OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Ismoil. Shahodat daftari (badia)

Misrdagi Xeops ehromi ziyoratiga kelganlar: “Hamma vaqtdan qo‘rqadi, vaqt esa ehromlardan qo‘rqadi”, deyishadi. Qachonlardir, Misrni zabt etishga kelgan Napoleon Bonapart Sfinks soyasida ot kishnatib turarkan: “O‘zimni ming yil avvalgi zamonda yashayotganday sezayapman”, degan ekan.
Amir Temur bobomiz haqidagi kitoblarni o‘qiganingizda shonli tarix uzoqda emas, xuddi kecha o‘tganday, umringizning bir bo‘lagiday tuyulib ketadi.
G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi yaqinda “Amir Temur Yevropa elchilari nigohida” kitobini chop etdi. Kitob mualliflaridan biri Ispaniya qiroli elchisi Rui Gonsales de Klavixodir. Kitob 1403 — 1406 yillarda yozilgan. Ma’lumki, elchilar kundalik daftar tutar ekanlar, o‘z oldilariga badiiy asar yozishni emas, balki o‘z qirollariga ma’lumot to‘plashni, o‘zlari yuborilgan diyorning aniq manzarasini chizishni maqsad qilib qo‘yadilar. Klavixo ham bundan mustasno emas. Uning kundaliklari sodda, aniq va ravon yozilgan.
“Birinchi jangda Hindiston podshohi fillar tufayli Temurbek ustidan g‘alaba qozondi (Garchand, siz sarkarda bo‘lmasangiz-da, mana shunday holatga o‘zingizni solib ko‘ring. Garchand, hayotlari davomida ro‘y bergan uch yuzdan ortiq jangning birortasida mag‘lub bo‘lmagan esalar-da, bunday vaziyatda bir qarorga kelish uchun, baribir, yuksak salohiyat kerak). Ertasi kun jang boshlanishidan avval Temurbek tuni bo‘yi o‘ylab chiqqan hiylasini ishlatdi, askarlariga tuyalar ustiga samon-xashak ortishni buyurdi. Jang boshlanishi bilanoq, fillarga qarshi maxsus tuyalarni qo‘yib yuborishdi va ular fillarga yaqinlashganida tuyalar ustidagi somonni yoqishdi. Fillar yonayotgan tuyalarni ko‘rgach, hammasi har tarafga qarab qochdi. Aytishlaricha, fillarning ko‘zlari kichik bo‘lganligi uchun olovdan qo‘rqishar ekan”.
Klavixo buyuk bobomiz hayotida bo‘lib o‘tgan bunday voqealarni ko‘plab keltiradi.
“Masjid qurilishini Sohibqironning o‘zi nazorat qila boshladi. O‘zi bu vaqtda yura olmasdi, uni ko‘tarib yurishardi. Uni har kuni bu yerga olib kelishar, u ishchilarga qurilishni tezlatishni, keyin bu yerga qaynatilgan go‘sht keltirib, xandaqning ichida ishlayotganlarga tashlashni, ba’zida tanga pullar sochishni buyuradi. Ayrim hollarda pishirilgan go‘shtni binokor va me’morlarga o‘z qo‘li bilan kesib berardi. Shu yo‘sin qurilish kechayu kunduz davom etardi”.
Kitobda, buyuk bobomiz hayotidan olingan bunday oddiy va o‘ta ta’sirli hikoyalar ko‘plab keltirilgan. Bu hikoyalarda xavf-xatarga qarshi aniq chora-tadbirlar qanday qo‘llanilgani, bobomiz afsonaviy odam emas, balki o‘zlarini kichik sarboz singari tutib, matodan to‘qilgan ko‘ylakda jangchilarga qo‘shilib, jangga kirib ketaveradigan, har lahza, boshida yuzta xatar aylanib turganda ham aqli olmosligi, zakovati buyukligi tufayli najot yo‘lini topa bilganligi tasvirlanadi.
Amir Temur bobomiz bolaliklarida o‘rtoqlariga: “Sen falon mamlakatga podshoh bo‘lasan”, boshqasiga: “Sen falon shaharni boshqarasan”, yana biriga: “Sening izmingda falon amirlik bo‘ladi” der ekanlar. Keyinchalik, shu o‘rtoqlari bir umr bobomizning yonida yurib xizmat qilganlari, birlari amir, birlari o‘zga viloyatda hokimlik qilganlari aytiladi. Xuddi, shu rag‘batlantirish usulini to‘rt yuz yildan so‘ng Napoleon Bonapart ham qo‘llab, bir yarim ming askarga Faxriy legion ordenini ulashgan, o‘n sakkiz generalga birdaniga “Frantsiya marshali” unvonini bergan, qo‘shinini esa “Buyuk armiya” deb atashlarini buyurgan va bu maqom Napoleonga ulkan g‘alabalar, so‘nmas shon-shuhrat keltirgan.
Amir Temur hayotini o‘rganish qalbimizga bitmas-tuganmas iftixor bag‘ishlaydi.
Kitob — maktub. Olis o‘tmish qa’ridan bizga yuborilgan maktub. Oddiy maktub emas, buyuk bobomiz haqida hujjatnoma — shahodat daftari. Millatimiz buyukligi haqida yozilgan dostonlarning biri.
Bir paytlar Rasul Hamzatov o‘tmish haqida yozib, tanqid to‘fonida qolganida: “Otni ayblamanglar, yo‘lni ayblanglar!”, degandi.
Bugun endi yo‘l o‘zgardi, tuzum yangilandi. Istiqlol sharofati bilan buyuk imkoniyatlarga ega bo‘ldik. Endi ham ba’zi zamondosh yozuvchilarimizning o‘tmish haqidagi kitoblari o‘quvchida esnoq uyg‘otadigan bo‘lsa: “Yo‘lni ayblamanglar, otni ayblanglar!”, deyishdan boshqa ilojimiz qolmaydi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.