ketishdi.
Bo‘ri toshlar yonidan chopib borib, harsanglar orasida ko‘rinmay ketdi. Ovchilar ehtiyot bo‘lib toshlarga yaqinlashdi. Murodning qo‘lida uzunligi ikki qarichcha keladigan yalang‘och pichoq, Samandar miltiqni otishga tayyor holda toshlarni aylanib chiqishdi.
Bo‘ri shu atrofdaligi aniq. Lekin qaerda?. Samandarning nazarida panada poylab yotgan bo‘ri otilib chiqadi-yu, ularga tashlanadi. U atrofga hadik bilan nazar tashlab, merganning ortidan sudralib boraverdi.
Mergan bir toshning yonida odam sig‘adigan kattalikda o‘ngurni ko‘rib qoldi. Bo‘rini izlari ham shu yerga kirganini ko‘rsatib turardi.
- Endi nima qilamiz?, - dedi Samandar.
- Qani qaraylik-chi.
Teshikdan qarashdi, nim qarong‘ulikdagi ichkari ancha katta ko‘rindi.
Murod mergan qo‘rquv nimaligini bilmasdi. Necha bor bo‘rilar bilan olishgan. Ba’zi katta  jarohatlarni hisobga olmaganda, barchasida g‘olib chiqqandi.
- Men ichkariga kiraman, - dedi Murod mergan.
- Kirib nima qilasiz, boshqa biror nima qilish kerak.
- Ovga keldikmi, o‘ljani olib ketish kerak. Endi bo‘rini kattaroq qopqonga tushdi, deb tasavvur qilaver. Mayli, kutib tur, men ketdim. Agar chiqmasam ketaver, har yigitning boshida bir o‘lim bor. Bo‘pti omonlikda ko‘rishguncha, - Mergan bu gapni hazil qilib yoki chindan aytdimi, ishqilib bu gap Samandarga yoqmadi. Ovchi qo‘lida pichoq tutgancha g‘or og‘zidan emaklab kirib ketdi.
Samandar tashqarida kutib qoldi. Uning vujudini shu tobda qo‘rquv egalladi. «- Nima qilardi kirib, boshqa narsa qilish kerak edi. Yoki chaqirsammikan?», - o‘yladi u.
- Murod, Murod, chiq, ketamiz jo‘ra, - chaqirdi u. Ichkaridan biron sado chiqmadi.
Bu payt Murod mergan bir qo‘lida pichoq, bir qo‘lida fonar bilan g‘orga kirib olgandi. G‘or ichi nimqorong‘u bo‘lib, ichi ancha katta ekan. Fonarning yorug‘idan foydalanib, bo‘rini izlay boshladi. «- Qaerda ekan, la’nati bo‘ri, ishqilib ko‘rmay qolmayin-da, tashlanib qolishi ham mumkin. Hujumga tayyor turish kerak. Aha, mana qayoqda ekan, bu yerda ekanda».
G‘or to‘rida g‘ujanak bo‘lib yotgan bo‘ri fonar yorug‘i tushish bilan irg‘ib turdi. Tishlarini ko‘rsatib irrilladi. Mergan pichoqni urishga shaylab, bo‘riga yaqinlashdi. Bo‘ri oldingga bir qadam yurib, orqaga bir qadam tashlab payt poylay boshladi. U osonlikcha jon taslim qiladigan ko‘rinmasdi. Aslida ham shunday, yirtqichlar hal qiluvchi olishuvda oxirigacha boradi. Vaqt esa o‘tib borayapti.
Mergan bo‘ri hamla qilishiga ishondi. Sal ortiga surilib, to‘nini etagidan himarib belbog‘iga qistirdi. Pichog‘i o‘tkirligini sinamoqchiday damiga teginib ko‘rdi. U ovdan hech qachon quruq qaytmagan. Bugun esa ovi birmuncha baroridan keldi. Bo‘ri undan atigi bir necha qadam narida turibdi. Yaxshilab mo‘ljalga olib bir zarba bersa tamom, uyga, qishloqdoshlari yoniga yorug‘ yuz va qahramon sifatida kirib boradi. Eng muhimi qishloqqa bo‘ri oralamaydi. Xullas, ortga qaytish yo‘q!
Ta’qib davom etdi. Ovchi bo‘riga yaqin bordi. Bo‘ri ham junlari tikka bo‘lib, irriladi, hamlaga hozirlandi. Bo‘rinining qorong‘uda yaltirayotgan ko‘zlari hamma yoqni ko‘rib turardi. «Hozir hal qiluvchi zarbani beraman», deb o‘yladi ovchi.
Mergan bo‘rini ko‘kragini mo‘ljallab pichoq urmoqchi bo‘ldi. Bo‘ri ham irrilab, bir joyda turmas, goh oldingga, goh orqaga siljib yaqin kelishiga imkon bermasdi. «- Agar men tezroq uni urmasam, tashlanishi aniq».
Bo‘rini ko‘kragini mo‘ljalga olib kuch bilan pichoqni siltadi. Bo‘ri oldinga shiddat bilan intildi. Uning o‘tkir ko‘zlari ovchi yonida o‘zi o‘tishi mumkin bo‘lgan tirqish joy ochilib qolganini ko‘rib turardi. Ovchi «bo‘ri hamla qilayapti» - deb o‘ylab bor kuchi bilan pichoqni sermadi. Pichoq bo‘rini orqa oyog‘iga tegdi-yu, og‘ir jarohat yetkazmadi shekilli, yiqitmadi. Ovchining yonidan lip etib o‘tib, g‘ordan qochib chiqqan bo‘ri g‘oyib bo‘ldi. Mergan fonarning yorug‘ida pichog‘iga qaradi. Pichoq qon edi. Fonarning yorug‘ida pichoqni yaxshilab artib tozaladi. Ust-boshini tuzatdi.
Murod mergan fonar yorug‘ligidan foydalanib, g‘or ichini kuzata boshladi. «Balki, bo‘ri uyasidir, bu».

***

Samandar jo‘rasi ichkariga kirib ketgach, miltiqni g‘or og‘ziga o‘qtalib ancha vaqt turdi. Ichkaridan har zamon-har zamonda bo‘rining darg‘azab irrilagani eshitilib qolsa Samandar bir sergak tortardi.
Tashqarida qo‘rquv va hadikda turgan yigit «Murodga bir nima bo‘ldi, hayalladi», deb o‘ylab turganida g‘or og‘zidan bo‘ri otilib chiqdiyu, o‘ngu-so‘liga qaramay yugurib ketdi. Samandarning esxonasi chiqib ketdi. Shoshganidan qo‘lidagi miltiqni nishonga to‘g‘rilay olmadi. Tepkini bosib yubordi. Tog‘dan aks-sado qaytdi. Bo‘ri bir dam to‘xtadi. Keyin oqsoqlangancha chopib ketdi.
- Bugun ikkinchi marta o‘qim xato ketyapti, nima bo‘layapti tushunmayapman, - deb shosha-pisha yana o‘qladi. Bu orada bo‘ri ancha olislab ketdi. Samandar nishonga tekkizishga ko‘zi yetmadi. «- E, bor-e, o‘lib ketmaysanmi», - deb miltiqni yerga uloqtirdi. Merganni chaqira boshladi.
- Murod chiq endi, ketamiz, bugun ovimiz yurishmadi.
Ichkaridan javob qaytmadi. Samandarning yuragiga g‘ulg‘ula tushdi. G‘or og‘ziga e’tibor berib qarasa, hammayoq qon, qon tomchilari bo‘ri izidan ketgan. «Tamom, Murodni bo‘ri yegan, ichkarida yana bo‘ri bo‘lsa-ya, qancha aytdim-a kirma jo‘ra deb mana oqibati, endi tez borib odamlarga aytish kerak. Eh, Murod jo‘ram-a, seni ajal haydab kelgan ekan-da, asli peshonangda bo‘riga yem bo‘lish yozilgan ekan-da».

***

Samandar shoshib-pishib qishloqqa kirib keldi-yu, kimni ko‘rsa Murod merganni bo‘ri yeganini aytib, «uyiga yig‘ilinglar jasadini olib kelamiz» deb ketaverdi. Hamma ishondi. Axir ertalab bo‘ri ovlaymiz, deb ketishayotganinni ko‘pchilik ko‘rgan edida.
Samandar Murod merganning uyiga xabar qilay deb chopib ketdi. Borib bo‘lib o‘tgan voqeani tushuntirdi ham.
- Asli men aybdorman, shu la’nati ovga bormasak bo‘larkan. Taqdir - peshona ekan. Xudo sabr bersin, - deya xotin va bolalariga hamdardlik bildirdi. Voqeadan xabardorlar kelishdi. Qo‘ni-qo‘shnilar chiqishdi. Murod mergannikida yig‘i-sig‘i boshlandi. Yig‘i ovozini eshitib boshqalar ham kela boshladi.
Nima bo‘lganini eshitgan odamlarning o‘n besh-yigirma chog‘lisi g‘orga borib Murod merganni jasadini olib kelmoqchi bo‘ldi. Ularga Samandar yo‘l boshlab ketdi. Murod mergannikida qiyomat boshlanib ketdi. Yig‘i-sig‘i, qiy-chuv...

***

Murod mergan g‘orni kuzatib, u yoq bu yog‘ini tuzatib, bir payt tashqariga chiqsa, Samandar yo‘q. G‘or og‘zida qon tomib, bo‘ri izidan ketgan. Ovchi xalqi shunday bo‘ladi: o‘ljasiz ortiga qaytmaydi. Murod mergan bo‘ri yaralangan ekan-da, shu atrofda yotgandir deb bo‘ri izidan keta boshladi. Borib-borib qon tomchilari yo‘qoldi. Bo‘ri izi tog‘ tarafga qarab ketgandi.
Atrofga qorong‘u tusha boshladi. Murod merganni endi Samandarning qayoqqa ketgani xavotirga sola boshladi. «- Ishqilib omon bo‘lsin-da», - deb qo‘ydi. Uni bo‘ri quvlab ketmagani aniq. Chunki, Samandarning izlari ko‘zga chalinmadi. Boya g‘or yaqinida Samandarning izlariga e’tibor bermagan ekan. «- Qishloqqa qaytgandir», - deb o‘yladi.
Kunduz yashirinib yotgan harsang yonidan kiyimlarni oldi. Qishloqqa kirib kelganda, vaqt yarim tunga yaqinlashgandi. Uyiga yaqinlashdi. Hovlisida negadir odam ko‘p edi. «- Nima bo‘ldi ekan, ishqilib tinchlik bo‘lsin-da»,- deb qo‘ydi.
Uyi oldida to‘n kiyib, belbog‘ bog‘lagan qarindoshlarini ko‘rib o‘zini tutolmay yig‘lab qo‘ya berdi. Uy oldida yurganlar qarindoshlardan birontasi kelgandir, deb o‘ylashdi.
Murod merganni ular tanib qolishdi. O‘tirganlar o‘tirgan joyida, turganlar turgan joyida qotdi-qoldi. «Nega mening oldimga birontasi kelmaydi», deb hayron bo‘ldi. Qarindoshlarining holati tushunib bo‘lmas darajada sarosimali edi. U darvozadan kirib qoqqan qoziqdek turib qoldi.
«Kim bo‘lishi mumkin? Nima qildi ekan? Nega hammaning vajohati o‘zgardi?» deb o‘yladi u.  Oldingga bir qadam bosdi. Shunda qarindoshlaridan biri Mahmud o‘ziga keldi, shekilli, «Arvoh, arvoh, Murod akamning arvohi» deb qichqirib yubordi. Uyning eshigini ochib yugurib kirib ketdi. Boshqalar ham g‘ayritabiiy qo‘rqinch va sarosimali holatda bir-birini itarib-surib, kirib ketdi. Eshikni ichkaridan berkitib olishdi.
Murod mergan hayron. «Nima bo‘layapti? Nimaga bunaqa qilayapsizlar? Arvoh deyishdimi?» - pichirladi Murod mergan o‘zining o‘lganiga ishonishiga bir bahya qoldi. Alam bilan bosh barmog‘ini tishladi. Og‘riq jonidan o‘tdi. «- Tirikman».
U yana uy tomon bir necha qadam bosdi. Endi ichkarida ayol va erkaklarning vahimali qiy-chuvi ko‘tarildi. Deraza ortidan dahshat va vahima bilan boqib turishardi.
- Murod, o‘zingmisan? - dedi titroq ovoz bilan No‘‘mon bobo.
- Ha, Murodman. Nima bo‘layapti? Tinchlikmi?
- Tirik ekan, tirik!
Qiy-chuv, shovqin ko‘tarildi.
- Qayoqda eding?
- Bo‘rini quvib g‘orga kirdim, afsus omadim kelmay qochirib qo‘ydim. Yaralandim ham...
Oradan ancha vaqt o‘tib, Samandar boshchiligida ketgan odamlar yig‘i-sig‘i qilib qaytib kelib qolishdi.
Oldidan chiqqan odamlarga «Topolmadik, g‘orda faqat qon izlari va mana bu qiyiqcha bor ekan» deb oq qiyiqchani ko‘rsatishdi. Hamma jim.
Ichkaridan Murod mergan «Bormisan oshna, haziling qursin», deb chiqib keldi. Uni ko‘rib Samandar o‘zidan ketib qoldi. Odamlar uni suyab, suv sepib o‘ziga keltirib oldi.
Keyin nima bo‘lganini Murod mergan batafsil aytib berdi.
- Xudoga ming marta shukur, men yaqin jo‘ramdan ayrilib qoldim, deb o‘ylabman, - dedi Samandar do‘stini qayta-qayta bag‘riga bosarkan hazil qilishga ham ulgurdi:
- Endi seni g‘orga kiritib bo‘pman. Hey ovchi bo‘lmay har balo bo‘lgur, yurakni yording-ku!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.