Har bir inson o‘zini o‘rab turgan muhitdagi yashash qoidalari asosida hayot kechiradi. Bu – aksiomadir, ya’ni isbot talab qilinmaydigan qonundir. Olaylik, biz, agar, o‘zga mamlakatga safar qilsak, u yerda qanchadir kunlarni o‘tkazishimiz lozim bo‘lsa, albatta o‘sha yurtdagi sharoitga moslashishga majburmiz. Aks holda, o‘zimizni o‘zimiz turli kutilmagan qiyin holatlarga tushirib qo‘yishimiz tayin.
Bir kuni ulkan shahrimizning o‘zim yaxshi bilmaydigan qismiga bir ish bilan borishimga to‘g‘ri keldi. Yangigina mashinamni mindim. Mo‘ljaldagi tumanga g‘irillab yetib bordim. Lekin, u yog‘iga qiynaldim. Ko‘chalarning nomlari yozilmagandi. Turli odamlardan so‘rab-so‘rab aytilgan dargohni topdim-u, keyin qaytishda yana adashdim. Umuman notanish ko‘chalarga kirib qoldim. Piyodalardan kattaroq yoki magistral yo‘lga qanday chiqishni surishtirib, unga nihoyat yetdim. Ammo, u ham o‘zgacharoq edi. Odamlar juda siyrak, yo‘l yoqasida hech kim ko‘rinmasdi. Bir chetda to‘xtadim-da, qarshimdagi uch etajli binoning birinchi qavatida joylashgan oziq-ovqat do‘konchasiga kirdim, xaridorlar yo‘qligidan zerikib o‘tirgan, yoshi taxminan o‘zimdan sal kattaroq, qirq-elliklar orasida kabi tuyulgan sotuvchidan so‘radim:
- Kechirasiz, bu ko‘chani taniy olmayapman. Adashib qolganga o‘xshayman. Qanday qilib markaz tomonga yo‘nalsam bo‘ladi?
Sotuvchi shartta javob qildi.
- Men, e’tiboringizga binoan, ma’lumotlar beruvchi tashkilot xodimi emasman.
- Shu oddiy savolga javob berish qiyinmi? G‘alati odam ekansiz! – dedim men taajjublanib.
- Eshitganmisiz, bilimsizlik – odamni adashtiradi, noto‘g‘ri, qing‘ir yo‘llarga olib kiradi. Ayb o‘zingizda. Meni haqorat qilmang. Nima, shaharga yangi ko‘chib kelganlardanmisiz?
- Yo‘q, shu yerda tug‘ilganman. Faqat, bu yoqlarga hech yo‘lim tushmagan ekan. Nima, ma’lumot bermaysizmi?
- Yo‘q. Mashoyixlar aytishganki, har bir kimsa o‘zi tug‘ilib o‘sgan maskanni, ya’ni vatanini yaxshi bilishi va o‘rganishi kerak. Shuncha yoshga kirib, o‘z shahringizda adashib yuribsiz. O‘zingiz g‘alati ekansiz!
Men ushbu sotuvchi bilan faylasufona suhbat qurish niyatida emasdim. Shoshayotgandim. Bugun, hali qancha joylarga borishim, korxonamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni taklif qilishim, ularning o‘ziga xos tomonlarini tushuntirishim va rozi bo‘lishsa, shartnoma tuzishim, undan kelib chiqib, keyingi kunlardagi ishlarimni mo‘ljallashim lozim edi. Shuning uchun, do‘konni tark etishga shaylanib, unga kesatibroq so‘z qotdim.
- Rahmat, qimmatli o‘gitlaringiz uchun. Ertadan shu ishga kirishaman. Yaxshi qoling.
- Sezishimcha, siz biznes odamisiz, shundaymi?
- Ha, topdingiz, - dedim men, to‘xtab.
- O‘zi, biznesmenlar faqat pul topishni o‘ylaydilar. O‘z halqlari tarixini ham, o‘tmishdagi buyuk bobokalonlarining nomlarini ham yaxshi bilishmaydi. Hozir kamayib ketgan kitob do‘konlari qaerda ekanligidan-ku, umuman xabarlari yo‘q. Sizlar juda tor fikrlovchi odamsizlar. Bilmayman, farzandlaringiz qanaqa inson bo‘lib ulg‘ayarkinlar... Ushbu yurt kelajagi ularga qolmasin.
Sotuvchining bu gaplari menga haqoratdek tuyuldi.
- E’tiboringizga binoan, men tariximizni yaxshi bilaman. Buyuk bobolarimizni ham, masalan, Amir Temur, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Ibn Sino, Beruniylarni...
- Siz, aysberg, ya’ni muztog‘ haqida eshitganmisiz? Uning faqat kichik bir uchigina dengiz sathidan yuqorida ko‘rinib turadi. Asosiy to‘qson foiz qismi esa, suv ostida berkingan bo‘ladi. Aytgan zotlaringiz ana o‘sha aysberg uchining bir uchi xolos. Qolganlarni bilmaysiz! Xolbuki, insoniyat rivojiga ulkan ijobiy xissa qo‘shgan halq farzandisiz. Chunki, otangiz sizni omi qilib tarbiyalagan! Yoshligingizda, pulini qizg‘anib, sizga kitoblar olib bermagan. Bu dunyoning, hayotning qanday mo‘‘jizakor, antiqa va ajoyib ekanligini tushuntirmagan. Faqat, pul top, pul top, pul bo‘lsa – changalda sho‘rva, degan aqidani ongingizga quygan!
Bu gaplardan men albatta tutoqdim.
- Marxamat qilib, otamga til tegizmang! Mening dadam yaxshi inson bo‘lgan.
- Bilaman, u taksi mashina haydagan. Niyati yo‘lovchilardan ortiqcha kira haqi yulib olish bo‘lgan. Siz kichkinaligingizda chiroyli kitoblarga havas qilgansiz, ularni o‘qisam, suratlarini tomosha qilsam edi, deb orzu qilgansiz. Dadangiz xatto muzqaymoqqa pul bermagan. O‘zi ham, bola-chaqasi ham ortiqcha yemagan-ichmagan. U onangizga, sizga va singlingizga tuzukroq kiyimlar ham sotib olmagan. Niyati, pul yig‘ib yangi “Jiguli” mashinasi sotib olish bo‘lgan. Bolalar quruq non-choyu, eski-tuski kiyimlarda ham katta bo‘lib ketaveradi, deb fikrlagan.
- Siz bularni qaerdan bilasiz? – hayratga tushdim men.
- Men, sizdan farqli o‘laroq, ko‘p o‘qiganman. Maktabni bitirganingizda, dadangiz, yangi zamon boshlandi, bozorni egalla, yo‘llar top, pullar top, dollar top, deb sizni o‘qishga emas, biznesga yo‘naltirgan.
- Mabodo, psixolog yoki ekstrasens emasmisiz? – so‘radim men. Chunki, u faqat to‘g‘ri gapirayotgan edi.
- Yo‘q. – dedi u, - Men tadqiqotchiman.
- Qanday tadqiqotchisiz?
- Siz, avvaliga, ishlab chiqarish firmalaridan olib, qurilish mollari bozorida tayyor shpaklevka sotdingiz. Biznesga iqtidoringiz bor ekan, atrofni kuzatib, shpaklevkani har bir xaridorga tortib berishga ancha vaqt ketishini, klientlar esa uni asosan o‘n kilogrammdan olishayotganiga e’tibor qildingiz va firmadagilarga mahsulotni shunchadan qadoqlab berishlarini so‘radingiz. Natijada, atrofdagi savdochilar kuniga ikki yuz - uch yuz kilogrammlab shpaklevka sotishsa, siz tonnalab uchirdingiz. Yaxshi-yaxshi pul topdingiz. – dedi u savolimga parvo qilmay.
- Niyatingizni tushunmayapman. – so‘z qotdim men. – Hamma gapingiz to‘g‘ri. Lekin, o‘zim bilaman bularni. Mana, hozir, o‘sha pullar asosida ishlab chiqarish korxonasi ochganman. Ishlarim yaxshi. Uy-joyimni zamonaviy qilib ta’mirladim. Mashinam yangi. Bir farzandim bor. Uni eng nomdor maktabga berganman, shaxsan direktoriga pul to‘lab. O‘zim o‘qimagan bo‘lsam ham, uni ziyoli qilmoqchiman. Xo‘sh, nega meni yo‘ldan qoldirib, vaqtimni olayapsiz?
Sotuvchi menga sinchkovlik bilan tikildi. Va kesatibroq so‘z qotdi.
-Kechirasiz, biznesmen aka. Men ahmoq, men nodon, bilmasdan sizning qimmatli vaqtingizni olib qo‘yibman. Lekin, aslini olganda, siz o‘zingizning umringizni o‘zingiz behuda sarflayapsiz!
-Qanday qilib? – taajjublandim men. – O‘z ishimni qilayapman. Ba’zilarga o‘xshab, butun ro‘zg‘or yukini xotiniga tashlab, ko‘chalarda nardi o‘ynab, choyxonalarda valaqlashib, vaqtimni sovurib yurmayapman-ku! Oilam, farzandim uchun jon kuydirayapman.
- Ishingiz yaqinda kasod bo‘ladi. Ishlab chiqarayotgan mahsulotlaringizni hech kim olmay qo‘yadi. Davlat tekshiruv muassasalaridan kelishib, tashkilotingizni titi-piti qilishadi. Bor-yo‘q topganlaringizni ularga topshirasiz. Shunda ham qutilasizmi-yo‘qmi, bilmayman. Lavozimli o‘rtoqlaringiz ham sizga yordam bera olishmaydi. Kerakli paytda ular uzoq safarga ketgan bo‘ladilar. Tushundingizmi, nega sizni tutib qolganimni?
Bu so‘zlardan dahshatga tushdim. Unga ishonmay, gaplaringga tupurdim, deb ketvorishim mumkin edi. Ammo, u mening butun hayotimdagi voqealardan xabardorligini namoyish qildi-ku! Qarshimdagi odam bir narsani bilmasa, bunchalik ishonch va istehzo bilan meni cho‘chitmasdi.
- Qaerdan bilasiz? – so‘radim men nafasim ichimga tushib.
- Aytdim-ku, ko‘p kitob o‘qiganman, hayot tadqiqotchisiman, deb.
- Hazillashmayapsizmi? – dedim umid bilan.
- Sizni umrimda birinchi bor ko‘rayapman. Oshna yoki og‘ayni emasman.
- Aytgan voqealaringizning oldini olish uchun nima qilishim kerak? Maslahat bera olasizmi?
- Ha, albatta. Niyatim ham, vazifam ham shu. Har bir inson bu hayotda o‘z vazifasini bajarib yashashi shart.
- Men nima qilishim lozim?
- Eng avvalo, o‘z vazifangiz bilan shug‘illanishni boshlashingiz kerak.
- E’tiboringizga binoan erta-yu kech vazifam haqida o‘ylayman, yana qanday mahsulot ishlab chiqarsam ekan deb, tajribalar o‘tkazaman.
Sotuvchi yana istehzoli jilmaydi.
– Bu vazifa, bu ish – o‘sha omi dadangizning topshirig‘i. Siz o‘ylab ko‘rganmisiz, bu dunyoga nima uchun kelganligingizni?
- Ha, albatta! Barcha kabi pul topaman, bola-chaqa o‘stiraman, ularni uyli-joyli qilaman. Nabiralarim bo‘ladi. Qarib kuchdan qolganimda jonimni topshiraman. Shu.
- Ko‘rdingizmi, siz ham omisiz. Agar, ko‘p kitob o‘qiganingizda, bu hayot to‘g‘risida o‘ylaganingizda, aslo bunday gap gapirmagan bo‘lardingiz. Aytgan jarayoningizni ongsiz hayvon ham ado etadi. Siz – insonsiz-ku!
- Xo‘sh, mening o‘rnimda, omi emas, aqlli bo‘lgan inson nima qilardi?
- U eng avvalo, o‘ylardi: “Men nima uchun, qanday maqsadda dunyoga kelganman? Hayotdagi vazifam nimadan iborat ekan?” Va javob topgach, o‘sha kasb bilan shug‘illanishni boshlardi.
- Demak, men ham shunday fikrlashim lozim. To‘g‘ri tushundimmi?
- Xulosangiz yaxshi. Keling, birgalashib mulohaza qilaylik. Siz qanday vazifa bilan hayotga kelgansiz. Lekin, yaxshi bilib oling, hech kim bu dunyoga ko‘p pul topsin deb yuborilmaydi. Bu o‘ta yanglish, o‘ta omilarcha maqsaddir.
- Siz shunday gapirayapsizki, go‘yo o‘zga dunyodan kelgandaksiz. Fantastik kinolarda ko‘rganman bunday holatlarni.
- Mana, bu gapingiz ham tasdiqlayapti, umuman kitoblar o‘qimaganligingizni. Yaxshiyam, kino degan narsa chiqqan, sizdaka omilar uchun.
- To‘g‘ri topdimmi? Chunki, shuncha yil yashab sizdek gapiradigan, fikrlaydigan odamni uchratmaganman.
- Balki, taxminingiz o‘rinlidir. Lekin, mening qaerdan kelganligimning umuman ahamiyati yo‘q. Faqat, shuni ma’lum qilishim mumkinki, men ushbu olamdagi yanglish yo‘lga kirgan har bir odamga qirq yoshlar arafasida bir marta uchrayman va uni to‘g‘ri yo‘lga solishga urinaman. Bu mening asosiy vazifam. So‘zimni uqqanlar, tegishli xulosa chiqarib, hayotlarini keskin o‘zgartiradilar va qolgan umrlarini farovonlikda, barcha orzu-havaslariga erishib o‘tkazadilar.
- O‘zim aqlliman, deydiganlar-chi?
- Sizga aytdim, nima bo‘lishini. Bor-shudingizdan ayrilib, yana pul topish yo‘lidan qaytmasangiz, og‘ir kasallikka duchor bo‘lasiz, o‘zingizni, yaqinlaringizni qiynaysiz va vaqt kelib, ruhiy olamga o‘tganingizda qahrli munosabatga duch kelasiz.
- Mayli, maslahat bering. Avvalo, ayting mening bu dunyodagi vazifam nima?
- Ana endi, o‘zingizga keldingiz, eslab ko‘ring-chi, bolaligingizda qanday o‘yinchoqlarni sevardingiz, qanday kasbdagi kishilarga havasingiz kelardi?
- Dadamga bir necha marta “Tez yordam” mashinachasini olib bering deganman. Lekin, pul yo‘q deb javob berganlar. Umuman, bolaligimda ham, hozir ham oq xalat kiyib bemorlarni davolayotgan odamlarni ko‘rsam havasim keladi. Lekin, ular maoshga qaram odamlar. Pullari kam. Nazarimda, ochin-to‘qin yashaydilar. Ularning ko‘pchiligi kasallarning qo‘liga qaramlar. Shuning uchun, ba’zi-ba’zida, yaxshiyam biznes bilan shug‘illanaman, deb quvonib qo‘yaman.
- Demak, masala yechildi. Siz bu hayotga odamlarni davolash vazifasi bilan kelgansiz. Hali ham kech emas. Biznesni yig‘ishtirib, shifokorlikka o‘ting.
- Qanday qilib? – tutoqdim men. – Yoshim qirqqa yaqinlashdi, o‘qish uchun yana besh-olti yil ketadi. Ularning topadigan puli ma’lum, oilamni qanday boqaman?
- Bu hayotdagi qonunlar shundayki, har bir insonga o‘zining chin vazifasini aniqlash, uni bajarish yo‘liga kirish uchun qirq yoshiga qadar muddat beriladi. Bu chegaraviy yoshdan so‘ng, u, topshiriqni bajarmayotgan xizmatchilar ishdan haydalganidek, bu dunyodan ketkaziladi. Aytaylik, infarkt, insult, boshqa kasalliklar yoki juda bo‘lmasa, avariyaga uchratish yo‘li bilan ruhiy olamga olib ketiladi. Yoqqan variantni tanlang.
- Siz meni ikki o‘t orasiga tashlayapsiz!
- Yanglishayapsiz. Gullab-yashnagan bog‘ bilan o‘t orasidasiz!
- Tushuntiring!
- O‘ziga topshirilgan vazifani sidqidildan bajarayotgan kimsalar borliq tomonidan doimo quvvatlanadilar, ularga omad, topayotgan mablag‘lariga baraka beriladi. Ja’mi orzu-havaslariga erishish yo‘llari ochib beriladi. Ularga yomon niyatli, zarar keltiruvchi odamlar ro‘para etilmaydi. Faqat yaxshi insonlar bilan muloqotga kirishadilar. Farzandlari ham baxtga erishadilar. Shu gaplarimning o‘zi sizga kifoya qilishi kerak. Omi bo‘lsangiz ham, mantiqiy fikrlay olar ekansiz.
- Hozir, mening boshimga bir fikr keldi. Shifokorlikni yaxshi egallab olsam, balki xususiy klinika ocharman, to‘g‘rimi?
- Inson har qanday sharoitda, agar o‘z yo‘lidan ketayotgan bo‘lsa, ajoyib yutuqlarni qo‘lga kiritishi mumkin. Men sizga yana bir maslahat beraman, agar qabul qilsangiz.
- Ayting.
- Siz bu yerdan chiqib, bir katta miqdorda savdo qiluvchi odam bilan uchrashmoqchisiz. Aslo, na og‘zaki, na rasmiy, shartnoma tuzmang. U bankdagi hisob raqamingizga to‘rt-besh kungina faoliyat yuritadigan firma orqali ozgina pul o‘tkazadi-da, xushmuomilalik bilan ulkan va’dalar berib, katta miqdorda mahsulotlaringizni oladi. Shundan so‘ng, uning o‘zini ham, idorasini ham topolmaysiz. Faqat, bu gapni kaminadan eshitganingizni hech kimga aytmang. Aks holda, menga yaxshi bo‘lmaydi.
- Nima, siz u kimsani taniysizmi?
- Ha, u o‘z vazifasi yo‘lida yurmay, pul topishga giriftor bo‘lganlarni jazolovchi bo‘linma vakili. Bilib qolsa, ustimdan shikoyat qiladi. Va men mukofotlanmay qolaman. Siz esa menga tushunuvchanligingiz bilan yoqib qoldingiz. Angladingizmi? Ba’zilarga ming gapir, ko‘zini lo‘q qilib, bu odam nimalar deyapti, deb asosiy g‘oyani anglay olmay turaberadilar. Shunday, o‘z boshlariga balo orttiruvchi g‘alchalarni xush ko‘rmayman.
- Tushundim.
- U holda, xayr. Biz boshqa uchrashmaymiz. Bugunoq shifokorlik yo‘liga tushish rejasini tuzing va harakatlaringizni boshlang. Odamlarning turli, yaxshi-yomon gaplariga parvo qilmang. Siz o‘z hayotingiz va kelajagingiz egasisiz. Eslataman, omilikni tark etish uchun tanlab-tanlab, yaxshi-yaxshi kitoblar o‘qib yuring. Shunda aslo yanglishmaysiz.
- Xo‘p bo‘ladi. Mayli, xayr. Darvoqe, men bu ko‘chadan qaysi tomonga yurish shahar markaziga olib borishini bilmayman-ku! Aytolmaysizmi?
- Men, e’tiboringizga binoan, ma’lumotlar beruvchi tashkilot xodimi emasman.
- Shu oddiy savolga javob berish qiyinmi? G‘alati odam ekansiz! – dedim men taajjublanib.
- Bunday xildagi savollarga javob berish mening ishim emas. Siz, yaxshisi, tashqariga chiqing. O‘z vazifasini aniq bilgan odam har qanday notanish ko‘chadan yo‘l topib keta oladi. Yana bir marta xayr!
- Mayli, xayr! Sizga katta rahmat! – dedim men va eshik sari yo‘naldim.
Tashqariga chiqdim. Va lol qoldim. O‘zimga juda yaxshi tanish ko‘chada turardim. O‘ng tomonga yursam, uch-to‘rt kilometrdan keyin kichik halqa yo‘liga ulanaman. Mashinam oldiga borib, uch qavatli bino tagidagi do‘kon tomonga o‘girildim. Taajjub, uning eshigidan ketma-ket uchta odam chiqdi. Ular qaerdan paydo bo‘lishdi? Men qaytib do‘konga kirdim. Sotuvchining qiyofasi o‘zgacha, ikki kishiga xizmat ko‘rsatayapti.
– Kechirasiz, hozirgina shu yerda boshqa bir sotuvchi o‘tirgandi. Sherigingiz bo‘lsa kerak, qani u? – so‘radim men.
Bu do‘konchi menga jinniga qaragandek boqdi.
– Do‘konimiz kichkina. Mendan boshqa sotuvchi yo‘q! – keskin javob berdi u.
Indamay qo‘yaqoldim. Tashqariga chiqib, mashinamga mindim.
Bu voqeaning sir-asroriga tushunmay lol qolib, bir-ikki daqiqa hayol surib o‘tirdim. Ajabo! Biz yashayotgan dunyo juda antiqa-ya!
Nihoyat, mashinamni o‘t oldirdim-da, yangi shartnoma tuzish uchun emas, korxonamni yopish uchun qanday xujjatlarni rasmiylashtirish zarurligini aniqlash uchun mas’ul idora tomon yo‘l oldim.
01.07.2014. 17:41