Xizmat safari bilan poytaxtga borishga to‘g‘ri kelib qoldi. O‘zimga kerakli narsalarni oldim-u uch kunlik safarga otlandim. Manzilga tezroq yetib boraman, degan niyatda yengil mashinada ketmoqchi bo‘ldim. Chunki, «Neksiya»ni shamoldek yeldiradigan yigitlar kam emas-da. Ko‘z ochib yumguncha Toshkentda bo‘lasiz. Xudo asrasa bo‘lgani…
«Neksiya»ning old o‘rindig‘i, haydovchining yonida men tengi yigit, orqada to‘laroq ayol va o‘rtamizda ko‘hlikkina qiz yo‘lga tushdik.
Bir odatim bor, yangi joyga kirib borsam, avval o‘sha yerdagilarning yuz qiyofasini eslab qolishga harakat qilaman. Shundagina harakatlanishim, o‘zimni tutishim qulay bo‘ladi. Muomala ham tezda qovishadi. Qolaversa, ham suhbatdoshlar sanoqli, ham tiqilinch joyda, masalan, yengil mashinada bo‘lsangiz, zerikmay ketish uchun albatta, o‘zingizga sherik topishingiz kerak. Eng qizig‘i, ko‘pchilik bunday suhbatdoshdan ma’nan manfaatdor.
Ammo bu safarim, yo‘lga ketadigan ikki-uch soatlik vaqt ko‘ngildagidek o‘tishiga shubham bor edi. Chunki, men bilan gap sotishi mumkin bo‘lgan birgina yo‘lovchi, anavi – oldingi o‘rindiqda o‘tirib olgan, ko‘rinishidan mahmadona yigit bo‘lsa, u bilan gaplashib ketish noqulay. Ortga egilaverib, asabga tegishi mumkin. Undan ko‘pam bama’ni fikr chiqishiga umid yo‘q. Ko‘zi ko‘p olma terar ekan. Ozgina fursat ichida bir necha bor ortga qarab-qarab oldi. Haydovchini esa ko‘rinishidanoq faqat pul qiziqtirishi bilinib turibdi. Unaqalar odatda, sizni mashinasiga mindirgan bo‘lsayam, narxni kelishib qo‘ygan bo‘lsangiz ham hayotdan nolishni biladi. Go‘yoki u yashashdan nolisa, siz unga ko‘proq pul beradigandek. Lekin aksariyat holda ular maqsadiga yetishadi. Chunki, mashinadan tushayotganda, pulni to‘liq bermaslikka iymanasiz. Bir so‘z bilan aytganda, bu toifada ham ma’ni qahat. Qizning yonidagi to‘la ayol kasalmand shekilli, chuqur-chuqur nafas olib, o‘zini behuzur sezayapti. Shuning o‘ziyoq undan yoqimli suhbatdosh chiqmasligiga asos bo‘la oladi. Bunga uning o‘zida ham toqat yo‘q. Ammo qiz esa… bu boshqa masala!
U yoqimtoygina qiz edi. Buni uning yoniga kelib o‘tirganim hamono sezgandim. Chorak soat davomida ayolga qarash bahonasida qizni ham kuzatdim. Yoshi yigirmalardan oshgan, sochlari qop-qora, yelkasidan biroz pastroqqa tushib turibdi, ko‘zlari, lablari biroz tabassumga moyil, oppoq yuzi esa go‘daklarnikidek, g‘uborsiz, qaymoq rang koftasining yoqalari birozgina ochilgan edi. Uning yubkasi esa yuqoridagi mumtozlikni buzib turardi. Chunki, yubka tizzadan teparoqda ekan. Jin ursin! Mana shu uslubda – oddiy va ochiq kiyingan qizlar o‘ziga juda yuqori baho berishadi. Ular juda rasmiy bo‘ladi. Demak, suhbatingiz ham quruq kechadi. Undan ham yomoni, ko‘pchilik qizlarga nisbatan aqlliroq bo‘lishadi. Yaxshisi, safar davomida og‘zimga talqon solib, ko‘zimni yumib ketaveraman. Ishoning, men shunga qaror qildim. Hatto xayolga berilgan kishi qiyofasida, derazadan atrofni tomosha qilib keta boshladim.
Samarqand hududidan chiqdik. Ochig‘i, bu vaqt davomida zerikib ketdim. Odatda, soatlab hech kim bilan suhbatlashmasligim ham mumkin. Buni ko‘p bora sinaganman. Hatto tinchlik, sokinlik menga huzur bag‘ishlagan vaqtlaram bo‘lgan. Axir shovqinli XXI asr har doim ham kishiga yoqavermaydi-da.
– Toshkentgami? - o‘zim ham kutmagan holatda qizga gapirib yubordim. Shunaqayam beo‘xshov savol bo‘ladimi? Xo‘p, suhbatlashish niyating bor ekan, yarim soat ilgari gapirsang bo‘lardi-ku. Nega jim kelding? Qiz ham ichida kulib qo‘ygandir, «Sabring shunchaga yetdimi?» deb.
– Ha, Toshkentga, o‘zingizammi? - qiz ham kutilmaganda yaxshi javob qaytardi. Hatto menga xayrixohday tuyuldi. «O‘zingizammi» deb so‘radi-da u. Demak, aqlli qizlar bilan ham aqlsiz narsalar haqida bemalol gaplashib ketaverish mumkin ekan.
– O‘qiysizmi, ishlaysizmi? – endi dadil so‘radim.
– O‘qishni tamomlaganman, – dedi qiz. O‘qishni tugatgan bo‘lsa, men o‘ylaganimchalik yosh ham emas ekan.
Qiz o‘zini noqulay seza boshladi. Yubkasining etagini pastga torta boshladi. Lekin har qancha urinmasin, tizzasini yopmayotgandi. Yuzlari qizardi. Duduqlanib-duduqlanib gapira boshladi. Rostdan ham farosatli qiz ekan. Biroz oldin lozim bo‘lmagan joyga – uning tizzasiga beixtiyor ko‘zim tushgandi. Sezdi shekilli, nomus qildi. Axir bo‘lishi mumkin-ku, gohida hatto erkaklar ham o‘ziga yarashmagan kiyimni ko‘chaga kiyib chiqqandagina sezib qoladi. Afsuski, vaqt o‘tgan bo‘ladi. Kiyimingizni alishtirishning iloji bo‘lmaydi. Balki bu qizdayam shunday vaziyat bo‘lib qolgandir. Uyalayotgani bejiz bo‘lmasa kerak, albatta.
Yelib borayotgan mashinaning yarim ochiq derazasidan kirgan shamol qizning sochlarini to‘zg‘ita boshladi. Sochlar menga kelib urilganda, uning ifori yaqqol dimog‘imga kelib urdi. Chetdagi ayol qizni tobora siqib qo‘yayotgan shekilli, sohibjamol tobora menga surilib kelardi. Garchi bu holatdan u xijolat tortayotganini sezsam-da, bildirmadim. O‘zimni samimiy tutishga intildim.
Qiz bilan suhbatimiz samimiy odamlar haqida borardi. U samimiy, tanti, ochiqko‘ngil, tezda chiqishib ketadigan kishilarni yaxshi ko‘rar ekan. Birov bilan do‘stlashayotganda mana shu jihatlarga e’tibor berishini aytdi. Qiziq, men shu qiz bilan buncha bemalol suhbatlashaman, deb o‘ylamagandim. Qiz ba’zi soxta, anqov odamlar ustidan shunchalik kulardiki, bu holatni siz ham ko‘rsam, deysiz. Rostdan-da beg‘ubor kulgu!
Odatda men adabiyot mavzusida yaxshi suhbatlashaman. Falsafa, tarix, psixologiya ham yoqadi. Meni yanada hayratga solgani, qiz istalgan mavzudan xabardor ekan. U hatto men o‘qimagan kitoblarni ham sanab o‘tdi. Psixologiya haqidagi qarashlarini adabiyot bilan bog‘laganda ko‘plab obrazlar ruhiyatini tahlil qilganiga guvoh bo‘ldim. Ba’zi tanishlarim Lermontov, Pushkin hikoyalarini almisoqdan qolgan, soxta obrazlar deyishardi. Men esa aksincha, Pushkinning Dubrovskiysini, Lermontovning Pechorinini qattiq hurmat qilardim. Hatto ularga o‘xshagim kelardi. Tasodifni qarangki, qizga ham o‘shanday mard yigitlar yoqar ekan.
Sohibjamol mana shu gaplarni aytganda, oldingi o‘rindiqdagi mahmadona orqaga o‘girilib qaradi. Uning basharasiga ilgariroq nega e’tibor bermadim ekan, juda ma’nosiz edi. Iljayib qo‘ydi. U menga yoqmagan bo‘lsa-da, men ham tirjaydim. Taomil shunaqa. Nomard, qizgayam suqlanib qaradi. Bu bilan «men Pechorin» demoqchi bo‘ldimi, o‘zicha. «Toshingni ter, sohibjamol men bilan gaplashib ketayapti, demak, uloq menda», dedim ichimda. Qaytanga haydovchi tushungan odam ekan, jimgina ketayapti. Ayol esa yanada kengroq joyni olib, uyquni urayapti.
Toshkentga kirib keldik. Markaziy ko‘chalardan o‘tib borayapmiz. Biror soatda qorong‘i tushadi. Mashinadan tushishimizda telefonini so‘rasam, qanday bo‘larkan? Noto‘g‘ri tushunmasa bo‘ldi. Nega noto‘g‘ri tushunsin? Mening muomalamni yoqtirgani uchun suhbatlashib keldi-ku. Samimiyligimga ishonmasa, gapirmasdi-da. Bugun mehmonxonaga joylashsam, ertalarga telefon qilib, biror joyga taklif qilaman. Suhbatlashib o‘tiramiz. Yaxshi qiz ekan.
– Hozir nima qilasiz? – dabdurustdan oldingi o‘rindiqdagi sovuq bashara mendan so‘rab qoldi.
– Hech narsa… mehmonxonaga boraman, – dovdirab javob berdim.
– Aniqmi? – ko‘zini lo‘q qildi. Nima, bu meni ahmoq qilayaptimi? Yoki biror qallobmikan?
– Ha, aniq! – qo‘rslik bilan javob berdim.
– Siz nima qilmoqchisiz? – tomdan tarasha tushganday qizdan so‘radi. Ko‘nglim bir noxush narsani sezganday bo‘ldi. Badanimdan sovuq ter chiqib ketdi.
– Hech narsa, – qiz ham dangal javob berdi.
– Sizni birorta kafega taklif qilsam, borasizmi, maza qilib o‘tiramiz.
– Gap yo‘q!
Qiz shu gapni aytganda, «Neksiya» manzilga yetib kelgandi. Rostdan ham bir zumda yetib keldi. Qiz bilan yigit samimiy suhbatlashib ketishardi. Mening esa boshim qizib borardi.