OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nusrat Rahmat. Mavhum tuyg‘ular (hikoya)

Nihoyat, shuncha yakravlikdan keyin bobom ham bu yerdan ko‘chadigan bo‘ldilar. Bundan butun oilamizdagilar quvonishdi. Biror yil ilgari barcha qishloqdoshlarimiz posyolkaga ko‘chib o‘tib, Qamchinda u kishining bir o‘zi qolgandi- da. Bobomni bu yerdan ko‘chirishga hech kim ko‘ndirolmagandi. Kolxozimiz raisi Mingnorov ham, agronomimiz, partorgimiz ham bir necha bor aytishdi. Bobom esa yotig‘i bilan “yo‘q”, deyish o‘rniga:
-Ko‘chmayman dedim-ku, kuyasizlarmi-yo‘qmi?- deb baqirib berardilar.
Boyaqish oyim bo‘lsa, bobomning qarshisida o‘tirib olib, yum-yum yig‘lardi-yu, ammo jur’at qilib: “Bu yerdan ko‘ching”, deyolmasdi. Uning baqirib berishidan juda qo‘rqardi.
Shuning uchun bo‘lsa kerak, bobomning ko‘chishi to‘g‘risidagi xabar tez tarqaldi. Bobom fikridan qaytib qolishidan cho‘chib dadam posyolkada zudlik bilan uning mollari uchun og‘il, tovuqlari uchun katak qurib qo‘ydi. Bobomning ko‘chishlaridan qarindoshlar ham quvonishdi.
Ammo men negadir... quvonmadim. Bobomning shu yerda – qadrdosh qishlog‘imiz Qamchinda qolishini juda-juda istar edim. Men u kishining eshigi qarshisidagi eski tegirmon tomiga chiqib, miriqib kitob o‘qishni, shirin xayol surishni juda yaxshi ko‘ramanda. Ulkan va quyuq tollar bilan burkangan bu manzilgohning bir me’yorda esib turadigan yoqimli shabadasi, sharqirab yotadigan bir tegirmon suvi boshqa hech joyda bo‘lmasa kerak. Goh u, goh bu tolda bulbul sayrab qoladi, barglar orasidan uni topolmasangiz ham ovozini tinglab o‘tirish juda zavqli. Tegirmon tomidan tirmashib novning ustiga chiqsangiz, butun qishlog‘imiz va posyolka xuddi kaftdagidek ko‘rinib turadi. Kishining ilhomi jo‘sh urib ketadi: qo‘shiq aytgisi yoki she’r yozgisi kelaveradi. Darvoqe, men qishlog‘imizga bag‘ishlangan “Qamchin” degan she’rimni xuddi shu yerda yozganman. U shunday boshlanadi:

Cho‘qqidan otilar inju bo‘lib suv,
Shoshib sen tomonga yo‘l oladi u.
Horg‘in bulutlar-chi ko‘nib qoyaga
Senga termiladi: borlig‘ing suluv:
O, ona Qamchinim, sevaman seni!

Bu she’rim to‘g‘risida batafsilroq so‘zlab berishdan ilgari, qishlog‘imizning nega Qamchin deyilishini aytib bergim kelyapti.
Bobomning hikoya qilishlariga qaraganda, bu nom Samarqanddagi Shohizinda maqbarasi bilan bog‘liq emish. Undagi qabrlardan biriga quloq tutilsa, xuddi temirchining bir me’yorda bolga urishiga o‘xshash ovoz eshitilib turarkan, ammo bu sadoning siri hozirgacha hech kimga ma’lum emas ekan. Juda qadim zamonda Samarqand ustiga mo‘ru malaxdek bo‘lib yov bostirib kelibdi. So‘g‘diyon lashkarlari uzoq kurashibdilar, ammo dushman son jihatdan bir necha bor ko‘p ekan. So‘g‘diyon lashkarboshisi noilojlikdan ana shu g‘orga kirib yashirinishga buyruq bergan ekan. Hozir ular o‘sha yerda qilich-qalqon yasayotgan emish: qachonlardir chiqib, yovga qashqatqich zarba berisharmish.
Qadimda Samarqand shohlaridan biri ana shu qabrdagi tovushning sirini bilib chiqqan kishiga juda katta in’om va’da qilibdi. Uning beliga uzun arg‘amchi bog‘labdilar va chuqurga tushira boshlabdilar: ko‘p o‘tmay haligi baqira boshlabdi. Uni zudlik bilan tortib olishsa, qop-qora bo‘lib o‘lib qolgan emish. Shunda ikkinchi navkar uning belidan arg‘amchinni yechib, o‘z beliga bog‘labdi.
“Baqirsam ham tortib olmanglar”, - tayinlabdi u. Shunday qilib uni ham qabrga tushira boshlashibdi. Baqirsa ham quloq solishmabdi. Bir mahal qirq gazli arg‘amchi oxiriga yetib, haligi odam oyog‘i yerga tekkanini ma’lum qilibdi. Oradan yana bir oz o‘tgach, uni tortib olishibdi. Navkar juda hayajonlangan, taajjublangan ekan. Zum o‘tmay uni shahanshohga ro‘para qilibdilar.
“Xo‘sh, tezroq gapir, nimalarni ko‘rding?”, shoshib so‘rabdi podshoh.
“Avval shartimni eshiting, shohim! Bu sirni – barcha tilagimni muhayyo qilganingizdan keyingina gapirib beraman”.
“Tila − tilagingni!”
“Bir otga minib, uni qibla tomon choptiraman, ot qaerdaki yiqilsa yoki to‘xtab qolsa, o‘sha yergacha bo‘lgan tumonat hokimligini menga berasiz!”
Shoh rozi bo‘libdi.
Haligi navkar bir to‘riqqa minib, unga qamchin bosibdi. Ot chang ko‘tarib yuguribdi. Xuddi mana shu yerga – bizning qishloqqa kelganda munkib ketibdi. Navkar otdan yiqilayotib, qamchisini oldinga uloqtirganiga baqiribdi:
“Ha-ay, qamchin tushgan joydan berisi meniki-i-i!..”
Lekin boyoqishga hokimlik nasib etmabdi: o‘sha yerdayoq otning ostida qolib, hayotdan ko‘z yumibdi. Sir ham u bilan birga ketibdi. Uning qamchisi tushgan joy esa bizning qishlog‘imiz bo‘lib qolibdi, shuning uchun ham uni Qamchin deyisharkan.
Adabiyot o‘qituvchimiz Qilichevning aytishiga qaraganda, bu gap mutlaqo yolg‘on va hatto zararli ham emish. Uning fikricha, qadim zamonlarda ota-bobolarimiz qamchin yasash bilan shug‘ullanishganmish: bu yerning asli nomi Qamchinon bo‘lib, keyinchalik Qamchin bo‘lib qolganmish. Bir kitobdan esa, qishlog‘imizning asl nomi o‘zbek xalqining Qavchin degan urug‘i bilan bog‘liqligini ham o‘qigan edim. Kim bilsin...
Mening kuzatishimcha, bu ham unchalik to‘g‘ri emasday. Mana shu balandlikdan qishlog‘imizga qarab, uning katta qamchinga o‘xshashligiga bir necha bor ishonch hosil qilganman. Huv anavi cho‘qqi poyidan yo‘l olgan buloq avval to‘g‘ri ariq bo‘ylab sokin oqardi. Bu qamchinning sopiga o‘xshab ketadi. Mana shu tegirmondan o‘tgandan keyin esa u ilonizi bo‘lib ketadi, ya’ni qamchinning darrasiga o‘xshaydi. Qishloqdagi deyarli barcha xonadonlar ana shu ariq sohilida joylashgan, ularning tomlari ham bir-biriga tutashib ketgan.
Men sizga aytgan o‘sha “Qamchin” sarlavhali she’rimda qishlog‘imizning hamma ham darhol his qilolmaydigan jozibasi, bo‘yoqlari haqida qalam tebratgandim-da. Biror yilgacha bu she’rimni hech kimga ko‘rsatmay yurdim. Keyin ming andisha, istixola bilan adabiyot o‘qituvchimizga berib, undan maslahat so‘radim. Muallim avval miyig‘iga kuldi, so‘ng ming‘irlaganicha o‘qib chiqdi-yu, boshini sarak-sarak qilib gap boshladi:
–Menga qara, Abdulla! Bu Qamchinning nimasini maqtaysan?! Axir, u yerda to‘rtta eski choldevor bilan sening baqiroq bobongdan bo‘lak nima bor?! Posyolkani maqtamaysanmi uning o‘rniga: hamma sharoiti bor, zamonaviy...
Avval juda xijolat bo‘ldim, uning gapiga hech ham qo‘shilgim kelmadi. Nahotki Qamchin – kindik qonimiz tomgan shu ona qishloq xunuk bo‘lsa?! Lekin keyin o‘ylab boqsam, Qilichevning gapida ham jon borday. Haqiqatan ham posyolka shinam, gazi, suvi bor. Shundan keyin posyolkaga bag‘ishlab she’r yozishga kirishdim, ammo qo‘limga qalam olishim bilan pishiq g‘ishtdan qilingan va pishiq g‘ishtday bir-biriga o‘xshash uylardan boshqa narsa ko‘z o‘ngimga kelmadi. Uning o‘rniga esa bobom haqida she’r boshlab qo‘ydim.
Bobomni orqavarotdan ko‘pchilik “Baqiroq boboy”, deydi. O‘zim ham bunga ko‘nikib qolganman, meni ham ba’zida “Baqiroq boboyning nevarasi” deyishadi. Men bularga achchiqlanmayman, chunki u kishi haqiqatan ham bir oz tajangroq: ko‘ngilga yoqmaydigan gap bo‘lsa, baqirib beradigan odatlari bor. Buning ustiga nuroniy ham emas, soqoli – yakkam-dukkam, ortiq chakka suyaklari bo‘rtibroq chiqqan... Mening kuzatishimcha, bunday chollar hamma joyda ham tajangroq, baqiroq bo‘lishadi.
Bobomning uylariga bir tabaqali bog‘dodi eshikdan kiriladi. Hovli to‘rida bitta yetti bolorli uy va besh bolorli dahliz bor, xolos. Hovli kichikkina, o‘rtada keksa, bukri shotut: unga hamisha qora govmish bog‘langan bo‘ladi, atrofda uch-to‘rtta ko‘lanki tovuq donlab yuradi.
Uyda ham deyarli hech vaqo yo‘q. Ayrimlar: “Cholning oltini bor”, deyishadi. Bu – yolg‘on! Uyda eski sandiq, sholcha, to‘rda – devorga ilingan non ko‘zga tashlanadi. Uni urushda bedarak ketgan tog‘am, ya’ni bobomning yagona o‘g‘illari tishlab ketgan. Non ko‘p turaverganidan burishib, yurakka o‘xshab qolgan.
Men o‘sha, “Bobom” sarlavhali she’rimni u kishini bu yerda turtib turgan kuch oltin emas, ana shu kemtik nondir, degan tuyg‘uni bayon etishga harakat qilganman. Shu bilan birga bobomni nuroniy, katta qalbli kishi qilib tasvirlanganman. Lekin aslida bobomning bu yerdan ketmasligining sabablari haytovur faqat o‘sha non bo‘lmasa kerak, boshqa sabablari ham bordir...
Urush yillari oilamizdagilarni shu sigir bilan tovuqning avlodi saqlab qolgan, deyishadi. Bobom tong bilan shaharga sut bilan tuxum olib ketib, nonga almashtirib kelarkan. U paytda mana shu hovlichada o‘z bolalaridan tashqari bir necha yetim bolalar ham bor ekan. Bobom shu alfozda ularni asrab qolgan ekan. O‘zining sakson yillik hayotida turli tasodiflar, ochlik, muhtojliklarni boshdan kechirgan bobom mana bu sigir bilan tovuqni nimalardandir cho‘chib asrab yurgandir.
Bu sigir bilan tovuqning avlodi juda qadim zamonlardan beri oila yo‘ldoshi bo‘lib kelgan ekan. Bobomning bobosi ko‘z yumish oldidan bu jonivorlarning zotini yo‘qotib yubormaslikni vasiyat qilgan deyishadi. Balki bobom posyolkada bu jonivorlarni saqlaydigan joy yo‘qligi uchun ko‘chmay yurgandir.
Balki bular ham emasdir. Bilmadim, bilmadim.
O‘ta ehtiyotkor va badjahl bobom boshqalarga yoqmasa yoqmas, men baribir uni yaxshi ko‘raveraman. U kishining ko‘nglidagi gapni darhol fahmlab olaman va shunga ko‘ra ish tutaman. Shuning uchun bobom meni yaxshi ko‘radilar, men bilan ochilibroq gaplashadilar, ba’zida qiziqarli sarguzashtlar, afsonalar aytib beradilar. Bobomga bag‘ishlangan she’rimni ham mehrim toshganidan yozganman: u kishining qandaydir ko‘zga ko‘rinmaydigan olijanob hislatlari ko‘p, deganman.
Ko‘p andishalardan keyin bu mashqimni ham adabiyot o‘qituvchimizga ko‘rsatishga majbur bo‘ldim. Axir boshqa kimga ko‘rsatish mumkin? U kishi adabiyot muallimi, biladigan kishi...
Qilichiev bu gal ham she’rni ming‘irlab o‘qib chiqdi-yu, boshini yuqoriga ko‘tarib, qah-qah otib kuldi.
–He, Abdulla-ey! O‘sha bobongning nimasini maqtaysan! Boshqa nuroniyroq qurib ketgan edimi?!
Men ham hijolat chekdim. Lekin uning gapi jahlimni chiqardi. Bundan keyin she’r yozsam, redaktsiyaga yuborganim bo‘lsin! Har holda ular bobomning baqiroqligini bilishmaydi-ku! Ular Qilichevday andishasiz, yuzgachopar bo‘lishmasa kerak?! Men she’rlarimga yashirgan qandaydir samimiy va bir oz mavhumroq tuyg‘ularni ular darhol fahmlashmasa kerak?! Ha, his qilishadi, axir redaktsiyada dono, hamiyatli, sinchkov kishilar ishlashadi-ku!
To‘g‘ri, bobom bir oz badjahlroq. Buni tan olmasligim ham insofdan emas. Boshqalarni qo‘ya turing, shu kolxozimiz raisi bilan agronomini ham jerkib berganliklarining guvohi bo‘lganman.
Men tomida o‘tirib she’r yozadigan tegirmon bir mahallar odam bilan gavjum bo‘lgan. O‘sha paytlarda bobom bu yerda tegirmonchilik qilganlar. Keyinchalik esa magazinlarda unlar ko‘payib, bu yerga qadam bosmay qo‘yishgan. Shunda bobom ne-ne azoblarda tegirmonni moyjuvozga aylantirganlar. Odamlar bu manzilga yana kela boshlaganlar. Bobom endi ularga zig‘ir yog‘ ulashgan. Ammo bu uzoq davom etmagan: juvoz yasab, zig‘ir yog‘ ishlab chiqarish mumkin emas ekan-da! Kolxozimiz rahbarlarining biri qo‘yib-biri kelar, juvozni berkitishni talab qilishardi.
Bir kuni rais bilan agronom kelib, talabni qattiqroq qo‘yishdi. Bobom ham toqat qilolmay, baqirib berdi:
– Axir, odamlar zig‘ir yog‘ yemasinmi...
– Paxta yog‘ hech kimni teshib chiqqan emas, - bo‘sh kelmadi rais ham.
– Teshib chiqmagan bo‘lsa, o‘shani yeyavering, men juvozni yopmayman!
Ular juda g‘azablanib, indamasdan orqaga burilishdi. Bobom esa bog‘dodi eshigining ostonasiga og‘ir cho‘kib, uzoq vaqtgacha sukut saqlab o‘tirdi. Yodiga o‘g‘li tushdimi yoki boshqa sababdanmi, bir nuqtaga uzoq tikilib, og‘ir xayol surdi, so‘ng kechga yaqin juvozning eshigiga mana bu katta qulfni urdi. Lekin odamlar uzoq-uzoqlardan hamon zig‘ir yog‘ izlab kelishadi.
Kolxozimiz rahbarlari ham yomon odamlar emas, ular har gal bobomni kechirishadi va yuzma-yuz kelganda, albatta qo‘l berib salomlashishadi. Agar badjahlroq rais bo‘lganda... Bultur bobom uni shunday xijolat qilgandiki, asti qo‘yavering.
O‘shanda xuddi shu yerda kitob o‘qib o‘tirgandim. Bobom tol xivichidan savat to‘qiyotgan edilar. Kutilmaganda rais bilan notanish kishi kelib qoldi. Mehmon hiyla keksaroq, oriq bo‘lib, bobomning chipor tovug‘idan nigohini uzmas, xuddi semurg‘ qushni ko‘rganday, uni ta’qib etib kelardi. Rais ham bir tovuqqa, bir atrofga alanglab, uning orqasidan ergashardi. Bu juda taajjubli hol edi: men bilan bobom ishimizni yig‘ishtirib qo‘yib, ularni kuzata boshladik.
– Ha, o‘zi nima gap? – dedilar chidab turolmagan bobom bir ozdan keyin.
Rais bu kutilmagan uchrashuvdan sarosimaga tushdi, lekin darhol o‘zini o‘nglab oldi.
– Ie, shu yerdamisiz? Yaxshimisiz, sog‘liqlar joyidami?
– ...
– Bu kishi, - rais yonidagiga ishora qildi, - chet ellik mehmonlar. Kolxozimizga kelgan ekanlar. O‘zlari professor... tovuqshunoslik bo‘yicha. Shu desangiz, toza qonli ko‘langi tovuq ya’ni o‘zimizning jaydari tovuq yo‘qolib ketgan, degan gaplar bor ekanda. Mehmon tovug‘ingizni ko‘rib, juda xursand bo‘ldilar. Endi bittasini shu kishiga berib yuboradiganga o‘xshaymiz.
Oraga bir lahzalik jimlik cho‘kdi. Rais bobomning aynib qolishidan yoki baqirib berishidan cho‘chidi shekilli, yotig‘i bilan davom etdi.
– Men sizga fermadan to‘rt-beshta tovuq berib yuboraman.
– Haligi oq tovuqdanmi? – qandaydir kinoya bilan gap boshladilar bobom.
– Ha, semizrog‘i, tuzukrog‘idan...
– O‘sha sariqpocha tovuqlarga shuni almashtiradi, deb o‘ylaysizmi?
– Ha, mayli, pulni to‘g‘rilab beramiz. Qimmatroq qilib...
– Mening tovuq sotganimni qachon ko‘rgan edingiz? Qimmatchilik yillari sotmagan jonivorni endi sotamanmi?! – tovushlarini bir oz ko‘tardilar bobom.
Rais cho‘chib qoldi. Mehmonning nazdida noqulaylikka tushdi, ammo bu vaziyatdan ham osonlik bilan chiqib ketdi.
–Ha, buning ilojini topamiz, - dedi u mumkin qadar yumshatib.
Nimaning ilojini topishini biz bilolmay qoldik. Yonidagi mehmonga esa ruschalab: “Cholning o‘zi bu tovuqni nabirasidan berib yubormoqchi bo‘lyapti, siz, hurmatli mehmonning ovora bo‘lishingizni istamayapti”, dedi.
Men juda hayron qoldim. Bobomga aytmadim-ku, ammo bu yog‘i qanday bo‘larkin, deb o‘ylay boshladim. Ular qaytib ketganidan keyini ko‘p o‘tmay, halloslagancha dadam yetib keldi. Ma’lum bo‘lishicha, rais tadbirkorlik qilib dadamni ishga solibdi. Dadam kolxozimizda buxgalter bo‘lib ishlaydilar, raisning gapini ikki qilolmaydilar.
– Endi, nozik mehmon ekan, bermasak, rais xafa bo‘lar, - bobomni ko‘ndirishga tirishardi dadam.
– Xafa bo‘lsa sadqai sar! Juvozni yo‘qotdi, jaydari sigirlarimizning barini go‘shtga topshirib yubordi. Endi tovug‘imiz ham qolmasinmi?!
Oraga og‘ir jimlik cho‘kdi. Dadam ham hech yoqqa ketmay, boshini chap tomonga xam qilganicha xomushgina o‘tirardi, bobom esa yana ostonaga cho‘kkandi. Shu topda dadamni emas, ko‘proq bobomni o‘yladim, u kishiga rahmim keldi.
Oradan biror soat chamasi vaqt o‘tgach, bobom o‘rinlaridan chaqqon turib, tovuqni tutib keldilar.
– Mang! Olib boring. Ayting, tovug‘i ham, puli ham kerak emas!
Dadam tovuqni qo‘ltiqqa qistirganicha mamnun bo‘lib ketdi. Vaziyat yumshaganidan o‘zim ham quvondim: ilhomim jo‘sh urib ketdi, she’r boshlab yubordim. Avval tegirmon haqida she’r bitdim, eshigi qulfli bu bino keksa kishiga o‘xshashligini, uning ichi bo‘sh emasligini, bir vaqtlar najot maskani bo‘lganligini qofiyaga soldim. O‘sha kunning o‘zida “Shotut” degan she’rni ham boshlab qo‘ydim.
Darvoqe, shotut! Bobom hovlilaridagi o‘sha bukri shotut tufayli agronomimiz Qo‘zivoy akani ham qattiq ranjitgandilar.
Shotut g‘arq pishgan edi o‘sha payt. Biz – bolalar daraxt ustida edik. Bir mahal qayoqdandir Qo‘zivoy aka kelib qoldi. Otini shoshmay daraxtga bog‘lab, bobomga o‘girildi.
– Hormang, ota!
– ...
– Bu, shotut, pishibdi, manzirat ham qilmaysiz?!
–Shotut yegingiz keldimi? – bobomning ovozida qandaydir kesatishmi, kinoyami bor edi. Agronom buni sezdi, shekilli, indamadi.
–Axir, ko‘paytiringlar, - davom etdilar bobom. – Hammasi qo‘llaringda-ku!
Agronom shotut yemadi, indamadi, qovog‘ini solganicha otiga mindi-yu, jo‘nab ketdi. Ammo juda xijolat ish bo‘ldi-da!
Men “Shotut” degan she’rimga batamom boshqa narsani – shu daraxt to‘g‘risidagi afsonani asos qilib olganman. Bu afsonada aytilishicha, qadim zamonlarda shoh bir begunoh oshiq yigitni o‘limga mahkum etibdi. Yigit najot izlab atrofga alanglayotgan paytda tutning tanasi ochilib, uni o‘z bag‘riga olibdi. Buni faqatgina bir hakka ko‘ribdi, xolos. Jallodlar yigitni izlayotgan paytda hakka uning daraxtdan chiqib turgan etagini cho‘qilab qaqillayveribdi. Shunday qilib, haligi yigitni tutib qatl qilishibdi. Shundan beri shohtutning mevasi qon rangida bo‘lib qolgan emish.
Lekin ertasiga bu she’r o‘zimga ma’qul bo‘lmadi: uni yirtib tashlab, o‘rniga “Mavhum tuyg‘ular” degan she’r yozdim. Bu she’rimga hayotda shunday nodir tuyg‘ular borki, ularni hamma ham his qilolmaydi, bu mavhum va tabarruk tuyg‘ular, ularni his etish katta baxtdir, degan mazmun bor edi.
Ko‘chirdim-u, redaktsiyaga jo‘natdim. Ertadan boshlab gazetani sinchiklab kuzatib bordim. Ammo ular men kutgandek gazetada chiqmadi; o‘n kunlardan keyin redaktsiyadan xat oldim.
“Hurmatli A. Ma’dullaev!
“Mavhum tuyg‘ular” sarlavhali she’ringizda mavhum misralar mavjud bo‘lganligi uchun ulardan foydalanishning iloji bo‘lmadi.
Bizga yozib turing!”
Ko‘nglimning allaqaeri huvillab qolganday, juda tabarruk narsani yo‘qotganday bo‘ldim.
Shu payt qarasam, bobom ham ostonada o‘tirib og‘ir xayol suryapti. Ehtimol so‘nggi yuklarini ko‘chirib, ona qishlog‘imiz – Qamchin bilan xayrlashayotgandir, ehtimol, “o‘g‘lim kelib qolsa, bu yerda hech kim yo‘q ekan, deb qaytib ketmasin”, deb xavotirga tushayotgandir, ehtimol, boshqa biror mavhum tuyg‘u unga tinchlik bermayotgandir.
Bular bari men uchun mavhum edi.

1969

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.