OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Og‘riq tog‘i (hikoya)

“...U tog‘ taraflarga borishni ancha yillardan beri orzulagan bo‘lsam-da, shu mahalgacha sira nasib qilmagan edi. Qaerlardadir, janubi-sharqda ekanini bilardim. Tabiiyki, ko‘rinishi, nabototi va unda o‘sadigan dov-daraxt haqida sira tasavvurim yo‘q, bilganim – o‘zimizning azaliy viqor to‘kib turadigan Tiyonshon, Chotqolu Oloy, ulardagi qadrdon targ‘il-jigarrang qo‘ng‘ir toshlaru o‘zimiz bilgan oddiy o‘t-o‘lanlar. O‘zimning tog‘larim xudoyimning qudratidan darak berib yuksalishgan. Samarqandda Langar tog‘lari bor, Qarshida Siyom... Bular bolaligimdan beri eshitib-ko‘nikib kelganim atamalar.
Lekin shu – O g‘ r i q t o g‘ i, o‘zi emas, nomi anchadan beri sira tinchlik bermay kelardi. Nima uchun aynan O g‘ r i q t o g‘ i deb nomlangan ekan deb o‘ylar edim.
Mana, sayohat qilib yurganim shu tomonlardagi tog‘larning nomlari ham qiziq ekan. Masalan, Namrud tog‘i bormish. Bag‘rida bironta giyoh o‘smas, har tarafi qup-quruq qoramtir toshlar, xarsanglar va qoyalarmish. Yomg‘iru jalalarda sellarga to‘siq bo‘ladigan va quyosh qizdirganida chirsillab-chatnab yoriladigan u toshlar aro o‘t-o‘lan o‘smasligi har holda yoqimsiz manzara bo‘lsa kerak. Namrud – Muso payg‘ambar zamonida yashab o‘tgan shakkok hukmdor, tog‘ning uning ismi bilan atalishiyu bag‘rida hech nima unmasligida balki bir hikmat bo‘lsa kerak deb xayol qildim.
Og‘riq tog‘ining ustida kuylangan bir qo‘shiq ham bor.
Og‘riq tog‘in ustinda
Urdilar mani...
Og‘riq tog‘i bepoyon, ustma-ust qalashib ketgan qoramtir-qizg‘ish, taram-taram qoyalardan boshlanar ekan. Archalar va sarvlar oz, tog‘ etaklarida shu atrofdagi qishloqlarning bolakaylari qo‘y-sigirlarini o‘tlatib yurishibdi. Narida qirlar boshlanibdi, ularni shu yerning kishilari bo‘zqir deyishar ekan. Tandirlarida yopgan nonlari o‘zimizning nonlarimizning xuddi o‘zi, tandir tikkamasiga emas, yotqizib qurilgan, juvayu chekichlari ham xuddi o‘zimizniki.
Bir oz mulohaza qilib ko‘rgach, bu tog‘ shuurimga nimalarnidir shivirlab ogohlantirayotganini, nimalarnidir uqtirmoqchi ekanini seza boshladim.
Esimga vodiyga ketaverishda, Qamchiq dovonining boshlanishida o‘sayotgan yosh tog‘ ham keldi.
Dovonga ko‘tarilishda, o‘ng tarafda katta ko‘l o‘rtasidan haqiqatan ham kattagina qoya bo‘y cho‘zib chiqqan. Har narsaning chaqalog‘i xush va aziz bo‘lgani kabi, u ham ko‘zimga yosh va sarkash bo‘lib ko‘rinadi. Har o‘tganimda e’tibor berib qarayman. Ba’zan ulovni to‘xtatib, qayiqmi bir nima topib o‘sha qoyaga yaqin borgim keladi. Ustida qushlar in quribdi. Balki giyohlar ham o‘sgandir? Axir, shamol turli urug‘larni havoda uchirib har tarafga yoyadi-ku?
Xullaski, har o‘tganimda o‘sha yosh toqqa tikilib-tikilib qarayman. Ko‘l yuzasi sokin-osoyishta jimirlaydi. Och-yashil to‘lqinlar mayda ko‘piklar hosil qiladi, shabada ularni sohil tomon suradi. Yo‘l yoqasida mayda-chuyda bolalar o‘ralashishadi. Yosh tog‘ning qoyalari hali och-qizg‘imtir, toshlari uncha qotmagan, kuchu qudrat sezilmaydi shaklu shamoyilida. Haqiqatan ham ustida bir-ikki o‘t o‘sibdi, yomg‘irlar mavsumi tugagani uchun sarg‘ayib ham ulguribdi. Qurigan gullari shabadada chayqaladi. Uch-to‘rtta ko‘l qushi ustida chag‘illab aylanishadi, tuxum qo‘yib bola ochgan bo‘lsa ehtimol. Chag‘alaylar agar xatar bo‘lmasa shundoqqina toshlar ustiga in qurib, tuxum qo‘yishadi. Xatar bor-yo‘qligini qaydan sezishganiga aql shoshadi...
Lekin, ko‘nglimda quvonch uyg‘otgan u yosh tog‘ o‘z yurtimda, bu yerdan juda uzoqda. Men esa hozir o‘sha, o‘zim nomiga qiziqqan O g‘ r i q t o g‘ i n i n g qarshisidaman.
Ilk qoyalar tarafga shoshilmay chiqib borarkanman, katta bir tosh uzra kimningdir kaftining izlarini ko‘rdim. Iz shu qadar aniq ediki, kaft chiziqlarigacha ko‘rinib turar edi.
Ho‘v pastda suruvlar yoyilgan, o‘sha yoqdan bolalarning ingichka ovozlari, qiyqirishlari quloqqa chalinadi, shabada sochlarimni yulqilaydi... lop etib xayolimga bolalik uyimning devorlaridagi kaft izlari – otamning qo‘lining aziz izlari keldi!
Otam... Otam ham tog‘day kelbatli bir kishi edi-ya!
Kichkina bolakay bo‘lganim uchun ko‘zimga benihoya ulkan bo‘lib ko‘rinardi. Pastdan tepaga boshimni burib qaraganlarim, ulkan, qudratli qo‘llari esimda. Suyangan tog‘im degan bir gap bor-ku. Odam nega suyanchig‘im deydi? Tabiiyki, horib-charchab majoli qolmaganida yoki kasallanganida suyanadi biron narsaga. Tog‘im deyishining sababi tog‘ning benihoya haybatli va mustahkam ekanida.
Men otamning kelbatiga havaslanib termilar va oyoqlarining ostida o‘ralashib yurar, u ulkan, qudratli qo‘llardan taralayotgan quch va quvvat goho cho‘chitar ham edi.
Og‘riq tog‘ining tikanlari oyog‘imga kirdi. Bir yerda toshga qoqinib yiqildim, boldirim qattiq og‘ridi, qarasam, sal o‘tmay qizarib, shishib chiqibdi.
Xiyol narida, jarlik labida qanaqadir yolg‘iz buta o‘sgan ekan. Jar tomonga qarab egilib qolibdi. Qip-qizil ildizlari toshlar orasidan ko‘rinib turibdi. Shoxlari nosrang, barglari kulrang-oqimtir, qattiq, kichkina tikanchalari ham bor. Yaqinroq borib qaradim, jiydami? Iya, jiyda ekan-ku?
Lop etib esimga ammam keldi. Barvasta gavdali, shaddodgina u xotindan ham jiyda isi kelmasmidi?
Qanday ayol edi-ya! Kulganida kulgisi ancha joygacha yangrab ketardi, mehri otash, ko‘zlari kulib-kulib turardi. Urush vaqtida qishloqda erkak qolmaganida, uni qirqdan oshgan, uchta bolasi bor bir kishiga nikohlab berishgan, yana yettita bola ko‘rgan edi. Juda qiyin va zahmatli bir umrni boshidan kechirdi. Men talabaligimda kasal yotganlari esimda. Bir kuni olamdan o‘tganini aytdi otam. Tog‘ kelbatli otam o‘shanda bukchayib qolganday edi. Axir, bittayu bitta opasi-ku?! Opa qanaqa bo‘lishini bilmayman, o‘zimning opam ham, akam ham yo‘q, bu dunyoda go‘yo hech kimim yo‘q, yolg‘izdayman. Lekin, otamni urishganlari esimda. Kap-katta otam bo‘ynini bukib unga quloq solar, sira e’tiroz bildirmas edi. Mana, opasiz qoldi. Qani u? Qani kulishlari, qoshlarini chimirib-chimirib koyishlari qani?
Og‘riq tog‘ining shamoli juda uzoqlarda qolgan bir qo‘shiqni olib kelib qulog‘imga urardi:
Og‘riq tog‘in ustinda
Urdilar mani...
Hayotimda g‘ussa-qayg‘uni yoqtiravermayman. Lekin bu g‘alati, yorug‘ g‘ussa edi, yuragimga malham berar, yupatar, allalardi. Qalbimning o‘zgarayotganini, yaxshilikka va mehrga to‘lib borayotganini his qila-qila odimlar edim.
Saldan keyin sharqirab oqayotgan bir jilg‘a ko‘rindi. Ichidagi va tegrasidagi qora qizg‘ish jigarrang, oq va targ‘il toshchalarni bir-biriga urib, sharqirab oqar edi.
Tiniq suvidan ichgim keldi, kaftimga oldimu icha olmadim, judayam muzday ekan. Yuksak cho‘qqilardagi qoru muzlarning erishidan hosil bo‘lganmikin, deb o‘yladim.
Og‘riq tog‘i baland, purviqor, cho‘qqilari ko‘p, qarshimda nafasimni to‘sib-hayiqtirib, jim turibdi.
Metin qoyalarining qiyofasi ham har xil. Palaxsa-palaxsa bo‘lib yuksalganlari ham bor. Ba’zilari qattiq, yaxlit toshqoya. Yana ba’zilari quyulib qotgan kabi ko‘rinadi. Ranglari ham turlicha. Palaxsa qoyalarning uvalangan joylarida mayda chechaklar o‘sgan, toshqoyalar va quyma qoyalar qoshida hech nima bo‘y cho‘zmabdi. Oralarida, toshlarning uvalanishidan hosil bo‘lgan qo‘ng‘ir tuproq ustida archalar qad rostlabdi. O‘tlar chunon gurkirab o‘sibdiki, aql shoshadi.
Ilk tizma uchiga chiqib borib, qatorlashib turgan yosh qoyalarni ko‘rganimda esa, ko‘zimdan yosh tirqirab ketdi.
Yosh tevarakni halqalantirib-buzib ko‘rsatdi.
Voh, axir, bir-birimizning qo‘llarimizdan ushlab shamolday yelar, o‘yinga to‘ymas edik-ku? Tutqatorlar ostidagi ulkan soyalarda bekinmachoq o‘ynamasmidik? Bepoyon na’matakzorlar aro yashirinib olganimizda bizlarni hech kim topolmasdi, faqat bir-birimiznigina topar... umrning ulkan soyalari aro allaqachon bir-birimizni topgan va qo‘l ushlashib, o‘smirona mag‘rurlik ila kelajak sari yo‘lga ham chiqqan edik!
Yodimga do‘stlarimning bugungi qiyofasi keldi. Ba’zilari hozir safimizda yo‘q, borlari ham mana shu tog‘ kabi yuksalgan, bag‘irlari, yuzlari shu tog‘ kabi tilinib, ajin tushgan, hayotimning tilingan, keksaygan, viqorli tog‘lari kabi, dunyoning muvozanatini jim va sassiz saqlab turishganday...
Hayhot, bu tog‘ bilan mening yaqinlarim o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?
Yosh qoyalarning rangi och, toshchalari mayda, bag‘rida o‘sgan o‘t-o‘lan siyrak edi. Ular uzra ham qushlar in quribdi. Tavba, ba’zilarining bag‘ri palaxsa, ba’zisi taram-taram. Tegra sokin-osoyishta. Ha, qoyalar so‘zlamaydilar. So‘zlasalar ham biz eshita olmaymiz. Lekin tilga kirsalar, hozirning o‘zida u og‘riqqa chidolmasligim aniq. Axir, so‘zlamoqdalar-ku? Yuragimning ichida paydo bo‘layotgan hislar shu qoyalarning xitoblari tufayli emasmi?
Yana bir joyda g‘uj qoyalarni ham ko‘rdim. Oltita yoki yettita qoya tog‘ bag‘ridan ajralib chiqib, o‘zaro g‘uj bo‘lib olishibdi. Ular ham metin-mustahkam, ammo ustlari tilinib-tilinib ketgan, ba’zi yerlari chatnagan.
Shabada quloqqa nimalarnidir olib kelib urardi.
Shunda bu tog‘ni nima uchun Og‘riq tog‘i deb atalishini tushundim! Axir, mening ham bolalarim ulg‘ayib, quvvatga to‘lib kelmoqdalar-ku? Har holda, ko‘zlariga tog‘day kelbatli, purviqor, cho‘ng va azim bo‘lib ko‘rinsam ehtimol. Ichimda ne og‘riqlarim borligidan xabarlari yo‘q, albatta. Istashganida ham aytarmidim ularga? Lekin, mening qoyalarim ham yashinlarda tilingan, jaziramalarda yorilib-yorilib ketgan, jala va shamollarda chatnagan. Mening cho‘qqilarim ham uvalanib-uvalanib to‘kilmoqdalar.
Ba’zi qoyalarga kimdir o‘z ismini o‘yib yozibdi. Bu orada juda eski bitiklarni ham ko‘rdim, vaqt o‘tishi bilan u bitiklar xiralashib, tushunarsiz holga kelibdi. Qachonlardir kimlardir mening ham bag‘rimga o‘z ismlarini tig‘ bilan o‘yib-o‘yib yozgan, u ismlar vaqt o‘tishi bilan xiralashib ketgan bo‘lsa-da, hanuz bor. Yana, bir mahallar... qaylardadir, juda olislarda... ko‘zlari kulib-kulib turadigan qiyiq ko‘zli bir qiz bo‘lardi, u ham o‘z ismini bag‘rimga aynan shunday, ammo xino suvi bilan yozgan edi. Tavba, rangi sira o‘chmas ekan! Zotan, xinoning emas, xino gulining suvi bilan yozilmaganmidi? Ajab, bu oradan xino gulining ham islari kelayotirmi?
Xino guli shokila-shokila, qo‘bizli bo‘ladi. Barmog‘ingizni tegizsangiz, shirr etib himoya po‘stlog‘i ochiladi-da, urug‘larini tevarakka sochib yuboradi. Shunda o‘tkir isi anqib ketadi.
Darhaqiqat, sal narida qatorlashib, betartib o‘sib yotgan xino gullarini ham ko‘rdim. Bir yerda bunchalar g‘uj bo‘lib o‘sganining sababi urug‘larini shu atrofiga sochganida bo‘lsa kerak deb o‘yladim.
Endi tamomila o‘z hayotimning armonlariga va xotiralariga g‘arq bo‘la-bo‘la odimlar va tabiiyki, Og‘riq tog‘ining avvalgi ma’nolari yo‘qolib ketgan edi.
Yaqinlarim, qavmu qarindoshlarim, do‘stlarim, birodarlarimning yodi yuksalar edi bu notanish tog‘ bag‘rida. Barining chehrasi mayin, barining yodi yog‘duli, menga muloyim qarab turishganday va men ham ular sari qadam tashlab borarkanman, mana shu Og‘riq tog‘ining eng ustiga chiqqanimda, ulkan bir ma’nidan xabar topadigandek, shuncha yillar bo‘ynim bukik, zahmatlar va mehnatlar aro o‘tgan umrimga mazmun kiradigandek... hayotlarini men kabi yashab o‘tgan qavmdoshlarim sari yetaklayotgan shu hislar ko‘zlarimdan tirqiratib yosh chiqarar va u yoshlar tevarakni ko‘zimga hanuz buzib, halqalantirib ko‘rsatar edi.
Lekin, charchadim-ku? Eng baland cho‘qqiga chiqqani madorim yo‘q. U yerning shamoli anchayin kuchli, g‘uvillab esishlarini hozir, shu yerdan ham eshitib turgandayman. U yerning izg‘irinigayu sovug‘iga bardoshim yetmasligini hozirdan sezayotirman.
Eng tepa cho‘qqilarda – izg‘irin shamollar, qalin va top-toza oppoq qorlar, abadiy ko‘k muzliklar makonida... yolg‘iz o‘zim, nima ham qilardim?
“Yaqinlaringni sev va qadriga yet! – deya hayqirar edi Og‘riq tog‘ining shamoli endi, boshim uzra haybat solib esarkan. – Hatto eng ulkan tog‘lar ham uvalanishga va cho‘kishga mahkum ekanini, eng baland cho‘qqilar to‘zonga aylanib yer uzra sochilib ketishini va ustida o‘t-o‘lan o‘sib, gul-chechak yozishini zinhor yodingdan chiqarma!”
Siyrak tuman aro elas-elas ko‘zga tashlanayotgan vodiylar, o‘tloqlar, qishloqlar ko‘zimga hozir, mana shu yerda juda-juda istayotganim insoniy mehrning, insoniy taftning uzoqlarda qolib ketgan timsoliday bo‘lib ko‘rinar va pastga qarab oshig‘ich chopgim, bu g‘alati tog‘ cho‘qqisini tezroq tark etgim, horib-charchab bo‘lsa-da, bir amallab ota uyimga qaytgim va yaqinlarimning diydoriga juda-juda to‘ygim kelar edi...”
* * *
Nihoyat, Ota horib-charchab safardan qaytganida, hammani mehr bilan bag‘riga bosishini, ko‘zlari yoshlanganini ko‘rib, bolalari o‘zlaricha kulib qo‘yishdi: odamning yoshi o‘tgach, ko‘ngli mana shunaqa yumshab qolar ekan-da? Qaranglar otamizni, yaqindagina dunyoni enlab turgan bir tog‘day emasmidi? Hozir anchayin cho‘kib qolganday, hammaga javdirab qarayotganday. Tavba, shiddati, qudrati qani?
Qizlari esa bag‘riga musichaday kirib, biroz ko‘zyoshi ham qilib olishdi.
Hamma bir-biri bilan ko‘rishib, nihoyat, dasturxonga o‘tirishganida, katta o‘g‘il kulimsirab, do‘rillagan ovozda so‘radi:
– Xo‘sh, ota, qaerlarni kezdingiz? Bir tog‘ haqida ham gapirgan edingiz, qanaqa ekan u tog‘?
Ota o‘g‘liga qaradi, shunda Og‘riq tog‘ida ko‘rgan manzaralari xayolidan bir qalqib o‘tdi. Aytsammikin deb o‘yladi... Yo‘q, vaqti-soati yetganida o‘zi bilib olar dedi-da, muloyim ohangda javob qildi:
– Aytishga arzirli hech narsasi yo‘q. Oddiygina bir tog‘ ekan, bolam...
2013

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.