OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nusrat Rahmat. Zarpechak (hikoya)

Ikki yonida pishiq g‘ishtdan jimjimador qilib ustun tiklangan, ustidan esa hashamdor boloxona qurilgan, o‘ng tabaqasiga ovcharka rasmi chizilib, “Ostorojno, zlaya sobaka!” deb yozilgan tunuka qoqilgan tanish darvoza qarshisida bir zum to‘xtab qoldim: dilimda noxush, rutubatli tuyg‘u paydo bo‘ldi. Bundan yetti yilcha muqaddam surishtira-surishtira mana shu darvozani topib kelgani va signal tugmachasini quvonch bilan bosganim beixtiyor yodimga tushdi.
O‘ninchi sinfni bitirib, endigina attestatimni qo‘lga olgan paytlarim edi o‘shanda. Universitetning biologiya fakultetiga kirish, o‘simliklarning g‘aroyibotlariga to‘la dunyosini o‘rganish ishtiyoqi bilan yurgan paytlarim edi.
O‘sha – birinchi bor bu yerga kelishimga ham oyim sabab bo‘lgandi. O‘qishga kirishga ahd qilganimdan quvonib, shaharda tog‘avachchamiz yashashini, u katta odam – tergovchi ekanligini, menga madadi tegishini qayta-qayta ta’kidlagandi.
–Samarqandga borib, duch kelgan odamdan Otaqul Qulievichning uyi qaerda, deb so‘rasang ko‘rsatadi, - degandi.
O‘shandan beri yillar o‘tib, tog‘avachchamiz bilan bordi-keldi qilmaganimiz, bir-birimizni bilmasligimiz sabablarini o‘ylab ajablangandim. Shu mahallaga kelib, hayratim yana oshgandi: o‘nlab kishilar Otaqul Qulievich degan kimsani bilmasliklarini afsus bilan tan olgandilar. Faqatgina mahalla choyxonachisi jonimga ora kirgandi.
–Tergovchi bo‘lsa, mana shu Maxsumchadir. Huv, o‘sha darvozani taqillatib ko‘ring-chi.
Bu hashamdor darvoza qarshisida meni salobat bosib turgandi, uning taxtasiga kimdir bo‘r bilan shoshib, “xasiz” deb yozganini o‘qib kulgim kelgandi. Kulgimni qistatgan, aslida bu so‘z emas, balki bundagi xato bo‘lgandi o‘shanda. Menga peshvoz chiqqan ayolga o‘zimni tanishtirganimdan keyin quvonib ichkariga taklif qilgandi: oyimning sog‘ligini qayta-qayta surishtirgandi. Qopong‘ich itdan xavotirlanayotganimni sezib, kulgandi.
–Qurqmay kiravering, it yo‘q!
Ayolning shirinsuxanligi, jonso‘zligi; nimadandir aziyat chekkan qiyofasi menga ma’qul tushgan bo‘lsa-da, tog‘avachchamiz Otaqul Qulievich birinchi ko‘rishdayoq noxush taassurot uyg‘otgandi. Uning rangi zahil, qiyofasi tund edi. Meni bo‘sh xona izlab yurgan student deb o‘yladi, shekilli, xotiniga tojikchalab ijaragirdan bezorligini aytdi. Ayol meni tanishtirganidan keyin ham uning qiyofasi va muomalasida jiddiy o‘zgarish bo‘lmadi: barmog‘ining uchi bilan ko‘rishib, hol-ahvol so‘ragan bo‘ldi.
–Mol nechta? – uning dabdurustdan berilgan birinchi savoli kechagiday yodimda.
Men allamahalgacha ikkilanib, bir oz mulohazadan keyingina u uyimizdagi mollarni so‘rayotganini fahmlagandim.
–Sigir bor, buzog‘i bilan...
–Qo‘y-chi?
–Yo‘q...
–Sizlarning sharoitlaring menda bo‘lsa, qo‘yni ko‘paytirib tashlardim.
U bir sovliq bir yilda ikkita bola bersa, ikki-uch yilda nechta bo‘lishini hisoblab berdi: go‘shtning kamchilligini gapirdi. Men esa tezda zerikib, bu yerdan ketgim kelaverdi. Har qalay, tog‘avachchamning xotini o‘g‘li bilan tanishtirib qo‘ydi-yu, suhbatimiz ancha qovushdi. Akbar ham menga o‘xshab shu yil o‘rta maktabni bitirgan ekan.
–Arxitektura institutiga kirmoqchi edim, ammo dadam rozi bo‘lmayapti,- dedi u tashqariga chiqqanimizdan keyin. – “Myasomolochniy” texnikumiga kirishni talab qilyapti. Unga oyim ham tushuntirolmayapti.
Kuni bilan shahar aylandik. Kechqurun u mendan iltimos qilib qoldi.
–Har holda, siz qarindoshsiz, dadamga bir aytib ko‘ring-chi, institutga kirishimga zora ruxsat berib qolsa...
Ammo men bu gapni aytolmadim. Gapni boshlab, o‘qishga kirish niyatim borligini aytishim bilanoq, u qo‘l siltadi.
–O‘qishning o‘zi bo‘lmaydi, jiyan! Universitetga kirish uchun kamida falon pul kerak. O‘qish paytida ham shu. Sening o‘rningda bo‘lsam, bir-ikki yil qishloqda ishlardim. Oying bo‘lsa, busiz ham ko‘p aziyat chekkan ayol.
Men o‘qishga kirish uchun pul kerakligini ayrim odamlardan eshitgan bo‘lsam-da, ishonmay yurardim. Bu gapdan keyin shubham oshdi, ikkilanib qoldim. Qolaversa, tog‘avachchamizning gapida ham jon bor edi. Dadamning vafotidan keyin bechora oyim o‘zi yemay menga yegizdi, o‘zi kiymay menga kiygizdi. Tag‘in uni qiynab qo‘ysam insofdan bo‘lmas.
Qishloqqa qaytib, qarorimni oyimga aytgandim, u sira rozi bo‘lmadi: har nima qilib bo‘lsa ham o‘qishim zarurligini ta’kidladi.
–Mayli, pul kerak bo‘lsa, sigirni sotamiz. O‘qish payti ham bir gap bo‘lar, zo‘r bo‘lsa, fermaga ishga o‘taman, u yerda yaxshi haq to‘lashadi.
Lekin o‘sha yili qabul imtihonlaridan hech qiynalmay o‘tdim, hech qanday tamasiz qabul qilishdi. Birinchi semestrdan keyin a’lochilar stipendiyasi olib, oyimga ham ko‘maklashadigan bo‘ldim.
Bular bari o‘tgan gaplar. Ammo yillar o‘tib, bu dargohga qaytib kelolmaganman. Oyim har gal kirishimni tayinlar, ammo oyog‘im tortmasdi. Bugun esa noilojman: ularni nikoh to‘yimga xabar qilishim kerak.
Signal tugmachasiga barmog‘imni qo‘yishim bilan ichkaridan qadam tovushlari eshitildi.
–Kim u? – so‘radi ayol kishi.
–Men...
–Kimsiz?
–Hamroqulman... Urgutdan...
Eshikni Otaqul Qulievichning xotini ochdi. Men bilan quyuq salomlashib, oyimning salomatligini surishtirdi, kelmay ketganim uchun gina qildi. O‘tgan yetti yil mobaynida u oriqlagan, zaiflashgan, keksaygan edi.
O‘ng tomonda baland ayvon qurilibdi. Sahnada hamrang gilamlar, divan kreslo. Uning ostidagi garajda yap-yangi “Volga”. Hovli yuzi shundaygina tokzor. To‘rda yana allaqanday hashamdor imoratlar.
Chap tomonda esa buning aksi – qachonlardir guvaladan pastakkina qilib qurilgan ayvon, uning oldida zarpechak o‘ralgan tok o‘sgan. Ayvondagi eskigina karavotda o‘tirgan tog‘avachcham meni darhol tanib o‘rnidan turdi. O‘tgan yillar mobaynida u ancha kichraygan va yanada zahillashganday. Kiyimlari uringan, g‘ijimlangan va bu liboslar ichida uning o‘zi ham g‘ijimlab tashlanganday edi.
–Xo‘sh, mulla Hamroqul, - so‘z boshladi tog‘avachcham, - do‘stdanmi, dushmandanmi – bedarak bo‘lib ketdingiz?!
–O‘qishdan qo‘l bo‘shamadi, - bahona qildim.
U qishloqdagilarni uzoqdan-uzoq surishtirganidan keyin universitetni bitirganimni, botanika va o‘simliklar fiziologiyasi kafedrasida ishga qolganimni, zarpechak o‘simligining ayrim xususiyatlari to‘g‘risida ilmiy ish olganimni gapirib berdim.
–Malades, malades, - mamnun jilmaydi u, - zarpechak deng-a. To‘g‘ri qilibsiz. Mana shu tokka bittasi chirmashgandi, hech ham yo‘qotolmayman. Tokni xarob qildi.
–Buni bahorda yulib tashlash kerak edi. Endi qiyin, - fikrimni aytdim. – Atrofdagi giyohlarga chirmashib olib, ularni harob qiladi.
–Buning ildizi bo‘lmasakanda-a? – o‘smoqchilab so‘radi tog‘avachcham.
–Bo‘lmaydi. Tekinxo‘r. Urug‘idan chiqasolib, yonidagi o‘simlikka chirmashib oladi.
U dissertatsiyani qachon yoqlashimni, keyin qancha maosh olishimni, banket uchun qancha mablag‘ sarflashimni surishtirdi. Javoblarim dudmal, uzuq-yuluq chiqqani uchun bo‘lsa, kerak, gapni boshqa tomonga burdi:
–Tomorqaga nima ekkansizlar?
–Kartoshka, sabzi, molga yemish.
–Necha sotix?
–O‘ntalar bor, chamasi...
–O‘n sotixdan har yili besh ming so‘m daromad qilish mumkin. Ertaga kartoshka ekilib, yoniga rediska qadalsa, kartoshka pishguncha qadar rediskani sotish mumkin bo‘ladi. Yer ekindan bo‘shagandan keyin tag‘in kartoshka, sholg‘om, sarimsoq piyoz ekish mumkin. Biror sotixiga kuzda ko‘kat ekib, plenka bilan yopsa, qishda bog‘lamchasini ellik tiyindan sotish mumkin bo‘ladi. Men mana shu hovlidan bir yilda to‘rt-besh hosil olardim. Keyin barini tok qilib tashladim. Kuzda uzumini uzib, yerto‘laga ilaman. Kilosi uch so‘mlik paytda o‘zi kelib olib ketadi. Har bir aqlli kishi kech bo‘lmasdanoq hayotini tuzatib olish haqida brsh qotirish shart.
Tog‘avachchamiz o‘z gapini dalil va isbotlar bilan ma’qullar, isbotlardi.
–Mana siz, bir yilda nari borsa, ikki ming so‘m daromad qilishingiz mumkin. To‘g‘rimi? Lekin atigi bir sotix yerni teplitsa qilsa, kamida uch ming so‘z olish mumkin bo‘ladi. Yoki ikkita novvos boqsangiz, bir yilda uch ming foyda beradi.
Darvoza oldida mashina to‘xtadi, so‘ng eshik shaxt bilan ochilib, ichkariga shalog‘i chiqqan “Zaporojets” kirdi. Uning motori ajabtovur guldirar, orqasidan quyuq tutun chiqardi. Mashinadan sochlari to‘zg‘igan, men tengi kishi tushib, biz tomonga noxush nazar tashlab qo‘ydi, keyin indamay uyga kirib ketdi. Uni ko‘rib Otaqul Qulievning ham kayfiyati buzildi, ravon falsafasi qovushmay qoldi. Ancha tanaffusdan keyin qishloqda go‘sht bilan tuxumning narxini surishtirdi. Bir tanishi bahorda besh yuzta jo‘ja xarid qilib, kuzgacha boqqanini, keyin necha so‘mdandir sotganini gapirdi.
Oradan biror soat chamasi vaqt o‘tgach, haligi sochlari to‘zg‘igan kishi chiqib keldi. U tog‘avachchamizning o‘g‘li - Akbar ekanligini yaqinimizga kelgandan keyin tanidim. Uning kayfi bor edi: meni tanimadi ham, dadasiga qarab to‘nglik bilan gap boshladi:
–Doktorlar oyimga sanatoriyaga boring, deyishibdi. Kecha ham ikki marta pristup tutdi.
Oraga cho‘kkan noxush sukutni dadasi buzdi:
–Sanatoriyaning o‘zi bo‘lmaydi: uning putyovkasi falon pul!
–Oyimning sog‘lig‘i falon puldan ham qimmat.
–Qimmat bo‘lsa, pul top-u, olib bor! Lekin menga puldan gapirma! Sening yoshingda odamlar uyli, joyli, mashinali bo‘lib olishgan. Mana shu bola ham, - u nogahonda meni imlab ko‘rsatdi – o‘z kuchi bilan o‘qib aspirant bo‘ldi. Hademay dissertatsiya yoqlaydi. Zarpechakdan!
–Menga zarpechakdan gapirmang! O‘qidingizmi, kecha darvozaga nima deb yozib ketishibdi? “Qori ishkambaning uyi”, deb yozishibdi. “Maxsumcha qurumsoqning o‘g‘li”, degan gapdan nomus qilaman. Mana bundan gapiring!
Otaqul Qulievich ham jahlga mindi. Ota-bola aytishib qolishibdi. Men o‘rnimdan turib, tokzor oralagan kishi bo‘lib nari ketdim. Dastlab uchrashganimizda juda mo‘min, kamtarin bo‘lgan Akbarning bunchalik yuzgachopar, badjahl bo‘lib qolganligi kishini ajablantirardi.
Darvoza oldida tog‘avachchamiz xotini jon hovuchlab o‘tirardi. Uning iltijo to‘la nigohlari, butun diqqati o‘g‘li bilan eri tomonga qaratilgandi. Meni dastlab sezmadi ham. Keyin xavotirlanib so‘radi.
–Urishishmayaptimi?
–Yo‘q, shunchaki...
Oraga jimlik cho‘kdi. Ayol davom etdi:
–Ey, xudo, janjallashib qolishmasa edi.
–...
–Doktorlarning gapini bekor aytibman Akbarga. O‘tib ketardi.
Men nima deyishimni bilmadim. Ancha sukutdan keyin ayol menga iltimos qilishga tushdi:
–Aylanay, Hamroqul, tog‘angizga yotig‘i bilan tushuntiring: Akbarni uylantirib qo‘ysin. U tengilarning ikkitadan bolasi bor. Uylansa, o‘zi bilan o‘zi bo‘lib ketadi, ichmaydi ham, janjallashmaydi ham.
–Yaxshi, aytib ko‘raman!
Ayol quvonib men tomon o‘girildi: umid, iltijo bilan davom etdi:
–Bir aytib ko‘ring, aylanay, zora rozi bo‘lsa. Hamma seplarini o‘zim olib qo‘yibman. Jiyak, qalpoq tikardim avvallari, endi yuragim sanchadi.
Janjal avjiga chiqqani uchun bo‘lsa kerak, ayol gapni chala qoldirib o‘sha tomonga jo‘nadi. Men darvozadan sirg‘alib tashqariga chiqdim. Ko‘chada bir oz ikkilanib turgach, choyxonaga qarab yo‘l oldim.
Xushchaqchaq, xushfe’l otaxonni darhol tanidim. Tavoze va iltifot bilan oldimga qand-qurs, choy keltirib qo‘ydi. Bir ozdan keyin shaxmat o‘ynashni taklif qilib qoldi. Donalarni surish bilan beixtiyor gapga kirishib ketdik.
–Mehmonjon, so‘raganning aybi yo‘q, bu o‘zlari qaerdanlar?
–Urgutdan.
–Ha, yaxshi! Urgut – ko‘p so‘lim joy. Odamlari ham xushfe’l, boy. Bizning mahallada ham Maxsumcha degan odam bor, asli urgutlik...
–Bilaman. Shu odamnikiga kelganman.
–Qarindoshingizmi? – sergaklandi u.
–Yo‘q, - tan olgim kelmadi, - bir qarindoshimizning ishi tushgan ekan.
–Lekin, qarindoshingizning ishi nobobroq odamga tushibdi. U yili ukamiz xotini bilan janjallashib qolib, ishi shu odamga tushgan ekan, pulini rosa shilib, o‘zini qamatib yubordi.
Men mot bo‘ldim va shu bilan o‘yinni tugatdik. Choyxonachiga minnatdorchilik bildirib, orqaga qaytdim. Darvoza oldida u yoqdan-bu yoqqa asabiy yurayotgan Otaqul Qulievning meni ko‘rib to‘xtadi va darhol o‘g‘lidan shikoyat qila ketdi.
U o‘g‘lini o‘qitganini, lekin shularga qaramay, bola o‘ziga o‘xshamaganini afsus bilan gapirardi.
–Balki uylantirib qo‘ysangiz, bosilib qolarmidi, - aylning iltimosi yodimga tushdi.
–Meni hech kim uylantirgan emas. Bunday paytimda kassada eski pul bilan yuz ming so‘m pulim bor edi. Buning bir tiyini yo‘q!
U o‘g‘li bilan xotinining noshudligidan uzoq shikoyat qildi.
Biz yana bir oz ko‘cha aylangach, uyga qaytdik. Men aslida bir kecha mehmon bo‘lish niyatida edim, ammo noo‘ng‘aylikdan tezroq qochish ilinjida yo‘lga otlandim. Avval yangamni, so‘ng tog‘avachchamni to‘yga borishlarini tayinlab, ko‘chaga chiqdim va yengil tortdim.
“Shu odam to‘yga bormasa ma’qul ediku-ya”, o‘ylardim o‘zimcha yo‘l-yo‘lakay.

1968

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.