Sizni sevib qolib, bo‘ldim aybdor,
Endi shu ishq uchun to‘layin qarzim.
Toki, jon berguncha bo‘lay vafodor,
Toki, jon chiqquncha qilayin ta’zim!
She’rdan.
Xudoning ishlari jumboq ekan. Molga xashak solib yurgan Marvarid opani qoraqurt chaqdi-yu, dod deyishga ulgurmay jonini haqqa topshirdi. Aksiga olib bolalari maktabga ketgan, eri Bekmurod ishda edi. hovli etagiga kelib, qo‘shnilarni chaqirdi.Og‘riq kuchaygandan kuchaydi. Jon talvasasida o‘zini har tomonga otdi. Kimdir «Tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qildi. Kimdir suv sepdi. Kimdir boldiridan siqib bog‘ladi. Lekin hech qaysisi kor qilmadi. Og‘riq zo‘raygandan zo‘rayaverdi. Bir yildan buyon yurak qon tomirlari torayib, yurishga qiynalardi. Ustiga ustak yaqinda tumovlanib mazasi qochib qoldi. Hamma dard bir bo‘lib yoqasidan oldi. Agar Marvaridning o‘ziga qolsa, bunday dardlarning yuztasini yengardi. Biroq, tepada ajal o‘ljasini poylab turar ekan, kimga ham arz-dod qila oladi. Shifoxonaga yetmay jon berdi. Na xo‘jayini Bekmurodga bir og‘iz so‘z ayta oldi, na farzandlari Bektosh bilan Bekjonga xayr-xo‘sh. Qizi Marjonoy qo‘shni tumanga uzatilib ketgan bo‘lsa ham, onasining bu holga tushganini bilsa, bir zumda yetib kelardi. Biroq qoraqurt zahri Marvarid o‘ylagandan kuchli ekan, bir zumda a’zoyi badanini qoraytirib, qaqshatib yubordi. Jon talvasasida o‘ylamagan o‘yi, ko‘z oldiga keltirmagan odami qolmadi. Kimlarga nimalar dedi, ichida aytdi. Kimlardan uzr so‘radi, kimlardan yozg‘irdi, kimlarga nimalarnidir tayinladi, dardi ichida qoldi. Farzandlarini uylantirmoqchi edi, ko‘z ostiga olib qo‘ygan qizlar bor edi, nasib qilmagan ekan, hamma ish ochiq-sochiq, tugallanmay qolib ketdi. Marvaridning umr yo‘li shu yerga kelganda uzildi, kengroq nuqtai-nazar bilan qaraydigan bo‘lsak, tug‘ilmasidanoq peshonasiga bitilgan taqdirni va bu dunyoda zimmasiga qo‘yilgan barcha ishni bekamu-ko‘st nihoyasiga yetqazdi. Qoraqurtni ko‘p urintirmadi. Shunday shirin hayotni nega tashlab ketar ekanman deb, quyushqondan chiqmadi. Vaqt o‘tib, boshqa ayol eriga xotin bo‘lib kelishini, bolalariga onalik da’vo qilishini, u obod qilgan hovliga egalik qilib yurishini xayoliga keltirmadi. Albatta, xayoliga keltirganida, bu xayol unga qoraqurt zahridan azobliroq ta’sir qilgan bo‘lar edi. Balki u qoraqurt zahrini yengishga bundan o‘n barobar qattiqroq urinardi. Lekin inson o‘zi o‘ylagandan o‘n barobar, balki yuz barobar ojizroq ekanini tan olmaydi. Hammasini og‘ilxonaga borgani-yu, qoraqurt chaqqaniga, «tez yordam» tezda yetib kelmaganiga, aksiga olib shamollaganiga, yuragi xastalanganiga to‘nkab qo‘ya qoladi. Eri endi uningsiz qiynalishiga, kechalari ko‘rpa ochiq qolib shamollashiga, yopib qo‘yadigan odam endi yo‘qligiga, boshqalar endi uningdek, ya’ni erining ko‘nglidagidek choy damlolmasligiga, eri xonada ovqatlarni, qay tartibda pishirilgandagina xush ko‘rib yeyishi, qanaqa ovqatlarni, qanaqa qilib pishirganda mutlaqo yemasligini, qaysi so‘zlar eriga yoqishi-yu, qaysi gaplar gapirilganda eri tutoqib ketishini o‘ylab, bu sirlarni faqat mengina bilaman, boshqa hech kim bilmaydi, to bilguncha yigirma yil kerak deya o‘ylagan va yashash uchun o‘n barobar qattiqroq kurashgan bo‘lar edi. Mabodo, o‘limi oldidan bolalariga kimdir o‘gaylik bilan kamsitib, zahar-zaqqumini sochib turgani ko‘z oldiga kelsa, o‘lmaslikka shay bo‘lib turardi. Lekin, Marvaridning qo‘lidan nima kelardi. Hukm o‘qilgan, ijro amalga oshgan edi.
Bekmurod Marvaridning barcha ma’rakalarini bekami-ko‘st o‘tkazdi. Xatmi Qur’on o‘qitib, elga osh tarqatdi. Marvarid hayotdan ko‘z yumgan ondayoq, hayot yelkasiga ikki barobar yuk bilan o‘tirganini va bu zil-zambil yuk uni uncha-muncha qiynamasligini, qiynaganda ham to hiqildog‘iga tiqilguncha parmalab azoblanishini sezdi. Lekin, hayotda kimning kuni to‘xtab qolibdi-ki, Bekmurodniki to‘xtasin. Kunlar o‘tib u ham hayot o‘zanida yana oqib keta boshladi. Endi u o‘zidan ko‘ra bolalarini ko‘proq o‘ylardi. Biroq...
Qahraton qish kunlarining birida, Bektoshni uylantiraman deb yurgan Bekmurod, muzda toyg‘onib, oyog‘i sindi-yu, shifoxonada qarovsiz yotib, Bektosh emas, o‘zi uylanishi kerakligini tushundi. Ming o‘ylaganda ham Marvarid endi qaytib kelmasdi. O‘g‘illari Bektosh ham, Bekjon ham o‘z nomlari bilan o‘g‘il edi. Hovli hech qachon toza supurilmasdi, qozon-tovoq hech qachon toza yuvilmasdi, ko‘rpa-to‘shaklar poyintar soyintar bo‘lib hech qachon risoladagidek yig‘ishtirilmasdi. Bekmurod bora-bora bularga ko‘nikdi. Kelin tushsa hammasi joy-joyiga keladi deb o‘ylagandi. Lekin shifoxonaga tushdi-yu, xotinga muhtoj eng avvalo o‘zi ekanligini yanada chuqurroq anglab yetdi. Mana shunday ojiz va tang qolgan kezlari hayolida negadir Marvarid emas, Gulruxsor gavdalanardi va ho‘rsinardi…
Gulruxsor yana hayolida, hayotiga kirib kelayotganida, uni o‘ylayotganidan „dushman” bilan yana yuzma-yuz kelayotganday, qachonlardir lov-lov yongan gulxan, bugungacha cho‘g‘ bo‘lib turgan dard yana boshlanganidan esankirab, o‘zini undan olib qochishga tirishardi…
Gohida shu oyog‘im tuzaldi nima-yu, tuzalmadi nima, derdi. Gohida bugun o‘ldim nima, ertaga o‘ldim, nima farqi bor deya o‘ylanardi. Ertaga ham yashashning nima keragi bor o‘zi?! Gohida nega shuncha ko‘p yugurganiga, o‘zini o‘tga-cho‘qqa urganiga, tinim bilmay ishlaganiga, hayron qolar, nima keragi bor ekan, shuncha hatti-harakatning, deya o‘ylanardi. Gulruxsor bilan yo‘llari ayro tushgach, uni butunlay unitishga harakat qildi.Harakatiga yarasha, Xudo, odamni nima bilandir andarmon qilib qo‘yarkan. Arzimas bir ish bilan ovora bo‘lib yuraverar ekansan, yuraverar ekansan va bir kuni hayoting o‘tib ketganini, dunyodagi eng qimmatli narsa, umringni behudaga sarflab yuborganingni, endi bu umrni hech qachon hech kimdan qaytarib ololmasligingni, naqadar ojizligingni, naqadar bechoraligingni anglab yetarkansan. Xudo o‘zining suygan bandalarini, maqsadlariga bir zumda yetkazib qo‘yar, sen yillar, o‘n yillar uringan narsalaringga kimlardir, bir kunda, bir haftada, bir yilda yetarkan. Gulruxsor bilan tanishgan kezlari mashhur aktyor bo‘laman deya orzu qilardi. Yodgor Sa’dievning har bir hatti-harakatini o‘zlashtirgan, aytgan so‘zlarini yodlagan, qilgan qiliqlarini o‘z-o‘zicha tinimsiz qaytargan, takrorlagan, taqlid qilgan u emasmidi? Gulruxsor esa Gulchehra Jamilova qiyofasida uning qo‘liga suv quygan! O‘shanda ular bor-yo‘g‘i yettinchi yo sakkizinchi sinfda o‘qishardi. Qarang, oradan o‘ttiz yilga yaqin vaqt o‘tibdi-yu, hammasi xuddi kechagina bo‘lib o‘tganday. Qiziq, hozir ko‘ziga jimitdaygina bo‘lib ko‘rinadigan bolakaylar ham, kimgadir ko‘ngil qo‘yganmikan. Kechalari uxlamay kimnidir o‘ylarmikan. Kimnidir sog‘inib, hamma uxlagan payti ko‘chalarda tentirab yurarmikan. O‘n to‘rt yoshli bolakaylar hali og‘zilaridan ona suti ketmagan bolalarga o‘xshaydi yo ko‘ziga shunday ko‘rinayaptimikan? Balki ularning ham o‘z olami, o‘z dunyoqarashi bordir? Bugun xayollarini, qalblarini to‘ldirgan tuyg‘ular bir umrga yuraklariga muhrlanib qolishini bilganlarida edi, o‘zlariga jiddiyroq qaragan, o‘zlarini asrashgan bo‘lishardi. Bekmurod ham bolaligida hech narsani tushunmagan ekan. Unda aktyor bo‘lish tuyg‘usi, mana shu Gulruxsorga ko‘ngil qo‘ygandan, uzoq-uzoqdan qarab yurganidan keyin tug‘ilgan ekan. Uni o‘ziga qaratish uchun, uni yaxshi ko‘rish uchun, mashhur inson sifatida unga yoqish, uni o‘ziga jalb etish va nihoyat unga sevimli bo‘lish uchun aktyor bo‘lishni orzu qilgan ekan. Bu maqsadiga bir muncha erishdi ham. Keyinchalik ataylab kechalar uyushtirar, turli xil yig‘inlarda uni chorlar, unga rol berar, repititsiyalarda birga bo‘lishar, bu uning hayotida eng baxtiyor kunlar edi. O‘sha paytlar baxt ekanligi bilinmagan, beg‘ubor va o‘t alangaga to‘la kunlar edi. Bekmurod Gulruxsorga o‘z munosabatini ochiqdan-ochiq bildirolmasdi. Uyalardi. Oshiqcha bir gap aytib yuborishdan tortinardi. Aksincha uni jig‘iga tegishni yaxshi ko‘rar, kalaka qilar, uni kamsitar, nimanidir pisanda qilar, xullas hol-joniga qo‘ymasdi. Gulruxsor ham o‘z munosabatini bildirmas, gohida ataylab o‘g‘il bolalar bilan gaplashib turar, payti kelganda boshqa bolalarni maqtar, u haqda esa lom-mim demas, go‘yo u bilan shunchaki, uzoq tanishi bilan nogahon ko‘rishib qolganday gaplashar, ichidagini sirtiga chiqarmas hatto arazlashmasdi. Bunday paytlarda Bekmurodning tomog‘iga zirhli temir tiqilib qolganday bo‘lar, na yuta olar, na tuflab, chiqarib tashlay olardi. Gohida unga qaerdan yo‘liqdim deb, ko‘kragiga mushtlardi. Bir kun juda qiziq voqea bo‘ldi.
Velosiped haydab ketayotganda uni yo‘lda ko‘rib qoldi. Ko‘rishish uchun to‘xtagandi, Gulruxsor, velosipedingni bir minay deb so‘radi. Avval haydaganmisan deb so‘ragandi, Gulruxsor “ha” dedi. Bekmurod bu yolg‘ondan xursand bo‘ldi. Gulruxsor velosipedni ozgina haydadi-da, sayxonlik kelganda, pedalni joni boricha bosa boshladi. Bekmurod orqa o‘rindiqda o‘tirardi, uchib ketayotgan velosipedda o‘zida yo‘q shodlanib baqirar, shodon kular, Gulruxsor ham, o‘zida yo‘q qiyqirib kulardi. Lekin ozgina qaltis harakat qilsa, har ikkisi ham, pastlikka ag‘anab ketar, qo‘l-oyoqlari sinishi turgan gap edi. Pastga qarab uchib ketayotgan velosiped pedallarini Gulruxsor tobora qattiqroq va tezroq aylantirar, qo‘rquv va hayratdan har ikkisi ovozlari boricha baqirishardi. Hartugul sayxonlik tugagach velosipedni to‘xtatishdi. O‘shanda Bekmurod ataydan Gulruxsorning ra’yini qaytarmagan, uchib ketayotgan velosipedda, yiqilsam Gulruxsor uchun yiqilaman, Gulruxsor bilan birga yiqilaman, Gulruxsorning istagini bajarmagandan mayib bo‘lgan afzal deb o‘ylagan va „to‘xtat” deb aytishga jur’at qilolmagan, ammo o‘sha kun Gulruxsor nega shunday qilganini keyinchalik tushungandi: Gulruxsor unga jur’atli, mard bo‘l, qo‘rqoq bo‘lma, nega men bilan bo‘lganingda hech narsadan tap tortmay yurolmaysan qabilida ish tutgan ekan. Nega u hayotda Gulruxsor qilgan ishni qilolmadi. Bu jur’atsizligi unga keyinchalik ko‘p bora pand berdi. Maktabni bitirgach Toshkentga o‘qishga borib kirolmadi. Keyin harbiy xizmatga ketdi. Ketar oldi, Gulruxsorga tayinli bir gap aytolmadi. Yozgan xatlarida ham qat’iy bir gap yo‘q edi. U paytlar Gulruxsorni yaxshi ko‘rib yurgan bo‘lsa ham, negadir uylanish haqida hech o‘ylamagan ekan. Yo idroki yetmas, yo juda yosh bo‘lgan yoki avval biror maqsadimga erishib olay deb o‘ylagan. Xullas, u xizmatdan qaytganda Gulruxsorni uzatib yuborishgan edi. Bu xabar xuddi ilon singari uning yuragini, uning yuragidagi javharni eng o‘tkir zahar bilan chaqdi. Og‘riqdin yerga yuztuban yiqildi. Yer shari teskari aylanib chirpirak bo‘lib ketdi. U minglab sevishganlar ichida faqat bizning muhabbatimizgina haqiqiy deb o‘ylardi. Mana shu haqiqiy muhabbat ham zavol topdi. Gulruxsorni uzatib yuborishibdi. Uzatganda ham o‘zining yaqin o‘rtog‘iga uzatishgan ekan. Bir kun, yarim kechasi Bekmurod tarang mast edi, Gulruxsor kelin bo‘lib tushgan derazani taqillatdi. Avvaliga hech kim ko‘rinmadi. U derazani qarsillatib ura boshlagach, Gulruxsorning eri, Iskandar parda ortidan mo‘raladi. “Chiq bu yoqqa” deya baqirdi Bekmurod. To Iskandar chiqquncha atrofda qo‘ni-qo‘shnilar paydo bo‘ldi. “Gulruxsorni men yaxshi ko‘rishimni bilarding-ku, uni men bilan yurganini bilarding-ku, unga men uylanmoqchi edim, sen razil qo‘llaringni unga tekizib, qo‘yningda olib yotibsanmi, iflos!”. Bu baqiriqlarni u Iskandar chiqquncha jar solib bo‘lgandi. Iskandar chiqqanda, uning yuziga qarab turishga, unga gapirishga toqati qolmagan edi. Cho‘ntagidagi pichoqni oldi-yu, uning yuziga qarab sermadi. Ammo, Iskandar hushyor edi, o‘zini olib qochdi, Bekmurod munkib ketganda, qo‘liga qarab tepdi. Pichoq qaygadir uchib ketdi. Bekmurod chap qo‘l bilan zarba berganda Iskandar yerga ag‘anadi. Odamlar pichoqni ko‘rib, orqaga tisarilar, ajratish uchun o‘rtaga tushishga betlolmasdi. Shunda, qiziq voqea yuz berdi. Gulruxsor yerda yotgan pichoqni oldi. Yerda yotgan Iskandar ham, ko‘zi qonga to‘lgan Bekmurod ham bir-birlarini o‘ldirishga shay turishardi. Shunda Gulruxsor pichoqni Bekmurodga tutdi: “Ma, o‘ldir buni” deya hukm qildi. Bekmurod pichoqni olganda, Iskandar qochib ketgan edi. Bekmurod o‘shanda bu uydan Gulruxsorni olib chiqib ketishga jur’ati yetmadi. Aksincha, ertasi kuni o‘zi qishloqdan bosh olib chiqib ketdi. Shu bilan muhabbat ham, buyuk aktyorlik orzusi ham armonga aylandi. Bekmurod bu ikki tuyg‘udan qochib yashadi. Marvarid o‘lgach Gulruxsor haqidagi orzu yana tiklandi.
Iskandar esa o‘zini o‘ldirish uchun pichoq tutgan xotin bilan bir umr yashadi. Buni bir umr yodida saqladi. Gulruxsordan bir umr o‘chini oldi, bir umr uni kaltaklab o‘tdi.
Bekmurod Gulruxsorni qaytib ko‘rmadi. Bu voqeaga ham yigirma yildan oshiq vaqt o‘tdi. Lekin, Bekmurod mana shu yigirma yil ichida bir lahza bo‘lsin Gulruxsorni unutmadi. Unutmagani uchun Gulruxsorni qayta ko‘rolmadi, uni oldiga borolmadi, shunchaki bo‘lsin uzoqdan bir ko‘rib o‘tsa, u yashaydigan ko‘chaga bir marta bo‘lsin bo‘ylasa bo‘lardi. Lekin, yuragidagi og‘riq abadiy muhrini bosgan ediki, uning yoniga borishga yo‘l qo‘ymas, hech bo‘lmasa Iskandar bilan ko‘risholmasdi. To‘y-ma’rakalarda Iskandar bilan nogahon ko‘rishib qolsa, shunchaki qo‘l cho‘zar, bir og‘iz qandaysan deyishga tili aylanmasdi. Iskandarning ham, uni ko‘rganda g‘azablanib ketishidan bilardiki, u ham unutmagan, u ham hamma voqealarni xuddi kecha bo‘lib o‘tganday yaqqol tasavvur qilar, qo‘yniga solib yotgan xotini uni emas, boshqa odamni sevishini har kun his qilar, xotini o‘ziniki ekaniga har kuni shubhalanar, u non bergan, u choy bergan, topgan-tutgani bilan ro‘zg‘or tebratib yurgan, pullarini keltirib bergan xotini, unga farzandlar tuqqan, uning hayotini, umrini, qismatini yarmini tashkil etgan xotini uniki emas, unga jon-jahonini bag‘ishlamaydi, uni o‘ylamaydi, uni sevmaydi, qalbini unga bermaydi, yurak-yuragining tub-tubida uni emas, Bekmurodni o‘ylaydi, uni emas, Bekmurodni afzal deb biladi, haqiqiy erkak deb, uni emas Bekmurodni biladi. Bekmurod bilan yashaganimda bundan ko‘ra yaxshiroq yashardim, bundan ko‘ra baxtliroq, bundan ko‘ra sevimliroq bo‘lardim. Iskandar mening hayotimga zomin bo‘ldi, deb o‘ylaydi. Mening unga bergan hamma mehrim, muhabbatim, quchib ardoqlashim, erkalab yotishim, sevishim, jonimni berishim, butun vujudim bilan uning taniga quyilishim hamma-hammasi behuda, o‘rtadagi farzandlarimiz ham bizni bog‘lolmaydi, mol-davlatimiz ham, nikohimiz ham, hech narsa bog‘lolmaydi, mening har bir ishimda, u mening o‘zimni emas, Bekmurodni ko‘radi, Bekmurodni tasavvur qiladi, Bekmurodni o‘ylaydi, Bekmurod nima qilayotgan ekan deb, uning tashvishini qiladi, sirtiga buni hech qachon chiqazmasada, ichida u baribir uniki, xayolida uniki, jismi men bilan o‘tiradi-yu, mening uyimni supurib sidiradi-yu, lekin o‘zi uniki, menga begona, unga qondosh, unga jondosh, xuddi qo‘ynimda xotinim emas, xotinim qiyofasidagi ilon va men bu ilon bilan bir umr yashashga mahkumman, deya o‘ylaydi va mana shunday o‘ylagani, mana shuni bilgani uchun ham hali-hamon Bekmurodni ko‘rganda g‘azab va alamdan titrab ketadi, shuning uchun chaqirishga tili bormaydi, shuning uchun otishga o‘qi, ko‘rishga ko‘zi yo‘q. Agar mana shunday o‘ylamaganda, ko‘rishgan, xotirjam gaplashgan, o‘tgan-ketgandan valaqlashgan, bolalik xotiralarini eslashgan, bugungi qiyinchilik zamonlar haqida, molu-davlat, xizmatchilik, yurib turgan siyosat, havoning issiq-sovuqligi, bu yilgi hosilning kami-ko‘pligi va umuman yana nimalardir haqida gaplashgan bo‘lardi-ki, bu narsalar o‘tgan voqealar xotira sifatida qolganidan, uning bugungi hayotga dahli yo‘qligidan dalolat berardi. Ammo, Iskandar u kunlarni unutmagani uchun Bekmurod xursand. Chunki uning muhabbati hali-hamon barhayot. Hali hamon yuraklarda yashamoqda. Hali hamon hammani xavfu-xatarga, tahlikaga solib turibdi.
Bekmurod bosh shifokorning uylanish haqidagi gaplarini eshitar ekan, xuddi yosh bolaga zo‘rlab ovqat ichirishganday, o‘zini qayoqqa olib qochishini bilmasdi. Bosh shifokor o‘ttiz yoshlardagi hamshira qizning nomini aytdi. “Mana ko‘rib turibsiz, kelishgan, mehribon, shirinso‘z qiz. Hali turmush qurmagan. Oyog‘ingizni davolaydi. Endi bundan keyin sizga shifokor hamisha kerak bo‘ladi. Jigaringizda ham, o‘t pufagingizda ham salbiy o‘zgarishlar bor. Hali yoshsiz. Endigina qirqdan xatlabsiz. Xudo nasib qilsa, yana farzandlar ko‘rasiz. Uyda uylanmagan o‘g‘illaringiz bor ekan, to‘y-hashamga albatta bir ayol kerak. Erkak kishi to‘yni bir o‘zi o‘tkazolmaydi. O‘ylab ko‘ring. Bu mening sizga eng yaxshi tavsiyam” — dedi. Bekmurod hamshirani tanirdi. Haqiqatdan risoladagiday edi. Lekin, uylanish to‘g‘risidagi fikr yuragida hech bir iliqlik uyg‘otmasdi. Yuragini qizdirmas, alanga olmas, qish kunlaridagi bulutlar orasida qolgan oyday sovuq, haroratsiz edi. Qayta yana bir ayol bilan bir yostiqqa bosh qo‘yish istagi erish tuyular, xonadoniga yana bir Marvaridni keltirishni istamasdi.
Gulruxsor voqeasidan keyin u boshqa shaharga bosh olib chiqib ketdi. Endi u o‘sha o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyda, o‘zi katta bo‘lgan, hamma qarindosh urug‘lari yashaydigan shaharchada yasholmas, Gulruxsor va Iskandar borligi uchun ham yasholmasdi. Keyin uni uylantirishdi. Kimga uylanishning farqi yo‘q edi. Shu qadar telba ekanki, kelinni to‘y kuni ko‘rdi. O‘zining butun umri bog‘lanadigan, unga farzandlar tug‘ib beradigan, u bilan oila quradigan, kunlari, oylari, yillari birga o‘tadigan juftini to‘y kuni ko‘rdi.
Baxtiga kelin soppa-sog‘, aqli-hushi joyida chiqdi. U bilan yigirma yildan ortiqroq vaqt yashadi. Shu yigirma yildan ortiqroq vaqt hayotdagi turmushdagi hamma narsa haqida gaplashdi-yu, lekin ko‘ngil haqida har ikkisi ham bir og‘iz so‘z ochmadi. Yo bunga ehtiyoj bo‘lmadi, yoinki ko‘ngil oila tegirmonida mutlaqo keraksiz narsa edi. Bekmurod Gulruxsor bilan ko‘ngil haqida soatlab gaplashar, vaqt qanchalik tez o‘tib ketganini bilmasdi. Gulruxsor Bekmurodni, Bekmurodning o‘zidan ham yaxshiroq bilardi. qachonlardir, Gulruxsor Bekmurodga, “hech kim sizga menchalik fidoyi bo‘lolmaydi” — degandi. Bekmurod bu gapga o‘sha paytlar e’tibor bermagandi, lekin qulog‘iga qattiq quyulib qolgan ekan, butun umr yuragining zarbi bilan birga aks-sado berib turdi bu so‘z. Bu so‘zni u ko‘p bora unga fidoyilik qilgan eng yaqin insoni Marvaridga nisbatan qo‘llab ko‘rdi va bildiki Marvarid unga emas, boshqa odamga turmushga chiqqanda ham, to‘y kuni uni emas, boshqa odamni ko‘rib, mening xasmim, bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘im mana shu ekan, deb o‘ylagan, unga o‘shanday, ya’ni Bekmurodga qilganday fidoyilik qilib ketar, o‘zini bag‘ishlar, uyini supurar, kirlarini yuvar, farzandlar tug‘ib berar, yaxshi gapini ayamas, unga moslashib, uning bir qismiga aylanib ketardi. Agar u emas, Bekmurod o‘lib, biron yaxshiroq joydan sovchilar kelib, farzandlaringni to‘yini qilaman, o‘zingga boshpana bo‘laman, otalikni bo‘ynimga olaman, desa undan, ya’ni Bekmuroddan qolgan hamma dov-doskani unga topshirib, balki tegib ketgan bo‘lardi. Buning uchun balki Marvaridni ayblab bo‘lmasdi. Lekin inson nima uchun sevadi, nima uchun unga qalb berilgan, nima uchun dunyoda muhabbat degan eng buyuk qudratli kuch bor!
Bekmurod Marvariddan hech xafa joyi, undan gina qiladigan, uni yomon ko‘radigan, undan nafratlanadigan, umrimni zomin qilding deydigan joyi yo‘q. Agar Marvarid tirik bo‘lganida u bilan umrini oxirigacha birga yashagan bo‘lardi. Agar Gulruxsorga uylanganda baxtli yashagan, u bilan maktab davrlarida birgalikda orzu qilgan maqsadlariga albatta erishgan, mana shu orzular ortidan bir umr kurashib yashagan va bugunga kelib nimalargadir erishgan bo‘lardi. Gulruxsor uni hamisha ruhlantirar, qo‘llab-quvvatlar, yuksakka chorlar va uning benihoya katta talanti borligiga ishontirar va faqat sevgan odamdagina bo‘ladigan xayrixohlik, mehribonlik, qalb torlarining eng mayda iplarigacha bog‘lanib ketgan his-tuyg‘ular bilan uni yaxshi ko‘rar, unga ishonar va albatta bu ishonch Bekmurodni o‘zi istaganday buyuk odam bo‘lishiga undar, orzular sari da’vat etar va albatta shiddatli intilishlarini ro‘yobga chiqarmay qo‘ymasdi.
Bekmurod hamshira qizga ko‘ngil qo‘yishga harakat qilib ko‘rdi. Lekin ko‘ngil qo‘yish, karra-karra jadvali bo‘lsa ekan-ki yodlab, yo‘l-yo‘rig‘ini o‘rganib olsa, qaysi sonni qaysi songa ko‘paytirsa, qo‘shsa yoki ayirsa falon son kelib chiqishini bilib olganday, qaysi so‘zni aytgandan keyin, nima javob kelishini, qaysi harakatdan keyin, qaysi munosib javob kelishini bilish va shu bilan muhabbat munosabatlari o‘rnatilishini o‘rganib bo‘lsa. Albatta, muhabbatning hech qanday qonun-qoidasi yo‘q. Ko‘ngilga o‘rgatib bo‘lmaydi. Buyruq ham berib bo‘lmaydi. O‘zingni majburlab birovni sevolmaysan. Yoki sevgisini qozonolmaysan. Bunga dunyoning hamma boyliklari ojizlik qiladi. Albatta boylik katta yordam berishi, o‘rnatilayotgan muhabbatni qo‘llab-quvvatlashi mumkin, lekin muhabbatning o‘zini yaratolmaydi. Agar shunday bo‘lganda hamma boylar muhabbat bilan yashayotgan, hamma kambag‘allar esa muhabbatsiz bo‘lishardi.
U kunlardan bir kun Gulruxsor bilan kechirgan damlaridagi orzusi, buyuk aktyor bo‘la olmagani alamiga shahar o‘rtasida ulkan kinoteatr qurdi va uning peshtoqiga katta-katta harflar bilan “Gulruxsor” nomini yozib qo‘ydi.
...Bekmurod Marvarid o‘lganidan o‘n yil o‘tib,ellik yoshga kirgani kechasida alag‘da-jalag‘da tushlar ko‘rdi: Tushida odamlar uni o‘rtaga olib, ta’na toshlari yog‘dirayotgan, hayqirishib, nega uylanmayapsan, nega uylanmayapsan deya, qo‘l silkishib baqirayotgan, yolg‘izlik yolg‘iz Xudoga yarashadi, uylanishga qodir erkakning uylanmay yurishi elni buzadi, oramizda sendaqa so‘qqaboshga o‘rin yo‘q, uylansang ham uylanasan, uylanmasang ham uylanasan, sigirga bo‘lsa ham seni uylantirib qo‘yamiz, sendan badbo‘y hid kelayapti, sen xotinlarimizni aynitib yubording, bevalarimizni besaranjom qilib, tinchini buzayapsan, hammasi talvasaga tushib, ko‘ylaklarini yirtishayapti, yetim bolalari ota kerak deb, simyog‘ochlarni urib yiqitayapti, og‘ilxonalarga o‘t qo‘yayapti, ko‘chada o‘tgan mashinaga tosh otayapti, erkak kishini ko‘rsa uyga kir deb tortqilayapti, sen esa do‘zaxda yarming sog‘, yarming yonib yotibsan, shaytonlar seni bizga o‘rnak qilib ko‘rsatishayapti, yelkangga esa to‘rtta shayton o‘tirib olgan, miyangni qo‘llariga olib, sehru-jodu qilishayapti, qilich bilan qiymalab, seni garang qilishayapti, o‘zgalarni yetoviga tushib olgansan — deya baqirishayotgan, u esa oyoq-yalang bo‘lib, qayoqlargadir bosh olib ketayotgan, uchib yurib-yurib, bir sayhonlikka borib qolgan, sayhonlik shu qadar katta, o‘zi shu qadar kichik emishki, shuncha kichkina boshim bilan nima g‘ovg‘a ko‘tarib yuribman dermish, keyin bahaybat tog‘lar orasiga borib qolganmish, katta-katta qoyalar tagida, tirnoqday turganmish-u, bularning orasida men kimman o‘zi dermish, zarrachaman-u, ertaga yo‘q bo‘lib ketaman-u, nimaga dunyoga jar solib turibman, bu abadiy turuvchi koinot ustunlari orasida o‘ziga bino qo‘ygan zarrachaday nega buncha hovliqmasam, nimani tuzatishni istab yuribman, nimani da’vo qilaman dermish, shu payt yuqoridan gulduros solib harsang toshlar yumalab kela boshlabdi. U esa bitta kavakni sotib olish uchun, kissasidan ming tanga chiqaribdi, kavakka kirib olib, osmonga qarasa yulduzlar nur taratib turgan, har bitta nur odamlarning qismati bitilgan yo‘l emishki, million-million odamlarning har birining ustidan bitta nur turib boshqarayotgan, nur qayoqqa borsa, odamlar ham o‘sha yoqqa borayotgan, qiynalib, kasal bo‘lib, o‘lim talvasasiga tushib qolganlar, nurga qarab, yur boshqa yoqqa boramiz, meni baxtliroq qil, sog‘lomroq qil, men istaganday yur, men hohlagan tomonga boramiz desa, ohu-nolasi, yulduzlarga eshitilmas, yulduzlar juda olisda, million-million chaqirim yuqorida ekanki, odamlarning dod-voylari faqat o‘zigagina, faqat atrofidagilargagina eshitilar ekan. Ko‘chki tingach, Bekmurod bekinib olgan kavagidan chiqibdi-da, boshi oqqan tomonga yugurib ketibdi. Yugurib-yugurib bir chamanzordan chiqibdi. Uning o‘rtasida Gulruxsor yurganmish-u, Gulruxsor qayoqqa yursa, chamanzor ham o‘sha yoqqa yurar, gullar tag-tomiri bilan sug‘urilib, uning orqasidan ergashar, qushlar sayrashib unga parvona emish. Muattar hidlar bulut kabi uning atrofida uymalashgan, hushbo‘y hidlarni tutunni purkaganday purkab turarmish. Bekmurod Gulruxsorning yoniga borsa, uning ko‘zi ko‘kargan, yelkalari momataloq, xuddi to‘qson yoshli kampirday bujmayib, tishlari to‘kilib, sochlari oqarib qolganmish. Bekmurod uning qo‘lini ushlagan edi, qo‘li to bilagigacha xuddi o‘n yetti yoshli qizning qo‘liday oppoq, durkun va nozik holatga kelibdi.
— Yuzingiz nega qorayib ketdi, Gulruxsor, — desa,
— Erim o‘ttiz yildan beri yuzimga tinimsiz urganidan, — dermish Gulruxsor. Bekmurod uning yuzini silagan ekan, uning yuzi xuddi o‘n yetti yoshli qizaloqning yuziday tarsillagan, oppoq, qon tolalari ko‘rinib turgan, jozibali, maftunkor chehraga aylanibdi.
— Yelkalaringiz nega yag‘ir bo‘lib ketdi, Gulruxsor, — desa,
— Erim yelkamga minib, meni eshakday ishlatar, o‘ttiz yil ichida loaqal bir marta silamagan dermish.
— Oyoqlaringizga nima qildi, Gulruxsor-desa,
— Erim itday ishlatar, itday daydib, sanqilanib ro‘zg‘or tashvishida yugurardim, topganimda baraka bo‘lmas, boradigan joyimning tayini yo‘q edi, -dermish. Bekmurod uning yelkalarini, oyoqlarini, yuragiga qo‘l solib, savalangan go‘shtday ilma teshik bo‘lib ketgan yuragini ko‘kragidan chiqarib, xullas boshdan oyoq hamma joyini bir-bir ushlab silagan ekan, Gulruxsor dunyoda tenggi yo‘q go‘zallik malikasiga aylanibdi. O‘n yetti yosh qizaloqday kular, kulganida har tarafga duru-gavharlar sochilar, yurgan yo‘llarida ko‘m-ko‘k maysalar ochilar, u ushlagan daraxtlarda kurtaklar yaproq yozib, oltin mevalar tugarkan. Keyin, Gulruxsor Bekmurodga qarabdi. Uning nigohlari yog‘du taratib, nurlar Bekmurodning badaniga singib ketibdi. Bekmurod ham o‘n sakkiz yashar, badanlari toshday qattiq, mushaklari chayir, qaddi tik, barvasta, ko‘zlaridan shijoat yoqilib turgan, ko‘kragiga mushtlasang qo‘ling og‘riydigan yigitga aylanibdi. Bekmurod yerdagi katta xarsangni qo‘liga olib uloqtirgan ekan, harsang tog‘lar osha uchib ketibdi va ancha vaqtdan keyin tog‘lar ortidan harsangning yerga tushgandagi gumburlagan ovozi eshitilibdi. Bekmurod gullardan shu qadar katta maydon yasabdiki, balandligi tog‘lardan baland, kengligi esa, poyonsizligidan oxiri ko‘rinmas emish. Bekmurod mana shu gulu-chechaklardan bino qilingan maydonning qoq o‘rtasiga, osmonday cheki-chegarasi yo‘q gullar vodiysiga Gulruxsorni yetaklab boribdi. Har ikkisi ham muattar gullar hididan mast bo‘lib, bir-biriga termulishar, bir-biridan ko‘zlarini uzolmas emish. “Hech kim mening qo‘llarimni bu qadar kuchli harorat bilan ushlamagan, qo‘llaringiz xuddi bir botmon cho‘g‘day, butun a’zoyi-badanim titrab, lovullab ketayapti, erim chuvalchangga o‘xshardi, siz esa haqiqiy muhabbat sohibqironisiz, hozir shudringday, sizning quchog‘ingizda yo‘q bo‘lib ketaman, — dermish. Bekmurod uni quchog‘iga olarmish. Uni erkalab bag‘riga bosar, yutoqib o‘par, uning ichiga kirib ketar, uning ichiga kirib, bir yil, ikki yil, uch yil behush yotar, ellik yildan keyin kayf-safodan o‘ziga kelar, bir kechada o‘ttiz marta Gulruxsor bilan qo‘shilar, Gulruxsor bir kechaning o‘zida yana o‘ttiz marta qizga aylanar, Bekmurod o‘ttiz marta ham charchoq nimaligini bilmas, kuch-qayrati tobora oshib borar, o‘ttiz martadan keyin yana hushidan ketib sarmast bo‘lib, mastu-mustag‘riqlik ishratida yana bir yil, ikki yil, uch yil kezib yurar, ellik yildan keyin hushiga kelar va dunyoda Gulruxsordan ham latofatliroq, jozibadorroq, go‘zalroq qiz yo‘qligiga yana ming bora iqror bo‘lardi.
Bir payt Gulruxsorning o‘g‘li uzoqdan ko‘zga tashlanibdi. U Bekmurodga “Sen otamning umriga zomin bo‘lding, hozir hammayoqqa o‘t qo‘yib yuboraman, onamni qaytarib olib ketaman” — dermish. — Iskandarning o‘zi qani, nega o‘zi kelmadi, — dermish Bekmurod. — Otam kelay degandi, yo‘l yo‘qolib qoldi, yuray degandi, oyog‘i qochib ketdi, gapiray degandi, tilini topolmay qoldi, sizning oldingizga kelishga otamning yuzi yo‘q, onamdan shu paytgacha uyalmagan otam, endi onamdan uyalib qoldi, shuning uchun o‘zim kelaverdim, hozir singlim ham kelib qolar, onamni qaytarib bering, — dermish.
— Balki, menga o‘g‘il bo‘larsan, singlingni ham qiz qilib olaman, onalaringni oldida yuraverasizlar, seni uylantiraman, singlingni uzataman, ikki o‘g‘il uylab, ancha tajriba orttirdim, endi to‘y qilish menga cho‘t emas, mana onangga ham mahrini berib, nikoh o‘qittirib uylanib oldim, katta to‘y qilay desam, ko‘nmadi, xalqqa osh berib qo‘ya qoldik, o‘zimning rejam bo‘yicha onangni oq libosga o‘rab, kelinlar kiyadigan fata kiygizmoqchi edim, onang ko‘nmadi, onang to‘y kuni, bolaligimizda “Boy ila xizmatchi” spektaklida men G‘ofur, onang Jamila rolini o‘ynab, chachvonda chiqar, men oq yaxtak, shoyi belbog‘da edim. To‘y kuni Gulruxsor ana shu chachvonni kiyib chiqibdi, uning ko‘ngli uchun men ham oq yaxtak, shoyi belbog‘, iroqi do‘ppi kiyib oldim, to‘yimiz juda zo‘r o‘tdi, sening ham to‘yingni o‘zim o‘tkazib beraman, kel menga o‘g‘il bo‘lib qo‘yaqol, qo‘y o‘sha galvars otangni, — desa, uning o‘g‘li, — Iya, men kap-katta yigit bo‘lib qoldim, yosh bolamidim, qanday qilib shu yoshda sizga o‘g‘il bo‘laman, —dermish va asta-asta bosh egib, tisarila-tisarila ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan emish. Gulruxsor o‘g‘lim, qaytib keladi, qizim ham kelib qoladi”, dermish va Bekmurodning yuragini sug‘urib olibdi-da o‘zi ichiga kirib ketibdi.
Bekmurod yuragi gupurganidan uyg‘onib ketdi. So‘fi bomdod namoziga azon aytayotgan edi. Bekmurod ko‘rgan tushlaridan hayratlanib, uch marta: La illaha illolloh, Muhammadun Rasulloh, — deya kalimai shahodat qaytardi-da, o‘ng tomoniga o‘girilib yotdi, tushida nimalar ko‘rganini elas-elas xotirladi, so‘ng, tushiga ta’bir izlab qo‘zg‘aldi.
Hovli etagiga yurdi. Og‘ilxona eshigini ochib, pichanlar g‘arami uyulgan chetanga nazar soldi. Qoraqurt hayotini alg‘ov-dalg‘ov qilib tashlagan edi. Qo‘liga panshaha olib, yana qoraqurt bormikan deya, devor ziylarini titkilab ko‘ra boshladi. Mayda qumursqalardan, zaxqo‘ng‘izlardan boshqa hech narsa yo‘q edi. Marvaridni eslab ko‘ziga yosh keldi. „Sho‘rlik, yashab yursa bo‘lmasmidi? Osoyishta hayotimni, farovon turmushimni egasi ekan, baxtimni ham, soadatimni ham o‘zi bilan olib ketdi. Menga azobdan boshqa hech narsa qoldirmabdi. Qadriga yetmagan ekanman... Hammasi ostun-ustun bo‘lib ketdi-ya...”
Bekmurod xatmi-Qur’on o‘qish uchun, Marvarid yotgan qabriston tomon yurdi.