OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farmon Toshev. Hashar (hajviya)

– Aziz hamkasblar, – dedi Hamza Qodirovich jamoaning tezkor yig‘ilishini ochar ekan. – Bugun sizlarni juda muhim va dolzarb, ha, dolzarb masalani muhokama etishga chaqirdik.
Navro‘z bayrami arafasida durustroq joyda das­turxon tuzash yoki biror tarixiy shaharga sayohat uyushtirish ilinjida yurgan xodimlarning vujudi quloqqa aylandi. Bir-biriga «Ana, ko‘rdingizmi», mazmunida ishora qilganlar ham bo‘ldi.
– Bilasizlar, idoramiz joylashgan ko‘cha qay­ta qurilayapti. Shu munosabat bilan binomizning tashqi tomonini ta’mirlashimiz, yo‘lak va ariqchani tartibga keltirishimiz, 30 dona manzarali daraxt ekishimiz kerak. Yuqoridan shunaqa topshiriq bo‘ldi.
– O‘rtoq boshliq, birinchidan, bunday ishlarga bizda mablag‘ ajratilmagan, ikkinchidan, bu yumushlar bizning odamlarning qo‘lidan kelarmikan, – e’tiroz bildirdi bosh hisobchi, – shaxsan men mana bu hassam bilan nima ham qila olardim.
– Berdisini aytguncha sabr qiling, hurmatli hi­­sobchi, – piching qildi boshliq, – sizga hech kim qo‘­lin­gizga ketmon olib, daraxt eking, demayapti, xo‘pmi? Mehnat insonni ulug‘lagan. Ana, qarang, katta-yu kichik – hamma ko‘chada ishlayapti. Qachongacha idoramiz oldini talabalar tozalab berishadi?
Xo‘sh, hurmatli jamoa, lo‘nda qilib aytganda ha­shar uyushtiramiz. Men kasaba uyushmamiz rahbari bi­lan taxminiy reja tuzganman. Shuni sizlarga o‘qib ber­sam.
Birinchi band o‘rinbosarim Safoevga tegishli. Salimjon, adashmasam, o‘g‘lingiz o‘rmon xo‘jaligida ishlaydi, to‘g‘rimi?
– Ha, shofyor bo‘lib ishlaydi. Tashkilotlarga nihol tashiydi.
– O, yashang, ana shu jiyanga tayinlasangiz, ni­hol keltirib beradi. 30 ta nihol bilan o‘rmon xo‘jaligi xazinasi kamayib qolmaydi.
Xo‘sh, endigi band jamoatchilik bilan ishlash bo‘lim boshlig‘i Sanjarovaga. Muhabbatxon, bilamiz, eringiz, ya’ni turmush o‘rtog‘ingiz SESda ishlaydi. Ularda haligi, nima deydi, umuman, dori purkagich bor. Mutaxassisini yuborsa, dori o‘rniga ohak solib, devorga purkab beradi. Ular uchun bu ish problema emas. Aytganday, bir chelak tozalangan ohakni ham o‘zi bilan ola kelsin.
– Hamza Qodirovich, menga tozalashdan to‘p­langan chiqindini olib ketishni topshirsangiz. Uyim­ni ta’mirlayapman. Qayin ukam ertaga chiqindini chiqarishga mashina beradi. Birato‘la ishxonadagini ham olib ketamiz.
Ikkinchi o‘rinbosarining bu tashabbusidan bosh­­liq xursand bo‘ldi.
– Malades! Gap bundoq bo‘pti. Olimboy, siz de­vorning ustki g‘ishtlarini almashtirish, su­voq­larni tuzatish bilan shug‘ullanasiz. Bilaman, quruvchilardan tanishingiz ko‘p. Ha, endi profsoyuz rahbari durustroq ishni gardaniga olishi kerak-da, to‘g‘rimi?
Xullas, har kimga vazifa yuklatildi: kotibaga bir quti rang, bog‘bonga belkurak va ketmon, farroshga ikki xil supurgi, kompyuter ustasiga ovqat tayyorlash.
Ammo qorovuli tushmagur har galgidek yana xarxasha qildi.
– Xo‘jayin, doimo hasharning og‘iri menga qoladi. Birinchidan, jamoadan hech kim kelmaydi. Ikkinchidan, chetdan yollanganlar hamma ishni qo‘l uchida bajarishadi, barcha narsa joy-joyida qolib ketadi. Uyal­ganimdan o‘zim yig‘ishtiraman. Buning ustiga meni tushlikka chaqirishmaydi. Uydan olib kelgan non-u qandni yeb o‘tiraman.
– Abdulla aka, og‘zim bor deb har neni ga­pi­ra­ve­rarkansiz-da? Keliningizni, qizingizni ish­ga oldim. Yetmishga kirdingiz. Hurmatingiz uchun to‘la shtatda saqlab turibman. Yana nimadan norozi bo‘lasiz? Yilida bir kun ishlabsiz-da!
Qorovul Abdulla aka bosh egdi.
Ammo Hamza Qodirovich ertasiga tuman rahbari huzurida xuddi shunday ahvolga tushishini xayoliga ham keltirmasdi.
Ochig‘i, tuman rahbari hasharning borishini nazorat qilar ekan, bu idora yoniga kelganda tartibsizlikni ko‘rib, tutab ketdi:
– Hamza Qodirovich, shu arzimagan yumushni ham eplay olmabsizda-a? Insofingizni yeb qo‘yibsiz. Ja­­moani-ku ishlata olmabsiz, o‘g‘lingizga iltimos qil­­­sangiz bo‘lmasmidi? Har gal idorangiz oldini u di­rektorlik qilayotgan kollej bolalariga tozalatar­dik. Boring, haliyam kech emas. Yana iltimos qiling. Ikki soatdan keyin o‘zim kelib ko‘raman!
Hamza Qodirovich mulzam bo‘lib, uyali telefonidan o‘g‘lining raqamini tera boshladi...

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 1-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.