OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘lmas Umarbekov. Dutor (hikoya)

U g‘ira-shirada uydan chiqardi. Qo‘lida ketmon sopidek uzun sopli erkaksupurgi, chelak. Chiqardi-yu, ko‘chaga razm solardi. Kechqurun qalin qilib suv sepilgan asfalt trotuarning nami tarqalgan. Sharqirab oqayotgan ariq betidagi qator yosh chinorlar orasidan tanga-tanga nur tushib turibdi. Hamma yoq top-toza. Shunday bo‘lsa ham u yer-bu yerga supurgi uradi, keyin katta ko‘chaga chiqaverishda burchak bo‘lib tushgan besh qavatli uy tomon yuradi.
Pensiyaga chiqqandan beri u shu yerlarni supurib-sidiradi. Uyda o‘tirib bo‘larmidi. Kampirning o‘ziga ish yetmaydi-yu, u nima qiladi? Yaxshiyam shu ishni berishdi. To‘g‘rirog‘i, o‘zi so‘rab oldi. Bo‘lmasa yuragi naq yorilib ketardi.
Katta uyning oldidagi xiyobonni, yo‘laklarni tozalab bo‘lgach, muyulishdagi deraza tagiga kelib turadi. Shu yerda u mashq eshitadi, dutor mashqini eshitadi. Bir oycha bo‘lib koldi, kimdir shu uyda har kuni saharda dutor chaladi. Ko‘p emas, uch-to‘rtta kuy chaladi. «Chor zarb»ni chaladi, «Tanavor»ni... Yana nimalarnidir chaladi. Keyin dutor tinadi. Tinguncha u quloq solib turadi. Qo‘lida ketmon sopidek uzun sopli supurgi, chelak...
U ham chalardi, yaxshi chertardi dutorni. Ayniqsa, «Tanavor»ni chertganda, yuraklarni sel qilib yuborardi. «Qo‘ying, bo‘ldi», derdi shunda kampiri tushmagur yengi uchi bilan ko‘zlarini artib. Mana endi o‘n yetti yildan beri qo‘liga olmaydi dutorni. Uyning to‘rida, o‘g‘lining hoshiyali ramkadagi surati tagida osig‘liq turibdi. Har kuni bir qarab qo‘yadi, lekin tegmaydi. Yuragi betlamaydi tegishga. Uni maktabni bitirganda o‘g‘liga hadya qilgan edi. Rahmatlik chalolmadi, urushda yo‘q bo‘lib ketdi. Shu-shu, devorda osig‘liq. Hech kim tegmaydi — na kampiri, na o‘zi.
Deraza tagida chol mashqqa mast bo‘lib o‘g‘lini o‘ylardi. Tirik bo‘lganda u ham shunaqa chalarmidi?!
Bir kuni xayolga cho‘mib o‘tirganda katta uydan bir yigit chiqdi. Qo‘lida qizil duxoba g‘ilofli dutor. Cholni ko‘rib salom berdi.
— Yaxshi chertarkansiz, — dedi chol. — Lekin dutoringizning mazasi yo‘q.
— Ha, — dedi yigit, — qorni yorilgan edi, yaxshi tuzatolmadim.
Ertasiga u katta uyga ertaroq keldi-da, derazani taqillatdi, Yigit chiqdi.
— Kechirasiz, o‘g‘lim, bezovta qildim, — dedi chol. — Manavini chaling-chi.
Bu o‘sha o‘g‘liga hadya qilgan dutor edi.
Berdi-yu, xiyobonga o‘tib ketdi.
Ko‘p o‘tmay «Tanavor» jarangladi. Chol deraza yoniga keldi. Mashqqa mast bo‘lib turib qoldi. Qo‘lida uzun sopli supurgi, chelak...

1963

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.