OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Do‘stbek Sulaymonov. Zo‘raki «milliarder» (hikoya)

- Pulni qachon qaytarasan?
- Aytdim-ku, beraman deb. Buncha yopishib olding menga?
- Beraman deganing qachon edi, sen uchun birovdan olib bergandim.
- Hovliqma, qochib ketayotganim yo‘q-ku.
- To‘g‘ri sen qochmayapsan, lekin seni deb men kimlardan qochib yuribman, nomard, - Akrom Sardorning yoqasiga yopishdi.
- Qo‘yvor, qo‘lingni tort-e, - Sardor siltab tashladi. - Qaerdanam senga yo‘liqdim. Agar sen bo‘lmaganingda hech nima bo‘lmasdi.
- Yana meni aybdor qilayapsanmi? Yaxshilikni bilmagan nokas ekansan?
- O‘zing o‘shasan? Bo‘lmaydigan ishlarni deb boshimga bir dunyo g‘alva orttirib oldim.
- Men bilmayman, qonimni ko‘p tashna qilma, pulni topib ber, - bo‘g‘ilib baqirib berdi Akrom. - He sendaqa do‘stning…
U qo‘l siltab nari ketdi.  

***

Sardor internetga kirib, elektron pochtasiga ko‘z yugurtirdi. Eha, yangi xatlar kelibdi-ku. Kimdan ekan? Ikkitasi tanishlaridan, bittasi noma’lum manzildan edi. Nomi, manzili inglizchasiga allambalo deb yozilgan. Ochib o‘qigan bo‘ldi. Ajnabiy tilda bir varaq yozilgan xatda hech nimaga tushunmadi. Faqat 400 000 funt sterling deganini tushungandek bo‘ldi. «Bu nimasi bo‘ldi? Loteriyaga o‘xshagan narsamasmikin?».
Xatni qog‘ozga chiqarib, chet tillar oliygohida o‘qiydigan tanishi Akromga ko‘rsatdi. Uch yildan beri shu oliygohda o‘qiyverib ancha inglizchaning hadisini olgan talaba qisqacha  tushuntirdi:
- Qisqasi, jo‘rajon, senga lotereya chiqibdi. Angliyada yashaydigan bir milliarder vafot etibdi. Undan qolgan mablag‘ merosxo‘rlarga yetkazilishi kerak ekan. Qizig‘i...
-  Buncha chaynalding? Aytavermaysanmi?
- O‘sha milliarderning merosxo‘rlari orasida sen ham bor emishsan.
- Men Londonda nima qilib yuribman?
- U yog‘ini bilmadim, menimcha qanaqadir lotereyaga o‘xshagan narsa. Harakat qilib ko‘rish kerak, balki omading kelib, aytilgan pulni ololsang, sendan boy, sendan zo‘r odam bo‘lmaydi.
So‘ng bilag‘onlik qilib hisoblay ketdi:
- Xo‘sh, 400 ming funt sterlingni dollarga o‘tkazsak, 800 ming dollar bo‘ladi, u bizda 2 milliard so‘mdan oshib ketadi-yov. Yanayam bilmadim.
- Ey, gapni kalta qil, nima deyapsan o‘zi?
- Jo‘ra, tabriklayman, milliarder oldimizda turgan ekanu bilmay yurgan ekanmiz.
- Hazillashma, seni hozir ayab o‘tirmayman.
- Qara, xatning davomini, agar, belgilangan kungacha anketani to‘ldirib yuborsangiz, marra sizniki deyapti.
- Ochiqroq tushuntir.
- Yur, internetga kiramiz, - Akrom Sardorni sudrab ketdi. Internetda so‘ralgan u haqidagi bor ma’lumotni yozib yuborishdi.
- Jo‘ra, xizmating katta bo‘layapti, agar nasib qilib, shu pulni ololsam, senga bizdan yangi Neksiya «podarka», - Sardor ham yutuq chiqqaniga endi ishona boshladi.
- Rostdanmi? Qanaqa yordam kerak bo‘lsa aytaver, tortinma.
- Bo‘pti, xatning javobini kutaylik-chi.
Ikki kundan so‘ng yana o‘sha manzildan xat keldi. Tarjimon Akrom peshonasini tirishtirib tarjima qilishga kirishib ketdi:
- Aytayaptiki, ularning adkovati sening advokating bilan gaplashmoqchi ekan. Pulni ko‘chirish masalalarini hal qilish kerak deyapti.
- Yana qanaqa advokat? Qaerdan topaman advokatni?
- Kerak bo‘lsa topasan, qolgan gapni eshit. Ertaga kunduzi soat 11.00 da sening qo‘l telefoningga advokat telefon qilarkan. Shu.
- Qiziq-ku, qaerdan topay endi uni.
- Shungayam shuncha vahimami? - Akrom bidirlab yana bilag‘onlik qildi. - Telefon qilsin-chi oldin. Men senga advokatlik qilaman. «Neksiya»ni halollab olishim kerak.
- Bo‘pti, kelishdik, ertaga uchinchi paraga kirmaymiz. Shu masalani hal qilaylik.
Yigit xonasiga kelib joyiga cho‘zildi. Shirin xayollar surib uxlab qoldi. Tushida qandaydir vahimali xorij mashinasida ketayotganmish. Yonida chemodan to‘la pulmish. Bo‘larkanku, pulni olibman-da, deb qo‘yarmish u mamnun bo‘lib.
Shodligidan uyg‘onib ketdi. Shu tushning xosiyati bor deb o‘yladi. Yana xayolga berildi. «Ikki milliard so‘m-a. Birdaniga shuncha pul. Qani hozir qo‘limda bo‘lib qolsa. Birinchi o‘rinda Akrom jo‘raga mashina olib berardim, xizmati katta bo‘layapti. Dadamning «Jiguli»siyam ancha charchadi. Bitta «Neksiya» sovg‘a qilsam yomon bo‘lmaydi. Ancha ko‘ngli ko‘tarilardi. Mening o‘qishimga to‘lagan kontrakt pullari bir yo‘la esidan chiqib ketardi. Akamga «Damas» olib bersam, ukam ham quruq qolmasligi kerak, unga bitta «Matiz»chaning kalitini ushlatsak ham bo‘ladi. Xo‘sh, endi o‘zimizga bitta yaxshigina shahardan hovli olsak, boyvachcha nomi bo‘lgandan keyin mashinasi kamida «Lassetti» bo‘lishi kerak. Yana qancha pul qoldi o‘zi?..».
Orzu yaxshi narsa-da xohlagancha seniki, birov tortib ololmaydi. Sardor ham shirin xayolini surib yotaverdi.
Ertalab Akrom bilan uchrashib:
- Soat 11 da uchrashish esdan chiqmasin-a, - qayta-qayta tayinladi.
- Gap bo‘lishi mumkin emas, hammasi «okey» bo‘ladi, - dedi Akrom quvnoqlik bilan bosh barmog‘ini tepaga ko‘tarib.
Kelishilgan vaqtdan biroz oldin ular xiyobonda uchrashishdi.
- Telefon bo‘lmadimi? - dedi tez yurganidan hansirab qolgan Akrom.
- Yo‘q, endi bo‘lib qolar. Yur, anavi skameykada o‘tirib turaylik.
Kelishilgan paytda noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi.
- Allo, eshitaman, - dedi Sardor, hech nimaga tushunmadi shekilli, Akromga uzatdi. - Ma, gaplash, inglizcha gapirayapti.
Akrom chala-chulpa bo‘lsayam ancha gaplashdi. «Okey, okey, senkyu, senkyu»ni bir necha marta takrorlagach, suhbat tugadi.
- Nima deyapti, janob Smitning advokati. Gapirsang-chi?
- Hamma ish yaxshi ketayotganmish. Yana xat kelarmish. Shunga javob yozarkanmiz.
- Bo‘ladi deyaptimi o‘zi?
- Bilmasam. Uning aytishicha, hammasi joyida emish.
- Bo‘pti, kutamiz.
Ertasiga yana xat keldi. Akrom shosha-pisha tarjima qilishga tutindi:
- Ular aytishayaptiki, notarius, yana qanaqadir xizmatlar uchun pul to‘lash kerak. Xo‘sh, davomi, shunga ko‘rsatilgan hisob raqamga 600 dollar tashlash kerak ekan.
- Nimalar deyapsan, jo‘ra, o‘zi tirnog‘ini kirini so‘rib yurgan bir talab bo‘sam, 600 dollarni qaydan topaman?
- Endi tushun-da sen ham, burungilar aytgan - 80 so‘m ketmasa 90 so‘m kelmaydi. Sen atigi 600 dollarga milliarder bo‘lib qolayapsan-ku.
- Xo‘sh, nima qil deysan, sening kallang kompyuter, ishlat, bekorga senga «Neksiya» olib beradigan axmoq yo‘q.
- Shu «Neksiya»ngni buncha minnat qilaverding. Men ham qarab o‘tirganim yo‘q. Aytilgan dollarni topib, yuborish kerak, shunda natija bo‘lishi mumkin.
- Yaxshi, tushundim. Pulni kimdan olsak ekan-a?
- Sen ham izla. Men ham qarab turmayman.
Sardor tanigan-bilganlaridan baridan qarz yig‘ib chiqdi. Ishqilib har kim qo‘lidan kelganicha qarashdi. «Qora bozor»dan 600 AQSh dollari olib bankka borib, ko‘rsatilgan hisob raqamga yuborishdi.
Oradan kunlar, oylar, yillar o‘tdi. Ammo endi na xat, na xabar keldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.