OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nusrat Rahmat. Ta’qib (hikoya)

Qodir aka, shifoxonada yotgan paytlari uyda to‘planib qolgan gazeta-jurnallarni ko‘zdan kechirayotganda, nabirasi Mo‘min amaki tobut yasayotganini xabar qilib qoldi. Buni eshitib, negadir uning eti jimirlab ketdi, vujudiga noxushgina titroq kirdi, ruhi tushdi. Sababiki, bundan biror soat oldin Usta Mo‘min ko‘chada uning bo‘yini o‘lchab olgandi-da. Mana, nima uchun andoza olgan ekan?! “Nahotki juda aftodahol bo‘lsam”, o‘ylardi u o‘zicha.
Shundan keyin parishon xayollarini yig‘ishtirolmay qoldi. O‘zini ovutish uchun qaysi ishga urinmasin, ko‘z o‘ngida lop etib uning qaddini xafsala bilan, erinmay o‘lchab olgan, ayni paytda esa berilib tobut yasayotgan ustaning qiyofasi gavdalanaverdi. Demak, u tuzalmagan: doktorlar noxush oqibatni sezib, unga javob berishgan. Qo‘shni palatadan ham bir bemorga javob berishgandi, keyin...
–Nahotki nasibam uzilgan bo‘lsa? – g‘amgin shivirladi u.
Hamqishloqlar ta’biri bilan aytganda, Qodir qalamning (novchaligi uchun shunday deyishardi) ham hayoti ko‘p erkaklarga o‘xshash: ish, bola-chaqa tashvishi, xotin bilan g‘idi-bidi, boshliqqa itoat, choyxonada ulfatchilik va hokazo. Orzularining deyarli bariga erishdi: uy qurdi, bola-chaqa ko‘rdi, ularni to‘y qildi. Armiyada bo‘lganida bir qizga ishqi tushgandi, ammo olib kelishga badjahl otasidan cho‘chidi. Bu voqeaga o‘ttiz yildan oshdi, ammo uni eslaganda, entikib ketadi. Xullas, shirin xotiralar oz emas! Ammo bu xushchaqchaq dunyoni tashlab ketgisi kelarmidi kishining?!.
Balki o‘sha la’nati tobutni boshqa kishi uchun yasayotgandir? Shunday bo‘lishi kerak. Uydagilar xotirjam-ku. Lekin xotinining shaharga tushib kelgani-chi...
U uyda ivirsib yurgan xotinining xatti-harakatlariga razm soldi. Unda hech qanaqa sarosimalikka o‘xshash hol yo‘q edi.
–Qo‘shninikiga o‘tmadingmi? – usta nima yasayotganini aniqroq bilish ilinjida so‘radi u xotinidan.
–Ustanikigami? Ertalab o‘tgandim.
–Nima yasayotgandi?
–Sandiq bo‘lsa kerak, - beixtiyor javob qaytardi xotini.
U daf’atan yengil tortdi. “Demak, nabiram sandiqni tobut deb o‘ylagan, - xayolidan kechirdi Qodir aka, aslida u sandiq yasaydi. Ko‘rsodiq moliyaga yozib bergandi. Zo‘rg‘a qutulib, qayta yasamaslikka so‘z beruvchi-ku. Ajabo. Nega bo‘lmasa uning bo‘yini o‘lchadiykin?!”
Birdan uning uzoq-uzoqlarga ketgisi, yolg‘iz sanqib yurgisi keldi. Lekin iloji yo‘q edi. Shuning uchun yotib uxlamoqchi bo‘ldi. Ammo uyqusi ham kelmadi.
Nihoyat, qo‘shnisinikiga o‘tishga ahd qildi. Usta Mo‘min haqiqatan ham berilib tobut randalardi. Qodir qalamni tag‘in o‘sha ta’qibkor tuyg‘u qopladi. “Nahotki shuning ichiga kirishga to‘g‘ri kelsa?” Lekin sir bermaslikka, o‘zini tetik tutishga harakat qilardi.
Usta qo‘shnisining nogahonda tashrif buyurganidan qanchalik ajablangan bo‘lsa, uning oqarib ketgan lablari, qaltirayotgan barmoqlariga qarab, shunchalik sarosimalanib qoldi.
–Qo‘shni, nimalar yasayapsiz? – o‘zini bardam ko‘rsatishga harakat qilib so‘radi Qodir qalam.
–Tobut.
Garchand u tobutligini bilsa-da, bu sovuq javob zarba bo‘lib tushdi. Lekin ko‘nglining allaqaerida: “Balki bu la’nati boshqa biror kishigadir”, degan umid bor edi.
–Haytovur, buni o‘sha Ko‘rsodiqqa yasayotgan bo‘lsangiz kerak?
Usta qo‘shnisining darveshona holatidan qanchalik ajablangan bo‘lsa, favqulodda bergan savolidan ham shunchalik taajjubga tushdi. Ozgina sukutdan keyin javob berdi:
–Ko‘rsodiqqa deysizmi? U sadqai bunaqa tobut ketsin! Yaxshiligimni bilmadi. Xalq behudaga uni Ko‘rsodiq demaydi.
–Demak, unga emas ekan-da? – bo‘shashib savol berdi Qodir qalam.
–Yo‘q, unga emas!
Qodir akaning boshiga nogahoniy og‘riq kirdi. “Uyimgacha yetib ololarmikanman”, degan fikrdan o‘zi cho‘chib tushdi.
U bir amallab uyiga yetib keldi-yu, xotiniga shivirladi.
–Bolalarimni top, vasiyatim bor...
Xotini izillab yig‘lashga kirishdi, hamma sarosimaga tushdi. Ayol tashqari chiqishi bilan qo‘shnisining boyagi holatidan xavotirlangan usta Mo‘min kirib keldi.
–Qo‘shni, kechirasiz, tuzuk gaplasholmadik ham. Ish ko‘payib ketdi. Ertalab sandiq yasamoqchi bo‘lgandim. Naymandan bir kishi kelib tobut yasab bering, deb qoldi.
–Naymandan?
–Ha, haligi brigadirning otasi og‘ir ekan. O‘zi g‘am sizga o‘xshab novcha odam. Shuning uchun... Tobutlari eskirib qolgan ekan.
Qodir qalam chuqur nafas oldi. O‘g‘illari doktor olib kelganda, u ustaga yordam berayotgandi.

1974

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.