OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isomiddin Po‘latov. Chol (hikoya)

Qashshoqlikka toqatim yo‘q. Qashshoq odamni ko‘rsam ichim ezilib ketadi. Yordam bersam deyman-u bunga qurbim yetishiga shubham bor. Avvaliga, birda yarim nochor odamlarning suhbatini tinglab, ta’sirlanib ham ko‘rdim. Qarasam, olchoqqa, safsatabozga aylanib qolayotgandekman. Axir o‘ylang, suhbatdoshingiz bor dardini aytib bersa-yu siz unga qarab, «e, taqdir-da jo‘ra» deb qo‘ya qolsangiz, bo‘lmaydi-da.
Aslida qashshoq odam, deb kimni aytamiz? Yeyarga noni yo‘q, boshpanasiz, kimsasiz odamnimi? Bir qarashda shunday. Chunki jamiki moddiyatdan mosuvo odamning holiga achinmaslik noinsoflikday tuyuladi, kishiga.
Onam har xil pishiriq, shirinliklar sotardi. Men ham qo‘shilib, bozorga borardim. Ochig‘i, unchalik ham menga sotuvchilik yoqmasa-da, bozorni yaxshi ko‘rardim. Menga sotuvchi bo‘lishning yoqmagani – xaridordan pul olish. Unga maqtab-maqtab nasangizni o‘tkazasiz-u pul olasiz. O‘sha jarayonga sira toqatim yo‘q. Negadir, qizarib ketaveraman. Ayniqsa, biror qishloqdoshingiz yoki tanishingizga sotish juda qiyin. Xullas, sotuvchilikni o‘rgana boshladim. Bora-bora onam ham bunga ko‘nikdi chog‘i, meni har kuni ertalab uyg‘otib, o‘zi bilan ergashtirib ketardi.
Siz ham sotuvchilik qilgan bo‘lsangiz, bilasiz, ertadan kechgacha tik oyoqda turib savdo qilasiz-u xaridorning kamsitishi, narsangizni pisand qilmasligi, yerga urishi asabingizga tegadi. To‘g‘ri, har kasbning mashaqqati bo‘ladi, lekin sotuvchining mashaqqatida farq bor-da. Tasavvur qiling, o‘qituvchini o‘qitgani uchun maqtaysiz, rag‘batlantirasiz, ruhiy qo‘llab-quvvatlaysiz. Yoki shafyorga yalinasiz, xushomad qilasiz, iltimos qilib aytilgan joyga olib borishini so‘raysiz. Ammo sotuvchining na molini, na o‘zini maqtaydilar. Aksincha, qancha uning xizmatini yomonlasangiz shuncha foyda ko‘rasiz. Shuyam insofdanmi, axir?! Fikrimcha, o‘shanda sotuvchilik qilganimda qanchalik qiynalganimni tushuntira oldim, deb o‘ylayman.
Sotuvchilikning yana bitta ahamiyatli tomoni bor. Ya’ni, har besh minutda oldingizga kelib, «pora» olib ketadigan tilanchilar. Bunday «sharaf» na haydovchiga, na o‘qituvchiga berilgan. Tilanchi savdong bo‘layaptimi, yo‘qmi, so‘rab o‘tirmaydi. Shunday keladi-yu qo‘lini uzatadi. Qo‘rqasiz, uzatilgan qo‘lni quruq qaytarishga. Chunki Xudodan umidingiz bor. Balki shuyam yaxshidir, ba’zida bilib-bilmay tarozidan urib qo‘yasiz, ba’zida arzimagan molingizni yuqori bahoga sotasiz va hokazo. Savob ham kerak-ku odamga. Arzimagan chaqa bilan qashshoqlashib qolarmidingiz. Ha aytgancha, xayolparastlik ham evi bilan-da. Odam degan shunchalik «o‘tlab» ketadimi? Gapni qashshoqlar haqida boshlagandik-ku.
Bir kuni rastamizga bo‘yi uzun, ko‘zi ko‘k, ozg‘in odam yaqinlashdi. Boshida do‘ppisi bor. Eskirib ketganidan Shum bolaning do‘ppisiga o‘xshab, faqat tappi yopishgagina yaraydi. Egnidagi kostyumi yuvilaverib uniqib ketganidan asl rangi qorami, kulrangmi, bilib bo‘lmaydi. Uch-to‘rt joyiga chok tushgan bu kostyumning tugmalariga e’tibor qildim. To‘rtta tugmasi to‘rt xil rangdagi ipda qadalgan. Bir so‘z bilan aytganda, g‘aribona. 
U bizga bir-ikki qarab-qarab o‘tdi. Bu hol takrorlanaverdi. Men ham atay unga hech narsa berishni istamadim. Negadir, ko‘rinishi yoqmadi. U onam terib qo‘yayotgan bir-biridan shirin pishiriqlarga qarab, yutaqib qo‘yardi. Onaginam o‘z ishiga berilib ketganidanmi, tilanchi cholni payqamadi. Engashib shirinliklarni olayotganida chol o‘zini tanishdek tutib, onamning e’tiborini tortish uchun bizga qarab turdi. Endi chidolmayman. Jahlim chiqdi. «E, bor ket!» sensiradim otamdan katta odamni! Surbetlik ham evi bilan-da! Hali savdoyam qilmagan bo‘lsak…
Mening do‘q urganimni eshitgan onam boshini ko‘tardi. «Nima gap, bolam? Kimga bunday deyapsan?» Onam u yoq, bu yoqqa qaradi. Qarshimizda serrayib qolgan, biroz qizaringan boboyni ko‘rib, kimga baqirganimni angladi chog‘i, onam ham xijolatda qoldi. Izza bo‘lgan odamning holatiga tushib, menga shunday qattiq tikildiki, butun jasoratim-u shijoatimdan asar ham qolmadi. Onalar doim ham emas, gohida shunday qaraydilar va mana shu qarash ko‘p narsani hal qilib qo‘yadi. Bu qarashda onalik mehr-muhabbati, rahm-shafqat ko‘rinmaydi, aksincha, g‘azab, xavotir, yarim nafrat sezilib turadi. Bu nigoh yuragingizni-da teshib o‘tadi. Onamning mendan hafsalasi pir bo‘lib, cholga o‘girildi.
– Toshmurot bova, keling, keling, - dedi onam menga yana bir qo‘pol qarash qilib. – Kechirasiz-da, endi, bola-da bu, tanimagan. Uzr, sizni ko‘rmapman. Yaxshi yuribsizmi, qiynalmayapsizmi?  
– Yaxshiman kelin, rahmat! – deb g‘o‘ldirab qo‘ydi boboy. – Hishtima (hech narsa) qimaydi, mayli urishmang, jigitchani. Engashib boshimni silab qo‘ydi. Ochig‘i, qo‘lining kir va oriqligidan biroz g‘ijinsam-da boshimni tutib berdim. Onamdan qo‘rqib qolgandim.
Boboy yonimizdan ketarkan, onam bir qancha shirinlik va pishiriqlarni yelim xaltaga solib, qo‘liga tutqazdi. Chol qayta-qayta rahmat aytib, rastalar oralab ketdi.
Onam endi meni adabimni berib qo‘yishiga tayyor turib, ko‘ziga mo‘ltiradim. Aslida hech narsani tushunmagan bo‘lsam-da, o‘zimni tushunganday tutib, tanbehga roziligimni bildirdim. Rost-da, bu cholning kimligini qayoqdan bilibman? Onamning yotig‘i bilan tushuntirishlariga qaraganda, qishlog‘imiz chetida turadigan, hech kimi yo‘q, qarovsiz odam ekan. Qolaversa, o‘sha chol bobomning jo‘rasi bo‘lganini bilib oldim. Onam o‘sha kuni ko‘p yaxshi gaplarni qulog‘imga quyishga harakat qildi.
Bizni tark etgan cholni kuzatib turdim. U rastalar oralab orqa tomonga o‘tdi-yu bizdan olgan bo‘rsildoq pishiriqni yutoqib-yutoqib, chaynamay yuta boshladi. Kattakon og‘ziga pishiriqlar butunligicha siqib ketayotgandi. Unga hayrat va hayajon bilan qarab turganimni payqab qoldi-yu, menga qarab, kulib ko‘zini qisib qo‘ydi. Tezda yuzimni burib oldim. Qashshoqlikka toqatim yo‘q…

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.