OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farmon Toshev. Kechikkan bayram (hikoya)

Bu safar yangi yil arafasida Akmal do‘x­tir­ning omadi keldi: bayram oqshomi navbatchilik qi­lishdan qutulib qoldi, bu ish boshqa vrach chekiga tushdi. Shu bois u hamkasblari bilan xayrlashgach, tushdan keyin bozorlikni o‘zgacha ishtiyoq va did bilan qildi, ayniqsa meva-chevani erinmasdan saralab oldi, xotini Shohistaning «kattalaringizga Xudo qanday insof berdi» degan kinoyasiga esa «sizning ohu zoringiz dilini yumshatgan-da» deb hazil aralash javob berib qo‘yaqoldi. Rafiqasining xursand bo‘lib, dasturxon tuzatayotganidan zavqlanib yana gap qo‘shdi:
– Qarang, bir haftalik quruq sovuqdan keyin qor ham yog‘a boshladi. Buyam siz uchun, ayasi…
Besh yildan beri erining oila davrasida ilk bor o‘tirishi mumkinligidan dili taskin topgan bo‘lsa-da, Shohista ichidagi gapni yashira olmadi:
– Lekin, bilib qo‘ying, bu oqshom biz bilan bo‘­lasiz, qo‘shni yoki o‘rtoqlarnikiga tabriklashga bo­rish yo‘q, xo‘pmi?
– Xo‘p-xo‘p, xotinboy, osmon uzilib yerga tushsa ham shu bugun uydan chiqmayman. Sizning gapingizni ikki qilguncha sakkizta, boring-ey, ana, saksonta shaytonning bo‘yni chirt uzilib tushsin!
Hayotning qizig‘i shundaki, u insonning izmida yurmaydi. «Nonni katta tishlasang ham gapni katta gapirma», deb bejiz aytishmagan ekan. Bu gal ham shunday bo‘ldi. Aniqrog‘i, er-xotin o‘rtasidagi o‘sha qizg‘in gap ustida eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Xotinining «ana, boshlandi, og‘ir kasal keldi, bormasangiz bo‘lmaydi, deb kelishgan» deyishi barobarida Akmal «obbo, shu shayton qurg‘ur haqida bekor gapirdim-ov» deb o‘zicha pichirlab qo‘ydi.
Erining eshik ortida kim bilandir uzoq gap­lashganidan xavotir olgan xotin uning uyga jiddiy qiyofada kirib kelishidan tashvishlandi:
– Yana o‘sha gapmi, hozirgina navbatchilikdan qu­tildim degan edingiz, nima, sizdan boshqa vrach yo‘qmi kasalxonada?
– Hovliqmang, xotin, bular Kitobdan kelishibdi. Shogirdim. Og‘aynisining homilador xotini juda og‘ir ekan. Ichida yiring bor emish. Operatsiya qilmasa bo‘lmaydi. O‘zining kuchi yetmayapti.
– Og‘ayningizning hushi joyidami? Kitob qaer­dayu, Samarqand qaerda, shu ob-havoda dovondan o‘tib bo‘larkanmi?
Xotinining javrashiga qaramasdan Akmal yotoq­xonaga o‘tib kiyina boshladi.
– Shohista, mana, qarang, soat besh bo‘ldi. Nasib etsa, 4-5 soatda qaytib kelaman. Yangi «Neksiya»da kelishibdi, yo‘ldan xavotir olmang. Ko‘rasiz, soat o‘n ikkida ikkovimiz siz tuzagan stol atrofida shampan vinosi ichamiz. Xotinining chehrasini ochish uchun qo‘shib qo‘ydi:
– Gippokrat nomi bilan qasam ichaman…
Aslida-ku bu holat yangilik emas, boz ustiga erining xarakterini yaxshi bilgani uchun jahli chiqib turgan Shohista samimiy hazildan so‘ng hovuridan tushdi, hatto zarur narsalarni olishda unga ko‘maklashdi.
Ochig‘i, Akmal hamqishlog‘i, yaqin shogirdining il­­timosini rad eta olmadi. Yo‘l azobini rulda o‘tir­gan haydovchi tortgan bo‘lsa bordir, biroq do‘x­­­tir uch soat hamrohi bilan kasallik tarixini mu­­hokama qil­di, tahlillar natijasi yuzasidan yo‘l-yo‘lakay uyali telefon orqali tajribali ham­kasb­laridan masla­hat olib bordi. Faqat bir yerda – Taxtiqoracha dovonidan narigi tomonga tushishda ma­shina sirpanib, yo‘l yoqasiga chiqib ketganida ham­ma qatori «voy» deb yoqasiga tupurib qo‘ydi, ichida «falokatdan asrasin» deb pichirladi.
Qishloq shifoxonasiga kelib bemor ahvolini ko‘rgach, bu yerda yo‘l azobidan ming chandon og‘ir ho­latga duch keldi. Yigirma besh yoshdagi ayol deyarli hushsiz yotardi. Homila to‘qqiz oylik, lekin qorin bo‘shlig‘ida suv yig‘ilib, yiringlash boshlangan. Vaziyat shu qadar qaltiski, hatto tananing ortiqcha qi­mirlashidan ham ichak yorilishi, homilani ham, onani ham nobud qilishi mumkin. Buning ustiga Samarqanddagi kabi yonida tajribali hamkasblari ham yo‘q. O‘zi xulosa chiqarib, o‘zi operatsiya qilishi kerak.
To‘g‘ri, analizlar olingan, lekin qaltis qi­mir­­latib qo‘ysa nima bo‘ladi? Narkozni ko‘tara olmasa-chi? Nima qilish kerak? Xayolida ming bitta fikr kurashadi. Lekin shuncha yo‘l bosib keldi, tajribali do‘xtir degan nomi bor. Hammaning umidi unda.
Shu payt xonaga bir qariya kirib keldi. Shu yerlik shifokorlar xuddi kelishib qo‘ygandek birin-ketin chiqib ketishdi.
– Uka, – dedi u, – baraka top, shu ayolga yordam ber.
– Otaxon, qizingizning taqdiri Allohning qo‘­lida. Operatsiya natijasiga kafolat bera olmayman.
– Berasan, kafolat bera olasan, uka. Sen haq­da eshitganman. Shogirdingni men yuborgandim. Bu ayol esa… qizim emas, xotinim. Birinchi marta farzand ko‘rayapman. Shu baxtdan benasib qolmay qariganda, inim, seni xursand qilishga qudratim yetadi, yo‘q dema.
Akmal boshini kaftlari orasiga olib jimib qoldi. O‘n besh yildan beri ko‘p marta og‘ir jar­rohlik operatsiyalariga qo‘l urgan. Ammo bu xildagisiga birinchi bor duch kelishi. Cholning iltijosi xayolini chuvalatib yubordi.
– Shavkat!
U beixtiyor baland ovozda shogirdini chaqirib qoldi. Aslida eshik ortida turgan hamma shifokorlar shu chorlovni intiqlik bilan kutib turishardi. Shavkat ichkariga kirib ochiq eshik oldida turaverdi. Nafas olishga ham cho‘chiydi. Ana shu bir-ikki daqiqa Akmal uchun qat’iy qaror qilishga yetarli bo‘ldi.
– Bemorni ham, jamoani ham operatsiyaga tayyorlang, faqat tezroq! Otaxon, qani, yaxshi niyat bilan fotiha bering…
– Rahmat, inim, bor ekansanu, iloyo Yaratganning o‘zi madad bersin!
Jamoadagi ishtiyoq Akmalga ishonch bag‘ishladi. Imo-ishoradayoq har bir uskunani tayyor qilishdi. Nimaga qo‘l tekkizmasin, ko‘z oldida cholning iltijoli siymosi gavdalanaveradi: «Qariganda shu baxtdan benasib qolmay…» Endi uning miyasida bitta fikr charx uradi – nima bo‘lsa-da onani ham, bolani ham asrab qolish kerak!
Qishning chillasi bo‘lishiga qaramasdan jiqqa terga tushdi. Qo‘l-oyog‘i, butun vujudi ko‘zga aylandi. Bitta hamshira jarroh yuzidagi terni artish bilan ovora bo‘ldi.
Besh soat! Jarrohlik xonasidagi ana shu muddat ichida chinakam hayot-mamot uchun kurash ketdi. Bemorning ahvoliga qarab, nafas ololmay qolgan lahzalarni aytmaysizmi! U badiiy asarlarda tibbiy mo‘‘jizalar, bemor ikki dunyo orasida qolgan holatlar to‘g‘risida o‘qigan. Lekin bugun bunday voqeaga o‘zi duch kelib turardi. Yozuvchilar ham hayotdan olib yozar ekan, deya ko‘nglidan o‘tkazdi u.
Katta doya yig‘layotgan chaqaloqni qo‘liga olganida barcha hamshiralar quvonchdan yig‘lab yuborishdi. Akmalning ko‘zi yashnab ketdi. «Xayriyat, Yaratganning O‘zi qo‘lladi».
Taqdirning bu muruvvatidan quvonishga ha­li erta edi, chunki onaning ahvoli hadeganda o‘z­ga­ra­vermadi, hamon ko‘zini ochmaydi, nafas olishi og‘ir. Darmonsizligi yetmaganidek, ko‘p qon yo‘qotdi, axir ichidan ozmuncha suv va yiring olishdimi!
Kesilgan joylar tikilgandan keyin ham operatsiya xonasidan hech kim chiqmadi. Vrachlar ham, hamshiralar ham o‘zlaricha nimagadir unnab bir-biridan ko‘zini olib qochishadi. Nahotki, shunday go‘zal ayol… Muolaja kor qildimi, Yaratgan quvvat berdimi, ishqilib, bir soat deganda ayol nihoyat nursiz ko‘zlarini ochdi, uning peshonasida ter tomchilari ko‘rindi, lablari tamshandi, ayniqsa o‘z o‘g‘ilchasining ovozini eshitgach, atrofga qaray boshladi.
Ko‘ngli biroz taskin topgach, Akmal og‘iz bo­g‘i­chini olib, jarrohlik liboslarini yechdi. U yo‘­lakka chiqqanda rang-ro‘yi o‘chgan otaxon bir ho­latda turardi. O‘tgan besh soat uning uchun butun umri bilan teng edi go‘yo. Shu sababli Akmal uning savolini kutib o‘tirmadi:
– O‘g‘ilcha muborak, ayolingiz muborak. U narigidunyodan siz uchun qaytib keldi…
Otaxon qo‘yarda qo‘ymay Akmal bilan uning shogirdini uyiga boshlab bordi. Chunki boshqalar uylarga shoshilishdi. Yarim soatlik yo‘l ekan. Ham­kasblar ham cholning quvonchini baham ko‘rishni is­tab turishgandi. Darvoza tagida ularni tushovlangan oq qo‘y yonida tik turgan o‘spirin kutib turardi.
– Niyat qilgan edim, mehmon… Bu jiyanim. Qani, polvon, qo‘yni so‘yib, kabobni boshla.
Qariyaning so‘zlariga qishloqning u yer-bu yeridan otilgan mushaklar ovozi ulanib ketdi.
– Soat o‘n ikki bo‘pti!
– Ana xolos, qovun tushirdimku-a. Xotinga albatta yetib kelaman, devdim.
– Inim, kelinga o‘zim tushuntiraman, albatta kechiradi. Bugun esa yangi yilni men bilan nishonlaysizlar.
Dasturxon ustida chol bilan tanishib oldi. Uning samimiy quvonchiga, mulozamati va chaqqon ha­rakatlariga havasi keldi. Baribir vrach-da, qayg‘u bilan baxt orasi bir qadam ekanligini eslab qo‘ydi. Ichidagi bu gapni tiliga chiqargisi kelmadi.
– Oltmish yettiga kirdim. Ikki marta uylandim, farzand ko‘rmadim. Yerim, molim behisob. Tog‘ orasida jannat yaratdim. Xotinim ham yetim, hech kimi yo‘q. Duppa-durust edi, men yo‘g‘imda biror og‘ir narsa ko‘targanmi, bilmadim, ikki kunda mazasi qochib qoldi. Yeru ko‘kka ishonmasdim, asragan ko‘zga cho‘p tushadi, deganlari shu bo‘lsa kerak-da. Ha, mayli, endi hammasi ortda qoldi. Xudoga bir qilig‘im yoqdi, shekilli. Ammo qo‘lingiz dard ko‘rmasin, do‘x­tir, nasib etsa, shu o‘g‘ilchaning to‘yiga aytaman, kelasiz, oyog‘ingiz ostiga qo‘y so‘yaman.
Qisqa tamaddidan so‘ng ular cholni ergashtirib yana shifoxonaga kelishdi.
Xayriyat, bemorning ahvoli ancha tuzuk edi. Hatto bolasini emizibdi.
Mashina Samarqandga qarab yo‘l olganida soat millari tungi uchni ko‘rsatar, tashqarida esa qor bo‘ralab yog‘ardi. Akmal yo‘ldayoq uyiga kirib borishini tasavvur eta boshladi. Ishqilib, xotini xafa bo‘lmasin-da.
Akmal yo‘lda uxlagani boismi, darvoza oldida mashinadan tushgach, o‘zini tetik sezdi. Ichkarida jim jitlik, hamma shirin uyquda. U oyoq uchida yurib, kiyimlarini almashtirdi, keyin sekin oshxonaga o‘tdi. Uydagilarni bezovta qilmaslik uchun sham yoqdi. Bezatilgan dasturxon ko‘ziga shunday chiroyli ko‘rindiki… Ko‘p taomlarga qo‘l ham tekkizilmagan, rosa kutishibdi-da, deya o‘yladi u. Ikkita qadahga esa shampan vinosi quyilganicha turibdi. U miyig‘ida kulib qo‘ydi, so‘ng qadahni qo‘liga olib o‘zicha qadah so‘zi aytdi:
– Ishqilib, onaning ham, bolaning ham umri uzun bo‘lsin!
– Ie, qachondan beri o‘zingizga o‘zingiz gapiradigan bo‘lib qoldingiz, dadasi?!
– Voy, Shohista, uyg‘oqmidingiz, uzr.
– Sizsiz ko‘zga uyqu keladimi axir?
– Yangi yil muborak!
– Sizga ham!
U xotinini mehr bilan bag‘riga oldi. Shohista ko‘ziga har doimgidan ham latofatli, nazokatli, suluv ko‘rindi.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 9-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.