OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘lmas Umarbekov. Bahor (hikoya)

Lola sayli juda gashtli bo‘ldi. Quyosh tepamizga kelguncha ikki quchoq-ikki quchoqdan lola terib qo‘ydik. Sobirjonning sevinchi ichiga sig‘masdi. Kasaldan yaqinda turgan bo‘lsa ham, xuddi yosh boladek u yoqdan-bu yoqqa sakrab chopar, ko‘m-ko‘k maysalar ustiga dumalardi.
— Urinib qolasan, — dedim oxir, peshonasidagi terni ko‘rib.
— Kasal bo‘lmagandekman, — dedi u cho‘kkalab. — Faqat belim sal og‘ridi.
— O’tir, choy ichib olamiz.
Lolazor chetida turgan mashinamizdan adyol bilan termos olib keldim. Sharqirab oqayotgan jilg‘a yoiiga o‘tirdik.
— Bahorda, albatta u yoq-bu yoqqa chiqish kerak ekan, — dedi Sobirjon peshonasidagi terni artar ekan. Uning charchaganligi sezilib turardi. — Chiroyli joylar ko‘p, qarab to‘ymaysan kishi.
Biz borgan joy haqiqatan ham go‘zal edi. Bir tomoni tog‘, bir tomoni ko‘m-ko‘k dala. Olisda kumushdek tovlanib daryo oqmoqda. Lolazor esa, xuddi mohir to‘quvchi qo‘lida to‘qilgan chorsi qizil gilamga o‘xshardi.
— Anavi cho‘qqiga qara, — dedi Sobirjon zavq bilan. — Xuddi oq yaktak kiyib ot surib ketayotgan chavandozga o‘xshaydi. Shu yoqqa bu chiqsam!
— Hozir emas, — dedim men. Uning buyragini operatsiya qilishgan edi. — Keyinchalik. Yanagi yilga.
— Sen ham vrachlardan battarsan.
Sobirjonning ensasi qotdi. E’tibor bermadim. Aslida uning zavqiga men ham sherik edim. Ertalab lolazorga kelganimizdayoq, shu cho‘qqiga bir chiqsam, deb qo‘ygan edim.
— Vrachlarni menga pesh qilma, — dedim. — Mening ham chiqqim bor. Lekin uzilib qolishing mumkin.
— Shu gapni kechadan beri eshitaman. Dadam tinishi bilan oyim boshlaydi. Meni hali ham kasal deb o‘ylashadi shekilli.
Kuldim.
— Nega kulasan? — so‘radi Sobirjon.
— O’zim, shunday. Hali ham bolaliging qolmabdi. O’zingdan boshqaga ishonmaysan. Kel, yaxshisi yonboshla.
Sobirjon indamay yonimga chuzildi. Boshidagi adyol tagiga termosni qo‘ydim. Shu payt qarsillagan miltiq ovozi eshitildi.
— Nima? — dedi Sobirjon sakrab o‘rnidan turib.
Biqinidagi chandiq tortilib ketdi shekilli, ingrab yubordi. — Birov miltiq otdi, — u biqinini ushlab yana yotdi.
— Ha, birov miltiq otdi, — dedim unga qo‘shilib.
Birdan lolazorning o‘rtasi chayqalib ketdi. U yerdan ko‘zimni uzib ulgurmagan edim, lolazorning etagi chayqaldi, qalpokdek oppoq bir narsa sakragan bo‘ldi, erta ochilgan lolalar uning zarbidanmi, yo tog‘dan esib kelayotgan shabadadanmi tanga-tanga bo‘lib to‘kildi. Olisda halloslab chopib ketayotgan bir odam ko‘rindi. Qo‘lidagi miltiq tasmasi yerga tegay-tegay deb turardi. Mashina yoniga yetgach, shartta lolazor tomonga yugurdi. Tasma lolalarni bir tekisda sindirib kela boshladi. Bu, chopishiga xalaqit bersa ham, u parvo qilmasdi, aksincha, miltiqni siltab-siltab qo‘yardi. Bizning ro‘paramizga kelgach, u to‘xtadi. Qo‘nji bukib qo‘yilgan rezinka etigi bilan lolalarni toptay boshladi. Ba’zan miltiq uchi bilan u yer-bu yerni turtib ham qo‘yardi. U shu qadar berilib nimanidir qidirardiki, hatto bizni ko‘rmas, jigarrang qorako‘l telpagi ostidan tirishib turgan peshonasidan yuzlariga oqib tushayotgan terni ham sezmasdi.
— Bu nima qiliq? — so‘radi Sobirjon boshini ko‘tarib.
— Kim biladi, — dedim, — bir narsa qidirayotganga o‘xshaydi.
— Shunaqa qidiradimi?!
Sobirjonning g‘azabdan lablari ko‘karib ketdi.
Mening ham jahlim chiqa boshladi. Boyagina biz sayr qilgan, yashnab turgan joyning toptalib rasvosi chiqqan edi.
— Ho, aka, nima qilyapsiz? — qichkirdi Sobirjon. Lekin kuchi yetmadi, bo‘g‘ilib qoldi. Keyin yo‘tal tutdi, biqinini changallaganicha menga suyandi.
Men uni sekin yotqizmoqchi bo‘ldim, lekin u yotmadi. Lolazor tomonga o‘girildi. Biroq boyagi odam yo‘q edi. Atrofga qaradim. Hech qaerda yo‘k, go‘yo yer yorilganu, tagiga kirib ketganday.
Ichimda sevindim, lekin kayfiyatim buzilgan edi. Boyagina butun vujudimni qoplab turgan xushchaqchaklikdan asar ham qolmadi. Toptalgan lolazorga qadalib qoldim. U xuddi bemahal qo‘zg‘algan dovuldan keyin yer bilan bitta bo‘lib yotgan qulupnay donalarini eslatardi.
— Nima qilib ketdi-a? — dedi titrab Sobirjon.
Indamadim. Shu mahal meni ham titroq bosdi. Lolazor etagida haligi odam turardi! U telpagini yechdi. Qora namatdek boshidan gup etib bug‘ ko‘tarildi. Pidjagining yengi bilan yuz-ko‘zlarini, peshonasini artdi. Keyin telpagini ikki qo‘li bilan bostirib kiydi. Bir qo‘liga miltig‘ini, bir qo‘liga oppoq bir narsani olib biz tomonga yurdi. Miltiq tasmasi lolalarni yana chirt-chirt uzib kela boshladi.
Qo‘llarim o‘z-o‘zidan musht bo‘lib tugildi. Sobirjon ham unga qarab turgan ekan:
— Bir boplaymizmi? — dedi.
— Bo‘ldi, — dedim qat’iy. — Lekin sen aralashmaysan.
— Nega? — Sobirjon hayron bo‘ldi.
— Sen yotaver. Bir huzur qilay. Menga qo‘yib ber. Maqsadimni unga aytmadim. Xafa bo‘ladi. Operatsiyasi hali bitmagan, innaykeyin o‘zi inqillab turibdi. Biqiniga tushirib qolsa, tamom. Yana kasalxonaga jo‘naydi.
— Menga qo‘yib ber. Bir huzur qilay, anchadan-beri o‘zi qo‘lim qichib turibdi.
— Nima qilasan? — so‘radi u.
— Odatdagidek. Chap qo‘l bilan.
Sobirjon tushundi, indamadi. U ham bu usulni bilardi. Institutda birga o‘rgangan edik.
— Sen yotaver. Ma, choy ich.
Sobirjon yonboshladi. Adyol tagidan termosni olib choy quyib berdim.
Ovchi ro‘paramizga kelib to‘xtadi. U menga ikkita kelardi. Qo‘lidagi narsa esa, tumshug‘i qonga bo‘yalgan oppoq quyon edi.
— Chekishdan bormi? — so‘radi u beparvolik bilan.
— Chekkingiz keldimi? — dedim men va sekin o‘rnimdan turdim. — Chektiramiz hozir...
Sobirjonni yo‘tal tutdi. Orqamga o‘girildim. Nimadir tufligimga sachradi. Sobirjonning ko‘ngli ag‘darilayotgan edi. U ikki bukchayganicha ariqqa intilardi. Belidan quchoqladim. U o‘ziga kelganida ovchimiz royib bo‘lgan edi.
— Quyonni... quyonni ko‘rdingmi? — dedi Sobirjon ko‘z yoshlarini artar ekan.
— Ko‘rdim, — dedim. — Juda katta ekan.
— Ko‘nglim ag‘darilib ketdi, — dedi u. — Tumshug‘ini ko‘rdimu shunaqa bo‘ldi, meni kechir.
— Hechqisi yo‘q, bo‘ladi, — dedim men.
— Kel, choy ichamiz, — dedi Sobirjon.
Termos qopqog‘ini to‘latib uzatdim. Keyin o‘zim ichdim.
— Ketamizmi? — so‘radi Sobirjon bir ozdan so‘ng.
— Ketamiz, — dedim men.
Narsalarimizni yig‘ishtirdik. Mashinaga o‘tirganimiz-da:
— Har holda bu yoqqa chiqqanimiz yaxshi bo‘ldi, — dedi
Sobirjon kulishga harakat qilib.
— Yaxshi bo‘ldi, — dedim men ham.
Yo‘lga tushdik.
Kun og‘a boshlagan edi. Mashina isib ketdi. Dala joyda shunday bo‘ladi, Sobirjonning peshonasini hatto ter qoplay boshladi. Oynani tushirdim. Gup etib muzdek havo yuzga urildi. Tez ketayotgan ekanman, Sobirjon entikib ketdi.
— O’pkam yoriladi, — dedi kulib.
— Havo yaxshi. To‘yib ol. Yana bu yerlarga kelamizmi, yo‘qmi!
— Kelamiz, — dedi Sobirjon. — Kelgusi yakshanba yana kelamiz. To‘yib-to‘yib shimamiz bu havolarni.
Qishloqqa kirdik. Ikki tomonimizdan bargak yozgan tollar lipillab o‘ta boshladi. Peshayvonli sariq bino oldidan o‘tayotganimizda bir bog‘lam siren ko‘targan kichkina bir qizcha bizga qo‘l silkib qo‘ydi.
— Tug‘ruqxona, — dedi Sobirjon. — Oyisini ko‘rgani kelganga o‘xshaydi. Bahorda tug‘ilish ham kayf-a?
— Kayf, — dedim unga qo‘shilib.
Tabiat bilan baravar ko‘z ochasan. Go‘zallikdan boshqa narsani ko‘rmaysan.
Uning nima demoqchi ekanligiga tushundim.
— Odamlar har xil bo‘ladi.
— Bu masalada bir xil bo‘lgani yaxshi edi, — dedi Sobirjon. — Go‘zallikning foydadan boshka nimasi bor?!
— Sezyapsanmi? — so‘radim undan.
— Nimani?
— Birov kabob pishiryapti.
— Ha, — dedi Sobirjon men tomonga suqilib. Uning oynasi berk edi. — Choyxonada bo‘lsa kerak.
— Choyxonada bo‘lsa bittadan yeb ketamiz.
— Menga to‘g‘ri kelmaydi, — dedi Sobirjon biqiniga ishora qilib.
Yeqimli hid borgan sari yaqinlashib, dimoqni qitiqlay boshladi.
— Pista ko‘mirga o‘xshaydi, — dedi Sobirjon o‘zi tomondagi oynani tushirib. — Ha, pista ko‘mir.
Mashina soy bo‘yidagi tolzorga yaqinlashdi. Choyxona shu yerda edi.
— To‘xta, — dedi Sobirjon. — Bittadan yeb ketamiz.
— Ixtiyoring.
Mashinani qishdan nurab chiqqan supa yonida to‘xtatdim. Kabob qo‘ra shu supa ustida edi.
— Jigar kabob! — Sobirjon ishtaha bilan lablarini yalab qo‘ydi.
Choyxonaga kirdik. U bo‘m-bo‘sh edi. Faqat to‘rdagi so‘rida tizzasi ustidagi to‘rt buklog‘lik choponiga tirsaklarini tirab bir chol choy ichib o‘tirardi. U bir choydan ho‘plab, so‘lib qolgan yalpiz hidlardi.
So‘rashdik.
— Teshavoy, ha, Teshavoy! — qichqirdi chol choyxonaning burchagidagi eshikka qarab. — Mehmonlar keldi!
Ko‘p o‘tmay, eshik ochilib, kalta, oq xalat kiygan yigit chiqdi. U bir patnis go‘sht ko‘tarib olgan edi.
— Avval mehmonlarga qarasang-chi! — dedi chol.
— Chiqdim-ku, — dedi choyxonachi. — Bu kishi ham tiqilinch qilib qoldi.
— Labbay? — ichkaridan kimdir chiqdi.
Bu boyagi ovchi edi. O’rnimdan turib ketdim. Sobirjon shoshib yengimdan tortdi.
— Qo‘y, kayfiyatini buzma, — dedi yalingansimon.
— Labbay, — dedi yana ovchi choyxonachiga.
— Bir soatlarda tayyor bo‘ladi deyapman, — dedi choyxonachi cholga ko‘z qisib qo‘yib. — Bir aylanib keling.
Ovchi bizga nazar tashlab, tashqariga chiqib ketdi. Orqasidan choyxonachi ham chiqdi va shu zahotiyoq bir choynak choy bilan ikkita piyola ko‘tarib qaytib keldi.
— Ko‘k choy olib keldim-a? — dedi oldimizga ularni qo‘yarkan. — Cho‘llagan bo‘lsalaring kerak.
Biz, mayli deganday, boshimizni qimirlatdik.
— Nima deydi ovchi? — so‘radi chol yalpizni mo‘yloviga surkab.
— Jarkop, — dedi choyxonachi. — Boya quyon otibdi. Xo‘sh, nima beray? Kabob bor, — u bizga o‘girildi.
— Rahmat, hech narsa, — dedi Sobirjon shoshib.
— Hech narsa, — dedim men ham. — Yana bitta choy bering.
Ko‘z oldimga og‘zi qonga bo‘yalgan oppoq kuyon, toptalgan lolazor kelib ketdi.
— Mehmonlari bor ekan-da, — dedi chol.
— Mehmonlar nima qiladi! — choyxonachi yonimizga o‘tirdi. — Doim ahvoli shu. Xotini ketib qolib, battar bo‘ldi.
— Kim o‘zi u odam? — so‘radi Sobirjon.
— Shu yerlik, — dedi choyxonachi ensasi qotib. — Bizda hosilot bor edi. Uzoq yili qirda otdan yiqilib o‘tgan. O’shaning o‘g‘li.
— Men ham eshituvdim xotini ketib qolganini, — dedi chol. — Qirda allanima qidirib yurgan givolog bilan ketib qolibdimi?
Choyxonachi boshini qimirlatdi.
— Obbo zang‘ar-ey! Epchil ekan-da?
— E, gap epchillikdami? — choyxonachi tashqariga chiqib, yana bir choynak choy olib keldi. — Yaxshi dam yedi, manavidan ichinglar.
Choy chindan ham yaxshi bo‘libdi. Eskisini to‘kib tashlab, yangisini piyolalarga quydim.
— Kayf, — dedi Sobirjon bir ho‘plab.
— Gap epchillikda emas, — choyxonachi gapida davom etdi. — Yaxshi odamdan kim ketadi? Necha yildan beri taniyman, og‘zidan bir marta ham shirin gap eshitmabman-a! Tag‘in ham xotini fil ekan. Biznikilar shunaqa bo‘lsak, bir kun ham turmaydi. Qo‘lingizga chiptangizni berib, «fisht-t», deydi. Tag‘in ham xotini fil ekan.
Choyxonachi boshini sarak-sarak qilib qo‘ydi.
— Nima, givolog bilan anchadan beri don olishib yurar ekanmi? — so‘radi chol.
— Bunisini bilmadim, poylaydigan odatim yo‘q. — Choyxonachi qoshlarini chimirib, biz tomonga qarab qo‘ydi. Keyin sirli ohangda dedi: — Godovoydan keyin «akamlar» bir oycha yo‘q bo‘lib ketdilar. Ekspeditsiya endi ish boshlagan payt edi. O’shanda o‘sha novcha geolog uylariga kirib yuruvdi. Ilgaridan tanish ekan-da.
— E-e... — dedi chol.
— Suvonqul akaning kenjasi ham soy bo‘yida bir kuni kechqurun ko‘rgan ekan. U uch kundan beri yo‘q. Geolog ham yo‘q.
— Yaxshi bo‘lmapti, — dedi chol. — Yaxshi bo‘lmapti.
— O’zidan ko‘rsin! — dedi qat’iy qilib choyxonachi va to‘g‘rimi, deganday, bizga qarab qo‘ydi.
Hech kim javob qilmadi.
— O’zidan ko‘rsin, — dedi o‘rnidan turib choyxonachi yana.
— Soat necha bo‘ldi, mehmon?
— Olti.
— Chiqay, ovqatini qilib beray. To‘poloniga toqatim yo‘q. — U chiqib ketdi. Biz ham turdik.
— O’tiribsizlar-da, — dedi chol.
— Rahmat, boraylik, — dedi Sobirjon. — Xayr.
— Kelib turinglar.
— Rahmat, — dedim men.
Choynak yoniga bitta tanga tashlab tashqariga chiqdik. Kun soviy boshlagan edi.
— Negadir juda yengil tortib ketdim, — dedi Sobirjon mashinaga o‘tirganimizda.
— Bahor-da, bahor! — dedim men.
Mashina yeldek uchib ketdi. Oynalarni ko‘tarmadik. Oqshom tusha boshlagan edi. Muzdek shabada o‘t-o‘lan hidini dimoqqa urib, yuzimizni silab borardi.

1964 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.