OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ozod Mo‘min Xo‘ja. O‘zbek ziyolisi (hikoya)

Hozir paytda turg‘unlik yillari deb atalgan zamonda men ilmiy-tekshirish institutida ishlardim. Fizika fanining yosh olimi bo‘lganim uchun, yagona maqsadim – o‘z sohamda ko‘zga ko‘rinarlik yangilik yaratib, tez orada nomzodlik darajasiga erishish edi. Shuning uchun, kunduzni kunduz, kechani kecha demay, o‘sha davrlarda keng targ‘ib etilgan «Kommunist» filmining bosh qahramonidek sog‘lig‘imni, umrimni ayamay, jon-jahdim bilan mukka tushgancha tadqiqiy qurilma yig‘ardim, kitob titardim, betinim tajribalar o‘tkazardim, natijalarni tahlil qilardim, xullas porloq kelajagimga ishonib ishlardim. Men uchun atrof-muhitning boshqa biron ma’nisi yo‘qolgan, vaqt qayoqqa va nega ketayapti, ijtimoiy hayotda qanday o‘zgarishlar bo‘layapti – bu bilan umuman ishim yo‘q, xuddi robotga o‘xshab azonda laboratoriyamga chopardim, kechqurun yarim tunda deyarli emaklab uyga qaytardim. Qizchamning qanday katta bo‘layotganini sezmasdim ham.
Bu satrlarda o‘z jonbozligimni qo‘rsatmoqchi yoki «turg‘unlik fani»ni tanqid qilmoqchi emasman. Gap umuman boshqa qiymatlar to‘g‘risida.
Oxir-oqibat, loyihalashtirilgan va yig‘ilgan ilmiy-tadqiqiy qurilma yaxshi natijalarni ko‘rsatdi. Bunda bemalol har qanday brilliantning sifatini, qalbaki yoki sun’iyligini bir zumda aniqlash mumkin edi. Bu ishning buyurtmachilari – Leningraddagi «Rus javohirlari» ilmiy – ishlab chiqarish birlashmasi mutaxassislari tadqiqotlarimdan xursand bo‘ldilar va darhol uni yuqoriroq darajada – Sovet Ittifoqining «Tashqi Savdo Banki»da sinovdan o‘tkazishni taklif qildilar. Bundan mo‘ljal – qurilma asosida keng miqyosda ishlab chiqariladigan bo‘lajak asbobni oldindan targ‘ib qilish va shu maqsadni amalga oshirish uchun yetarli mablag‘ so‘rash edi.
Biz, ya’ni – men va ilmiy rahbarim, bu taklifga, tabiiyki, quvonch bilan rozi bo‘ldik. Mehnati yaxshi hosil bersa, har qanday inson quvonadi albatta.
O‘sha davrda «Tashqi Savdo Banki» degan nom, uning moliyaviy va siyosiy qudratini bilganlar uchun juda katta dargoh edi. Biz u yerda o‘z laboratoriyamizdagi kabi oddiy sun’iy gavhar, ya’ni fianit, notabiiy oq sapfir va tog‘ billuridan yasalgan brilliantlar bilan emas, balki xaqiqiy, o‘ta yirik, faqat chet elga katta pul evaziga sotiladigan noyob Yoqutiston olmoslaridan bunyod etilgan ko‘zni qamashtiruvchi toshlar bilan ishlashimiz zarur edi.
Gap bu xaqda ham emas.
Men lazer asbobidan va optika detallari, turli temir-tersaklardan yig‘ilgan deyarli bir tsentner chiqadigan ilmiy-texnik qurilmani ortmoqlab, qaydasan izg‘irinli, qor bosgan Moskva deb samoletga chiqdim. Ilmiy rahbarim, fizika-matematika fanlari nomzodi va yozuvchi, yoshi qirqlarni qoralgan Vosilov ikki kundan so‘ng, qurilma yig‘ilib, ishga shay qilingan daqiqalarga yetib boradigan bo‘ldi.
Kelishganimizdek, leningradlik «jigarbandlar» bilan Moskvaning Ryazan prospektida qurilgan, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasiga qarashli mehmonxonada uchrashdik. O‘sha yillarda rejisser Xoji Ahmarning «Leningradliklar – jigarbandlarim» degan filmi ekranga chiqqandi, men shunga muqoyasa qilib, ularni hazil aralash «jigarbandlar» deb atardim. Aytilgan mehmonxonaning yarmida musofir aspirantlar yashasa, boshqasida yurtimizdan xizmat safariga borib turadiganlar istiqomat qilardilar. Bunday bino bizdan boshqa xech bir Rossiyaga qaram respublikalarda yo‘q edi. (Buning uchun, o‘sha zamonning har bir o‘zbek ziyolisi buyuk olim va millatparvar Habib Abdullaevga rahmat deyishi kerak.) Bu xol kavkazliklarga, ayniqsa, armanlarga alam qilardi shekilli, chunki u yerga har borganimda ularning xatto oilalari bilan yashayotganliklariga guvoh bo‘lardim.
Biz umumiy ishimizga foyda bo‘ladi deb, mehmonxonamizdan «jigarbandlar» uchun ham joy bron qilgandik. Ular: buyurtmachilar rahbari – ximiya fanlari nomzodi Yevdokimov Andrey, uning yordamchisi, javohirshunos Irina Samoylova va tadqiqot tahliliga matematik asos tayyorlayotgan Sarajishvili Sergeydan iborat edilar. Muhim bo‘lmasa ham shuni aytib qo‘yay, Yevdokimov va Vosilov qachonlardir Moskvada aspiranturada tahsil olishayotganlarida bir yotoqxonada yashashgan va og‘ayni bo‘lib qolishgan ekan. Keyin, ushbu voqealardan bir necha yil o‘tgach, ular o‘zaro har qanday muloqotni yig‘ishtirishdi. Sababini hikoya davomida anglaysiz degan umiddaman.
 Mehmonxona ma’muriyati bronga qaramay leningradliklarni joylashtirishni istamadi. Ularga, broni bo‘lmasa ham, ustama xaq beruvchi armanlar afzal edi. Lekin, rahbar bilan o‘tgan alohida diplomatik suhbatdan so‘ng, aniqrog‘i leningradliklar shu zahotiyoq uylariga qaytib ketishlarini va oliy darajadagi sinovning o‘tkazilmay qolishi ma’suliyati ularga yuklatishlarini aytishgach, dunyo miqyosiga chiqayotgan o‘zbek fanining qoqilib qolishi mumkinligidan cho‘chishdimi, darhol o‘z vazifalarini bajardilar.
Men Sergey bilan bir xonaga joylashdim. Andrey alohida bir kishilik nomerni band qildi. Irina esa qarindoshlarinikiga ravona bo‘ldi. «Mehmonxonada yashayotganligimni eshitishsa, xafa bo‘lishadi», dedi u. Men bundan afsuslandim, unga yaqinroq bo‘lishni istagandim, sababi u menga yoqardi. Lekin, siz sevgi tarixini eshitaman deb ham umid qilmang. Unga faqat yaxshi inson sifatida hurmatim bor edi. U eski rus graflari avlodidan bo‘lib, yaxshi tarbiya ko‘rgan, mushohadasi keng, o‘z qadrini biladigan yosh ayol edi.
Ertasi kuni zil-zambil qurilmani baquvvat, yoshligida boks bilan shug‘illangan Andrey va sal nozikrok Sergey bilan birga «Tashqi Savdo Banki»ga olib bordik. Ixtiyorimizga derazasiz, faqat eshigi bor xonani berishdi. Kechgacha uni o‘rnatdik va sozladik. Indiniga esa, Andreyning iborasi bo‘yicha, oliy darajadagi amaliy – ilmiy sinovlar boshlandi. Bu ish, albatta, Bankning rasmiy kuzatuvchisining o‘tkir nigohi ostida olib borildi.
Tadqiq etilayotgan brilliantlar xaqida men gapirmay, siz eshitmang. Bunday yirik, ajoyib ishlov berilgan, buloq suvidek tiniq va sof, kamalakning ming xil rangini o‘zida aks etuvchi gavharlar faqat chet elga sotilar ekan. Oddiy sho‘ro kishilari bunday injularni tushlarida ham ko‘rmaganlar.
Men qurilmam yordamida javohirlarning ba’zi birlaridagi ishlov berish kamchiliklarini ko‘rsatdim. Bu g‘alizliklar oddiy ko‘z yoki kuchli lupa bilan ham qaraganda sezilmasdilar, lekin brilliantdagi nurlar jilvasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatardilar. Ushbu tadqiq shu zahotiyoq Belgiyaga – dunyoning eng zo‘r javohirotlari sotiladigan asosiy markaziga jo‘natilayotgan ellik dona g‘oyat noyob toshni tekshirib chiqish iltimosini, keyinchalik esa boshqa yangi katta buyurtmalarning paydo bo‘lishini keltirib chiqardi.
Bu axborot ham asar mazmunining mag‘zi emas.
Ikki kun o‘tgach, men shamollab qoldim. Vujudim uvushib, istmam chiqa boshladi. Ishdan so‘ng, hammamiz birga mehmonxonaga qaytar ekanmiz, men yo‘ldan aptekaga kirib dori sotib oldim. Bir kun – yarim kunda o‘tib ketar umid qildim men. Bundan tashqari, Sergey kechki payt o‘z shahriga qaytib ketayotgandi, chunki u xizmat safari vazifasini bajarib bo‘lgandi. Bu, yarim gurji, quvnoq va ko‘ngli ochiq yigit bilan suhbatlashish odamga huzur bag‘ishlardi. Undan doimo yaxshilik va issiqlik nurlari taralayotgandek tuyulardi. Kechqurun u mehmonxona ma’muriyati bilan hisob-kitob qilib chiqdi va mo‘‘jazgina yukini olib Leningrad vokzali tomon yo‘lga tushdi.
– Kechirasan, kuzatib qo‘ymayapman, – dedim unga ketar chog‘ida.
– Sen kasalsan, o‘ralib yot. Tuzalishing kerak. Xali ishing ko‘p. – javob qildi u va eshikni yopdi.
Sergey yopgan eshik bir necha daqiqadan so‘ng taqilladi va ochilib, tashvishli qiyofadagi ellik yoshlar atrofidagi yurtimiz, millatimiz vakili ko‘rindi. U bir qo‘lida chamadon, boshqasida har tomoni yarim qulochcha chiqadigan, chizimcha bilan puxta boylangan karton idish bor edi. Uning ichi ho‘l-quruq mevaga liq-liq to‘latilganiga xech qanday shubha yo‘q edi. Yangi mehmon uf tortgancha yuklarini yerga qo‘ydi. Salomimga quruqqina alik olgach, ust kiyimini yechdi-da, darhol telefonga yopishib, raqamlar tera boshladi.
– Ivan Sidorovich! – uning birdan yuzlari yorishdi. – Salom! Bu men – Shoqosim Hoshimovichman! Qimmatli sog‘liqlaringiz yaxshimi? Olga Petrovna omonmilar? O‘zingiz yaxshi yuribsizmi? Institutingiz ishlari yaxshimi?.. Men hozirgina Toshkentdan keldim. Iloji bo‘lsa, xonadoningizga tashrif buyuray degandim. Ba’zi ishlar xaqida suhbatlashish kerak edi.
Simning narigi tomonida noaniqroq javob bo‘ldi shekilli, yangi mehmon yalinishga tushdi.
– Yo‘q, yo‘q, Ivan Sidorovich, men sizni ushbu pallada aslo bezovta etmoqchi emasman. Gapning ochig‘i, ozroq sovg‘alarim bor edi, O‘zbekiston mevalaridan olib kelgandim. Shularni urinqiramasdan yetkazib bera qolmoqchiydim.
Narigi tomondan sovuqqina rozilik bildirilgani sezildi.
– Rahmat, Ivan Sidorovich! Boraman-u, qaytaman!
Shoqosim Hoshimovich go‘shakni joyiga qo‘ydi-da, tezgina ust kiyimini kiyib, yoshlardek ildamlik bilan og‘ir karton idishni ko‘tarib shoshilgancha chiqib ketdi.
Betobligim tufayli, televizor ko‘rishga ham chiqmay, ko‘rpaga o‘ralib kitob o‘qib yotaberdim. Oradan bir yarim soatlar o‘tgach, boyagi kishi xotirjam, xush kayfiyatda qaytib kirib keldi. Uning ko‘ngli joyiga tushgandek, xizmat safari vazifasining asosiy qismini bajargandek edi. Yangi mehmon kiyimlarini almashtirib kalavotga cho‘zildi. Va nihoyat menga parvo qildi.
– Xo‘sh, endi siz bilan tanishib qo‘yaylik. Ismingiz nima?
– Ozod, – dedim men va keyingi savol qanday bo‘lishini bilganim uchun qo‘shib qo‘ydim, – Fizika-texnika institutidanman.
– Juda soz. Meni Shoqosim Hoshimovich desangiz ham bo‘laveradi.
– Siz qaysi dargohdansiz?
– Ha, menmi? Texnologiya institutida kafedra mudiriman. «Fan doktori»man... Aytgandek, o‘zingiz biror ilmiy ishni yoqlab olganmisiz?
– Yo‘q xali. Shunga xarakat qilib yuribman.
– Tezroq yoqlash kerak. Cho‘zib yurmang.
– Maqsadim shu. – dedim men.
– Fanimiz ko‘p tomonlardan Moskvadagilarga bog‘liq-da... Bo‘lmasa, ularning ajdodlari bir paytlar bizning ota-bobolarimizga qul bo‘lishgan. Hozir ahvol o‘zgacha. Ha, mayli. Balki, zamon asta-sekin o‘zgarar. Darvoqe, men uyga qo‘ng‘iroq qilmabman-ku!
U o‘rnidan turib yana telefon oldiga keldi. Kerakli sonlarni terdi.
– Lyuda! – rus tilida so‘zlashishga tushdi u. – Bu senmisan?.. Ha, Shoqosimman... Ha, yaxshi yetib keldim... Sening buyurtmalaringni ertaga qidiraman. O‘g‘lim Volodya qani? Televizor ko‘rayaptimi? Men bilan suhbatlashmaydimi?.. Mayli, yaxshi qolinglar. Ertaga yana qo‘ng‘iroq qilarman. Har ehtimolga qarshi mening telefon raqamlarimni yozib ol! – u aytdi va go‘shakni joyiga qo‘ydi.
Va menga yuzlandi.
– Bittagina o‘g‘lim bor! Juda ajoyib yigit bo‘lgan. Politexnika institutida o‘qiydi.
Men indamay bosh silkidim. Va negadir, tamaki tutatgim keldi. Shuning uchun o‘rnimdan turdim-da, sigareta va gugurt olib tashqariga yo‘naldim. Koridorning qavatlarga olib chiquvchi zinalarga taqalgan joyiga borib tutun qaytara boshladim. «Shamollab qolganim yomon bo‘ldi-da, – o‘yladim men. – Hozir maza qilib shahar aylanayotgan bo‘lardim. Ha, mayli. Yana uch-to‘rt kun bor, xali ulguraman...»
Xonaga kirganimda yangi hamrohim o‘ringa cho‘zilib uxlashga shaylangan ekan. Toshkent bilan Moskva orasidagi uch soatlik farq yangi kelgan odamni vaqtli uyquga tortadi.
Men ham yotdim.
Kechasi yaxshi uxlolmadim. A’zoyi badanim uvishib, istmam yanada ko‘tarilganga o‘xshardi.
Ertasi tongdan Andrey bilan yana metroning chuqur qa’riga sho‘ng‘ib, «Tashqi Savdo Banki»ga ravona bo‘ldik. U yerga men butun irodamni sarflab, tik turishga, oyoqlarimni yurishga majbur qilib bordim. Binoga kirdik va darhol yana qizg‘in ish boshlanib ketdi. Betobligimga, olovdek yonishimga qaramay tadqiqni to‘xtatmadim. Lekin, Andrey ahvolimni qandayligini sezdi-da, xonadagi divanga yotqizdi. «Ozroq dam ol! Ishni Irina davom etdiradi», – dedi u.
Tin olganimgami, bir pasda ko‘zim ilindi. Qancha vaqt o‘tdi bilmadim, Andrey uyqumni buzib, menga murojaat qildi. «Yetadi, – dedi u. – Tur, sensiz ishni eplolmayapmiz.» Men yana qurilmamga muk tushdim...
– Xafa bo‘lmaysan, – dedi Andrey kechqurun qaytayotganimizda. – Hozirgi damda sinovlarni to‘xtatish mumkin emas. Men institutingiz direktoriga «Tashqi Savdo Banki» nomidan rasmiy xat uyushtiraman. Vosilovga xam qattiq tayinlayman. Senga, o‘zbek fanining yosh namoyondasiga, yaratgan qurilmang va ayniqsa, kasal xolingga qaramay, ishdagi jonbozliging uchun yaxshigina pul mukofoti berilishi lozim. Men esa, shaxsan bir shisha rus arog‘i bilan taqdirlayman! Seni bu «dori» bilan davolamasak, tuzalmaysan!
Kechki ovqatlanishni tamaddixonada emas, Andreyning xonasida amalga oshiradigan bo‘ldik. Oziq-ovqat magazinidan yeguliklar xarid qilib keldik va u, o‘zining «dori»si bilan meni davolay boshladi...
Taxminan biror soatlar o‘tgach, eshik ochilib, ostonada Vosilov ko‘rindi.
– Do‘stim! Bormisan! – Andrey Vosilovni quchoqlagunday bo‘ldi. – Mana, men Ozodni davolayapman!
– Juda ham ko‘p davolab qo‘ymagin, – jilmaydi Vosilov. – Qara, butilkadagi suyuqlikning yarmi ham qolmabdi. Balki, men ham shifotalabdirman!
– Bilasan, men ko‘p icholmayman, qolgani senga ham yetadi, – javob qildi Andrey.
– Nima shamollab qoldingizmi? – yuzlandi menga Vosilov yumshoq tovushda va meni yupatdi. – Hech qisi yo‘q, tuzalib ketasiz.
– Qachon kelding? – so‘radi Andrey.
– Ertalabki samoletda uchib kelganman. Kunduzi domlam Arsenevning oldiga o‘tdim. Hozir uning oldidan kelayapman. Chop etilajak monografiya xususida suhbatlashdik. Doktorlikka zamin tayyorlashim kerak.
 – Bizga ham qovun qoldimi? – so‘z qotdi Andrey. – Ozod olib kelmagani tushunarli, deyarli bir tonna temir-tersak ortmoqlabdi.
 – Mubolag‘ani ham qotirasan-da! Besh-o‘n kilo narsa-ku... – jilmaydi Vosilov qurilmamning vaznini ancha kamaytirib. – Sen qovunsiz o‘lib qolmaysan!..
 Men ancha «davolanganligimni» his qilib, ularga murojaat qildim.
 – Men ketaqolay xonamga. O‘ralib yotsam, tuzalib qolarman. Ertalab uchrashamiz.
 – Mayli, boraqol, – ruxsat berdi Andrey. – Ertalab soat sakkizda pastda, navbatchining oldida uchrashamiz. Men manavi, bo‘lgusi «fan doktori» bilan bir suhbatlashay!
 O‘sha kuni men chiqib ketganimdan so‘ng, ular men xaqimda nimalarni gaplashishganini bilganim yo‘q. Ammo, bir necha yildan keyin eshitishimcha, Andrey mening irodamga, jonbozligimga qoyil qolganini so‘zlabdi. Vosilov esa, «bunga ko‘p parvo qilaberma, bu qahramonlik emas, o‘zbek millatiga xos oddiy mutelik. Prinimay kak doljnoe» debdi. Lekin, o‘shanda Andrey o‘z so‘zida qattiq turibdi.
 U, keyinchalik, va’da qilganidek, rasmiy xat-murojaatnomani ham, mening ilmiy ishimning amaliyotga tatbiqi xaqidagi xujjatni ham uyushtirdi. Natijada, institut ma’muriyati xatni olib, ilmiy rahbarim bilan suhabatlashib, menga moliyaviy mukofot shart emas, Ilmiy Kengashda tashakkur e’lon qilinsa ham yetadi, degan maslahat olibdi.
Xonamga kirganimda, Shoqosim Xoshimovich ushbu kun magazinma-magazin yurib, xarid qilgan ancha-muncha narsalarni ko‘zdan kechirayotgan ekan.
– E, keling Ozodbek! – dedi u. – Sog‘liq qalay?
– Tuzalayapman.
– Mana, sovg‘a-salomlar oldim. O‘tiring, bir suhbatlashamiz.
Men kalavotimga cho‘kdim.
– Qarang, – dedi u, yangi turli buyumlarga ishora qilib, – Bir boqishda arzimagan narsalar. Biroq, bular Toshkentda yo‘q. Bori sifatsiz. Bu yerda esa aksariyat mollar chet elniki. Bemalol sotilayapti. Nega? Chunki, biz o‘rislarning poytaxtidamiz. Respublikamiz esa bularga qaram. Ha... – u tin oldi va davom etdi. – Bilasizmi, bularning uch yuz yillik mustamlakachilik tajribasi bor. Ayniqsa, yigirmanchi yillarda bizdagi chegaralarni tuzishda ustamonlik qilishgan.
– Qadimgi Rimning «Bo‘lib tashla va xukmronlik qil!» shiori bo‘yichami?
– Ha. Mana o‘zingiz o‘ylang, asosan o‘zbeklar yashaydigan O‘shni Qirg‘izistonga, Chimkentni Qozoqistonga, Toshhovuzni Turkmanistonga, Xo‘jandni, ya’ni hozirgi Leninobodni Tojikistonga o‘tkazishgan. Bu holat tayyorgina janjallar uyasini tashkil etgan. Tutantiriq tashlansa bo‘ldi. Lovullab yonadi. Xali ko‘rasiz, sharoit o‘zgarsa, nizolar albatta chiqadi.
Shu payt telefon jiringladi. U tezgina go‘shakni ko‘tardi va quloq tutgach, uni menga uzatdi.
– Sizga ekan.
Rafiqam qo‘ng‘iroq qilayotgan ekan. Ota-onamning, qizchamning sog‘lig‘ini, mensiz qanday yashashayotganligini surishtirdim. Va qachon qaytishimni aytdim.
Gaplashib bo‘lib, kalavotga cho‘zildim. Hamxonam esa telefonga yaqinlashdi. Terilayotgan raqamlarning ko‘pligidan u Toshkentga chiqmoqchi degan xulosaga keldim. Taxminim isbotlandi.
– Lyuda! – chaqirdi u. – Men Shoqosimman! Qalaysizlar?.. Ha, oldim... Deyarli barchasini... Yana bir-ikki kun bor-ku!.. Xavotirlanma. Topaman... O‘g‘limni chaqir!.. Volodyani chaqir deyapman! Bir gaplashay... Nima? Bandmish?! Mayli, unda kerakmas... Ha, ertaga bilet olaman. Hozir bemalol sotiladi, yoz fasli emas-ku!.. Xo‘p, xayr.
Uning suhbati tugadi. Nimadandir ranjigani sezildi. Shuning uchun, kalavotida o‘tirgancha o‘y surdi, menga boshqa so‘z qotmadi. Men indamay, yotgancha gazeta o‘kishga tutindim va shu ko‘yi uxlab qolibman.
Ertasidan o‘zimni yaxshi qildim. Mo‘ljallangan ishlarni ko‘ngildagidek bajardim.
Shu kuni Vosilov ham «Tashqi Savdo Banki»ga tashrif buyurdi. Va menga o‘zim shundoq ham juda yaxshi biladigan ma’lumotlarni maslahat tariqasida berdi. Kechqurun, bu – Kreml binosidek hushyorlik bilan qo‘riqlanadigan tashkilotni tark etishimizdan oldin, Andrey menga o‘zining “Tashqi Savdo Banki” vakillari bilan kun bo‘yi o‘tkazgan rasmiy suhbatlari mazmuni bilan tanishtirdi.
– «Tashqi Savdo Banki» sening ana shu ilmiy-texnik qurilmang asosida yoziladigan dissertatsiyangning himoyasi uchun lozim bo‘ladigan barcha xulosaviy xujjatlarni berishga tayyor. O‘zingni besh minuti kam fan nomzodi hisoblayver! Senga faqat stolga o‘tirib ilmiy-amaliy ishingni bir ipga tizib, yozib chiqish qoldi. Men o‘z tomonimdan barcha yordamni qilaman... Ana shu qurilma asosida sanoatda keng qo‘llaniluvchi asbob ishlab chiqara boshlansa, zo‘r bo‘ladi! Biz hammamiz xech qanday o‘g‘irliksiz, tovlamachiliksiz, kassa tuynugi oldiga kelamiz-da, qonuniy ravishda bir chamadon pulni olib katta boyvachchalarga aylanamiz!
Uning bu so‘zlaridan mening g‘o‘r qalbimda ko‘klarga uchadigan fikrlar paydo bo‘la boshladi. Lekin kutilmaganda, Vosilov unga muloyimgina e’tiroz bildirib, ularni yerga tushirdi.
– Sen mening shogirdimning fikrlarini bo‘lma! U albatta dissertatsiya yoqlaydi, ammo hozir emas.
– Ozod menga ham shogird, faqat norasmiy. Mening ham unga ko‘p mehnatim singgan. Ish boshlanganda, ikkimiz bu yigitga ikki-uch yilda yoqlaysan degandik, shekilli. Esingdan chiqdimi?
– Hali nazariy tadqiqotlar to‘liq emas. Ish pishiq-puxta bo‘lishi lozim. Men chala dissertatsiyani ilmiy kengashga chiqarolmayman.
Andrey bir necha soniya unga hayron xolda qarab qoldi. Yelkasini qisdi.
– Bu albatta sizning ichki ishingiz, – dedi u. – Biroq, menimcha, shu vaziyatda ham yoqlashga yetarli ilmiy ma’lumotlar bor. Qurilma bor. Ishning xalq xo‘jaligiga tatbiqi bor.
– Sen bizning sharoitni bilmaysan, – javob qildi Vosilov.
O‘shanda ilmiy rahbarim sharoitni kengroq bilsa kerak, men tezgina uncha murakkab bo‘lmagan nazariy asosni bitaman-u, dissertatsiyani yozishga o‘tiraman, deb hayol qilgandim. Ana shunday o‘yga bo‘ysunganim va bu holatga ko‘r–ko‘rona ishonganim juda katta xato bo‘lgan ekan.
Afsuski, men buni ancha kech angladim...
Behuda ketgan yillar evaziga...
Ular mehmonxonaga ketishdi, men esa Irinaning iltimosiga ko‘ra u bilan Moskvaning katta univermagi – GUMga yo‘l oldim.
– Sening gavdang mening erimniki bilan bir xil ekan, unga kurtka va’da qilganman. Yordaming kerak. – dedi u.
Men yo‘q deyishga vaj topolmadim.
Kattagina universal magazinni ancha aylandik. Ustki kiyimlar bo‘limiga kirganimizda kurtkalarning juda turli-tumanligiga ko‘zim tushdi. Irina dam unisini, dam bunisini menga kiydirib ko‘ra boshladi. U kiyimni sinchiklab tanlar, bir to‘xtamga kelolmasdi. Buni ko‘rgan sotuvchi ayol bizga yaqinlashdi.
– Sizga yordamim kerakmasmi?
– Ha, – dedim men, – bir qarorga kelolmayapmiz.
– Bu tabiiy, chiroylikkina rafiqangiz sizni juda sevar ekan! – so‘z qotdi u, – Menimcha, sizning qaddi-bastingizga manavinisi juda yarashadi.
Uning ko‘rsatgan kurtkasi, aytilgan gapdan qizarib ketgan Irinaga ham ma’qul keldi.
Xarid qilingan kiyimni ko‘tarib univermagdan chiqar ekanmiz, jilmayib so‘z qotdim:
– Sotuvchi ayolning gapiga nima deysan? Senga yoqamanmi?
Irina gap ohangimni qabul qilmadi.
– Sen jiddiy yigitsan. Qo‘y bunday gaplarni. Bizning oilalarimiz bor...
Mehmonxonaga kelganimda ancha kech edi. Hamrohim uxlamagan ekan.
– Samoletga bilet oldim, – xabar qildi u. – Ikki kundan so‘ng uchaman!
– Meniki ham shu kunga, – dedim men, – faqat tungi reys – 661-chi. Toshkentda ertalab bo‘laman.
– Demak, birga uchar ekanmiz! – quvondi u. – Meniki ham 661 – reysga.
 Shu payt eshik taqilladi. Borib ochdim. Ostonada Vosilov turardi.
– Ozod! – murojaat qildi u. – Sizda Yepifanovning brilliantlar xaqidagi kitobi bo‘lsa, berib turing. Ertaga anavi, tashqi savdochilar bilan, qilingan ishlar bo‘yicha ilmiy asosli bayonnoma tuzishimiz kerak. Sizga ko‘p marta qo‘ng‘iroq qildim, ammo xech kim trubka ko‘tarmadi. Shuning uchun, tushishga majbur bo‘ldim.
– Hozirgina keldim, – ma’lumot berdim men. Va kitobni topib uzatar ekanman, taklif qildim. – Kiring, choy ichamiz.
– Yo‘q, ishlarim juda ko‘p! – dedi u, – Mayli, yaxshi dam oling, ertalab birga ketarmiz.
– Bayonnomaning qoralamasini yozib beraymi? – so‘radim men.
– Yo‘q, yo‘q. Bu juda jiddiy xujjat bo‘lishi kerak. Nozik jihatlari ko‘p. Uni o‘zim bitishim lozim. – javob qildi u.
– Bo‘pti, – dedim men gapni qisqa qilib.
Vosilov ortiga qayrildi.
– Bu kim? – so‘radi Shoqosim Hoshimovich.
– Ilmiy rahbarim.
– «Fan doktori»mi?
– Yo‘q. Endi harakat qilayapti.
– Tuzuk yigitga o‘xshaydi. Lekin, siz xato qilibsiz. Domlalikka nomdor olimlarni, iloji bo‘lsa moskvalik, leningradliklarni olish kerak. Bu yigit bilan ishingiz ancha cho‘ziladi.
– Ilmiy ishim deyarli tayyor. Xalq xo‘jaligiga tatbiq ham qilinmoqda. Bu yog‘i oz qoldi.
– Niyatingizga yeting, – dedi u. – Ammo, qaytaraman, bu odam bilan ishingiz ancha cho‘ziladi, jiddiy o‘ylang!
Men hayolga cho‘mdim. Tayyor ishni tashlab, qaytadan, boshqa kimsalar bilan yangi ishga kirishish lozimligi – mening ongimga sig‘masdi. Men o‘shanda Vosilovga ipsiz bog‘liq edim. U bu holatni juda yaxshi bilardi.
Haqiqatdan, qanday inson bo‘lishidan qat’i nazar, Shoqosim Hoshimovichning gaplari to‘g‘ri chiqdi. Tadqiqotlarim va ularning amaliy tatbiqi natijasida “Sovet Ittifoqi ixtirochisi” nishonini olsam ham, Vosilov tayyor dissertatsiya ishimni yoqlashga imkon bermaslikka harakat qilaberdi. Oxir-oqibat, men u bilan janjallashdim va institutimiz bosh direktori huzuriga kirib arz qildim. Bu inson, mashhur, haqiqiy O‘zbek halq shoirining farzandi, juda o‘qimishli, yaxshi tarbiya ko‘rgan, o‘ttiz yoshga kirmay fan doktori bo‘lib ulgurgan ajoyib sofdil olim edi. U meni darhol tushundi. “Bilaman, domlang o‘ta pismiq!” – dedi u va Vosilovni chaqirib, unga men haqimda to‘g‘ridan to‘g‘ri topshiriq berdi. Natijada, men Ilmiy Kengashga ishimni topshira oldim. Va ilmiy nomzodlikni himoya qildim. Bu ish doktorlikka ham arziydi, deganlar ham bo‘ldi. Hammadan ajablanarlisi, Vosilov menga ko‘p bilim bergan, norasmiy ilmiy rahbar hisoblanuvchi Andrey Yevdokimovni yoqlash jarayoniga chaqirmadi. “U – hovliqma! Butun ishni buzishi mumkin...”, tushunarsiz tushuntirish berdi u menga. “Qanday qilib? U, axir menga dushman emas-ku! Faqat yaxshilik tilaydi-ku!..”, o‘yladim men. Ammo, ayni damda bu sohada ham janjallashadigan holatda emasdim. Shu sabab, oqibatda, ularning aloqalari keskin uzildi.
 Hikoya jarayoniga qaytamiz.
 – Ketadigan kunimiz men taksi chaqiraman. Aerovokzal avtobuslarigacha yetib olamiz. – hamrohim avvalgi mavzuga qaytdi.
– Yaxshi, – javob qildim men va «fan doktori»larning maoshi katta bo‘ladi deb o‘ylab qo‘ydim.
Nihoyat, «oliy darajadagi sinovlar» tugadi. Leningradliklar o‘sha kuniyoq, mendan bir kun oldin, kechki poezdda ketishdi. Ular ertalab o‘z shaharlarida bo‘lishadi. «Ilmiy asosli bayonnoma»si Yevdokimov tomonidan jiddiy tahrirlangan Vosilov bu ulkan shaharda xali o‘ta muhim ishlari borligini aytib, yana uch-to‘rt kun qoladigan bo‘ldi.
Men «jigarband»larni kuzatib qo‘ydim. Kelishuv bo‘yicha, ular mening ilmiy qurilmamni ilmiy dargohlariga o‘zlari ham qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish uchun olib ketishdi. «Sen o‘zingga boshqasini yasab ol. Chizmalaring bor-ku!» dedi Andrey. Men bunga rozi bo‘ldim.
Poezdga chiqishdan oldin Irinaga oxirgi yozgan she’rimni va uning ruschaga qofiyasiz o‘girilgan tarjimasini ko‘rsatdim.
– Falsafiyroq she’r bo‘libdi, – dedi u. – Mag‘zini darhol chaqolmaysan.
– Urinib ko‘r, – dedim men.
– Qani men ham o‘qiy-chi, – o‘rtaga qo‘shildi Andrey va qog‘ozga ko‘z yugurtirgach, bayonot berdi: – Men buni qofiyalashtiraman! Yaxshi she’r ekan.
O‘shanda Andreyning adabiy layoqati borligini bilmasdim. Qayta qurish natijasida ilm-fandan u ham yiroqlashib, hozir Rossiyaning ko‘zga tashlanadigan, qalami o‘tkir, yetuk jurnalistlarining biriga aylandi va hozirgi davrda bir obro‘li jurnalga bosh muhrarirlik qilib, uni boshqaryapti. Bundan tashqari, yirik asarlar yozmoqda. Uning yozgan siyosiy va detektiv romanlari katta shuhrat qozondi. Ularning birini men o‘zbek tiliga tarjima qilmoqdaman.
Shu taxlit ular bilan xayrlashdim.
Men shoshilmay mehmonxonaga qaytar ekanman, bu azim shaharda, bu ulkan kenglikda odamlarning qum zarralaridek ko‘pligini, ammo ularning har birining o‘zicha bir hayoti, taqdiri, doirasi borligini o‘ylab, mushohada qilib ketdim...
Ertasi yo‘lga tushishdan ikki soat oldin men oilamga, yaqinlarimga olgan kamtarona sovg‘alarimni sumkamga joylashtirdim. Shoqosim Hoshimovich esa, bir dunyo desam mubolag‘a bo‘lar, to‘rtta katta-katta yuk tayyorlabdi.
– Bori-yo‘g‘i shu! – dedi u jilmayib. – Taksi buyurib qo‘ydim. Endi uyga qo‘ng‘iroq qilib qo‘yay-chi...
U telefonda raqamlar terdi.
– Allo!.. Lyuda! Senmisan?.. Ha, men. Yo‘lga chiqayapman. Samolet ertalab Toshkent vaqti bilan soat yettilarda aeroportga qo‘nadi. Volodyaga ayt, chiqib kutib olsin. Yukim ko‘p!.. Nima? Nega chiqolmaydi?.. Dam olish kuni? Uyqusi buziladi?! Nima qilibdi?!. Taksida borishga boraveraman, lekin yuklarni bir o‘zim ko‘tarishga qiynalaman-da!.. Ha, ha, iltimos qilib ko‘r. 661-reys. Mayli, xayr.
Go‘shakni o‘rniga qo‘ygan Shoqosim Hoshimovich deraza yoniga kelib, baland qavatdan ko‘rinuvchi Moskva shahri kengliklariga indamay boqdi. Undan ohista ter chiqdi. Ichida qattiq tutoqayotgandi. Buni menga bildirmaslikka urindi. Men hech gap demadim. Tashqariga chiqib sigareta chekib kelgach, hovliga – ota-onam dargohiga qo‘ng‘iroq qildim. U yerda go‘shak ko‘tarilgach, salom berib o‘zimni tanitdim.
– Ada, bu menman.
– Ha, yaxshimisan? Qachon uchayapsan?
– Samolet ertaga ertalab soat yetti yarimda Toshkentda bo‘ladi.
– Men ukangga aytaman, chiqib kutib oladi, – dedilar ular.
Xayrlashib go‘shakni qo‘ydim.
Taksida Moskva aerovokzaliga yetib borgach, barcha zil-zambil chamadonu – sumkalarni yukxonaga topshirdik va u yerning avtobusi Domodedovo aeroportiga yetkazgach, samoletga chiqdik. Va o‘z vaqtida parvoz qildik.
Toshkent aeroportida ukam mashinasi bilan kutib turgan ekan. Afsuski, Shoqosim Hoshimovichni kutib olishga xech kim chiqmabdi.
– Anavi odam, – so‘z qotdim ukamga, – meni taksida aerovokzalgacha olib bordi. Iloji bo‘lsa, uyiga tashlab ketaylik. – Mayli, – rozi bo‘ldi u.
«Akademgorodok»dagi to‘rt qavatli g‘ishtin uy hovlisiga kirib to‘xtadik. Men katta yoshli hamrohimning safar yuklarini mashinadan tushirishga yordamlashdim. So‘ng, unga yuzlandim.
– Mayli, hayr, yaxshi qoling!
– Men to‘rtinchi qavatda turaman, – ma’lumot berdi u yuqoriga ishora qilib.
– Juda yaxshi. Nasib qilsa kelarman.
Men shunday deb mashinaga o‘tirdim va biz o‘z yo‘limizga tushdik. Faqat shundagina, nega uning to‘rtinchi qavatda turishini aytganini tushundim. Axir u, yuklarimni olib chiqishvor, demoqchi bo‘libdi-ku!..
«Hech qisi yo‘q, – tasalli berdim o‘zimga, – uning «ajoyib yigit bo‘lgan», Volodya ismli o‘g‘li bor! Dam olish kundagi ertalabki uyqusi ozgina buzilsa xech narsa qilmaydi...»
Qadrdon iliq shabada ufurayotgan derazadan shahar ko‘chalariga, o‘z yurtimga yetib kelganimdan quvonib, boqar ekanman, cho‘ntagimdan kuni-kecha yozgan she’rimni olib o‘qib ketdim.
Ulkan shahar. Odam – chumoli.
Ajab, qayoqlarga yugurar barcha.
Men esa shoshmayman,
Tanim majoli
Yetmaydi baribir.
Kuch yetmas uncha.
Ko‘pchilik tanimas aslo bir-birin,
Hammaning bir kichik doirasi bordir.
Faqat goh-gohida tashlab ko‘z qirin,
Balki izlashar biz, kelganlardan sir.
Mening ham kichik bir
Mavjud Doiram.
U to‘rtta odamdan iborat xolos.
O‘zing yaltiraysan, ey go‘zal sanam,
Uning markazida misli bir olmos.
Markazga intilma kuchlarim ko‘pdir –
Senga intilaman qo‘llarim cho‘zib.
Sen esa jiddiylik yoki indamay
Qochasan, fizika qonunin buzib.
Mavhum hayollarim o‘ynaydi g‘ujg‘on,
Ishonchim yo‘qolar shu kichik baxtga.
 Va shunda to‘satdan mening Doiram
Aylanib qoladi Kvadratga.
 Mashina haydab ketayotgan ukam ko‘z qirini qo‘limdagi qog‘ozga tashladi.
– She’r yozdingizmi? – so‘radi u.
– Ha, – dedim men.
– Yana sevgi xaqidami?
– Yo‘q, – javob qildim men. – Ziyolilar xaqida. O‘zbek ziyolilari xaqida.
Negadir uni ham, o‘zimni ham aldagim keldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.