OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Ismsiz qahramon haqida hikoya

Bu hikoya tarixda ajdodlarimiz sanalmish ko‘hna xun xalqining bir ismsiz bir qahramoni haqida.
 
To‘rtinchi asrning boshida, ot yilida xanzu sulolasining askarlari va xunlar* yana to‘qnashdilar. Bunga xanzularning** xun yerlariga o‘qtin-o‘qtin hujum qilganlari va cho‘ponlarning ba’zilarini o‘ldirib, mol-holini talon qilganlari sabab bo‘ldi. Bu maxalda xun hoqonligi qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazmokda edi. Askar zaif, otlar och edi. Boisi – qishning g‘oyatda sovuq va yog‘inli kelgani, to‘plangan oziqning bahorga yetmay tugagani edi. Shimoliy chegarada notinchliklarning zo‘raygani bois, xunlar hoqoni u yerga qo‘shin yubordi, ortidan o‘zi ham yetib bordi.
 
Olti kun davom etgan jang natija bermadi, loy va balchiq jangni og‘irlashtirdi. Ustiga ustak, xanzular son jihatdan xunlardan anchagina ko‘p edi, askariy tayyorgarlikda ham xunlardan qolishmasdi. Faqat, xunlarda jang xissi kuchli edi, bir xun askari hayqirganida o‘nlab xanzuning yuragida qo‘rquv uyg‘otar, sarosimaga solardi. Xanzular bilan bir urug‘dan bulgan Chin hoqonligi savdo va tijoratni tobora kengaytirib, kuchayib bormoqda, xanzular o‘zlariga ko‘ra kam sonli xunlardan ana shu jangovarliklari tufayligina hayiqib turishardi.
 
Jangning oltinchi kuni ertalabdan yana yomg‘ir quydi. Shusiz ham balchiqqa aylangan tevarak beshbattar suvga bo‘kdi. Askarning chodirlaridan chakka o‘tgan, yotar po‘staklari ho‘l edi.
 
Namgarchilik tufayli xanzu qo‘shini tomonda harakat sezilmayotgandi. Bir necha xun askari ot choptirib xanzular qo‘shinining oldingi safigacha borib qaytib kelishdi, lekin xanzular bunga javoban hech nima qilishmadi.
 
Buni ko‘rgan xun askari kular va «Yomg‘irni o‘q deb o‘yladingizmi, hali haqiqiy yomg‘irni endi ko‘rasiz» deb qichqirar edi. Xanzular bunga javoban ham jim edilar.
 
Tushdan so‘ng siyrak tuman orasidan sarg‘imtir dog‘day bulib quyosh ko‘rindi. Askar tushlik qilib bo‘lgan edi. Yaylovda bir necha xanzu askari ko‘rindi. Ular yaltir-yultir matolardan kiyim kiygan, o‘zlariga shu qadar oro bergan edilarki, xun askari o‘rtasida yana kulgi ko‘tarildi.
 
Xanzular askarga yaqinroq kelishga yuraklari betlamay, o‘q yetadigan masofadan biroz uzoqroqda turib qolishdi. Bir nimalar deb baqirishar, ammo nimalar deyishayotganini tushunib bo‘lmasdi. Qo‘shinning ichkari qismidan ularning tilini biladigan birini topib kelishdi. U jimib qolgan xanzularga qarab bir nima deb qichqirdi, xanzular ham unga javob qaytarishdi.
 
- Bugun urishmaymiz deyishyapti, - dedi tilmoch.
 
- Ol-a! Onalari qorinlarini to‘ydirib, yaxshilab uxlab olganlaridan keyin yozda, salqingina bir joyda urishishga ko‘nisharmikin ? – deb kulishdi xunlar.
 
- Bu namgarchilikda urishishdan naf yo‘q, siz bir pahlavoningizni, biz bir pahlavonimizni o‘rtaga chiqaraylik, shular urishishsin. Qaysi tomon yengsa, o‘sha tomon jangni qozongan hisoblanadi, deyishyapti.
 
- Obbo, ayyorligini qara-ya! Shunaqa yo‘lga o‘tishiptimi endi? O‘zi, necha bahodiri bor ekan ularni? – deyishdi xunlar. – Ayt, bizdan eng ushoq askar chiqadi, ular bo‘lsa eng ishongan bahodirlarini opkelishsin.
 
Tilmoch bu gaplarni xanzularga ularning tilida yetkazdi, ular o‘zaro bijir- bijir qilishib biroz turishdi-da, ortga qaytib ketishdi, keyin o‘ttiz chog‘li bo‘lib qaytib kelishdi. Oralarida bo‘yi ikki metr keladigan semiz bir xanzu ham bor edi. Ana o‘sha bahaybat xanzu choponini yechib, oldinga chiqdi-da, bir nimalar deb baqirdi.
 
- Shu oshqovoq ularning eng ishongan bahodirimikin? – deb kulishdi xunlar. – Qani, kim chiqadi xanzuga?
 
Hamma guvv etib o‘rnidan turib ketdi. Hammaning xanzu pahlavonini yenggisi kelardi.
 
- Men chiqaman! – degan qichqiriq eshitildi. Qichqirgan – qotma jussali, askar orasida Mitti deb laqab olgan yigit edi. Uning ismini birov bilmas, hamma Mitti deb chaqirar, aytishlaricha, hech kimi yo‘q, yaqinlarining suruvini xanzular talab o‘ldirib ketgach, askarga o‘z ixtiyori bilan qo‘shilgan bir bo‘zbola edi.
- Yo‘q, sen hali kichkinasan, - deyishdi askarlar unga. – Yaxshisi, Erboy bahodir boraqolsin.
 
Ko‘plab janglarda chiniqqan, peshanasida va iyagida chandig‘i bor Erboy bahodir o‘rnidan qo‘zg‘alib, «men uni bir qo‘lim bilan yer tishlataman» dedi iljayib.
 
Lekin Mitti sakrab otiga mindi-da, xanzu bahodiri kutib turgan tomonga qarab niqtadi. Mittining oti baquvvat emas edi, loyda toyg‘onib-toyg‘onib yo‘rtib borardi.
 
 - To‘xta, orqangga qayt! – deb baqirishdi qolganlar, ammo bo‘lar ish bo‘lgan, agar Mitti ortga qaytsa, butun qo‘shin sharmanda bo‘lardi.
 
Mana, xanzu bahodiri bilan Mitti otdan tushdilar. Maydon o‘rtasida bir-birlariga baqamti keldilar.
 
Jang boshlandi.
 
Xanzu sermab qilich solar, lekin Mitti epchillik bilan chap berar, javoban paydar-pay hamla qilardi. Hozircha xanzuning sovuti Mittining yengil qilichining zarbalarini o‘tkazmayotgan edi. Ikki metrlik bahaybat xanzu yarashmagan va beso‘naqay harakatlar bilan uni jarohatlashga urinardi.
 
Keyingi galdagi kuchli zarba Mittining yelkasini kesib o‘tdi. Mitti bukchayib qoldi-da, ortiga tisarildi. Xun askari guvillab bir chayqalib oldi, xanzular shodlanib qiy-chuv qildilar.
 
Yerga egilib kolgan Mitti birdaniga jonlandi. Qaddini rostladi-da, shiddat bilan raqibiga tashlandi. Kutilmaganda u oldingidan ham kuchliroq hujum qila boshladi.
 
Allaqanday tushunarsiz bir hodisa ro‘y bermoqda edi. Yaralangan askar holsizlanib yiqilishning o‘rniga battar kuchga to‘lib ketgandi. Bundan esankiragan xanzu ortiga tisarildi, ketma-ket yana zarb yedi. Keyingi zarba uning bo‘g‘ziga sanchildi, semiz xanzu yerga, balchiqqa beo‘xshov ag‘darilib tushdi.
 
Keyin esa yana kutilmagan hodisa sodir bo‘ldi. Mitti sal naridagi xanzuning uchqur otiga sakrab mindi-da, xanzular tomonga yelib ketdi. Xash- pash deguncha yetib borib, birinchi xanzuga qilich soldi, qolganlari shosha-pisha chekinib, kamondan mo‘ljalsiz o‘q uza boshladilar, ularning bir nechtasi Mittining yelkasiga, beliga sanchilib qoldi, lekin bu o‘qlar Mittiga ari chaqqanchalik ta’sir qilmaganga o‘xshardi, u quyundek bo‘lib xanzu askarlarining bir nechasini ag‘dardi, qolganlari esa pala- partish qocha boshladilar.
 
Xun askari guvillab o‘rnidan qo‘zg‘aldi, xuddi Amu kabi shiddat bilan, selday bo‘lib xanzu ustiga oqdi.
 
Mittining bu botirligi xunlarning qonini jo‘shtirib yuborgan edi. Ular xanzular ustiga dovul kabi bostirib bordilar. Arava va chodirlarda oziq- ovqat va qurollarini qoldirib, xanzu askari ortiga qochdi. Qizishib ketgan xun askari ularni to yigirma chaqirim masofagacha quvib bordi. Undan u yogi o‘ngir edi, ba’zi xanzular qo‘rqqanidan va balki omon qolarmiz degan umid bilan jarlikka sakrab, parcha-parcha bo‘ldi. Qolganlarini xunlar qirib tashladilar, ba’zilarini asir oldilar.
 
Shu tariqa, hech kutilmaganda xun askari xanzu ustidan g‘alaba qozondi. Xanzu sharmandalarcha yengildi.
 
* * *
 
G‘olib askar qarorgohga qaytganida, hoqonning avzoyi buzuq edi. Uning yonidan chiqqan Lashkarboshi xunlarni safga tizdi-da, shunday dedi:
 
- Eshit, ey Xun o‘g‘illari! Buyruqsiz hamlaga o‘tganing va qarorgohni tashlab ketganing uchun har biringga o‘n qamchidan jazo! Lekin g‘alaba bilan qaytganing uchun har biringga o‘ljangdan tashqari, o‘n oltin va bittadan ot mukofot!
 
Askar bosh egdi. Bu xalqda hoqonning so‘zi so‘z edi. Mazkur jazoning adolatli ekaniga esa hech shubha yo‘q edi.
 
- Endi qahramonning jasadini qarorgohga olib keling! – deb buyruq berdi Lashkarboshi.
 
Uning zarblardan va o‘qlardan sog‘ joyi qolmagan jasadini to‘rt kishi ko‘tarib keldi. Yangi unib chiqayotgan maysalar loy-balchiqqa qorishgan, erta bahorda ko‘pchigan yerga – ona yurt tuprog‘iga qo‘shin bayrog‘ini yoydilar va uning ustiga avaylab yotqizdilar.
 
Beklar bilan yetib kelgan hoqon, bayroq ustida yotgan askarni ko‘rib, otidan tushdi.
 
Tevarakdagilar jim, askar o‘z hoqonidan ko‘z uzmas edi.
 
- Bu qahramon askarning oilasidan, bola-chaqasidan xabar oling va ularni saroyga keltiring, - dedi hoqon.
 
- Uning oilasi ham, bola-chaqasi ham yo‘q, hoqonim, - dedi xunlarning lashkarboshisi. – Hali uylanmagan bo‘z yigit edi.
 
- Unda ota-onasidan xabar oling, xazinadan ulush tayin qiling.
 
- Uning ota-onasi ham yo‘q, hoqonim, - dedi Lashkarboshi. – U yetim edi.
 
- Ismi nima ekan bu mard o‘g‘lonning? – dedi hoqon, hayron bo‘lib.
 
- Uning ismi ham yo‘q, hoqonim - dedi Lashkarboshi. – Askarlar uni Mitti deb chaqirishardi. Uning uy-joyi ham yo‘q. Xanzu bosqin qildi degan gapni eshitib, mol-holini sotib, yarog‘ va ot olib qo‘shinga qo‘shilgan ekan. Bu dunyoda uning hech kimi yo‘q, hoqonim. Na uy- joyi, na mol-joni, na oilasi, na yaqinlari…
 
Hoqon jim koldi. U, badani jarohatlarga to‘la bu Vatan o‘g‘lini qanday taqdirlashni bilmay ikkilanayotgan edi. So‘ng egilib, xuddi ona bag‘rida yotganday sokin va orom og‘ushidagi bu askarning peshanasidan o‘pdi hamda qilichini chiqarib, uning ko‘ksiga qo‘ydi.
 
Shu yerdagi baxshi xunlarning eng qadim marsiyasini aytib turdi, dovullar g‘alaba qozonilgan mahaldagiday gumburladi, askar ana shu ko‘hna sado ostida ko‘mildi tuproqqa.
 
Uning qabrining ustiga qo‘shin bayrog‘ini tikib qo‘ydilar. Bayroq ko‘p yillar davomida, qishning sovuqlariyu bahoriy yomg‘irlarda, yozning saratonlaridayu kuzning izg‘irinlarida ham Vatan uchun jonini fido etgan bu o‘g‘lonning qabri uzra hilpirab turdi.
 
______________
* Xunlar – bugungi turkiy xalqlarning qadimiy ajdodlari.
** Xanzular – Tiyonshon etaklarida yashagan va xunlar bilan uzoq yillar davomida urush qilib kelgan qabila nomi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.